DALA SHPATLARI

DALA SHPATLARI — Yer poʻstida eng koʻp tarqalgan, karkasli silikatlar kichik sinfiga mansub jins hosil qiluvchi minerallar guruhi. Yer poʻsti ogʻirligining 50% ini tashkil etadi. K, Na, Ca, Va alyumosilikatlarning izomorf qorishmalari. Taxm. 60% magmatik, 30% metamorfik jinslarda, 10% qumtosh va konglomeratlarda uchraydi. Rangsiz, tarkibida uchraydigan gematit qoʻshimchalarga qarab och kulrang, oq, yashilroq (albit, anortit), och pushti, qizil (ortoklaz), yashil (amazonit) boʻladi. Qattiqligi 6—6,5. Zichligi 2,6—2,8 g/sm3. D. sh. kimyoviy tarkibiga koʻra 3 guruhga: natriy-kalsiyli — plagioklazlar; ishqorli (kaliy-natriyli) — sanidin, ortoklaz, mikroklin, anortoklaz va b. ; kam uchraydigan kaliybariyli — gaalofanlarga boʻlinadi. Dala shpatlari monoklin (gialofan, ortoklaz) va triklin (plagioklaz, anortoklaz, mikroklin) singoniyasida kristallanib, shakllari bir-biridan kam farq qiladi. Koʻpincha plastinka, prizma (ortoklaz, mikroklin, gialofan) koʻrinishida boʻladi. Dala shpatlarida qoʻshaloq kristallar koʻp uchraydi. Kaliy-natriyli Dala shpatlari oddiy qoʻshaloklar, natriy-kalsiyli (plagioklazlar)da murakkab qoʻshaloqlar hosil qiladi. Sanidinda Si va A1 tartibsiz, mikroklinda tartibli joylashgan. Yuqori t-rada kristallanadigan kaliynatriyli Dala shpatlari tartiblangan. Plagioklazlar yuqori (Si, A1 tartibsiz joylashgan) va past t-rada (Si, A1 tartibli) kristallanadi va shuningdek, oraliq turlari boʻladi. Dala shpatlari tog jinslarini tasniflashda asos boʻlib xizmat qiladi. Togʻ jinslarining muhim turlari: intruziv — granitlar, siyenitlar, dioritlar; effuziv — andezitlar, bazaltlar; metamorfik — gneyslar, slaneslar asosan Dala shpatlaridan tashkil topgan. Choʻkindi jinslarda Dala shpatlari mineral boʻlaklari uchraydi. Oydagi togʻ jinslarida (oy bazaltlari, gabbro, anortozitlar) faqat plagioklazlar aniklangan. Dala shpatlari tarkibining keng variatsiyaliliga tufayli geologik-petrografik tadqiqotlarda muhim rol oʻynaydi. Sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan yirik kristallari pegmatitlarda kvars, koʻpincha slyudalarning yirik kristallari bilan birga uchraydi. Oʻzbekistonning gʻarbi (Ketmonchi, Lolabuloq, Langar) va RFning shim.-gʻarbida pegmatitlar koʻp. Amazonitning mashhur konlari RFdagi Ilmen togʻlarida, tovlanuvchi plagioklazlar Uralda, qoramtir labradoritlar Ukrainada topilgan. Dala shpatlarining nurashi natijasida kaolin konlari, tropik, subtropik iqlim sharoitida laterit mahsulotlari vujudga keladi. Dala shpatlarining chiroyli tovlanadigan oy toshi, avantyurin, Labrador, amazonit xillari bezak buyumlari tayyorlashda, ayrim xillari elektr izolyatorlar, farfor va sement, oyna-shisha tayyorlashda ishlatiladi.

LL. Hamraboyev I. H., RajabovF. Sh., Petrografiya asoslari, T., 1984.