DAVLATMANDBEK

DAVLATMANDBEK Kamoliddinbek oʻgʻli (7—1922.4.8) — qoʻrboshi, Sharqiy Buxoroda bosqinchi qizil armiya qismlariga qarshi istiqlolchilik harakati rahbarlaridan. Buxoro amirligi davrida Baljuvon begi, devonbegi, lashkarboshi boʻlgan. Baljuvon va Sherobod bekliklarida katta yer-mulki boʻlgan. Amir Olimxon qizil qoʻshinga qarshi kurashda amirlik Qoʻshiniga Ibrohimbek va Davlatmandbekni lashkarboshilar qilib tayinlagan (1920). D. Sharqiy Buxoroning Baljuvon, Konkurd, Chigʻon mintaqalarida qizil armiyaga qarshi mustaqillik bayrogʻini koʻtargan, 1921-y. boshida uning qoʻshini tarkibida 5000 dan ortiq yigit boʻlgan. 1921-y. 12 avg. da Baljuvonda Buxoro xalq respublikasi hukumatining favqulodda muxtor vakili Otaulla Xoʻjayev bilan Davlatmandbek qoʻrboshi oʻrtasida shartnoma imzolandi. Unga koʻra, yangi Buxoro hukumati tomonidan Sharqiy Buxorodagi yirik qoʻrboshilar Davlatmandbek va Sulton Eshon Baljuvon va Gʻarm inqilobiy qoʻmitalarining raisi qilib tayinlangan. D. Buxoro qududidan qizillar qoʻshinining olib ketilishi, Buxoro respublikasining mustaqilligi amalda qaror topishi uchun izchil kurash olib borgan. Anvar Posho 1921-y. noyab. da Buxoroga kelgach, Davlatmandbek uning lashkari safiga qoʻshilgan. 1922-y. boshlarida Davlatmandbek yigitlari Dushanba atrofidagi Hisor va Baljuvon, shuningdek, Koʻlobda qizil askar qismlari ustidan gʻalabalarga erishgan. 1922-y. 4 avg. da Baljuvon yaqinidagi Obidara qishlogʻida qizil askarlar bilan boʻlgan mashhur jangda D. Anvar Posho b-n birga halok boʻlgan.

Ad.: Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000; Turkestan v nachale XX veka; k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Muhammad Ali Baljuvoniy, Tarixi nofeiy (foydali tarix), T., 2001. Qahramon Rajabov.