DAVLAT SIRI

DAVLAT SIRI — oshkor etilishi taqiqlangan, davlat ahamiyatiga ega boʻlgan maʼlumotlar. Ular maxsus roʻyxatlar bilan belgilab qoʻyiladi. Davlat siri davlat, harbiy va xizmat siriga boʻlinadi. Oʻzbekiston Respublikasining «Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida» qonuni (1993-y. 7 may)ga koʻra, oshkor etilishi respublika harbiy-iqtisodiy imkoniyatlarining sifat holatiga salbiy taʼsir etishi yoki OʻzRning mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun boshqa ogʻir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar davlat sirini tashkil etadi; oshkor etilishi OʻzRning mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi va Qurolli Kuchlari uchun ogʻir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan harbiy xususiyatga ega maʼlumotlar harbiy sir ni tashkil etadi; oshkor etilishi OʻzR manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan fan, texnika, i. ch. va boshqaruv sohasiga doir maʼlumotlar xizmat sirini tashkil etadi. Davlat sirini saqlash boʻyicha masʼuliyat davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalarning rahbarlari zimmasiga yuklatiladi. Oʻzbekiston Respublikasining JKda Davlat siri larini oshkor qilganlik yoki oʻzgaga berganlik, Davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarni, shuningdek, ashyo yoki moddalarni yoʻqotganlik uchun jazo belgilangan. Bu xildagi jinoyatlar josuslik va davlatga qarshi jinoyatlardan farqli ravishda koʻpincha ehtiyotsizlik, hujjatlarni saqlash qoidalariga rioya etmaslik oqibatida sodir qilinadi. Davlat sirini oshkor qilish, Davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan xujjatlarni yoʻqotish ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlsa, jazo kuchaytiriladi.