DAVLAT BOSHLIGʻI

DAVLAT BOSHLIGʻI — davlatning ichki va tashqi ishlariga oliy rahbarlikni amalga oshiruvchi shaxs yoki organ. Monarxiya boshqaruvi shaklidagi davlatlar (Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Yaponiya)da Davlat boshligʻi monarx (qirol, podsho, imperator) boʻlib, uning hokimiyati hukmron xonadon bir vakilidan 2-vakiliga qonunda belgilangan tartibda oʻtadi. Respublika boshqaruvi shakli amalda boʻlgan davlatlarda koʻpincha prezident D. b. hisoblanadi. U bevosita fuqarolar tomonidan saylanishi (Rossiya, Fransiya, Meksika va b.), fuqarolar vakillari tomonidan pogʻonali asosda saylanishi (AQSH, Argentina) yoki prezident saylash uchun tashkil qilingan organ tomonidan saylanishi (mas, Germaniya) yoxud parlament tomonidan saylanishi (Chexiya) mumkin. Deyarli barcha davlatlar kon-stitutsiyalarida Davlat boshligʻiga juda keng vakolatlar berilgan: u hukumat boshligʻini va vazirlarni tayinlaydi, qurolli kuchlar oliy bosh qoʻmondoni hisoblanadi, mahkumlarni afv etish va veto huquqiga ega boʻladi, fuqarolarni orden va medallar bilan taqdirlaydi, parlamentlarning sessiyalarini chaqiradi va h. k. Ayrim davlatlarda unga parlamentni yoxud uning quyi palatasini tarqatib yuborish huquqi ham berilgan. Parlamentar respublikalarda Davlat boshligʻining barcha vakolatlarini uning nomidan hukumat amalga oshiradi (q. Prezidentlik boshqaruvi).

Oʻzbekistan Respublikasida davlat va ijro etuvchi hokimiyat boshligʻi prezidentdir. U ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining Raisi hisoblanadi (q. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti).