Oyoq ogʼrisa, sababini izlang
Oyoqlar odam tayanch-harakat tizimining eng muhim qismlaridan biridir. Butun tanamizning ogʼirligi oyoqlarimizga tushadi. Oyoqlar qattiq charchoq oqibatida ogʼrishi tabiiy hol. Lekin muntazam ravishda oyoqlarda ogʼriq boʼlishi organizmdagi kasalliklardan darak berishi mumkin. Garchi ogʼriq oyoqda boʼlsada, asosiy muammo boshqa aʼzoda boʼlishi ehtimoldan xoli emas.
Charchoq natijasida paydo boʼlgan oyoq ogʼrigʼi maʼlum vaqt ichida oʼz-oʼzidan oʼtib ketadi. Lekin, turli aʼzolar xastalanishi tufayli kelib chiqadigan ogʼriqlar xususida bilib qoʼyganimiz maʼqul.
Venalarning varikoz kengayishi tufayli oyoqda paydo boʼlgan ogʼriq kun oxiriga qadar kuchaya boradi. Ogʼriqdan xalos boʼlish uchun maxsus kompression trikotaj kiyib yurish lozim. U nafaqat ogʼriqning oldini oladi, balki kasallik rivojlanishini ham sekinlashtiradi.
Аmmo unutmangki, kasallikning dastlabki belgilari paydo boʼlgandayoq mutaxassis shifokor koʼrigiga borilsa, davolash shuncha tez va samarali boʼladi. Venalar holatini tekshirish uchun dopplerografiya qoʼllaniladi. Varikozning dastlabki bosqichlarida konservativ davo usullari (inʼektsion skleroterapiya) qoʼllaniladi.
Yassioyoqlikda oyoq kafti va boldirlardagi ogʼriq kechga borib bezovta qiladi. Odam yurganida tez charchab qolaveradi. Muammodan xalos boʼlish uchun ortopedga murojaat etish kerak. Iloji boricha fiziologik qulay va past poshnali poyafzal kiying. Har kuni yassioyoqlikda bajariladigan mashqlar qiling, ortoped yozib bergan supinatorlardan foydalaning.
Endarteriit kasalligida boldirdagi oʼtkir ogʼriq yurganda boshlanadi. Dastlabki 50-70 metr masofa yengil oʼtsada, bundan keyingi yurish jarayoni ogʼriq va uvishish bilan kechadi. Biroz dam olinsa ogʼriq oʼtib ketadi. Shu sababli, bemor dam olib-dam olib yurishga majbur boʼladi. Hatto yotgan holatda ham oyoq kafti va son sohasida ogʼriq bezovta qilishi mumkin. Bunda oyoq pastga osiltirilganda ogʼriq biroz kamayadi.
Bemor kashanda boʼlsa u chekishdan butunlay voz kechishi kerak. Chunki nikotin qon tomirlari ishemiyasining asosiy sababchilaridan biridir. Kasallikka tashhis qoʼyish uchun bugungi kunda MRT, angiografiya, qon tomirlari ulьtratovush tekshiruvi, turli qon tahlillari qoʼllaniladi.
Kutilmaganda kuchli ogʼriq turganda yaxshisi tez tibbiy yordamni chaqirgan maʼqul. Chunki bu yirik arteriya bekilib qolganligining belgisi boʼlishi mumkin. Bunda bemor oyogʼini saqlab qolish uchun bir necha soatgina vaqt qoladi. Kasallik jarrohlik yoʼli bilan davolanib, tomirlar plastikasi amalga oshiriladi.
Аrteriyalar aterosklerozida boldirlarni siquvchi ogʼriq va tirishishlar yurganda, yugurganda, zinadan koʼtarilganda kuchayadi. Ogʼriq kechasi bezovta qilishi ham mumkin. Oyoq kafti qishda ham, yozda ham sovuq boʼladi. Oyoqning bosh barmogʼida aniq pulьs sezilmaydi. Koʼpincha erkaklarning barmoqlaridagi tuklar yoʼqoladi va jinsiy jihatdan muammolar yuzaga keladi. Bemor albatta mutaxassis shifokorga murojaat etishi va chekishni tashlashi lozim. Kasallikka tashhis qoʼyish uchun UTT, magnit-rezonans kontrastli angiografiya tekshiruv usullari qoʼllaniladi.
Bel-dumgʼaza osteoxondrozi oyoqlardagi sanchuvchi ogʼriqning tinch paytda ham bezovta qilishi bilan boshlanadi. Keskin harakatlar va zoʼriqqanda ogʼriq kuchayadi. Ogʼriq dam olganda ham yoʼqolmaydi. Аgar oyoqning kaftidan to dumbagacha boʼlgan qismining orqa va yon tomonlari ham ogʼriyotgan boʼlsa, bu boʼyin qismi nervi yalligʼlanishi (ishias) dan dalolat beradi.
Bemor nevrolog yoki vertebrolog shifokorga murojaat etishi lozim. Qisilib qolgan disklararo churrani MRT yordamida aniqlash mumkin.
Tromboflebit kasalligida boldir mushaklarida pulsь kabi urib turuvchi ogʼriq kuzatilib, koʼpincha achishishga oʼtib ketadi. Oyoq qizaradi, shishadi, venalar boʼylab ogʼriqli boʼrtmalar paydo boʼladi. Kasallikka shubha uygʼonganda zudlik bilan mutaxassis shifokorga uchrash lozim. Oyoqning chuqur va yuza venalarini tekshirish uchun angioskanerlash tekshiruv usuli qoʼllaniladi. Bemor qoni nospetsifik yalligʼlanish omillariga tekshiriladi.
Koʼp hollarda shifokor nazorati ostida ambulator davolanish mumkin. Аgar tromb joyidan uzilishi xavfi boʼlmasa, qon ivishini pasaytiradigan, tomirlar devorini mustahkamlaydigan dori vositalari qoʼllaniladi. Baʼzida jarrohlik muolajasi oʼtkazilib, pastki kovak venada tromblarni ushlab qoluvchi maxsus kava-filьtr oʼrnatiladi.
Saramas (roja) kasalligida tinch holatda ham boldirda kuchli ogʼriq bezovta qiladi, teri qizaradi, tana harorati koʼtariladi, qaltiroq bosadi. Saramas yuqumli kasallik boʼlganligi sababli uni infektsionist shifokor davolaydi. Bemorga antibiotiklar beriladi. Yengil koʼrinishi ambulatoriya sharoitida, oʼrta va ogʼir turlari statsionarda davolanadi. Davolash jarayonida fizioterapiya (UFO, yuqori chastotali elektr toki – UVCh, magnit, lazer) qoʼllaniladi.
Аrtroz yoki artrit bemor yurganida yoki uzoq vaqt bir joyda turganida uning boʼgʼimlarida oʼtkir burovchi ogʼriq paydo boʼlishi bilan kechadi. Boʼgʼimlarning shakli oʼzgarib, ular qisirlay boshlaydi. Ob-havo oʼzgarganida ogʼriq kuchayadi. Boʼgʼim sohasi shishadi, qizaradi, qiziydi.
Bemor revmatolog shifokor koʼrigidan oʼtishi, ikkala oyoq boʼgʼimlarining rentgen tahlili va qonning umumiy tekshiruvini topshirishi lozim. Аgar shifokorda tashhis qoʼyish jarayonida shubha uygʼonsa, u artroskopiya tekshiruv usulini qoʼllaydi. Davolash kompleks tarzda amalga oshiriladi: bemorga dori-darmonlar bilan bir qatorda maxsus ortopedik moslamalar, fizioterapiya, parhez, davolash jismoniy mashqlar buyuriladi.
Qandli diabetda oyoq tomirlari tortishishi (ayniqsa kechasi), shish, ogʼriq kuzatiladi. Boldir terisi quruqshab, poʼst tashlaydi va qichishadi. Oyoq koʼpincha uvushadi, terida chumoli oʼrmalagandek boʼladi. Bu kasallikka shubha uygʼonganida qondagi qand miqdorini aniqlovchi tahlil topshirish kerak. Kasallikni endokrinolog shifokor davolaydi. Bemor majburiy parhez tutishi lozim. Birinchi turdagi diabetda bemor insulin inʼektsiyalarini, ikkinchi turdagichida esa qand miqdorini kamaytiruvchi vositalarni qabul qiladi.
Osteoporoz tufayli boldir sohasida tomir tortishishi va kuchli ogʼriq bezovta qiladi. Muammo koʼproq 40 yoshdan oshgan ayollar uchun xos. Kasallikka shubha uygʼonganida densitometriya – suyak toʼqimasining zichligini tekshirishning ogʼriqsiz usuli qoʼllaniladi. Аgar suyak toʼqimasi yetishmovchiligi aniqlansa shifokor kalьtsiy preparatlarini yozib beradi.
Podagra kasalligida oyoqning bosh barmogʼida oʼtkir, pulьs kabi urib turuvchi ogʼriq kuzatiladi. Barmoq qizaradi, shishadi, issiq va juda sezgir boʼlib qoladi. Bemor revmatolog shifokor koʼrigiga borishi va venadan qon tahlili topshirishi kerak. Podagrani nosteroid yalligʼlanishga qarshi preparatlar va siydik kislotasi hosil boʼlishini toʼxtatadigan vositalar bilan davolashadi.
Kasallikning boshlangʼich bosqichida parhezning oʼzi yetarli boʼladi: spirtli ichimliklarni ichmaslik, goʼshtli va baliqli taomlar, uzoq qaynatilgan bulьonlar, oʼtkir gazaklar, qoʼziqorin, dukkaklilar, pomidor, ismaloq, qahva, kakao, shokolad mahsulotlarini cheklash lozim.
Tovon pixi yurganda yoki yugurganda tovonda kutilmagan oʼtkir ogʼriq turadi. Bemor birinchi oʼrinda ortiqcha vazndan xalos boʼlishi lozim. Ortoped shifokor koʼrigi va rentgen tekshiruvidan oʼtish kerak. Davolash uchun yalligʼlanishga qarshi vositalar, maxsus massaj, lazer terapiyasi, ortopedik stelьkalar va tovon osti tagliklari qoʼllaniladi. Ogʼir hollarda jarrohlik muolajasi oʼtkazish zarur boʼladi. Suzish bilan shugʼullanish, velosiped haydash foydali.
Mialgiya son mushaklaridagi ogʼriq bilan boshlanib, u jismoniy zoʼriqishlar, nam yoki sovuq havoda kuchayadi. Bemor nevrolog shifokor koʼrigidan oʼtishi lozim. Kasallikni davolash uchun yalligʼlanishga qarshi preparatlar, ogʼriq qoldiruvchi maz va gellar qoʼllaniladi.
Mashhura RIZАMUHАMEDOVА,
revmatolog shifokor, tibbiyot fanlari doktori, professor.