«Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida»gi qonun zudlik bilan tasdiqlanishi kerak
So‘ngi paytlarda o‘qituvchilarga qilinayotgan hurmatsizlik qilanayotgan holatlar tobora ko‘payib boryapti. Prezidentimiz o‘qituvchi obro‘sini oshirish kerak degan siyosat olib borayotgan bir paytda ularga nisbatan bunday hurmatsizlik qilinishini aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi.
Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda biz kuzatayotgan holatlar dengizdan tomchi holos. Qancha-qancha maktablarda ota-onalar ayniqsa o‘quvchilar tomonidan pedagoglarga nisbatan hurmatsizlik qilinadi.
O‘quvchilar hatto o‘z ustoziga qo‘l ko‘tarishdan ham tap tortmay qo‘yibdi. Istalgan shaxs maktab hududiga bostirib kirib arzimagan bir baho uchun o‘qituvchini do‘pposlayapti. Aslida o‘qituvchiga hurmatsizlik qilib, ularni sha’nini yerga urgan fuqarolarga alohida javobgarlik belgilanishi kerak.
Biz esa ikki yil avval ishlab chiqilgan «Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini haliyam tasdiqlay olmayapmiz. Nima uchun bu qonun tasdiqlanmadi? Ushbu qonunning izsiz yo‘q bo‘lib ketishiga nima sabab bo‘ldi? Nega hech kim bu haqda lom-lum demayapti?
Nima uchun o‘qituvchiga hurmatsizlik qiladigan o‘quvchining ota-onasi atigi 300 ming so‘mlik jarima bilan qutilib ketishi kerak? Nima uchun pedagog xodimlarning maqomini aniq belgilab berolmaymiz? Shunchalik qiyin ishmi bu? Qonun loyihasi ham tayyorku axir! Bu qonun kuchga kirishi uchun nima halal beryapti o‘zi?
Pedogog xodimlarga qilinayotgan hurmatsizlikni qanaqadir kitobiy gaplar bilan xaspo‘shlab bo‘lmaydi. Buning uchun bizga aniq bir qonun, javobgarlik va yaxshi ishlaydigan tizim zarur. Kerak bo‘lsa, «Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida»gi qonunni amaliyotga joriy qilinishini talab qilish kerak.
© Ulug‘bek Po‘latovMavzuga doir:
Maqomi va daromadi oshgan oʻqituvchi taʼlimda sifat omili boʻla oladiO’qituvchi obro’sini oshirish uchun nima qilish kerak?O‘qituvchilar berilishi kutilayotgan imtiyozlardan mahrum qilinibdiJoylangan vaqt: 2022-11-29 21:29:36