Yangi darsliklar uchun multimedia ilovalari yaratildi
Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi tomonidan 2021-2022- oʻquv yili uchun tayyorlangan darsliklar bilan birga foydalanish uchun multimedia ilovalari ham
yaratildi.
Multimedia ilovasi — bu rasm, ovoz, animatsiya va videoning bitta dasturiy taʼminotga joylanishidir.
Ilovalar 1-2-sinf oʻquvchilari uchun moʻljallangan. Ona tili va oʻqish fanidan multimedia, matematika darsligi uchun taʼlimiy oʻyinlardan iborat, musiqa, tasviriy sanʼat, Oʻzbek tili darsliklari uchun Ar ilovalari ishga tushirildi. Xorijiy til darsliklari uchun esa maxsus sayt faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Multimedia ilovalaridan foydalanishning qanday afzalliklari bor?
Tadqiqotlarga koʻra, multimediani oʻrganish miyaning ogʻzaki va vizual tasvir oʻrtasida aloqa oʻrnatish qobiliyatini rivojlantiradi. Bu esa oʻrganilayotgan hodisani chuqurroq tushunishga yordam beradi. Vaholanki, oʻquvchilarni yuqori darajadagi fikrlash, muammolarni hal qilish va hamkorlik qilish qobiliyatlari talab qilinadigan kelajakka tayyorlaydi.
Kompyuterlar, planshetlar, smartfonlar va internet bilan oʻquvchilar bugungi kunda oʻzlariga kerakli maʼlumotlarni qidirish va topish uchun har qachongidan ham yaxshi qurollangan. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, internetga kirish imkoniga ega boʻlgan oʻquvchilarning 95 foizi undan maʼlumotlarni onlayn qidirish uchun foydalanadi. Maʼlumotlarni topish imkoni bugungidek xilma-xil boʻlganda esa axborot almashish va sinf muhokamalarida qatnashish yanada samarali amalga oshiriladi.
Multimedia yordamida bolalar hech qachon boʻlmagan joylarni oʻrganishlari mumkin. Oʻquvchilar dunyoning turli shaharlari, eng baland togʻlari va eng xavfli oʻrmonlari bilan tanishishlari, koinot va sayyoralarni tadqiq qilishlari, turli hayvonlarning qanday yashashini, oʻsimliklarning rivojlanishini oʻrganishlari mumkin.
Multimedia ilovalaridan foydalanishning bu qulayliklari bir boʻlib oʻquvchining shaxs sifatida oʻsishiga bevosita taʼsir qiladi. Shu sababli, EdTech biznesining rivojlanib borayotgani va maktablar oʻz oʻquvchilari uchun multimedia oʻquv muhitini yaratishni xohlashi ajablanarli emas.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:50