Ahmad Lutfiy Qozonchi
ABU BAKR SIDDIQ
(Rasulullohning g‘ordagi birodari)
MOVAROUNNAHR 2005
Aziz o‘quvchi, ushbu mo‘’jazgina risolada siz olam—olam ma’nolarga boy bo‘lgan tarixdan voqif bo‘lasiz. Chunki, unda bashariyatga islom dinini yoygan Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan so‘ng ilk xalifa bo‘lmish Abu Bakr Siddiq (r.a.) haqlarida bayon etiladi. U zotning qisqagina xalifalik muddatlarida nechog‘lik ulkan ishlarni amalga oshirganlarini risolamizni o‘qigach shohidi bo‘lasiz. Hidoyat va tavfiq Allohdandir.
Tarjimon: Sarvar Jahongirov
Iymon sohibi bo‘lish barchamizning eng avvalgi niyatimiz va maqsadimizdir. Bu maqsad bizni bevosita dinni chuqurroq o‘rganishga, sahobalar hayoti bilan tanishishga ro‘baro‘ qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v.)ning do‘stlari, zamondoshlari diqqatimizni tortadi. Ularning ba’zilarining ismi bizga tanish, qaysi ma’nodaki, hadis va rivoyatlarda ularning nomlarini uchratganmiz. Rasululloh (s.a.v.)ning do‘stlari deganda, avvalo yodga olinadigan zot bu hazrat Abu Bakr roziyallohu anhudir. Ular Xotamul anbiyoi val mursalin bo‘lmish payg‘ambarimizning sevimli va eng vafoli birodarlaridir. Bu birodarlik nubuvvat vazifasi topshirilmasdan bir necha yil avval, juda samimiy o‘lchovlar ichida boshlanib, vafo va sevgining eng go‘zal namunalari ila davom etgandir. Bu ikki birodarlardan birining eng mashhur laqabi «al—Amin» (ishonchli inson) dir, ikkinchisiniki esa «as —Siddiq»dir, ya’ni eng to‘g‘ri, rostgo‘y inson...
Дабавлено :
2021-02-23 17:03:04