O’ n i n ch i b o b
Uy isib dimiqib ketgan edi. Bola iztirob chekib yotardi, boshi aylanardi. U ko‘zini yumib yotgancha mast-alast kishilarning Shoxdor ona bug‘uning go‘shtini chapillab, pishillashib ovoz chiqarib yeyayotganliklarini, bir-birovlariga mazali go‘sht qismlarini uzatishib siylashayotganlarini, kir stakanlarning urishtirilayotganini, kemirib tozalangan suyaklarning tovoqqa qanday terib qo‘yilayotganini eshitib turardi.
- Bay-bay-bay, munchayam mazaliya! - maqtardi Ko‘katoy labini chapillatib.
- Nima, biz ahmoqmizmi tog‘da yashab shunday go‘sht yeya olmasak, - dedi O‘razqul.
- To‘g‘ri-da, nega bo‘lmasa bu yerda yashayapmiz, - ma’qulladi Seydahmad.
Hamma Shoxdor ona bug‘uning go‘shtini maqtay ketdi. Kampir-u Bekey xoladan tortib, Guljamol-
u Mo‘min bobogacha - hamma-hammasi maqtashardi. Bolaga ham tarelkada go‘sht va boshqa taomlardan kiritib berishdi. Lekin u rad etdi. Mast odamlar uning tobi qochganligini hisobga olib bezovta qilmadilar.
Bola tishini-tishiga qo‘yib yotardi. U shunday yotganda ko‘ngil behudligidan bir oz qutulganday bo‘ladi. Biroq Shoxdor ona bug‘uni o‘ldirgan bu odamlar bilan biron ish qilishga qodir emasligi uni hammadan ko‘ra qiynayotgan edi. U bolalarga xos haqgo‘ylik g‘azabi va dilxastaligi bilan ulardan o‘ch olishning turli yo‘llarini - qanday bo‘lmasin ularni jazolash, gunohini tushunishga majbur etish, qanday yovuz ishga qo‘l urganliklarini ko‘rsatib qo‘yish yo‘llarini o‘ylardi. Biroq xayolan Qulibekni yordamga chaqirishdan bo‘lak biror durustroq yo‘l topolmadi. Ha, o‘sha bo‘ronli tunda soldatcha kamzul kiyib, yosh shofyorlar bilan birga pichan ortishga kelgan o‘sha yigitni chaqirmoq kerak. U bolaning ko‘rib yurgan odamlari ichida O‘razqulga bas kela olishi va butun haqiqatni aytib solishi mumkin bo‘lgan birdan bir kishi edi.
Bolaning chorlashi bo‘yicha Qulibek mashinada g‘izillab yetib keldi va avtomatni oldinga qarata qiya ushlagancha kabinadan sakrab tushdi: «Qani ular?» - Ular mana bu yokda! Ular ikkalasi O‘razqullarning uyi tomon yugurib ketishdi. Eshikni zarb bilan ochishdi. «Qo‘zg‘ala ko‘rma! Qo‘lingni ko‘tar!» - bo‘sag‘adan turib dahshat bilan buyruq berdi Qulibek, avtomatni to‘g‘rilagancha. Hammaning kapalagi uchib ketdi. Hamma o‘tirgan joyida dong qotib, og‘izdagi go‘shtlar bo‘g‘izlarida qoldi. Ko‘p yeb qo‘llari, yuzlari, og‘izlari moyga botib, bo‘kib qolgan mast-alast kishilarning esa umuman qimir etishga majollari qolmagan edi.
«Qani, o‘rningdan turchi, murdor!» - Qulibek avtomatini O‘razqulning chakkasiga tiradi. Qaltiroq bosgan O‘razqul duduqlanganicha Qulibekning oyog‘iga yiqildi. «Rahm qil, o‘ldirmagin». Lekin Qulibek rahm qilmadi. «Chiq bu yoqqa, murdor! Endi tamom bo‘lding!»- U O‘razqulning chotiga zarb bilan tepib yubordi va o‘rnidan turg‘izib uydan chiqishga majbur etdi. Kayfi uchib sarosimaga tushib qolgan jamiki kishilar jimgina hovliga chiqishdi...
«Devorga borib tur! - buyruq berdi Qulibek O‘razqulga. - Shoxdor ona bug‘uni o‘ldirganing uchun va uning beshik ko‘tarib kelgan shoxlarini kesib olganing uchun senga o‘lim!» O‘razqul tuproqqa yiqilib tushdi. Emaklab ingragancha zorlana boshladi: «O‘ldirma meni, mening hech kimim yo‘q-ku axir. Olamda tanhoman. Na o‘g‘lim bor, na qizim...»
Undagi manmanlik, kibr-havo qayoqqa ketdi.
Ojiz, yaramas qo‘rqoq. Bundaylarni o‘ldirging ham kelmaydi.
«Mayli, o‘ldirmaylik, - dedi bola Qulibekka. - Lekin bu yerdan abadiy ketsin, qorasi o‘chsin. Bu
yerda uning keragi yo‘q. Yo‘qolsin».
Urazqul o‘rnidan turib shimini ko‘tarib oldi va o‘girilib qarashga yuragi dov bermay lo‘killagancha
qochib qoldi. Uning xomsemiz yuzlari lorsillab, etigidan galife shimi osilib qolgan edi. Biroq Qulibek uni to‘xtatdi: «To‘xta! Senga aytadigan oxirgi so‘zimiz bor. Senda hech qachon bola bo‘lmaydi. Sen yovuz va yaramas odamsan. Seni bu yerda hech kim yoqtirmaydi. O‘rmon ham, birorta daraxt ham, hatto bir dona giyoh ham seni sevmaydi. Sen fashistsan. Sen bu yerdan umrbod ket. Qani, tezroq bo‘l!» O‘razqul oldi-ketiga qaramay yugurardi. Qulibek uning orqasidan: «Shnel! Shnel», - deya xaxolab kular va yana vahima solish uchun avtomatidan havoga qarab o‘q uzardi.
65
Bola o‘zida yo‘q shod edi. O‘razqul ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Qulibek eshik oldida gunohkorlarcha turgan boshqa kishilarga qarab: «Shunday odam bilan qanday yashab keldilaring? Uyat emasmi sizlarga!» - dedi.
Bola o‘zini yengil his qildi. Adolatli sud bajo keltirildi. U o‘z xayollariga shunchalik berilib ketgan ediki, hatto qaerda yotganini ham, O‘razqulning uyida nima munosabat bilan ichkilikbozlik qilayotganliklarini ham unutgan edi. Qahqahlab kulishlar uni bu orombaxsh holatdan yana o‘ziga keltirdi. Bola ko‘zini ochib yana quloq sola boshladi. Xonada Mo‘min bobosi yo‘q edi.
Qayoqqadir chiqib ketgan bo‘lsa kerak. Xotinlar idish-tovoqlarni yig‘ishtirishib, choy keltirishga hozirlik ko‘rayotgan edilar. Seydahmad nimanidir baland ovoz bilan hikoya qilib berardi, o‘tirganlar uning so‘zlarini eshitib kulishardi.
- U yog‘i nima bo‘ldi?
- Davom et!
- Sen shoshilma, bu yoqqa qara, qani yana bir qaytarib ayt, - kulgidan ichagi uzilgan O‘razqul
yana so‘ray boshladi, - sen unga javoban nima deding? Uni qanday qo‘rqitding. Voy ichagim! Xa-xa- xa! - U hamon qornini ushlagancha qotib-qotib kulardi.
- Shunday qilib, - deya Seydahmad hikoyasini yana boshidan boshlashga jon deb rozi bo‘ldi, - biz bug‘ularga yaqinlashib borsak, o‘rmon yoqasida uchtasi turgan ekan. Otlarni endigina daraxtga bog‘lagan ham edik, chol hamrohim qo‘limdan ushlab: «Biz bug‘ularni otishimiz mumkin emas. Biz Bug‘uboy avlodidanmiz. Shoxdor ona bug‘uning farzandlarimiz!» dedi. O‘zi bo‘lsa bolalardek termilib turardi menga. Ko‘zlari yalinib-yolvorib iltijo qilayotgandek boqardi. Mening esa o‘lgiday kulgim qistardi. Lekin kulib yubormadim. Ha, kulmadim. Aksincha, bu haqiqatan ham shunday-ku: «Sen nima, turmaga tushging kelyapti-mi?» - deyman. «Yo‘q», - deydi u. «Bilasanmi, boylar zamonidagi hikoyalar kambag‘al xalqni qo‘rqitish uchun to‘qilgan», - dedim. Shunda u tilga kirib: «Sen nima deyapsan o‘zi», - dedi. Men bo‘lsam: «Shuni aytyapmanki, sen bunaqa gaplaringni qo‘y, aks holda qariligingga ham qaramay, tegishli joyga yozib yuboraman», - dedim.
- Xa-xa-xa, - deb o‘tirganlarning hammasi kulib yuborishdi. Ayniqsa, O‘razqul ularning ichida rohatlanib kulardi.
- Keyin biz sezdirmasdan ularga yaqin bordik. Agar ularning o‘rnida boshqa hayvonlar bo‘lgandami, allaqachon xabar topib ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan bo‘lardi. Bu anqov bug‘ular esa bizdan cho‘chimayotganday qochmasdi. Cho‘chimagani yana ham yaxshi deb o‘ylayman, - hikoya qilardi Seydahmad. - Men miltiq bilan oldinda, chol keyinda boryapmiz. Shu ondayoq, menda shubha tug‘ildi. Umrimda chumchuq ham otgan emasdim. Hozir shunday bir holat yuzaga keldiki, agar tekkiza olmasam, o‘rmonga qochadi-ketadi, keyin uning orqasidan yetib bo‘psan, dovonning narigi yog‘iga o‘tib ketadi. Bunday tayyor o‘ljani kim qo‘ldan boy berishni istardi?
Bizning chol ovchi bo‘lgan, vaqtida ayiqni ham qulatgan. Men unga miltiqni berib, mana chol, oting, dedim. U bo‘lsa yo‘q, otmayman, o‘zing ot, deydi. Men bo‘lsam unga: Men axir mastman-ku, dedim. O‘zim esa oyokda turolmayotgandek tebranardim. U o‘rmondan yog‘och olib chiqqanimizda siz bilan ichganimizni ko‘rgan edi. Shuning uchun ham men o‘zimni ayyorlikka soldim.
- Xa-xa-xa.
- Men tekkizolmayman dedim, bug‘ular ketib qoladi, keyin qaytib kelmaydi. Bizning esa quruq qaytib borishimiz yaxshi emas. O‘zing bilasan. O‘ylab ko‘rgin. Nega bizni bu yoqqa yuborishdi? Indamaydi. Miltiqni ham olmaydi. Mayli, o‘zingiz bilasiz, dedim-da, miltiqni tashlab ketmoqchi bo‘ldim. U orqamdan ergashdi. Baribir, O‘razqul meni haydaydi - sovxozga borib ishlayveraman, deydi. Qariganda qayoqqa borasan, dedim? Yana lom-lim demadi. Men sekin xirgoyi qildim:
Sariq-sariq tog‘lardan,
Sariq otda men keldim.
Och eshiging, ey, sariq savdogar...
66
- Xa-xa-xa...
- Meni haqiqatan ham mast deb o‘yladi. Miltiqni qo‘lga olib jo‘nab qoldi. Men qaytdim. Biz bir- birimiz bilan tortishib yotar ekanmiz, bug‘ular bu orada bir oz nariroqqa yurdi. Ko‘ryapsanmi, deyman unga, ketib qoldi, keyin ularga yetib bo‘lmaydi. Ular hali hurkib qochmaguncha otib olish kerak. Chol qo‘liga miltiqni oldi va ularning orqasidan pusib bora boshladi. U hamon: «Kechir meni, Shoxdor ona bug‘u, kechir...», - deb o‘z-o‘zicha shivirlardi. Men esa o‘z-o‘zimcha: «Ehtiyot bo‘l, tekkiza olmasang, sen ham o‘sha bug‘ular bilan birga boshing oqqan yoqqa qarab ket, boshqa qorangni ko‘rsatma», - dedim.
- Xa-xa-xa...
Ichimlik hidi bilan dud hidining birga qo‘shilib anqishi, uning ustiga qahqaha urib kulishlar bolaning isitmasini oshirib, yanada dimiqtirib yubordi. Og‘riqning zo‘ridan uning boshi tars yorilib ketayozdi. Nazarida kimdir uni tepayotganga, kimdir bolta bilan miyasini yorayotganga o‘xshardi. Go‘yo birov uning ko‘zini mo‘ljalga olayotganday chap berib boshini olib qochishga intilardi. Isitma natijasida holdan ketgan bola muzdek daryoda paydo bo‘lib, baliqqa aylanib qoldi. Quyrug‘u, tanasi, suzgich qanotlari - hamma-hammasi baliqniki-yu, faqat og‘riyotgan boshigina o‘zicha qolgan edi. U qop-qorong‘i muzdek suv ostida suzib borardi. Xayolida umrbod shunday baliq bo‘lib qolishni va toqqa hech qachon qaytmaslikni o‘ylardi. «Qaytmayman endi, - deyardi u o‘zicha. - Yaxshisi, baliq bo‘laman, baliq bo‘lib yashayman...»
Bola karavotdan tushib, sekin uydan chiqib ketganini hech kim payqamay qoldi. U zo‘rg‘a burchakka yetib borgan ham edi, birdan qayt qilib yubordi. U devorga suyangancha ingrab yiglardi. O‘pkasi to‘lib yig‘laganidan nafasi qisilib g‘o‘ldirardi:
- Yo‘q, men, yaxshisi, baliq bo‘laman. Bu yerdan suzib ketaman. Yaxshisi, baliq bo‘laman.
O‘razqulning uyi derazasidan esa mast kishilarning qahqahlab kulishlari-yu, qiyqiriq ovozlari eshitilardi. Bu yovvoyi qahqaha bolani garang qildi, uning qalbida chidab bo‘lmas dard-alamlarni qo‘zg‘adi. Bu dahshatli qahqahani eshitish ko‘nglini behuzur qilayotgandek tuyuldi. U biroz o‘ziga kelish uchun hovliga chikdi. Hovlida hech kim yo‘q, huvullab yotardi... O‘ti o‘chib qolgan o‘choq yonida ichkilikning zo‘ridan o‘lar holatda yotgan Mo‘min boboga ko‘zi tushdi. Chol tuproqda, o‘sha Shoxdor ona bug‘uning kesib tashlangan shoxlari yonida hushsiz yotardi. Bug‘uning maydalangan kallasini it g‘ajib yotgan edi. Bulardan boshqa biron kimsa yo‘q.
Bola bobosining ustiga engashgancha uning yelkasidan tortqiladi.
- Bobo, yuring, uyga ketamiz, uyga, - dedi u. Chol javob bermadi, u hech nimani eshitmadi, boshini ham ko‘tara olmadi. Ha, u nima ham deya olardi?
- Qani, turing, bobo, uyga ketamiz, - dedi bola. Kim bilsin, u o‘zining bolalik aqli bilan bobosining Shoxdor ona butu haqidagi ertagi uchun bu yerda ta’zirini yeb yotganini, o‘z erki bilan unga qasd qilmaganligini, uning o‘zi bu haqda bolaga hamma vaqt nasihat qilib kelganligini, - ota-bobolar udumiga, o‘z vijdoni va vasiyatlariga zid borganligini, baxti qaro qizini deb, nabirasini deb shu ishga qo‘l urganligini fahmlay oldimikin yoki anglab yetmadimikin?..
Chol og‘ir ahvolga tushib, g‘am-alam o‘tida yonib, bolaning ovoziga javob qilmasdan, go‘yo o‘lik singari yuzini yerga qilib yotardi.
Bola bobosining yoniga cho‘qqayib o‘tirgancha uni qo‘zg‘atishga harakat qildi.
- Bobo, boshingizni ko‘tarsangiz-chi, - dedi u. Bolaning yuzlari oqarib, bo‘shashib ketgan edi, qo‘llari, lablari qaltirardi. - Bobo, bu menman. Eshityapsizmi?- deyardi u. O‘zimni juda yomon sezyapman, - deya yig‘lardi u. - Boshim og‘riyapti, juda qattiq og‘riyapti.
Chol ingrab, qimirlay boshladi, biroq hamon o‘ziga kelolmagan edi.
- Bobo, Qulibek keladimi? - so‘radi bola birdan ko‘zyoshi aralash. - Ayting, mashinasida Qulibek keladimi? - gap bilan alahsitmoqchi bo‘ldi u cholni.
Bola bobosini yonbosh bilan ag‘darilib yotishga majbur etdi va nogahon mast holda soqollarigacha
67
loy va tuproqqa belanib, ayanchli holda yotgan cholning yuziga ko‘zi tushib, seskanib ketdi. Bola shu daqiqada haligina O‘razqul bolta bilan maydalab tashlagan oq bug‘uning kallasini xayolidan o‘tkazdi va qo‘rquvdan o‘zini chetga tortdi. Bobosidan nari ketar ekan, dedi:
- Men baliqqa aylanaman, eshityapsizmi, bobo, suzib ketyapman. Qulibek kelganda baliqqa aylanib qolganimni ayting.
Chol hech qanday javob qaytarmadi.
Bola yurishda davom etdi. Daryoga tushib, suv kecha boshladi.
Bolaning suvda baliq bo‘lib suzib yurganidan hali hech kimning xabari yo‘q edi. Hovlida mast
kishilarning kuylagan qo‘shiqlari eshitilardi:
O‘rkach-o‘rkach totardan, O‘rkach tuyada men keldim. Och eshiging, bukri savdogar, Biz ichamiz, o‘tkir vinodan...
Sen suzib ketding. Qulibekning kelishini kutib turmading. Afsus, ming afsuski, Qulibekning kelishini kutib turmading. Nega sen yo‘ldan chopib bora qolmading. Agar yo‘ldan uzoq muddat chopib borganingdami, albatta uni uchratarding. Qulibekning mashina-sini uzokdan tanigan bo‘larding. Qo‘lingni ko‘targaningda u shu zahotiyoq mashinasini to‘xtatgan bo‘lardi.
- Sen qayoqqa ketyapsan? - deb so‘rardi.
- Men sizni izlab ketayotgan edim! - deb javob bergan bo‘larding.
U shunda seni mashinasi kabinasiga olgan bo‘lardi. Ikkaloving birga ketgan bo‘lardilaring.
Oldinda, yo‘lda esa hech kimga ko‘rinmasdan Shoxdor ona bug‘u yelday uchib borardi. Biroq sen uni ko‘ra olgan bo‘larding.
Ammo sen suvda suzib ketding.
***
Sen bu qo‘shiqni eshitmading. Sen o‘z ertagingdagi baliq kabi suzarding, bo‘talog‘im. Bilasanmi, sen hech qachon baliqqa aylanib qololmaysan va Issiqko‘lgacha suzib borolmaysan, oq kemani ham ko‘rolmaysan va unga: «Salom, oq kema, bu men!» - deb aytolmaysan.
Sen oqib ketding.
Endi shuni aytishim kerakki, sening go‘dak qalbing nimani noxush ko‘rgan bo‘lsa, hammasini rad etding. Mening ovunchim ham, quvonchim ham shunda-da. Sen bir chaqnab so‘ngan yashin kabi hayot kechirding. Chaqmoqlarni samo chaqadi. Samo esa abadiydir. Mening ovunchim ham, quvonchim ham shunda-da. Insondagi go‘daklik vijdoni xuddi urug‘dagi ilk kurtakning o‘zginasi, kurtaksiz urug‘ unib chiqmaydi. Biz olamga kelmasdan ilgariyoq, toki tug‘ilish va o‘lish bor ekan, haqiqat tantana qilib kelmoqda.
Bo‘talog‘im, sen bilan vidolashar ekanman, sening so‘zingni yana bir bor takrorlayman: «Salom, oq kema, bu men!»
68