Seydahmad etikni yechishga tutindi. Etigi unga kichikroq edi.
- Nimaga qarab turibsan, yordamlash unga, - cholni sekingina turtib qo‘ydi kampir. - o‘zing ham yech etigingni, suvga tush, - g‘azabli pichirladi u.
Mo‘min bobo Seydahmadning etigini tortdi, o‘zinikini ham bir zumda yechib bo‘ldi. Shu paytda Urazqul bilan Ko‘katoy mashinaga komanda berishardi:
- Bu yoqqa hayda, u yoqqa hayda.
- Chapga, ozroq chapga. Mana shunday.
- Yana ozgina.
Mashinaning ko‘nikilmagan hayqirig‘ini eshitib, bug‘ular so‘qmoqda qadamini tezlatdi. Olazarak
nazar tashlab, jarlikdan sakrab o‘tdi va qarag‘aylar orasiga yashirindi.
- O, g‘oyib bo‘ldi! - xatosini birdan anglab qoldi Ko‘katoy. U shunday afsus bilan entikardiki,
xuddi qo‘lidagi o‘ljasidan ayrilganday edi.
- Hechqisi yo‘q, hech qayoqqa ketmaydi ular! - uning xayolidagini topib va bundan xursand
bo‘lib O‘razqul kerilib qo‘ydi. - Bugun kechgacha jo‘namaysan, mening mehmonim bo‘lasan. Xudoning o‘zi kam qilmasin. Izzat-hurmat bilan men seni mehmon qilaman. - U xaxolab turib oshnasining yelkasiga urib qo‘ydi. O‘razqul xushchaqchaq ham bo‘la olardi.
- Xo‘p, sen aytgancha bo‘la qolsin, sen mezbon, men mehmon, - ko‘na qoldi azamat Ko‘katoy, iljayarkan yo‘g‘on sariq tishlarini ko‘rsatib.
Mashina allaqachon orqa g‘ildiraklarining yarmigacha suvga botib qirg‘oqda turardi. Chuqurroq kirib borishga shofyorning yuragi dov bermadi. Endi trosni yog‘ochga olib borish qolgan edi. Agar tros kaltalik qilmasa, yog‘ochni suv ostidagi toshlarning asirligidan tortib olish unchalik qiyinchilik tug‘dirmasdi.
Tros po‘latdan - uzun va og‘ir. Uni suv ichidan yog‘ochga tortib borish kerak. Shofyor istamaygina etigini yecha boshladi, cho‘chinqirab suvga qarab qo‘ydi. U hali qat’iy qarorga kelolganicha yo‘q: suvga etik bilan tushishga arzirmikin yoki yaxshisi yechsamikin. «Yalangoyoq bo‘lganim ma’qul shekilli, - o‘yladi u. - Baribir suv qo‘njimdan oshib ketadi. Chuqurligi sal kam songa keladi. Keyin kun bo‘yi ho‘l etikda yurish osonmi». Lekin u shu bilan birga hozir daryoda suv qanchalik sovuq bo‘lishini ham o‘zicha tasavvur qildi. Bu holdan Mo‘min bobo foydalanib qoldi.
- Sen yechinma, o‘g‘lim, - otilib keldi uning oldiga. - Biz Seydahmad bilan o‘zimiz tushamiz.
- E, qo‘yavering, arzimaydi, oqsoqol, - qarshilik qildi uyalib ketgan shofgr.
- Sen mehmonsan, biz shu yerning odamimiz, sen rulga o‘tir, - ko‘ndirdi Mo‘min bobo uni. Seydahmad bilan ikki kishi po‘lat trosni o‘ramdan bo‘shatib suvning ichiga ko‘tarib kirishganda
Seydahmad dodlab, boloxonali qilib so‘kindi:
- Uh, uh, suv emas, muz!
O‘razqul bilan Ko‘katoy muruvvatli kulishib, uni g‘ayratlantirishdi:
- Chida, chida! Seni isitadigan narsa topamiz! Mo‘min bobo esa churq etmasdi. U hatto muzday
sovuqni sezmadi. Ko‘zga ko‘p tashlanmaslik uchun boshini yelkalari ichiga tortib, sirg‘anchiq suv osti toshlari ustidan yalangoyoq borarkan, xudodan yolg‘iz bir nimani so‘rardi - ishqilib, O‘razqul uni qaytarmasin, ishqilib, quvib yubormasin, ishqilib, odamlar oldi-da haqorat qilmasin, bu ahmoq baxti qaro cholni kechirsin.
O‘razqul hech nima demadi. U Mo‘minni odam o‘rnida ko‘rmaganidan go‘yo uning g‘ayratiga ham e’tibor qilmaganday edi. Qalbida esa tantanavor his sezar, axir har qanday bo‘lmasin isyonkor cholni bo‘ysundirdi-ku. Qandaydir ichi qoralik bilan kuldi O‘razqul o‘zicha, - emaklab, oyog‘imga yiqilding-ku. Eh, kattaroq amaldor bo‘lganimdami, bundan ham kattaroqlarning shoxini qayirib qo‘yardim. Shunaqalarni tiz cho‘ktirib, tuproqda emaklattirib qo‘ymasmidim. Menga hech bo‘lmasa kolxoznimi yoki sovxoznimi berishsa ekan. Tartibga solib qo‘ygan bo‘lardim. Odamlarni izdan chiqarib yuborishdi. Endi esa o‘zlari voh, raisni hurmat qilishmayotir, direktorni hurmat qilishmayotir deb shikoyat qilishadi. Qandaydir cho‘pon ham boshliq bilan xuddi tengdek gaplashadi. Satqai amal
58


ket, ahmoqlar! Ular bilan shunaqa muomala qilib o‘tirish kerakmi? Zamonlar bo‘lgan-ku, axir, boshlar uchib ketgan, hech kim churq etmagan. Aksincha, ko‘proq yaxshi ko‘rishgan, ko‘proq kuylashgan. Mana bu xo‘p zamon bo‘lgan-da! Endi-chi? Yaramaslarning eng yaramasi hisoblangan mana shu chol ham dabdurustdan gap qaytarishni o‘ylab topdi. «Xo‘sh, xo‘sh, emakla oyog‘im ostida, emakla»,- badxohlik bilan kuldi O‘razqul, har zamon-har zamonda Mo‘min chol tomonga qarab qo‘yarkan.
U esa muzday suvda xayolga cho‘mib, tomirlari tortishib, Seydahmad bilan birga trosni ko‘tarib borarkan, O‘razqul meni kechirgan ko‘rinadi, deb mamnun bo‘lardi. «Sen endi men qari cholni kechir, shunday bo‘lib chiqqani uchun, - xayolan O‘razqulga murojaat qilardi u. - Kecha chiday olmadim. Maktabga nabiram oldiga ot choptirib ketdim. Axir u yolg‘iz, mana shuning uchun ham iching achiydi- da. Mana bugun esa u maktabga ham bormadi. Tobi qochibdi nimagadir. Esingdan chiqar, kechirgin. Axir sen ham menga begona emassan-ku. O‘ylaysanki, men senga va qizimga baxtni ravo ko‘rmaymanmi? Xudo bersa qani, nabiramning ingalaganini eshitsam - xudo ursin, baxtimdan ko‘zimga yosh kelardi. Faqat sen xafa qilma qizimni, kechir meni. Agar ishlash bo‘lsa, toki tanimda jonim bor ekan, ishlaganim bo‘lsin. Hamma ishni qilaman. Sen faqat buyursang, bas...»
Kampir qirg‘oqning bir burchida tikka turib, o‘zining imo-ishoralari va butun harakatlari bilan cholga: «Harakat qilgin, chol! Ko‘rdingmi, u seni kechirdi. Mening aytganimni qilaver, hammasi joyiga tushadi»,- derdi.
***
Bola uxlardi. U bir martagina allaqaerdandir otilgan miltiq ovozidan uyg‘onib ketdi va yana uyquga cho‘mdi. Kechagi mashaqqatli uyqusizlik va bemorlikdan so‘ng bugun u birmuncha tinch va miriqib uxladi. U uyquda ekan, isitma aralash badan qaqshog‘i azobini tortmay, oyoqlarini erkin uzatib to‘shakda yotib dam olishning naqadar rohat ekanligini his etdi. Agar buvisi bilan Bekey xola bo‘lmaganda u shu uxlagancha uxlab yotaverardi. Ular ovoz chiqarmay gaplashishga harakat qilishsa- da, idish-tovoqlarning shaqir-shuquridan bola uyg‘onib ketdi.
- Mana bu katta kosani ushlagin-da, ovqat olgin, - deb jonlanib gapirdi kampir narigi xonada. - Men esa chelak bilan elakni olib kelay. Voy belim, madorim qurib ketyapti. Ozmuncha ish qildikmi? Xudoga shukur, juda xursandman.
- Eh, buvijon, nimasini aytasiz, men ham shunchalik xursandmanki, kecha shundayam jonimdan to‘yib ketgandim. Agar Guljamol bo‘lmaganda o‘zimni o‘zim o‘ldirardim, - dedi Bekey.
- U hakda uni-buni deb yurasan yana, - tinchitib qo‘ydi kampir. - Qalampirni oldingmi? Ketdik. Sening tinchishing uchun xudoning o‘zi yordam qo‘lini cho‘zdi. Ketdik, ketdik.
Uydan chiqayotib bo‘sag‘ada Bekey xola kampirdan bola to‘g‘risida so‘radi: - U hamon uxlayaptimi?
- Mayli, uxlab tura qolsin, - javob berdi kam-pir.
- Sho‘rva tayyor bo‘lganda issiqqina keltirib beramiz.
Bola ortiq uxlay olmadi. Hovlidan oyoq tovushlari va odamlarning gaplashgani eshitilib turardi. Bekey xola kulib yubordi, Guljamol va kampir ham unga qo‘shilib kuldi. Qandaydir notanish ovozlar quloqqa chalindi. «Ha, bular, hoynahoy kecha oqshom kelgan odamlar, - deb o‘yladi bola. - Demak, ular hali ketishmabdi-da». Faqat bobosi Mo‘mingina ko‘rinmasdi, ovozi ham eshitilmasdi. U qayokda ekan? Nima qilyapti ekan?
Bola tashqaridagi ovozlarga quloq solib, bobosini kutib yotdi. U bobosi bilan kechagi ko‘rgan bug‘u haqida juda gaplashgisi kelardi. Hademay qish kiradi. Ular uchun ham o‘rmonda ko‘proq yem- xashak hozirlash kerak. Yeb yayrasin. Ularni shunday o‘rgatish kerakki, odamlardan hech qo‘rqmaydigan, to‘ppa-to‘g‘ri daryodan o‘tib hovliga kelaveradigan bo‘lsin. Bu yerda ham ularga shunday xo‘rak berish kerakki, ular uchun bu juda tansiq bo‘lsin. Qiziq, ular hammadan ko‘ra nimani yaxshi ko‘rishar ekan-a? Urg‘ochi bug‘u bolasini o‘rgatib olsang-da, u doim orqangdan qolmay
59


ergashib yursa. Qanday ajoyib bo‘lardi. Sen bilan maktabga ham birga borib kelgan bo‘larmidi?..
Bola bobosini kutardi, lekin undan darak yo‘q. Bir vaqt Seydahmad kelib qoldi. U nimadandir juda mamnun. Og‘zi qulog‘ida edi. Seydahmad kallasini chayqab o‘z-o‘zicha iljayardi. U yaqinroq kelganda di-mog‘idan spirt hidi anqib ketdi. Bola O‘razqulning o‘zboshimchaliklarini, bobosi va Bekey xolaning azob chekishlarini eslatuvchi bu badbo‘y hidni juda yomon ko‘rardi. Lekin Seydahmad ichganda aqliy jihatdan uncha hushyor bo‘lmasa ham, juda saxiy, muloyim va kishi qalbiga ozor bermaydigan hazil-mutoyibalari bilan O‘razquldan farq qilardi. Bunday vaqtlarda u
bilan bobosi Mo‘min o‘rtasida taxminan shunday suhbat ketardi.
- Nega buncha tentaklarga o‘xshab kulasan, Seydahmad? Kayfing taraqmi deyman?
- Oqsoqol, men sizni shunday sevamanki. Rostini aytsam, xuddi o‘z otamdek.
- E-e, seni qara-yu, sening yoshingda... Boshqalar mashina haydab yuribdi. Sen bo‘lsang gapingni
uddalab gapira olmaysan. Agar men sening yoshingda bo‘lganimdami hech bo‘lmaganda traktor haydagan bo‘lardim.
- Oqsoqol, menga armiyada komandirimiz bu ishga layoqatsizligimni aytgan edi. Biroq piyodalar safida xizmat qildim. Piyoda askarsiz ish bitmaydi-ku axir...
- Piyoda askar emish! Piyoda askar emas, ishyoqmassan. Xotining bo‘lsa... Xudo ham tengiga qo‘shmas ekan. Senga o‘xshaganning yuztasi bitta Guljamolga arzimaydi.
- Shuning uchun ham biz er va xotin bu yerda yuribmiz-da, oqsoqol.
- Ha, seni gapga qo‘ysa... Ho‘kizday kuching bor, aql esa... - Umidsiz qo‘l siltab qo‘ydi Mo‘min bobo.
- Mu-u-u, - deb ma’raganday kulib qo‘ydi Seydahmad.
Shundan keyin u hovlining o‘rtasida turib olib o‘zining allaqanday eshitib olgan g‘alati ashulasini kuylay boshladi:
Sariq-sariq tog‘lardan,
Sariq otda men keldim.
Och eshiging, ey, sariq savdogar, Biz ichamiz sariq vinodan. Ko‘ng‘ir-qo‘ng‘ir tog‘lardan, Qo‘ng‘ir otda men keldim.
Och eshiging, ey, qo‘ng‘ir savdogar, Biz ichamiz qo‘ng‘ir vinodan...
Shu tarzda davom etib ketaverardi, chunki u ba’zan tog‘dan tuyada kelgan bo‘lsa, ba’zan xo‘rozda, sichqonda, toshbaqada, xullas, nimaiki jonivor bo‘lsa, o‘shalarda kelaverardi. Mast Seydahmad bolaga hushyorligiga qaraganda yoqimliroq ko‘rinayotgandek edi. Shuning uchun ham Seydahmad shirakayf bo‘lib kelganda bola ochiq ko‘ngillik bilan iljayib qo‘yardi. - E-ha! - xitob qildi Seydahmad ajablanib. - Seni kasal deyishgan edi-ku. Ha, sen umuman kasal bo‘lmaysan. Sen hovlida nega o‘ynamay qolding? Bunaqasi ketmaydi. - Seydahmad bolaning to‘shagiga ag‘anab yotdi. Uning qo‘llaridan va ust-boshidan spirt va yangi so‘yilgan xom go‘shtning hidi anqib turardi. U bolani quchoqlab o‘pa boshladi. Uning o‘sib ketgan dag‘al soqoli bolaning yuzlarini timdalab achitardi.
- Bo‘ldi endi, Seydahmad amaki. - Iltimos qildi bola. - Bobom qani, ko‘rmadingizmi?
- Bobong anavi yokda, - Seydahmad qo‘lini havoda noaniq aylantirdi. - Biz mana shu... Yog‘ochni suvdan olib chiqdik. Va bir oz isib olish uchun ichdik. Hozir esa u go‘sht pishirayotir. Tur o‘rningdan. Kiyimlaringni kiy, birga ketamiz. Bu nimasi! Yaxshi emas. Biz hammamiz u yerda bo‘lsagu, sen bu yerda yolg‘iz yotsang.
- Bobom turmagin degan, - dedi bola.
- Qo‘ysangchi bo‘lmagan gapni. Yur, tomosha qilamiz. Bu har doim bo‘lavermaydi-ku. Butun
60


katta ziyofat. Qozon ham moy, cho‘mich ham moy! Tura qol, - Seydahmad mastlarga xos qo‘pollik bilan bolani kiyinishga majbur etdi.
- Men o‘zim, - deb e’tiroz bildirdi boshi aylanayotganini his etayotgan bola. Biroq shirakayf Seydahmad uning so‘ziga quloq solmadi. Modomiki, bola yolg‘iz uyga tashlab qo‘yilgan ekan. Seydahmad o‘zining unga qilayotgan yaxshiligidan juda mamnun edi, ayniqsa, butun shunday kunki, tovoq ham moy, qoshiq ham...
Gandiraklab bola ham Seydahmad bilan birga uydan chiqdi. Tashqari shamol, havo bulut. Bulutlar osmonda tez-tez bir-biriga qo‘shilishib ketdi. Bola ayvondan chiqquncha havo ikki bor keskin o‘zgardi. Charaqlab turgan quyoshli havoni ko‘ngilni g‘ash qiluvchi qorong‘ilik bosdi. Bola bundan boshi og‘riyotganini sezdi. Shamol yuziga gulxanning tutunini olib kelib urardi. Ko‘zlari achishdi. «Bugun kir yuvishayotgan bo‘lsa kerak», - o‘yladi bola, chunki kir yuvish kunlarida odatda shunday gulxan yoqilib, uchala uydagi katta qora qozonlarda suv isitilardi. Bunday qozonlarni bir kishi ko‘tara olmaydi. Bekey xola bilan Guljamol ikkovlashib ko‘tarishardi bu qozonlarni.
Bola bunday kir yuviladigan kunni yaxshi ko‘rardi. Birinchidan, bunday kunlarda gulxan uydagi singari o‘choqlarda emas, balki ochiq o‘choqlarda yoqilib, uning atrofida o‘ynash mumkin edi. Ikkinchidan, yuvilgan kiyimlarni ilish juda gashtli bo‘lardi. Oq, ko‘k, qizil matolarning arqonda osilib turishi hovliga zeb berib turardi. Bola arqonda osilib yotgan kiyimlarga bildirmasdan sekingina kelib yuzlarini tekkizib o‘tishni yaxshi ko‘rardi.
Bu gal hovlida hech qanday yuvilgan buyumlar ko‘rinmadi. Ammo katta go‘sht bo‘laklari bilan liq to‘ldirilgan qozon ostiga kuchli o‘t yoqilgan bo‘lib, qaynayotgan qozondan quyuq bug‘ ko‘tarilardi. Go‘sht pishib qolgan edi: go‘shtning dami va gulxanning isi birga qo‘shilishib, ishtahani qitiqlardi. Bekey xola bo‘lsa, yangi qizil ko‘ylak, yangi xrom etikda gulli shol ro‘molni yelkasiga tashlab olgancha qozonga engashib, cho‘mich bilan ko‘piklarni olib tashlayotgan edi, Mo‘min bobo esa uning yonida cho‘kka tushgan holda o‘chokdagi yonayotgan tarashalarni ag‘darib qo‘yardi.
- Ana, bobong, - dedi Seydahmad bolaga. - Ketdik. O‘zi bo‘lsa:
- Sariq-sariq tog‘lardan,
- Sariq otda men keldim, -
deb endigina xirgoyi qila boshlagan edi, sochi ustarada taqir olingan, yenglari shimarilgan va qo‘lida bolta ushlagancha saroydan chiqib ketayotgan O‘razqulga ko‘zi tushdi.
- Sen qayoqda tentirab yuribsan? - dahshatli qichqirdi u Seydahmadga qarab. - Mehmon bu yerda o‘tin yorsin, - u bosh irg‘ab o‘tin yorayotgan shofyorni ko‘rsatdi, - sen bo‘lsang qo‘shiq aytib yur.
- E, hozir ana-mana deguncha, boplaymiz, - tinchlantirdi uni Seydahmad, shofyorga qarab yo‘nalar ekan. - Qani, uka, men o‘zim.
Bola esa o‘choq boshida cho‘kka tushib o‘tirgan bobosi tomon yaqinlashdi. U orqa tomondan kelgan edi. .
- Bobo, - dedi u. Bobosi uni eshitmadi.
- Bobo, - deb takrorladi bola va bobosining yelkasiga qo‘lini tegizdi. Chol o‘girilib qaradi, bola bobosi mast ekanliginy sezmadi. U bobosining loaqal biron marta shirakayf bo‘lganini ko‘rmagan edi. To‘g‘ri, issiqko‘llik biror cholning ma’rakasida hammasi - hatto ayollarga ham ichirishardi. Biroq bobosida bunday odat hali sodir bo‘lmagan edi.
Chol bolaga qandaydir begonaday, g‘ayritabiiy va yovvoyi qarash qildi. Uning yuzlari qizarib ketgandi, u nabirasini ko‘rib yana ham qizarib ketdi. Qizillik nim pushti rangta kirdi va shu zahotiyoq boboning yuzlari oqara boshladi. Chol shoshilib o‘rnidan turdi.
- Ie, senmi? - dedi u bo‘g‘iq ovoz bilan nabirasini bag‘riga bosib. - Ie, senmi, - bundan boshqa biron so‘z ayta olmadi. Undagi to‘lqinlanish bolaga o‘tgan edi.
- Tobingiz qochdimi, bobo? - tashvishlanib so‘ra-di bola.
- Yo‘q-yo‘q. O‘zim shunday, - ming‘illadi Mo‘min. - Sen bor, o‘ynab kel. Men bu yerda o‘t
61


yoqayapman, bu hammadan...
U nabirasini deyarli itarib yuborib, go‘yo butun olamdan yuz o‘girganday, yana o‘choqqa qarab
o‘girilib oldi. U tiz cho‘kkancha, go‘yo faqat o‘t bilan bandday biron yoqqa burilib qaramasdi. Chol nabirasining tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgancha, hovlida o‘tin yorayotgan Seydahmad tomon yo‘l olganini ham ko‘rmadi.
Bola bobosiga nima bo‘lganini, umuman, hovlida nima bo‘layotganini tushunmasdi. U saroyga yaqinlashgandagina yungi yerga qaratib yoyilgan teri ustida yangi so‘yilgan molning uyib qo‘yilgan go‘shtiga ko‘zi tushdi. Terining chekkalaridan hamon xira qon tomchilari sizib tushayotgan edi. Sal nariroqda it ichakchavoqlarni irillagancha silkilab tortardi. Uyulgan go‘sht yonida allaqanday qoradan kelgan, barvasta notanish kishi to‘nkaga o‘xshab do‘ppayib o‘tirardi. U Ko‘katoy edi. U bilan O‘razqul ikkalasi pichoqni olvolib, go‘sht maydalashardi. Ular qismlarga ajratilgan yog‘ va go‘shtlarni yozib qo‘yilgan terining turli joylariga xotirjamlik bilan, shoshmasdan irg‘itib tashlamokda edilar.
- Maza! Hidini aytmaysanmi! - dedi yo‘g‘on ovoz bilan haligi barvasta kishi, go‘sht hidlab ko‘rarkan.
- Ol, ol, o‘z ulushingga tashla, - saxiylarcha taklif etdi O‘razqul. - Buni sening kelishing sharafiga xudo yetkazdi. Bu har doim bo‘lavermaydi. - O‘razqul bu orada pishillab, ishdan boshini ko‘tarib, taranglashgan qornini silab qo‘ydi, uning ko‘p yeb, ko‘p ichganligi bilinib turardi. Uning nafasi qisilib xirillab qoldi, erkin nafas olish uchun boshini birdan yuqori ko‘tardi. Uning sergo‘sht, sigirning yelinidek yaltiroq yuzidan o‘ziga bino qo‘yganligi va to‘qlik alomati sezilib turardi.
Bola devor tagidagi shoxli bug‘u kallasini ko‘rib esankirab qoldi, badani muzlab ketdi. Kesilgan kalla qop-qora qon tomchilarini oqizib, changda yumalab yotardi. Bu - yo‘lda yotgan egri-bugri daraxtni eslatardi. Kalla yonida tizzadan qirqilgan to‘rtta tuyoq yotardi. Bola bu dahshatli manzarani ko‘rib cho‘chib ketdi. U o‘z ko‘zlariga ishonmasdi. Uning oldida Shoxdor ona bug‘uning kallasi yotardi. U bu yerdan qochib ketishni istardi, lekin oyoqlari unga itoat etmasdi. U kalla-pocha qilingan oq bug‘uning qarshisida turardi. Kechagina Shoxdor ona bug‘u bo‘lib yurgan, unga oqko‘ngillik bilan suqlanib qaragan, xayolan gapirishgan va shoxida qo‘ng‘iroqcha taqilgan sehrli beshik keltirishni iltijo qilib so‘ragani o‘sha bug‘u edi. Nahotki bularning hammasi nogoh shaklsiz bir uyum go‘shtga, shilingan teriga, kesilgan oyoqqa va uloqtirib tashlangan kallaga aylanib qolsa. Bolaning ketishi kerak edi, lekin u toshdek qotib, bu voqeaning qanday va nega sodir bo‘lganini tushuna olmay turardi. Haligi go‘sht bo‘layotgan qora barvasta kishi uyulib turgan go‘shtning ichidan buyrak oldi-da, uni pichoqning uchiga sanchib bolaga uzatdi.
- Ma, bola, kabob qil, lazzatli bo‘ladi, - dedi u. Bola qimirlamay turardi.
- Ol! - buyruq qildi O‘razqul.
Bola beixtiyor qo‘lini cho‘zdi, so‘ng muzdek qo‘lida Shoxdor ona bug‘uning hali ham issig‘i
ketmagan yumshoq buyragini g‘ijimlagancha ushlab turdi. Shu payt O‘razqul oq bug‘uning kallasini shoxidan ushlab ko‘tarib ko‘rdi.
- Eh, og‘irligini qarang-a, - u kallani tebratib, og‘irligini salmoqlab ko‘rdi, - bitta shoxining o‘zi qancha keladi-ya. - U kallani g‘o‘laga ko‘ndalang qilib qo‘ydi va boltani olib shoxini ajratishga kirishdi.
- Mana, shox! - ishlab turib gapirardi u o‘tkir boltani shoxlarining tubiga qadab. - Bu sening bobongga, - u bolaga qarab ko‘z qisib qo‘ydi. - O‘lishi bilan bu shoxni uning qabriga qo‘yamiz. Qani endi kim bizga u kishini hurmat qilmaysizlar, deb ayta olar ekan. Yana nima kerak! Bunday shox uchun hatto bugunoq o‘lsang arziydi! - deya boltani mo‘ljalga olarkan, O‘razqul xaxolab kulardi.
Shoxni osonlikcha olib bo‘lmaydi. Uni olish juda qiyin edi. Mast O‘razqulning boltasi nishonga borib tegmasdi, bu esa battar jahlini chiqarardi. Kalla g‘o‘la ustidan dumalab tushdi. Shunda O‘razqul uni yerdayoq chopa boshladi. Kalla sirg‘alib chiqib ketaverdi. O‘razqul bolta ko‘targancha uning orqasidan chopib yurdi.
Bola seskanib ketdi, har gal ketmoqchi bo‘lib beixtiyor tisarilsa-da, bu yerdan ketishga o‘zini
62


majbur etolmasdi. Juda yomon tush ko‘rib, uni allaqanday dahshatli bir kuch tutib turganday edi, u o‘z joyida turganicha shu narsaga ajablanar ediki, kiprik qoqmay baqrayib turgan Shoxdor ona bug‘uning ko‘zlari boltadan o‘zini olib qochmasdi. Qo‘rquvdan qisilib yumilmasdi. Kalla allaqachon loy va tuproqqa belangan bo‘lsa ham, ko‘z qorachig‘i musaffoligicha boqib turar-di, aftidan, u o‘zini o‘limga mahkum etgan shu yorug‘ jahonga tilsiz, unsiz hayratda qolib, hamon boqib turgandek edi. Bola mast- alast O‘razqul bilan ko‘zi-ko‘ziga tushib qolishdan cho‘chirdi.
Shox hamon bo‘sh kelmasdi. O‘razqul esa borgan sari tutaqib, boltaning goh tig‘i bilan, goh orqasi bilan kallaning duch kelgan joyiga urardi.
- Bunaqada shoxni sindirib qo‘yasan. Bu yoqqa ber, - yaqinlashdi Seydahmad.
- Nari tur! O‘zim! Qo‘lingdan kelmaydi, sindirib qo‘yasan! - xirillab nafas olardi O‘razqul boltani qulochkashlab urarkan.
- Xo‘p, xo‘p, o‘zing bilasan, - Seydahmad tupurgancha uyi tomon odimlab ketdi. Uning orqasidan haligi qoradan kelgan barvasta kishi borardi. U qopda o‘z ulushini olib ketayotgan edi.
O‘razqul molxona orqasida mast-alast holda, qaysarlik bilan Shoxdor ona bug‘uning kallasini tilkalashda davom etardi. Uning bu holati uzoq kutilgan qasosini endi bajo keltirgandek tuyulardi.
- Eh, yaramas! La’nati!.. - deb xuddi jonsiz kalla eshitayotganday etigining tovoni bilan uni tepib jahl ustida og‘iz ko‘pirtirgancha so‘kinardi. - Kimni ahmoq qilmoqchisan! - U boltani ushlagancha kallaning tepasiga qayta-qayta xezlanib kelardi. - Dabdala qilmasam otimni boshqa qo‘yaman. Mana senga! Mana senga! - Shunday deb bolta bilan kallani urdi. Kalla chirsillab yorilib, mayda suyaklar har tomonga uchib ketardi.
Boltaning tig‘i ko‘zga ko‘ndalang kelib tekkanda bola qichqirib yubordi. Ochilib qolgan ko‘z chanog‘idan qop-qora quyuq suyuqlik oqib tushdi. Ko‘z so‘ndi, barbod etildi...
- Men bundan zo‘rroq kallalarni ham maydalay olaman! Bundan boshqa shoxlarni ham sug‘urib ola bilaman! - deb jazavasi tutib bo‘kirardi O‘razqul gunohsiz kalladan nafratlangancha.
Nihoyat bu kallaning peshona suyaklarini ham maydalashga muvaffaq bo‘ldi. U endi boltani tashlab kallani oyog‘i ostiga olib, shoxdan ikki qo‘llab ushlagan-cha vahshiyona kuch bilan buray boshladi va shoxlarni yulib oldi. Ular sug‘urib olingan ildiz singari qarsillardi. Bu shoxlar - bolaning iltimosiga ko‘ra, O‘razqul bilan Bekey xolaga sehrli beshik keltirishi lozim bo‘lgan o‘sha Shoxdor ona bug‘uning shoxlari edi...
Bolaning ko‘ngli behuzur bo‘ldi. U burildi va qo‘lidagi buyrakni tushirib yuborib, sekingina nari ketdi. U qulab tushayotgandek yoki bo‘lmasa odamlar ko‘zi oldida qayt qilib yuborayotgandek juda qo‘rqdi. U oqarib-gezarib manglaylari yopishqoq terga botgancha o‘choq yonidan o‘tib borardi. O‘choqda lovullab o‘t yonib, qozondan burqirab qaynoq bug‘ ko‘tarilardi. Baxtsiz Mo‘min bobo bo‘lsa hamon avvalgidek yuzini o‘tga tutib, hammasiga chap berib o‘tirardi. Bola bobosini bezovta qilgisi kelmadi. O‘ tezroq o‘ringa yetib borishni va to‘shakka boshi bilan burkanib yotishni istardi. Qani endi hech narsani ko‘rmasa, eshitmasa, unutsa.
Qarshisidan Bekey xola chiqib qoldi. U o‘ziga oro berib yasangan, biroq yuzida O‘razqulning kaltaklashi natijasida hosil bo‘lgan ko‘m-ko‘k qontalash izlar ko‘zga tashlanib turardi. Bemavrid quvonib, jonsaraklik bilan «katta go‘shtga» yugurib kelayotgan edi.
- Senga nima bo‘ldi? - U bolani to‘xtatdi.
- Boshim og‘riyapti.
- Boshginangdan aylanay, - dedi mehri toshib va ustma-ust o‘pa boshladi.
U ham mast edi. Undan ham la’nati aroq hidi anqib kelardi.
- Boshginasi og‘ribdi-da, - . ming‘irladi u rahmdillik qilib. - Jigargo‘sham mening. Balki
ovqatlanging kelayotgandir.
- Yo‘q, hech narsa yemayman. Yotgim kelyapti.
- Ketdik bo‘lmasa, o‘zim yotqizib qo‘yaman. Nima, sen yakka-yu yolg‘iz yotaverar ekansanmi.
Axir hamma odam biznikida. Mehmonlar ham. Go‘sht ham tayyor bo‘lay deb qoldi, - dedi u va bolani
63


o‘zi bilan birga olib ketdi. Bular yana o‘choq boshidan o‘tib ketayottanlarida yelin singari qizarib to‘lishib ketgan holda molxonadan chiqib kelayotgan O‘razqulga ko‘zlari tushdi. U Mo‘min bobo yoniga o‘zi kesgan bug‘u shoxlarini kekkaygancha uyib qo‘ydi. Chol sapchib tushdi.
O‘razqul unga qaramasdan suv to‘la paqirni boshi uzra ko‘tardi va orqaga egilgancha egniga to‘kib-sochib icha boshladi.
- Endi o‘lsang ham bo‘laveradi, - dedi u boshini paqirdan ko‘tarib, yana paqirga tiqarkan. Bola cholning g‘o‘ldirab gapirayotganini eshitdi:
- Rahmat, o‘g‘lim, rahmat. Endi o‘lsam ham armonim yo‘q. Men uchun shunchalik izzat-hurmat... - Men uyga ketaman, - dedi o‘zini uncha yaxshi sezmayotgan bola.
Bekey xola ko‘nmadi.
- Bir o‘zing nima qilasan u yerda. - Bolani holi-joniga qo‘ymasdan uyiga olib ketdi va
burchakdagi karavotga yotqizdi.
O‘razqulning uyida dasturxon muntazir edi. Har xil taomlar muhayyo edi. Bularning hammasi
bilan kampir va Guljamol band edi. Uy bilan hovlidagi o‘choq orasida Bekey xola qatnagani-qatnagan. O‘razqul bilan barzangi Ko‘katoy go‘shtni kutib, gulli ko‘rpachada yostiqqa yonboshlagancha choydan mayda-mayda ichishib o‘tirishardi. Ular to‘satdan o‘zlariga bino qo‘yib, o‘zlarini to‘ra his etishardi. Seydahmad ularga piyolaning tagida choy quyib o‘tirardi.
Bola bo‘lsa bir burchakda ipsiz bog‘langanday, betoblik zarbiga bardosh berib jimgina yotardi. Uni yana qaltiroq bosdi. U turib ketishni istardi. Biroq karavotdan tushishi bilanoq qayt qilib yuborishdan qo‘rqardi, shuning uchun ham u titrab-qaqshagancha tishini-tishiga qo‘yib, qimir etmay yotardi. Ortiqcha qimirlashdan qo‘rqardi.
Shu orada xotinlar Seydahmadni hovlidan chaqirishdi. Katta sirlangan tovoqda tog‘ singari uyulib, bug‘lanib turgan go‘shtni ko‘targancha Seydahmad paydo bo‘ldi. U uzoq kutilgan bu taomni zo‘rg‘a ko‘tarib kelib, O‘razqul bilan Ko‘katoyning oldiga qo‘ydi. Xo-tinlar uning orqasidan yana turli xil ovqatlarni keltirishdi.
Hamma joy-joyiga o‘tirdi, pichoq va tarelkalar tayyorlandi. Shu orada Seydahmad stakanlarga aroq quydi.
- Aroqning raisi men bo‘laman, - deya shaqillay boshladi u burchakdagi shishalarga ishora qilib.
Hammadan keyin Mo‘min bobo keldi. Chol bugun har qachongidan ko‘ra g‘alati va ayanchli qiyofada ko‘rinardi. U biror chetroq joyga borib omonatgina o‘tirmoqchi edi, lekin qora, barvasta Ko‘katoy himmat qilib uni o‘z yoniga taklif qildi.
- Bu yoqqa keling, oqsoqol.
- Rahmat. Biz mana bu yerga, o‘zimizniki-ku axir, - e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi Mo‘min bobo.
- Harqalay siz oqsoqolimizsiz, - qattiq turib oldi Ko‘katoy va o‘zi bilan Seydahmadning o‘rtasiga
o‘tqazdi. - Qani, ichamiz, oqsoqol, sizning shunday muvaffaqiyatlaringiz uchun. Birinchi so‘z sizga. Mo‘min bobo yo‘talib qo‘ydi.
- Mana shu uylarda tinchlik bo‘lsin, - dedi u qiynalib. - Qaerda tinchlik bo‘lsa, baxt ham o‘sha
yer-da, bolalarim.
- To‘g‘ri, to‘g‘ri! - deb hamma o‘z qadahini ko‘tardi.
- A, siz-chi! Yo‘q, bunaqasi ketmaydi! Kuyovingiz va qizingizga baxt tilasangizu, yana o‘zingiz
ichmasangiz, - deb Ko‘katoy xijolat tortib o‘tirgan Mo‘min bobodan o‘pkaladi.
- Shularning baxti uchun bo‘ladigan bo‘lsa, - chol shoshib qoldi va hammani hayratda qoldirgancha salkam to‘la stakanni oxirigacha ko‘tarib yubordi va garang bo‘lib qolganday boshini
chayqay boshladi.
- Obbo, shovvoz-ey!
- Bizning bobo unaqalardan emas.
- Qoyil, qoyilmiz cholingizga!
Hamma shodlanib kulardi, cholni maqtardi.
64