S a k k i z i n ch i b o b
paypaslab topib chiroqni ildi va yoqdi. Qo‘ylar burilib qaradi-da, bir burchakka borib qisildi.
- Buni ushla, meni yoritib turasan, - dedi chol bolaga chiroqni tutqazarkan. - Qora to‘qlini
so‘yamiz. Uy to‘la mehmon. Ular turguncha go‘sht tayyor bo‘lishi kerak.
Bola bobosiga chiroqni tutib turdi. Shamol hali ham tirqishlardan hushtak chalar, havo sovuq, tund
edi. Chol avvalo eshik oldiga bir quchoq toza pichan olib kelib tashladi. Bu joyga qora to‘qlini yetaklab keldi va uni yiqitib, oyoqlarini bog‘lashdan oldin cho‘qqayib o‘tirgancha xayol surib qoldi.
- Chiroqni qo‘y. Sen ham o‘tir, - dedi bolaga u. O‘zi bo‘lsa kaftlarini ochib shivirlay boshladi: - O, avlodning katta onasi, Shoxdor ona bug‘u, qora qo‘yni sen uchun qurbonlikka, senga so‘yayotirman. Xatarli damlarda bolalarimizning omon bo‘lishi, avlodimizni oq sut berib boqqaning, saxiy qalbing, onalik mehring uchun bu. Bizni dovonlarda, toshqin daryolar-da, toyg‘oq so‘qmoqlarda yolg‘iz qo‘yma. Bizni o‘z yerimizda hech vaqt tashlab ketma, biz sening farzandlaringmiz. Omin!
U fotiha o‘qib, qo‘lini yuziga tortdi. Bola ham xuddi shunday qildi. So‘ng bobo to‘qlini yerga ag‘darib, uning oyoqlarini bog‘ladi va o‘zining qadimgi osiyocha pichog‘ini qinidan chiqardi. Bola esa uni chiroq bilan yoritib turardi.
Nihoyat havo tinchidi. Quyosh chok-chokidan sitilib suzib borayotgan bulutlar orasidan bir-ikki marta cho‘chigandek nigoh tashladi. Tevarak-atrofda bo‘ronli tundan qolgan qing‘ir-qiyshiq qor uyumlari, yanchilgan butalar, qor bosib yoy shakliga kelgan yosh daraxtchalar, qulab yotgan eski daraxtlar. Daryo ortidagi o‘rmon sukut saqlab, jimgina, ma’yuslanib turardi.
Daryoning o‘zi ham pasayib ketganday sohillari qor bilan ko‘pchib, unchalik shovqin solmay g‘amgin oqardi.
Quyosh ham beqaror bo‘lib qolgan edi - goh ko‘rinadi, goh yashirinadi. Biroq hech nima bolani qayg‘uga solib tashvishlantirmasdi. O‘tgan tundagi tashvishlar unutilgan edi. Bo‘ron ham esdan chiqarilgan edi, qor bo‘lsa unga xalal bermas, hatto zavqli edi. U yoqdan bu yoqqa yugurib yurdi, oyoq ostidan qor parchalari otilib chiqardi. Bola shuning uchun ham xursand ediki, uyi to‘la odam edi. Shuning uchun ham quvnoq ediki, yigitlar uyqudan turib, baland ovoz bilan gapirishar, hazillashib kulishardi. U yana shundan xursand ediki, o‘zlari uchun pishirilgan qo‘y go‘shtini ishtaha bilan yeyishardi.
Bu orada quyosh ham olislarga musaffo nur tarqata boshlagandi. Bulutlar asta-sekin tarqalib, havo ham iliy boshladi. Bemahal yoqqan qor, ayniqsa, yo‘l va so‘qmoqlardagisi tezda erib keta boshladi.
To‘g‘ri, shofyorlar va yuk tashuvchilar ketish uchun hozirlik ko‘rayotganlarida bola bir oz hayajonlandi. Hammalari hovliga chiqishdi, mezbonlar bilan xayrlasharkanlar, uy-joy va non-tuz uchun minnatdorchilik bildirishdi. Ularni Mo‘min bobo bilan Seydahmad otda kuzatib qo‘yishdi. Muzlab qolgan motorlarni isitish uchun chol otga bir bog‘lam o‘tin, Seydahmad esa katta bakda suv ortib olgandi.
Hammalari hovlidan chiqa boshlashdi.
- Ota, men ham boraman, meni ham olib keting, - deya bola bobosi yoniga chopqillab bordi.
- Ko‘ryapsan-ku, men o‘tin ortib olganman, Seydahmad bo‘lsa bak ortib olgan. Qaysi birimiz
olamiz seni. Nima bor senga u yerda? Qorda yurib charchaysan.
Bola xafa bo‘ldi. Qovog‘i osildi. Shunda Qulibek unga:
- Yur, biz bilan, - dedi va bolani qo‘lidan ushlab, oldi, - qaytishda bobong bilan birga kelasan. Ular Archadaradan qiyalab o‘tishadigan yo‘l tomon ketdilar. Hali xiylagina qor bor edi. Bu
baquvvat yigitlar bilan birgama-birga qadam tashlab borish oson emasdi. Bola toliqa boshladi.
- Qani, yelkamga o‘tir-chi, - taklif qildi Quli-bek.
U bolani qo‘lida azot ko‘tarib, epchillik bilan yelkasiga mindirib oldi va uni xuddi har kuni ko‘tarib
odatlangandek yurib ketdi.
- Juda evini keltiribsan-ku, Qulibek, - dedi u bilan yonma-yon borayotgan shofyor.
- Umrim uka va singillarimni ko‘tarib o‘tgan, - maqtanib qo‘ydi Qulibek. - To‘ng‘ichi edim-da.
Biz oilada olti kishi bo‘lib, onam ham, otam ham dalada bo‘lishardi. Endi bo‘lsa singlim bolalik bo‘ldi.
51
Armiyadan qaytdim, uylanmagan edim, ishga ham hali joylashganimcha yo‘q edi. Singlim biznikiga kel, sen bolaga yaxshi qaraysan, deydi. Qo‘ysang-chi, deyman, bo‘ldi, endi o‘zimnikini ko‘tarib yuraman...
Ular shu zaylda turli-tuman narsalar to‘g‘risida gapirishib borishdi. Bola Qulibekning baquvvat yelkasida rohat qilib xotirjamgina borardi.
«Mening ham shunday akam bo‘lsaydi, - orzu qilardi bola, - hech kimdan qo‘rqmasdim. O‘razqul Qulibekning oldida bobomga baqirib yoki qo‘l tekkizib ko‘rsin-chi. U O‘razqulni darhol tinchitib qo‘ygan bo‘lardi».
Pichan ortilgan mashinalar yo‘l ayrilishidan ikki kilometr yuqorida turardi. Qor bilan qoplangan bu mashinalar daladagi qishki g‘aramlarga o‘xshab ko‘rinardi. Aftidan, ularni hech kim, hech qaerga qo‘zg‘ata olmaydigandek.
Mana, gulxanni ham yoqishdi. Suvni isitishdi. Motorni o‘t oldiruvchi ruchka bilan aylantira boshladilar, motorga jon kirdi, aksirib ishlab ketdi. Shundan keyin ish tezlashib ketdi. Navbatdagi har bir mashina shatakka olib yurg‘izildi. O‘t olib qizdirilgan mashina kolonna ortidan borib tizila boshladi.
Qamma yuk mashinalari yurgizilgach, qo‘shaloq shatakka olingancha kechasi xandaqqa tushib ketgan mashinani tortib chiqarishdi. Bor odamlarning hammasi uni yo‘lga chiqarib olish uchun ko‘maklashdi. Bola ham yordamlashdi. U kimnidir: «Sen nega oyoq ostida ivirsib yuribsan, qani qochib qolchi, bu yerdan», deyishini kutib, xavfsirab turdi. Lekin hech kim bunday demadi, uni hech kim quvlamadi. Balki Qulibek unga yordam berishga ruxsat etgani uchun shunday bo‘lgandir. U bu yerda hammadan kuchlisi, uni hamma hurmat qiladi.
Shofyorlar yana bir bor xayrlashishdi. Mashinalar qo‘zg‘aldi. Dastlab asta-sekinlik bilan, keyin tezlashib ketdi. Qorga burkangan tog‘lar orasidagi yo‘ldan ular karvon bo‘lib, tizilishib borardi. Shoxdor ona bug‘u farzandlarining farzandlari ketishdi. Ular oldilarida, yo‘lda ko‘rinmasdan Shoxdor ona bug‘u chopib borayotganini bilishmasdi. Bolaning tasavvurida xuddi shunday edi. U shiddat bilan uzun-uzun sakrab, kolonnani olg‘a boshlab borardi. Ularni og‘ir yo‘ldan falokat va baxtsizliklardan qo‘riqlardi. X,ar qanday qulashlardan, har qanday ko‘chmalardan, bo‘ron-u tumanlardan va qirg‘iz xalqi o‘zining ko‘chmanchilik hayotida uzoq asrlar mobaynida boshidan kechirib kelgan har qanday boshqa falokatlardan qo‘riqlardi. Mo‘min bobo erta tongda qora to‘qlini olib kelib unga qurbon qilganida Shoxdor ona bug‘udan shularni so‘ramaganmidi, axir?
Ketishdi. Bola ham xayolan ular bilan birga ketdi. U kabinada Qulibek bilan yonma-yon o‘tirib borardi. «Qulibek aka, - dedi bola, - oldinda Shoxdor ona bug‘u yugurib boryapti». - «Yo‘g‘-e?» «Rostim. Ana u!»
- Nimani o‘ylab qodding, nega serrayib turibsan? - Mo‘min bobo uni o‘ziga kelishga majbur et-di. - Mingash, uyga ketish kerak. - U otdan engashib, bolaga cho‘zildi va uni egarga ko‘tarib oldi. - Sovqotdingmi? - dedi chol va po‘stini bilan nabirasini yaxshiroq o‘rab qo‘ydi.
Bola o‘sha kezlarda maktabga qatnamasdi.
Endi esa og‘ir uyqudan asta-sekin uyg‘onib, tashvish tortib o‘ylardi: «Ertaga maktabga qanday boraman? Axir mening tobim qochdi-ku, mazam yo‘q...» Keyin u unutdi. Go‘yo unga muallima doskaga yozgan: «Ot. Ota. Taqa» so‘zlarini o‘z daftariga ko‘chirib yozganday tuyuldi. «Ot. Ota. Taqa. Ot. Ota. Taqa». Birinchi sinf o‘quvchisi shu so‘zlarni yozib butun bir daftarni to‘ldirdi. U nihoyat charchadi, ko‘zlari jimirlashib, juda ham isib ketdi. Ustini ochib tashladi va usti ochiq hodda yotib sovqotdi, yana ko‘z o‘ngida turli narsalar namoyon bo‘ldi. Goh u baliq bo‘lib muzdek suvda suzardi. Oq kema sari borardi. Lekin unga hech yetolmasdi. Goho qor bo‘roniga duch kelardi. Tog‘ yo‘lining tikka tepaligiga kelib pichan ortgan avtomashinalar izg‘irinli qor quyunida taqqa to‘xtab qolardi. Mashinalar xuddi odam ingragani singari ingrashardi. Lekin ular joyidan qo‘zg‘alishmasdi. Parraklar haddan tashqari tezlik bilan aylanaverganidan laxcha cho‘g‘dek bo‘lib ketgan edi. Shoxdor ona bug‘u shoxlarini kuzovga tirab, pichan ortilgan mashinalarni yuqoriga g‘ildiratib chiqarardi. Bola butun
52
kuch-quvvati bilan unga yordamlashardi. Issiq terga botib ketdi. Bir payt beda g‘arami bolalar beshigiga aylanib qoldi. Shoxdor ona bug‘u bolaga: «Tezroq yuguraylik, beshikni Bekey xola bilan O‘razqul amakiga eltib beraylik», - derdi. Ular yugura boshladilar. Bola orqada qolib ketdi. Biroq oldinda - qorong‘ilikda beshik qo‘ng‘iroqchasi tinimsiz jaranglardi. Bola uning ohanrabo jarangi sari chopib borardi.
U ayvonda oyoq sharpasi eshitilib, eshik ochilganda uyg‘ondi. Mo‘min bobo va kampir bir oz tinchlangandek bo‘lib qaytib kirishdi. Chet kishilarning qorovulxonaga kelishi, aftidan, O‘razqul bilan Bekey xolaning tinchlanishiga majbur etdi. Balki O‘razqul mast-alastlikdan charchab oxiri uxlab qolgandir. Hovlida shovqin-suron, so‘kish ovozlari eshitilmasdi.
Yarim tunga borib tog‘ tepasida oy ko‘rindi. U eng baland muzli cho‘qqilar tepasida xiragina gardish yasab muallaq turardi. Abadiy muzliklar bilan qoplangan tog‘ tun qorong‘isida notekis qirralari bilan g‘amgin yuksalib turardi. Atrofida esa pastki tog‘ tizmalari, qoyalar, qop-qora va jimjit o‘rmonzor osoyishtalik saqlab turardi. Eng quyida esa toshdan-toshga urilib, shovullagancha daryo oqardi.
Derazadan oyning nursiz shu’lasi qiya tushib turardi. U bolaga xalal berayotgandi. Bola ag‘darilib, ko‘zini qisib oddi. Buvisidan pardani tushirib qo‘yishni so‘ramoqchi bo‘ddi. Lekin aytgisi kelmadi: buvisining bobosidan jahli chiqib turgan edi.
- Ahmoq, - pichirladi u to‘shakka kirarkan. - Odamlar bilan yashashni bilmaganingdan so‘ng jim tursang bo‘lmaydimi. Boshqalarni tinglasang bo‘lardi. Sen uning qo‘lidasan-ku. Mayda pul bo‘lsa hamki, maosh o‘shandan oqib kelib turibdi-ku! Yana har bir oy-da. Moyanasiz - sen kimsan? Qarib quyilmagan chol...
Chol javob bermadi. Buvi jim bo‘lib qoldi. Keyin kutilmaganda baland ovozda dedi:
- Agar kishini oylikdan mahrum qilishsa, u odam emas, hech kim emas.
Chol yana hech nima demadi.
Bola esa uxlay olmasdi. Boshi og‘rir, o‘ylari chalkashib ketgandi. Maktab haqida o‘ylab
tashvishlanardi. U hali biron kun ham o‘qishni qoldirmagan edi, endi ertaga maktabiga - Jilisoyga borolmasa qanday bo‘lishini tasavvur qila olmasdi. Bola, bordi-yu, O‘razqul ishdan bobosini haydab yuborsa, u holda buvisi tinchlik bermasligi haqida o‘ylardi. Unda ularning ahvoli nima kechadi?
Odamlar nega shunday yashashadi? Nega birovlar qahr-g‘azabli, birovlar mo‘min-muloyim! Nega baxtli va baxtsizlar bor? Nega shundaylar borki, ulardan hamma cho‘chiydi, yana shundaylar borki, ulardan hech kim hayiqmaydi. Nega birovlarning bola-chaqasi bor, birovlarda yo‘q? Nega ayrim kishilar boshqalarga maosh bermaslikka haddi sig‘adi? Ehtimol, eng katta moyana oluvchilar eng yaxshi kishilardir. Mana, bobosi oz oladi, shuning uchun uni hamma ranjitadi. E, boboga ham ko‘proq moyana berishlari uchun nima qilish kerak ekan-a? Balki o‘shanda O‘razqul cholni hurmat qila boshlarmidi.
Bu o‘y-xayollardan bolaning boshi battar sirqirab og‘ridi. U yana kechga yaqin daryo sohilida ko‘rgan bug‘ularni esladi. Tunda ularning holi ne kechdiykin? Ular nuqul sovuqda, tog‘-toshlarda, qop-qorong‘i o‘rmonlarda yashaydi. Bu nihoyatda qo‘rqinchli-ku. Bo‘rilar hujum qilib qolsa nima bo‘ladi? Bekey xolaga sehrli beshikni shoxida kim olib keladi keyin?
U tashvish aralash uyquga ketdi va uxlayotib Shoxdor ona bug‘udan O‘razqul va Bekey xolaga qayindan yasalgan beshik olib kelishni yolvorib so‘radi: «Ular ham farzand ko‘rishsin, ular ham farzand ko‘rishsin», deb iltijo qildi. U uzokdan beshik qo‘ng‘iroqchasining ovozini eshitdi. Shoxdor ona bug‘u shoxida sehrli beshikni ko‘tarib olgancha shoshib kelardi...
YeTTINCHI BOB
Saharda bola qo‘l sharpasidan uyg‘ondi. Bobosining qo‘llari sovuq, daladan kelgandi. Bola beixtiyor junjikdi.
53
- Yot, yotaver. - Bobo kuflab qo‘llarini isitdi, uning peshanasini siladi, keyin kaftini uning ko‘kragiga, qorniga qo‘ydi. - Tobing qochgan shekilli, - achindi bobo. - Issig‘ing bor. Men shunchaki yotibsan deb o‘ylabman. Maktab vaqti ham bo‘ldi.
- Men hozir, hozir turaman, - bola boshini ko‘tardi, shu payt hamma narsa ko‘z o‘ngida gir aylanib ketdi va quloqlari g‘uvulladi.
- Turishni xayolingga ham keltirma. - Bobo bolani yotqizdi. - Sen kasalni maktabga kim olib boradi? Qani, tilingni ko‘rsat-chi.
Bola o‘zinikini ma’qullashga urinib ko‘rdi:
- Muallima urishadi. Darsni qoldirganni juda yomon ko‘radi u...
- Urishmaydi. Men o‘zim aytaman. Qani bo‘l, tilingni ko‘rsat.
Bobo diqqat bilan bolaning tili va tomog‘ini ko‘rdi. Tomir urishini uzoq kuzatdi: bobosining qora
mehnatda qotib ketgan qattiq qo‘llari bolaning issiq, terga botgan qo‘llaridan tomir urishini arang tutib oldi. Chol nimagadir ishonch hosil qildi-da, tinchlantirgan ohangda dedi:
- Xudo mehribon. Ozgina shamollabsan, xolos. Sovuq o‘tgan. Bugun to‘shakda yotib tur, uyqungdan oldin men sening tovoning bilan ko‘kragingga issiq dumba yog‘i surtib qo‘yaman. Terlaysan, xudo xohlasa ertalabgacha otdek bo‘lib ketasan.
Kechagi voqealarni va yana o‘zini nimalar kutayotganini eslab, cholni g‘am bosdi, nabirasining to‘shagida o‘tirib xo‘rsindi va o‘ylab qoldi.
- Xudo podsho, - shivirladi xo‘rsinib turib. - Qachon tegdi senga bu kasal? Nega aytmay yurding? Kechqurun chog‘i?
- Kechga yaqin. Daryoning sohilida bug‘u ko‘rganim-da. Men siz tomonga chopdim. Shundan keyin sovqotib ketdim.
Chol nima uchundir aybdor ohangda dedi;
- Ha, mayli... Sen yot, men esa boray. U o‘rnidan turdi, lekin bola uni to‘xtatib:
- Bobo, o‘sha Shoxdor ona bug‘uning o‘zi-a? Xuddi sutday oppoq, ko‘zlari mana bunday, xuddi
odamga o‘xshab qaraydi...
- Tentakkina, - jilmaydi Mo‘min chol. - Ha, sen aytgandek bo‘la qolsin. Balki u o‘sha karomatli
ona bug‘udir, - dedi u past ovoz bilan, - kim bilsin? Men o‘ylaymanki...
Chol gapini tugata olmadi. Eshik oldida kampir paydo bo‘ldi. U hovlidan shoshilib kirdi, nimanidir
payqagan edi.
- Huv anuv yoqqa bor, chol, - ostonadan turib ga-pirdi kampir. Mo‘min bobo shu zahoti birdan
qalbi cho‘kib, biron yeri lat yegandek, achinarli bir holga tushib qoldi.
- U yoqda odamlar yog‘ochni daryodan mashina bilan chiqarmoqchi bo‘lishyapti, - dedi kampir. -
Sen albatta bor, nima buyurishsa qil... Voh, esim qursin, sut hali pishirilgani yo‘q-ku, - kampir xatosini payqadi-da, plitaga o‘t yoqib, idish-tovoqni taraqlatishga tutindi.
Cholning qovog‘i osildi. Unga qandaydir e’tiroz bildirgisi, nimanidir aytgisi kelardi. Lekin kampir og‘iz ochirgani qo‘ymadi.
- Nimaga endi turib qolding? - g‘azabga mindi kampir. - Nimaga o‘jarlik qilyapsan? Sen bilan menga kim qo‘yibdi o‘jarlikni, boshimga bitgan balo bo‘lding-ku. Ularga qarshi turishga qanday holing bor? Ana O‘razqulning oldiga qanaqa odamlar kelishdi. Mashinalariyam antiqa. Ortsanglar bo‘ldi, o‘nta yog‘ochni tog‘ma-tog‘ olib keta oladi. O‘razqul esa bizga qiyo boqmay qo‘ydi. Men uni ko‘ndirish uchun qanchalik harakat qilmadim, qanchalik o‘zimni yerga urmadim. Qizingni ostonaga yo‘latmadi. Pushtsiz qizing Seydahmadnikida o‘tiribdi. Ko‘zlari shishib ketgan. U ham seni miyasi achigan chol deb qarg‘ayapti...
- Yetar endi, - chol chiday olmadi va eshikka yo‘l olarkan, dedi: - qaynoq sut ber, bolagina kasal bo‘lib qolibdi.
- Beraman, qaynoq sut beraman, bor, bora qol, xudo xayringni bersin. - U cholni kuzatgandan keyin ham hamon javrardi: - Nimaga bunday qiliq chiqarib qoldi? Hech qachon, hech kimga
54
gap qaytarmas-di, mo‘min-qobil, xokisor edi, mana endi bo‘lsa... Tag‘in O‘razqulning otiga minibdi- ya, yana chopganiga kuyaymi. Buning hammasi sening kasringga, - u bola tomonga o‘qrayib qaradi. - Kim uchun baloga giriftor bo‘lyapti o‘zi...
Keyin bolaga u jizg‘irilgan yog‘ bilan qaynoq sut olib keldi. Sut bolaning labini kuydirdi. Kampir esa uni zo‘rlar, majbur qilardi:
- Ich, issiqroq ich, qo‘rqma. Shamollashni faqat issiq bilan haydaysan.
Bola kuyib borar, ko‘zlariga yosh qalqib chiqqandi. Kampir ham birdan shafqatliroq bo‘lib qoldi:
- Xo‘p, sovut, ozroq sovutgin... Menga endi shu yetmay turgan edi, kasalingni shunday paytga
to‘g‘ri kelganini qara! - xo‘rsindi u.
Bolaning qachondan beri siygisi qistardi. U o‘rnidan turib butun badanida allaqanday g‘ayritabiiy,
shirin horg‘inlik sezdi. Biroq kampir buni payqagan edi:
- Nima, yozilmoqchimisan?
- Ha, - tan oldi bola.
- To‘xtab tur, hozir. Kampir uyga tog‘ora olib keldi.
Bola o‘ng‘aysizlanib teskari o‘girilib jomga choptir-di, siydigining bunday sariq va qaynoqligiga
ajablanardi.
Endi u o‘zini ancha yaxshi his qildi. Boshining og‘rig‘i ham kamaydi. Bola to‘shakda tinchgina
yotar, buvisining xizmatidan minnatdor bo‘lib turib, xayoldan o‘tkazdi: ertaga ertalab sog‘ayib, albatta maktabga borishi kerak. U yana maktabida yaqinda o‘zlarining o‘rmonida paydo bo‘lgan uch bug‘u haqida qanday qilib hikoya qilib berishigacha o‘ylab qo‘ydi, ya’ni bug‘ularning oq urg‘ochisi - bu o‘sha Shoxdor ona bug‘u, uning kattagina va baquvvat bolasi ham bor, ular bilan ulkan shoxli bahaybat qo‘ng‘ir bug‘u ham birga, u juda kuchli bo‘lib, Shoxdor ona bug‘u va uning bolalarini bo‘rilardan qo‘riqlaydi. U yana shular bilan birga, agar bug‘ular shu yerda qolib, hech qayoqqa ketib qolmasa, unda Shoxdor ona bug‘u tezda O‘razqul amaki bilan Bekey xolaga sehrli beshik keltirib berishini ham hikoya qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ygan edi.
***
Bug‘ular esa ertalab suv ichgani tushdi. Qisqa kuz quyoshi tog‘ tizmalarining yarmiga ko‘tarilganda ular yuqoridagi o‘rmondan chiqib keldi. Quyosh ko‘tarilgan sari, pastda tog‘lar orasi shuncha yorug‘ va iliq bo‘lib borardi. Tungi g‘avg‘odan so‘ng o‘rmon jonlangan, nur va bo‘yoqlar jilva qilar edi.
Bug‘ular daraxtlar orasidan o‘tib, oftobro‘y yalangliklarda isinib, shabnamli barglarni butog‘i bilan chimdib shoshmay kelardi. Ular o‘sha tartibda: - oldinda erkak bug‘u, o‘rtada bug‘ucha va oxirida - ikki biqini do‘ppaygan Shoxdor ona bug‘u. Bug‘ular kecha O‘razqul Mo‘min bobo bilan la’nati qarag‘ay yog‘ochni daryoga olib tushgan o‘sha so‘qmoqdan kelishardi. Sudrash natijasida chimzor yuzasida qoldirgan bir tekisdagi taram-taram izlar tog‘li qora tuprokda hali ham boyagi-boyagidek turardi. Bu so‘qmoq kechuvga, yog‘och tashlab ketilgan joyga olib borardi.
Bug‘ular bu yer suv ichishga o‘ng‘ay bo‘lgani uchun shu joyga yo‘l soldi. O‘razqul, Seydahmad va yog‘ochga kelgan ikki kishi tros bilan daryodan yog‘ochni sudrab chiqish uchun mashinani qulayroq joyga haydab kelishni ko‘zdan kechirish uchun shu tomonga kelishardi. Mo‘min bobo boshini quyi solib, imirsilab orqaroqda kelardi. U kechagi janjaldan so‘ng nima bo‘lishini, o‘zini qanday tutishini, nima qilishini bilmasdi. O‘razqul uni ishga qo‘yadimi? Kechagidek haydab solmasmikin? Agar: «Senga nima bor bu yerda? Aytdim-ku, sen ishdan bo‘shatilgansan!» desa-chi. Odamlar oldida so‘kib, uyga jo‘natib yuborsa-chi? Shubhalar cholni iztirobga solar, u azobda, arang jon hovuchlab borardi. Orqadan kampir kuzatib kelardi. U go‘yo shunchaki qiziqsinayotgandek edi. Biroq aslida u cholga soqchilik qilib borardi. Mo‘min chaqqonni O‘razqul bilan yarashtirishga, O‘razqulning kechirishiga muyassar bo‘lishi kerak edi.
55
O‘razqul xo‘jayinchasiga gerdayib odimlardi. Hansirab, pishillab atrofga o‘qrayib nazar tashlardi. Ko‘p ichganidan boshi zirqirab og‘rib tursa ham, u o‘zi-da qasoskorona qoniqish sezardi. U qayrilib qaraganida Mo‘min boboning g‘izillab kelayotganini ko‘rdi, xuddi egasidan kaltak yegan sadoqatli itning o‘zgina-si. «Hechqisi yo‘q, hali mening sovunimga kir yuvmabsan. Endi senga qiyo ham boqmayman. Sen men uchun yo‘qsan. Sen hali o‘zing oyog‘imga bosh urib kelasan, - ichi qoralik bilan quvondi O‘razqul o‘tgan kecha xotinini tepib ostonadan haydab chiqarganida xotini oyog‘i ostida qanday dahshatli ovoz bilan chinqirganini eslarkan. - Mayli. Mana bularni yog‘och bilan jo‘natay, men hali ularning kunini ko‘rsataman, mayli, menga desa bir-biri bilan g‘ajishib o‘lishsin. Endi qizi otasining ko‘zini o‘yadi. Vahshiylashib ketgan naq bo‘ri-ya», - O‘razqul kelgan kishi bilan oraliq masofada gaplasha bora turib, yo‘l-yo‘lakay shularni xayoldan o‘tkazdi.
Bu odamni Ko‘katoy deb atashardi. U qop-qora, baquvvat kishi bo‘lib, ko‘l bo‘yidan edi, kolxozda hisobchilik qilardi. O‘razqulning eski qadrdoni edi. Bundan o‘n ikki yil avval Ko‘katoy o‘ziga uy qurgandi. O‘razqul yog‘ochdan yordam qildi. Taxta tildirishi uchun yo‘g‘on yog‘ochlarni arzonga sotdi. Keyin bu odam katta o‘g‘lini uylantirdi, yoshlarga ham uy qurdi. Yana O‘razqul uni yog‘och bilan ta’minladi. Endi Ko‘katoy kichik o‘g‘lini ayirgandi va yana qurilish uchun yog‘ochga muhtoj bo‘lib qoldi. Yana eski oshna - O‘razqul kuniga yaradi. Hayot qanchalik og‘ir-a. Birini qilasan - shu bilan, ha, endi tinch yashayman deb o‘ylaysan. Hayot esa yana nimanidir o‘ylab chiqaradi. Shuning uchun ham O‘razqulga o‘xshagan odamlarsiz qo‘ling hech qayoqqa yetmaydi.
- Xudo xohlasa, tezda uy to‘yiga taklif qilamiz. Boring, xursandchilik qilamiz, - dedi Ko‘katoy O‘razqulga.
U o‘z-o‘zidan mag‘rurlanib, pishillagancha, papirosni burqsitardi.
- Rahmat. Aytilgan joydan qolmaymiz, aytmagan joyga bormaymiz. Chaqirsang, boraman-da. Senikida birinchi mehmon bo‘lishim emas. Men hozir sen kech bo‘lishini kutsang qalay bo‘larkin, deb o‘ylayapman, qorong‘ida jo‘nasang deyman-da! Eng muhimi, sovxoz ichidan bilintirmay o‘tib ketish. Agar sezib qolishsa, ish chatoq...
- Bu-ku to‘g‘ri-ya, - ikkilandi Ko‘katoy. - Biroq kechgacha ancha kutish kerak-da. Sekin ketaveramiz. Yo‘l yoqasida postlar yo‘q-ku, bizni tekshirib ko‘rsa?..
Favqulodda, militsiyaga duch kelib qolinsa yoki yana boshqa birortasiga...
- Ha-ha, bunisi ham bor, - to‘ng‘illadi O‘razqul, jig‘ildon qaynashidan va bosh og‘rig‘idan aftini bujmaytirib. - Yuz yil ish bilan qatnaysan, yo‘lda bitta ham itga duch kelmaysan, agar yuz yilda bir marta yog‘och ortib o‘tsang bas, qo‘lga tushasan. Hamisha shunday bo‘ladi...
Har kim o‘zicha o‘ylab, jim qoldi. Kecha yog‘ochni daryoga tashlab ketishga to‘g‘ri kelgani O‘razqulga qattiq alam qildi. Agar yog‘och tayyor bo‘lganidami, tundayoq ortib bo‘lishardi-da, tong saharda mashinani jo‘natib yuborardi... Eh, kecha falokatni sotib oldi-ya. Buning hammasi qari jinni Mo‘minning kasriga bo‘ldi, g‘alayon ko‘tarmoqqa qaror qildi. Qaramlikdan, bo‘ysunishdan qutulmoqchi bo‘ldi. Xo‘p, ko‘ramiz! Hammasi ham mayli-ya, ammo bu niyatingga osonlikcha erisha olmaysan...
Odamlar daryoning qarama-qarshi qirg‘og‘iga kelishganda bug‘ular suv ichardi. G‘alati zot bu odamlar - hovliqma, g‘ala-g‘ovurli. O‘z ishlari va suhbatlari bilan band bo‘lib, qarshilarida - daryoning narigi yog‘ida turgan jonivorlarni sezishmadi.
Bug‘ular daryo bo‘yidagi ertalabki shafaq rangli butalar orasida, top-toza mayda shag‘alli qirg‘oqda to‘piqqacha suvga botib turardi. Ular shoshmasdan, to‘xtab-to‘xtab qultum-qultum suv ichardi. Suv muzdek edi. Quyosh esa tepadan tobora yoqimli qizitardi. Tash-nalikni qondirib, bug‘ular oftobdan huzur qilardi. Yo‘lda shox-butoqlardan to‘kilgan quyuq shabnam yelkalarida qurirdi. Bug‘ular yelkasida yengil hovur ko‘tariladi. Osoyishta va saxiy edi shu kun ertasi.
Odamlar esa shunda ham bug‘ularni sezishmadi. Ulardan biri mashinaga qaytdi, boshqalari esa qirg‘oqda qolishdi. Bug‘ular quloqlarini qimirlatib, ahyon-ahyon ulargacha yetib kelgan ovozlarni hushyor tinglab turdi va qirg‘oqning u yuzida pritsepli avtomashina paydo bo‘lganida etlari junjikib,
56
qotib qolishdi. Mashina guvillab hayqirardi. Bug‘ular bezovtalanib ketishga chog‘landi. Lekin mashina birdan to‘xtab qoldi, guvullash ham bosildi. Jonivorlar sekinladi. Harholda ular sekin-sekin joylaridan qo‘zg‘alaverdi - odamlar narigi qirg‘oqda baqirishib gaplashishar va shoshilinch ravishda harakat qilishardi.
Bug‘ular mayda toshloqdagi so‘qmoqchadan sekingina jo‘nashdi, ularning yelkalari, shoxlari va harakatlari ham butalar orasidan ko‘rinib turardi. Odamlar shunda ham ularni payqashmadi. Faqatgina bug‘ular ochiq yalanglikdagi sel yuvib ketgan quruq qumni kesib o‘tayotganida, binafsha rang qum ustida, oftobning ravshan nurida, odamlar ularni ko‘rib turli holatda og‘iz ochgancha angrayib qolishdi.
- Qara, qara, nima u! - birinchi bo‘lib qichqirdi Seydahmad. - Bug‘ular! Qayoqdan kelib qoldi bu yerga?
- Nega qichqirasan, nega to‘polon ko‘tarasan? Qanaqasiga senga bug‘u bo‘ladi, kiyikku ular. Biz ularni kecha ham ko‘rgan edik, - beparvo gapirdi O‘razqul. - Qayoqdan keldi emish. Keldida, keladigan bo‘lib qoldi.
- Bay, bay, bay! - zavqlanib ketdi Ko‘katoy va zavqidan tomog‘ini bo‘g‘ib turgan ko‘ylak yoqasining tugmalariny bo‘shatdi. - Silliqligini qarang-a, - dedi u maftun bo‘lib, - semiribdi...
- Urg‘ochisini qarang, qanaqa! Qadam tashlashini ko‘ring, - dedi shofyor ko‘zlarini chaqchaytirib. - Voh xudo, ikki yoshli urg‘ochi bolasi. Birinchi marta ko‘rishim.
- Erkagi-chi! Shoxlarini ko‘r! Qanday ko‘tarib yurganikin? Ular hech nimadan qo‘rqishmaydi. Qayokdan kelib qoldi bular, O‘razqul? - To‘ng‘iz ko‘zlarini chaqnatib, nafs balosida surishtirishga tushdi Ko‘ka-toy.
- O‘rmondan chog‘i, - javob qildi O‘razqul viqor bilan, egalik obro‘sini his qilgan holda. - Dovonning orqasidan kelgan, narigi tomondan. Cho‘chimaydi. Chunki hurkitilmagan.
- Eh, miltiq bo‘lgandami hozir! - og‘ziga kelganini gapirdi Seydahmad. - O‘n pud go‘sht qilarmi- di, a?
Shu damgacha qo‘rqib-pisib bir chekkada turgan Mo‘minning sabri chidamadi:
- Nima deyapsan, Seydahmad. Ularni ovlash taqiqlangan, - dedi sekingina.
O‘razqul qosh-qovog‘ini uyib, cholga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi. «Mening oldimda ovozingni
chiqaryapsan-mi!» - nafrat bilan xayoldan o‘tkazdi u. Uni so‘kkisi va bir urib o‘ldirib qo‘ya qolgisi keldi, lekin o‘zini tiydi. Harholda begona odamlar bor.
- Befoyda o‘rgatishning keragy yo‘q, - jaxd bilan so‘z qotdi u Mo‘minga qaramay. - Ular yashaydigan joyda ovlash taqiqlangan. Bizda esa ular yashamaydi. Biz bo‘lsak ular uchun javob bermaymiz. Tushunarli-mi? - U o‘zini yo‘qotib qo‘ygan cholga vajohat bilan qaradi.
- Tushunarli, - itoatkorona javob qildi Mo‘min va bosh eggancha chetga chikdi. Kampir yana yashirincha uning qo‘liga turtdi.
- Jim bo‘lsang-chi, - ta’na bilan shivirladi u. Hamma qandaydir xijolatda qolganday yerga qarab turardi.
Yana so‘qmoq orqali jo‘nab ketayotgan jonivorlar orqasidan kuzatishga tushishdi. Bug‘ular qoyaga ketma-ket ko‘tarilib borardi. Oldinda qo‘ng‘ir erkak bug‘u o‘zining qudratli shoxlarini mag‘rur tutib borar, uning orqasidan shoxsiz bug‘ucha va bu namoyishga ergashib Shoxdor ona bug‘u borardi. Qirdan siljib tutpgan tuproqning tiniq qo‘ynida bug‘ular ravshan va latif ko‘zga tashlanardi. Ularning har bir harakati, har bir qadami yaqqol ko‘rinib turardi.
- Eh, qanday go‘zallik! - shodligini ichiga sig‘dira olmadi shofyor. Bu soqqako‘z yosh yigit ko‘rinishdan juda yosh edi. - Afsus, fotoapparatni olvolganimda zo‘r ish bo‘lardi-ya.
- Xo‘p, mayli, go‘zalligini qo‘ya tur, - uning so‘zini bo‘ldi norozilik bilan O‘razqul. - Hech narsaga arzimaydi. Go‘zallikka qorning to‘yarmidi. Qani, bo‘l, mashinani orqasi bilan qirg‘oqqa hayda, to‘g‘ri suvga, yoni bilan albatta. Sen esa Seydahmad, oyog‘ingni yech, - o‘z hukmidan ichida lazzatlanardi u. - Sen ham, - shofyorga buyruq qildi u. - Bo‘linglar, yog‘ochni trosga bog‘langlar. Qani ildamroq. Hali ish ko‘p.
57