turgan, o‘rmonlar esa avval kuzga, undan keyin qishga o‘tadi, buning hech qanday mashaqqatli joyi yo‘q. Zag‘chalar ham o‘z erkicha uchib yuradi. Istaganicha chag‘illaydi. Bug‘ular, agar ular haqiqatan ham bug‘ular bo‘lsa, dovonning narigi yog‘idan keladi-da, o‘rmonda daydib yuraveradi, qanday yuradi, qanaqa yuradi, o‘zining ishi. Shaharda odamlar asfalt ko‘chalarda beparvo qadam tashlashadi, taksilarda yurishadi, restoranlarda o‘tirishadi, vaqtichog‘lik qilishadi. Uning peshanasiga mana shu tog‘larda yurish bitilgan, u bebaxt... Hatto uning mana shu hech nimaga yaramaydigan qaynotasi Mo‘min chaqqon ham undan baxtliroq, chunki u ertakka ishonadi. Ovsar odam. Ovsarlar hamisha o‘z hayotidan mamnun.
O‘razqul o‘z hayotini ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Hayoti o‘zi istagancha emas. Bu hayot Mo‘min chaqqonga o‘xshaganlarga xos. Unga esa nima ham kerak? Umri mehnatda o‘tyapti, bir kun dam olish yo‘q. Umrida esa biron inson unga qaram bo‘lgan emas, u esa hammaga qaram bo‘lib kelgan, hatto o‘zining kampiriga ham - chol hatto unga bir so‘z qaytarmaydi. Shunday sho‘rpeshana erkak bilan ham baxtiyor bo‘laveradi. O‘rmonda bug‘ularni ko‘rib, xuddi yuz yil dunyoda izlagan aka-ukalarini uchratgandek, ko‘z yoshi qilib yuribdi-ya.
Eh, nimasini gapirasan...
Ular axiri so‘nggi manzilga chiqishdi, u yerdan uzun tik yo‘l daryoga tushib boradi. Tin olgani to‘xtashdi.
Daryoning narigi betida, qorovulxona yonidagi O‘razqulning uyi oldida qandaydir bug‘ ko‘tarilardi. Bug‘ga qarab samovar qaynab turganini bilsa bo‘lardi. Demak, uni xotini kutayotibdi. Lekin bundan O‘razqul yengil tortmadi. U og‘zi bilan entikib nafas olar, havo yetishmasdi. Ko‘kragi, boshi og‘rir, yuragi gupillab urardi. Peshanasidan ter quyilardi. Oldinda esa hali uzoq va tik nishab turibdi. Uyda esa pushtsiz xotin kutib o‘tiribdi, samovar qo‘yib o‘tirganlariga kuyaymi, ko‘nglimni topmoqchi... Birdan chopib borib, bu qorindor samovarni bir tepib, uchirib yuborgisi kelib ketdi. Keyin esa xotiniga tashlanib, o‘lguday ursa. U xayolan xotinining dod-faryodini eshitib, uning baxtsiz qismatini tasavvur qilib, huzur qildi.
«Yaxshi bo‘pti, - o‘ylardi u. - Ajab bo‘pti. Men qiynalganimda nega u rohat qilib o‘tirishi kerak?» Uning xayollarini Mo‘min bo‘ldi.
- Men esimdan chiqarayozibman, o‘g‘lim, - shosha-pisha xatosini tuzatmoqqa urinib
O‘razqulning oldiga keldi, - Men bolani olgani maktabga borishim kerak axir. Darslari tutadi-ku.
- Xo‘sh, nima bo‘pti? - atayin vazmin ohangda so‘z qotdi O‘razqul. - Nima qil deysan?
- Jahling chiqmasin, bolam. Yog‘ochni shu yerda qoldiramiz. O‘zimiz pastga tushamiz. Sen
uyingga borib ovqatlanasan. Men shu paytda otda chopib maktabga borib kelaman. Bolani olib qaytaman. Keyin kelib yog‘ochni olib ketamiz.
- Shuni o‘ylab topguncha ancha bosh qotirdingmig chol? - zaharxandalik bilan gap qotdi O‘razqul. - Bola axir yig‘laydi-da.
- Nima bo‘pti shunga? - qizishdi O‘razqul. Nihoyat cholni xumordan chiqquncha so‘kishga
bahona topildi. Kun bo‘yi O‘razqul janjalga bahona axtardi, mana endi Mo‘minning o‘zi unga bahona topib berdi. - U yig‘lar ekan deb biz ishimizni tashlab ketaylikmi? Ertalab, maktabga olib boraman, deb boshni qotirding. Olib bording, yaxshi. Endi maktabdan olib kelaman deysan. Men nima senga? Yo biz maynabozchilik o‘ynayapmizmi bu yerda?
- Keragi yo‘q, o‘g‘lim, - zorlandi Mo‘min. - Shunday kunda. Menga-ku mayliya, bola kutadi-da, shunday kunda yig‘laydi-da...
- Nima shunday kunda? Bu qanaqa xosiyatli kun o‘zi?
- Bug‘ular qaytdi. Nima keragi bor edi shunday kunda...
O‘razqul dovdirab, hatto hayratidan jim bo‘lib qoldi. U tikanli butalar orasida yumalab, qo‘rquvdan
yuragi yorilayozganda sakragan soyalari lip etib o‘tganday ko‘zga tashlangan bu bug‘ularni allaqachon unutgan edi. Yog‘och bilan pastga yumalaganda birgina daqiqada takdiri hal bo‘lib ketardi. Uning bug‘ularga qarashga ham, cholning vaysashiga quloq solishga ham holi kelmay qolgandi.
33


- Sen meni nima deb o‘ylayapsan? - dedi u sekin va jaxd bilan cholning yuziga pishqirib. - Afsus, soqoling yo‘q, bo‘lmasa boshqalarni o‘zingdan ko‘ra ahmoqroq deb o‘ynamasliging uchun yulib tashlardim. Sening bug‘ularingni boshimga uramanmi. Nimasiga yana men ularni o‘ylashim kerak ekan. Sen meni gap bilan chalg‘itma. Qani tur, yog‘ochni ushla. To daryodan olib o‘tmagunimizcha, biron nima haqida g‘ing dema. U yoqda kim maktabga boryapti, kim yig‘layapti - mening ishim yo‘q. Bas, endi ketdik...
Mo‘min har safargidek bo‘ysundi. U toki yog‘och joyiga bormaguncha O‘razqulning qo‘lidan qutulib ketolmasligini bilib, sukut saqlagancha jon-jahdi bilan ishlardi. Qalbi tug‘yon urib yotsa ham, u boshqa biron so‘z qotmadi. Nabirasi uni maktab oldida kutib turibdi; hamma bolalar uy-uyiga tarqab ketishgan, faqat yolg‘iz uning yetim nabirasigina yo‘l poylab, bobosini kutmoqda.
Chol barcha sinfning bolalari maktabdan qanday yer tepinib otilib chiqishini, qanday uy-uyiga chopqillab ketishini ko‘z oldiga keltirdi. Och qolishgan. Ular yo‘ldayoq o‘zlariga tayyorlangan ovqatning hidini sezishadi va quvonchga to‘lib, hayajonlanib uylarning derazasi ostidan chopib o‘tishadi, Onalari allaqachon kutib o‘tirishibdi. Har birining chehrasida odamni quvontiradigan tabassum. Ona o‘ziga og‘irmi, yengilmi, bolasi uchun tabassum qilishga har qachon o‘zida kuch topa oladi. Hatto ona: «Qo‘llaring-chi? Qo‘llaringni kim yuvadi?» - deb o‘shqirib turganda ham baribir uning ko‘zlarida o‘sha tabassum yashiringan bo‘ladi.
Mo‘minning nabirasi o‘qishga tutingan kundan beri qo‘li siyohdan arimay qoldi. Bu bobosiga hatto yoqib tushardi: demak, yigitcha ysh bilan mashg‘ul. Ana, hozir uning nabirasi siyohli qo‘llarida shu yil yozda sotib olingan portfelini ushlab yo‘lda turibdi. U, ehtimol, kutaverib charchagan va endi ko‘zini uzmay, otda yo‘rtib kelayotgan bobom do‘nglikda ko‘rinib qolmasmikan, deb bezovtalanib turgandir. Axir u hamisha o‘z vaqtida kelardi-ku. Bola har safar maktabdan chiqqanida bobosi sal narida uni toqatsizlik bilan kutib turardi. Hamma uy-uyiga tarqab ketar, u esa bobosi tomonga chopardi. «Ana bobom turibdi, chopdik!» derdi bola portfeliga. Chopib borayotib hayajonga to‘lgancha to‘xtab qolardi. Agar yon-verida hech kim bo‘lmasa, u bobosiga tashlanib, eski ust-boshlarining va yozgi quruq pichanning o‘zi ko‘nikib ketgan hididan nafas olib, yuzlarini uning qorniga ishqab quchoqlab olardi. O‘sha kunlari bobosi narigi qirg‘oqdan pichan tashirdi, qishda qalin qorda u yerga yetib bo‘ladimi. Yaxshisi kuzda tashib keltirgan ma’qul-da. Keyin ancha paytgacha Mo‘mindan to‘zg‘igan pichanning achqimtil hidi kelib yurdi.
Bobo bolani o‘zining orqasiga, otning sag‘risiga mingashtirib olar, shu bilan u yokdan bu yoqdan gaplashib yetib kelib qolganlarini sezishmasdi. Tog‘ tepaligining ikki cho‘qqisi orasidagi pastqamlikdan oshib, to‘g‘ri San-Toshga kelishardi.
Bolaning maktabga qattiq berilgani buvisining achchig‘ini keltirardi. Bola ko‘zini ochgan zahoti, apil-tapil kiyinib, portfeliga kitob-daftarlarni solardi. Kechasi ham portfelini yoniga qo‘yib yotishidan buvisining jahli chiqardi:
- Bu yaramas portfelga buncha yopishib qolding? Shu senga xotin bo‘lib qolgandami, qaliniga bizni sotib yer ekansan-da...
Buvisining gapi bolaning u qulog‘idan kirib, bu qulog‘idan chiqib ketar, qolaversa, gap nima haqda borayotganini ham uncha tushunib yetmasdi. Uning uchun eng muhimi maktabga kechikmaslik edi. U hovliga otilib chiqib bobosini shoshirardi. Faqat maktab ko‘zga tashlangandagina tinchlanardi.
Bir safar ular baribir kechikib qolishdi. O‘tgan haftada tong xiyol yorishganda Mo‘min otda narigi qirg‘oqqa yo‘l oldi. Ertalab barvaqt pichanga bir qatnov qilishga qaror qilgandi. Hammasi joyida bo‘layotgandi, lekin yo‘lda pichan sochilib ketdi. Yana hamma pichanni qayta bog‘lab, yana otga ortish kerak edi. Shoshib bog‘langan pichan qirg‘oqning o‘zida yana sochilib ketdi.
Nabirasi esa narigi tomonda kutib turardi. U g‘adir-budur toshning ustiga chiqib, portfelini silkir va qichqirib allakimni chaqirardi. Chol shoshar - arqon chalkashib ketgan, yechib bo‘lmas, ko‘r tugun tushib qolgandi. Bola esa hamon qichqirardi, shunda chol uning yig‘layotganini angladi. Pichanni ham, arqonni ham tashladi-da, tezroq nabirasining oldiga yetib borish uchun otga minib, uni kechuvdan
34


haydab ketdi. Daryodan o‘tguncha ham ancha vaqt o‘tdi: kechuvdan o‘tish osonmas, suv ko‘p, oqim tez. Kuzda hali uncha qo‘rqinchli emas, yozda otni chappa ag‘daradi. Mo‘min nihoyat daryodan o‘tib nabirasining oldiga borganida u ho‘ngrab yig‘lardi. Bobosiga qaramas, faqat yig‘lar va so‘ylanardi: «Kechikdim, maktabga kechikdim». Chol otdan engashib, bolani egarga ko‘tarib oldi-da, yo‘rtib ketdi. Bu maktab qurg‘ur yaqin orada bo‘lgandami, bolaning o‘zi g‘iz etib borib kelaverardi. Shuning uchun butun yo‘l bo‘yi to‘xtamay yig‘ladi, chol uni hech nima bilan ovutolmadi. Maktabga ham ho‘ngrab yig‘lagan holida olib keldi. Dars boshlanib ketgan edi. To‘g‘ri sinfga olib kirdi.
Mo‘min muallima oldida qayta-qayta uzr so‘rab, buning boshqa takrorlanmasligini aytib so‘z berdi. Lekin hammasidan ham chol kechikkani uchun nabirasining kuyib-pishganini va zorlanib yig‘laganini ko‘rib iztirob chekdi. «Ilohim maktabni hamisha shunday sevsin-da»,- xayoliga keltirdi u. Harholda bolapaqir nimaga bunchalik yig‘ladi. Demak, yuragida bir armon bor-da...
Hozir ham yog‘ochning atrofida charx urib, goh u tomoniga, goh bu tomoniga chopib o‘tar, tog‘dan tezroq pastlikka sirg‘alib tushsin, hech qaerga ilinib qolmasin deb, yog‘ochning ostiga pishang solib, itarib borarkan, Mo‘minning xayolidan nabirasi ketmasdi - nima bo‘ldi ekan-a?
O‘razqul esa shoshmasdi. U otni yetaklab borardi. Bu yerda ko‘p shoshib bo‘lmaydi - uzun, tik nishablikdan qiyalab yurishga to‘g‘ri keladi. Lekin uning gapini inobatga olib, yog‘ochni shu yerda qoldirib, keyin kelib olib ketish mumkin emasmi? Eh, kuch-quvvati bo‘lgandami, yog‘ochni shartta yelkasiga qo‘yib, daryodan o‘tgan va mashinaga ortiladigan joyga eltib tashlagan bo‘lardi. Mana-e, olinglar yog‘ochlaringni va yo‘qolinglar. Mo‘minning o‘zi bo‘lsa nabirasining oldiga otilgan bo‘lardi.
Qayokda deysiz, bular xomxayol. Hali toshlar va shag‘alliklardan yurib qirg‘oqqa yetish, so‘ng kechuvdan yog‘ochni ot bilan sudrab narigi tomonga olib o‘tish kerak. Otning sillasi quridi - u tog‘da qancha past-balandliklarga chiqib tushmadi... Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin, agar yog‘och daryo o‘rtasida toshlarga ilinib, yoki ot qoqilib yiqilib tushsa ish chatoq!
Ular suvdan kechib o‘tishayotganda Mo‘min bobo duo qilib turdi: «O‘zing qo‘lla, Shoxdor ona bug‘u, ilohim yog‘och ilinmasin, ilohim ot yiqilmasin». Etiklarini yelkasiga tashlab, ishtonining pochasini tizzasidan yuqori shimarib olgan yalangoyoq Mo‘min bobo qo‘lda pishang bilan suvda suzib borayotgan yog‘och ortidan arang yetib ulgurardi. Yog‘ochni oqimga qiya qilib sudrashardi. Daryo suvi qancha toza va tiniq bo‘lsa, shuncha sovuq ham edi. Kuzning suvi-da.
Chol bunga bardosh berardi: Mayli, oyoq uzilib tushmaydi. Ishqilib, yog‘och tezroq olib o‘tilsa bo‘lgani. Baribir yog‘och ilinib qoldi, aksiga olganday, sertoshli yerga kelganda taqqa to‘xtadi. Bunday hollarda otga jinday dam berib, keyin yaxshilab bir «chu!» deyilsa - kuchli siltov bilan yog‘ochni toshlar panjasidan tortib olsa bo‘ladi. Lekin otga minib olgan O‘razqul toliqib kuchdan ketgan jonivorni qamchi bilan ayamay savaladi. Ot orqa oyoqlari bilan cho‘qqayib, sirg‘alib, qoqinib ketar, lekin yog‘och joyidan qo‘zg‘almasdi. Cholning oyoqlari muzlab qoldi, ko‘zi tina boshladi. Boshi aylandi. Jarlik, jarlik ustidagi o‘rmon, osmondagi bulutlar pastga tusha boshladi, daryoga sho‘ng‘ib, sho‘x oqimda suzib, yana joyiga qaytdi. Mo‘minning mazasi qocha boshladi. La’nati yog‘och! U qurib yotganda edi, boshqa gap edi, suvda o‘zi suzib ketardi. Buni esa hozirgina qirqishdi-yu, darrov daryoga sudrab tushish-di. Kim axir shunday qiladi! Oqibati shu bo‘ladi-da. O‘ylanmay qilingan ishning oxiri voy. Qayrog‘ochni qurisin deb tashlab kelishga O‘razqulning ra’yi yo‘q. Inspektsiyaning ko‘zi tushib qolsa, taqiqlangan o‘rmondan qimmatli daraxtlarni o‘g‘irlikcha qirqqan, deb akt tuzadi. Shuning uchun ham qirqilgan yog‘ochni shu zahotiyoq gumdon qilishi kerak.
O‘razqul o‘kchasi bilan otni niqtar, qamchi bilan boshiga urar, so‘kinar, xuddi hammasi uchun go‘yo u, Mo‘min aybdordek, cholga baqirardi, yog‘och esa joyidan jilmasdi, u battar toshga o‘rnashib borardi. Cholning sabr-toqati tugadi. U butun umrida birinchi marta g‘azab bilan ovozini balandlatdi.
- Tush otdan! - u O‘razqulning yoniga jiddiy borib, uni egardan tortdi. - Otning tortolmayotganligini ko‘rmayapsanmi? Hoziroq-tush!
Hayron qolgan O‘razqul jimgina bo‘ysundi. Egardan etigi bilan to‘g‘ri suvga sakradi. Xuddi shu daqiqadan boshlab, u garang va qulog‘i bitib qolganday, o‘zini yo‘qotgan edi.
35


- Qani kel. Ko‘tardik! Qani ol! - Mo‘minning komandasi bilan ular yog‘ochni joyidan bir oz ko‘tarib, uni toshlarning siquvidan bo‘shatib, pishangning ustiga mindirdilar.
Ot naqadar aqlli jonivor! U ayni shu paytda toshlarga qoqinib, toyinib pastromkani torday tarang tortib oldinga silkindi. Lekin yog‘och o‘rnidan bir qo‘zg‘aldi-yu, toyib yana botib qoldi. Ot yana bir silkindi va o‘zini tutib qololmay suvga yiqilib tushib, tipirchilagancha egar-jabdug‘iga o‘ralashib qoldi.
- Otni! Otni ko‘tar! - Mo‘min O‘razqulni turtdi. Ular birgalikda otni bazo‘r oyoqqa turg‘azib qo‘yishdi. Ot sovuqdan titrar, arang suvda turardi.
- Yech otni!
- Nimaga?
- Yech deyapman senga. Boshqatdan bog‘laymiz. Past-romkani ol.
Yana O‘razqul jimgina bo‘ysuna qoldi. Otni yechib bo‘lgach, Mo‘min uning yuganini qo‘lga oldi.
- Endi ketdik, - dedi u. - Keyin kelamiz. Ot damini olsin.
- Qani, to‘xta-chi! - O‘razqul cholning qo‘lidan yuganini tortib oddi. U xuddi uyqudan ko‘z
ochgandek bo‘ldi. Birdan yana asl holiga qaytdi.
- Sen kimning boshini qotiryapsan. Hech qayoqqa bormaysan. Yog‘ochni hozir chiqaramiz.
Kechqurun yog‘ochga odamlar kelishadi. Gap-so‘zsiz otni egarla, eshityapsanmi?
Mo‘min jimgina burildi-da, sovuq qotgan oyog‘i bilan oqsagancha sayozdan qirg‘oq tomon yurdi.
- Qayoqqa ketyapsan, chol? Qayoqqa deyapman?
- Qayoqqa! Qayoqqa! Maktabga. Nabiram u yerda rosa tushdan beri kutyapti.
- Qani qayt-chi! Qayt!
Chol quloq solmadi. O‘razqul otni dalada qoldirib, salkam qirg‘oqda, toshloq ustida Mo‘minga
yetib oldi, yelkasidan ushlab o‘ziga tortdi.
Ular yuzma-yuz turib qolishdi.
O‘razqul epchillik bilan cholning bo‘yniga osilgan eski kirza etikni yulib oldi-da, qaynotasining
boshiga, yuz-ko‘ziga ikki marta qulochkashlab urdi.
- Qani yur! - xirilladi O‘razqul etiklarni bir chekkaga uloqtirarkan.
Chol etik oldiga borib, uni ho‘l qumdan ko‘tarib, qaddini rostlaganda lablaridan qon tirqirab oqar-
di.
- Yaramas! - dedi Mo‘min qonni tupurarkan, etikni yana yelkasiga ilib.
Bu hech kimning so‘zini qaytarmagan Mo‘min chaqqonning so‘zi edi. Bu sovuqdan ko‘kargan,
eski etiklarini yelkasiga ilgan, lablari qonab ketgan bechora cholning so‘zi edi. - Yur!
O‘razqul uni sudradi. Lekin Mo‘min kuch bilan uning qo‘lidan siltanib chiqdi-da, orqasiga qaramay jimgina nariga ketdi.
- Xap sanimi, qari ahmoq! Endi kuningni ko‘rsataman! - O‘razqul uning orqasidan mushtini do‘laytirib dag‘dag‘a qiddi.
Chol qayrilib qaramadi. U «yotoq tuya»ning oldidagi supachaga borib o‘tirdi, etigini kiydi va uyiga tez yurib ketdi. Hech yerda to‘xtamay, to‘g‘ri otxonaga kirdi. U yerdan O‘razqulning daxlsiz, mehmonga miniladigan, poygada chopadigan, birov egarlashga botinolmaydigan bo‘z oti - Olaboshni yetaklab chiqdi. Xuddi yong‘in chiqqandek Mo‘min uni hovlidan egarsiz, uzangisiz minib chiqib ketdi. U derazalar yonidan, hali ham shaqillab qaynab yotgan samovar yonidan ot choptirib o‘tganida tashqariga otilib chiqqanlar - Mo‘minning xotini, qizi Bekey va yosh Guljamol cholga bir gap bo‘lganini darrov fahmlashdi. U hech qachon Olaboshga minmas va hech qachon hovlidan bunchalik shoshilib chiqmagandi. Bu Mo‘min chaqqonning isyoni ekanligini ular hali bilishmasdi. Keksaygan chog‘idagi bu isyon uni nimalarga giriftor qilishini ham bilishmasdi.
Qirg‘oq tomondan esa otni yetaklab O‘razqul uyga qaytardi. Ot oldingi oyog‘ini oqsab bosardi. Ayollar jim turib, uning hovliga yaqinlashib kelishiga ko‘z tikib turishardi. O‘razqulning ko‘nglidan nimalar kechayotganini, u o‘sha kuni ularga qanday g‘am-alamlar keltirayotganini hali ayollar xayoliga
36


ham keltirishmasdi...
U ho‘l, shaloplagan etikda, ho‘l ishtonda vazmin va og‘ir qadamlar bilan ular oldiga yaqinlashib,
ayollarga g‘amgin nazarda xo‘mrayib qaradi. Xotini Bekey bezovtalanib qoldi:
- Nima qildi, O‘razqul? Nima bo‘ldi? Hamma yog‘ingiz ho‘l bo‘lib ketibdi-ku. Yog‘och oqib
ketdimi?
- Yo‘q, - qo‘l siltadi O‘razqul. - Ma. - U yuganni Guljamolga uzatdi. - Otni otxonaga olib bor. -
Shunday deb o‘zi eshik tomonga yurdi. - Yur uyga, - dedi u xotiniga. Kampir ham ular bilan birga bormoqchi edi, O‘razqul uni ostonaga yo‘latmadi.
- Sen nari tur, kampir. Senga hech qanday ish yo‘q bu yerda. Uyingga bor-u, xap o‘tir.
- Nima bo‘ldi senga? - xafa bo‘ldi kampir. - Bu nimasi? Cholimga nima bo‘ldi? Nima gap?
- Uning o‘zidan so‘ra, - javob qildi O‘razqul. Uyda Bekey erining ho‘l ust-boshlarini yechib, unga
po‘stin berdi, samovarni olib kirib, choy qo‘yishga tutindi.
- Choyni qo‘y, - qat’iy rad qildi O‘razqul. - Aroq ber.
Xotini ochilmagan yarimtalikni olib, stakanga quydi.
- To‘ldirib quy, - buyruq qildi O‘razqul. Bir stakan aroqni suvdek ichib yuborgach, po‘stinga
o‘raldi-da, kigizga cho‘zilib, xotiniga dedi:
- Qo‘ydim, sen mening xotinim emassan, men sening ering emasman. Jo‘na, bu uyda sening izing
qolmasin. Qorangni ham ko‘rsatma. Vaqt g‘animatida jo‘nab qol!
Bekey uh tortdi, karavotga o‘tirdi va har galgidek ko‘z yoshlarini ichiga yutib, sekin gapirdi:
- Yanami?
- Nima, yanami? - bo‘kirib yubordi O‘razqul. - Yo‘qol!
Bekey uydan otilib chikdi va har doimgidek qo‘llarini bukib, hovlini boshiga ko‘tarib ho‘ngrab
yig‘lay boshladi:
- Men, baxti qaro, bu dunyoga nega kelgan ekanman-a...
Bu choq Mo‘min chol Olaboshda nabirasi oldiga yo‘rtib borardi. Olabosh - chopqir ot. Lekin
baribir Mo‘min ikki soatdan ziyodroq kechikdi. U nabirasini yo‘lda uchratdi. Bolani muallimaning o‘zi uyiga olib kelayotgandi. O‘sha muallima beshinchi yil kiyayotgan, shamol yalab ketgan, yenglari qo‘pol, hech o‘zgarmas paltosida. Horigan ayolning qovog‘i soliq ko‘rinardi. Anchadan beri yig‘layverib ko‘zlari shishgan bola qo‘lida portfeli bilan bechora va xo‘rlangan qiyofada uning yonida kelardi. Muallima Mo‘min cholni qattiq so‘roqqa oldi. Chol esa ayolning oldida otdan tushib, boshini quyi solib turardi.
- Agar vaqtida kelib olib ketmaydigan bo‘lsangiz,- dedi muallima, - bolangizni maktabga olib kelmang. Menga ishonmang, o‘zimda ham to‘rttasi bor.
Mo‘min yana uzr so‘radi, bunday hol boshqa takrorlanmaydi deb, yana so‘z berdi.
Muallima Jilisoyga qaytib ketdi, bobo bilan nabira esa uyga yo‘l olishdi.
Bola otda bobosining oldiga o‘tirib jimgina borardi. Chol ham unga nima deyishini bilmasdi.
- Juda och qoldingmi? - so‘radi u.
- Yo‘q, muallimamiz non berdi, - javob berdi nabira.
- Nega bo‘lmasa miq etmay kelyapsan? Bola shunda ham gapirmadi.
Mo‘min gunohkorona jilmaydi:
- Oh, arazgo‘y bolaginam. - U bolaning furajkasini olib, boshidan o‘pdi va yana furajkasini
boshiga kiygizib qo‘ydi.
Bola qiyo ham boqmadi.
Ikkalasi ham shunday ma’yus va jim ketishdi. Mo‘min jilovni mahkam tutib, salt otda bola urinib
qolmasin deb, Olaboshning boshini bo‘shatmay borardi. Endi shoshishning ham keragi yo‘kday edi.
Ot tezda undan nima talab qilinayotganini payqadi-da, yarim yo‘rg‘alab yurib ketdi. U yerga nag‘alini taqillatib urib, pishqirib borardi. Shunaqa otda qani endi yolg‘iz o‘zing xirgoyi qilib ketsang. Odamning yolg‘izlikda kuylaydigan qo‘shig‘i ozmi? Ro‘yobga chiqmay qolgan orzular haqida, o‘tgan
37


umr haqida, sevgan chog‘laring, boshdan kechirgan voqealaring haqida...
Inson ko‘nglida armon bo‘lib qolgan narsalarni eslashni xush ko‘radi. Aslini olganda insonning
o‘zi ham nimadan armon qilayotganini unchalik tushunib yetmaydi. Lekin har zamon-har zamon shu haqda o‘ylab qo‘ygisi, uning tagiga yetgisi keladi.
Yaxshi ot - mehribon hamroh...
Mo‘min chol nabirasining sochi taqir olingan ensasiga, ingichka bo‘yni-yu, shalpang quloqlarigacha qarab o‘ngmagan hayotida butkul ishi-yu, mehnatidan, chekkan barcha tashvish va g‘amlaridan endi faqatgina yolg‘iz mana shu hozircha nochor bola qolganini o‘ylardi. Bobosi uni oyoqqa turg‘izishga ulgursa yaxshiku-ya. Lekin u yolg‘iz qolsami - og‘ir bo‘ladi. O‘zi mushtdek-ku, ammo fe’lli-huyli. Uning oddiygina, mo‘mingina bo‘lgani yaxshi edi...
Axir O‘razqulga o‘xshaganlar uni o‘lguday yomon ko‘rib, bo‘rining ta’qibiga tushgan bug‘uchaday burda-burda qilib tashlaydi-ku...
Shunda Mo‘min boyagina lip etib shitobli soya solib o‘tgan va ko‘ksidan hayrat va shodlik xitoblari otilib chiqishiga sababchi bo‘lgan o‘sha bug‘ularni esladi.
- Bilasanmi, o‘g‘lim, nima? Bug‘ular yurtimizga qaytib keldi, - dedi Mo‘min bobo. Bola yelkasi ustidan yalt etib qaradi:
- Rostmi?
- Rost. O‘zim ko‘rdim. Uch bosh.
- Qayoqdan kelganikin ular?
- Menimcha, dovon orqasidan. U yerda ham o‘rmon bor. Hozirgi kuz xuddi yozdagiday-da, dovon ochiq. Shuning uchun bizga mehmon bo‘lib kelgan.
- Ular biz tomonda qoladimi?
- Yoqsa qoladi. Hech kim tegmasa, yashab yuraveradi. Ozuqa serob bizda. Bu yerda xohla mingta bug‘u boq. Ilgarigi vaqtlarda, Shoxdor ona bug‘u davrida, bu yerda ularning son-sanog‘i bo‘lmagan...
Bu xabarni eshitib bolaning muzlagan ko‘ngli erib, xafaligi tarqalganini sezgan chol yana o‘tgan zamonlar haqida, Shoxdor ona bug‘u haqida hikoya qilishga tushib ketdi. O‘zining ertagiga o‘zi ham berilib ketib, qani endi birdan shunday baxtli bo‘lib qolsang-da, boshqaga ham baxtingni ulashsang! - deb qoldi. Butun umr shunday yashasang. Mana shunday, xuddi hozirgiday, xuddi hozirgi soatdagiday. Lekin hayot bunday qurilmagan, baxt bilan yonma-yon, izingdan izma-iz yuradigan, hech mahal arimaydigan baxtsizlik qalbingga, hayotingga bemavrid daxl qilib turadi. Hatto hozirgi damda, u nabirasi bilan baxtiyor borayotgan chog‘ida ham, cholning qalbida shodlik bilan tashvish yonma-yon turardi: u yoqda O‘razqul nima qildi ekan? U yana nima shumlikni tayyorlab turgan ekan, qanaqa zulm? Unga, itoatsizlik qilishga jur’at etgan cholga qanaqa jazo o‘ylab qo‘ydi ekan? Axir O‘razqul buni shunday qoldirmaydi-ku. Bo‘lmasa uni O‘razqul deyishmasdi-da.
Qizini va uning o‘zini kutayotgan baxtsizlik to‘g‘risida o‘ylamaslik uchun Mo‘min nabirasiga bug‘ular, bu jonivorlarning karomati, marhamati, go‘zalligi va uchqurligi, xuddi shularning sharofati bilan har qanday baloni daf qilishlari haqida hikoya qilardi.
Bolaga yaxshi edi. U uyda nima kutayotganligini bilmasdi. Uning ko‘zi va quloqlari yonardi. Nahotki bug‘ular qaytib kelgan bo‘lsa? Demak, hammasi to‘g‘ri ekan-da! Bobosining aytishicha, Shoxdor ona bug‘u odamlarning yovuzligini kechirgan emish va o‘z bolalariga Issiqko‘l tog‘lariga qaytishga ruxsat etganmish. Bobosi aytadiki, bu yer qandayligini bilish uchun hozircha uchta bug‘u kelgan, agar ularga yoqsa, unda hamma bug‘ular yana vataniga qaytadi.
- Bobo, - deb bobosining so‘zini bo‘ldi bola, - balki, Shoxdor ona bug‘uning o‘zi ham kelgandir? Balki, bu yer qandayligini uning o‘zi ko‘rib, keyin bolalarini chaqirmoqchidir?
- Ehtimol, - dedi Mo‘min ishonchsizgina. U tutilib qoldi, o‘zini noxush seza boshladi: ortiqcha berilib ketgani yo‘qmi, bola uning so‘zlariga ortiqcha ishonib yuborgani yo‘qmi? Lekin Mo‘min chol nabirasini ishonchdan qaytarishga urinmadi. Bu endi juda kech edi. - Kim biladi, - yelkalarini qisdi Mo‘min, - Balki, balki, Shoxdor ona bug‘uning o‘zi ham kelgandir. Kim biladi...
38