T o‘ r t i n ch i b o b
Ovchilar bug‘u otib, shoxini tanasidan ayirishdi. Bug‘u shoxlarining tepaga taralib turishi ko‘kda parvoz qilayotgan burgutiing qanotlariga o‘xshardi. Bug‘u shoxlari o‘g‘illarga yoqib tushdi: ularning har biri o‘n sakkiz butoqqa bo‘lingan - demak, o‘n sakkiz yoshda ekan. Yaxshi! Ular shoxni qabr ustiga o‘rnatish uchun ustalarga farmon berishdi.
Qariyalar hayratda qolishdi:
- Bug‘uni o‘ldirishga qanday haddingiz sig‘di? Shoxdor ona bug‘u avlodiga qo‘l ko‘tarishga kim jur’at etdi?
Boyning merosxo‘rlari ularga javoban:
- Biz o‘z yerimizdagi bug‘uni o‘ldirdik. Bizning saltanatimiz ostidagi yerlarda nimaiki qimirlagan, uchgan tirik jonzot bo‘lsa, pashshadan tortib tuyagacha - hammasi bizniki. O‘zimizga qarashli jamiki narsalarni nima qilish-qilmaslikni uzimiz yaxshi bilamiz. Yo‘qolinglar! - deyishdi.
Xizmatkorlar qariyalarni qamchi bilan savalab, otga teskari mindirishdi-da, sazoyi qilib haydashdi.
Hamma balo shundan boshlandi. Shoxdor ona bug‘u avlodlarining boshiga katta baxtsizlik tushdi. Deyarli har bir kishi o‘rmonlarda oq bug‘ularni ovlashga tushib ketdi. Bug‘uboy avlodidan bo‘lgan har bir kishi o‘z ajdodlari qabriga bug‘ushox o‘rnatishni burch deb bilar edi. Bu ish endi marhumlar xotirasiga bo‘lgan muqaddas vazifa, alohida hurmatga aylandi. Kimki bug‘u shoxlarini topolmas ekan, endi uni odam o‘rnida sanamay qo‘yishdi. Bug‘u shoxlari bilan savdo qilish, ularni oldindan g‘amlab qo‘yish odat tusiga kirib qoldi. Shoxdor ona bug‘u avlodlari orasida shunday kishilar paydo bo‘ldiki, ular bug‘u shoxlaridan o‘lja yig‘ishni va pullashni hunar qilib oldilar. («E bo‘tam, pul hukmron bo‘lgan joyda zzgu so‘zga o‘rin yo‘q, go‘zallikka o‘rin yo‘q».)
Issiqko‘l o‘rmonlarida bug‘ularga qirg‘in keldi. Ularga shafqatsiz bo‘lishdi. Bug‘ular qadam yetmagan joylarga qochdi, lekin u yerda ham qo‘yishmadi. Ovchilar tozilarni qo‘yib pistirma tomon haydashar, o‘zlari esa pistirmalarda berkinib yotib, yaqinlashgan bug‘ularni bexato otib olishardi. Bug‘ularni to‘da-to‘dasi bilan qirishdi, Shox butoqlari eng ko‘p bo‘lgan bug‘uni kim otarga garovga bog‘lashardi.
Bug‘ular g‘oyib bo‘ldi. Tog‘larni tark etdi. Na tunda, na tongda bug‘u ovozi eshitilardi. Na o‘rmonda, na yaylovda uning qanday irg‘ishlab, qanday sapchishlarini, shoxlarini yelkasi ustiga tashlab, parvozdagi qushday jarliklardan qanday sakrab o‘tishlarini zndi hech kim ko‘rmasdi. Butun umri bo‘yi bug‘u nima ekanligini ko‘rmagan yangi insonlar tug‘ildi. Faqat u haqidagi ertaklarni eshitib, qabrlar ustidagi shoxlarni ko‘rishdi, xolos.
Shoxdor ona bug‘uga nima bo‘ldi?
U odamlardan ranjidi, juda qattiq ranjidi. Aytishlaricha, son-sanoqsiz o‘qlar va tozilar dastidan bug‘ularga kun qolmagan, ularning eng so‘nggi avlodi barmoq bilan sanarli darajada oz qolgan chog‘da Shoxdor ona bug‘u eng baland cho‘qqiga ko‘tarilib, Issiqko‘l bilan vidolashibdi va so‘nggi bolalarini ulkan dovon ortiga, boshqa yurtlarga, boshqa tog‘larga boshlab ketibdi.
Mana, olamda. qanday ishlar bo‘ladi. Mana, ertak ham tugadi. Xoh ishon, xoh ishonma.
Shoxdor ona bug‘u esa ketishi oldidan bundan buyon bu yerlarga aslo qadam bosmayman, debdi...
BYeShINCHI BOB
Yana tog‘lar qo‘yniga kuz kirib keldi. Yana shovqin-suronli yozdan so‘ng hamma narsa kuzgi sokinlikka moslasha boshladi. Mol qamaydigan qo‘ralar atrofidagi changchar bosildi, gulxanlar o‘chdi. Mollar qish-lovga ko‘chdi. Odamlar jo‘nab ketishdi. Tog‘lar huvillab qoldi.
Burgutlar bazo‘r qur-qurlab, yolg‘iz ucha boshladi. Yoz bo‘yi o‘z o‘rnidan shovullab oqqan daryo sayozlanib, ovozi pastlashib qoldi. O‘tlar o‘sishdan to‘xtadi, ildizlardan jon ketdi. Barglarning shoxlarda osilib turishga ortiq madori qolmay, uzilib tusha boshladi.
Eng baland cho‘qqilarga esa kechalari kumush rang yupqa qor yog‘ib chiqardi. Ertalab g‘ira-shira tog‘ tizmalari qoraburul tulkining yoliday oppoq tusga kirardi.
27
Sovuq tushib, daralarda izg‘irin shamol esa boshladi. Lekin hamon kunlar charog‘on va quruq edi.
Daryo ortida, qorovulxona ro‘iarasidagi o‘rmon tezda kuz og‘ushiga kirdi. Daryodan to yuqoriga, Qora qarag‘ayzor chegarasigacha cho‘zilib ketgan chakalakzorlarni dudsiz olov yanglig‘ kuzgi xazonrezgi bosgandi. Eng chidamli daraxtlar - to‘q sariq rangli tog‘ teragi va qayin o‘rmonlari, ayniqsa, ko‘zga yaqqol tashlanib turardi. Ular ulkan o‘rmonning qor bosgan baland cho‘qqilarigacha - qayrag‘och va archalar qorayib turgan yergacha cho‘zilib ketgan edi.
Qarag‘ayzor qo‘yni hamma vaqt top-toza va qasrlardagidek salobatli. Qayoqqa qaramang, faqat qattiq daraxtlarnint jigarrang tanasi, smolali quruq hid, butun o‘rmon poyiga to‘kilgan qoramtir igna yaproqlar. Keksa qarag‘aylarning uchida g‘ir-g‘ir shamol esadi.
Lekin bugun erta tongdanoq tog‘lar boshida chag‘illab, bezovtalangan zag‘chalar aylanib qoldi. Jon-jahdi bilan chag‘illagan zag‘chalarning kattakon galasi qarag‘ayzor o‘rmon tepasida betinim aylanaverdi. Ular bolta ovozini eshitgan zahotiyoq bezovtalangan bo‘lsa, so‘ng xuddi birov ozor bergandek bir-birlariga gal bermay chag‘illab, qirqilgan qarag‘aylarni tog‘dan olib tushayotgan ikki kishining izidan ta’qib etardi.
Yog‘ochlarni otlarga bog‘lab sudratib kelishardi. O‘razqul otning jilovini tutib oldinda borardi. U turtinib, plashining bari butalarga ilinib, qo‘shga qo‘shilgan ho‘kizday hansirardi. Uning ortidan, yog‘och orqasidan Mo‘min bobo yelib kelardi. Bunday balandlikda unga ham osonmasdi, cholning nafasi qisilib qolgandi. Uning qo‘lida qarag‘ay pishang bo‘lib, bu bilan u yo‘l-yo‘lakay yog‘ochlarni o‘nglab borardi. Yog‘ochlar goh to‘nkalarga, goh toshlarga hadeb qadalib qolaverar, qiyalikka kelganda esa nishabga ko‘ndalang burilar va pastga yumalab ketguday bo‘lardi. Unda falokatdan qochib qutulib bo‘psan - naq majaqlab o‘ldiradi.
Pishang bilan yog‘ochlarni to‘g‘rilab borayotgan kishiga ayniqsa, xavfli, har balo yuz berishi mumkin. Qo‘rquvdan bir necha bor yuganni tashlab qochgan O‘razqul har safar chol o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, yog‘ochni qiyalikda tutib, uning ot yoniga qaytishini va yugandan tutishini kutayotganini ko‘rib uyalib ketardi. Lekin o‘z aybingni yashirmoq uchun uni birovga to‘nkamoq kerak deb bekorga aytishmagan-da.
- Sen nima, meni narigi dunyoga jo‘natmoqchimisan? - O‘razqul qaynotasiga qichqirdi.
Atrofda O‘razqulning ovozini eshitadigan va unga dakki beradigan hech kim yo‘q edi: keksalarga shunday muomala qilishni kim ko‘rgan? Qaynotasi, buni men ataylab qilibmanmi, axir o‘zim ham yog‘och tagida qolib ketishim mumkin-ku, xuddi u buni qasddan qilayotgandek, unga buncha qichqirishning nima keragi bor, deb qo‘rqa-pisa pichirladi.
Bu hol O‘razqulning yana battar jahlini chiqardi.
- Eh, seni qara-ya! - g‘azablandi u. - Seni bosib qolsa, axir sen yoshingni yashagansan. Senga nima? Men mayib bo‘lsam, qizing kimga qoladi, uni kim oladi? Shaytonning qamchisiday bu bepusht kimga kerak...
- Tushunib bo‘lmaydigan odamsan, o‘g‘lim. Senda odamlarga hurmat degan narsa yo‘q, - dedi bunga javoban Mo‘min.
O‘razqul hatto to‘xtab, cholga razm soldi:
- Bunday chollar allaqachon o‘choq oldida yonboshlab, o‘zini olovga toblab yotibdi. Senga esa maosh oqib kelib turibdi. Qayoqdan kelyapti bu maosh? Mening sharofatim bilan kelyapti. Senga yana qanaqa hurmat kerak?
- Kel, qo‘y endi, aytdim-qo‘ydim-da, - muloyimlashdi Mo‘min.
Shunday qilib, ular yurishda davom etdi. Yana bir dovon oshib, qiyalikda tin olgani to‘xtashdi. Ot butunlay terga tushib, ko‘pikka qoplandi.
Son-sanoqsiz zag‘chalar esa hamon tinchimas, charx urib aylangani-aylangan. Go‘yo butun kun bo‘yi chag‘illashga qasd qilganday zo‘r berib chag‘illardi.
- Qishning erta tushishini sezyapti, - dedi Mo‘min ohista gapni boshqa yoqqa burib va bu bilan O‘razqulni jahldan tushirmoqchi bo‘lib. - Uchib ketishning payida bo‘lyapti. Xalaqit berganni
28
yoqtirmaydi, - deb qo‘shib qo‘ydi, xuddi aqlsiz qushlar uchun uzr so‘ragandek.
- Kim ularga xalaqit beryapti? - keskin burilib qaradi O‘razqul. Birdan qizarib ketdi. - Allanimalar
deb aljiysan, chol, - dedi sekin do‘q urgan ohangda.
«Eh, - xayolga keltirdi u, - nimaga ishora qilyap-ti! Bu nimasi, uning zag‘chalari dastidan
qarag‘ayga tegmaslik, bir shoxini ham sindirmaslik kerak ekan-da? Yo‘q, bekor aytibsan? Hozircha bu yerga men xo‘jayinman». U g‘azab bilan uymalashayotgan zag‘chalar galasiga qaradi:
- Eh, pulemyot bo‘lgandami! - dedi va burilib uyatsiz so‘z bilan so‘kindi.
Mo‘min jim qoldi. U kuyovini so‘kishini ko‘p eshitgandi.
«Yana ayniyapti, - ich-ichidan g‘am tortdi chol. - Ichdi - hayvonga aylanadi. Nahorda bosh
og‘rig‘iga tortsa ham - bir so‘z qotma. Odamlar nega bunday bo‘lib qolishar ekan-a? - o‘yga toldi Mo‘min. - Sen unga yaxshilik qilasan, u senga yomonlik qaytaradi. Uyalmaydi ham, uyalishni xayoliga keltirmaydi ham. Xuddi shunday bo‘lishi lozimdek. Hamisha o‘zinikini to‘g‘ri deb biladi. Faqat unga yaxshi bo‘lsa bo‘lgani. Hamma uning atrofida girdikapalak bo‘lishi kerak.
Agar istamasang majbur qiladi. Yaxshiyamki, mana bunday tog‘da, o‘rmonlar orasida o‘tiradi, uning qo‘li ostida bitta, ikkita odami bor. Kattaroq amalga minsa bormi? Xudo ko‘rsatmasin... Bundaylarni joyidan siljitib ham bo‘lmaydi. Hamisha o‘z ulushini changallab qoladi. Sen bunaqalardan hech joyga qochib qutulolmaysan ham. Hamma joyda u seni kutib turadi, izlab topadi. O‘zining dorilomon yashashi uchun sening joningni sug‘urib oladi. Hamisha haq bo‘lib chiqadi. Ha, bundaylarni siljitib bo‘psan...»
- Xo‘sh, yetar qaqqayib turish, - O‘razqul cholning xayollarini tarqatib yubordi. - Ketdik! - buyruq qildi u. Ular yo‘lda davom etishdi.
Bugun ertalabdanoq O‘razqulning kayfiyati joyida emasdi. Ertalab, asbob-uskunalari bilan narigi qirg‘oqqa, o‘rmon tarafga o‘tish kerak bo‘lgan chog‘da, Mo‘min nabirasini maktabga olib borishga shoshardi. Bugun aqlidan ozib bo‘ldi! Har kun ertalab otni egarlaydi, bolani maktabga eltib qo‘yadi, keyin uni yana olib kelgani boradi. Bu tashlandiq daydi bilan ovora. Qarang-a, maktabga kechikish mumkin emasmish. Bu yerdagi ish shundayki, xudo biladi oxiri nima bo‘larkin, bundan chiqdi - bu ishni keyinga qoddirib tursa bo‘larkan-da? Shunday emasmi? «Men, deydi, bir zumda qaytib kelaman, bola maktabga kechiksa muallimaning oldida uyalaman». Uyaladigan odamingni topibsan! Ahmoqsan- da! Bu muallimang o‘zi kim bo‘libdi? Besh yildan beri ustidan bitta palto tushmaydi. Faqat daftar bilan, sumka bilan ko‘rasan... Doimo yo‘lda qo‘l ko‘tarib mashina kutgani-kutgan - hadeb rayonga tushadi, hamisha unga nimadir yetishmaydi, goh maktabga ko‘mir deydi, goh oyna, goh bo‘r, hatto lattagacha so‘raydi. He, nomusli muallima bunday maktabga kelarmidi? Qanaqa ot topishibdi-ya - «mitti maktab». U chindan ham mitti-da. Undan nima naf kelardi. Haqiqiy o‘qituvchilar shaharda. Maktablari oynadan. O‘qituvchilari galstuk taqib olgan. Lekin shaharda shunday-da... Boshliqlar u yerda hashamatli mashinalarda ko‘chalardan qanday o‘tishadi. Mashinalarni aytmaysanmi?! Qop-qora, yaltiroq, bu mashinalarni «lip» etib o‘tib ketguncha to‘xtab tomosha qilging keladi. Shahar odamlari esa xuddi bu mashinalarni ko‘rmayotgandek parvo ham qilishmaydi. Vaqtlari yo‘q - shoshilishadi, qayoqqadir chopishadi. Ana u yerda, shaharda, hayotni - hayot desa bo‘ladi. Qani endi o‘sha yoqqa yetishsang, biron joyga o‘rnashib olsang ekan. U yerda odamlarni amaliga qarab hurmat qilishni bilishadi. Lozimmi - demak, hurmat qilishing shart. Katta amalga - katta hurmat. Madaniyatli odamlar. Shuning uchun ham u yerda mehmonma-mehmon yurish yoki u-bu sovg‘a qilish, yog‘och tashish yoki shunga o‘xshash allaqanday ishlarni qilishga to‘g‘ri kelmaydi. Bu yerdagiga o‘xshab - ellik so‘m, ko‘pi bilan yuz so‘m berib, yog‘och olib, ustingdan shikoyat yozib yurmaydi: O‘razqul poraxo‘r, falon- piston... Nodonlik!
Ha, shaharda bo‘lgandami... Eh, tog‘iga ham, o‘rmoniga ham, mana bu dardisar yog‘ochlarga ham, pushtsiz xotiniga ham, manavi valakisalang, beaql cholga ham qo‘l siltab yuborgan bo‘lardim. Eh, suliga to‘ygan otdek jo‘sh urib ketardim-da! O‘zimni hurmat qilishga majbur etardim. «O‘razqul Balajanovich, kabinetingizga kirishga ruxsat eting». U yerda shaharlikka uylanib olardim. Nega
29
mumkin emas ekan? Aytaylik, bironta qo‘lida mikrofoni bilan o‘ynab ashula aytadigan go‘zal artistkaga: aytishadiki, ular uchun eng muhimi odamning amaldor bo‘lishimish. Mana shunaqasini qo‘ltig‘idan olib galstuk taqib yursang. Kinoga borsang. U bo‘lsa tuflisini tiqillatib, atir taratib yursa. O‘tgan-ketgan burnini cho‘zib qolaveradi. Qarabsan-ki, bolalar tug‘iladi... O‘g‘limni yuristlikka o‘qitardim, qizim esa royal chalsin. Shaharlik bolalar darrov ko‘zga tashlanadi - aqlli bo‘lishadi. Uyda faqat ruscha gaplashishadi: ular kallalaridan eski qishloq so‘zlarini chiqarib tashlashadi. U o‘z farzandlarini shunday tarbiyalagan bo‘lardi: «Papochka, mamochka, uni olib ber, buni olib ber...» o‘z jigarbandingdan biron narsani ayab o‘tirarmiding? U ko‘plarni boplardi-da, kim ekanini ko‘rsatib qo‘yardi. Boshqalardan nimasi kam uning? Nima, yuqoridagilarning undan biron joyi ortiqmi? Ular ham o‘ziga o‘xshagan odamlar-da. Ularning omadi kelgan faqat. Uning esa omadi kelmagan. Baxt kulib boqmagan. O‘zida ham ayb bor. O‘rmonchilar kursini bitirgach, shaharga ketishi kerak edi, texnikumga kirishi kerak edi yoki bo‘lmasa institutga. Shoshdi - amalga uchdi-da. Kichkina bo‘lsa ham, harholda amal-da. Mana endi tog‘ma-tog‘ yur, eshakka o‘xshab yog‘och tashi... Buning ustiga mana bu qarg‘alar ortiqcha, Nimaga buncha qag‘illashadi, nimaga aylanib qolishdi? Eh, pulemyot bo‘lgandami...
O‘razqulning avzoyi buzilishiga arzigulik sabablar bor edi. Yozni yallo qilib o‘tkazdi. Kuz yetib keldi, yoz bilan birga cho‘ponlar va yilqiboqarlar davrasidagi mehmondorchilik davrlari ham o‘tib ketdi. Xuddi qo‘shikda aytilganday: «Yaylovdagi chechaklar ochilib bo‘ldi, etagingni yig‘ishtirib qol...»
Kuz keldi. O‘razqulga ko‘rsatylgan hurmatlar uchun, ziyofatlar uchun, qarzlar uchun, va’dalar uchun hisoblashadigan payt keldi. Buning ustiga maqtanib katta ketganlari-chi: «Senga nima kerak? Xari bo‘ladigan ikkita qarag‘ay yog‘ochmi, faqat shumi? Shuning nimasini gapirib o‘tiribsan. Mashina olib kelasan-da, olib ketaverasan».
Og‘zidan gullab, hadyalar olib, aroqni ichaverdi, mana endi bo‘g‘ilib, terga botib, yer yuzidagi hamma narsaga la’nat o‘qib, tog‘ma-tog‘ yog‘och sudrab yuribdi. Bu yog‘ochlarning daxmaza bo‘lganini aytmaysizmi? Umuman, butun hayotida ro‘shnolik ko‘rmadi. Bexosdan kallasiga lop etib bir fikr keldi: «Hammasiga tupuraman-da, boshim oqqan tomonga ketaman». Lekin u shu zahotiyoq hech qayoqqa ketolmasligini tushundi. Hech kimga hech qaerda keraklik joyi yo‘q va ko‘ngli tilayotgandek hayotni hech qaerdan izlab topolmaydi.
Bu yerdan ketib yoki va’dangdan tonib ko‘r-chi! Uni o‘z oshna-og‘aynilari tutib berishadi. Odamlar yaramas bo‘lib ketgan. O‘tgan yili o‘zining bug‘u avlodi qarindoshiga hadya qilingan qo‘zichoq uchun qarag‘ay yog‘och va’da qilgandi, kuzda esa qarag‘ay uchun yuqoriga chiqqisi kelmadi. Bu aytmoqqa oson, qani u yoqqa bir chiqib boq, yog‘ochlarni arralab, yumalatib ko‘r, keyin bilasan qanaqa ekanligini. Yana buning ustiga qarag‘aylar besh yil-o‘n yillik bo‘lsa qani, ularni eplab ko‘r-chi! Oltin bersa ham bu ishga qo‘l urging kelmaydi! Aksincha, o‘sha kunlari Mo‘min cholning tobi qochib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotib oldi. Bir kishi uddasidan chiqolmaydi bunday ishni. Ha, biron kimsa umrida yolg‘iz o‘zi tog‘dan yog‘och olib tushishning uddasidan chiqqan emas. Yiqitishku mumkin, lekin yiqitgan bilan qarag‘ayni pastga olib tushib bo‘lmaydi... Nima bo‘lishini oldindan bilganda, Seydahmadni yoniga olib chiqqan bo‘lardi. Lekin O‘razqul toqqa tirmashib chiqib yurishga erindi-da, birinchi duch kelgan qarag‘ay bilan qarindoshidan qutulib qo‘ya qolmoqchi bo‘ldi. Lekin u uncha-munchasiga ko‘nmadi: unga haqiqiy qarag‘ay kerak emish, vassalom. «Qo‘zichoqni olishni bilasan, gapingning uddasidan chiqishni bilmaysanmi?» O‘razqul jahli chiqib, hovlidan uni haydab chiqardi: olmaysanmi - jo‘nab qol. U yigit ham bo‘sh kelmadi. San-Tosh o‘rmonchilik zapovednigining qorovuli O‘razqul Balajanov ustidan darhol shikoyat xati yozib, unga shunday to‘g‘ri va noto‘g‘ri gaplarni qo‘shdiki, oqibat-natijada O‘razqulni «sotsialistik o‘rmon kushandasi» sifatida otish lozim edi. Keyin rayonning va o‘rmonchilik ministrligining turli xil tekshiruv komissiyalari O‘razqulni uzoq vaqt sarson qilishdi. Zo‘rg‘a qutuddi. Mana senga qarindosh! Yana: «Biz hammamiz Shoxdor ona bug‘u bolalarimishmiz. Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun!» emish.
30
Hammasi bekor gap, qachonki bir tiyin uchun bir-birimizning yoqamizdan olib, turmaga tiqishga tayyor bo‘lsak. Qanaqasiga bug‘u avlodidan bo‘laylik, Bug‘u ilgari vaqtda bo‘lgan, odamlar bug‘uga ishonishgan. Naqadar befahm va sodda bo‘lishgan-a o‘sha zamonning odamlari, kulgili! Endi esa hamma madaniyatli, hamma savodli. Kimga keragi bor buni, bu ertakni yosh bolalarga aytsa boshqa gap.
Shu voqeadan keyin O‘razqul boshqa hech kimga, hech qanaqa tanishga, hech qanday qabiladoshga, hatto Shoxdor ona bug‘uning ming tuqqani bo‘lsa hamki, bironta novdani, bironta cho‘pni bermaslikka ont ichdi.
Yana yoz keldi. Ko‘m-ko‘k tog‘li yaylovlarda o‘tovlar oqarib, yer-ko‘kni podalarning shovqin- suroni tutib, ariqlarda va daryoda suv tortilib qoldi. Quyosh porlagan, sarxush qimiz hidi kelar, gul bo‘yi ufurardi. Ochiq havoda o‘tovlarning oldida, ko‘m-ko‘k maysalar ustida, oshna-og‘aynilar davrasida o‘tirib qimiz ichib, qo‘zi go‘shtiga to‘yib kayf qilishga nima yetsin. Keyin esa boshni aylantirish uchun bir stakan aroqni simirib, shunday kayfga kelasanki, o‘zingni go‘yo daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib tashlagudek yoki bo‘lmasa anovi tog‘ning boshini uzib olgudek his qilasan...
Bunday kunlarda O‘razqul ichgan ontini unutardi.
Katta o‘rmonning katta xo‘jayini deb atashlari unga naqadar xush kelardi. Yana va’dalar berdi, yana hadyalar qabul qildi. Yana qadimiy qarag‘aylar qaysi birlarining kuni bitib, kuz kelganda umri tugashini sezmasdi.
Kuz esa hosili o‘rib olingan dalalardan sezdirmay kelib, tog‘ sari pinhona siljidi-da, butun atrofni qoplab oldi. U bosib o‘tgan yo‘lda maysalar sarg‘aydi, o‘rmonni xazonrezgi bosdi.
Mevalar pishdi. Qo‘zilar to‘qli bo‘ldi. Ularni alohida otarlarga - to‘qlilarni alohida, qo‘ylarni alohida to‘daga ayirishdi. Ayollar yig‘ilgan sarig‘ yog‘ni meshga joylab olishdi. Erkaklar vodiyga kim birinchi bo‘lib qaytishi haqida gurung qilishardi. Ketish oldidan esa yozda O‘razqul bilan gaplashganlar falon kuni, falon soatda va’da qilingan yog‘ochga mashina olib o‘rmonga kelishlari haqida uni ogohlantirib qo‘ydilar.
Mana shu bugun kechqurun ikkita qarag‘ay yog‘och olib ketgani pritsepli mashina keladi. Qarag‘ayning bittasi pastda tayyor turibdi, mashina keladigan joyga daryodan o‘tkazib qo‘yilgan. Ikkinchisini mana, pastga olib tushishyapti. Agar O‘razqul hozir ushbu yog‘och ustidan yeb- ichganlarini qusish imkonini topgandami, hozir chidashga majbur bo‘layotgan bu azob-uqubatlardan qutulish uchun shu zahotiyoq qusib tashlagan bo‘lardi.
Afsuski, o‘zining tog‘dagi la’nati bu takdirini o‘zgartirishga qodir emas: mashina tunda yog‘och olib ketish uchun shu bugun kechqurun pritsepi bilan keladi.
Hamma ish o‘ngidan kelsa yaxshiku-ya: yo‘l sovxoz o‘rtasidan, to‘g‘ri idoraning oddidan o‘tadi, boshqa yo‘l yo‘q, sovxozga esa militsiya, gosinspektsiya kelib turadi. U yerda yana rayondan kelganlar ham bordir? Ularning ko‘ziga yog‘och ortgan mashina duch kelib qolsami: «Xo‘sh, yog‘ochni qayokdan olib kelyapsiz va qayoqqa?» - deb surishtira boshlashadi.
Bu xayoldan O‘razqulni sovuq ter bosib ketdi. Hamma-hamma narsaga - boshi ustida aylanayotgan zag‘chalarga, baxtsiz Mo‘min cholga, bundan uch kun burun shaharga kartoshka sotgani ketgan dangasa Seydahmadga g‘azabi jo‘sh urib ketdi. U tog‘dan yog‘och olib tushilishini bilardi-ku axir! Demak, sezdirmay jo‘nab qolgan... Endi faqat bozordagi ishlarini bitirgandan keyingina qaytadi. Bo‘lmasa O‘razqul, chol bilan ikkalasini yog‘och sudrab kelishga jo‘natib, o‘zi bu azobdan qutulgan bo‘lardi.
Lekin Seydahmad uzokda, zag‘chalarga ham qo‘l yetmaydi. Hammasining alamini xotinidan olishi mumkin - lekin uyga yetish amri mahol. Birgina Mo‘min chol bor. Tog‘dan nafasi bo‘g‘ilib, qahr- g‘azabi ortib, har qadamda og‘zidan oq it kirib, qora it chiqib kelayotgan O‘razqul otga ham, uning orqasidan kelayotgan cholga ham rahm qilmay, changallar orasidan yo‘l soldi. Bu ot harom o‘lsa mayli, bu chol o‘lsa ham mayli, yuragi yorilib o‘zi o‘lsa ham mayli. O‘razqulning sha’ni va amaliga yarashmagan, uning ko‘nglidagidek bo‘lmagan bu dunyoga o‘t tushsin.
31
O‘razqul o‘zini tutolmay, otni qiyalikdan tikka changallar orasiga haydab ketdi. Mayli, Mo‘min chaqqon yog‘ochlar atrofida girdikapalak bo‘lib qolsin. Qani, u yog‘ochni eplamay ko‘rsin-chi! «Majaklab tashlayman, ahmoq cholni, vassalom», ko‘nglidan o‘tkazdi O‘razqul. Boshqa vaqtda u hech qachon yog‘och bilan bunday xavfli nishablikka o‘zini urishga yuragi betlamagan bo‘lardi. Bu safar shayton yo‘ldan ozdirdi. Mo‘min ham uni to‘xtatib qolishga ulgurmadi, faqat qichqirib qololdi, xolos: «Qayoqqa ketyapsan? Qayoqqa? To‘xta!» - yog‘och chirpirak bo‘lib aylanib, butalarni yanchib pastga yumalab ketdi. Yog‘och ho‘l va og‘ir edi. Mo‘min yog‘ochni ushlab qolish uchun pishang solmoqchi bo‘ldi. Lekin zarb shunday kuchli ediki, pishang cholning qo‘lidan otilib chiqib ketdi.
Hamma ish ko‘z ochib yumguncha bo‘lib o‘tdi. Ot yiqildi va yoni bilan pastga surilib ketdi. Ot surilayotib O‘razqulni ham urib yiqitdi, U titrab-qaqshab butalarga tirmashib, ilinib, yumalab ketdi. Shu payt qalin xazon ustidagi allaqanday shoxli jonivorlar hurkib qochib qoldi. Ular talvasaga tushib, jon-jahdi bilan sakray-sakray qayinzorlar ichida g‘oyib bo‘ldi.
- Bug‘ular! Bug‘ular! - qo‘rquv va shodligidan o‘zida yo‘q xursand bo‘lib qichqirdi Mo‘min. Keyin go‘yo o‘z ko‘zlariga ishonmagandek jim bo‘lib qoldi.
Nogoh tog‘ qo‘yniga sukunat cho‘kdi. Zag‘chalar birdan g‘oyib bo‘ldi. Yumalab ketayotgan yog‘och yoshgina baquvvat qayinni bosib, ezib qiyalikda ilinib qoldi. Ot egar-abzali og‘ib, oyoqqa turdi.
Hammayog‘i yirtilib ketgan O‘razqul emaklab bir tomonga chiqib oldi. Mo‘min kuyoviga yordamlashgani tashlandi:
- O, muqaddas ona Shoxdor bug‘u! Bizni hozir u qutqazdi! Qo‘rding-ku. Bu Shoxdor ona bug‘uning bolalari. Bizning onamiz qaytib kelibdi! Qara-ya!
O‘razqul yuz bergan voqeaga hali ham ishonqiramay joyidan g‘amgin holda xijolat chekib turdi- da, qoqina boshladi:
- Ko‘p vaysama, chol. Yetar endi, otning abzalini chiqar.
Mo‘min itoatkorona shoshilinch ravishda otning abzalini ola boshladi.
- O, qudratingdan o‘rgilay, Shoxdor ona bug‘u! - u xursandligidan g‘o‘ldirashini qo‘ymasdi. -
Bug‘ular bizning o‘rmonimizga qaytibdi. Shoxdor onamiz bizni unutmabdi! Bizning gunohimizdan o‘tibdi...
- Hali ham g‘o‘ldirayapsanmi? - do‘q qildi O‘razqul. U endi qo‘rquvni unutgan va yana eski g‘azabi bo‘g‘ziga kelgandi. - Ertagingni aytyapsanmi? O‘zing jinni bo‘la turib, boshqalar ham ahmoqona ertagimga ishonaveradi, deb o‘ylaysanmi!
- Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Bular bug‘ular edi, - bo‘sh kelmasdi Mo‘min bobo. - Nahot sen ko‘rmagan bo‘lsang, o‘g‘lim? Sen o‘zing ko‘rding-ku.
- Xo‘sh, ko‘rdim. Uchtasi chopqillab ketdi, shekilli.
- Rost, uchta. Menga ham shunday tuyuldi.
- Nima qipti shunga? Bug‘u bo‘lsa bug‘u-da. Mana bu yerda odam o‘z jonidan judo bo‘lishiga sal
qoldi. Nimasiga quvonish kerak ekan. Bular agar bug‘ular bo‘lsa, demak, dovon ortidan kelgan. U yokda - Qozog‘istonda, tog‘ning narigi tomonida, o‘rmonlarda hali bug‘ular bor, deyishadi. U yer ham zapovednik. Zapovednikning bug‘ulari bo‘lsa ehtimol. Kelsa kelibdi-da. Bizning nima ishimiz bor. Qozog‘istonning bizga daxli yo‘q.
- Balki, bizda yashab qolar ular? - orzu qilib gapirdi Mo‘min bobo. - Qani endi qolsa...
- Bas endi, - uning so‘zini bo‘ldi O‘razqul. - Ketdik!..
Yog‘ochni hali ancha pastga sudrab tushish, keyin esa yana otda daryodan sudrab olib o‘tish kerak
edi. Bu ham og‘ir ish. Agar yog‘och daryodan omon-eson olib o‘tilsa, so‘ngra yana mashinaga ortiladigan tog‘ yon-bag‘rigacha yetkazish darkor.
Eh, qancha mehnat.
O‘razqul o‘zini butunlay baxtsiz his qildi. Butun borliq unga nohaq yaratilganday tuyuldi. Tog‘lar bo‘lsa, hech nima sezmaydi, hech nima istamaydi, hech nimadan zorlanmaydi, bir joyda turgani-
32