sababchisan, durbin. Oq kemaga qaragani har safar meni sen chaqirasan. Sen ham aybdorsan».
Bola atrofga razm soldi. Chor atrof tog‘ - qoya, o‘rmon. Tepalikdan, muzlar qo‘ynidan boshlangan irmoqlar yarqirab jilvalanganicha ohista pastga oqib tushar va faqat shu yerga, pastga tushgandan keyingina daryo bo‘lib tinimsiz hayqirib yotish uchun ovoz paydo qilgandek bo‘lardi. Tog‘lar esa ulkan va nihoyasiz, ko‘krak kerib turardi. Bola o‘zini shu daqiqalarda bag‘oyat kichik, bag‘oyat yolg‘iz, butunlay unutilgan his qilardi. Faqat tog‘lar bor uning yonida, tog‘lar, chor atrofda baland
tog‘lar.
Quyosh ko‘l tomonga og‘a boshladi. Havo unchalik issiq emasdi. Sharq tarafdagi qiyaliklarga
birinchi, kalta soyalar tushdi. Quyosh endi tobora pastga yo‘nalaveradi, soyalar esa pastga, tog‘lar poyiga cho‘zilaveradi. Odatda, kunning ayni shu mahalida Issiqko‘lda oq kema ko‘rinardi.
Bola durbinni ko‘zga tashlanib turgan o‘sha eng uzoqdagi joyga burdi va nafasini yutib kutib turdi. Ana u! Hamma narsa birdan unutildi: u yerda, oldinda. Issiqko‘lning ko‘m-ko‘k sathida oppoq kema paydo bo‘ldi. Mana, qalqib chiqdi. Ana u! Trubalari qator tizilgan, o‘zi kuchli va chiroyli. U xuddi ip tortib qo‘ygandek to‘g‘ri va bir tekis suzib borardi. Bola shosha-pisha durbin oynalarini ko‘ylagining etaklari bilan artdi-da, yana okulyarni to‘g‘rilay boshladi. Kemaning ko‘rinishi yanada tiniqroq bo‘la boshladi. Endi uning to‘lqinlararo qanday chayqalib, quyrug‘i ortidan qanday oppoq ko‘pikli iz qoldirib ketayotganligini ilg‘asa bo‘lardi. Bola oq kemadan ko‘z uzmay unga zavq bilan tikilardi. Bolaning ixtiyorida bo‘lganda edi, u suzayotgan odamlarni ko‘rmoq mumkin bo‘lishi uchun oq kemani yaqinroq suzib kelishga yolvorib ko‘ndirgan bo‘lardi. Lekin kema bulardan bexabar edi. U o‘z yo‘lidan, kim biladi, allaqayokdan chiqib, allaqayoqqa, ohista va ulug‘vor suzib borardi.
Kemaning suzib borishi uzoq vaqt ko‘rinib turdi, bola ham uzoq vaqt baliqqa aylanib, daryo bo‘ylab unga, oq kemaga qarab suzib ketishi haqida xayol surib qoldi...
Bola bir kuni Qorovultog‘dan turib ko‘m-ko‘k Issiqko‘lda oq kemani birinchi marta ko‘rib qolganida uning go‘zalligidan yuragi gupirib, darhol otasini - issiqko‘llik matrosni - xuddi shu oq kemada suzayotir, degan qarorga kelgandi. Bola o‘zi bunga ishonar, chunki u shunday bo‘lishini juda- juda istardi.
U na otasini, na onasini eslay olardi. Bola ularni biron marta ham ko‘rmagan. Ularning hech qaysi biri uni biron marta yo‘qlab kelmagan. Lekin bola bilardi: otasi Issiqko‘lda matros, onasi esa otasidan ajrashganidan so‘ng, o‘g‘lini boboda qoldirib, o‘zi shaharga ketgan. Ketganu, shu bo‘yi g‘oyib bo‘lgan. Tog‘ ortidagi, ko‘l ortidagi, yana tag‘in tog‘ ortidagi uzoq shaharga ketgan.
Mo‘min bobo kunlardan birida o‘sha shaharga kartoshka sotgani borgandi. Rosa bir hafta yo‘q bo‘lib ketib, qaytgach, choy ustida Bekey xola bilan buviga qizini, ya’ni bolaning onasini ko‘rganini gapirib bergan. U allaqanday katta fabrikada to‘quvchi bo‘lib ishlar ekan. Uning yangi oilasi - ikki qizi bo‘lib, ularni bolalar bog‘chasiga topshirar va haftada bir martagina ko‘rar ekan. Katta turar joyda, lekin katalakdek xonada yashashar ekan. Hovlisida esa xuddi bozordagiday birov-birovni tanimasmish. Hamma uyiga kirdi deguncha eshigini qulflab olarmish. Xuddi turmadagiday, hamisha qamalib o‘tirisharmish. Eri shofyor bo‘lsa kerak, avtobusda odamlarni ko‘chama-ko‘cha tashib yurarkan. Ertalab soat to‘rtda ketib, kech qaytarkan. Ishi og‘ir ekan, deb hikoya qilardi chol. Zor yig‘lab, kechirim so‘radi. Ular yangi kvartira olish uchun navbatda turishibdi. Qachon olishadi - noma’lum. Lekin qachon olishsa, eri ko‘nsa, o‘g‘lini olib ketmoqchi. Mendan picha kutib turishni iltimos qildi. Mo‘min bobo unga, g‘am yemagin, debdi. Eng muhimi - er bilan murosa qilib yashash, boshqasi bitib ketaveradi. O‘g‘lining ham ko‘p g‘amini tortmasin. «Toki men tirik ekanman, bolani hech kimga bermayman, agar o‘lsam - xudo uni o‘zi bir yo‘lga solar, tirik odam o‘z takdirini topib ketar...»
Cholning gaplarini eshitgan Bekey xola bilan buvi darhol xo‘rsinib va hatto barobariga jinday ko‘z yoshi qilib olishdi.
Xuddi shu o‘tirishda gap aylanib kelib, bolaning otasi haqida ham so‘z ochib qolishdi. Boboning aytishicha, uning avvalgi kuyovi, bolaning otasi, hali ham allaqaysi kemada matros bo‘lib xizmat qilarmish, uning ham yangi oilasi, ikkitami, uchtami bolasi bor emish. Pristan yaqinida yasharmish. U
14


chamasi ichishni tashlaganmish. Yangi xotini har safar bolalari bilan uni qarshi olgani pristanga chiqarmish. «Bundan chikdi, - o‘yladi bola, - ular mana shu kemani - uning kemasini qarshi olishar ekan-da...»
Kema sekin uzoqlashib borardi. Trubasidan tutun burqsitib, ko‘lning ko‘m-ko‘k silliq sathida suzib borayotgan bu oppoq va uzun kema, baliqqa aylangan bolaning o‘zi tomon suzib kelayotganini bilmasdi.
U shunday baliqqa aylanib qolishni orzu qilardi-ki, baliqning hamma joyi - tanasi, dumi, suzgich qanotlari, tangachalari unga o‘tsa-yu, faqat ingichka bo‘yinli, shalpang quloqli, tirnalgan burunli boshi o‘zida qolsa bas. Ko‘zlari ham o‘zicha qolsin. Lekin xuddi hozirgiday emas, chin baliqlarday ko‘radigan bo‘lishsin.
Bolaning kipriklari xuddi buzoqnikiga o‘xshash uzun-uzun bo‘lib, hamisha o‘zidan-o‘zi nimagadir pirpirab turardi. Guljamol, qizimning ham kipriklari shunday bo‘lgandami, qanday chiroyli bo‘lardi! - deydi. Chiroyli bo‘lishning nima keragi bor? Shaxsan unga chiroyli ko‘zlarning keragi yo‘q, unga suv ostida ko‘ra oladigan ko‘zlar kerak.
Bobo yasagan ko‘lobga kelganda u baliqqa aylanadi. Bir qarabsizki - u baliq-da. So‘ngra ko‘lobdan daryoga, naq pishqirib shiddat bilan oqayotgan daryoga sakrab o‘tardi va oqim bo‘ylab suv ostiga sho‘ng‘ib ketardi. Keyin ham shu tarzda sakrab-sakrab atrofga nazar tashlab boradi, qizig‘i yo‘q joylarda faqat suv ostida suzardi. U jo‘shqin daryo oqimida qizil tuproqli katta jarlik bo‘yidan, daryo ostonalari va to‘lqinlaridan, tog‘lar va o‘rmonlar yonidan oqib o‘tadi. U o‘zining suyukli xarsang toshlari bilan xayrlashadi: Xayr, «cho‘kib yotgan tuya», xayr, «bo‘ri», xayr, «egar», xayr, «tank». Qorovulxona yonidan suzib o‘tayotganda esa suvdan sakrab chiqib, suzgich qanotlarini bobosiga silkitadi: «Xayr, bobo, men tezda qaytaman». Bobo shunda hayratdan dovdirab, nima qilishini bilmay qotib qolarmidi? Buvi, Bekey xola, Guljamol qizchasi bilan - hammasi og‘zini ochib qolarmidi? Qaerda kim ko‘ribdi - kallasi odamu, tanasi baliqni?
Bola esa ularga suzgich qanotlarini silkib qo‘yardi: «Xayr, men Issiqko‘lga, oq kemaga suzib boraman. U yerda mening matros dadam bor». Baltek, ehtimol, qirg‘oq bo‘ylab chopsa kerak. It umrida bunaqa hodisani ko‘rmagan-da, axir. Agar Baltek u tomonga suvga o‘zini tashlaguday bo‘lsa, u qichqiradi: «Qayt, Baltek, qayt. Cho‘kib ketasan!» - o‘zi esa suzib ketaveradi. Osma ko‘prikning sim arqoni ostidan, keyin to‘qaylar yonidan, so‘ng gumburlab turgan daradan o‘tib, to‘g‘ri Issiqko‘lga suzib boradi.
Issiqko‘l deganlari - bu butun bir dengiz. U Issiqko‘l to‘lqinlarida suzib yuradi, to‘lqindan to‘lqinga ko‘chadi va shunda oq kemaning qarshisidan chiqib qoladi. «Salom, oq kema, bu menman!» - deydi u paroxodga. - Durbindan har doim senga qaragan menman». Kemadagi odamlar hayratdan yoqa ushlab, mo‘‘jizani ko‘rgani yugurishadi. Shunda u o‘zining matros otasiga so‘z qotadi. «Salom, dada, men sizning o‘g‘lingizman. Men sizning oldingizga suzib keldim». - «Sen qanaqa o‘g‘ilsan? Sen yarim baliq, yarim odamsan-ku!» - «Siz meni o‘z oldingizga, kemaga chiqarib oling, men shunda sizning o‘g‘lingiz bo‘lib qolaman». «Voy, tavba. Qani, ko‘raylik-chi». Otasi to‘r tashlab uni suvdan palubaga tortib oladi. Shunda u o‘z asliga qaytadi. Keyin-chi, keyin...
Keyin oq paroxod o‘z yo‘lida suzib ketaveradi. Bola otasiga hamma narsa haqida, butun hayoti davomida nimaiki bilgan bo‘lsa hikoya qilib beradi. O‘zi yashab turgan tog‘lar haqida, o‘sha xarsang toshlar haqida, daryo va noyob o‘rmon haqida, baliqlarday ko‘zi ochiq suzishni o‘rgangan yeri - bobosining ko‘lobi haqida so‘zlaydi.
Mo‘min bobosinikida qanday yashayotganligini ham aytib beradi, albatta. Bu odamni Mo‘min chaqqon deb atashsa ham, uning yomon odam emasligini otasi bilib qo‘ysin. Bunaqa bobo hech joyda yo‘q, bobolarning eng yaxshisi. Uning hech shumligi yo‘q, shuning uchun hamma undan kulib yuradi. Birovga hech yomonlikni ravo ko‘rmaydi, O‘razqul amaki esa cholga hadeb tirg‘ilaveradi! Ba’zan odamlarning oldida ham boboga qichqiraveradi. Bobo esa gapiga boplab javob qilish o‘rniga, O‘razqul amakini kechirgani-kechirgan va hatto uning o‘rniga o‘rmon xo‘jaligi ishlarini ham o‘zi boshqaradi.
15


Faqat shugina deysizmi? O‘razqul mast-alast bo‘lib kelganda, uning hayosiz ko‘zlariga tupurish o‘rniga, unga peshvoz chiqib, otdan tushirib qo‘yadi, uyga suyab kiradi, karavotga yotqizib qo‘yadi, sovuq yemasin, boshi og‘rimasin, deb ustiga po‘stin tashlaydi, otining esa egarini oladi, yuvib taraydi, yem beradi. Hammasiga sabab - Bekey xolaning tug‘masligi. Nega shunday, dada? Istasang tuqqin, istamasang keragi yo‘q, deb qo‘ya qolsa bo‘lmaydimi? O‘razqul amaki Bekey xolani urganda boboga rahming keladi. Boboning o‘zini ursa yengil bo‘lardi. Bekey xola qichqirganda u biram qiynaladiki. Qo‘lidan nima ham kelardi? Qizining orasiga tushgisi keladi-yu, lekin buvi bunga yo‘l qo‘ymaydi. «Aralashma, - deydi u, - o‘zlari murosaga keladi. Sen cholga kim qo‘yibdi. Xotin seniki emas, joyingda o‘tir». «Axir, u mening qizim-ku!» - desa, buvi: «Xo‘sh, uying uyiga tutash bo‘lmay, uzoqda yashaganingda nima qilarding? Har safar ot choptirib borib ajratib kelarmiding? Shundan keyin kim sening qizingni xotin qilardi?» - deydi.
Men aytayotgan buvi - bu ilgarigisi emas. Siz uni, dada, balki bilmassiz ham. Bu boshqa buvi. O‘z tug‘ishgan buvim yoshligimda vafot etgan. Bu buvi bo‘lsa keyin kelgan. Bizning havolarga sira tushunib bo‘lmaydi - bir qarasang ochiq, bir qarasang bulutli, bir qarasang yomg‘ir aralash do‘l. Buvi ham xuddi shunday, tushunib bo‘lmaydi. Bir qarasang mehribon, bir qarasang berahm, hech tushunolmaysan. Jahli chiqqanda - naq yeb qo‘yadi. Biz bobom bilan jim bo‘lamiz. Buvi: «Begonani qancha yedirma, qancha ichirma, undan yaxshilik ko‘rmaysan», - deydi. Men, axir bu yerda o‘gay emasman-ku, dada. Men hamisha bobom bilan birga yashab keldim. Uning o‘zi o‘gay bu yerda, u bizga keyin kelib qo‘shildi. Endi esa meni o‘gay deydi.
Qishda biz tomonda qor meni ko‘may deydi. Eh, qor uyulib ketadi! Agar o‘rmonga borish kerak bo‘lsa, faqat bo‘z ot Olaboshdagina borib bo‘ladi, u ko‘kragi bilan qor uyumini surib ketadi. Shamollar ham shunday zo‘rayadiki, oyog‘ingda turolmaysan. Ko‘lda to‘lqinlar ko‘tarilib qolsa, kemani yong‘oq po‘chog‘idek o‘ynatsa, bilingki, bizning San-Tosh shamoli ko‘lni chayqaltiryapti. Bobom hikoya qilgandilar, juda qadim zamonda dushman lashkarlari bizning o‘sha yerlarimizni bosib olgani yurish qilibdi. Ana shunda bizning San-Toshdan shunday shamol turibdiki, dushmanlar egarda o‘tirolmay qolishibdi. Otlardan tushishibdi, lekin piyoda ham yurisholmabdi. Shamol ularning yuzini qonga belabdi. Shunda ular shamolga orqa o‘girishibdi, shamol esa ularning yelkalariga urilib, qayrilib qarashiga imkon bermabdi, to‘xtagani qo‘ymabdi va ularni bitta qo‘ymay Issiqko‘ldan haydabdi. Mana qanday bo‘lgan. Biz ana shu shamolda yashayapmiz! U bizdan boshlanadi. Butun qish bo‘yi o‘rmon daryo ortida shamoldan g‘ichirlab, ingrab chiqadi. Hatto vahimali bo‘ladi.
Qishda o‘rmonda ish unchalik ko‘p emas. Qishda biz tomonlar odamsiz huvillab qoladi - yozda ko‘chmanchilar keladigan mahallarga sira o‘xshamaydi. Yozda katta yaylovda oqshomlari suruv yoki yilqi uyurlari bilan odamlarning qo‘nishini juda yaxshi ko‘raman. To‘g‘ri, ular ertalab toqqa jo‘nab ketishadi, lekin baribir ularning kelishi yaxshi. Ularning bolalari va xotinlari yuk mashinkalarida kelishadi. Yuk mashinalarida o‘tovlarni va boshqa turli-tuman narsalarni olib yurishadi. Ular sal-pal joylashib olishgach, biz bobom bilan so‘rashgani boramiz. Hammalari bilan qo‘l berib ko‘rishamiz. Men ham. Bobom, kichiklar o‘zlaridan kattalarga doim birinchi bo‘lib qo‘l uzatishlari kerak, deydi. Kimki qo‘l uzatmasa, u odamlarni hurmat qilmagan bo‘ladi. Keyin, bobom yettining biri avliyo bo‘lib chiqishi ham mumkin, deydi. Avliyo - bu juda xushfe’l va aqlli odam. Kimki u bilan qo‘l berib ko‘rishishga muyassar bo‘lsa, bir umr baxtiyor bo‘ladi. Men, shunday ekan, nega u o‘zining avliyo ekanligini ayta qolmaydi, biz hammamiz u bilan qo‘l berib ko‘rishgan bo‘lardik, desam, bobom kuladi: hamma gap shunda-da, deydi u, avliyo o‘zining avliyoligini bilmaydi - u oddiy odam. Faqat qaroqchigina o‘zining qaroqchiligini biladi. Bular menga uncha tushunarli emas, lekin bir oz uyalinqirasam ham, men hamisha odamlar bilan qo‘l berib ko‘rishaveraman.
Bobom bilan birga yaylovga kelganimda esa uyalmayman.
«Ota-bobolaringizning yozgi qo‘nog‘iga xush kelibsizlar! Molu jon sog‘-salomatmi, bola-chaqa omon-esonmi?» - bobom ana shunday so‘rashadi. Men esa faqat qo‘l cho‘zib ko‘rishib qo‘ya qolaman. Bobomni hamma biladi, bobom ham hammani biladi. Unga yaxshi. Uning o‘z suhbat mavzusi bor, u
16


ko‘chmanchilarning hol-ahvolini so‘raydi va o‘zi biz qanday yashayotganligimizni gapirib beradi. Men esa bolalar bilan nimani gaplashishni bilmayman. Keyinchalik biz bekinmachoq, urush-urush o‘ynab ketamiz va o‘yinga shunday berilib ketamizki, ketgim kelmay qoladi. Qani endi hamisha yoz bo‘lsa, hamisha bolalar bilan o‘tloqda o‘ynab yursang!
Biz o‘yinga kirishib ketguncha gulxanlar bo‘y cho‘zadi. Gulxanlardan yaylov toza yorishib ketadi, deb o‘ylaysizmi, dada? Hamma joy emas. Olovning atrofi yorug‘, undan nari esa avvalgidek qop- qorong‘i. Biz esa urush-urush o‘ynaymiz, shu qorong‘ilik qo‘ynida yashirinamiz va hujum qilamiz, xuddi kinodagidek. Agar sen komandir bo‘lsang, hamma senga itoat qiladi. Komandirlik komandirning o‘ziga ham yoqsa kerak.
Keyin tog‘lar ustiga oy suzib chiqadi. Oy chiqqanda o‘yin yana gashtli bo‘ladi, lekin bobom meni olib qaytadi. Biz uyga yaylovdan, butazordan qaytamiz. Qo‘ylar jimgina yotishadi. Yilqilar atrofda o‘tlab yuradi. Biz ketayotib kimningdir qo‘shiq aytayotganini eshitamiz. Yosh cho‘pondir, balki keksadir. Bobom meni to‘xtatadi: «Quloq sol. Bunday qo‘shiqlarni hamisha eshitavermaysan». Biz to‘xtaymiz, qo‘shiqni tinglaymiz. Bobom kuyga mahliyo bo‘lgancha bosh chayqaydi.
Bobo hikoya qiladi: eski zamonda bir xon boshqa bir xonning qo‘liga asir tushibdi. Xon asir tushgan xonga debdi: «Agar istasang - mening qulim bo‘lib tirik qolasan, bo‘lmasa, eng so‘nggi tilagingni bajo keltiramanda, keyin o‘ldiraman». Xon o‘ylab turib javob qilibdi: «Qul bo‘lib yashashni istamayman. Yaxshisi, meni o‘ldirgin, lekin avval mening vatanimdan birinchi duch kelgan cho‘ponni chaqirtirib ber». - «Uni senga nima keragi bor?» - «O‘lim oldidan uning qanday kuylashini tinglamoqchiman». Bobom aytadi: ona yurt qo‘shig‘i uchun odamlar jonini beradi. Qanday odamlar ekan-a, bir ko‘rsang ularni. Ehtimol, katta shaharlarda yashashar?
Eshitish yoqimli. Bobom: bular eski qo‘shiq deydi. «Qanday odamlar bo‘lgan-a! - shivirlaydi u. - Qanday qo‘shiqlar kuylashgan-a, ey xudoyim-ey...» Negaligini bilmayman-u, bobomga shunday rahmim keladi va uni shunchalik yaxshy ko‘rib ketamanki, oxiri yig‘lagim keladi...
Tong sahardayoq yaylovda hech kim qolmaydi. Qo‘y va yilqilarni yoz bo‘yi boqqani nariga, toqqa haydab ketishgan. Ular ortidan izma-iz boshqa kolxozlardan boshqa ko‘chmanchilar kelishadi. Kunduzlari to‘xtashmaydi, yonimizdan o‘tib ketishadi. Tunda esa yaylovga qo‘nishadi. Biz yana bobom ikkovimiz odamlar bilan uchrashgani boramiz. Bobom odamlar bilan ko‘rishishni juda yaxshi ko‘radi. Bu odatni men undan o‘rgandim. Ehtimol, vaqti kelib bir kun yaylovda haqiqiy avliyo bilan uchrashib qolarman...
Qishda O‘razqul amaki bilan Bekey xolam shaharga doktorga qaratgani ketishadi. Balki doktor yordam qilar, bir dori bersa-yu, bola tug‘ilib qolsa, deb umid qilishadi. Lekin buvim hamisha, aziz joylarga borgan ma’qul, deydi. Bu qaerdadir, tog‘ning ortida, dalalarida paxta o‘sadigan joyda emish. Tep-tekis yerda, tog‘ bo‘lishi mumkin bo‘lmagan tekislikda aziz bir tog‘ - Sulaymon tog‘i bor emish. Ana shu tog‘ poyiga bir qora qo‘chqor so‘yib, xudoga iltijo qilsa, toqqa chiqib har qadamda xudoga sig‘inib, yolvorsa hamda chin ko‘ngiddan so‘rasa, xudoning rahmi kelib, farzand ato etarmish. Bekey xolam o‘sha yoqqa, Sulaymon tog‘iga borishga juda intizor. O‘razqul amaki esa unchalik istamaydi. Uzoq. Ko‘p pul kerak, deydi. U yoqqa faqat samolyot bilan tog‘dan oshib borish kerak, axir. Samolyotgacha ham qancha yurish kerak, bu ham pul...
Ular shaharga ketishsa biz shumshayib qolamiz. Axir ko‘pchilik emasmiz-da, bor qo‘shnilarimiz - Seydahmad, uning xotini Guljamol va ularning kichkinagina qizchasi, xolos.
Kechqurunlari, ishdan qo‘l bo‘shaganda, bobom menga ertaklar aytib beradi. Bilaman, uydan tashqarida zim-ziyo, sovuq tun. Izg‘irin izillab turibdi. Eng ulkan tog‘lar ham bunday tunlarda vahimaga tushib bir to‘p bo‘lib to‘planishib, uyimiz oldiga - deraza ostidagi yoruqqa yaqinroq kelib olishadi. Menga bu ham qo‘rqinchli, ham sevinchli tuyuladi. Pahlavon bo‘lganimdami, katta po‘stin kiyardim-da, tashqariga chiqardim. Men u tog‘larga bor ovoz bilan derdim: «Qo‘rqmang, tog‘lar! Men shu yerdaman. Mayli, izg‘irin, qorong‘u zulmat, dovul bo‘lsin, men hech nimadan qo‘rqmayman, sizlar ham qo‘rqmanglar. Bir yerga g‘uj bo‘lib to‘planishmasdan joylaringda turaveringlar».
17


Men keyin qor uyumlaridan yurib, daryodan hatlab o‘tib - o‘rmonda paydo bo‘lardim. Tunda o‘rmon daraxtlar uchun juda vahimali, axir. Ular yolg‘iz, bir so‘z aytadigan jonzoti ham yo‘q. Sovukda yalang‘och daraxtlar muzlaydi, ularga bosh suqadigan joy qayda. Men esa o‘rmonga borib, ularga aytarlik vahimali bo‘lmaslik uchun har bir daraxtning tanasiga qo‘lim bilan urib-urib qo‘yardim, Ko‘klam ko‘karmay qoladigan daraxtlar - bu o‘sha, qo‘rqinchdan qotib qolgan daraxtlar bo‘lsa kerak. Keyin biz bu qurib qolgan daraxtlarni o‘tinga kesamiz.
Bobom menga ertak aytayotganda men mana shularning hammasi haqida o‘ylayman. U uzoq hikoya qiladi. Ular har xil - kulgililari ham bor, ayniqsa, ochko‘z bo‘ri sho‘ri qurib yutib yuborgan Chipalak otli jimjiloqday bola haqidagisi kulgili. Yo‘q, avval uni tuya yutib yuboradi. Chipalak barg- xazonlarning ostida uxlab qoladi, tuya esa shu atrofda tentirab yurgan bo‘ladi, «hap» etkizib barg- marglarga qo‘shib yutib yuboradi. Shuning uchun ham aytishadi-da: tuya nima yutganini bilmaydi deb. Chipalak chinqirib, odamlarni yordamga chaqiradi. Keksalar o‘zlarining Chipalaklariga yordam berish uchun tuyani so‘yishga majbur bo‘lishadi. Bo‘ri bilan ham shunga o‘xshagan voqea sodir bo‘ladi. U ham o‘zining ovsarligi tufayli Chipalakni yutib yuboradi. Oxirida bo‘zlab yig‘laydi. Bo‘ri Chipalakka duch kelib qoladi. «Oyog‘im ostida o‘ralashgan qanaqa pashsha? Seni bir yamlab yutib yuboraman». Chipalak esa deydi:
- Tega ko‘rma menga, bo‘ri, aks holda, kuchukka aylantirib qo‘yaman.
- Ha-ha, - xaxolaydi bo‘ri, - bo‘rining kuchuk bo‘lib qolganini kim ko‘ribdi. Shu dag‘alliging uchun men seni yeyman. Shunday debdi-da, uni yutib yuboribdi. Yutibdi-yu, esidan ham chiqarib yuboribdi. Lekin shu kundan boshlab bo‘rilik rizq-ro‘zidan ayrilibdi. Bo‘ri pisib qo‘ylarga endi yetdim deganda, Chipalak uning qornida turib qichqirarkan: «Ey, cho‘ponlar, uxlamanglar! Bu men, qo‘ng‘ir bo‘riman, qo‘ylaringni bo‘g‘izlagani pusib kelyapman!» Bo‘ri nima qilarini bilmaydi. O‘zining biqinini tishlaydi, yerga dumalaydi. Chipalak esa hech jim bo‘lmabdi. «Ey, cho‘ponlar, chopinglar bu yoqqa, uringlar meni, do‘pposlanglar». Cho‘ponlar tayoq ko‘tarib bo‘riga tashlanishibdi, bo‘ri qochibdi. Cho‘ponlar hayratga tushib quvisharmish. Bo‘ri aqldan ozibdi, o‘zi qochadi-da, tag‘in o‘zi qichqiradi, deb hayron bo‘lisharmish. Bo‘ri esa qichqirarmish: «Meni quvib yetinglar, og‘alar, uringlar, rahmingiz kelmasin!» Cho‘ponlar kulgidan yiqilib qolisharmish, bo‘ri esa arang qochib qutilarmish, Lekin bu bilan uning holi yengillashmabdi. Qayoqqa tumshuq suqmasin, Chipalak unga pand beraveribdi. Hamma joyda uni quvishaveribdi, hamma joyda undan kulishaveribdi. Bo‘ri ochlikdan ozib ketibdi, terisi bilan suyagigina qolibdi. Tishlarini shaqirlatib ulibdi: «Bu qanaqa jazo bo‘ldi menga? Nega men o‘z boshimga o‘zim baloni sotib oldim? Qariganda jinni bo‘ldim, esimni yeb qo‘ydim». Chipalak esa uning qulog‘iga shivirlabdi: «Toshmatga chop, uning qo‘ylari semiz! Boymatga chop, uning itlari kar. Ermatga chop, uning cho‘ponlari uxlab yotibdi». Bo‘ri esa o‘tirib olib hiqillarmish: «Hech qayoqqa bormayman, yaxshisi, bitta-yarimtaga kuchuk bo‘lib yollanaman...»
Kulgili ertak-a, dada, to‘g‘rimi? Bobomning boshqa ertaklari ham bor - mungli, dahshatli, qayg‘uli. Lekin mening eng sevimli ertagim Shoxdor ona bug‘u haqidagi ertak. Bobom, Issiqko‘lda yashagan har bir kishi bu ertakni bilishi kerak, deydi. Bilmaslik gunoh. Balki, siz bilarsiz buni, dada? Bobomning aytishicha, buning hammasi rost, bo‘lgan ish, deydi. Qachonlardir shunday bo‘lgan ekan. Biz hammamiz Shoxdor ona bug‘uning bolalari ekanmiz. Men ham, siz ham, boshqalar ham...
Qishda biz mana shunday yashaymiz. Qish uzoq cho‘ziladi. Bobomning ertaklari bo‘lmasa, qishda men juda zerikib qolardim.
Bahorda biz tomonlar yaxshi bo‘ladi. Kunlar isib ketgach, yana toqqa cho‘ponlar kelishadi. O‘shanda biz tog‘da yana ko‘payishib qolamiz. Faqat daryoning u tomonida - bizdan narida hech kim yo‘q. U yoqda faqat o‘rmon va o‘rmondagi narsalar bor, xolos. U yoqqa hech kim oyoq bosmasin, hech kim bironta novdaga tegmasin, deb biz qorovulxonada yashaymizda. Biz tomonga hatto olimlar kelishgandi. Shim kiygan ikkita ayol, chol va bir yoshgina yigit. Bu yigit ularning shogirdi. Rosa bir oy yashashdi. O‘t, yaproq va novda yig‘ishdi. Ular aytishdiki, bizning San-Toshdagiga o‘xshagan o‘rmonlar yer yuzida juda oz qolibdi. Deyarli yo‘q emish. Shuning uchun ham o‘rmonimizdagi har
18


bitta daraxtni asrash kerak.
Men esa bobom har bitta daraxtni shunchaki ehtiyot qiladi deb o‘ylardim. Bobom, O‘razqul amaki
qarag‘aylarni yog‘och o‘rnida birovga bersa juda yomon ko‘rardi...
UChINCHI BOB
Oq kema uzoqlashib ketdi. Uning trubasini durbinda ham ko‘rish mumkin bo‘lmay qoldi. Hademay u ko‘zdan yo‘qoladi. Endi bolaga otasining kemada suzishi haqidagi o‘ylariga nuqta qo‘yish payti keldi. Hammasi yaxshi boshlangan edi, mana, oxiri uncha xush kelmadi. U baliqqa aylanib, daryodan ko‘lga suzishni, oq kemaning unga qanday duch kelishini, otasi bilan qanday uchrashishini osongina tasavvur qilardi. Otasiga nimalar haqida so‘zlab berishni ham bilardi. Biroq ishning oxiri yurishmadi. Chunki qirg‘oq ham deyarli ko‘rinib qoldi. Kema pristan tomon yo‘l oldi. Matroslar qirg‘oqqa tushishga hozirlana boshlashdi. Ular uy-uyiga ketishadi. Otasi ham uyiga jo‘nashi kerak. Pristanda uni xotini va ikki bolasi kutmokda. Endi nima qilsin?- Otasi bilan boraversinmi? U o‘zi bilan birga olib ketarmikan? Mabodo olib ketadigan bo‘lsa, xotini: «Kim bu, qaerdan kelgan, nima keragi bor?» deb qolsa-chi. Yo‘q, yaxshisi bormagani ma’qul...
Oq kema ko‘zga elas-elas ilashuvchi bir nuqtaga aylanib, tobora uzoqlashib boradi. Quyosh suvga bosh qo‘ydi. Ko‘l yuzasidagi ko‘zni qamashtiruvchi olovli binafsha rang yog‘du durbindan ko‘rinib turardi.
Kema ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shunday qilib, oq kema haqidagi ertak ham tugadi. Uyga jo‘nash kerak.
Bola portfelini yerdan oldi, durbinni qo‘ltig‘iga qisdi. Qirdan tezgina, ilon izi so‘qmoqdan qiyalab chopib tushib ketdi. Uyga yaqinlashgan sari yuragi po‘killay boshladi. Buzoq yamlab qo‘ygan ko‘ylak uchun endi javob berish kerak. Jazodan bo‘lak hech nima xayoliga kelmasdi. Ruhan butunlay tushib ketmaslik uchun bola portfelga murojaat qildi:
«Sen qo‘rqma. Xo‘sh, bizni koyishadi. Axir men atay qilganim yo‘q-ku. Men, to‘g‘risi, buzoqcha bo‘shalib ketganini bilmabman. Xo‘sh, meni savashar ham. Chidayman. Agar seni polga qarab uloqtirishsa, cho‘chima. Axir sen portfelsan-ku, sinib qolmaysan. Agar kampirning qo‘liga durbin tushsa bormi, omon qolmaydi. Biz avval durbinni molxonaga berkitib qo‘yamiz-da, keyin uyga boramiz...»
U shunday qildi ham. Lekin ostonadan hatlab o‘tishga yuragi dov bermasdi.
Ammo uyda vahimali sukunat hukmron edi. Hovli shunday jimjit, kimsasiz ediki, egasi ko‘chib ketgandek huvillab yotardi. Ma’lum bo‘lishicha, Bekey xolani eri yana do‘pposlabdi. Mo‘min bobo yana qizining kaltaklanganligi, sochlari to‘zg‘ib faryod chekayotganligi ustidan chiqibdi va yana bu sharmandagarchilikning oldini olish uchun jinniligi tutgan kuyovini tinchitishga, uning mushtiga yopishib, yalinib-yolvorishga kirishibdi. Buning ustiga otasi turibdi demay, uning ko‘zi oldida, qizini eng tuban so‘zlar bilan haqorat qilibdi. Uni bepusht mochag‘ar, yaramas qisir eshak va yana maza- bemaza so‘zlar bilan so‘kibdi. Qizining yovvoyi va telbalarga xos ovoz bilan: «Xudo meni befarzand qilib yaratgan bo‘lsa, mening gunohim nima? Bu dunyoda qo‘yday tug‘ib yotgan ayollar ozmi, faqat meni xudoyim farzanddan qisgan. Nega? Nima uchun meiing taqdirim shunday? Bundan ko‘ra o‘ldir meni, yirtqich. Mana, ur, ur ..», - degan hayqirig‘ini ham eshitgan.
Mo‘min chol burchakda g‘ujanak bo‘lib o‘tirgancha, hamon entikib-entikib nafas olar, tizzasi ustiga tashlangan qo‘llari iztirob va alamdan titrardi. Yuzlari dokaday oqarib ketgan edi.
Mo‘min nabirasiga qaradi-yu, so‘z qotmadi, yana horg‘in ko‘zlarini yumdi. Buvisi uyda yo‘q edi. U Bekey xolani eri bilan yarashtirib qo‘ygani, ularnikida tinchlik o‘rnatgani, singan idish- tovoqlarni yig‘ishtirgani ketgandi. Buvisining shunaqa fe’li bor: O‘razqul xotinini savalayotganda oraga tushmaydi, cholni ham qaytaradi. Janjaldan keyin esa yarashtirgani boradi. Shunisiga ham rahmat.
19


Hammadan ko‘ra bolaning cholga rahmi kelardi. Har safar shunday damlarda cholning joni halqumiga kelardi. Burchakka tikilgancha karaxt o‘tirar, hech kimning ko‘ziga ko‘ringisi kelmasdi. Hech kimga, hech bir zotga qalbida nimalar kechayotganini bildirmasdi. Aslida bunday paytlarda Mo‘min juda qartayib qolgani, yakka-yu yolg‘iz o‘g‘li urushda halok bo‘lgani haqida xayol surardi. O‘g‘limni hozir hech kim bilmaydi, eslamaydi ham. O‘g‘li yonida bo‘lganida balki bunchalik xo‘rlanmasmidi. Mo‘min umr bo‘yi bir yostiqqa bosh qo‘yib yashagan xotinini ham qo‘msardi. Lekin eng katta baxtsizligi - uning qizlariga baxt kulib boqmadi. Kenjatoyi nabirasini unga qoddirib shaharga ketdi, endi u yerda katta oilasi bilan bir xonaga tiqilib o‘tiribdi. Ikkinchisi bunda O‘razqulning jabrini tortyapti. U keksayib qolgan bo‘lsa ham, farzandi huzurida bo‘lib, qizi uchun hamma xo‘rliklarga bardosh beradi, alam qiladigan joyi shundaki, qiziga ona bo‘lishdek baxt nasib qilmayapti. O‘razqul bilan turmush qurganiga ham mana qancha yillar bo‘ldi. Bu turmush qizining joniga tegdi, lekin qochib qayoqqa ham borardi? O‘zi ham qarib qoldi, kuni bitib bir kun o‘lib-netib qolsa, unda nima bo‘ladi, baxti qaro qizining holi nima kechadi?
Bola birpasda kosadagi qatiqni bo‘shatdi-da, bir burda nonni kavshab, deraza ostiga jimgina cho‘kdi. Chiroqni yoqmadi, bobosini bezovta qilgisi kelmadi. Qo‘y, o‘zicha o‘tirib xayol sursin.
Bola ham o‘z o‘ylariga berildi. U hech tushunolmasdi. Bekey xola nega eriga aroq tutgani-tutgan. Eri bo‘lsa uning evaziga do‘pposlagani-do‘pposlagan, xola bo‘lsa yana yarimta topib kelaverardi.
Eh, Bekey xola, Bekey xola! Necha marta eri chalajon qilib ursa ham, baribir kechiraveradi. Mo‘min bobo ham uni hamisha kechiraveradi. Nega kechirishadi? Bunaqa odamlarni kechirmaslik kerak. U yaramas, sayoq odam. Bizga uning keragi yo‘q. Usiz ham kunimiz o‘tadi.
Shiddatli bolalik tasavvurlari uning xayolida adolatli jazo hukmini jonlantirardi. Bu hukmning hammasi O‘razqulga qaratilgan bo‘lib, bular uni, yo‘g‘on, beso‘naqay, iflos odamni daryoga sudrardi. Keyin esa havoda silkitib-silkitib daryoning naq o‘rtasiga itqitadi. U esa Bekey xola va Mo‘min bobodan kechirim so‘raydi. Axir u baliqqa aylanib qololmaydi-da...
Bola ancha yengil tortdi. U o‘z tasavvurida O‘razqulning daryoda qanday g‘arq bo‘lib borayotganini va yonginasida kigiz qalpog‘i suzib ketayotganini ko‘z oldiga keltirganda o‘zini kulgidan tiyolmadi.
Ammo kattalar, ming afsuski, bola o‘ylagandek odil ish tutishmadi. Ular hammasini aksincha qilishdi. O‘razqul uyga yana mast bo‘lib qaytdi. Uni hech nima bo‘lmaganday qarshi olishdi. Bobo otini ushladi, xotini samovarga yugurdi. Hammayoq faqat uni kutayotgandek. U esa jinnilik qila boshlaydi. Oldiniga ma’yuslanib yig‘laydi. Nega yig‘lamasin, axir bu qanaqasi, qo‘l berib so‘rashishga arzimaydigan eng jo‘n odamning ham istaganicha bolasi bor. Beshta, hatto o‘nta. O‘razqulni-chi? Uning nimasi kam boshqalardan? Nimasi yetmaydi uning? Yoki martabasi pastmi? Xudoga ming qatla shukur, noyob o‘rmonning katta qorovuli! Yoki u qandaydir daydi zotmi? Axir lo‘lining ham lo‘livachchasi bor. Yoki u betayinmi, obro‘si yo‘qmi? Hammasi bor. Hammasiga yetishgan. Egarlangan oti bor, qo‘lidan qamchi tushmagan, har yerda uni hurmat bilan kutib olishadi. Xo‘sh, uning tengdoshlari o‘z farzandiga to‘y qilishadi, u-chi? O‘g‘ilsiz, urug‘siz, kim u?
Bekey xola ham yig‘laydi jonini hovuchlab, erining ko‘nglini topishga tirishadi. Yashirib qo‘ygan «yarimta»sini oladi. Alamidan o‘zi ham ichadi. Borgan sari ichish ortadi, keyin oxiri O‘razqul hayvonga aylanib, o‘zining butun alamini ana shu ayoldan, o‘zining xotinidan oladi. U esa uning hamma gunohini kechiradi. Bobo ham kechiraveradi. Hech kim O‘razqulga bas kelolmaydi. Hushiga kelib qarasaki, momataloq bo‘lib ketgan xotini erta turib samovar qo‘ygan bo‘ladi. Chol esa otini to‘yg‘azib, egarlab qo‘yibdi. O‘razqul choyni ichib, otga mingach, yana boshliq, San-Toshdagi barcha o‘rmonning xo‘jayini. Lekin O‘razquldaka odamni allaqachon daryoga uloqtirish kerakligi hech kimning xayoliga ham kelmaydi.
Qosh qoraydi. Halizamon qorong‘i tushadi.
Bolaga birinchi portfel olib berilgan kuni ana shunday o‘tdi.
U uxlash oldidan portfelini qo‘ygani joy topmasdi. Oxiri bosh tomoniga qo‘ydi. Xuddi shunday
20