Chingiz Aytmatov
OQKEMA
Qissa
Asil Rashidov tarjimasi
BIRINCHI BOB
Uning ikki ertagi bo‘lardi. Biri o‘ziniki bo‘lib, uni hech kim bilmasdi. Ikkinchisini esa bobosi so‘zlab bergandi. Keyin birontasi ham qolmadi. Gap shu xususda.
O‘sha yili u yetti yoshga to‘lib,- sakkizga qadam qo‘ygandi.
Avval portfel sotib olindi. Qop-qora dermantin portfelni ochib-yopganda shiqillaydigan qulfi yaltirab turardi. Yonida mayda-chuyda soladigan kissasi ham bor. Qisqasi, g‘aroyib, ayni paytda oddiy maktab portfeli edi. Hamma narsa, ehtimol, shundan boshlandi.
Bobosi uni ko‘chma do‘kondan sotib oldi. Ko‘chma do‘kon tog‘dagi chorvadorlarga mol sotib, aylanib yurganda, ularga ham, San-Toshdagi o‘rmonchilik qorovulxonasiga ham birrov burilgandi.
U bu yerdan, dara va nishab yo‘llar bo‘ylab tog‘dagi qatag‘on o‘rmonga ko‘tarildi, Qorovulxonada bor-yo‘g‘i uch oila yashaydi. Lekin shunday bo‘lsa-da, vaqti-vaqti bilan ko‘chma do‘kon o‘rmonchilarni ham yo‘qlab turardi.
Uch hovlida yolg‘iz bitta bola bo‘lib, u har safar ko‘chma do‘konni birinchi bo‘lib ko‘rar edi.
- Kelyapti! - deb qichqirdi u eshik va derazaga qarab chopib.- Mashina-magazin kelyapti!
Issiqko‘l bo‘ylaridan bu tarafga cho‘zilgan aylanma yo‘l kela-kelguncha dara, daryo sohili bo‘ylab,
toshloq va o‘nqir-cho‘nqirlardan o‘tib kelardi, Bu yo‘llardan yurish hazilakam ish emas. Qorovultoqqa yetguncha yo‘l pastdan yuqoriga torayib, qiyalab borardi-da, keyin tikka taqir nishablik bo‘ylab o‘rmonchilar hovlisiga tushadi. Qorovultog‘ pgundoq yonginalarida - yozda bola durbindan ko‘lni tomosha qilgani deyarli har kuni o‘sha yoqqa chopardi. U yerdan esa yo‘lda kelayotgan piyoda-yu, otliq, albatta, mashina ham, hamma narsa kaftdagidek ko‘rinib turardi.
O‘sha safar - issiq yoz kunlaridan birida bola o‘z ko‘lobida cho‘milib turgan edi, shunda qiya yo‘lni changitib kelayotgan mashinani ko‘rib qoldi. Ko‘lob daryoning chetroq sayoz joyida, qumloq yerda bo‘lib, bobosi tosh qalab to‘sib bergan edi. Agar shu to‘siq bo‘lmagan-da, kim biladi, balki bola ham allaqachonlar tirik qolmagan bo‘larmidi? Buvisining aytishicha, daryo allaqachon uning suyaklarigacha yuvib, to‘g‘ri Issiqko‘lga eltib tashlarmidi va u yerda baliqlar hamda suvdagi har xil baloi battarlarga yem bo‘larmidi? Hech kim uni qidirib jon koyitmas, dardida kuyib, ado bo‘lmas edi, rost-da, suvda pishirib qo‘yibdimi? Sirasini aytganda, u kimga ham kerak. Hali hozircha bu falokat bo‘lganicha yo‘q. Sodir bo‘lsa, kim biladi, buvisi balki chindan ham uni qutqargani urinib ko‘rmas, kampir tug‘ishgan buvisi bo‘lganda boshqa gap edi, axir, uning o‘zi, o‘gaysan, deb yuradi-ku. O‘gay esa qancha yedirib, qancha ichirma, baribir o‘gayligiga boradi. O‘gay... Agar u o‘gay bo‘lishni istamasa-chi? Xo‘sh, nega endi u o‘gay bo‘lishi kerak? Balki u emas, buvisining o‘zi o‘gaydir?
Lekin bu to‘g‘rida ham, bobosi yasagan to‘siq haqida ham keyinroq gap bo‘ladi.
Shunday qilib, u o‘shanda ko‘chma do‘konni uzokdan ko‘rib qoldi, mashina ketidan to‘zon ko‘tarib, tog‘dan tushib kelayotgan edi. Shunda u quvonib ketdi, o‘ziga portfel olinishini bilgandek quvonib ketdi. Shu zahotiyoq suvdan sakrab chiqdi, chillakdek oyoqlarini ishtonining pochalariga tiqdi-yu, suvning sovuqligidan ko‘karib ketgan badanining ho‘li bilan ko‘chma do‘konning kelayotganini birinchi bo‘lib yetkazish uchun so‘qmoqdan uylar tomon chopib ketdi.
1


Bola butalar ustidan hatlab, sakrab o‘tish qiyin bo‘lgan xarsang toshlarni yonlab o‘tib, na o‘siq o‘tlar, na xarsang toshlar oldida, bular shunchaki narsalar zmasligini bilsa-da, bir daqiqa ham to‘xtamay chopib borardi. Ular ranjib qolishi, hatto chalib yiqitishi ham mumkin edi. «Mashina- magazin keldi. Men keyin kelaman», - yo‘l-yo‘lakay u «cho‘kib yotgan tuya»ga gap qotdi. U bag‘rini yerga berib yotgan sarg‘ish bukri toshni shunday deb atardi. Odatda bola o‘z «tuya»sining yonidan uning o‘rkachini silamasdan o‘tmasdi. Xuddi bobosi dumi cho‘ltoq axta otini shapatilagani kabi, u ham ishning ko‘zini biladigan kishilar singari o‘z «tuya»sining yonidan o‘tib borayotib naridan beri, sen sabr qilib turasan endi, mening ishim chiqib qoldi, deb uni shapatilab qo‘yardi. Uning xarsang toshida «egar» ham tayyor edi. Yarmi oq, yarmi qora bu chavkar toshdagi egarchada xuddi otda o‘tirgandek o‘tirgan bo‘lardi. Yana «bo‘ri» degan tosh bor - bo‘riga juda o‘xshash qo‘ng‘ir, oq oralagan, yoldor va cho‘ng peshanali. Bola uning oldiga pisib emaklab borardi-da, mo‘ljalga olardi. Lekin eng sevimli tosh, bu suv yuvib ketgan qirg‘oqdagi kattakon xarsang «tank» edi. Qarab tursang «tank» qirg‘oqdan otilib chiqadi-yu, daryoni shovqin-suronga solib, to‘lqinlantirib, ko‘piklantirib, yurib ketadigandek. Tanklar kinolarda axir shunday yuradi-ku, qirg‘oqdan suvga otiladi: ketdi! Bola kinolarni kam ko‘rgan, shuning uchun ham ko‘rganlari yodida qattiq o‘rnashib qolgan. Bobosi ba’zan uni kino ko‘rsatgani tog‘ ortidagi - qo‘shni daradagi sovxoz naslchilik fermasiga olib borardi. Shu sababli ham qirg‘oqda daryoni har qachon kesib o‘tishga shay turgan «tank» paydo bo‘ldi. Yana boshqa - «yaxshi» va «yomon» toshlar, hatto «ayyor» va «ovsar»lari ham bor.
O‘tlar orasida ham - «sevimli», «botir», «hurkak» va «yovuz» hamda boshqa har xillari mavjud edi. Chaqirtikan, masalan, - eng birinchi dushman. Bola u bilan kuniga o‘n martalab jang qilgan, chopib tashlagan. Lekin bu jangning oxiri ko‘rinmasdi - chaqirtikan hadeb o‘saverar va ko‘payaverardi. Mana, daladagi pechak gullar, to‘g‘ri, ular ham yovvoyi, shunga qaramay bular eng aqlli va quvnoq gullardir. Ular ertalab quyoshni hammadan ortiq yayrab qarshi oladi. Boshqa o‘tlarga - tong nima, tun nima, baribir. Pechakgullar esa kun ilishi bilanoq ko‘z ochadi, kulib boqadi. Oldin bir ko‘zini, keyin ikkinchisini ochadi, shundan so‘ng bag‘ridagi barcha gullar birin-ketin ochila boshlaydi. Oq, och ko‘k, binafsha va yana har xil rangda... Agar ularning oldida sukut saqlab o‘tirsang, go‘yo bu gullar uyqudan uyg‘onib, allanimalar haqida shivirlashayotgandek tuyuladi. Chumolilar ham buni sezadi. Ular ertalabdan pechakgullar huzuriga chopib, quyosh nurlaridan ko‘zlarini qisib, gullarning o‘zaro nimalar haqidadir shivirlashayotganiga quloq soladi. Balki, ko‘rgan tushlarini so‘ylashayotgandir?
Kunduzlari, odatda tush vaqtiga borib bola serpoya shiroljinlar g‘uj bo‘lib o‘sgan tomonga jo‘nashni yaxshi ko‘rardi. Shiroljin baland bo‘yli, gulsiz, lekin xushbo‘y hidli bo‘ladi. Ular yon-veriga boshqa o‘simlikni yo‘latmay to‘da-to‘da bo‘lib, alohida o‘sadi. Shiroljin - sadoqatli do‘stdir. Ayniqsa, biror ko‘ngilsizlik yuz berib, pinhona yig‘laging kelganda shiroljin ostidan yaxshi panoh topish mumkin. Ular o‘rmon yoqasidagi qarag‘ayzorlar singari yoqimli hid taratib turadi. Shiroljinlar quchog‘i qaynoq va sokin. Eng muhimi - ular osmonni to‘sib qo‘ymaydi. Chalqancha yotda, osmonni tomosha qilaver. Avval ko‘z yoshlari orasidan hech nimani ajrata olmaysan. Keyinchalik esa, bulutlar suzib ketadi va sen o‘ylayotgan narsalar osmonda, ko‘z oldingda aniq namoyon bo‘la boshlaydi. Bu- lutlar yaxshi biladi: ko‘ngling ancha noxush, qayoqlargadir jo‘nab qolging yoki uchib ketging keladi, toki seni topolmay, oh-voh qilishsin: «Eh bolagina, bedarak ketdi-ya, endi uni qaerdan topamiz», deb kuyib yurishsin. Bunday bo‘lmasligi uchun - sen yo‘qolib qolmasliging va jimgina yotib, bulutlardan zavqlanishing uchun sen nimani istasang bulutlar o‘shanga aylanib qoladi. O‘sha birgina bulutning o‘zidan turli-tuman shakllar yuzaga kela boshlaydi. Faqat bulutlar qanday shaklga kirayotganini ko‘rib bilsang bas.
Shiroljinlar tagi jimjit, ular osmonni to‘smaydi. Shiroljinlar mana shunaqa, iliq qarag‘ayzor hidini ufuradi.
U o‘tlar to‘g‘risida ko‘p narsa bilardi. Suv bosadigan pichanzordagi kumushrang supurgi o‘tlarga rahmi kelardi, juda g‘alatida bu supurgi o‘tlar, havoyi juda. Ularning ipakdek mayin popuklari
2


shamolsiz yasholmaydi. Shamolni kutgani-kutgan, shamol qayoqqa essa, o‘sha yoqqa egilib, xuddi buyruqqa bo‘ysungandek, yoppasiga salom beradi. Agar yomg‘ir quyib bersa yoki momaqaldiroq boshlanib qolsa bormi, giyohlar qaerga bosh suqishini bilmay qoladi. To‘lg‘anadi, tiz cho‘kadi, yer bag‘irlab qoladi. Oyoqlari bo‘lganda-yu, ehtimol, ko‘z yetgan joygacha qochib qolisharmidi... Yo‘q, ular o‘zlarini mug‘ambirlikka solyapti. Momaqaldiroq tinsin-a, havoyi supurgi o‘tlar yana shamolning hukmida-shamol qayoqqa essa, ular ham o‘sha yoqqa egila boshlaydi.
Bola yolg‘iz, jo‘ralarsiz mana shu sodda - bayov narsalar qurshovida yashardi, avtolavkagina hamma narsani unutishga, ko‘ringanda chopishga majbur qila olardi. Shuning uchun ko‘chma do‘konni ko‘rgan zahoti hamma narsani unutib, o‘zini o‘sha tomonga otardi. Nimasini aytasan, ko‘chma do‘kon - bu senga allaqanday tosh yoki o‘tlar emas. Unda kishining jonidan bo‘lak hamma narsa bor!
Bola uyiga yetib kelganida ko‘chma do‘kon ham orqa tomondan hovliga yaqinlashib qolgan edi. O‘rmon xo‘jaligi qorovulxonasiga qarashli bu uylar daryoga qaratib solingan. Hovlilar qiyalab qirg‘oqqa tutashar, daryoning narigi qirg‘og‘ida esa o‘rmon suv yuvgan jar chetidan boshlanib, tog‘ga qarab ko‘tarilib ketar edi. Shuning uchun ham o‘rmon xo‘jaligiga qarashli qorovulxonaga yo‘l uylarning orqa tomonidan aylanib kelardi. Bola o‘z vaqtida yetib kelmaganida ko‘chma do‘kon kelganini hech kim bilmay qolardi.
Bu payt erkaklardan hech kim yo‘q, hammalari ertalaboq tarqab ketishgan, ayollar uy ishlari bilan mashg‘ul edi. Bola ochiq turgan eshiklarning oldidan quloqni qomatga keltirib qichqirib o‘tdi:
- Keldi! Mashina-magazin keldi!
Ayollar tipirchilab qolishdi. Yashirib qo‘ygan pullarini topish uchun yugurib qolishdi, uylaridan otilib chiqqanlaricha bir-birlaridan o‘zib ketishdi. Mashina oldiga chopishdi, hatto buvisi uni maqtab qo‘ydi:
- Ko‘zi o‘tkir-da, bizning bolaning!
Bola ko‘chma do‘konni o‘zi boshlab kelganday boshi osmonga yetgan edi. Bu xushxabarni ularga u yetkazgani, birga hovlidan chopib chiqqani, eshigi ochiq turgan avtofurgon oldida ular bilan tiqilishib turganidan xursand edi. Lekin ayollar bu yerda uni tez unutib qo‘yishdi. Unga qarashga vaqt bormidi? Ming xil mol - ko‘z qamashadi. Ayollar bor-yo‘g‘i uch kishi: buvisi, bu yerning eng kattakon kishisi - o‘rmon qorovuli O‘razqulning xotini Bekey (Bekey - onasining opasi, unga xola) va yordamchi ishchi Seydahmadning xotini yoshgina Guljamol qizchasini ko‘tarib olgandi. Bor-yo‘g‘i uch ayol. Lekin ular hovliqib, mollarni shunday titib tashlashdiki, oxiri sotuvchi ularning navbat kutishini va hammalari baravariga javramasliklarini talab qilishga majbur bo‘ldi.
Ammo uning so‘zi ayollarga unchalik ta’sir qilmadi: avval boshida ular bor narsani bir chekkadan tortqilay boshlashdi, keyin tanlashga tushishdi, oxiri tanlaganlarini ham qaytarishdi.
Bir chetga olib qo‘yishadi, o‘lchashadi, bahslashishadi, shubhalanib, bir so‘ragan narsalarini o‘n qaytalab so‘rashadi. Biri yoqmaydi, ikkinchisi qimmat, uchinchisining rangi unchamas... Bola bir chetda turardi. U zerikdi. Zero, u kutgan g‘aroyib narsa yo‘qqa chiqqan, tog‘ yo‘lida ko‘chma do‘konni birinchi bor ko‘rgandagi quvonchi g‘oyib bo‘lgandi. Ko‘chma do‘kon kutilmaganda har xil lash- lushlar tiqilgan oddiy mashinaga aylanib qoldi.
Sotuvchining qovog‘i solina boshladi: bu xotin-xalaj biron narsa sotib olish uchun to‘planishganga o‘xshamaydi. Tog‘ oshib, buncha uzoq manzilga nima uchun ham keldi-a?
Shunday bo‘ldi ham. Ayollar shaxtlaridan qaytib shalvirab qolishdi. Bir oz charchaganday ham bo‘lishdi. Negadir bir-birlarining oldidami yoki sotuvchi oldidami, o‘zlarini oqlashga tutpishdi. Buvi birinchi bo‘lib, puli yo‘qligidan shikoyat qildi. Puli yo‘qning - xaridi yo‘q, Bekey xola eri yo‘qligi sababli kattaroq xarid qilishga botina olmadi. Bekey xola olamdagi hamma ayollar ichra eng baxtsizi - sababi, farzandi yo‘q. Shuning uchun eri O‘razqul mast bo‘lganida uni do‘pposlaydi, bundan bobo ham jabr tortadi: axir Bekey uning qizi-da, Bekey xola mayda-chuyda va ikki shisha aroq oldi, Bekorga oddi, o‘ziga jabr. Buvi o‘zini tutib turolmadi. Sotuvchi eshitmasin deb pichirlab so‘radi.
- Nega o‘z boshingga o‘zing baloni sotib olyapsan?
3


- O‘zim bilaman, - qisqa javob qildi Bekey xola.
- Ahmoq, - yana ham sekinroq, lekin badxoxlik bilan shivirladi buvi. Sotuvchi bo‘lmaganidami, Bekey xolaning boplab adabini berardi. E-he, ularning qarg‘ashganini bir ko‘rsangiz...
Ularning joniga yosh juvon Guljamol oro kirdi. U o‘zining Seydahmadi shaharga tushishga tayyorlanayotganini, pulsiz shaharga borib bo‘lmasligini, shu sababdan pul sarf qilolmasligini sotuvchiga tushuntira ketdi.
Shu tariqa ular ko‘chma do‘kon oldida ivirsib turishdi-turishdi-da, sotuvchi aytgandek, «uch pul»ga narsa xarid qilib, uylariga tarqalib ketishdi. Shu ham savdo bo‘ldimi axir? Sotuvchi jo‘nab ketgan ayollarning orqasidan tupurib qolarkan, tezroq rulga o‘tirib jo‘nab ketish uchun qo‘qitib tashlangan mollarni yig‘ishtira boshladi. Shu payt bolaga ko‘zi tushdi.
- Nimaga turibsan, shalpang quloq? - so‘radi u. Bolaning quloqlari osilgan, bo‘yni ingichka, boshi katta va yum-yumaloq edi. - Biron nima olasanmi? Olsang, tezroq kel, bo‘lmasa hozir yopaman. Puling bormi?
Sotuvchi shunchaki o‘zi, bekorchilikdan so‘radi, lekin bola uzrli javob qildi.
- Yo‘q, amaki, pulim yo‘q, - deb bosh chayqab qo‘ydi.
- Men bo‘lsam puling bormi deb o‘ylabman, - soxta ishonchsizlik bilan gap qotdi. - Siz bu
yerdagilar hammangiz boysizlar, lekin o‘zlaringni kambag‘alga solib yurasizlar... Cho‘ntagingdagi nima u, pul emasmi, axir?
- Yo‘q, amaki, - dedi bola oldingidek samimiy va jiddiylik bilan yirtiq cho‘ntagini ag‘darib ko‘rsatarkan (ikkinchisi tikib tashlangandi).
- Demak, pullaring tushib qolibdi-da. Chopgan joylaringni qidir. Topasan.
Ular jim qolishdi.
- Kimning bolasisan? - yana so‘roqqa tuta boshladi sotuvchi. - Mo‘min cholnimi, a? Bola bosh irg‘ab javob qildi.
- Nabirasi bo‘lasanmi?
- Ha, - bola yana bosh silkidi.
- Onang qayokda?
Bola hech nima demadi. Uning bu haqda gapirgisi kelmasdi.
- - - -
Onang o‘zi haqida hech xabar bermaydimi? O‘zing bilmaysanmi? Bilmayman.
Otangni-chi? Uni ham bilmaysanmi? Bola jim qoldi.
E, og‘ayni, qanaqasan o‘zing, hech nimani bilmaysan, - hazilomuz o‘pka qildi sotuvchi. - Ha,
mayli, agar shunday bo‘lsa... Ushla. - U bir siqim konfet uzatdi. - Sog‘ bo‘l.
Bola iymanib turardi.
- Ol, ol. Meni yo‘ldan qo‘yma. Ketishim kerak.
Bola konfetlarni cho‘ntakka solib, ko‘chma do‘konni yo‘lga uzatib qo‘yish uchun mashina
orqasidan chopishga shaylandi. U o‘ta baroq, tanbal ko‘ppagi Baltekni yoniga chaqirib oldi. O‘razqul hamisha uni otib tashlayman, deb do‘q qilib yuradi: bunday ko‘ppakni boqishning nima keragi bor. Bobosi har doim avval bironta ovcharka topish kerak, Baltekni esa biror joyga eltib tashlash lozim, deb sabr qilishni so‘raydi. Baltekning qornidan bo‘lak tashvishi yo‘q. To‘ysa - uxlar, och bo‘lsa, o‘zinikimi, begonami, farq qilmay, duch kelgan kishiga tama bilan suykalanar edi.
Mana shunaqa ko‘ppak edi Baltek. Ba’zida zerikkanidan mashina orqasidan chopib qolardi. To‘g‘ri, uzoqqa bormasdi. Jinday chopgach, orqasiga qaytardi. Dardisar it. Lekin baribir, it bilan chopish yolg‘iz chopishdan yuz marta ma’qul. Har nima bo‘lmasin, itda.
Bola, sotuvchi ko‘rmasin deb, sekingina Baltekka bitta konfet tashladi. «Bilib qo‘y, - ko‘ppakni ogohlantirib qo‘ydi u, - uzoq chopamiz». Baltek unga osilib, dumini likillatardi: yana umidvor edi. Lekin bolaning boshqa konfet tashlagisi yo‘q edi: axir sotuvchini xafa qilib qo‘yishi mumkin, u bir siqim konfetni itga bergani yo‘q-ku.
4


Xuddi shu mahal lop etib bobo kelib qoldi. Chol asalari qutilari tomonga ketgandi. U yerdan uylar orqasida nimalar bo‘layotgani ko‘rinmasdi. Ish o‘ngidan keldi, bobo ayni mahalda ko‘chma do‘kon ketmay turib yetib keldi. Tasodif. Aks holda nabiraga portfel nasib qilmagan bo‘lardi. Shu kuni bolaga baxt kulib bokdi.
Ko‘pni ko‘rgan kishilar keksa Mo‘minni - Mo‘min chaqqon deb atashardi. Bu atrofda uni hamma tanirdi, u ham hammani bilardi. U ochiq ko‘ngilligi, hatto sal-pal biladigan odamiga ham biron yaxshilik qilishga tayyorligi, har kimning xizmatiga hoziru nozirligi, hammaga sadoqati va xushmuomalaligi tufayli shunday laqab olgandi. Ammo tillani tekin tarqatishganda hech kim uchun qadri qolmaganidek, uning jonbozligining qadriga ham hech kim yetmasdi. Uning yoshidagi kishilarga qanday hurmat va izzatda bo‘lishmasin, Mo‘minga hech kim bunday munosabatda bo‘lmasdi. U bilan betakalluf muomala qilishardi. Bug‘u avlodining mashhur oqsoqollaridan birortasining ulug‘ ma’rakalarida Mo‘min bug‘u avlodidan bo‘lib, bu bilan g‘oyatda faxrlanar va o‘z qabiladoshlaridan birontasining ma’rakasidan qolmasdi, unga mol so‘ydirishar, martabali mehmonlarni qarshi olib, otdan tushirish, choy uzatishu o‘tin yorib, suv keltirishgacha hamma ishni unga topshiraverishardi. Turli tarafdan son-sanoqsiz mehmonlarni kutib olish lozim bo‘lgan bunday katta ma’rakalarda ozmuncha tashvish bo‘ladimi? Mo‘minga nima xizmat buyurilmasin, u ana-mana deguncha barini saranjom- sarishta qilar, eng muhimi - boshqalardek bo‘yin tovlayvermasdi. Bu tumonat mehmonlarni kutib va ovqatlantirib jo‘natishi lozim bo‘lgan ovul yoshlari Mo‘minning bu ishlarni qanday qilib joyiga qo‘yayotganini ko‘rib qoyil qolishardi:
- Mo‘min chaqqon bo‘lmasa, biz nima qilardik-a? Ba’zida esa o‘z nabirasi bilan uzokdan kelgan chol choyxonachi yigitga qarashib ketardi. Mo‘minning o‘rnida boshqa odam bo‘lganda bu ishni haqorat deb bilardi, lekin Mo‘min parvo ham qilmaydi.
Keksa Mo‘min chaqqonning mehmonlarga yelib-yugurib xizmat qilishi hech kimni ajablantirmas - shuning uchun ham o‘z nomi bilan Mo‘min chaqqon-da. Mo‘min chaqqon bo‘lishiga o‘zi sababchi. Agar chet odamlardan birontasi ajablanib, - hey qariya, nega xotinlarga dastyorlik qilib yuribsan, bu ovulda yosh yigitlar qurib ketganmi, - deb qolguday bo‘lsa, Mo‘min shunday javob qilardi:
- Marhum mening og‘am edi (u bug‘u avlodining hammasini o‘z og‘asi sanardi. Lekin boshqa mehmonlar uchun ham ular yot emas, «og‘a» edi). Ularning ma’rakasida men xizmat qilmasam kim xizmat qiladi? Biz, bug‘u avlodi, bosh onamiz - Shoxdor ona bug‘udan tarqalganimizdan buyon ana shundaymiz. Karomatli Shoxdor ona bug‘u esa bizga tirikda ham, o‘likda ham do‘stlikni vasiyat qilib qoldirgan.
Mo‘min chaqqon mana shunaqa odam edi!
Keksa ham, yosh ham uni «san»lab gapirar, qaltis hazil ham qilaverishardi - chol beozor zdi, u bilan hisoblashmasa ham bo‘laverardi - chol bezabon edi. O‘z hurmatini talab qilishning uddasidan chiqmagan kishini odamlar oyoqosti qilaveradi, deb bekorga aytishmagan-da. U shuning uddasidan chiqmasdi.
Uning qo‘li gul edi. Duradgorlik, egarchilik qilardi, yoshligidanoq pichan g‘aramlashning ustasi edi, kolxoz uchun shunday g‘aramlar yasardiki, qishda ularni buzishga ko‘z qiymasdi: yomg‘ir uning ustidan xuddi g‘ozning patida sirg‘angandek silliq tushar, qor esa tomning ikki nishabiga tushgandek tushib ketardi. Urushda mehnat frontida Magnitogorskdagi zavodlarning g‘ishtini terdi, staxanovchi bo‘lib shuhrat qozondi. Qaytib kelgach, qorovulxonada yog‘och uy qurdi, o‘rmonchilik bilan mashg‘ul bo‘ldi. Yordamchi ishchi bo‘lib hisoblansa ham, aslida, o‘rmonga ko‘z-quloq edi, uning kuyovi O‘razqulning esa umri ko‘pincha mehmondorchilik bilan o‘tardi. Boshliqlar bostirib keldimi, bas, O‘razqul ularni darhol o‘rmonga boshlar, ov uyushtirar, xullas, hamma narsaga mutasaddilik qilardi... Mollarga ham Mo‘min qarar, asalarilar ham uning bo‘ynida edi. Mo‘minning butun umri erta tongdan qora kechgacha ishda, tashvishda o‘tdi, lekin hurmat talab qilishni o‘rganolmadi.
Mo‘minning tashqi ko‘rinishi ham mo‘ysafid keksalarga o‘xshamasdi. Sipogarchiligi ham, jiddiyligi, badjahlligi ham yo‘q. Oqko‘ngil edi u. Uning qadr topmaydigan bu insoniy xususiyatini bir
5


qarashdayoq payqab olsa bo‘lardi. Bunday qismat hamisha unga: «Oqko‘ngil bo‘lma, yovuz bo‘l! Mana, senga oqibat! Yovuz bo‘l!» deb ta’kidlab kelsa ham, u o‘z xushfe’lligini tashlamaydi. Uning yuzlari kulimsirab turar, ajinlari qat-qat edi. Ko‘zlari esa har doim: «Nima istaysan? Biror og‘iringni yengil qilaymi? Men tayyorman, faqat aytsang bas, nimaga muhtojsan?» - degandek mo‘ltirab turardi.
Burni ham yumshoq, o‘rdaknikiday yalpoq, bamisoli kemirchagi yo‘qday. Bo‘yi ham ko‘p baland emas, o‘smirlarday chaqqongina chol. Soqol nima degan gap - shu ham nasib qilmagandi. Qip-qizil ko‘sa. Yaydoq iyagida ikki-uchtagina sariq tuk bor, xolos. Bor-yo‘q soqol shu.
Bot-bot yo‘lda basavlat cholga duch kelasan-u soqoli ko‘ksiga tushgan, keng-mo‘l po‘stinining yoqasiga ser-bar barra qoplangan, boshida qimmatbaho telpak, ostida egarlari kumushdan arg‘umoq - bir qarasang donishmand, bir qarasang payg‘ambar, bunday kishiga ta’zim qilgani hech tortinmaysan, bunday kishi hamma joyda izzatda! Mo‘min esa faqat Mo‘min chaqqon bo‘lib tug‘ilgan. Ehtimol, uning yolg‘iz ustunligi shunda ediki, u qanday o‘tirdim, bilib gapirdimmi, qanday javob qildim, qanday kulimsiradim deb tashvishlanmas, birovlarning oldida obro‘si to‘kilishidan cho‘chimasdi. Mo‘min mana shu ma’noda, o‘zi sezmagan holda, kamdan-kam uchraydigan baxtli odam edi. Ko‘p odamlarni kasallik emas, o‘z nazdida o‘zligidan kattaroq qo‘yishdek xudbinlik, alamzadalik balosi kemirib ado qiladi. (Dono, boobro‘, xushro‘y, buning ustiga qattiqqo‘l, adolatli va jasur degan nom chiqarishni kim istamaydi?..)
Mo‘min esa bunday emasdi. U afandife’l edi va unga afandiga muomala qilgandek muomala qilishardi.
Faqat bir narsa Mo‘minni qattiq xafa qilishi mumkin edi: birontasining ma’rakasini o‘tkazish uchun qarindoshlar to‘planadigan kengashga uni chaqirishni unutib qo‘yishsa... U qattiq ranjir va buni unutolmay azob chekardi, gap - uni chetlab o‘tganlarida emas, u kengashda baribir hech nimani hal qilmas, faqat qatnashardi, xolos. Buning boisi qadimiy urf-odatning poymol bo‘lgani edi.
Mo‘minning o‘z tashvishlari bor, u bularning azobini tortardi, oqshomlarni ko‘z yoshi bilan o‘tkazardi. Begonalar bundan deyarli xabarsiz. Yaqin kishilari esa bilishardi.
Mo‘min nabirasini ko‘chma do‘kon oldida ko‘rgandayoq uning nimadandir xafa ekanligini darhol fahmladi.. Sotuvchi musofir bo‘lgani uchun chol dastlab u bilan so‘rashdi. Egardan tezgina sakrab tushib, darhol ikki qo‘lini sotuvchiga uzatdi:
- Assalomu alaykum, katta savdogar! - dedi u yarim hazil, yarim chin. - Karvoning omon-eson yetib keldimi, savdo-sotig‘ing yaxshi bo‘lyaptimi? - Mo‘min ochiq ko‘ngillik bilan sotuvchining qo‘llarini silkitdi. - Qancha suvlar oqib o‘tdi ko‘rishmaganimizdan beri. Xush ko‘rdik!
Sotuvchi uning so‘zlari va ko‘rimsiz kiyim-boshi ustidan takabburona kulib qo‘ydi - o‘sha-o‘sha beso‘naqay kirza etik, kampir tikkan bo‘z yshton, titilib ketgan kamzul, yomg‘ir va oftobda sarg‘ayib ketgan kigiz qalpoq. Sotuvchi Mo‘minga javob qildi:
- Karvon but. Faqat shunisi chatoqki, savdogar bu yoqqa kelganda, dumingizni tutqazmaysiz, o‘rmonga, qirga qochasiz. Xotinlaringizga bir tiyinni o‘n joyidan tugib saqlab qo‘yishni tayinlaysiz. Bu yerda molni uyub tashlasang ham biron kishi bir tiyin chiqargisi kelmaydi.
- Aybga qo‘shma, qadrdon, - xijolatomuz kechirim so‘radi Mo‘min. - Sening kelishingni bilganimizda ketmasdik. Pulni aytadigan bo‘lsang, yo‘qni yo‘ndirib bo‘lmaydi. Mana kuzda kartoshkalarni sotamiz...
- Gapir-a, - uning so‘zini bo‘ldi sotuvchi. - Siz qurumsoq boylarni yaxshi bilaman. Tog‘da yashaysiz, yer, pichan istaganingcha. Chor atrofing o‘rmon - uch kunda aylanib chiqolmaysan. Moling bormi? Asalaring bormi? Hammasi bor. Bir tiyin ustida esa azon aytasan. Mana, xarid qil, shoyi ko‘rpa, tikuv mashinasidan bitta qoldi...
- Xudo haqqi, bunaqa pul yo‘q menda, - o‘zini oqladi Mo‘min.
- Shu gaplarimga ishonadi deb o‘ylaysanmi? Qurumsoq chol, pul yig‘asan. Xo‘sh, qaerga olib ketasan?
- Xudo haqqi, yo‘q. Shoxdor ona bug‘u haqqiga qasam ichaman!
6