ovozini olib kelgan eding.
— Sahroning va shamolning tilida gaplashishni senga kim o‘rgatdi?
— Mening yuragim, — javob qildi Santyago.
Shamolning nomi ko‘p edi. Bu yerda uni “sirokko” deyishadi, arablar uni sersuv va
qoratanli odamlar yashaydigan o‘lkalardan yeladi, deb o‘ylashadi. Santyagoning yurtida
esa uni “levantinlik” deyishadi, chunki bu shamol sahro qumlarini va mavrlarning
jangovar hayqiriqlarini olib keladi, deb o‘ylashgan. Ehtimol, qo‘ylar uchun yaylov yo‘q
uzoq mamlakatlarda odamlar bu shamol Andalusiyada tug‘iladi, deb hisoblashgan. Biroq
shamol hech qaerda tug‘ilmaydi va hech qaerda o‘lmaydi, shu boisdan ham u sahrodan
qudratliroq. Chunki sahroda nimadir ko‘kartirishga odamlar qodir; ular sahroda qo‘ylarni
ham ko‘paytira olishadi, biroq shamolni o‘z izmlariga sola olishga ularning qurbi
yetmaydi.
— Sen shamolga aylana olmaysan, — dedi shamol. — Sen bilan bizning aslimiz boshqaboshqa.
— Noto‘g‘ri, — javob qildi Santyago. — Men sen bilan birga dunyo kezganimizda, menga
alkimyo sirlari ayon bo‘ldi. Endi menda shamol ham, sahro ham, okean ham, yulduzlar
ham, Olamda bino bo‘lgan hamma narsa jam bo‘lgan. Bizni — senu meni bir qo‘l bino
etgan va bizning qalbimiz ham bitta. Men senday bo‘lishni xohlayman, har qanday
kavakka kirishni, dengizlar ustida yelishni, xazinamni bekitib yotgan qum barxanlarini
to‘zitishni, sevgilimning ovozini olib kelishni istayman.
— Bir safar men sening Alkimyogar bilan gaplashganingni eshitdim, — dedi shamol. — U
har kimning o‘z Yo‘li bor, dedi. Odam shamolga aylanmasligi kerak.
— Bir necha lahzaga bo‘lsa-da senga aylanishni o‘rgat. O‘shanda odamning va
shamolning cheksiz imkoniyatlarini muhokama qilamiz.
Shamol qiziquvchan edi — bunaqasini hali uchratmagandi. Uning ana shu masalada
tortishgisi keldi, biroq u chindan ham odamni shamolga aylantirishni bilmasdi. Aslida esa
juda ko‘p narsaga qodir! Sahroni paydo qila olardi, kemalarni cho‘ktirardi, asrlik
daraxtlarni va hatto butun bir o‘rmonni qulatardi, musiqa yangrab turgan, tushunarsiz
tovushlar taralib turgan shaharlar uzra yelib o‘tardi. Olamda hamma narsaga qurbim
yetadi, deb hisoblagan shamolga endi bu bolakay o‘z xohishini ro‘kach qilib, buni ham
amalga oshirishga qobilsan, deb qistayotir.
— Bu “sevgi” deyiladi, — dedi Santyago, shamol o‘zining iltimosini bajarishiga ishonib.
— Agar sevsang, xohlagan narsaga aylana olasan. Agar sevsang, nimalar bo‘layotganini
tushunishga mutlaqo hojat yo‘q, zero, hamma narsa bizning botinimizda kechadi,
demak, odam shamolga bemalol aylana oladi. Albatta, shamol unga yordam bersa.
Shamol mag‘rur edi, shu bois Santyagoning gaplari uni ranjitdi. U kuchli esa boshladi,
sahro qumlarini to‘zitdi. Biroq oxir-oqibat, garchi butun dunyoni kezgan esa-da, odamni
shamolga aylantira olmasligini tan olishga majbur bo‘ldi. Sevgini ham bilmasligiga iqror
bo‘ldi.
— Men odamlarning sevgi haqida gapira turib, osmonga tikilishlariga ko‘p bor guvoh
bo‘lganman, — dedi shamol, o‘z ojizligini tan olganidan jazavasi qo‘zib. — Ehtimol, sen
ham osmonga murojaat qilarsan, a?
— Bu ham bir fikr, — ma’qulladi Santyago. — Faqat sen menga yordamlash: changto‘zon ko‘targin, men quyoshga qaray olay va ko‘zlarim qamashmasin.
Shamol yanada kuchli esdi, osmon qum to‘zoni bilan qoplandi va quyosh oltin barkashga
aylandi.
Qo‘nalg‘adan turib kuzatayotganlar hech narsani ajrata olishmadi. Sahro odamlari
shamolning bu qilig‘ini bilishar va uni “samum”, deb atashardi. Ular uchun bu dengiz
bo‘ronidan-da dahshatli edi, vaholanki, ular umr bo‘yi dengizda bo‘lishmagandi. Otlar

61
kishnab yubordi, qum zarralari qurol-yarog‘ga urilib g‘ichirladi.
Harbiy sardorlardan biri qabila boshlig‘i tomon burilib dedi:
— Yetarli bo‘ldi, chamamda?
Ular Santyagoni ko‘rmasdi. Yuzlari oq ro‘mol bilan ko‘zlarigacha burkangan, ko‘zlarida
qo‘rquv qotib qolgan.
— Buni to‘xtatish kerak, — dedi boshqa bir harbiy sardor.
— Mayli, Olloh o‘zining jamiki qudratini namoyon etsin, — javob qildi qabila boshlig‘i. —
Men odam qanday qilib shamolga aylanishini ko‘rishni istayman.
Biroq qo‘rqqanini sezdirganlarning ismini u eslab qoldi. Va shamol tingach, ikkalasini
ham mansabidan olib tashlashga qaror qildi, zero, sahroda qo‘rqish yaramaydi.
— Shamol menga seni sevgini biladi deb aytdi, — Quyoshga murojaat qildi Santyago. —
Shunday bo‘lsa, Olam Qalbini ham bilishing kerak — axir, Olam Qalbi sevgidan bino
bo‘lgan.
— Bu joydan menga Olam Qalbi ko‘rinib turadi, — javob qildi Quyosh. — U mening
qalbimga murojaat etadi va biz birgalikda o‘t-o‘lanni o‘sishga, qo‘ylarni esa soya joylarni
qidirib topishga majbur etamiz. Bu joyda turib — bu joy sizlarning dunyongizdan juda
olisda — men sevishga o‘rgandim. Bilaman, agar Yerga ozgina yaqinlashsam, jamiki
jonzot halok bo‘ladi va Olam Qalbi barham topadi. Va biz uzoqdan bir-birimizga
termilamiz, uzoqdan turib bir-birimizni sevamiz. Men Yerga hayot va issiqlik
bag‘ishlayman, Yer esa — mavjudligimning mohiyatini ta’minlaydi.
— Sen sevgini bilasanmi? — takror so‘radi Santyago.
— Olam Qalbini ham bilaman, chunki koinotni tinimsiz kezib, biz u bilan ko‘p
gaplashamiz. U menga o‘zining asosiy muammosini gapirib berdi: hozirgacha faqat
toshlar va giyohlar olamdagi hamma narsalarning yagonaligini tushunadi. Shu bois
temirning misga o‘xshashi, misning esa oltindan farq qilmasligi talab etilmaydi. Bu
yagona olamda har narsaning o‘zining aniq vazifasi bor va agar bularni bitgan Qo‘l
Ijodning beshinchi kunida to‘xtaganida, barisi bir yagona Simfoniyaga uyg‘unlashardi.
Biroq oltinchi kun ham bor edi.
— Sen donosan, — javob qildi bo‘zbola, — chunki hammasini uzoqdan ko‘rib turasan.
Biroq sen sevgi nimaligini bilmaysan. Agar odam paydo bo‘lmaganida Ijodning oltinchi
kuni ham bo‘lmasdi. Mis misligicha qolaverardi, qo‘rg‘oshin — qo‘rg‘oshinligicha. Ha, har
narsaning o‘z Yo‘li bor, biroq bu yo‘l payti kelib bosib o‘tiladi. Shuning uchun nimagadir
aylanmoq kerak, yangi Yo‘lni boshlash lozim. Va olam Qalbi chindan yaxlitlik kasb
etguncha yo‘lni davom etish zarur.
Quyosh bir zum o‘ylanib qoldi va yorqin nur socha boshladi. Bu suhbatdan huzur tuygan
shamol ham, Santyagoning ko‘zini qamashtiradigan nurlardan asrab, kuchli esa
boshladi.
— Alkimyoning mavjudligi shundanki, — davom etdi Santyago, — har kim o‘z xazinasini
qidirsin va topsin, shundan so‘ng burungisidan ko‘ra yaxshi bo‘lishni xohlasin.
Qo‘rg‘oshin o‘z vazifasini dunyoga kerak bo‘lgunigacha ado etadi, shundan so‘ng u
oltinga aylanishi lozim. Alkimyogarlar shunday deyishadi. Va ular shuni dalillab
berishadiki, biz oldingidan ko‘ra yaxshi bo‘lishga intilgan vaqtda tevarak-atrofimiz ham
yaxshi bo‘lib boradi.
— Mening sevgini bilmasligimni qayoqdan olib aytayapsan? — so‘radi Quyosh.
— Chunki sevganingda bir joyda, sahroga o‘xshab, turib bo‘lmaydi, dunyo bo‘ylab,
shamolga o‘xshab izg‘imaydi, senga o‘xshab hamma narsaga uzoqdan qaramaydi. Sevgi
— bu kuch, u Olam Qalbini yangilaydi va yaxshilaydi. Men ilk bor unga
uyg‘unlashganimda, u menga mukammal bo‘lib ko‘rindi. Keyin men ko‘rdimki, u —
bizning barimizning aksimiz ekan, unda o‘z ehtiroslarimiz jo‘sh urarkan, o‘z urushlarimiz

62
kecharkan. Uni biz oziqlantiramiz va biz yashayotgan yerning yaxshilikka yoki
yomonlikka yuz burishi bizning yaxshi yoki yomon bo‘lishimizga bog‘liq. Ayni mana shu
joyda sevgi kuchi ish beradi, zero, sevsang yaxshi bo‘lishga intilasan.
— Xo‘sh, mendan nima istaysan?
— Shamolga aylanishimga yordam ber.
— Tabiatga ayonki, olamda mendan-da dono hech kim yo‘q, — javob qildi Quyosh, —
biroq men ham sening qanday qilib shamolga aylanishingni bilmayman.
— Endi men kimga murojaat qilay?
Quyosh bir zum o‘ylanib qoldi: suhbatni eshitgan shamol darhol butun dunyoga olam
chirog‘ining donoligi chegarasiz emas ekan, deya xabar tarqatadi. Qolaversa, Olam Tilida
gapirib turgan bu bo‘zboladan ham qochish aqldan emas.
— Yordamni Hammasini Bitgan Qo‘ldan so‘rab ko‘r, — dedi Quyosh.
Shamol shodon qiyqirdi va behad kuch bilan esa boshladi. Bir necha chodirlar qulab
tushdi, qoziqqa bog‘langan otlar yuganini uzdi, qoyadagi odamlar uchib tushib ketmaslik
uchun bir-birlariga qapishib olishdi.
Santyago Hammasini Bitgan Qo‘lga o‘girildi va shu damdayoq Olam sukutga cho‘mdi. U
jimlikni buzishga jur’at etolmadi.
Keyin Sevgi kuchi uning yuragidan toshdi va bo‘zbola ibodatga kirishdi. U ibodatida hech
narsa tilanmadi, biror-bir so‘z demadi, qo‘ylari yaylovli bo‘lgani uchun shukrona aytmadi
ham, billur do‘koniga ko‘proq xaridor kelishini-yu, o‘zi sahroda uchratgan qiz uni
kutishini ham o‘tinib so‘ramadi. Atrofga cho‘kkan jimlikda u Qo‘l tomonidan kiritilgan
belgilarni sahro, shamol va quyosh ham qidirayotganini tushundi. Bo‘zbola bu belgilar
butun Yer yuzi va koinotga tarqalib ketganini tushundi va sirtdan qaraganda ularning
hech qanday ahamiyatli jihati yo‘qligini angladi. Na sahro, na shamollar va na odamlar
ularning nima maqsadda yaratilganini bilishmaydi. Faqat Hammasini Yaratgan Qo‘lning
bunga aloqasi bor va faqat U mo‘’jiza yaratishga: okeanlarni sahrolarga, odamni —
shamolga aylantirishga qodir. Zero, Uning yolg‘iz o‘zi Olam olti kunlik Ijod jarayonida
Buyuk Ijod mahsuliga aylanishini tushunardi.
Bo‘zbola Olam Qalbiga uyg‘unlashdi va ko‘rdiki, Olam Qalbi — Tangri Qalbining bir
bo‘lagi, xolos, Tangri Qalbi esa uning o‘zining qalbi. Va, demak, u mo‘’jizalar yaratishga
qodir.
O‘sha kuni samum har qachongidan-da kuchli esdi. Shamolga aylangan bo‘zbola va bu
shamolning butun qo‘nalg‘ani yer bilan yakson qilguday quturib, kimsan qabila
boshlig‘ining o‘zini maydonga chorlagani haqidagi rivoyat avloddan avlodga o‘tib yuradi.
Shamol tingach, hamma bo‘zbola turgan joyga qaradi, biroq u yo‘q edi. U qo‘nalg‘aning
narigi boshida, yarmi qumga ko‘milgan qo‘riqchining yonida o‘tirardi.
Sehrli Kuch hammani qo‘rqitdi. Faqat ikki kishi kuldi: shogirdidan ko‘ngli to‘lgan
Alkimyogar va qabila boshlig‘i — u bo‘zbolaning Tangri taolo qudratini anglaganini
tushundi.
Ertasi kuni u Santyago bilan Alkimyogarni to‘rt taraflaring ochiq, deya qo‘yib yubordi,
ularni kuzatib qo‘yish uchun jangchilaridan birini qo‘shdi.
Ular otda kun bo‘yi yo‘l bosishdi, qosh qoraya boshlaganda esa Alkimyogar jangchini
ortiga qaytardi va egardan tushdi.
— Naryog‘iga yolg‘iz o‘zing ketasan, — dedi u Santyagoga. — Ehromlargacha uch soatli
yo‘l qoldi.
— Rahmat senga, — javob qildi bo‘zbola. — Sen meni Umum Tiliga o‘rgatding.
— Men senga o‘zing biladigan narsani eslatdim, xolos.

63
Alkimyogar koptlar ibodatxonasining darvozasini taqillatdi. Qora libosda ruhoniy chiqib
keldi, ular koptchada qisqagina nima haqdadir gaplashib olishdi va Alkimyogar
Santyagoni ichkariga taklif qildi.
— Seni menga yordam beradi, deb aytdim.
Ibodatxona oshxonasida Alkimyogar o‘choqqa o‘t yoqdi. Ruhoniy bir bo‘lak qo‘rg‘oshin
olib keldi va Alkimyogar qo‘rg‘oshinni temir idishga solib, olovga qo‘ydi. Qo‘rg‘oshin
erigach, u cho‘ntagidan sariq shisha tuxum chiqardi, undan to‘g‘nog‘ichning boshiday
bo‘lakchani ushatib mumladi va erigan qo‘rg‘oshinga tashladi.
Suyuqlik qonday qizil tusga kirdi. Alkimyogar qozonchani olovdan oldi va sovushi uchun
chetga qo‘yib, ruhoniy bilan sahrodagi urush haqida gurunglashdi.
— Uzoq davom etar-ov, deb qo‘rqaman, — dedi u.
Ruhoniy afsuslandi: urush bois karvonlar qachondan beri G‘izoda turib qolishdi. “Bari
Tangrining irodasi bilan”, — qo‘shib qo‘ydi u itoatkorona ohangda.
— To‘g‘ri, — dedi Alkimyogar.
Nihoyat qozoncha sovigach, Santyago bilan ruhoniy hayratlanib qarab qolishdi: idishda
doira shaklida qotgan qo‘rg‘oshin oltinga aylangan edi.
— Nahotki bir kun kelib men ham shunga o‘rgansam? — so‘radi bo‘zbola.
— Bu mening Yo‘lim edi — mening, sening emas. Men senga buning mumkin ekanligini
ko‘rsatgim keldi, xolos.
Ular yana ibodatxona darvozasiga kelishdi va shu yerda Alkimyogar oltin gardishni to‘rt
bo‘lakka bo‘ldi.
— Bu senga, — dedi u bittasini ruhoniyga uzatib. — Doim ziyoratchilarni ochiqko‘ngillik
bilan kutib olganing uchun.
— O‘zimning ochiqko‘ngilligim uchun juda ko‘p olayapman men, — e’tiroz bildirdi
ruhoniy.
— Hech qachon bunday demagin. Devorning ham qulog‘i bor, hayot keyingi safar
ulushingni kamaytirib qo‘yishi mumkin, — javob qildi Alkimyogar va Santyagoga o‘girildi.
— Mana bu esa senga, qabila boshlig‘i olib qo‘ygan pullaring evaziga.
Bo‘zbola ham bu oltin juda ko‘pligini aytgisi keldi, biroq jim bo‘ldi.
— Bu menga, — davom etdi Alkimyogar. — Men uyga qaytishim kerak, sahroda esa
urush davom etayotir.
To‘rtinchi bo‘lakni qo‘liga olib, u yana ruhoniyga dedi:
— Bu — tag‘in Santyago uchun. Ehtimol, asqotar.
— Axir, men xazinani qidirib ketayapman-ku! — qichqirdi u. — Juda yaqin qoldim ularga!
— Men ham ishonaman, sen ularni topasan, — dedi Alkimyogar.
— Unda menga oltinning nima keragi bor?
— Chunki sen ikki marta boringdan ajralding. Birinchi marta seni tovlamachi aldab ketdi,
ikkinchisida qabila boshlig‘i shildi. Men keksa irimchi arabman, o‘zimizning maqolimizga
ishonaman. Maqol shunday:
“Bir bo‘lgan hodisa, boshqa takrorlanmasligi mumkin. Biroq ikki bor ro‘y bergan hodisa,
albatta, uchinchi marta ham ro‘y beradi”.
Ular otlarga minishdi.
— Senga tushlar tarixidan bir rivoyat aytib bermoqchiman, — dedi Alkimyogar. —
Baqamtiroq yur.
Bo‘zbola bo‘ysundi.
— Shunday qilib, Qadimgi Rimda, mustabid Tiberiya zamonida bir yaxshi odam yashab
o‘tgan, uning ikki nafar o‘g‘li bo‘lgan. Ulardan biri jangchi bo‘lib, saltanatning uzoq chet
hududiga xizmatga otlangan. Ikkinchisi esa Rim ahlini hayajonga solgan she’rlar yozgan.
Kunlardan bir kun chol tush ko‘radi, tushida unga samo farishtasi uchrab, uning

64
o‘g‘illaridan birining so‘zlari butun dunyoda mashhur bo‘lishi va bir necha yuzlab
yillardan keyin ham ularni odamlar takrorlashini bashorat qiladi. Quvonganidan chol
yig‘lab yuboradi: taqdir unga kulib boqqan, har qanday otaga ham nasib
etavermaydigan oliy sevinchni in’om etgandi.
Oradan ko‘p o‘tmay u halok bo‘ladi — og‘ir aravaning g‘ildiragi tagidan bir yosh bolani
qutqaradi, biroq o‘zi g‘ildirak tagida qoladi. Taqvoli umr kechirgani bois, uning ruhi to‘g‘ri
samoga yo‘l oladi va samoda tushida ko‘rgan farishtani uchratadi.
— Sen yaxshi, ezgu inson eding, — deydi unga farishta. — Hayoting mehr-muhabbatga
to‘lug‘ edi, qazoying — izzatli bo‘ldi. Men sening xohlagan tilagingni ado eta olaman.
— Hayot ham mendan ezguliklarini darig‘ tutmadi, — javob qiladi qariya. — Sen
tushimda ko‘ringaningda, qilgan barcha sa’y-harakatlarim behuda emasligini his etdim.
Zotan, o‘g‘limning she’rlari avloddan-avlodga o‘tadi. Men o‘zim uchun hech nima
so‘ramayman, har qanday ota ham o‘zi tarbiyalagan, o‘qitgan farzandi shuhrati bilan
g‘ururlanadi. Shuning uchun men uzoq kelajakda o‘g‘limning she’rlari qanday
jaranglashini bir eshitsam, degandim.
Shunda farishta uning yelkasiga yondashadi va har ikkalasi ko‘z ochib yumguncha uzoq
kelajakda — katta shaharda, notanish tilda gaplashayotgan minglab odamlar orasida
paydo bo‘lishadi.
Qariya quvonganidan yana ko‘ziga yosh oladi.
— Men o‘g‘limning she’rlari asrlar osha yashashini bilardim, — deydi u ko‘zlarida yosh
bilan. — Ayt-chi, bu odamlar uning qaysi satrlarini takrorlashayotir.
Farishta mehribonlik bilan uni o‘rindiqqa o‘tirg‘izadi va o‘zi ham uning yoniga o‘tiradi.
— Sen aytayotgan she’rlar butun Rimda shuhrat qozongan edi, ularni hamma yod bilar,
aytib huzur qilardi. Biroq Tiberiyaning podsholigi tugagan va she’rlar ham unutilgan.
Odamlar sening boshqa o‘g‘lingning—jangchi o‘g‘lingning so‘zlarini takrorlashayotir.
Qariya farishtaga taajjublanib tikilib qaradi.
— U uzoq bir hududda xizmat qildi, — davom etdi farishta. — Yuzboshi bo‘ldi. U ham
adolatparvar va bag‘rikeng inson edi. Bir safar qullaridan biri kasal bo‘lib qoladi — o‘lim
holatiga tushadi. Sening o‘g‘ling qaerdadir bir tabib borligini eshitib, o‘sha odamni izlab
ketadi. Yo‘l-yo‘lakay bu odam — Xudo O‘g‘li ekanini biladi. U davolagan odamlarni
uchratadi. Uning ta’limotini eshitadi va garchi o‘zi rimlik yuzboshi esa-da, Uning
e’tiqodiga o‘tadi. Va bir kuni ertalab Uning qoshida hozir bo‘lib, xizmatkori kasal ekanini
aytadi. Va Ustoz — bu odamni shunday atashardi — uning bilan birga borishga
chog‘lanadi. Biroq yuzboshi dindor kishi edi, Ustozning ko‘ziga qarab olib tushunadiki,
hozir u Xudo O‘g‘lining ro‘parasida turibdi. Ana shunda sening o‘g‘ling abadiy unut
bo‘lmaydigan so‘zlarni aytadi. U shunday degan:
“Tashvishlanma, Tangrim, men munosib emasmanki, Sen mening qavatimga
qo‘shilsang. Biroq so‘zingni aytgin va mening xizmatkorim sog‘aygay”.
Alkimyogar otini niqtadi.
— Yerdagi har bir odam, u nima bilanki mashg‘ul bo‘lmasin, dunyo tarixida yetakchi
ahamiyatga ega vazifani ado etadi. Odatda odamlar hatto bu haqda bilishmaydi ham.
Bo‘zbola kuldi. Bir paytlar u hayotning mohiyati haqidagi muammolar cho‘pon uchun bu
qadar muhim bo‘lishini xayoliga ham keltirmagandi.
— Omon bo‘l, — dedi Alkimyogar.
— Omon bo‘l, — dedi javoban bo‘zbola.
Ikki yarim soat otda Santyago sahro bo‘ylab yo‘l bosdi. Yo‘l bo‘yi yuragining aytganlariga
diqqat bilan quloq tutdi. Aynan yuragi unga xazina bekitilgan joyni ko‘rsatishi kerak edi.
“Xazina qaerda bo‘lsa, sening yuraging ham o‘sha yerda”, — degan unga Alkimyogar.

65
Biroq yuragi boshqa narsa haqida gapirdi. Yuragi g‘urur bilan ikki marta ko‘rgan tushini
o‘ngga aylantirish niyatida qo‘ylarini tashlab safarga chiqqan cho‘pon tarixini hikoya
qildi. O‘z Yo‘lini va uni yengib o‘tganlar — yangi yerlarni yoki go‘zallarni qidirib safarga
otlanganlar va o‘z zamondoshlarining ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlariga, aqidalariga jur’at bilan
qarshi bora olganlar, buyuk o‘zgarishlaru kitoblar haqida hikoya qilardi.
Santyago barxanni yonbag‘irlab ko‘tarilayotgan paytdagina yuragi shivirlab dedi:
“Hushyor bo‘l. Sen yig‘lab yuboradigan joyda men bo‘laman, demakki, sening xazinang
ham o‘sha joyda bo‘ladi”.
Bo‘zbola asta-sekin ko‘tarildi. Yulduzlar sochilgan osmonda yana to‘lin oy ko‘rindi — u
sahro bo‘ylab bir oydan beri yo‘l yurayapti. Oy barxanni yoritdi va barxanlardan tushgan
soyalar dengiz to‘lqinlariga o‘xshab tuyulardi, shunda Santyago Alkimyogar bilan
xayrlashib, yuganni tashlab otini qo‘yib yuborgan kunni esladi. Oy sukutga cho‘mgan
sahroni va xazinani qidirayotganlar bosib o‘tgan yo‘lni yoritardi.
Bir necha soniya o‘tib, tepaga ko‘tarilganda uning yuragi jon-jahdi bilan ura boshladi.
Ro‘parasida, oy nurida va oppoq qumlar shu’lasida ehromlar qad rostlab turardi.
Santyago tiz cho‘kdi va yig‘lab yubordi. U Ollohga o‘z Taqdiriga ishonch uyg‘otgani, uni
Malkisidq bilan, billur Sotuvchi, angliyalik va Alkimyogar bilan duch keltirganiga
shukronalar aytdi; muhimi, unga sahro ayoli bilan uchrashish nasib etdi, bu ayol esa
sevgi hech qachon kishini O‘z Yo‘lidan adashtirmasligiga uni ishontirdi.
Mingyilliklar ehromlar yuksakligidan bo‘zbolaga qarab turardi. Endi u, agar xohlasa,
vohaga qaytishi, Fotimaga uylanishi, qo‘y boqib yurishi mumkin. Sahroda Umum Tilini
biladigan, qo‘rg‘oshinni oltinga aylantira oladigan Alkimyogar ham yashagan-ku.
Santyago o‘z san’atini namoyish qiladigan, donoligi bilan lol qoldiradigan odam yo‘q: O‘z
Taqdiri yo‘lidan borib, u o‘ziga kerakli hamma narsaga o‘rgandi, orzu qilganlarini
boshidan kechirdi.
Biroq, eng muhimi, u o‘zining xazinasini qidirdi, zotan, har qanday ish maqsadga to‘la
erishilgandagina bitgan hisoblanadi. Bo‘zbola tepalikda turar va yig‘lardi, pastga
qaraganida esa ko‘rdi: ko‘z yoshlari to‘kilayotgan joyda go‘ng qo‘ng‘izi o‘rmalab
borayotgandi. Sahro bo‘ylab kezgan vaqt mobaynida Santyago buning Misrda tangri
timsoli ekanidan xabardor bo‘lgandi.
Unga yana bir belgi berildi va bo‘zbola qumni kovlashga kirishdi, biroq avval billur
Sotuvchini esladi va uning haq ekanini tushundi: umr bo‘yi tosh qalagani bilan hech
kimga o‘z hovlisida ehrom qurish nasib etmaydi.
Tun bo‘yi u belgilangan joyda qumni kovladi, biroq hech narsa topmadi. Ehromlar
tepasidan mingyilliklar unga sukut saqlab termulardi. Biroq u yon bermasdi — qumni
o‘raga qaytarib urayotgan shamolga qarshi basma-bas tinimsiz qazirdi. Santyago holdan
toydi, qo‘lini yaraladi, biroq yuragiga ishonaverdi, yuragi unga xazinani ko‘z yoshi
to‘kilgan joydan qidirishni uqtirardi.
U o‘radan toshlarni olib tashlayotgan daqiqada tuyqusdan qadam tovushi eshitildi.
Santyago o‘girilib, odamlarga ko‘zi tushdi — ular bir necha nafar edi, yuzlarini tanitib
qo‘ymaslik uchun yorug‘ga orqalarini berib turishardi.
— Sen bu yerda nima qilayapsan? — so‘radi ulardan biri.
Bo‘zbola javob qilmadi. Uni qo‘rquv bosdi, chunki ayni paytda yo‘qotadigan narsasi bor
edi.
— Bizlar urushdan qochdik, — dedi boshqasi. — Bizga pul kerak. Sen bu yerga nima
yashirding?
— Hech nima yashirganim yo‘q, — javob qildi Santyago.
Biroq qochoqlarning biri uni o‘radan tortib oldi, ikkinchisi cho‘ntaklarini titdi va quyma
oltinni topdi.

66
— Oltin! — qichqirdi u.
Endi oy uning yuzini yoritardi, Santyago qaroqchining ko‘zlarida o‘zining ajalini ko‘rdi.
— U yerda yana bo‘lishi kerak! — dedi boshqasi.
Ular Santyagoni qazishga majbur qilishdi va u bo‘ysunmay ilojsiz edi. Biroq xazinadan
darak bo‘lmadi va qaroqchilar uni do‘pposlay boshlashdi. Do‘pposlash sahar pallasigacha
davom etdi. Ustidagi kiyimi burda-burda bo‘ldi va ajali yetishiga ozgina qolganini his
etdi.
Shu payt Alkimyogarning gapi yodiga tushdi: “Pulning senga nima keragi bor, agar
o‘lishingga to‘g‘ri kelsa? Pul ajalingni bir lahzaga ham kechiktirolmaydi”.
— Men xazina qidirayapman! — baqirdi Santyago.
Yorilib, qoni qotgan lablarini zo‘rg‘a qimirlatib, u qaroqchilarga tushida ikki marta misr
ehromlari poyiga bekitilgan xazinani ko‘rganini gapirib berdi.
Qaroqchilar sardori uzoq jim turdi va keyin sheriklaridan biriga murojaat qildi:
— Uni qo‘yib yubor. Unda boshqa hech narsa yo‘q, bu quymani u biror joydan o‘margan.
Santyago yiqildi. Qaroqchilar sardori uning ko‘ziga qaramoqchi bo‘ldi, biroq bo‘zbolaning
nigohi ehromlarga qadalgan edi.
— Ketdik bu yerdan, — dedi sardor sheriklariga, keyin o‘girilib Santyagoga dedi:
— Men seni shuning uchun tirik qoldirayapmanki, sen bunaqa ahmoq bo‘lish
yaramasligini tushungin. Xuddi o‘sha joyda, hozir sen turgan joyda, mening o‘zim ikki yil
burun ayni bir tushni bir necha marta ko‘rdim. Tushimda ko‘rinishicha, go‘yo men
Ispaniyaga borishim kerak, u yerda bir vayrona cherkov bor emish, unga cho‘ponlar
qo‘ylarini qamab tunarmish, omborxonasida tutanjir o‘sib chiqqanmish, shu cherkovni
qidirib topishim kerakmish. Biroq men tush ko‘rdim, deb sahroda tentirab yo‘l kezadigan
ahmoq emasman.
Shu gapdan keyin qaroqchilar ketishdi.
Santyago azob bilan o‘rnidan turdi va so‘nggi bor ehromlarga qaradi. Ular bo‘zbolaga
tabassum qildi, u ham javoban kulib qo‘ydi va yuragi baxt-saodatga to‘lganini his etdi.
U o‘z xazinasini qo‘lga kiritdi.
XOTIMA
Bo‘zbolaning ismi Santyago edi. U vayron bo‘lib yotgan cherkovga yetib kelganida
allaqachon qorong‘u tushgan edi. Omborxonada hanuz tutanjir ko‘karib turar, o‘yiq
gumbazdan, xuddi burungiday, yulduzlar ko‘rinardi. U bir oqshom otari bilan shu yerda
tunaganini esladi, o‘shanda, ko‘rgan tushini aytmaganda, tun xotirjam o‘tgandi.
Hozir u yana shu yerda. Biroq bu safar qo‘ylarini haydab kelgani yo‘q. Uning qo‘lida
belkurak bor edi.
U osmonga uzoq tikildi, keyin to‘rvadan vino olib, bir qultum ichdi. Bir safar oqshom
sahroda yulduzlarga termilgani va Alkimyogar bilan vino ichgani yodiga tushdi. Orqada
qancha yo‘l qolib ketganini va Tangri unga qanaqa g‘aroyib usul bilan xazinaga ishora
qilganini o‘yladi.
Agar u tushlariga ishonmaganida, lo‘li kampirni, Malkisidqni, qaroqchilarni
uchratmaganida...
“Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Biroq yo‘l belgi-alomatlar bilan ko‘rsatib
qo‘yilgan edi, undan men chetga chiqolmasdim”, — o‘yladi u.
U o‘zi sezmagan holda uxlab qoldi. Ko‘zini ochganida quyosh tepaga ko‘tarilib ketgan
edi. Santyago tutanjirning tagini kovlay boshladi.
“Keksa sehrgar, — o‘yladi u Alkimyogar haqida, — sen barini oldindan bilgansan. Men bu

67
cherkovgacha yetib kelishim uchun oltin quymaning ikkinchi bo‘lagini ham menga
qoldirding. Ruhoniy meni kiyim-kechagim abgor, o‘zimni do‘pposlangan alpozda ko‘rib
kulib yubordi. Sen meni bundan xalos qila olarmiding?”
“Yo‘q, — u shamolning shitirlagan ovozini yaxshi eshitdi. — Agar men seni
ogohlantirganimda, sen ehromlarni ko‘rmasding. Ular chindan ham juda go‘zal,
to‘g‘rimi?”
Bu Alkimyogarning ovozi edi. Bo‘zbola kuldi va qazishni davom ettirdi. Yarim soatcha
vaqt o‘tib, belkurak allaqanday qattiq narsaga urildi, tag‘in bir soatlardan so‘ng
Santyagoning oldida qadimgi tilla tangalar bilan liq to‘la chiroyli sandiqcha turardi.
Sandiqchada tag‘in qimmatbaho toshlar, oq va qizil patlar bilan bezatilgan oltin niqoblar,
zumrad qoplangan tosh sanamlar bor ediki, jangu jadallarda qo‘lga kiritgan bu o‘ljalarni
g‘olib mamlakat allaqachon unutib yuborgan, o‘ljalar egasi ular haqida farzandlariga
ham hech nima demagan edi.
Santyago to‘rvadan Urim va Tumimni oldi. Ular faqat bir marta, ertalabki payt bozorda
unga asqotgandi: hayot ularsiz ham bo‘zbolaga ishonchli belgilarni ko‘rsatib turdi.
Santyago ularni sandiqchaga soldi — bu ham uning xazinasining bir bo‘lagi: toshlar unga
endi hech qachon uchratmaydigan keksa podshohni eslatib turadi.
“Hayot chindan ham O‘z Taqdiri yo‘lidan boradiganlarni siylaydi, — o‘yladi u va Tarifga
borishi, lo‘li kampirga xazinaning o‘ndan birini berishi lozimligini esladi. — Lo‘lilar
chindan dono! Dunyo bo‘ylab ko‘p kezishlaridan shunday bo‘lsa kerak”.
U yana shamol esayotganini sezdi. Bu “livantinlik” edi, Afrikadan yelardi, biroq bu safar
o‘zi bilan sahro bo‘yini olib kelmadi, mavrlar bosqinini daraklamadi. Endi Santyago sekin
yaqinlashib kelib, lablariga bo‘sa bo‘lib qo‘ngan muattar bo‘yni, mayin tovush va ta’mni
farqladi.
Bo‘zbola tabassum qildi: bu Fotimaning ilk o‘pichi edi.
— Men borayapman, — dedi u, — sening yoningga borayapman, Fotima.