chekamiz”.
— Mening yuragim azob chekishdan qo‘rqadi, — dedi u Alkimyogarga bir oqshom, qopqorong‘u, oysiz osmonga tikilib turib.
— Sen unga uqtir, azob chekishdan qo‘rqish, azobning o‘zidan ko‘ra yomonroq. O‘z
orzularini izlab yo‘lga chiqqan biror-bir yurak azob chekmaydi, zero, bunday izlanishning
har bir daqiqasi — bu Tangri va Abadiyat bilan uchrashuv.
“Har lahza — bu diydor, — dedi Santyago yuragiga. — Qachonki men o‘z xazinamni
izlabman, kunlarning bari sehrli yog‘du bilan yorishgan, zero, men bilardimki, soat sayin
o‘z orzuimning amalga oshmog‘i yaqinlashardi. Qachonki men o‘z xazinamni izlabman,
men yo‘limda hech qachon o‘y-xayolimga kelmagan narsalarni uchratdimki, bundayin
uchrashuvlar cho‘ponlardan jasorat talab etardi”.
Shundan keyin uning yuragi tinchlandi. Oqshom Santyago xotirjam uxladi,
uyg‘onganidan so‘ng yuragi unga Olam Qalbi haqida gapira boshladi. Aytdiki, Tangrini
qalbida olib yurgan odam baxtlidir. Baxtni esa, Alkimyogar gapirgan, o‘sha bir dona
g‘aroyib qum zarrasida topish mumkin. Zotan, ana shu zarrani bunyod etish uchun
Olamga milliard yil kerak bo‘ldi.
“Yerda yashayotgan har qaysi odamni uning xazinasi kutib yotadi, biroq biz — yuraklar
sukut saqlashga odatlanganmiz, chunki odamlar ularni qo‘lga kiritishni xohlashmaydi. Bu
haqda biz faqat bolalarga gapiramiz, keyin esa hayot har kimni o‘z Taqdiriga peshvoz
yo‘llayotganini ko‘ramiz. Biroq, baxtga qarshi, sanoqli kishilargina o‘zlariga buyurilgan
Yo‘llaridan borishadi. Dunyo xavotirga soladi va shu boisdan ham xatarli tus oladi.
Shunda biz, yuraklar, past ovozda, shivirlab gapiramiz. Bizning ovozimiz hech qachon
tinmaydi, biroq so‘zlarimizga quloq tutishlari uchun urinamiz: odamlarning yurakka
quloq tutmay aziyat chekishlarini istamaymiz”.
— Nega yurak kishiga o‘z orzularini amalga oshirish uchun harakat qilish zarurligini
aytmaydi? — so‘radi Santyago.
— U holda yurak azob chekishiga to‘g‘ri keladi, yurak esa azob chekishni xushlamaydi.
Shu kundan boshlab bo‘zbola o‘z yuragini tushuna boshladi. Va bundan keyin agar u o‘z
orzulari yo‘lidan bir qadam chetga chiqsa, siqilib, og‘rib tashvishdan ogoh etishini
yuragidan so‘radi. Ogohni eshitgach, o‘z yo‘liga, albatta, qaytishga qasam ichdi.
O‘sha oqshom u Alkimyogarga bu gaplarning hammasini aytdi. Alkimyogar Santyagoning
yuragi Olam Qalbiga yuz tutganini tushundi.
— Endi men nima qilishim kerak?
— Ehromlarga qarab boraver. Belgilarni ko‘zdan qochirma. Yuraging endi xazina
qaerdaligini ko‘rsatishga qodir.
— Oldinlari menga shu yetishmasmidi?
— Yo‘q. Bilasanmi, senga nima yetishmaganini, — dedi Alkimyogar va tushuntira
boshladi:
— Orzu amalga oshishidan oldin Olam Qalbi orzumand kishi uning saboqlarini to‘la
o‘zlashtirib olganini sinab ko‘rishga qaror qiladi. Olam Qalbi biz o‘z orzularimiz bilan
birga yo‘l-yo‘lakay o‘zimizga berilgan ilmu saboqlarni ola bilishimiz uchun shunday
qiladi. Ayni shu nuqtada aksariyat odamlar jasorat ko‘rsatishdan yuz burishadi. Sahro
tilida buni “voha ko‘zga ko‘ringan chog‘da chanqoqlikdan o‘lish”, deyiladi. Izlanishlar
doimo Xayrli Ibtido bilan boshlanadi. Va mana shu sinov bilan intiho topadi.
Santyago yurtida ko‘p aytiladigan bir hikmatni esladi: “Eng qorong‘u payt — sahar oldi
pallasi”.
Ertasi kuni birinchi marta chinakam xavf-xatarning alomatlari yuz
ko‘rsatdi.Yo‘lovchilarga uch nafar jangchi yaqinlashib kelib, ular bu yerda nima

55
qilishayotganini so‘rashdi.
— Qirg‘iy bilan ov qilayapman, — javob berdi Alkimyogar.
— Biz qurollaring yo‘qligiga ishonch hosil qilmog‘imiz kerak, — dedi uch jangchining
bittasi.
Alkimyogar shoshilmay otdan tushdi. Santyago ham u kabi xotirjam otdan tushdi.
— Nega sen shuncha pulni o‘zing bilan olib yuribsan? — dedi bo‘zbolaning to‘rvasini
titkilayotgan jangchi.
— Bu pullar ehromlarga yetib olish uchun menga kerak.
Alkimyogarni tintuv qilayotgan arab uning yonidan qandaydir suyuqlik solingan kichkina
shisha idish va sarg‘ish, tovuqnikidan sal kattaroq shisha tuxum topdi.
— Bular nima? — so‘radi jangchi.
— Iksir bilan Obi-hayot — alkimyogarlarning Buyuk Ijodi. Kimki Obi-hayotni ichsa,
kasallikka chalinmaydi. Iksirning mayda ushog‘i har qanday metalni oltinga aylantiradi.
Suvorilar o‘zlarini tutolmay, qah-qah urib kulishdi, Alkimyogar ham ularga qo‘shilib
kuldi. Ular Alkimyogarning javobidan huzur qilishdi va hech qanday qarshiliksiz
yo‘lovchilarga yo‘llarida davom etishga ruxsat berishdi.
— Aqldan ozdingmi? — so‘radi Santyago, jangchilardan xiyla uzoqlashgach. — Nega
bunday qilding?
— Nega deysanmi? Senga dunyoda amal qiladigan oddiy qonunni ko‘rsatish uchun, —
dedi Alkimyogar. — Biz hech qachon oldimizda qanaqa xazina borligini tushunmaymiz.
Bilasanmi, nega shunday? Negaki, odamlar umuman xazinaga ishonishmaydi.
Ular yo‘l yurishni davom ettirishdi. Kun sayin Santyagoning yuragi tobora sukut
saqlashga odatlanib borayotgandi: uning na o‘tmish va na kelajak bilan ishi bor edi; u
sahroni tomosha qilish bilan birga bo‘zbola qatori Olam Qalbi chashmasidan bahra
olardi. Ular o‘zaro haqiqiy do‘st bo‘lib olishdi va endi hech qaysi bir-birini sota olmasdi.
Yurak tilga kirgan chog‘dayam, faqat Santyagoning ishonchini mustahkamlash va unga
yangidan kuch-quvvat berish uchun gapirar, zotan, gohida sahro sukunati bo‘zbolani
juda toliqtirib qo‘yardi. Yurak unga birinchi marta uning ajoyib fazilatlari, xususan,
qo‘ylaridan voz kechishga qaror qilganda jur’at ko‘rsatgani va do‘konda ishlab g‘ayratishtiyoqini namoyon etgani haqida gapirdi.
U yana Santyago hech qachon payqamagan bir jihat: o‘ziga xavf solgan xatarlar haqida
ham gapirdi. Yurak otasidan yashirincha olib chiqqan, qayoqdadir qolib ketgan miltiq
haqida gapirdi, bu qurol bilan u o‘zini yarador qilib yoki otib qo‘yishi hech gap emasdi.
Yana bir safar biyday dalada bo‘zbola o‘zini yomon his etgani, ko‘ngli aynib qusa
boshlagani, keyin esa hushini yo‘qotib yiqilib uxlab qolganini yodiga soldi. Ayni o‘sha
paytda ikki nafar daydi o‘zini o‘ldirib, qo‘ylarini haydab ketish niyatida uni poylagan.
Biroq Santyago ha deganda kelavermagach, ular bo‘zbola suruvini boshqa tarafga
haydab ketgan bo‘lishi kerak, deb jo‘nab qolishgan.
— Yurak har doim ham odamga yordam beradimi? — so‘radi u.
— Har kimga ham emas. Faqat o‘z Taqdiri yo‘lidan borayotganga. Va yana bolalarga,
mastlar va qariyalarga.
— Bu degani, ular xavf-xatardan xoli deganimi?
— Bu — atigi ularning yuraklari bor kuchini safarbar etadi, degani.
Bir safar ular o‘zaro dushman qabilalar jangchilari qo‘nalg‘alari yonidan o‘tishdi. To‘rt
tomonda bejirim oq yaktakdagi qurolli odamlar ko‘zga chalinardi. Ular chilim chekishar
va janglar haqida gurunglashardi. Santyago bilan Alkimyogarga biror kishi zarracha
e’tibor qaratmadi.
— Biz xavfdan xolimiz, — dedi bo‘zbola lashkargohni ortda qoldirishgach.
— Yuragingga ishon, biroq o‘zingning sahroda ekaningni bir zum yodingdan chiqarma!

56
Odamlar o‘zaro urushayotganda Olam Qalbiga jang shovqini yetib boradi. Quyosh ostida
ro‘y berayotgan voqealar oqibatidan hech kim qochib qutulolmaydi, — Alkimyogarning
ovozida alam ohangini sezish qiyin emasdi.
“Hammasi — bir butun”, — o‘yladi Santyago.
Shu payt, go‘yo keksa Alkimyogarning haqligiga dalilday, sahroda yo‘lovchilar ortidan
quvib kelayotgan bir juft suvori ko‘rindi.
— Yo‘lni davom ettirishlaring xavfli, — dedi ularga yetib kelgan jangchilardan biri. — Bu
yerda urush ketayapti.
— Biz ko‘p yurmaymiz, — javob qildi Alkimyogar uning ko‘ziga tik qarab.
Jangchilar bir lahza qotib turishdi, keyin esa yo‘lovchilarni o‘tkazib yuborishdi. Santyago
hayratga tushdi.
— Sen ularni ko‘zing bilan qotirdingmi?
— Ko‘zning qarashi ruhning qudratini namoyon etadi, — javob qildi Alkimyogar.
“Ha, bu shunday”, — o‘yladi bo‘zbola, lashkargohni yonlab o‘tishayotganda
jangchilardan biri ularga uzoq tikilib qaraganini eslab. Ular uzoqda edi, hatto o‘sha
jangchining yuzini payqab bo‘lmasdi, biroq baribir Santyago o‘ziga tikilgan nigohni his
etdi.
Va nihoyat, ular ufqni to‘sgan toqqa ko‘tarila boshlaganda Alkimyogar ehromlargacha
ikki kunlik yo‘l qoldi, deb aytdi.
— Garchi yaqin orada xayrlashadigan bo‘lsak ham, meni alkimyoga o‘rgat.
— Sening o‘rganishingga hojat yo‘q. Bu ilm Olam Qalbiga uyg‘unlasha bilishdan va u
yerda o‘zingga tayin etilgan xazinani topishdan iborat ekanini bilasan.
— Men boshqa narsani nazarda tutayapman. Men qo‘rg‘oshinni qanday qilib oltinga
aylantirishni bilishni istayman.
— Olamdagi jamiki mavjud narsalar rivojlanadi, biri boshqasiga aylanadi, — javob qildi
u. — Va donishmandlar fikricha, oltin metall hisoblanadi, bu metall boshqalaridan ko‘ra
uzoqroq rivojlanish, o‘zgarishga yuz tutgan. Nima uchun deb mendan so‘rama —
bilmayman. Men faqat shunday bo‘lganidan xabardorman, xolos. Biroq odamlar
donishmandlarning so‘zlarini buzib talqin qilishgan. Oqibatda oltin rivojlanish, taraqqiyot
timsoli bo‘lish o‘rniga, adovat, nizo belgisiga aylangan.
— Tevaragimizdagi olam ko‘p tillarda gapiradi, — dedi bo‘zbola. — Burun tuyaning
o‘kirgani men uchun shunchaki o‘kirik edi, xolos. Keyin bu xatardan ogoh etuvchi
tovushga aylandi. Va nihoyat — yana o‘kirik bo‘lib tuyuldi, — dedi Santyago, biroq shu
lahzada Alkimyogarga usiz ham hamma narsa ayon ekanini anglab qolib, jim bo‘ldi.
— Men chinakam alkimyogarlarni tanirdim, — davom etdi Alkimyogar. — Birlari o‘z
laboratoriyalaridan chiqmay, xuddi oltin kabi rivoj topmoqchi bo‘lishdi — Iksir shu tariqa
kashf etildi. Zotan, ular qandaydir bir narsa rivojlanayotgan ekan, demak, uning
tevaragidagi bor narsalar ham o‘zgarishini tushunishgan. Boshqa birlari tasodifan Hikmat
Toshini topishdi. Ular qobiliyatdan benasib bo‘lishmagan va ularning qalbi boshqa oddiy
odamlarnikidan ko‘ra sezgir bo‘lgan. Biroq bundaylar juda kamchil. Uchinchi toifa
alkimyogarlar esa faqat oltin izlashgan. Ularga sirni ochish, baribir, nasib etmagan. Ular
qo‘rg‘oshinning ham, misning ham, temirning ham o‘z Yo‘li borligini unutishgan. Zero,
birovning Taqdiriga aralashgan kishi, albatta, o‘zining shaxsiy Yo‘lini yo‘qotadi.
Alkimyogarning ushbu so‘zlari xuddi la’natday eshitildi. Keyin u egildi va yerdan
chig‘anoqni oldi.
— Bir zamonlar bu yerda dengiz bo‘lgan, — dedi u.
— Ha, men sezgandim, — dedi javoban bo‘zbola.
Alkimyogar unga chig‘anoqni qulog‘iga tutishni aytdi. Santyago bolaligida ko‘p marta
shunday qilgandi va hozir yana dengiz shovqinini eshitdi.

57
Dengiz hanuz shu chig‘anoq ichida, demak, u o‘z Taqdiri yo‘lida. Va u chig‘anoqni, toki
sahroda tag‘in to‘lqinlar oqib o‘ynamaguncha, tark etmaydi.
Ular otlariga minishdi va Misr ehromlari tomon yo‘l tortishdi.
Santyagoning yuragi xavfdan ogoh etib belgi bergan chog‘da quyosh mag‘ribga og‘a
boshlagan edi. Ular bu daqiqalarda ulkan qum barxanlari orasida borishardi. Santyago
Alkimyogarga qaradi, biroq u aftidan hech nimani payqamagandi. Besh daqiqada keyin
bo‘zbola oldinda ikki nafar suvorining qorasini aniq-tiniq ko‘rdi. U gapirmoqchi bo‘lib
og‘iz juftlagan ham ediki, ikkita o‘ntaga, o‘nta-yuztaga ko‘paydi va oxir-oqibat
barxanlarni son-sanoqsiz lashkar qopladi.
Suvorilar havorang kiyimda edi. Ularning sallalari qora tasma bilan tang‘ib boylangan,
yuzlari esa ko‘zlarigacha havorang mato bilan bekitilgan.
Hatto uzoqdan ham bu ko‘zlar ruh qudratini namoyon qilib, yo‘lovchilarga o‘limni
daraklardi.
Santyago bilan Alkimyogarni lashkargohga olib kelishdi, chodirga itarib kiritib yuborishdi,
bo‘zbola hali bunaqasini ko‘rmagan edi; ularni qabila boshlig‘iga ro‘para qilishdi. Uning
tevaragida harbiy sardorlari saf tortib turishardi.
— Bular ayg‘oqchilar, — ma’lumot berdi asirlarni boshlab kelganlardan biri.
— Yo‘q. Biz yo‘lovchilarmiz, xolos.
— Uch kun burun sizlarni dushmanlarimiz qo‘nalg‘asida ko‘rishgan. Sizlar qaysidir bir
jangchi bilan gaplashgansiz.
— Men sahro yo‘llarini bilaman va yulduzlarga qarab yo‘l topaman, — javob qildi
Alkimyogar. — Sizlarning dushmanlaring qancha ko‘pligi va ular qay tomonga harakat
qilayotgani menga qorong‘u. Men lashkargohingizgacha o‘zimning do‘stimni kuzatib
keldim.
— Kim o‘zi bu? — so‘radi qabila boshlig‘i.
— Alkimyogar, — javob qildi Alkimyogar. — U tabiatning jamiki kuch-qudratidan
boxabar va senga o‘zining g‘aroyib iste’dodini ko‘rsatishni istaydi.
Santyago miq etmay, qo‘rquv ichida tingladi.
— Musofir bizning o‘lkamizda nima qilib yuribdi, — so‘radi boshqa bir harbiy sardor.
— U sizning qabilaga pul olib keldi, — javob qildi Alkimyogar va bo‘zbola og‘zini juftlab
ulgurmay boshliqqa uning hamyonini uzatdi.
Qabila boshlig‘i indamay oltinni oldi — unga ko‘p qurol sotib olsa bo‘lardi.
— “Alkimyogar” degani nima? — so‘radi harbiy sardorlardan biri.
— Bu tabiat va olamning sirini biladigan odam. Agar xohlasa, u lashkargohingizni birgina
shamolning kuchi bilan yo‘q qiladi.
Arablar kulib yuborishdi. Ular urushning vayron qiluvchi kuchiga ko‘nikishgan edi,
shamolning bunday qudratga egaligiga ishonishmasdi. Biroq ularning yuragiga qo‘rquv
oraladi. Ularning bari sahroyi edi, shu boisdan ham sehrgarlardan cho‘chishardi.
— Buni u qanchalik uddalay bilishini men ko‘rishni istayman, — dedi eng katta boshliq.
— Bizga uch kun muhlat bering. Va mening hamrohim, sizga o‘z kuchini ko‘rsatish
uchun, shamolga aylanadi. Agar buni u uddalay bilmasa, biz hayotimizni sizga
topshiramiz.
— Shunday ham menga tobe bo‘lgan hayotni menga topshirishning hojati yo‘q, — qat’i
javob qildi harbiy boshliq.
Biroq uch kun kutishga rozi bo‘ldi.
Santyago qo‘rquvdan tamom dovdirab qoldi. Alkimyogar uni qo‘lidan tortib chodirdan
olib chiqdi.

58
— Qo‘rqayotganingni ularga sezdirma. Bular jasoratli odamlar, qo‘rqoqlarni yomon
ko‘rishadi.
Shunga qaramay, Santyagoning ancha vaqt tili kalimaga kelavermadi. Ular qo‘nalg‘ada
erkin aylanib yurishdi, arablar faqat otlarini olib qo‘yishdi. Va olam yana bir bor ko‘ptilli
ekanini ko‘rsatdi: burun chek-chegarasiz va ochiq-oydin bo‘lgan sahro endi
qamoqxonaga aylandiki, undan qochishning imkoni yo‘q.
— Sen ularga mening bor pulimni berding! — dedi u. — Hammasini, umrim bo‘yi ishlab
topgan boyligimni!
— O‘lishga to‘g‘ri kelsa, ularning senga nima keragi bor? Sening pullaring umringni uch
kunga uzaytirdi. Odatda pul ajalni bir daqiqaga ham kechiktirolmaydi.
Biroq Santyago dono va’zlarni eshitishdan yiroq, u qattiq qo‘rqqan edi. U qanday qilib
shamolga aylanishni bilmasdi — alkimyogar emasdi.
Alkimyogar esa jangchidan choy opkelishini so‘radi va bo‘zbolaning bilagiga bir necha
tomchi tomizib, allaqanday tushunarsiz so‘zlarni aytdi. Va darhol bo‘zbola vujudini
qo‘rquv-xavotir tark etganini his qildi.
— Ko‘pam afsus chekaverma, — favqulodda erkalagan ovozda dedi Alkimyogar. — Gap
shundaki, hali sen yuraging bilan gaplashib olishga ulgurmagansan.
— Axir, men shamolga aylana olmayman-ku!
— Kimki O‘z Taqdiri yo‘lidan borayotgan ekan, u hamma narsani biladi va uddalay oladi.
Faqat bir narsa orzuning ro‘yobga chiqishiga monelik qiladi— bu omadsizlikdan
cho‘chish.
— Men omadsizlikdan cho‘chimayman. Faqat bilmayman, qanday qilib shamolga
aylanishni.
— O‘rganishga to‘g‘ri keladi. Sening hayoting shunga bog‘liq.
— Agar qo‘limdan kelmasa-chi?
— U holda o‘lasan. Biroq O‘z Taqdiring yo‘lida o‘lmoq, hatto Yo‘lning mavjudligini
xayoliga ham keltirmagan minglab odamlar qatori qazo qilishdan ko‘ra yuz bor afzal.
Xullas, tashvishlanma. Odatda o‘lim xavfi hayotiy kuchlarni va sezgilarni kuchaytiradi.
Birinchi kun o‘tdi. Sahroda katta jang bo‘ldi, yaradorlarni qo‘nalg‘aga keltirishdi. “O‘lim
hech narsani o‘zgartirmaydi”, — o‘yladi Santyago. Safdan chiqqanlarning o‘rnini
boshqalar egallashadi va hayot o‘z maromida davom etaveradi.
— Sen keyinroq o‘lishing ham mumkin edi, do‘stim, — dedi jangchilardan biri o‘zining
halok bo‘lgan birodariga. — Hozir bo‘lmasa, urushdan keyin. Qanday bo‘lmasin, baribir,
ajalga chap berishning iloji yo‘q.
Shomga yaqin bo‘zbola Alkimyogarni izlab ketdi.
— Men shamolga aylana olmayman, — dedi u Alkimyogarga.
— Esla, men senga nima degandim: olam bu Tangrining zohiriy qismi. Alkimyo esa ruhiy
komillikni moddiylashtiradi.
— Sen nima qilayapsan, — so‘radi Santyago.
— Qirg‘iyimni ovqatlantirayapman.
— Shartmi? Agar men shamolga aylana olmasam ikkimizni ham o‘ldirishadi-ku.
— Ikkalamiznimas, seni, — javob qildi Alkimyogar. — Men esa shamolga aylana olaman.
Ikkinchi kuni bo‘zbola qo‘nalg‘a chetidagi qoyaning ustiga chiqdi. Qorovullar uni
qarshiliksiz o‘tkazib yuborishdi: ular shamolga aylana oladigan sehrgar paydo bo‘lganini
eshitishgan va undan chetroq yurishga urinishardi. Qolaversa, sahro harqalay zindondan
tuzukroq.
Santyago oqshomgacha — kun bo‘yi sahroni kuzatdi. Yuragiga quloq tutdi. Sahro esa

59
uning qo‘rquvini uqdi.
Ular bir tilda gaplashishdi.
Uchinchi kuni qabila boshlig‘i o‘zining harbiy sardorlarini yig‘di.
— Ko‘raylik-chi, bu bo‘zbola qanday qilib shamolga aylanarkan, — dedi u.
— Ko‘ramiz — javob qildi Alkimyogar.
Santyago ularni o‘zi kecha kun bo‘yi o‘tirgan joyga olib bordi. Keyin o‘tirishlarini so‘radi.
— Biroz kutishga to‘g‘ri keladi, — dedi u.
— Shoshayotgan joyimiz yo‘q, — dedi qabila boshlig‘i. — Bizlar sahro odamlarimiz.
Santyago ufqqa qaradi. Oldda tog‘lar, qum barxanlari, qoya-toshlar bor; giyoh ko‘karishi
aqlga sig‘maydigan qumloqda ajabtovur yer bag‘irlab o‘t-o‘lanlar o‘sib yotibdi. Uning
ro‘parasida sahro yastanib yotibdi — bir necha oy uni kezdi, biroq baribir sahro siru
sinoatining arzimasgina qismidan xabardor bo‘ldi. Yo‘lida angliyalikni, karvonlarni
uchratdi, qabilalar o‘rtasidagi janglarga guvoh bo‘ldi, ellik ming tub xurmo ko‘karib
turgan va uch yuzta quduqli vohani, Fotimani ko‘rdi.
— Xo‘sh, — so‘radi undan sahro, — senga yana nima kerak? Kuni kecha bir-birimizga
termilib to‘ymaganmidik?
— O‘sha tarafda, sening qum barxanlaring orasida mening sevgan yorim yashaydi, —
javob qildi Santyago. — Senga termilganimda men uni ham ko‘raman. Uning yoniga
qaytgim keladi, buning uchun sening ko‘maging kerak. Men shamolga aylanishim
darkor.
— “Sevgi” deganlari nima o‘zi? — so‘radi sahro.
— Sevgi — bu qum barxanlar ustidagi qirg‘iy parvozi. Uning uchun sen yam-yashil
o‘tloqsan. U sening qoya toshlaringni, sening barxanlaringni, tog‘laringni biladi. Sening
esa unga bag‘ring doimo ochiq.
— Qirg‘iyning tumshug‘i menga azob beradi, — javob qildi sahro. — Mening yillar bo‘yi
yetishtirganim unga o‘lja bo‘ladi, vaholanki, men uni kamchil suvim bilan sug‘oraman,
qornini qaerda to‘ydirishini ko‘rsataman. Keyin esa osmondan sho‘ng‘ib keladi — endi
men qumlarimda hayot borligidan quvonaman degan pallada u yetiltirganimni ilib olib
ketadi.
— Biroq sen uning uchun yetiltirgansan-ku. Qirg‘iyni boqish uchun. Qirg‘iy esa odamni
boqadi. Bir payt kelib odam sening qumlaringni to‘yintiradi va shunda yana hayot
jonlanadi, qirg‘iyga o‘lja paydo bo‘ladi. Olam shunday yaralgan.
— Sevgi deganlari shumi?
— Sevgi deganlari shu. Sevgi o‘ljani qirg‘iyga aylantiradi, qirg‘iyni — odamga, odamni
esa sahroga. Qo‘rg‘oshinni oltinga aylantiradigan, oltinni yer ostiga bekitadigan sir shu.
— Men bu gaplarning ma’nisiga tushunmayman, — javob qildi sahro.
— U holda bir narsani tushun: sening qum barxanlaring orasida meni bir ayol kutayotir.
Va shuning uchun men shamolga aylanishim kerak.
Sahro bir muddat jim qoldi.
— Men senga qumlarimni beraman, shamol ularni quyunga aylantirishi uchun. Biroq bu
kam. Yolg‘iz o‘zim hech nima qilolmayman. Shamoldan yordam so‘ra.
Yengilgina shamol qo‘zg‘aldi. Harbiy sardorlar uzoqdan turib bo‘zbolaning o‘zlariga
tushunarsiz tilda kim bilandir gaplashayotganini kuzatishardi.
Alkimyogar kulimsiradi.
Shamol Santyagoga yaqinlashdi, uning yuziga urildi. Shamol uning sahro bilan
gaplashganini eshitdi, chunki shamollar hamma narsadan xabardor. Ular dunyo kezib
yelib-yugurishadi, ularning tug‘ilgan makoni ham, o‘lim topgan joyi ham yo‘q.
— Menga yordam ber, — dedi unga bo‘zbola. — Bir safar menga sen sevgilimning