O’ n i k k i n ch i b o b
bunday misollar to‘lib-toshib yotibdi. Ko‘pincha rahbarlikni va ta’sirni boy berish fandagi o‘rinni yo‘qotishdan ko‘ra ham dahshatliroq halokatga sabab bo‘lar edi. Nimasini aytasiz, men borib turgan aqidaparast, hokimiyatning malayi bo‘lib ish tutdim, axir o‘sha davrdagi ziyolilarning ko‘pchiligi urushdan so‘ng qiliching bilan tezak chop deganlariday, o‘zlari haqida endi nimalar deyishmasin, xuddi menga o‘xshab kun ko‘rishgan.
Yana ahamiyatiga ko‘ra boshqalardan qolishmaydigan, o‘sha holatda menga xalaqit bergan bir jihat, shaxsiy masala... Tushunib turibman, o‘zimni oqlash uchun aytayotganim yo‘q, shunday bo‘lsa ham... Organizmga har doim fermentlar berib turadigan me’da osti bezi kabi o‘zimning ota-onam noma’lumligi haqida Konyuxanov nima deb o‘ylayapti ekan degan alamli fikr meni to‘xtovsiz siquvga olar va tinchlik bermas edi. Bu fikr menga o‘zimni odamday his qilishimga imkon bermas edi. U buni bilar edimi yoki yo‘qmi, yo bo‘lmasa, o‘zining fikr-xulosalari hamda g‘oyalariga mahliyo bo‘lib, mening kim ekanligimni, nasl-nasabimni butunlay unutib qo‘ydimikin yoki aksincha, tarjimai holimdagi ana shu faktdan – bir vaqtlar Ruza bolalar uyining eshigi yonida qanor matoga o‘rab tashlab ketilgan bolaning tarjimai holi voqeasidan atayin foydalanayo-tirmikin? Aslida men ham ikszurriyotman, tabiiy holda tug‘ilgan bo‘lsam ham, nasl-nasabsiz, urug‘-aymoqsiz o‘shanday odamman, bag‘ritoshlik bilan bo‘lmasa ham sabot-matonat bilan, pinagini buzmasdan ish ko‘radigan, o‘z ishining qattiqqo‘l mutaxassisi, o‘z layoqati hamda vaqtini maqsadni aniq ko‘zlagan faoliyatidan boshqa narsalarga sarflamaydigan xodim deb nom chiqarganman. Hamma narsa shuni ko‘rsatdiki, partiya mafkurachilarini xuddi shu xususiyat qoniqtirar edi ular, ikszurriyotlarning xuddi ana shunday bo‘lishlarini xohlar edilar. Men taqdir taqozosi bilan ikszurriyot bo‘ldim-qoldim. Bu haqda oshkora gapirilmasa ham, men istar-istamas jonli misol, ma’lum darajada timsol bo‘lib qoldim... Buni tushunar edim... Ehtimol, Eski maydondagi eng nufuzli xosxonalardan birida g‘alati his-tuyg‘ular shuning uchun ham o‘sha kuni mening yuragimga g‘ulg‘ula solgandir.
Men o‘zimni bo‘shang, beqaror sezdim: jonim qiynoqda edi. Shunday bo‘lib chiqdiki, shu xonada, o‘zimning ishtirokimda menga qarshi fitna uyushtirildi. Ilmiy tajribalar bilan jinoyat o‘rtasidagi chegara qaerdan o‘tadi, ana shu omonat chiziqni kim ko‘rsata oladi?! Qalbimni shubha kemirar edi: agar bu narsa insoniyatning uzoq davrlardan buyon davom etayotgan avlodlar silsilasida mashaqqatlar chekkan asriy armonlariga qarshi, qo‘rqinchli va bema’ni hayot bilan yashayotgan bo‘lsa ham, avloddan-avlodga takomillashishga chanqoq insoniyatga qarshi – o‘zlariga nasib qilmagan bo‘lsa-da bolalari, nevaralari baxtga erishadilar deb astoydil ishongan ajdodlarning orzu-umidlaridan kelib chiqib, mo‘‘jiza ro‘y berib, xayoliy g‘oyalarning amalga oshishiga insoniyatga qarshi fitna bo‘lsa-chi? Ikszurriyotlar bu yorug‘ dunyoda hamma uchun va har bir kishi uchun avlodlar tajribasining davomi bo‘lmish tarix g‘ildiragining harakatini to‘xtatishi, Otalikka, Onalikka chek qo‘yishi, hamma narsaga barham berishi kerak edi... Asrlar osha ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan va aqlga sig‘maydigan holat: Odam Ato bilan Momo havodan so‘ng ikkinchi marta dunyodan Ota bilan Ona quvg‘in qilindi, quvg‘in qilinganda ham yashirincha, osmoni falakni larzaga keltiradigan momoqaldiroq yanglig‘ nafrat guldiroslarisiz, barcha davrlarda bo‘lganiday nafrat-la’natlarsiz quvg‘in qilindi – ota-onalik burchlarini yo‘qqa chiqarish yo‘li bilan, makkorlik va sekin-astalik bilan homilalarga “hunar ko‘rsatish” orqali quvg‘in qilindi, shu bilan bir qatorda yo‘qlikka quvg‘in qilindi.
Bu voqealarning barchasida bosh qahramon, Otalik va Onalikning ta’qibchisi va ko‘zga ko‘rinmas jallodi sifatida men turar edim.
Shu bilan bir vaqtda tushunar edimki, endi mening rolim, ahamiyatim tobora oshar, zamon quyoshi ostida mening o‘rnim tobora muhim bo‘la borar edi. Ulkan ishni amalga oshirishda dunyo hokimlari menga muhtoj-mute bo‘lishardi.
Men tashlandiqligimning mevasiga to‘yib bo‘ldim. Ehtimol, bu taqdir taqozosidir – oldindan tayyorlangan qandaydir dahshatli stsenariy asosida xuddi ana shu aqlga sig‘maydigan usul bilan dunyodan o‘ch olish uchun meni atayin rag‘batlantirishayotgandir – ikszurriyot bo‘lib tug‘ilganim sababli o‘zim ishlab chiqqan texnologiya asosida ota-onasi noma’lum bo‘lgan ikszurriyotlar avlodini yaratish mening zimmamga tushgandir. Voqealarning shunday kechishi kimgadir juda qo‘l kelgandir –
110
shu paytda lop etib men chiqib qolgandirman.
Eshik oldida xayrlashar ekan, Konyuxanov bunday dedi:
— Andrey Andreevich, sizni bilmayman-u, bu uchrashuvdan men juda katta qoniqish oldim...
Men ham unga taxminan xuddi shunday lutf bilan javob qaytardim. U yana gapni davom ettirdi:
— Bilasizmi, Andrey Andreevich, men bir jihatni tushuntirib qo‘ymoqchiman. Sizga organlardan
o‘rtoqlar murojaat qilishadi, ular haligi masala yuzasidan... – u gapini oxiriga yetkazmadi va davom etdi: – sizga yordam berish uchun ularning o‘z takliflari bo‘ladi. Bular endi tashkiliy masalalar, albatta, xavotir olmasangiz bo‘ladi. Darvoqe, ularda, har qachongiday, hamma narsa o‘ylab, hisob-kitob qilib qo‘yilgan va bu safar ham, aytgan bo‘lur edimki, ishning ko‘zini bilib...
Rostini aytsam, bunday axborot meni tashvishga soldi:
— Vadim Petrovich, — murojaat qildim men Konyuxanovga. — Modomiki o‘zingiz bu haqda gap ochdingiz, buning uchun men sizdan minnatdorman, tilga olingan o‘rtoqlarning ko‘magi nimalardan iborat bo‘lishini shaxsan o‘zingizdan eshitsam yaxshi bo‘larmidi? Aytaylik, tegishli muloqotlarga tayyor bo‘lib turish uchun.
— Xo‘p bo‘ladi, – mening fikrimni o‘qiganday kulib qo‘ydi Konyuxanov. — Siz bilan, Andrey Andreevich, fikrlashishga tayyorman va shunda to‘g‘ri bo‘ladi, roziman. Menda sizning bo‘limingizdan ma’lumotlar bor. Qolganlarini bevosita ish jarayonida bilib olasiz.
Keyinchalik eshitib-bilganlarimiz, sof xizmat yuzasidan olganda, chindan ham maqsadga juda-juda muvofiq bo‘lib chiqdi. O’rtoqlar nima istashlarini yaxshi bilishar va hamma narsani o‘ylab, pishitib qo‘yishgan edi.
Mashinada ketayotib ham shu haqda o‘ylardim. Moskvaning gavjum ko‘chalariga yana nazar tashlar ekanman, Konyuxanov bilan bo‘lgan suhbatni ikir-chikirlarigacha esga oldim, mening laboratoriya mashqlarim qanday qilib birdan davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan o‘ta maxfiy programmaga aylanganidan hayratda qolib borardim.
Nufuzli organlarning loyihalariga qaraganda ikszurriyotlarni ikki bosqichda yetishtirish ko‘zda tutilgan edi. Birinchi bosqich – embrional – inkubatsion bosqich – to‘laligicha va butunlayin, mening institutimga, mening mas’uliyatimga yuklatilgan edi, buning uchun men tegishli huquq va mablag‘lar olar edim. Bu bosqichda eng qiyini laboratoriyada undirilgan noma’lum urug‘ni inkubaning, ya’ni embrionni ko‘tarib yurish uchun, aniqrog‘i, to‘qqiz oylik odatdagiday homiladorlik uchun o‘z organizmini laboratoriya ixtiyoriga topshirgan ayolning bachadoniga implantatsiya qilish (ko‘chirib o‘tkazish) bilan bog‘liqdir. Bola tug‘ilgandan keyin ikkinchi bosqich boshlanadi, buni shartli ravishda emizik bosqichi deb atash mumkin. Bu qismning bizga aloqasi yo‘q edi, ikszurriyotlarni tarbiyalash bilan maxsus internatlar shug‘ullanishlari kerak edi. Ikszurriyotlar “sanoati” haqidagi vakolatli organlarning umumiy tasavvuri taxminan ana shunday edi.
Muammolar-chi? Barcha sohalardagi kabi bunda ham o‘ziga xos muammolar paydo bo‘lgandi. Hayron qolarlisi shundaki, bu texnologiyada urug‘ni donor ayolning qorniga joylashtirish ham, homilani undirish ham emas, balki inkubalar deb ataladigan ana shu ayollarning ruhiyati bilan bog‘liq axloq-etikaga borib taqaladigan sof insoniy omillar masalaning eng nozik jihati bo‘lib chiqdi. Laboratoriyada sun’iy undirilgan ikszurriyotning inkuba bo‘lmish ayolga genetik jihatdan hech aloqasi yo‘q edi. O’zini bilgan har qanday ayol ham ana shunday “ijara”ga, o‘z onalik pushtini soxta onalik uchun topshirib turishga rozilik beravermas edi. Buni aytib o‘tirishning hojati ham yo‘q. Ana shu muammo tevaragida jamiyatda janjal boshlanib ketishi hech gap emas edi. Chet ellarda ham shov- shuvlar ko‘tarilib, BMTgacha va muhimroq ishlarga tuzoq qo‘yib o‘tirgan boshqa insonparvar tashkilotlargacha yetib borgan bo‘lur edi. Mana bu o‘rinda bizning hamma narsadan voqif “uch harfligimiz” — DXK (Davlat Xafsilik Komiteti)ning ziyrakligi va tadbirkorligiga qoyil qolish kerak. Konyuxanov eshik oldida meni kuzatib qo‘yayotib vakolatli organlarning tashkiliy g‘oyalarini tushuntirib berganda men g‘orga kirib qolgan qush uchun faqat bitta yo‘l borligini, bizning laboratoriyamizni, institutimizni va mening o‘zimni vakolatli organlar allaqachondan buyon bedorlik bilan kuzatayotganini – muammoning mohiyatiga naqadar aniq tushunishganini anglab olgan edim.
111
DXK xodimlari vazifani hal qilishda o‘z usuli va ko‘magini taklif qilgan edilar. Taklif bunday edi: inkubalar jazo muddatini o‘tayotgan mahkumalar orasidan maxfiy yo‘l bilan tanlab olinadi. Bunday mahkumalar esa mamlakatda keragidan ortiq darajada. Turli jinoyatlar uchun turlicha moddalar bilan kesilgan o‘n minglab va yuz minglab mahkumalar ko‘pdan-ko‘p ayollar koloniyalari va badarg‘axonalarda to‘lib-toshib yotibdi. Ana shu ma’noda mahkumalar orasidan inkubalarni xohlagan miqdorda tanlab olish mumkin. Mening roziligim kerak bo‘lib qoldi. Men o‘ylab ko‘raman, dedim.
Keyinroq vakolatli organlar takliflari bilan ikir-chikirlarigacha tanishdim va ularning topqirligidan, rejalashtirilgan vazifalarning aniqligidan bu safar ham og‘zim ochilib qoldi. Inkubalikka 10 yildan 25 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumalardan nomzodlar tanlab olinishi kerak edi. Tegishlicha tibbiy yordam ko‘rsatilgandan so‘ng mahkumaga quyidagi shartlar asosida inkubalik rolini bajarish taklif qilinardi: a) bir ikszurriyot tug‘ilishi qamoq muddatining yarmisini qisqartirar, ikkinchi ikszurriyotning tug‘ilishi butunlay ozod bo‘lish huquqini berardi; b) mahkuma-inkuba ikszurriyot- chaqaloqni uch oyga to‘lguncha emizib turishga, shundan so‘ng uni davlat tarbiyasiga so‘zsiz topshirishga majbur; v) bola tug‘ilgandan keyingi ta’til davri tugagandan so‘ng mahkuma-inkuba o‘ta uzoq rayonlardagi lagerga yoki badarg‘axonaga jo‘natiladi; g) mahkuma-inkuba o‘zining roli, manzili haqidagi, xizmat qiluvchi xodimlarning shaxsi haqidagi ma’lumotlarni sir saqlash to‘g‘risida tilxat beradi, tilxatda ko‘rsatilgan shartlar buzilgan taqdirda ikkinchi marta jazoga tortilardi.
Mahkumalar orasidan inkubalar tanlash loyihasi umumiy tarzda ana shunday edi. Men uzoq o‘yladim. Bu loyihani qoyil qolib qarshi oldim deya olmayman, lekin boshqa yo‘lini topa olmadim va tavakkaliga rozilik berdim.
Vakolatli organlarning bir xodimi bilan suhbatlashganim esimda. U suhbat uchun institutga keldi. Xiyla aqlli odam ekan. Inkubalarni qamalganlar orasidan tanlab olishning axloqiy jihatiga shubha qilganimda u hozircha boshqa yo‘li yo‘q, vaqt kelib mahkumalardan foydalanish zaruriyati qolmaydi – inkubalarning xizmatlari, aytaylik, fohishalarning hizmatlari kabi pullik bo‘ladi deb javob berdi. Va ehtimol, otalari noma’lum bo‘lgan bolalarni qornida ko‘tarib yurish ma’lum doiradagi ayollar uchun kasb, bo‘lganda ham talaygina serdaromad kasb bo‘lib qolajak.
Mutlaqo oshkora, ochiq gaplashdik.
— Shunday vaqtlar keladiki, — deb isbotlamoqchi bo‘ldi u: — Inkubatorlik oshkor bo‘libgina qolmasdan, balki bolalarni dunyoga keltirishning bu yo‘li eng afzal yo‘l bo‘lib qoladi. Va ana o‘shanda “Ona”, “Ota” tushunchalari cho‘pchakka aylanadi yoki faqat shartli ahamiyat kasb etadi.
Shu tariqa vakolatli organlarning rejalari hali ishga solinmagan jihatlari va uzoqni ko‘zlagan g‘arazlari bilan tobora oshkora tus ola bordi, yangi tipdagi ildizsiz odamni yaratish ustidan nazorat qilishdan ayricha manfaatdor ekanligi qadam-baqadam ravshanlasha bordi. Birmuncha vaqtdan so‘ng bu ishni keng yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangandi. Yana ko‘zda tutilgan ediki, tug‘ishni o‘ziga kasb qilib olgan ayollar vositasida otalari noma’lum ana shunday bolalarni dunyoga keltirishni tobora keng joriy qilish, ikszurriyotlarni tashkiliy suratda internatlarda tarbiyalash, oqibatda bola tug‘ib o‘stirish zaruratidan butunlay ozod bo‘lgan aholi o‘zini, hayotini unumli mehnatga, boshqa dolzarb vazifalarga va eng avvalo, albatta, hujumkor jahon inqilobi ishiga butunlay bag‘ishlash imkoniyatiga ega bo‘lar edi. Kommunistlar bu maqsaddan hech ham voz kechmoqchi emas edilar. Ikszurriyotlar jahon tarixiga nuqta qo‘yishadi va yangicha yil hisobi – taqvimi boshlanajak...
“Ikszurriyotlar uzil-kesil nuqta qo‘yishadi, — takallufsiz so‘zlar edi mening suhbatdoshim, boshlig‘im, – bu nuqta allaqachondan beri zarur edi. Barcha shovqin-suronlar, butun dunyoda tinchlik uchun kurash va boshqa soxta go‘zal iboralar – hissiyotni ko‘zlab aytilgan safsatalardir. Modomiki, hal qiluvchi so‘z atom zarbasida ekan, bu ishni xuddi ana shu ikszurriyot amalga oshiradi. U nimaniyam yo‘qotardi, uni biron kishi bilan bog‘lab turgan hech narsa yo‘q, uning hech kimi yo‘q, u ham hech kimniki emas, uning Vatani – probirkada unga hayot bergan sistemadan boshqa narsa emas. Knopkani bosish kerak bo‘lganda uning qo‘li qaltiramaydi ham. Hamma gap kim birinchi bo‘lishida, kim tomonidan voyaga yetkazilgan ikszurriyot birinchi bo‘lib yadro zarbasini berishidadir”.
***
112
Moskva ostonalaridagi o‘rmonlar orasida joylashgan va oldin kasaba uyushmalariga qarashli bo‘lgan chog‘roq sanatoriy oradan ko‘p o‘tmay bizga ilmiy-tadqiqot bazasi qilib berildi. Kabinetlar, palatalar, qorovulxonalar va boshqa xonalarni ta’mirlab jihozlashga yarim yilcha vaqt ketdi.
Men unchalik shoshib-pishmadim. Lekin baribir ishga kirishish vaqti keldi. Boshida aytib qo‘ymoqchimanki, bu ishga xotirjam bo‘lib kirishmadim va ehtimol shuning uchun inkubalikka nomzodlarning shaxsiyatlari bilan ularning hujjatlaridagidan boshqa ma’lumotlarga mutlaqo qiziqmadim. Ular bilan rasmiy muomala qilar, ro‘yxush bermay, qisqa-qisqa so‘zlashardim. Ularni klinikaga yopiq mashinada bitta-bittadan belgilangan soatda oddiy kiyimda olib kelishar, ular esa men uchun bor-yo‘g‘i iksembrionning bo‘lajak inplantatsiya ob’ektlari edi. Men ularga ismi familiyasini tilga olmasdan “juvon” deb murojaat qilar edim: “Salom, juvon. Ahvolingiz qalay, juvon, sizni ko‘rib qo‘yishim kerak, qimirlamang”. Faqat shu. Shuningdek, menga ham “professor” debgina murojaat qilish mumkin edi. Hech qanaqa ortiqcha gap bo‘lmasligi shart edi, barcha inkubalar ijaraga olingan muvaqqat onalar sifatidagina muhim edi. Men ularning birontasini yuzidan tanimas edim, chunki ish uchun buning keragi yo‘q edi... Faqat bittasigina bundan mustasno edi. Lekin bu haqda keyinroq... o‘sha haqda keyinroq gapirilsa bo‘ladi...
Mana sen qirg‘oqqa kelding, nariroqda esa boshqa Daryo...
Sen unga bog‘liq xotiralarni orqaga surish, kechiktirish uchun o‘zingni qiynaysan, bahona qidirasan. Xo‘sh, oqibat nima bo‘ldi? O’zlikdan qochishga urinishning bema’niligiga, xomxayolligiga har gal ishonch hosil qilmaysanmi? O’lish mumkin, lekin o‘zlikdan qayoqqa qochasan? Shu ma’noda odam o‘limga mahkum bo‘lsa ham umrboqiydir.
Yo tavba, nega sen tushuntirish mushkul bo‘lgan narsalarni tushuntirishga urinasan, so‘z bilan, yo‘q deganda sening so‘zing bilan ifodalab bo‘lmaydigan narsalar haqida hikoya qilib berish uchun qalbingning qa’riga nazar tashlaysan.
Axir sen o‘zingni o‘ta kuchli shaxs deb bilar eding, do‘ppi tor kelganda, zaruriy maqsad yo‘lida o‘zingga o‘zingning kuching yetmas ekan, bu g‘alati bir holdir. Lekin bu safar sen o‘zligingni yenga olmading... Boshqa dumli yulduzga kelib urilgan uchar yulduz yanglig‘ nima bilan to‘qnashishingni bilmasding. Hammasi bir maromda borayotgan edi-ku.
Bu voqea keyingi yili bahor paytida bo‘lib o‘tdi – mahkuma-inkubalarning birinchi guruhiga embrionlar implantatsiya qilingan va bu guruh tegishlicha tibbiy kuzatishdan o‘tkazilmoqda edi.
Bu ayolni o‘sha kuni boshqalar kabi “feldsher” hamrohligida tekshirish uchun olib kelishdi (biz inkubalar soqchisini eskichasiga ana shunday atar edik). Assistent bilan hamshira uni mening huzurimga kiritishgandan so‘ng uning dastlabki tibbiy ko‘rigi haqidagi ma’lumotlarni apil-tapil ko‘zdan kechirdim. Hamma narsasi: umumiy jismoniy ko‘rsatkichlari ham, ginekologiyasi ham joyida ekan, meni faqat shu narsa – mijozning homilani ko‘tarib yurish uchun yaroqliligi qiziqtirar, qolgan jihatlari maxsus xizmatlarning ishi bo‘lib, bu haqda ular bosh qotirishlari kerak edi. Shu ma’noda ish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, hech qanchay muammo yo‘q edi. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas edi. Chunki nomzodlarni turmalardagi malakali xodimlar tanlab olishgan, mahkumalarning ko‘zlangan maqsadga loyiqligini sinchiklab tekshirishgan edi; homilani bo‘yida olib yurishga rozi bo‘lgan mahkumalar hammasidanam jazo muddatini qisqartirishdek favqulodda imkoniyatni puchga chiqaradigan biron-bir voqea ro‘y berib qolmasligidan ko‘proq manfaatdor edi: homilani oy-kuniga yetkazib tug‘ib berish bilan bir necha yillik hibsdan ozod bo‘lish mumkin edi. Bunday narsa avvallari birontasining tushiga ham kirmagan. Mahkumalarning bu yerga kelganlarida qo‘rqinch va umiddan titrab-qaltirab turishlari, o‘zlarining dahshatli yo‘lda duch kelgan inoyatdan mahrum bo‘lib qolmaslikni falakdan iltijo qilishlari ravshan edi. Tekshirishning oxirgi bosqichida sendan inkuba chiqmaydi deb yaroqsizlar qatoriga qo‘shib qo‘yishlari hech gap emas edi. Ayollarning hayajonga tushishlari tabiiy edi.
Kabinetga boshlab kelingan yangi mahkumani eshik oldidagi kursida qoldirib ketishdi. Qisqa salom- alikdan so‘ng men hujjatlarni – mahkumaning shaxsiy nomeri va hibsxona indeksini yana ko‘zdan kechirdim, familiyasiga yana bir bor qarab qo‘ydim-u, o‘sha zahotiyoq esdan chiqardim. Lopatina bo‘lsa kerak. Familiyalar odatda esda turmaydi – yoki juda murakkab yo bo‘lmasa o‘lguday jo‘n. Biroq
113
juvonning ismi menga juda g‘alati eshitildi – Runa, bunisi qanaqa ism bo‘ldiykin, bu ism qandaydir sirliday tuyuldi, o‘zimdan-o‘zim kulimsirab, boshimni ko‘tardim. Esimda qolgan birinchi narsa shu bo‘ldiki, juvon ko‘zoynak taqqan edi. Demak, inkubalar orasida ko‘zoynaklisiyam paydo bo‘pdi. Ko‘rinishidan ziyoliga o‘xshar ekan, bu ayolga zonada oson bo‘lmasa kerak, degan fikr xayolimdan o‘tdi, axir u yerlarda boloxonador qilib so‘kinish, yoqalashish-mushtlashish, sochlarni yulish va boshqalar odatiy hol. O’zi kelishgangina, qamalmasdan oldin yana ham chiroyliroq, ehtimol go‘zal bo‘lgandir. Uning ko‘z qarashlari ham mahkumalarnikiga o‘xshamaydi – aybdorlar singari zo‘rma- zo‘raki kulib ham qo‘ymaydi, nigohida iltifotdan darak ham yo‘q. Qo‘y ko‘zlaridagi sinchkovlikni ko‘zoynak yashirib turganday. Qamoqqa tushmasdan oldin o‘ziga qarab yurgani, qoshlarini terib, kipriklarini bo‘yab, oyna oldida o‘ziga zeb bergani shundoq bilinib turibdi... Bularning hammasi shunchaki omadi gaplar, aslida u jiddiy jinoyatga qo‘l urgan, uning o‘n yilga hukm qilingani, mahkuma bo‘lgani bejiz emas, albatta... Endi bo‘lsa qamoq muddatini qisqartirish uchun ikszurriyot tug‘ib berishga jur’at qilgan.
— Xo‘sh, endi, juvon, — dedim men, — tekshirish analizlarini tag‘in bir marta takrorlashga to‘g‘ri keladi. Shundan so‘ng yana nimalar qilish kerakligi aniq bo‘ladi.
U indamadi.
— Shikoyatlar bormi?
— Siz nimani nazarda tutyapsiz? — dedi u.
— Sog‘ligingizni. Boshqa hech narsani emas.
— Yo‘q, hozircha yo‘q.
— Tayyorgarlik davri ko‘rsatmalarining hamma-hamma-siga qat’iy amal qilish kerak. Nima qilish
lozimligini senga aytishadi. Hamma narsa ko‘ngildagidek chiqsa, kelgusi haftaning boshlarida, seshanba yoki chorshanba kuni implantatsiya qilishadi. Demak, biroz kutishga to‘g‘ri keladi.
— Men shoshilmayman. Bularning hammasi men uchun bir pul.
Uning qo‘rs javobidan hayratda qoldim. Munaqasi umuman uchramagan. Ko‘zoynaklik ayolga diqqat bilan nigoh tashlab, stoldan turdim-da, yoniga keldim. U ham o‘rnidan turdi. Shunda men bunday qo‘pol muomala qilmaslik kerakligini aytib qattiq ogohlantirdim:
— Agar sen shoshmayotgan bo‘lsang va buning senga bir pullik ahamiyati bo‘lmasa, huda-behuda ishlarning nima keragi bor edi? Sen bu yerga qanday niyat bilan kelding, sen qaerga va nima uchun borayotganingni bilarmiding?
— Bilardim. Bilganda qanday.
— Shundaymi? Juvon, men sendan so‘rayapman. Sen bu yerga nima maqsadda kelding?
— Nima maqsad bilan? Sizni ko‘rish uchun, professor va bularning hammasi bolalarning
cho‘pchaklari emas ekanligiga ishonch hosil qilish uchun.
— Bor-yo‘g‘i shuning uchunmi?
— Ishoning – bor-yo‘g‘i shuning uchun. Sizni ko‘rish uchun, butun haqiqatni yuzingizga aytish
uchun.
— Ha, shunaqami?! — beixtiyor og‘zimdan chiqib ketdi. Shundan so‘ng men lo‘nda qilib uzil-kesil
gapirdim:
— Sen yozma tarzda rozilik berganmiding?
— Ha.
— Sen tushunasanmi-yo‘qmi — bu qiliq bilan tilxatni buzgan hisoblanasan va sening muddating
yana cho‘ziladi.
— Tushunaman.
— Shunday qilishing shartmi?
— Shart. Bu siz uchun zarur.
— Men uchun? Nima, biz sen bilan qandaydir muammoni hal qilayotirmizmi?
— Ha. Odamlar tabiat va Xudo aytganday urchishadimi yoki bu muammo shaytoni la’inning
vasvasasi bilan hal qilinadimi?
114
Men shiddat bilan devorga kelib urilganday jim qoldim. Shundan so‘ng g‘azabimni zo‘rg‘a tiyib, dedim:
— Bunga o‘zimning ham aqlim yetadi, xonim. Sen bilan vidolashishga to‘g‘ri keladi. Afsus, sen muddatingni qisqartirolmaysan, aksincha yanada cho‘zar ekansan. Endi o‘zingdan ko‘r.
— Men aytadigan gaplarimni aytib oldim.
— Sen haddingdan oshmayapsanmi? Me’yor degan narsani bilasanmi o‘zi?
— Men mahkumaman, Andrey Andreevich, — u kutilmaganda menga rasmiy ohangda murojaat
qildi va har kuni boshqalardan yuz martalab eshitgan bu so‘zlar uning og‘zidan chiqqani g‘alati tuyuldi. — Men mahkumaman, vassalom, — takrorladi u. — Nimaga buyoqqa kelayotganimni bilardim. Bu burchni qo‘limdan kelganicha bajardim. Bu suhbat, ehtimol, sizda qandaydir his uyg‘otar, o‘ylab ko‘rishga majbur qilar. Boshqa gapim yo‘q.
— Sen menga aql o‘rgatma! — g‘azabnok javob berdim, inkubalar bilan ishlashda ro‘y bergan bu ko‘ngilsizlikning qachonlardir yuz berishi muqarrar ekanini yaxshi tushuna turib. — Sening o‘rningga o‘nlarcha talabgorlar chiqadi!
— Eng dahshatlisi mana shu-da, — ta’kidladi u. — Buning uchun ham siz aybdorsiz, bu ham sizning vijdoningizga havola. Boshdan-oyoq sizning vijdoningizga.
— Vijdon bilan vijdonning farqi bor, — kesib gapirdim men.
— Bunaqangisini birinchi bor eshityapman.
— Falsafiy munozarani vaqti bemalol bo‘lganlarga qoldiraylik. Seni bu yerga safsata sotish uchun
olib kelishmagan. Kelgan joyingga qarab tuyog‘ingni shiqillatib qol. Sen bilan gaplashadigan gap qolmadi.
Men tugmachani bosdim. Uni olib ketish uchun kelishdi.
— Xayr, — dedi u ketayotib.
Indamadim.
Eshik yopildi. Men yozuv stolimga qaytib keldim. Boshqa ishlar, boshqa tashvishlar bilan o‘ralashib
qoldim.
Lekin o‘sha ko‘ngilsiz hodisa hech ham miyamdan chiqmas edi. O’sha “haqiqatparvar”ni kelgan
joyiga, zonasiga (Kostroma atroflari shekilli) jo‘natib yuborish haqida ko‘rsatma kerak edi, u o‘sha yerda o‘zini kim deb bilsa, bilavermaydimi. Lekin bu ishni keyinga qoldirdim. Ishlar, qo‘ng‘iroqlar, suhbatlar orasida o‘sha mahkuma yodimga tushaverar, uni unutishga o‘zimni hech ham majbur qila olmas edim, lekin hech kimga hamkasblardan birontasiga, hatto ancha yaqin bo‘lgan xodimga ham mening jahlimni chiqargan va hamon dilimni achitayotgan voqea haqida bir og‘iz so‘z ochganim yo‘q.
Juda g‘alati ahvolga tushib qoldim, o‘zimni-o‘zim tanimay qoldim. Men nima uchundir uning ishi bilan yaxshiroq, batafsilroq tanishishga qaror qildim. Bunaqasi qaerdan chiqdi? U asli kim? Nima uchun qamalgan? Qaysi modda bilan ayblangan? Miyasi mundayroqlarni zonalarda ushlab o‘tirishmasa kerak. Bu bebosh juvon kim o‘zi? Uni qanday umidsizlik shamoli haydab kelgan, uning miyasida qanday fikrlar va so‘zlar jo‘sh urmoqda? Erk berib qo‘ysang bormi, seni vijdon azobiga solish, ko‘nglingga alag‘dalik urug‘ini sochish uchun, azob-uqubatdan qon yutib emaklab qolishing uchun hali ko‘p vaysashi mumkin edi.
Vijdonlilik da’vosini qilganlarning qat’iy nuqtai nazaridan boshqa hech vaqosi bo‘lmasligi mumkin va ularning hujumkorligi shundan. Biroq vijdon, eng avvalo, ichki mustaqillikni talab qiladi, aks holda uni eski-tuski narsalar kabi bozorda sotish va sotib olish mumkin bo‘lardi. Sirasini aytganda dunyoda vijdon tushunchasidan ham ko‘ra siyqasi chiqqan narsa bo‘lmasa kerak. O’sha mahkuma bu yerga Amerikani qaytadan kashf qilish uchun kelganmidi? Jinoyatchiga, hukm qilingan xiyonatkorga vijdon haqida gapirishni kim qo‘yibdi.?!
Shunday deb o‘ylar edimu baribir o‘zimdan nafratlanardim. Sen o‘zingni oqlamoqchisan, kimning oldida va nima uchun oqlamoqchi bo‘lasan?! Sen ojiz ekansan. Bo‘lmasa nima uchun hamon o‘sha juvonni o‘ylayapsan?
Men uning hujjatlarini yana bir bor varaqladim. Lopatina Runa Fedulovna, sovetlarga qarshi
115
materiallarni saqlagani va tarqatgani uchun 158-moddaga binoan hukm qilingan. A-ha, mana endi tushunarli, qanday parranda ekanligi parvozidan ma’lum ediku? Albatta, albatta, bundaylar hech qachon tinib-tinchimaydi, to‘ymaydi, o‘zining kim ekanini bildirib qo‘yish uchun ular har doim norozilik bildirishlari kerak, bu gal qaerga bosh suqishni topganga o‘xshaydi... Eri yo‘q, ajrashgan. Bunday palid ayol bilan kim ham yashardi. Ajablanishga o‘rin yo‘q ekan.
Keyin boshqa ishlar bilan chalg‘ib ketdim va faqat xizmat hujjatlari uchun mo‘ljallangan po‘lat sandiqlarda saqlanishi kerak bo‘lgan qog‘ozlarni uyga olib ketmaslik uchun ishdan qoldim. Runa Lopatinaga oid barcha qog‘ozlarni boshdan-oyoq o‘qib chiqdim. Umuman olganda qandaydir boshqacha, hayotga o‘z nuqtai nazari bilan qaraydigan juvon ekan, bunday shaxslar, odatda, keskin chora-tadbirlar tarafdorlari bo‘lgan guruhlarda, ma’naviy, siyosiy doiralarda, hukumatga qarshi muxolifatchilar orasida hamma zamonlarda bo‘lib kelgan. Bundaylar orasida har xil odamlar bo‘lishi mumkin. O’zlarini xaloskorlar deb biladigan va g‘oya yo‘lida o‘z muxlislarining barchasini qurbon qilishga tayyor turadiganlari ham bo‘ladi. Lekin Runaning bunga nima aloqasi bor? Barcha ma’lumotlarga qaraganda, u so‘qqabosh idealist. Yanayam kim biladi deysiz. Uni bir marta ko‘rib, undan bor-yo‘g‘i bir necha so‘z eshitibgina qanday xulosa chiqarishim mumkin? ha, albatta, u oddiy odam emas, ayniqsa, uning qismati qiyin kechgan, o‘qituvchilik qilgan, keyin kinohujjatchilik bilan shug‘ullangan –sovet maktabi haqida hujjatli kinostsenariylar yozgan, bizda esa maktab muammolari ijtimoiy jihatdan har doim keskin bo‘lib kelgan.
Birdan qimmatli Vava, Valeriya Valentinovna esimga tushib qoldi. Koshki u o‘zining daho shogirdi endilikda nima ishlar bilan shug‘ullanayotganini bilsa! Lekin bu shunchaki gap edi. Runaga kelganda shuni aytish kerakki, bu ayol, barcha ma’lumotlarga qaraganda, o‘zining ukasi Lopatin Igor Fedulovich kasriga qolgan. Xuddi o‘sha kishi professional kinochi bo‘lgan ekan, mashhur Kinematografiya institutini bitirgach, ehtimol, akasining ta’siri va yordamida Runa maktab haqida kinosyujetlar bilan shug‘ullangan. Keyingi materiallarda qayd qilinishicha, sobiq o‘qituvchi Runa Lopatina Gorkiy nomidagi kinostudiya qoshidagi havaskorlar sektsiyasida ishlab, kino havaskorlari orasida g‘oyaviy jihatdan shubhali fikrlar tarqalishiga ko‘maklashgan, ba’zi bir guvohlar bu juvon, Runa san’atda muayyan bir g‘arazli yo‘nalish uchun, sovet kishilarini va ularning hayotini salbiy tomondan tasvirlaydigan hujjatli lavhalar tayyorlash uchun kurashgan deb isbotlaganlar. Bular qoralov muqaddimasi edi.
Ish yuzasidan bosh aybdor juvonning ukasi Igor Lopatin edi. U “shtatdagi” kinooperator bo‘la turib, davlat apparatlari va vositalaridan jinoiy jazoga loyiq faoliyat yo‘lida foydalangan, sovet voqeligini buzib ko‘rsatadigan, sovet ijtimoiy va davlat tuzumini badnom qiladigan, boshdan-oyoq tuhmatdan iborat hujjatli lentalarni suratga olgan va shu yo‘l bilan g‘arb jamoatchiligini yolg‘on ma’lumotlar bilan chalg‘itmoqchi bo‘lgan”. Yana shu narsa qayd qilinganki, “sudlanuvchi mazkur jinoiy ish bilan beg‘araz shug‘ullanish u yoqda tursin, aksincha, sovet davlatini badnom qiladigan kinomateriallarni G’arbga valyuta hisobiga sotib yurgan. Xuddi o‘sha yerda, chet ellarda materiallar kinozallarda va televidenie kanallari orqali namoyish qilinayotganda bizning maxsus xizmat tashkilotlarimiz bu kinolentalar-ning qaerdan kelganini aniqlagan”.
Bunday hollarda qanday tanish qo‘shiqlar, qanday tanish qilmishlar deyishganidek, aslida shunday bo‘lganmi-yo‘qmi – kim biladi deysiz, har qalay Runa ana shu gaplar bilan ayblangan. Runa ukasi bilan bevosita hamkorlik qilganda ayblangan – ukasi opasiga “ruxsatsiz suratga olingan lentalarni bergan, opasi bu lentalarni yaqin dugonasinikida saqlagan”. Bu ishlar tekshiruvda aniqlangan. Kimdir iziga tushgan. Igor qamoqqa olingach, Runa ogohlantirish uchun shoshilib dugonasinikiga kelsa, bu yerda tegishli xizmat xodimlari uni kutib turishgan ekan. Shunday qilib, Runa jinoyat ustida ushlangan. Shundan so‘ng kutilmagan voqea sodir bo‘ladi – protsess jarayonida Runa ukasining qismatini qanday qilib bo‘lsa ham yengillashtirish uchun bor kuchi bilan urinib ko‘radi. U sovet kishilarining hayoti va turmush sahnalarini kinoga olish mendan chiqqan g‘oya edi, nimalarni va qanday qilib kinoga olish kerakligi to‘g‘risida ukamga men ko‘rsatma bergan edim, suratga olingan lentalarni xorijiy muxbirlarga valyuta hisobiga shaxsan men bergan edim, ukam mendan chiqqan
116
g‘oyalarni ijro etgan xolos, deb, asosiy aybni o‘z gardaniga olgan edi.
Mana shunday gaplar. Bu o‘rinda yana bir tafsilotni aytib o‘tishga to‘g‘ri keladi: sudda Runani
amerikalik jurnalist bilan oshiq-ma’shuqalikda ayblashadi – jurnalist Amerikasiga qaytib kelgandan keyin maqola yozgan emish. “Bu maqolada o‘ynashi haqida maqtovli fikr aytgan, sovet jamiyatiga esa, aksincha, o‘ta dushmanlik munosabatda bo‘lgan” emish, bu esa qamoqqa tushib qolgan jinoyatchi juvon uchun o‘ch olish usuli emish. Runa bo‘lsa amerikalik jurnalist o‘ynashi bo‘lganini tan olmagan, mehmonga rus tilini o‘rgatib yurganman, xolos deb ko‘rsatma bergan. Xullas, kalavaning uchini topolmaysan. Ularning nima ishlar qilganini kim biladi deysiz, nima bo‘lganda ham, bularning hammasi Runaning boshiga balo bo‘ldi.
O’sha kuni ishdan kech qaytdim. Boshqa yumushlarim bor edi, shu bilan birga Runa Lopatinaning o‘tmishi bilan yaxshiroq tanishishga bo‘lgan ishtiyoq ham meni ancha ushlab qoldi.
Odatdagiday darvoza oldida soqchiga ishora qilib qo‘yib, xiyobon bo‘ylab Uspenskiy ko‘chasiga kirganimda g‘ira-shira bo‘lib qolgan edi. Moskvaga oshiqayotgan mashinalar oqimiga qo‘shildim.
Bu yerlarda o‘rmonlar va tepaliklar oppoq qorga burkangan qish paytida ham tushdagiday ko‘rkam, yashillik olami gulga bezangan yoz faslida ham tengsiz go‘zal, ana shu paytda o‘rmondan o‘tgandan so‘ng birdan Moskva daryosining nurafshon muyulishi bir necha lahza kishini maftun qilib qo‘yadi. Bu suv, osmon, o‘rmon mo‘‘jizasidir, men har doim shu yerga kelganda oyna orqali boqib, mashinada olg‘a qarab yelib borar ekanman, ortda qolgan manzarani mumkin qadar ko‘proq xotirada saqlashga odatlanganman.
Bu tafsilotlarga to‘xtalib o‘tirishim bejiz emas. Bu yerlarda har ikki tomonga qarab necha martalab mashinada g‘izillab o‘tganman, lekin hayotimning ana shu yo‘l yoqasidagi go‘shalar bilan chambarchas bog‘lanib ketishi yetti uxlab tushimga ham kirmagan. Vaqti kelib bu yerlardan o‘tishga yuragim dov bermay, aylanma yo‘ldan yura boshlar ekanman...
Bu gal Moskvaga yaqinlashar ekanman, o‘sha inkubalikka nomzod qaysar juvon Runa Lopatinani keyingi kuni yana klinikaga keltirish kerakmi deb o‘yladim. Ha, keltirish to‘g‘risida ko‘rsatma berdim. Nega bunday qildim? Unga nimalar deyman? U inkubalikka rozilik berganda butkul boshqa maqsadni ko‘zlaganligi aniq emasmidi. Ehtimol, o‘sha Runa savdoyidir, unda soxta odillilik, o‘ta vijdonlilik kabi boshqa bir xislatlar vasvasa qilayotgan bo‘lsa-chi? U bilan pachakilashib o‘tirishim shartmi?! Uni uzoq- uzoqlarga haydab yuborish kerak, zonada harom o‘lsin. Izza qilish uchun odamini topibdi, o‘zi kim bo‘pti?! – “Sen o‘zing-chi? Senchi? – dedim o‘zimga o‘sha zahotiyoq. — O’zinga nishon, mo‘ljalni rosa topibsan! Jazoga hukm qilingan, haq-huquqdan mahrum mahkuma bo‘lsa-yu, sen u bilan olishib yuribsan! Barakalla azamat, gap yo‘q, zo‘rsan!”
Yo‘l muyulishlarida ikki marta tormozni qattiq bosib yuboribman, yo‘lovchilar tum-taraqay qochib qolishdi – rulda o‘tirib xayol surib ketibman, xira fikrlar hamon ta’qib qilardi. Men o‘sha Runasini bor- yo‘g‘i bir marta ko‘rdim, uning nimasi rom qilgan edi meni? Bo‘lgan voqeani xotirladim – stoldan turdim, unga yaqinlashdim, u ham turdi. Mana, mening yonimda turibdi – mahkuma, shahar chekkasidagi klinikaga professorga ko‘rsatish uchun maxsus kiyimda olib kelishgan, egnida xudo bilsin qaerdadir tikilgan kulrang kofta, halpillagan keng yubka, dag‘al botinka. Kiyim-bosh ko‘rkiga ko‘rk, husniga husn qo‘shgan paytlarda u go‘zal bo‘lgan, albatta. Men uning menga hayajon bilan, dadil va mardona boqqan ko‘zlarini esladim. Ko‘zni odatda qalb ko‘zgusi deyishadi, lekin bu to‘g‘ri emas, ko‘z dilning o‘zi, uning jonli ifodasidir. O’g‘il bolalarnikiga o‘xshash yelka suyaklari turtib chiqqan, nimjon kiftlari beixtiyor junjikkan, nozik, ingichka qo‘llarini qovushtirib turar edi. Qaddini rostlab g‘oz qadam tashlasa, tortinmasdan emin-erkin yursa, yayrab qahqaha otsa, ola-bula olomon orasida ko‘chada yallo qilib yursa yarashmasmidi? Murtadlik uchun va umuman bu zamon uchun yaratilgan emas u. Unga o‘tgan asrning liboslarini kiyintirib qo‘ysa bormi?! Axir hamma vaqt shunday bo‘lib kelgan, kishi qaerga bormasin o‘z vijdonini pesh qiladi, nima bo‘lmasin, nima ro‘y bermasin – unga bu vijdondan yoki vijdondan emas deb javob ber. Har bir kishi qo‘ltig‘ida o‘zi bilganday vijdonini ko‘tarib yuradi. Odam bolasi borki, o‘z vijdoni bilan maqtanadi. Odam bolasi borki, vijdonni tilga olganda Xudo nomidan gapiradi... Lekin birgina vijdon bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Ollohga qarshi, u
117
hammamizga ato qilgan va bizlarni jilovlab turadigan vijdonga qarshi chiqish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi, har doim faqat Olloh taoloning kor-u amali bo‘lib kelgan ishlarni, aytaylik, odamning dunyoga kelishi jarayonini o‘z qo‘liga olish, kerak bo‘lib qolganda “mana men” deyishga qodir odamlar ham ko‘p emas. Xudoning o‘lim ustidan yakka hukmronligi yetar, bu kasbni hech kim undan tortib ololmaydi. Tug‘ilish masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, men bu o‘rinda u bilan bellashaman va mening vijdon bilan hemirilik ishim yo‘q... Buni Runa tushunarmidi – u tushunmasa kerak. Shu boisdan ham u vijdon deya na’ra tortib, o‘zini qahramon qilib ko‘rsatdi... Undan ko‘ra o‘zi haqida o‘ylasa bo‘lmasmidi, endi u qaerga boradi va nimalar qiladi?
O’sha kechani men akademiklar uchun mo‘ljallangan dang‘illama hovlimda o‘zimni qayoqqa qo‘yishni bilmay o‘tkazdim. Bu hovli Stalin o‘zining atom bombalar yasaydigan komandasiga tortiq qilgan uylardan biri edi. Devorlari nihoyatda qalin, derazalari katta, shiplari juda baland uylar. Xo‘sh, qanday qilib men bu yerga kelib qoldim? Umuman men bu yerga nimaga keldim va nima uchun bu yerda yashayapman? O’sha kechasi tashlandiq ekanligim yana esimga tushdi. Men ortiqchaman, mening o‘zim ikszurriyotman, men insoniyat orasida “qora tuynukman”. Dunyoda mendan kim baxt ko‘rdi, kim? Qaysi ayol men bilan uchrashganida hayotdan mamnun bo‘lganini izhor qildi? Orqa-oldiga qaramasdan qochib qolgan Yevgeniyami? U, o‘sha ajoyib aktrisa men bilan yashab nima ko‘rdi? Iltifotsizlik, e’tiborsizlik, shafqatsizlik, o‘z erining qo‘li bilan qilingan abortlarnimi? hayot yo‘lida chaqmoqday to‘qnashib g‘oyib bo‘lgan ayollar ham men bilan uchrashuvlarini nogohoniy baxt onlari deb eslamagan bo‘lsalar kerak. Mening butun ko‘rgan-kechirganlarim bo‘m-bo‘sh, g‘amnok tuyuldi...
Birdan xayol oti meni yana o‘sha ayol, bugungi o‘sha mahkuma Runa, runik davrlardan qolgan ismli juvon sari eltdi. Nega men o‘sha ayol haqida o‘ylayapman? Shu soatda u nimalarni boshidan kechiryapti ekan? Qiynalayotgan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, o‘zini qiynoqqa solayotgan, miyasida g‘ujg‘on o‘ynayotgan yovuz fikrlardan xoli bo‘lish uchun sochini tarab yoyayotgandir. Qamalmasdan oldin u sochini boshqacha tarab yurgan bo‘lsa kerak, uning sochlari quyuq va jingalak bo‘lgan, zonadagiday yelkasiga siqib turmaklab yurmagan. Professorning “ko‘zini ochib” qo‘yaman deb, o‘zini yana qiyin ahvolga soldi, o‘zining hayotini yanada mushkullashtirdi. Nahotki, u hammasini bila turib qilgan bo‘lsa? U bugungi uchrashuvimiz haqida nimalarni o‘ylayaptikin? Ehtimol u qaysi bir masalalarda haqdir, lekin birgina vijdon bilan, ezgu niyatlar bilan dunyoni to‘ldirib bo‘lmaydi-ku! Quyosh tagida tobora ko‘proq joy olish uchun orzumand bo‘lgan insonning vahshiyona nafsini qondirib, o‘zgartirib bo‘lmaydi, agar odamlarning ishtahasi shunday bo‘laversa bormi, ko‘p o‘tmasdan odamlarga quyosh ham ozlik qiladi, lekin yana ham xavflisi shuki, u, ya’ni inson boshqa kishilar ustidan tag‘in-da ko‘proq va tag‘in-da kuchliroq hukmronlik qilish kasaliga mubtalo bo‘ladi. Shuning uchun ham yangi odamlar – ikszurriyotlar kerak... u ayol bo‘lsa ularning yo‘liga qarshi chiqmoqchi, ularning hayotga, hokimiyatga, urushga kirib kelishiga monelik qilmoqchi bo‘ladi. Buni tushunish mumkin, lekin bu qudratni yengadigan hech qanday kuch yo‘q...
***
Keyinchalik men behuda bo‘lsa ham tez-tez o‘z-o‘zimga savol berardim: nima uchun o‘sha kechasi
butunlay o‘zim bilan o‘zim bo‘lib qoldim? Boshqa kunlari tinchlik bermaydigan bironta majlis ham, yig‘in ham, uchrashuv ham va boshqa siyosiy voqea yoki kundalik to‘s-to‘polon ham bo‘lmadi...
Men o‘sha kechasi qiynalib chiqdim va hech ham o‘zimga kela olmadim. Meni o‘sha mahkuma Runa dovdiratib qo‘ydi va g‘aflatda qoldirdi – axir tevaragimizdagi bironta kishi ishimizga shubhalangan emas yoki menga shunday tuyuldimikin?..
Lekin u o‘zini ham ayamadi, o‘zini namoyishkorona qurbon qildi! Shunday qilib bo‘ladimi? Nima uchun u meni mirshab va prokuror rolida nojo‘ya harakatlar qilishimga majbur etadi? Nahotki u mening aybimni yuzimga aytish uchungina o‘zini yana bir necha yil ozodlikdan mahrum etishga jur’at qilgan bo‘lsa?! To‘g‘ri, uni ham tushunsa bo‘ladi, o‘z mavqeini, ko‘nglidagi haqiqatni aytib olishni maqsad qilib qo‘ygan ekan, shundan boshqa yo‘l yo‘q edi-da. U buni ko‘chada, majlisda, ayniqsa, xorijiy muxbirlarga ochiqchasiga hammaning oldida oshkora aytish imkoniyatiga ega emas. U zonaga
118
mixlab tashlangan... Endi bo‘lsa uni yangi jazo xavfi kutmoqda. Yaxshiyamki, ikkalamizning oramizda nima gap o‘tganini hech kim bilmaydi, yaxshiyamki, men bu haqda biron tirik jonga lom-mim degan emasman, yaxshiyamki, uni takror chaqirish haqida ko‘rsatma berdim. Ha, ertaga, kunduz soat ikkida uni olib kelishadi. Hali hamma narsa boy berilgani yo‘q, hamma ko‘priklar kul qilib kuydirilganicha yo‘q. Ehtimol, uni yana sudlanishdan qutqarib qolish mumkin bo‘lar.
Miyamda ana shu fikr borgan sari qat’iylashar, menda uni himoya qilish, jazodan qutqarib qolish istagi tobora kuchliroq avj ola bordi va o‘zimni boshqacha his eta boshladim, o‘zimni o‘zim kashf qilar ekanman, o‘zimni tanimay qoldim. Menga nima bo‘ldi o‘zi? Juvonni tushunish va himoya qilishga intilar ekanman, asta-sekin shunday fikrga keldimki, Runa Lopatina menga da’vo qilib o‘zini qiynoqqa solar ekan, bu xudoning xohishi emasmikin? ...Ilgarilari men Rahmoni Rahim degani nima, bu nimalarda va qanday namoyon bo‘ladi – bu haqda o‘ylamagan ham edim va endigina birdan seza boshladim: men o‘z kuchiga mahliyo bo‘lib, odam urug‘ini ming ko‘yga solib hunar ko‘rsatgan bo‘lsam, bu asnoda Xudoning ko‘kragidan itarib qo‘ygan bo‘lsam, mahkuma Runa Akram ul- akraminning elchisi, ifodachisi emasmikin? Bu mendagi Ezgulikni sinab ko‘rish yo‘li emasmikin?
Ana shunday achchiq va shirin xayollar og‘ushiga g‘arq bo‘lardim. Menda o‘sha juvonga, o‘sha mahkumaga nisbatan ko‘zimni ochishga, o‘zimga shubha bilan qarashga, o‘zimning takabburligimni va dimog‘dorligimni tushunib yetishimga majbur qilgani uchun minnatdorchilik hissi paydo bo‘ldi. Men uning oldida endi o‘zimni boshqacharoq tutishim kerak ekan. Afsus, Runaga, uni vaqtincha saqlab turgan xos izolyatorga o‘sha zahoti telefon qilib bo‘lmas edi. Unga ko‘p narsani gapirib bergan, javobiga undan ko‘p narsa eshitgan bo‘lardim. Qani endi iloji bo‘lsa-yu, mashinamga o‘tirib tun qorong‘usida o‘sha izolyator tomon yo‘l olsam-da, uni topib gaplashsam! Lekin bu ham amalga oshmaydigan orzu edi, xolos. Qo‘limdan keladigani ertangi uchrashuvni kutish edi. Runani kabinetimga olib kelib, suhbat qilish uchun tashlab ketganlaridan so‘ng unga yaqin kelib, qo‘l olib ko‘rishaman. “Meni afv eting, Runaxonim, biz o‘sha suhbatimizni davom ettiramiz. Men sizning mulohazalaringizni jiddiy e’tibor bilan eshitishga tayyorman, sizning ham xuddi shunday yo‘l tutishingizni iltimos qilaman. “Mening ham vajlarimga quloq tuting”, – “Juda yaxshi!” – deb javob beradi u va samimiy iqror bo‘ladi: — Men bo‘lsam sizni hech qachon ko‘rmayman deb o‘ylovdim, professor. Eski hammom, eski tos deganlaridek, men la’natini ertalabdan o‘z joyimga, zonamga, haydab borishadi, meni yangidan sud qilishadi va yana ham uzoqroqqa, Sibirgami, Oltoygami olib borib tashlashadi deb o‘ylabman, birdan deng, navbatchi nazoratchi kelib qoldi, meni yana professor Kriltsov Andrey Andreevich chaqiryapti, deb qolsa bo‘ladimi. Mana, men keldim...”
“Odil hakam Xudoyim! Qanaqangi noma’qulchiliklarni yog‘dirasan menga? – pichirladim chorasizlikdan. — Qanaqangi bolalik bu o‘zi, meni to‘xtat, go‘dakligim tutib ketibdi!”
Chindan ham, buyuklik bilan bachkanalik orasi atigi bir qadam ekan, mayli men bachkana bo‘la qolay, hamma narsa men o‘sha kechasi shirin hayolga botganim kabi bo‘la qolsa jon derdim. Diling tubidagi bema’nilikka ishonishning o‘zi ham bir baxt!
Dilimni birdaniga yalang‘ochlab tashlagan ana shu barcha jo‘shqinliklardan so‘ng ufqdan ko‘tarilgan qora bulut kabi mening uchun eng og‘ir shubha paydo bo‘la boshladi – men inkubalar qornida ikszurriyotlar yetishtirishga ma’naviy huquqqa egamidim? Mening ishlarimni qaysi yuksak maqsadlar bilan oqlab bo‘ladi? Ikkiyuzlamachilik qilmayman, bunday shubhalar dilim tubida har doim mavj urar edi, lekin na men, na mening hamkasblarimdan birontasi hech qachon bu haqda g‘ing degan emasmiz. Fan yutuqlari bizning obro‘yimizni o‘z ko‘z o‘ngimizdagina emas, balki jamiyat nazarida ham yuksaklikka ko‘targan edi. Biroq, fan bilan vijdonning bir-biriga qanchalik mos kelmasligiga, ko‘pgina hollarda fan bilan jinoyat bir-biri bilan bog‘lanib ketganligiga misollar topish uchun XX asrda uzoqqa borish shart emas.
Mana, mening vijdonim, turma mahkumasi uyg‘otgan vijdonim tilga kirdi. Betayin ota-onalardan noma’lum bolalar yetishtirishning, ularni inkubalar yordamida dunyoga keltirishning insoniyatga qarshi harakat ekanligini tan olish – Runa meni ana shunga undadi.
Uni menga nima olib keldi, ajal ostonasigacha bizlarni nima bog‘lab qo‘ygan ekan, uyog‘ini taqdir
119
biladi... Hukmni men chiqarmay...
O’sha kechasi hammasi o‘zgarib ketdi. Mislsiz fidokorligi, aqlga sig‘maydigan qilmishlari meni rom
etgan ayoldan kechirim so‘rashga tayyor edim. Men inson zotiga qilgan yovuzligimdan voz kechish yo‘lida o‘sha ayol oldida tiz cho‘kishga tayyor edim. Bordi-yu u mening muhabbatimni qabul qilsa va o‘z navbatida menga muhabbat izhor qilsa, men unga uylangan bo‘lardim... Ha, ha shunday!
Bunga qanday erishish mumkinligini tasavvur ham qila olmayman, axir ko‘p yillarga hukm qilingan, u “mayli” deydigan bo‘lsa, men u bilan o‘rmongami, toqqami, dengiz ortigami – qaerga bo‘lmasin, faqat birga yashash uchun bosh oqqan tomonga qochib ketishga tayyor edim... Hayotni yangidan boshlash uchun darbadarlikka ham roziman, bu bilan men mash’um o‘tmishimning gunohlarini yuvgan bo‘lardim...
Bu haqda bir marta xayol surdim-u, o‘zimni to‘xtata bilmadim. Mening xayollarim cheksiz- chegarasiz edi. Men o‘zimda to‘ntarish yasadim. Xayollar og‘ushida qoldim. Mening yangi hayotim ertadan, Runani olib kelishgan va ikkalamiz xoli qolgan soatdan boshlanishi kerak. Menda qanday o‘zgarishlar ro‘y berganini tushuntirib, ruhan yengil tortganimni hikoya qilib berishga va o‘zimning hamma narsaga tayyor ekanligimga uni ishontirishga harakat qilaman. U faqat “xo‘p” desa bas, u meni sevgilim deb tan olsa bo‘ldi. U faqat mening samimiy ekanimga ishonsa, bizning birga bo‘lishimizga amin bo‘lsa kifoya.
Men divanda notinch va sergak uyquga ketganimda tun yarmidan oshgan edi. Tong saharda momoqaldiroq guldiradi. Tom ustida gumbirlagan ovoz eshitildi, deraza ortida jala quydi. Tabiat hodisalariga nazar tashlar ekanman, bu momoqaldiroqni xuddi o‘zim gumbirlatayotganday bo‘ldim, osmonning yarmisini egallab chaqmoqlar chaqqanini, chelaklab quyayotgan yomg‘ir qasirg‘asidan shox-shabbalarning yerga tekkunday yukunganlarini, qushlar galasining momoqaldiroq quchog‘ida hurkib bezovtalanib boshpana ilinjida uyoqdan-buyoqqa o‘zini urganini ko‘rdim...
O’zim ham momoqaldiroq qo‘ynida parvoz qildim. Men darcha orqali derazadan uchib chiqdim, tomlar ustida, ko‘chalar va xiyobon ustida qanot qoqdim. Yashin hamda bulutlar orasida tusmollab va chamalab parvoz qilardim – axir qaerdadir turma bor, o‘sha joyda u, inkuba bo‘lishdan bosh tortgan juvon ham momoqaldiroq ovozini eshitdi. “Runa, Runa! – deb qichqirdim men. — Bu menman! Men seni qidirib yuribman!”. Momaqaldiroq gumbirlayotgan, men osmoni falakdan bor ovozim bilan unga murojaat qilayotgan shu onlarda u nimalar haqida o‘ylayaptiykin?..
Keyingi kuni o‘zimni tutishga, klinikamizdagi barcha xizmatchilarning har doimgiday puxta ishlashi uchun men o‘zimni ishlayotganday qilib ko‘rsatishga qancha kuch sarf qildim. Hamma narsa odatdagiday edi. Xodimlardan birontasi ham mening boshqa odam bo‘lib qolganimni sezmadi...
Men o‘z vaqt-soatimni kutar edim. Vaqt esa mashaqqat bilan sekin o‘tayotganday tuyular edi menga...
Men hammaning ko‘z o‘ngida edim, har doimgiday o‘z burchlarimni ado etar edim. Lekin bu endi men emas edim...
Vaqt esa men uchun mashaqqat bilan sekin o‘tayotganday edi...
Tayin qilingan soat yaqinlashmoqda. Runa hademay kelib qoladi. Mana, mana... Lekin hamon olib kelishmadi...
Yana chorak soat o‘tdi. Lekin hanuz yo‘q. Men qo‘ng‘iroq qilishni va mashinaning qachon yo‘lga chiqqanini aniqlashni buyurdim. Kotiba telefonda gaplashibdi, unga mashina o‘z vaqtida jo‘nab ketgan deyishibdi.
Men xavotirga tusha boshladim. Nima bo‘ldiykin? To‘satdan yo‘lda halokatga uchragan bo‘lsa-ya?
Soat uchga yaqinlashmoqda edi. Qachon keladi? Men o‘zim qo‘ng‘iroq qila boshladim. Menga mashinaga bir narsa bo‘lgan deb javob berishdi. Shu paytda kotiba yugurib kirib keldi. Rangi o‘chib ketgan.
– Nima bo‘ldi o‘zi? — deb qichqiraman.
– Mijozimiz vafot etibdi!
– Qanday vafot etibdi? Qaysi mijoz ekan?
120
– Biz kutayotgan ayol. Hozirgina qo‘ng‘iroq qilishdi. – Halokatga uchrabdimi?
– Yo‘q. U qochgan ekan.
– Qochgan ekan? Keyin nima bo‘pti?
– Uni o‘ldirishibdi.
– hozir borib, hammasini aytib beramiz deyishyapti.
– Ha, tunov kuni men bergan yo‘llanmaga ko‘ra mahkuma R. F. Lopatinani tayin qilingan vaqtda
klinikaga yetkazib kelish uchun A-6-87 nomerli mashinada olib ketishgan.
Shahardan chiqqandan keyin Moskva daryosi qirg‘og‘i yaqinidagi o‘rmon orasidan o‘tayotganda
mahkuma ko‘nglim ayniyapti, boshqa yurishga majolim qolmadi deb zorlanadi, mashinani to‘xtatib tushishga imkon berishlarini so‘raydi, talab qiladi va qayt qila boshlaydi...
To‘xtashga to‘g‘ri keladi. Mahkuma mashinadan tushadi, yo‘ldan bir necha qadam nariga boradi- da, yugurib o‘rmon ichiga kirib ketadi. Soqchi ayol uning orqasidan quva boshlaydi. Mahkumaga “to‘xta” deb buyruq beradi. Lekin u to‘xtamaydi. Soqchi “otib tashlayman” deb ogohlantirib, osmonga qaratib ikki marta o‘q uzadi. Har qanday qilib bo‘lsa ham tirik tutib olish uchun quvaveradi. Birdan Moskva daryosining muyulishida tik qirg‘oq chiqib qoladi, mahkuma chopgan bo‘yicha jarlikdan o‘zini suvga tashlaydi. Soqchining otishdan boshqa iloji qolmaydi. Mahkuma halok bo‘ladi. Jasadini suvdan tortib olishadi...
Keyinchalik o‘z-o‘zimga: “U nima uchun shunday qildi?” – deb savol berdim. Nega shunday qildi? Nima uchun? Bu nima o‘zi? Noilojlik oqibatimi? Qo‘rqoqlikdanmi? Nafratlanishdanmi? Dushmanlikdanmi? Yoki bu norozilikning bir ko‘rinishi edimi?
Bu savollarga hech kim javob bera olmaydi... Keldi-yu ketdi... U biz olib borgan eksperementlarning birinchi qurboni bo‘ldi.
To kech kirgunga qadar xonamdan tashqariga chiqmadim. Ichkaridan qulflab olib o‘tirdim. Mening vujudimda nimalar bo‘layotganini hech bir jon tasavvur ham qilolmasdi. U shunday dahshat bilan mening rejalarimga xalaqit bermaganda edi! hayfki, u halok bo‘ldi, afsuski, u abadiylikka ketdi, ketganda ham mening gaplarimni eshitmay ketdi, u chindan haq edi, fan har qanday yuksaklikka ko‘tarilmasin, uning yutuqlari o‘tkinchi, fan cheksiz taraqqiy qilishi mumkin, lekin fan taraqqiyoti vijdon oldida hech nima emas. Mangulikning mazmuni va rivojini o‘zida mujassamlashtirgan Ruh oldidan hamma narsa o‘taversin.
Xonamda o‘tirib ho‘ngrab yig‘ladim. Atigi bir marta uchratgan ayolni eslab zor-zor yig‘ladim... Usiz qolgan umrim baxtsiz o‘tishini ko‘z oldimga keltirib yig‘ladim...
Kechqurun yo‘lga chiqdim, bu dahshatli hodisa bo‘lib o‘tgan joyga, Moskva daryosining o‘rmon ortidagi muyulishiga yaqinlashganimda to‘xtadim-da, orqaga qaytdim. Bu yer u halok bo‘lgan joy edi, u xuddi ana shu o‘rmondan qochib o‘tib o‘zini daryoga otgan... Boshqa yo‘ldan ketdim.
Dunyoda biron o‘lchov bormidiki, mening uyga kelgandan keyin butkul ojizligim, ilojsizligimni o‘lchab berolsa! Bu menga yuborilgan jazo emasmikin? Uyimda kechasi bilan ovozim boricha dod solib, ho‘ngrab yig‘lab chiqdim. U endi yo‘q. Mening unga nima demoqchi bo‘lganimni u endi hech qachon bilmaydi. U umrining to oxirgi onlarigacha meni o‘z ilmiy kashfiyotlaridan ikszurriyotlar yaratish yo‘lida foydalangan razil odam deb bilardi... Viski ham yordam bermadi, shishani ko‘tarib ichsam ham bo‘lmadi. Musiqa yordam berarmikin, degan xayolga bordim, lekin bunday musiqa yo‘q edi...
Ana shunday musiqani oradan yillar o‘tgandan so‘ng eshitdim, bu navo mening dilimda umr bo‘yi mudrab yotgan bo‘lsa ajab emas. Yapon dengizida paroxodda ketyapman. Kechki payt edi. Yulduzli osmon tagida qotib turgan qoramtir orollar sirli jismlar yanglig‘ Vaqt bilan Moddaning mevasi o‘laroq dengiz tubidan boqib turganday. Hamma yoqda sokinlik, salqinlik... Ko‘z ilg‘amas to‘lqinlarning pichirlashi quloqqa chalinadi. Bizlar Nagoya shahriga konferentsiyaga kelgan bir necha sovet olimi edik. Sheriklarim bilan tarjimonlar mayxonada qolishdi. Men bo‘lsam kimsasiz sirli orollarga to‘yib-
121
to‘yib boqish uchun kema sahnida uyoqdan-buyoqqa odimlardim. Qirg‘oqdagi chiroqlar elas-elas ko‘rinardi. Biz ana shu chiroqlar tomon borayotgan edik. Paroxodda tinimsiz gumburlagan rok- muzikadan kishi seskanib sakrab tushganini o‘zi ham sezmay qolardi... birdan rok tinib qoldi. Dilkash qo‘shiq boshlandi. Bu yaponcha enka- lirika, sevgilini qo‘msash, afsun va anglashilmovchilik, intizorlik hamda vidolashuv qo‘shig‘i edi. Birdan o‘sha juvon xayolimga keldi. U mening yonimda, ehtimol, sal nariroqda, hu anavi orolchada turganday va shu ashulani eshitayotganday, mening u haqda o‘ylayotganimni sezib turganday.
Shundan so‘ng men hammadan va butun borliqdan uzoqlashishim kerakligini tushundim...
Qayta qurish yillarida ikszurriyotlar yetishtirish masalasiga chek qo‘yildi. Gorbachev huzurida bo‘ldim. Yarim yildan so‘ng kosmosga, orbital stantsiyaga yo‘l oldim. Ana shu yerda samoviy rohib Filofey bo‘lib oldim. Chetdan qaraganda bu jinnilikday tuyulishi mumkin. Lekin hech ham unaqa emas.
Mening o‘tmishim menga tinchlik bermaydi, tinmay ta’qib qiladi. Tug‘ilib bo‘lgan va endi voyaga yetib kelayotgan, ota-onasi noma’lum ikszurriyotlar endi nima bo‘ladi degan va hal qilib bo‘lmaydigan savol tomoqqa tiqilib qolgan so‘ngakday hech kimga tinchlik bermaydi. Ularning kimlardan bo‘lganligi sir saqlanganidan buni hech kim bilmaydi. To‘g‘rirog‘i, bir necha kishi – mening sobiq hamkasabalarimgina bilishadi. Ana o‘shalar men haqimda: murtad, kosmosga qochib qoldi deb o‘ylashlari mumkin. Lekin meni qiynayotgan, meni ranjitayotgan narsa ularning menga bo‘lgan munosabati emas. Mening o‘zimga la’nat o‘qiyotganimni, o‘zimni razil mazoxist deb, itvachcha deb atayotganimni hech kim bilmaydi! Men Yerga tushsam-u bizning laboratoriyamizda o‘tkazilgan tajribalar natijasida dunyoga kelgan go‘daklarning ko‘zlariga bir boqsam!... Nega endi bu haqda yozyapman. Chunki biz qilgan xatoni tuzatib bo‘lmaydi. Davlat mulki bo‘lib tug‘ilgan odamlar nima bo‘ladi oxiri? Ular ertasiga o‘zlarining kim ekanliklarini tushunib olishadi. Ular jamiyatdan qanday qilib o‘ch olishadi? Vaqti-soati kelib ikszurriyotlarda insoniyatdan o‘ch olish, to‘ng‘iz qo‘pqir dunyosiga o‘t qo‘yishdek qat’iy istak paydo bo‘lmasmikin? Men bu yerda, kosmosdaman, ular, ikszurriyotlar esa o‘sha joylarda voyaga yetishyapti – shuning o‘zi dahshatli. Boshqacha so‘z topib bo‘lmaydi. Men ularning kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z gardanimga olgan emasman, faqat ularning tug‘ilishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilganman, xolos deb aytishim mumkin edi. Lekin bu vaj bo‘loladimi?! Ular aybdorlarni, qilg‘ilikni qilib, hamma narsaning pachavasi chiqqandan so‘ng qochib qolganlarni qaerdan topishsin. Hatto DXK ham xonavayron bo‘ldi. Ehtimol, xonavayron bo‘lmagandir... O’lib ketmaydimi...”
Filofeyning Tavba-tazarrusi shu yerda uzilib qolgan.
***
Tavba-tazarruning matni Entoni Yungerning qo‘liga qishning boshlarida tegdi. Bu Filofeydan kelgan
oxirgi xabar edi.
U qish kuni erta tongda rulga o‘tirib yog‘ayotgan oppoq qor parchalariga boqar ekan, “Favqulodda
voqea, hech kimning xayoliga ham kelmagan hodisa”, deb o‘yladi achinib. Yunger Filofey Tavba- tazarrusining kechasi o‘qilgan matni ta’sirida edi.
Shunisi g‘alatiki, deb o‘ylaydi u, hech kim bunday vafot etgan emas. Hozir sayyoramizdan tashqarida o‘z joniga qasd qilgan yagona odam – go‘yo koinotda mo‘miyolanganday Filofey dunyomiz tepasida uchib yuribdi. Nihoyat sukunatda dunyo bilan murosaga keldi. Va mana, u yana o‘zi haqida xabar berayotir...
Bu qismatning saboq bo‘lib qolishida qandaydir ilohiy mazmun bordir deb o‘ylash mumkin. Lekin bu saboq naqadar qimmatga tushdi!
Biroq bunday yo‘ldan borish har doim juda qimmatga tushadi. Bir zamonlar abadiylikka daxldor saboq bo‘lib o‘tgan – Golgof tepaligida Iyso alayhissalomning chormixga tortilishi insoniyatga qimmatga tushgan. Har narsaning bahosi o‘zgacha. U o‘z bahosini kosmosda hisob-kitob qildi.
Nahotki, u kosmosda ham o‘zining chaqaloqligida bolalar uyining eshigi tomon olib ketayotgan onasining qor ustida bosgan oyoq tovushining g‘ichirlashlarini eshitayotgan bo‘lsa? Nahotki u
122
kosmosda ham o‘zini oxirgi marta ko‘kragiga bosib ko‘tarib borayotgan onasi yuragining dukillab urayotganini eshitayotgan bo‘lsa?..
123
«Oxirzamon nishonalari» romanidagi ayrim so‘zlar izohi
Aparteid – irqiy kamsitishning eng ashaddiy shakli.
Aura (yunon tilida “shabada” demakdir) – odam tanasidan va har qanday jonli organizmdan uzluksiz chiqib, o‘zgarib va rivojlanib turadigan bilinar-bilinmas nur. Aura inson dunyoga kelib, birinchi nafas olishi va nafas chiqarishi bilan paydo bo‘lib, hayotida oxirgi marta nafas olishi va nafas chiqarishi bilan so‘nadi. Shunday qilib aura organizmning kosmik energiya bilan o‘zaro ta’siri mahsuloti – odam organizmida qayta ishlangan va aks etgan kosmik energiya bo‘lib odamning butun badanini qamrab olgan.
Har bir odamning aurasi shakli, zichligi va rangiga hamda boshqa xususiyatlariga ko‘ra o‘zgalarnikidan farh hiladi. O’ta sezgir odamlarda, aqliy va ma’naviy jihatdan yetuk kishilarda, bashoratchilarda, ekstrasenslarda aura zichroq va hajman kattaroq bo‘lib, u qadar rang-barang bo‘lmas ekan. Ko‘zi bog‘lab qo‘yilganda ham tevarak-atrofdagi narsalarni bemalol ko‘ra oladigan aura “ko‘zli” odamlar bo‘ladi. Kishining aqliy va jismoniy imkoniyatlariga ko‘ra, tashqaridan qaraganda aura nurining shakli turlicha ko‘rinar ekan. Mutaxassislar fotografiya va kompyuter yordamida aurani plyonkaga olib, mohiyatini aniqlamoqdalar.
Yumaloq shakldagi aura eng yaxshi hisoblanar ekan. har jihatdan barkamol, yetuk kishilarning aurasi yumaloq shaklda ko‘rinar ekan. Boshqalar homiyligida bo‘lgan yoki o‘zi birovlarni himoya qila oladigan odamlar aurasi uchburchak shaklida, ekstrasenslar deb ataladigan o‘ta sezgir kishilarning aurasi yulduz shaklida bo‘lar ekan.
Auraning qanday rangda ekanligi ham katta ahamiyatga ega. Auraning ko‘k (havo rang) bo‘lishi sog‘liq belgisi, to‘q sariq aura kishining dilkash va ko‘ngli ochiq ekanligi, och qizil samimiylik va jismonan baquvvatlilik, to‘q qizil rang manmanlik va ochko‘zlik, och sariq aqllilik, och yashil rang yashovchanglik va sog‘lomlik, och kulrang salomatlikning yaxshi emasligi alomatlaridar va b.
Genotip – organizmning tuzilishi (konstitutsiyasi), undagi genlar majmui.
Genofond – insoniyat yoki hayvonot dunyosidagi individlarning genlar majmui.
Yekklesiast – Injil aqidalarini targ‘ib qilgan, tafsirlagan olim.
Ikszurriyot – laboratoriyada undirilgan urug‘dan yetishtirilgan, ota-onasi noma’lum bola
[lotincha – iks “noma’lum”, arabcha zurriyot (birligi – zurriy) – “farzandlar, avlod”].
Kassandra – yunon mifologiyasida: Troya podshosining qizi, sohibbashorat, folbin bo‘lgan ekan. Kolliziya – qarama-qarshi fikrlar, niyatlar, manfaatlarning to‘qnashishi.
Mazoxizm – jinsiy buzuqlik: jinsiy aloqada bo‘lgan ikkinchi shaxsning azob-qiynoqlar, axloqiy
xo‘rlik-tahqirlari ta’sirida shahvoniy lazzat olish. Ana shunday buzuqliklarni tasvirlab yozgan avstriyalik yozuvchi L. Zaxoder-Mazox (1836 – 95) nomi bilan atalgan.
Mutatsiya – organizmning genetik materiali: xromosomalar va genlardagi qayta qurilish va buzilishlar oqibatida organizmning irsiy xususiyatlarida ro‘y bergan tabiiy yoki sun’iy o‘zgarishlar.
Nekrofil – murda bilan jinsiy aloqa qilishga moyil kishi.
Nigilist – umumqabul qilingan qadriyatlar: ideallar, axloqiy hamda madaniy normalarni va ijtimoiy hayotning boshqa shakllarini inkor etuvchi shaxs.
Paradigma – isbotlash, taqqoslash uchun tarixdan olingan misol.
Paroksizm – qandaydir ruhiy hayajon, hissiyotning xuruj qilishi.
Patsifistlar – har qanday urushni qoralaydigan, bu yo‘lda harakat qiladigan shaxslar.
Periskop – yashirin joyda (masalan okopda) turib tevarak-atrofni kuzatishga imkon beradigan
asbob.
Substantsiya – ob’ektiv reallik, o‘z-o‘zidan mavjud bo‘lgan xilqat.
Substrat – barcha jarayonlar va hodisalarning umumiy moddiy negizi.
Transtsendental qobiliyat – tajribadan kelib chiqmagan, balki azaldan mavjud es-hush, idrok. Feministkalar – erkak bilan teng huquqlik uchun kurashadigan ayollar.
124
Fenomen – nodir yoki favqulodda siyrak uchraydigan hodisa-voqea; biron sohada boshqalardan tubdan ajralib turadigan o‘ta iste’dodli odam.
Flyuid – odamdan chiqadigan psixik (ruhiy) tok.
Futurolog – jamiyat taraqqiyoti haqida bashorat qiluvchi mutaxassis.
Futurologiya – jamiyat taraqqiyotining kelajagi haqidagi ta’limot.
Xarizma – yunoncha “xudoning tuhfasi, marhamati” demakdir. Qadimgi yunonlar barcha
sohalarda katta yutuqlarga erishadigan, obro‘li, xudoning sevgan bandalarini shunday atashgan. Bunday odamlar o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlarining foydali va to‘g‘ri ekanligiga uzil-kesil ishonch hosil qilgach katta ilhom bilan ish ko‘radilar va boshqalarni o‘zlariga mahliyo qilib qo‘yadilar, bunday shaxslardan mislsiz sarkardalar, ajoyib davlat arboblari, buyuk artistlar yetishib chiqqan.
Xarizmalik xususiyatini ohangraboga – magnitga o‘xshatish mumkin: kuchli magnitlar magnit maydoni yordamida bir necha tonna yukni ko‘tara oladi. Zaiflari esa kichik bir gaykani ham torta olmaydi.
Xarizmalik xususiyati hammada bo‘lar ekan – birovlarda kamroq, boshqalarda esa odamlarni hang-mang qilib qo‘yadigan darajada kuchli bo‘lar ekan.
Ish harakatlari, gap-so‘zlari, muomalalari bilan boshqalarni og‘ziga qaratib qo‘yadigan, rom qiladigan, o‘z kasbini sevadigan, zavq-shavq bilan ishlaydigan samimiy kishilar – taksist bo‘ladimi, sotuvchi bo‘ladimi, artist bo‘ladimi, yozuvchi bo‘ladimi – ana shunday xarizmatik insonlardir.
Har bir inson o‘zining xarizmatik mahoratini bosqichma-bosqich oshirib borsa bo‘lar ekan. Embrion – pusht, homila.
125