O’ n b i r i n ch i b o b
Qirg‘oqqa otilgan kitlar sayozlikda ko‘zlarini chaqchaytirib qiynoq va dahshatda jon taslim qilmoqda edi. Kitlarning jasadlari yong‘inda kuyib ketganga o‘xshab u yer-bu yerda dumalab yotar edi.
Yer esa hamon Quyosh atrofida aylanib-o‘rgilmoqda edi.
Keyingi kuni ertalab butun dunyo gazetalari kelishib olganday birinchi sahifalarida “Kosmosda birinchi xudkushlik!”, “Samoviy rohib Filofey insoniyatni Kassandra tamg‘asining og‘ir sinovlaridan ozod qildi!”, “Joyi jannatda bo‘lsin!” kabi shiorlar bilan chiqdi, gazetalar, teleekranlar va radiokanallar xilma-xil sensatsiyalarni tarqatdi.
“Tribyun” gazetasida Entoni Yungerning bir necha shoshilinch satrlari bosildi: “Men otalarim Filofey bilan Robert Bork izlaridan boraveraman...”
Shu bilan birga ichiqoralik bilan bayon qilingan tantanavor hayqiriqlar ham bor edi: “Soxta rohib arshi a’loga ko‘tarila olmaydi. U hozirdanoq koinotda qorni osmonda bo‘lib qolgan!”
Xilma-xil hayratomuz yangiliklar orasida yana o‘sha sirli xabar: “Atlantika okeanining g‘arbiy sohilida katta bir gala kitlar okeandan quruqlikka otilgan. Hammasi nobud bo‘lgan”.
Yana bir g‘alati, kurakda turmaydigan xabar Rossiya gazetalaridan ko‘chirib bosildi: “O’tgan kechasi Qizil maydonda kimdir mavzoleyning ustiga o‘lgan boyqushni uloqtirgan. Qushning tanasida portlovchi qurilma topilmagan”.
Ikki kundan so‘ng Robert Bork dafn etildi. Qabristonda shovqin-suron bo‘lmadi. Kuz. Osmon musaffo. Dafn oldidan duo o‘qilayotgan paytda Entoni Yunger osmonga boqar ekan, xayolidan shu
96


narsalar kechdi: haqiqat yo‘lini tanlagan har ikkalasi taqdir etilgan o‘z joylarini egallashdi: biri – kosmik fazodan, poyonsizlik oqimidan, ikkinchisi — yer qa’ridan, abadiylik og‘ushidan o‘rin oldi. Va haqiqat ham ular bilan...
“Otang kim?” — deb so‘rashsa, “Shamoldan bo‘ldim”, der emish. “Onang kim?” — deb so‘rashsa, “Tumandan bo‘ldim”, der emish.
Qirg‘iz xalq qo‘shig‘idan.
Epilog
“Vaqtimning kuyib kulga aylanishiga sanoqli onlar qoldi. Shu bois vidolashuv maktubimni kompyuterda terishga oshiqyapman. Nihoyat, yana g‘aroyib hodisaning guvohi bo‘ldim: Yerda tag‘in yangi kun tug‘ilishi uchun yorug‘ kunni tun zulmati yamlab yutayotir. Mana sizga mangulikning zohiriy oqimi, mana sizga vaqtning ayoniy poyonsizligi. Biroq orbitadan kuzatayotgan shaxsning qismati bitdi.
Koinot miqyosida inson umri pashshaning umriday gap. Biroq insonga tafakkur ato qilingan, shu narsa uning umrini uzaytiradi. Lekin aksi ham bo‘ladi — keskin qisqartiradi ham. Kun bilan tunning almashinishi sirini necha martalab beixtiyor kuzatganman, o‘shanda o‘zimga oxirgi nuqtani o‘zim qo‘yaman deb sirayam o‘ylamagan edim. Endi mening kunim bitdi, gunohkor hayotimning oxirgi kuni, mening uchun qiyomat kuni yetdi. Har qanday kishining hayoti bilan bog‘liq barcha narsalari kabi, mening qiyomat kunim ham o‘zim bilan birga ketadi. Men qiyomat kunimni o‘zim belgiladim, ayanchli imtiyozim ham, inqirozim ham shunda.
Mana shu satrlarni bitib bo‘lgach, nasib qilsa, kosmik matbuot konferentsiyasida so‘zga chiqmoqchiman. Shundan so‘ng hayot bilan vidolashib o‘z jonimga qasd qilaman. Mening o‘zimga chiqargan hukmim shundoq. Men turmushning qonun-qoidalarini buzdim. Men millionlar nafratiga yo‘liqdim. Robert Borkning o‘limiga men aybdorman. Men boshi berk ko‘chaga kirib qolganman. Men daf bo‘lishim, hayotdan ko‘z yumishim lozim. Boshqa yo‘l yo‘q.
O’lim oldidan nafas olib to‘ymaysan deyishadi. Lekin men pirovardida hamma gapni ochiq aytib olmoqchiman. Yerdagi la’nati hayotning, joningga tegib bo‘lgan bu dunyoning sendan keyin qanday bo‘lishining nima ahamiyati bor? Senga bari bir emasmi? To‘ng‘iz qo‘pmaydimi? Biroq o‘z qo‘lim bilan hozirlagan ajalim oldidan meni vahima bosmoqda — odamlar nima bo‘ladi, Kassandra tamg‘asi hodisasini ertangi kun kishilarining aql-idroki, qalbi qanday qabul qiladi? Nima bo‘lganda ham, la’natlangan haqiqat haqiqat bo‘la olmaydi. Bugun inkor etilgan muammo ertaga yana paydo bo‘ladi, bunday qutilish hecham mumkin emas.
Mening kun-soatim bitdi. Bundan tonib bo‘lmaydi. Orqaga yo‘l yo‘q. Odamlar, men sizlarga tavba- tazarrumni qoldirayotirman. Bundan siz keyinchalik o‘zini samoviy rohib deb e’lon qilgan kaminaning kim ekanini, nasl-nasabimni, umrimni qanday o‘tkazganimni, nima ishlar qilganimni mash’um kashfiyotim — Kassandra tamg‘asining sir-asrorini qanday bilib olganimni tushunib yetasiz...
Vidolashar ekanman, yana ikki og‘iz so‘zim bor. Kosmosdaligimda mening ongimda mislsiz kechinmalar, xayol-fikrlar jo‘sh urdi. Nima uchun shunday bo‘ldi — bilmayman sababini. Har safar kosmosdan bulutlar pardasi orqali yerga boqar ekanman, tahsinlar o‘qiyman: yo Rabbim, qanday buyuk bir samoviy xilqat Yer o‘zi. Quyosh ham insoniyat maskani bo‘lmish Yer uchun yaratilgan bo‘lsa ajab emas, yo‘qsa bularning hammasi na kerak? Dunyo inson uchun kerak — odam uning asl mohiyatini tushunib olish uchun yaratilgan, shu bois ham dunyo turibdi. Bo‘lmasa butun boshli galaktikasi nimaga kerak, aks holda na mazmuni bor, na mundarijasi bor dunyosining? Xudo haqida ham shunday deyish mumkin! U odam uchun zarur, shuning uchun ham u Xudo, shuning uchun ham u barhaq! Lekin inson shu koinotga, dunyoviy qonunlarga munosibmikin? Ana shu ulkan ochunga arzirmikin? Olamning jumbog‘i ana shunda!
97


Bas, kunpayakun bo‘lish fursati yetdi. Sanoqli daqiqalar qoldi. Ko‘p o‘tmasdan o‘zimni uloqtirib tashlayman, stantsiyadan ochiq fazoga sakrayman. Yerdan uzoqda. Benihoya uzoqda. Va butunlay gum bo‘laman.
Meni afv etinglar.
Filofey”. Filofeyning xati va uning Tavba-tazarrusining ruscha matni orbital stantsiyaga astronavtlar kelishi bilanoq kosmik rohibning xonaqosidan Yerga jo‘natildi. Kosmik kema qo‘mondonining shoshilinch xabarnomasida aytilishicha: shaxsiy kompyuterning xotirasida Filofeyning vasiyati saqlangan, bu vasiyatda samoviy rohib kosmik stantsiyaning bo‘lajak xodimlariga murojaat etib, kompyuter xotirasida terilgan Tavba-tazarruni Entoni Yungerning ixtiyoriga yuborishni iltimos qilgan. “Entoni
Yunger mening yozganlarimni nima qilsa o‘zi biladi”.
Matn sarlavhasi: “Sen bilan va sendan keyin ko‘rgan-kechirganlarim”.
So‘ngra bunday deyilgan:
“Ilgarilari kosmosdagi orbital stantsiyaga kelib qolishni xayolimgayam keltirmagan edim. Meni bu
yerga fan yetaklab keldi. Lekin kosmosga faqat ilmiy maqsadlar ilinjidagina kelmaganimni, balki badarg‘a qilinganimni, Yerdan tashqariga o‘zimni o‘zim quvg‘in etganimni, keyichalik o‘zimni samoviy rohib deb nomlaganimni hech kim bilmaydi. O’tmish davrlarda siyosiy yoki boshqa sabablarga ko‘ra chet ellardan o‘z vatani — Sovet Ittifoqiga qaytmagan va shu tariqa butun dunyo ko‘z oldida buyuk davlatning hokimlariga qarshi chiqqanlarni “o‘z vataniga qaytishdan bosh tortganlar” deb atashgan, meni ham shunday deb atash to‘g‘ri bo‘lsa kerak.
Yo‘q, bu gal ishlar boshqacharoq. Men badarg‘a ham qilingan emasman, o‘z vataniga qaytishdan bosh tortgan kishi ham emasman, osmoni falakka kelib qolishimni tushuntirish qiyin — bu o‘zlikka chekinish, kosmos orqali o‘zlikka chekinishdir. Buni ruhiyatning kosmos bilan uyg‘unlashib ketishi desa bo‘lar edi, biroq bu o‘ta balandparvoz tuyulishi mumkin. Lekin kosmosda bo‘lishim butun hayotimning mantiqiy yakuni, taraqqiyotimning eng oliy va so‘nggi nuqtasi bo‘ldi. Bu azaliy qismat bo‘lsa ajab emas. Bunga ishonish qiyin, lekin dunyoda nimalar bo‘lmaydi deysiz.
Mening taqdirim ham boshqalarnikidan ayricha. Shu bois ham men umrim bo‘yi bu haqda gapirmaslikka, nasl-nasabim, to‘g‘rirog‘i tug‘ilishim sirini doimo oshkor qilmaslikka tirishdim.
Meni chaqoloqligimda adyol ustidan qop-matoga o‘rab bolalar uyining eshigi oldiga tashlab ketishgan. Eshik oldidagi soyabonli pillapoya rus tilida “kiriltso” deyiladi. Menga bolalar uyida Kriltsov deb familiya berishganining sababi ham shunda. Otimni Andrey deyishgan, ota ismim Andreevich ham ismimdan olingan. Kriltsov Andrey Andreevich. Bu ayanchli voqea, menga aytib berishlaricha, 1942 yilning oxirlarida subhidamda ro‘y bergan. O’shanda qor qalin edi. Men esa subhi sodiq paytini es-es bilaman, desam, bunga hech kim ishonmaydi, albatta. Lekin men to‘g‘risini gapiraman. O’shanda qulog‘imga onamning qadamlari ostida qorning g‘arch-g‘urch ovozi eshitilgan. Yodimda, onam o‘sha qish kuni, kallayi saharda shosha-pisha qadam tashlar edi. Esimda, u bezovtalanib meni bag‘riga bosar, dam-badam seskanib cho‘chib tushar edi, onam yuragining qo‘rqinch aralash gupillab urganini mening norasta tanam sezar edi. U qadam tashlab borar ekan, harsillar, o‘zicha nimalarnidir gapirib-gapirib qo‘yar, menga qarab nimalarnidir pichirlar, o‘krab yuborguday bo‘lar va ko‘z yoshini bazo‘r tiyar edi, onam meni bolalar uyining eshigi oldiga tashlab ketish uchun ko‘tarib borayotgan paytda adyolning tirqishidan uning yuziga ko‘zim tushdi, qor qoplagan kipriklarini, tepadagi bulutli osmonni, qor uchqunlarini ko‘rdim. Bo‘ralab qor yog‘ayotgan edi. Aftidan u mening qulog‘imga shunday pichirladi: “Sen yig‘la, ovozing boricha yig‘la, o‘shanda sening ovozingni tezroq eshitishadi”.
U meni eshik oldida yerga qo‘ygandan so‘ng bu qilmi-shining sir-asrorini hadeganda tushunavermadim. Men sovuq yeya boshladim va onam qaytib kelib meni ko‘tarib olar deb kutdim. Lekin u nariroqda qor bosgan butalar orqasida yashirinib turar va men tomonga kelmas edi. Shundan keyin men yig‘ladim, qattiq yig‘ladim, shu asnoda eshik ochilib, kimdir keldi-da meni ko‘tarib olib ketdi...
Qorni tilga olishimning boisi shuki, keyinchalik eshitishimcha qor uyumlarida onamning izlari
98


qolgan, boshqa hech qanday nishona topilmagan ekan.
Men endi tasavvur qilaman – butalar orasida yashirinib turish va tashlandiq bolasining chinqirig‘ini
eshitib ham yoniga kelmaslik onamga oson bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Men tez-tez, doimo bir xil tush ko‘raman: qalin qor uyumlari uzra qadam tashlayman va onam izlarini axtara ketaman, bu izlar esa qorong‘i o‘rmonga olib boradi: meni vahima bosadi, qor ko‘mib tashlaydi, sovqotaman: “Ona! Onajon!” deya faryod solaman-da, uyg‘onib ketaman.
Lekin mening onamni o‘sha dahshatli sahar paytida bunday mudhish qilmishga nima majbur etdi ekan? Koshkiydi bilsam! Mening otam kim edi? Buni onamning o‘zi bilganmikin? Shu kabi ko‘plab savollar men uchun javobsiz, butun umrim bo‘yi jumboq bo‘lib qolaverdi.
Bolalar uyida bu haqda menga hech kim og‘iz ochmadi, o‘zim ham bunga harakat qilmadim. Ochig‘ini aytsam, kimgadir yuragimni to‘kib solgim kelar edi. Lekin onamning o‘sha qorli qish kuni tongda meni ko‘tarib borganini eslayman, xolos, boshqa hech vaqo yodimda qolmagan. Buning ustiga chaqaloqligimda esimda qolgan voqealarni aytib berganim bilan hech kim ishonmas edi.
Ammo dunyoda nima uchundir mening so‘zlarimga quloq soladigan, aytganlarimni jon qulog‘i bilan eshitadigan ayol bor edi. U Valeriya Valentinovna yoki xizmatdoshlari tili bilan aytganda Valya edi. Biz bolalar ham uni Vava, Vava xola der edik. Bu so‘zda qandaydir iliqlik, qon-qardoshlik ma’nosi borday edi. Tabiiyki, Vava xola bizning eng suyukli tarbiyachimiz edi.
Bizning 157-bolalar uyimiz Ruza shahrining chekkasida, Maleevka posyolkasining yonida Moskvadan taxminan yuz chaqirim narida edi. Bolalar uyi nemis qo‘shinlari Moskva ostonasidan chekingandan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay front yaqinidan keltirilgan bolalar uchun yetimxona sifatida qurilgan edi. Vava o‘sha paytda bu yerga yaqin – Ruza shahridagi o‘rmon-parkda joylashgan kompozitorlarning Ijodiyot uyida ishlar edi. Aslida bu koshona sovet kompozitorlarini yetishtirib beradigan «parvarishxona» edi. Bu yerda turli o‘lkalar va respublikalar kompozitorlari davlat ta’minotidagi parvarishxonada har biri shaxsiy kottejda yashab asrning tantanali muzikasi – barcha zamonlarning eng buyuk dohiysi, xalqlarning otasi o‘rtoq Stalinni sharaflaydigan kantatalar va xorallar ijod qilishar edi... Ba’zida bu yerga yuksak martabali partiya arboblari qadam ranjida qilishib, etikchi o‘g‘lidan XX asr hokimiga aylangan ana shu zotga bag‘ishlangan muzikaviy asarlarni birinchi bo‘lib eshitib ko‘rishar edi. O’qtin-o‘qtin bu yerda otaliq kontsertlari ham uyushtirilar, bunday kontsertlarga biz – bolalar uyining tarbiyalanuvchilari ham kiritilar edik. Vava xola ijodiyot uyining ma’muri edi, buning ustiga bu ayolning o‘zi binoyiday pianinochi ham edi. Shu bois u urushdan keyin bizga muzika rahbari bo‘lib kelgan edi.
Qirq birinchi yilning kuzidan to qirq ikkinchi yilning bahoriga qadar Ruza shahri va uning atroflarida nemislarning tank qo‘shinlari turgan edi. Bu voqeaga mening hech qanday daxlim yo‘q edi, albatta, biroq men tug‘ilgan vaqt bilan tashlandiq bolalik taqdirim o‘rtasida qandaydir aloqa borga o‘xshaydi, har holda Vava xolaning bu haqda o‘ylanib qolganlarini sezganman. O’smirligimda men bilan bo‘lgan suhbatlarda bunga shama qilgan paytlari ham bor. Vava xola Ruza deyarli yarim yil davomida nemislar qo‘lida ekanligida shu shaharda yashagan, ko‘p narsalarni biladi. Ikkalamiz muzika xonasida xoli qolganimizda u menga nota o‘rgatar edi, ba’zan shunday ham bo‘lar ediki, suhbatimiz muzika mashqlaridan yiroq-yiroqlarga ketar edi.
Vava! Vava! Qani endi keksa bo‘lsa ham yonimda senga o‘xshagan onam bo‘lsa edi, sen o‘z onamday sirdosh, jondoshsan. Tasodifni qarang, hech qachon mening onam bo‘lmagan, Vavaning esa – bolalari. Bu ayolning hayotida nega omadi kelmaganikin, uning bola-chaqali bo‘lishiga nima xalaqit berdiykin? Ehtimol u so‘qqabosh bo‘lganidan yetim bolalarni joniday ko‘rar?
— Andryusha, — der edi u menga, — sen tashlandiq ekanligingdan ich-ichingdan zil ketasan, albatta. Men sening ahvolingga tushunaman. Bu haqda o‘ylamaslik mumkin emas. Lekin bunday o‘y- xayollardan ne naf? Sen o‘zingga chetdan qarab boq. Butunlay o‘zgacha bir manzarani ko‘rasan. Men yanglishmasam, Xudo senga, Andryusha, cho‘ng iste’dod ato qilgan. Xudo haqqi shunday! Mening so‘zlarim bir kuni bo‘lmasa, bir kuni esingga tushar, sening boshing oltin, sen haddan ziyod qobiliyatli bolasan. Hatto muzika sohasida ham sendan binoyidek navozanda chiqishi mumkin. Lekin kim bo‘lish
99


o‘zingning ixtiyoringda. Muzikani o‘zing uchun o‘rgansang bo‘ladi, odamlar uchun esa boshqa sohalarda xizmat qilishing mumkin. Maktabni tugatib o‘qishni davom ettirasan, xohlaganingday hayot qurasan. Sen uchun hamma yo‘llar ochiladi, Andryusha, bunday zehnu qobiliyating bilan hali uzoqqa borasan. Senga xalaqit beradigan narsaning o‘zi yo‘q. Onangning kim ekanligini parvardigordan boshqa hech kim bilmaydi, otangning kim ekanligi ham mutlaqo noma’lum. Onangni kim majbur qildi o‘z jigarporasidan voz kechishga, g‘oyib bo‘lishga? Bu haqda biron narsa deyish amrimahol. Mening fikri ojizimcha, sen onangning go‘riga g‘isht qalamasliging kerak. Yo‘q, ona aybdor bo‘lsa ham uni afv etish lozim. Sen onangdan minnatdor bo‘lishing kerak desam jahling chiqmasin. Ha, minnatdor bo‘lishing joiz. Bu gaplar qulog‘ingga g‘alati eshitilishi mumkin. O’zing bir o‘ylab ko‘r, Andryusha. Birni ko‘rib fikr qil, mingni ko‘rib shukr qil. Sendagi favqulodda salohiyat onangdan, ota-onangdan meros, bu iste’dod onangdan, u orqali o‘tgan. Seni tashlab ketish oson bo‘lmagandir u mushtiparga. Shunga jur’at qiptiki, seni asrab qolishning boshqa chorasini topolmagan, sho‘rlik. Bunga mening iymonim komil. Tavakkal qilib tahlikaga borgan. Bunday yo‘l tanlashga nima majbur qilgan uni? Bilmayman. Eng muhimi, sen omon qolding. Gap gap bilan, ammo mamlakatimizdagi bolalar uylari chakki emas. O’zingga qarab baho beraverishing mumkin. Gap yana onangga borib taqaladi. Sening bo‘yi-basting, aqli hushing onangdan meros. Sendagi jismoniy va aqliy iqtidor aksari tabiatdan, demakki onangdan. Mening senga bir maslahatim bor: sening onang noilojlikdan shu yo‘lni tutgan, bu so‘zlarimni qulog‘ingga qo‘rg‘oshinday quyib ol. Voyaga yetgach, oq-qorani o‘zing ajratib olarsan.
Yillar o‘tib men shunday xulosaga keldimki, Vava qandaydir favqulodda vaziyatlarni, ochiq muhokama qilib bo‘lmaydigan sirlarni nazarda tutgan ekan. Vavaning o‘z fikrlariga naqadar amin ekanligi haqida biron narsa deb bo‘lmaydi. Oradan bir necha yil o‘tgach, Moskvada universitetda o‘qib yurgan kezlarimda Vava vafot etdi. Lekin Vavaning gaplari umrim bo‘yi qulog‘imda jaranglaydi, ammo kampirning og‘zidan chiqqan so‘zlarining to‘g‘ri-noto‘g‘riligini isbotlaydigan biron dalil yo‘q.
Men to‘qqizinchi sinfda o‘qib yurgan paytlarimda Maleevka posyolkasida katta baxtsizlik ro‘y berdi. Bir ayol va uning o‘n yetti yashar qizi o‘z jonlariga qasd qilishibdi. Avval ona, so‘ng qizi o‘zini osib qo‘yibdi. Ona yolg‘iz qizi bilan turar ekan. U kompozitorlarning ijodiyot uyida farrosh bo‘lib xizmat qilar, qizi esa maktabda o‘qir ekan. Bu ayol nemis qo‘shinlari Moskva ostonasidan chekinib ketgandan so‘ng yarim yil o‘tgach tuqqan ekan, qizi nemis soldatidan, ya’ni bosqinchidan, istilochidan, fashistdan tug‘ilgani hech kimga sir emas ekan. Qo‘shnilar sho‘rlik ayolga kun berishmas, maktabda esa qizchani ko‘z ochirishmas ekan. O’sha kuni Vava bu fojiali voqeadan dahshatga tushib og‘zidan g‘alati so‘zlar chiqib ketdi, men bo‘lsam kampirning ilmoqli so‘zlarini qulog‘imga quyib oldim: “Sirayam o‘zimga kelolmayapman, Natalya, — dedi u tarbiyachilardan biriga, — qanday dahshat bu! Qanday vahshiyona ajal bu! Onasi ham, qizi ham o‘z joniga qasd qilsa-ya!... Odamlarni ne ko‘yga solish mumkin, axir?! Tanangga mundoq o‘ylab ko‘rsang, nima uchun shu darajaga borishdi? Urush urush- da! Uning vahshiyona qonun-qoidalari bor. Bir-birlari bilan urishishadi, bir-birlarini o‘ldirishadi. Lekin odamlarga tokaygacha yomonlik sog‘inish, ta’na toshini otish, malomat qilish mumkin? Xo‘p, bo‘lar ish bo‘pti, sho‘rlik ayol boshiga balo qilib nemisdan bolalik bo‘libdi, tug‘ibdi, o‘z boshiga sho‘rishu g‘avg‘oni sotib olibdi. Nega endi undan o‘ch olish kerak ekan! Qanday vahshiylik bu! Qizchaning gunohi nima ekan?! Axir hech kim ota-onasini tanlolmaydi-ku, ota-onang kim bo‘lishi Xudodan. Nega endi sho‘rliklarning ko‘zini ochirishmaydi? Bordiyu ona o‘z jigarporasini eshik oldiga tashlab ketganda, mushtday farzandning chivinday joni omon qolsin, el qatori unib-o‘ssin deb o‘zi ochiq mozorga kirgandek, nom-nishonsiz yo‘qolganda, tirik murda bo‘lib yurganda anavilarning qichig‘i qonarmidi?”
O’sha paytlardan boshlab vaqt-soati yetib jo‘ja tuxum po‘chog‘ini teshib chiqqani kabi, miyamda bir fikr nish urdi: mening onam ham, xuddi o‘shanaqa bo‘lib chiqsa-chi, onam norasidani eshik yoniga tashlaboq dorilbaqoga rixlat qilgan bo‘lsa-chi?..
Bunday hodisa nechuk va qanday holatlarda yuz bergan bo‘lishini tasavvur etishga urinib ko‘rdim. Xayol oti olib qochdi, kallamga nimalar kelmadi deysiz. Hechvaqo yo‘q, kimsasizlik, ma’naviy yolg‘izlik. Dengizda kemadan qolib ketgan kishi xuddi shunday ahvolga tushsa kerak... Ovozing boricha qichqirsang ham kema ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Tevarak-atrofda tirik jon ko‘rinmaydi, qayoqqa
100


qarasang faqat dengizni ko‘rasan. Qirg‘oqdan nom-nishon yo‘q... Kimdir uni dengizga tashlab yuborgandir? U kim edi?
hammasini bilish, o‘zimcha bu savolga javob topish istagi tinchlik bermas edi menga. Lekin nega menda shunday istak paydo bo‘ldi, bundan murod ne edi – bu savollarga javob topa olmas edim. Bundan qanday naf ko‘rar edim? hech qanaqa! Bordi-yu mening otam nemis soldati bo‘lsa, uning taqdiri ne kechdi ekan – shu kabi savollar tinchimni buzardi mening. Birdan miyamda kurakda turmaydigan g‘alati fikr paydo bo‘ldi – nega endi u mening padarim bo‘lishi kerak ekan, buni kim undan iltimos qildi, butun Yevropani qadamlab kelib, meni dunyoga keltirishni va suvga cho‘kkan toshday nom-nishonsiz g‘oyib bo‘lishini undan kim o‘tindi? ha, nasl-nasabingni bilishni istaysan, lekin buning uddasidan chiqa olmaysan, tinimsiz o‘ylayverasan. Onamning qaerda ekanini bilgim keladi. Ha, yana shuni bilgim keladiki, o‘sha nemis soldati, mening otamga nima bo‘ldi – u tirik qolganmi yoki o‘lib ketganmi, bordiyu tirik, sog‘-salomat bo‘lib, Germaniyaning qaysidir burchagida istiqomat qilayotgan bo‘lsa, dunyoda qirq ikkinchi yilda bolalar uyining eshigi oldiga tashlab ketilgan o‘g‘li borligi tushiga ham kirmayotgandir... Men uning o‘sha o‘g‘liman. Uning esa men bilan sariq chaqalik ishi yo‘q. Mo‘‘jiza yuz bersa-yu, xabar topib kelib qolsa-chi? “Mana, men keldim, mening o‘g‘lim qani?” — desa-chi? Shundan so‘ng nima bo‘ladi? Bunday xayolparastlikning nima keragi bor? Bordi-yu, hammasi haqiqatdan ham men o‘ylaganday bo‘lsa, tupukday esdan chiqqan bu tarix bilan nemisning hemirilik ishi bor deysizmi? Nega endi u bizning g‘amimizni yeyishi kerak?
Bunday bema’ni boshvoqsiz fikrlar g‘ujg‘on urar edi menda. Nima haqda o‘ylasang, kishilar qismati chorrahasida albatta urush turar edi. Urushda tug‘ilgan, ota-onalari hayotning tubsiz jahannamida chirigan bolalarning fojiasi shundoq ko‘z oldingizga kelar edi. Sovuqlik, begonalik, nojinslik, jirkanchlik ufurar edi bu jahannamdan. Va mendan farqli o‘laroq “risoladagiday tug‘ilganlar” ahliga nisbatan mening qalbimda ichki dushmanlik hissi paydo bo‘lardi, dunyoda osoyishta-xotirjam kelganlarga o‘zimning shak-shubhasiz ustunligimni isbot qilishni, jamiyat mening benazir shaxs ekanligimni ko‘rib qo‘yishini, mening daho ekanligimni bilib olishini va bunga tan berishga majbur bo‘lishini, kuchga kuch bilan, yovuzlikka yovuzlik bilan javob berishga doimo tayyor turishni xohlar edim...
Ana shunday puch xayollar bilan katta hayot yo‘liga kirdim. Bu dunyoda bir o‘zim ekanligimni, so‘qqaboshligimni bir soniya ham unutmas edim. Mening otam ham, onam ham, aka-ukalarim ham, opa-singillarim ham, amma-xolalarim ham, jiyanlarim ham, amakivachchayu ammavachcha, xolavachchalarim ham, qo‘yingki, hech kimim yo‘q. Men oydan tushgan kishiga o‘xshar edim. Ehtimol, shu narsa menga yordam bergandir... Ha, fanda mislsiz shuhrat qozondim, butun borlig‘imni fanga bag‘ishladim, bu esa menga o‘zim tanlagan sohada – kamtarlik qilmayman – dohiyona kashfiyotlar qilishimga imkon beradi. Ha, chindan ham shunday. Men fanga xizmat qildim, fan esa menga, mening mashhur bo‘lishimga, mening nafsoniyatimga, mening jamiyatdagi o‘rnimga, mening moslashuvchanligimga xizmat qildi...
Bularning hammasi oxir-oqibatda mening taqdirimni belgiladiki, meni kosmosga, orbital stantsiyaga olib ketdi, men bu yerda o‘zimni o‘zboshimchalik bilan samoviy rohib deb e’lon qildim. Bu esa shuhratim yulduzining so‘na boshlashidan nishona edi. Endi menga yerda joy yo‘q ekanligiga aqlim yetdi.
Men samoda shu narsani tushunib yetdimki, taqdir ko‘rgan-kechirganlarimni, kosmosga kelib qolganimning sabablarini qog‘ozga bemalol tushirishdek noyob imkon beribdi. Men o‘zimga o‘zim shunday dedim: sen barcha ko‘rgan-kechirganlaringni dadil tan olishing, o‘zingga va boshqalarga iqror bo‘lishing shart. Tavba-tazarruning mohiyati shunda – o‘zingga hecham rahm-shafqat qilmaysan. Hamma-hammasini boshidan oxirgacha aytib berasan.
Aslini olganda, keyinchalik ko‘p shov-shuvga sabab bo‘lgan bu tarix, aytish mumkinki, arzimas narsadan – tibbiyot institutidagi seminardan boshlangan. Oqibatda men homiladorlik mo‘‘jizasini va odamning dunyoga kelish sirlarini o‘rganishga mubtalo bo‘lib qoldim. Ehtimol, tashlandiqlik sabab alamzada bo‘lib qolganim uchun qaltis bo‘lgan bu mavzuni odatda hech qachon, hech kim bilan muhokama qilmaganman, boz ustiga yaqin-atrofdagi kishilardan ham tashlandiq degan gap-so‘zlarni
101


hech qachon eshitgan emasman.
O’ylashimcha, birga ishlashib turganlar uchun men eng avvalo talabchan ilmiy rahbar, qattiqqo‘l
boshliq, barcha tan olgan va kattakonlarning doimiy e’tiborida bo‘lgan obro‘li kishi edim. Iqror bo‘lishim kerakki, mening nazarimda, insoniyat uchun la’nati jumboq bo‘lmish intilish – shuhratparastlik va amrifarmonlik balosidan men ham xoli emas edim. Men hamma vaqt mavqeimni mustahkamlashga, o‘z obro‘-e’tiborimni oshirishga harakat qildim. Orqavarotdan men haqimda “Bizning gendik” deb pichirlashganlari “Bizning general direktorimiz” degan ma’noni emas, balki “Bizning genial diktatorimiz” degan ma’noni anglatar edi. Bundan zarrachayam xijolat tortmas edim. Buni tushuntirib berish qiyin. Lekin hokimiyatga, hukmronlikka bo‘lgan zo‘r chanqoqlik chindan ham insoniyatning aql bovar qilmaydigan jumboqlaridan biridir. Va men buyurishga, farmon berishga orzumand edim, hammani tartib-intizomga chaqirar, o‘zimning yopiq laboratoriyam xodimlaridan, direktor bo‘lganimdan keyin esa institut xodimlaridan, ham so‘zsiz itoatkorlikni talab qilar edim, iste’dod va tartib-intizom – kadrlarni tanlashda mening andozalarim ana shu edi.
Ana shular tufayli men eksperimentator sifatida biologiyada yangi, kutilmagan yo‘nalishning dadil tashabbuskori sifatida faqat fanda hammaning diqqatini o‘ziga qaratgan taniqli namoyandagina emas, shu bilan birga, tashkilotchilik, rahbarlik bobida ham obro‘-e’tiborga sazovar edim. Ha, mening omadim chopdi, bu sohada manfaatdor tashkilotlarning yordami ham chakki bo‘lmadi, lekin bu haqda alohida gapirarmiz, men bo‘lsam, muvaffaqiyatlardan ilhomlanganimdan, shiddat bilan kuch to‘plagan qovoq ariga o‘xshab, fan pay-kali ustida parvoz qilar edim: men kashfiyotdan kashfiyotga uchib, oldinlari hech kimga noma’lum bo‘lgan fikr-g‘oyalar shovqinidan gangib yurar, ana shu sohada abadiylik sir-asrorining muallifi – Olloh taoloning o‘zini ham orqada qoldirishga tayyor edim. Men ilmiy eksperimentlar doirasida bo‘lsa-da, ota-onalar xohlashadimi-yo‘qmi, kimning yorug‘ dunyoga kelishini, qanday tug‘ilishi, qanday ota-onalardan tug‘ilishini shaxsan o‘zim hal qilar edim, ularning urug‘laridan nima yarata olishimni bilishsa edi...
Men endi o‘zimga o‘zim deyman: buning ajablanarli joyi yo‘q, o‘zingni “menga yetadigan kishi yo‘q” deb hisoblashingning sababi ham shunda! Nimasini ham aytsam – men inson homiladorligi va tug‘ilishini idora qila olganimdan chinakamiga esankirab qolgan edim.
Chorva mollarini sun’iy qochirishga o‘xshash, sun’iy urug‘lantirish yo‘li bilan ota-onalari noma’lum odamlarni yaratish fikri birinchi bor paydo bo‘ldi. Zootexnika sohasida-ku, bu masala hammavaqt dolzarb muammo. Inson o‘zining xo‘jalik manfaatlariga qarab chorva mollarining zotlarini o‘zgartirib kelgan.
Eksperimental biologiya bu holatdan qanchalar uzoqlashib ketdi. Endi u shunchaki ilmiy-tadqiqot maqsadlaridagina emas, balki odamning tug‘ilishini idora qilish, to‘g‘rirog‘i, bu borada tsirkdagi nayrangboz kabi, xohlagancha hunar ko‘rsatish yo‘li bilan odamni sun’iy yaratish muammolari ila shug‘ullanmoqda!..
Ha, fanning qorong‘i kavagida (fanga o‘z mohiyatidan boshqa hamma narsa bir pul) karaxt holda otilib ketganimni anglab yetishga endi harakat qilayotirman, biroq o‘sha paytlarda inson zoti uchun xavfli bo‘lgan, axloq doirasidan chetga chiqadigan mashg‘ulotlarga o‘ylamay-netmay boshim bilan sho‘ng‘ib ketganim haqida fikr yuritmas, buni xayolimga ham keltirmas edim. Men uchun, yosh olim uchun birdan-bir o‘lchov — ilmiy peshqadamlik edi. Va fan tantanasi yo‘lida men shunday sohaga kirib bordimki, u barcha dinlarda taqiqlangan, oldin biron kishi ham bu jabha sari qadam qo‘yishga jur’at eta olmagan edi, men bo‘lsam ilohiy eshikni surbetlarcha tepar edim, holbuki, bu eshik ostonasida Xudoga tiz cho‘kish kerak edi.
Mana, sen qaerlarga borib qolding. Kunlardan bir kun seni institut partkomiga chaqirishdi va katta hurmat, xayrixohlik, hatto xushomadgo‘ylik bilan kechirim so‘rab bildirib qo‘yishdiki, sening ilmiy ishlaring bundan buyon mutlaqo maxfiy hisoblanadi, “Sening qimmatli tadqiqotlaring haqida ochiq matbuotda, ayniqsa chet ellarda hech narsa bo-silmasligi kerak, o‘shanda ham sen bu gaplarga ahamiyat ber-mading. Holbuki, o‘shanda sening qo‘ltig‘ingga birinchi bor qo‘l solib ko‘rishgan edi. Keyingi buyurtmachilar sendan o‘z-lari uchun tayyor malay yasab oldilar. Sen uchun esa boshqa
102


narsa – «ish qilish, fanni oldinga siljishi» muhim edi.
Tan olish kerakki, sen biologiya jahannamida Mefistofel eding. Bosiq aql, o‘tkir mushohada – sen
olimning hammadan ko‘ra ham ana shu sifatlarini yuqori qo‘yar eding. Sen o‘z roling uchun vaj qidirmading, ana shu la’nati yo‘lda shu qadar katta kuch-quvvat sarflashga seni nima majbur etganini tushunib yetishga harakat ham qilmading. Tashlandiq bolaning eng avvalo, asrning hech kim oldiga tusha olmaydigan dahosi bo‘lish istagida ekanini kim bilibdi deysiz? Sen ilmiy muammolarga butun borlig‘ing bilan sho‘ng‘ib ketib, o‘zing sezmagan holda yaxshilik va yomonlikning, ezgulik va yovuzlikning narigi qirg‘og‘iga o‘tib qolding, odamlarni qiynab kelgan masala – o‘zlari yaratgan va o‘zlari cho‘qinadigan amri axloqlarini butunlay mensimay qo‘yding. Hayotning mazmun-mundarijasini anglab olish uchun asrlar bo‘yi sarson-sargardon yurgan odamlarni nazar-pisand qilmading, sening bundan boshqa ishtiyoqlaring ham oshib-toshib yotar edi. Buyuk faylasuf, sening vatandoshing, zamondoshing Losevning gaplarini payt topib o‘zingdan nariroqqa surib qo‘yding, holbuki olim insoniyat tarixida fanning roli haqida mulohaza yuritar ekan, go‘yo ataylab sening uchun dolzarb fikr bildirgan. Darvoqe, Losev jamiyat va madaniyatning cheksiz taraqqiy etishi to‘g‘risida yangi yevropacha ta’limotning nigilizmi borasida so‘z yuritar ekan, bunday degan edi: yevropacha paradigmaga ko‘ra, har qanday davr o‘z oldiga umuman mazmunsiz bo‘lgan holda, boshqa davr uchun tayyorgarlik va o‘g‘it, bundan keyingi har qanday davr ham o‘z holicha mazmun-mundarijasiz bo‘lgani holda boshqa bir davr uchun, shu bilan birga kelajakda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan barcha davrlar uchun oziq va zamindir, xolos; maqsad esa har doim va muqarrar suratda cheksiz zamonlar sari tobora uzoqlashaveradi; shunday qilib, yangi-yangi jannatlar va’da qilganlarning haq ekanligini hamisha tasdiqlaydi. Sen bo‘lsang Losevning ana shu teran fikrini o‘zingga erkinlik yaratmoq, javobgarlikni avlodlar zimmasiga yuklamoq uchun o‘z intilishingga moslab sharhlading. Sen o‘zingni mening vazifam «fanni rivojlantirish», kashfiyotlar qilishdan iborat, bu kashfiyotlarning natijalari nima bo‘ladi – buni boshqalar hal qilsin deb ishontirding. Sening ishing – inkubator bachadonda homila yetishtirish edi; sun’iy yetishtirilgan odamlarning taqdiri nima bo‘ladi, buning senga daxli yo‘q edi.
Hozirgi kudalik hayotda «Bu bizning muammolarimiz emas» degan surbetlarcha ibora tarqalgan. Sen bo‘lsang oldinlari ham xuddi shu yo‘sinda ish ko‘rar eding, sun’iy homilalarning taqdiri haqida gap ketganda o‘z raqiblaringga: bu masala ularning o‘zlarini tashvishga solsin, ularni o‘z muammolarini o‘zlari hal qilishlariga qo‘yib berish kerak, deb javob berar eding. Shu yo‘l bilan tug‘ilganlar, ijtimoiy mavqe nuqtai nazaridan boshqalar bilan teng sharoitda bo‘lgan ikszurriyotlar o‘zgalar kabi o‘zlari haqida o‘zlari o‘ylashlari lozim edi. Sen bularning fan uchun hech qanday daxli yo‘q deb hisoblar eding. Sun’iy bola tug‘dirish texnologiyasidan tashqarida bo‘lgan biron narsa seni tashvishlantirmas edi.
Ha, sen shunaqa odam eding. Ehtimol, chindan ham o‘z ilmiy sohangda dunyo ahamiyatiga ega kashfiyotlar qila biladigan, fanning kelajak taraqqiyotini oldindan aytib bera oladigan daho bo‘lgandirsan. Lekin sening barcha qilmishlaringni o‘sha tashlandiq bola boshqarib turar edi. Sen bo‘lsang buni tan olmading, qachonlardir eshik oldiga tashlab ketilgan xuddi o‘sha tashlandiq bola mo‘‘jizalar ko‘rsata olishini, oldindan rejalashtirilgan odamlarni tug‘dirishga amr bera bilishini butun dunyoga isbot etish uchun har doim urinar edi. Sen bu taqdirlarni o‘z laboratoriyangda hal qilding, sen hech kim jur’at eta olmagan, hech kim qila bilmagan ishlarni qilding – sen o‘z xohishing va chizma rejangga qarab, sun’iy loyihalashtirilgan odamlarni dunyoga keltirding, sen vasvasaga tushgan eding, sen odamlar ustidan botiniy hokimligingdan mast eding.
***
Va har ehtimolga qarshi sen o‘z qilmishlaringni XX asr oxirzamonini oldindan sezganing bilan oqlamoqchi bo‘lding, holbuki buni geopolitik miqyosda butun dunyo anglab tashvishga tushgan. Axir termoyadroviy kashfiyotlarining mudhish, tubsiz jahannami yoqasida hech kim fan otining jilovini tortmagan, shu sohada ish olib borayotgan olimlardan birontasi olamning umuman hayotni xavf ostida qoldiradigan sirli negizlariga burun suqmaslik uchun cho‘rt orqaga qaytmagan, bunga o‘zini
103


majbur ham qilmagan edi. Fan kashfiyotlarning dohiyonaligi ila yumushlarning jinoyatkorligi orasida beparvolik bilan ish ko‘rib, ularni baravarlashtirmoqchi bo‘ldi, strategik mulohazalarga ko‘ra maxfiy tutilgan, lekin vaqt o‘tishi bilan atom bombalarining otalari deb e’lon qilingan, umri oxir bo‘lgan sari tobora ko‘proq vijdon azobini tortgan va coyada qolmasmikinman deb o‘ylagan olimlarni fan butun dunyoga ma’lum va mashhur qildi va ularning fani olg‘a boraverdi. Axir fan arboblari uchun hech qayoqqa qaramasdan va hech narsani nazar-pisand qilmasdan atomning ichki dunyosiga kirib borishdan, odam bolasining g‘arib jismi-joniga nisbatan bahaybat ana shu dev kuchini tezroq qo‘lga kiritishdan muhim vazifa yo‘q edi, axir, bu kuch odamlarga butun koinotda cheksiz qudrat egasi bo‘lishga da’vo qilishga imkon berar edi-da! Ana shu ilmiy g‘oyalarning g‘irt mutaassibligidan kelib chiqadigan halokatli xavf haqida, yadrochilar kashfiyotlarining muqarrar oqibatlari to‘g‘risida shuni aytish kerakki, bu tashvishlar avlodlar chekiga tushar edi. Otalarning vasvasaga tushib qilgan kashfiyotlarining mashaqqatlarini shu avlodlar tortishi kerak edi, qanday ish ko‘rish lozimligi haqida, tirikchilik qilish uchun qaysi yo‘l bilan moddalarni yanada boshqa holatlarga aylantirish ustida bosh qotirish ham avlodlar zimmasiga qoldirilgan edi. Hozircha hammasining iloji topilayotgan edi. Sen ham shunga umid bog‘lar eding...
Ha, sen ham tabiat inson oldida mas’ul bo‘lmagan kabi, olim ham o‘z tadqiqotlarining samaralari uchun javobgar emas, deb astoydil ishonarding. O’z burchingning xaloskorligiga bo‘lgan ishonchingga hech nima putur yetkazmas, sen hech narsadan xijolat chekmas eding.
Ha, sen nigohdan yashiringan ko‘zgu orti ilmiy dunyosida chiqib kelayotgan yulduz eding. Va hatto xotining Yevgeniya birdan vabodan qochganday seni tashlab ketib, viloyat teatrlari bo‘ylab kezar ekan, azob-uqubatdan boshi chiqmagan kampirlar roliga rozi bo‘lib yurganda ham, barcha voqeadan xabar topib, ko‘p narsalarni sen bilan birgalikda boshidan kechirgandan so‘ng birdan qarib qolganda, hatto sendan qochib ketganda ham o‘zingni yo‘qotmading, iztirobga tushmading, alanglab qarab qolmading, uning ketidan quvib ketmading, eng muhimi, uning ko‘ziga o‘ta dahshatli bo‘lib ko‘ringan narsalarni tanqidiy nuqtai nazardan xayoldan o‘tkazishga ham harakat qilmading. Yevgeniya tadqiqotlaringning ma’nosini chaqishga biron marta ham urinmadi. Eksperimentlaringning mohiyatini biron marta ham tasavvur qila bilmadi. Xotining ilmiy maqsadlardan uzoq edi, o‘zga muhitda yashar edi, lekin u senga qadrdon edi va sen u bilan ko‘p yillar bir yostiqqa bosh qo‘ygan eding, u sen faqat ish bilan ovora bo‘lganingda ham, hatto o‘zing uni tez-tez abort qilib turganingda ham (keyinchalik bu haqida o‘zing achchiq alam aralash afsuslanding, axir bu bilan sen o‘z oilaviy hayotingning ildiziga bolta urgan, risoladagi ayolning qat’iy nafratiga uchragan eding-da) — Hamma-hammasiga chidadi, lekin seni hech narsa to‘xtata olmas edi. Sen fanga fidoiylik bilan kirib ketib boshqalarning, eng avvalo sevikli xotiningning his-tuyg‘ulari, fikr-mulohazalari bilan hisoblashmasdan to‘g‘ri ish qilayotirsanmi-yo‘qmi – bu savolga javob berishga harakat ham qilmading, bu haqda o‘ylab ham ko‘rmading. Yevgeniya sening nima ishlar qilib yurganlaringdan, yillar o‘tib, nimalarga erishganingdan va bundan qanday maqsadlarni ko‘zlayotganingdan xabar topgach, sening oldingda tiz cho‘kib yig‘ladi, hammasini tashlab, Moskvadan uzoq-uzoqlarga, aytaylik ilmiy markazlarida ishlar to‘lib yotgan, professorlar yuksak qadrlanadigan va Moskvadagidan kam maosh olmaydigan Uzoq Sharqqa ketishni iltimos qildi; xotining o‘sha tomonlarda teatrlardan ish topishini aytib, yangidan turmush boshlashni, nihoyat, bolalik bo‘lishni o‘tinib so‘radi, lekin sen rafiqangning tavallolarini inobatga olmading, ayolingning, o‘zing aytganday eksperimentlaringdan soddalarcha qo‘rqishi, injiqliklari senga chivin chaqqancha ham ta’sir etmadi, sen o‘zingga ishonib topshirilgan yumushlardan voz kechishni xohlamading. Buning uchun keyinchalik qanchalar afsuslanmading, qanchalar o‘kinmading, lekin endi kech edi... Hayot echa bir o‘zandan o‘tib, boshqa o‘zanlarda davom etaveradi...
Senga shuhratparastliging tinchlik bermas edi. Yevgeniya ketdi-qoldi, shunga ham kuyib- pishamanmi deb o‘ylading – nima, shunga ham ota go‘ri qozixonami, o‘zingga boshqasini topib olasan, ishlardan sal qutilgach, razm solasan – atrofda qancha xotinlar bor va albatta o‘zingga, didingga yoqqanini, eng muhimi, pokdomon, sen qilayotgan ishning axloqqa to‘g‘ri kelish-kelmasligiga ortiq darajada shubha bilan qaramaydiganini tanlab olasan. Va bu ayolni imtiyozli kishilar uchun
104


ajratilgan «feodallar» xiyobonida, atomchilarning xuddi shunday dang‘illama hovlilari biqinidagi o‘zingning akademiklarga mo‘ljallangan toq-ravoqingga olib kelasan. Lekin bu rejalaring bemalol ro‘yobga chiqadigan bo‘lishiga qaramasdan, o‘shondog‘icha qolib ketdi. Yangi voqealar yuz ko‘rsatishi bilan uylanishdan boshqa tashvishlaring ham yetib ortar edi, sening keyingi butun hayoting, kosmosga, orbital stantsiyaga jo‘nab qolishga va o‘zingni samoviy rohib deb e’lon qilishga majbur etgan barcha shart-sharoit mana shu voqealar oqibati bo‘ldi.
U paytlarda sen akademiklar orasida anchagina mashhur shaxs eding, fanga otalik qiluvchi organlarning alohida diqqat-e’tiborida turarding. Adolat yuzasidan aytganda, KPSS MK bu ma’noda maqtovga sazovor edi. Bunga o‘z tajribangda bir necha marta guvoh bo‘lgansan.
Har qanday mablag‘ va imtiyozlarning sening institutingga, eng avvalo, o‘zingning mashhur laboratoriyangga deyarli yugur-yugursiz, tanish-bilishlarsiz osongina berib turilishi MK homiyligi tufayli edi. O, hokimlarning marhamatiga, saroydagilarning mehribonligiga-yu, to‘ralarcha hozirjavobligiga odam bolasi naqadar tez ko‘nikadi. Endi esa hamma vaqt shunday bo‘lib kelganmi, har doim shunday bo‘lib qolaveradimi, deb o‘z-o‘zingga savol berasan. Misol keltirish uchun uzoqqa borish shart emas. Fanlar akademiyasining prezidenti, yetakchi atomchi olim shaxsiy suhbatlardami, telefon orqalimi, «Andrey Andreevich, xudo haqqi, hech narsadan o‘zingizni qismang. Dadil bo‘ling, mamlakat sizning programmangizni jamiki zarur narsalar bilan ta’minlashga tayyor. Chet ellardan keltirilgan asbob- uskunalar bo‘ladimi, transportmi, qo‘ying-chi, nimaiki zarur bo‘lsa, aytavering, tortinmang. Siz o‘ta muhim ish qilyapsiz», deb qayta-qayta tayinlar edi.
Dunyoning yarimini egallagan butun mamlakat nomidan aytilgan ana shunday maqtovlardan, oliy himmatdan g‘alati bo‘lib ketar eding, o‘lja ilinjida aylanib ucha boshlagan yirtqich qushlar yanglig‘ partiya xodimlarining sof ilmiy tajribalar bilan tobora ko‘proq qiziqa boshlagani sening g‘ashingga tegar edi, lekin sen og‘zingga talqon olib g‘ing demay turaverar eding, sen minnatdorchilik og‘ushida xushomadgo‘ylik ham qilmading, shu bilan birga oliy rahbariyatning e’tiborini ohangraboday o‘ziga tortgan shov-shuvga sabab bo‘ladigan qandaydir loyihaning bo‘yin tovlamas ijrochisi deb qarashlariga qarshilik ham ko‘rsatmading, men bunaqalardan emasman deb ham qo‘ymading. Ha, o‘zingni vaqtida to‘xtatishing, keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, o‘zingning chindan ham mulohazali ekanligingga amin bo‘lish uchun bahona qoldirmasliging kerak edi. Lekin sen ojizmiding, betayinmiding, amalparastmiding, senda hokimiyat egalariga xira pashshaday yopishib olish xususiyati bormidi? Ehtimol, xuddi shuning uchun bo‘lsa kerak, niyat-maqsadi o‘ta dudmal ilmiy programmani boshqarishni senga taklif qilishdi. U «Jinslarni embrional negizda boshqarish» deb ataladi, biroq bundan maqsad: noma’lum (anonim) ota-onalardan yangi zurriyotlar yaratish metodini ishlab chiqish edi.
Bunaqasi dunyoda bo‘lgan emas. Sen daf’atan paydo bo‘lgan qaroqchiga o‘xshab bu ishga o‘ralashib qolding. «Ikszurriyot» istilohi sening ixtirong emas, uni qisqartmalar desa o‘zini tomdan tashlaydiganlar – fan mutasaddilari o‘ylab topganlar, bu ibora tezda qariyb o‘ziga xos inqilobiy sirso‘z (parol) bo‘lib qoldi, chunki laboratoriya sharoitida ikszurriyotlar yaratishdan maqsad yangi tipdagi odamlarni, mafkuraning bo‘lajak fidokorlarini yetishtirish edi. Ikszurriyotlar XXI asrning fidoyi inqilobchilari bo‘lib qolishlari kerak edi. Xuddi ana shu narsa nazarda tutilar edi. Partiya rahbarlari o‘lim to‘shagida yotgan jahon kommunistik mafkurasini tiriltirish va qayta tiklashning yangi usuli ana shunda, deb tushunishar edi. Sen iqror bo‘lishing kerak – oradan ko‘p o‘tmasdan «ikszurriyot» degan yangi so‘zga qulog‘ing o‘rganib ham qoldi, sen qilayotgan ishga yuraging, qalbing odatlanib qoldi – sen o‘zingni o‘zing shu narsaga ishontira oldingki, sening eksperimentlaring bor-yo‘g‘i fandir, tajribalardan nimalar kelib chiqishi esa sening ishing emas.
To‘xta! Oshiqma! Bu yerda hamma narsani ipidan ignasigacha gaplashib olishga to‘g‘ri keladi. Ha, «ikszurriyot» atamasini yuqoridan taklif etishgani tushunarli, bunda insoniyatning yangi zotini yaratishning uzoq muddatli programmasi ko‘zda tutilgan edi. Lekin ishning eng boshida strategik maqsadlar tilga olinganda, sen e’tiroz bildirmading, undan voz kechmading, o‘zingni chetga olishga harakat ham qilmading. Va seni yangi Darvin deb ko‘kka ko‘targanlarida ham, tsivilizatsiya tarixidagi
105


bu mislsiz programma sening nazariy va amaliy ishlaringdan, bu boradagi bashoratlaringdan kelib chiqdi, deganlarida xijolat ham tortmading. Seni ilmiy rahbarlikka taklif qilganlarida go‘yo shunday bo‘lishi tabiiyday, o‘sha zahoti rozilik bildirmagan bo‘lsang ham, o‘ylab ko‘raman, deding, lekin butunlay voz kechmading. Ha, voz kechish kerakmi, shunday qilish mumkinmidi? Yolg‘iz otning changi chiqmas. O’sha paytga kelib, rasmiy doiralar da’vatiga shunday uchgan edingki, xo‘jayinlarning bironta iltimosiga yo‘q demasding.
***
Bu gap to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Fanlar Akademiyasi prezidentining taklifiga javoban «o‘ylab ko‘raman»
degan kuningoq sen Eski maydonga, Siyosiy byuro a’zosi, KPSS MKning mafkuraviy masalalar va xalqaro kommunistik harakat bo‘yicha sekretari Konyuxanov Vadim Petrovich huzuriga taklif qilinding. Eski maydonga sen deyarli o‘z uyingga kelganday yetib kelding, tez-tez bo‘lmasa ham turli
masalalar yuzasidan yiliga bir necha marta bu yerga kelib ketar eding-da. Bu safar ham o‘zingning derektorlik qora «Volga»ngda kelding, Moskva ko‘chalarida izg‘ib yurgan mashinalarga, chumoliday qaynab yotgan yo‘lovchilar oqimiga alang-jalang qarab qo‘yar eding. Sening qayoqqa va qanday maqsad bilan ketayotganingni bilganida bormi, olomon ko‘chani to‘sib olib mashinangning dabdalasini chiqarib tashlagan, o‘zingni esa toshbo‘ron qilgan bo‘lar edi. Buni vahshiylik deyolmasding, ularning bu shafqatsizliklarini Parvardigor afv etgan bo‘lur edi.
Har doimgiday, tushdan keyin Moskva, ayniqsa, shahar markazi odam dengiziga aylangan edi. Odamlar bu haqda fikr qilib ko‘rishdimi-yo‘qmi, lekin xuddi shu soatda ular uchun turmushning jamiki muammolari biron narsani qidirib topish haqida bosh qotirishdan va qo‘lga kiritish, sotib olish, shu niyatda itday izg‘ib yurishdan iborat edi desa bo‘ladi. Lekin ulardan birontasi ham sal nariroqda kimningdir Tabiatga, Tarixga, Xudoga, odamlarga – Hamma-hammasiga qarshi qandaydir ish qilish niyatida ekani, shundan so‘ng dunyoning qaytadan yaratilganday o‘zgarib ketishi haqida bir lahza bo‘lsa ham o‘ylab ko‘rmas edi.
Darvoqe, ana shu rejani amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan kishi ularning yonginasida ko‘zni kuydirib salobatli avtomobilida suzib ketayotgan edi va tabiiyki, xuddi shu onda bu kishining oila, nasl-nasab, avlodlarning vorisiyligi tushunchalari o‘tmishning sarqitlari bo‘lib qoladigan zamon kelishi uchun ishlayotganini, oqibatda har kim ibtido va intiho bo‘lib qolishi mumkin ekanligini, kishilar kimlardan paydo bo‘lgani va kimlarni dunyoga keltirgani haqida zig‘irchayam tasavvurga ega bo‘lmay qolishini ulardan birontasi xayoligayam keltirmas edi... Bu vazifalarni oila o‘rniga Ota-Davlat bajarishi kerak edi.
Ammo bu sening shaxsiy jahonshumul programmang emas edi, albatta. Mafkuraviy g‘oya lop etib sening miyangga kelgani yo‘q, bu boshqalarning fikri, shunday bo‘la qolsin, lekin bunga shaxsan sen va sening ilming xizmat qildi, tajribalaring totalitar davlatning qora kuchlariga ulardan o‘z maqsadlarida foydalanish yo‘lini shipshitib qo‘ydi. B haqda sen endi, bo‘lari bo‘lgandan keyin gapiryapsan. Biroq sen o‘sha kezlarda ham kashfiyotingdan qanday amaliy xulosalar chiqarish mumkinligiga fahming yetar edi, ammo sen bu narsaning bevosita menga aloqasi yo‘q deb hisoblading va bu haqda o‘ylamaslikka intilarding. Shunday bo‘lib chiqdiki, ulkan reja, kirdikor mo‘ljallangan, bu hech ham xomxayolik emas ekan, sen shug‘ullanayotgan kori-amal endi xo‘jayinlarning erkatoyi bo‘lmish tadqiqotchining ilmiy mashqlarigina emas edi. MKga kelganingdan keyin bunga amin bo‘lding.
Bu safar eshik oldida seni Konyuxanovning kotibi kutib oldi va maxsus liftda barcha nazorat postlarining yonidan o‘tib, yettinchi qavatiga olib chiqdi. Konyuxanov seni kutib turgan edi. U eshikni o‘zi ochib, seni kabinetiga taklif qildi.
— Andrey Andreevich, sizni ko‘rganimdan xursandman! – U ko‘zoynagini yaltiratib salomlashdi sen bilan. Uning iltifotida soxtalik sezilmasdi. – Biz siz bilan tez-tez ko‘rishib ham turolmaymiz. Keling, biroz gaplashaylik, yuragimizni bo‘shataylik. Sizni kutib o‘tiribman, buning uchun har kungi yumushlarni bir chekkaga surib qo‘ydim, qurib ketsin bu ishlar! ha, siz haqsiz, har holda tez-tez
106


muloqot qilib turgan ma’qul, Andrey Andreevich. Lekin hammasiga vaqt kerak, vaqt, vaqt! Marhamat. — Va kotibani ogohlantirdi: — Hech kim bezovta qilmasin. Men yo‘qman.
Bu pisanda uchrashuv favqulodda ahamiyatga ega ekanligini bildirar edi. Oqibatda xuddi shunday bo‘lib ham chiqdi.
Konyuxanov o‘zini tuta bilar, suhbatdoshini o‘ziga rom qila olar edi. Odobli edi, andisha bilan quloq solar, o‘ylab gapirar edi. Taomili bilan kiyingan edi: sipo kostyum, shu rangdagi galstuk, sifatli poyabzal. Ovqatni ko‘p yemasa, suyuqni ko‘p ichmasa, qaddi-qomatiga ahamiyat bersa kerak. Favqulodda yaltiroq ko‘zoynagi uning turmush lazzatlaridan voz kechgan kishilarnikiga o‘xshash cho‘zinchoq yuziga yarashib tushgan edi. «Takaning soqolini yopishtirib qo‘ysa, Dzerjinskiyning o‘zi bo‘ladi-qoladi», deb o‘ylagansan sen o‘shanda nima uchundir.
MKning bu kotibi haqida fikr yomon emas edi, aksincha, ko‘plar uni keng fikrlaydigan odam deb hisoblardi. Siyosiy byuro a’zolari orasida u eng yoshlaridan biri edi. U ellikka yaqinlashib qolgan va eng ishchan kotib deb tan olinar edi. Diplomatiya sohasida martabaga erishdi, bizlar uchun siyosiy jihatdan ayricha ahamiyatli bo‘lgan mamlakatlarda bag‘oyat puxtalik bilan, aniq maqsadni ko‘zlab ish ko‘rardi. Shimoliy Koreyada, Vetnamda, Kubada va Xitoyda maslahatchi, so‘ngra elchi bo‘ldi, uning xizmatlari yuksak baholandi va o‘sha yerdan, o‘sha qaynoq chiziqdan mas’ul ishga ko‘tarishdi, shuni aytish kerakki, umumiy fikrga qaraganda, juda munosib va odilona ish bo‘lgan. Keyinroq esa, xalqaro Olimpga – BMTga Doimiy vakil bo‘lib jo‘nab ketishdan sal oldin – Konyuxanov birdan partiya organlariga, ularning oliy pog‘onalariga ishga olindi va shundan buyon xalqaro kommunistik harakatlar sohasida barcha mafkuraviy va tashqi siyosiy ishlarni boshqaradi.
Sen Konyuxanovni bilar eding va mana, kezi kelib uni boshqacharoq nuqtai nazardan ko‘ryapsan.
Umumiy gaplardan keyin, muddaoga ko‘chishdan oldin u qistirib qo‘ydi – Andrey Andreevich, gapni uzoqroqdan boshlayman. Meni to‘g‘ri tushunsangiz kerak, demoqchimanki, insoniyatning tarixi bir lahzada, aytaylik, kimningdir miyasiga qandaydir fikr yashin yanglig‘ kelib qolganda voqe bo‘ladi. Ma’lumki, hayotda hamma narsa muayyan vaqtgacha tadrijiy rivojlanadi. Lekin ba’zan birdan, aytish mumkinki, inqilobiy vaziyat paydo bo‘ladi, kolliziya ro‘y beradiki, qandaydir g‘oya chindan ham hamma narsani birvarakayiga ag‘dar-to‘ntar qila oladi. Va hozir xuddi ana shunday paytdir. Faqat, xudo haqqi, bu g‘oyaning muallifi kaminai kamtarin deb o‘ylamang. Men bu o‘rinda bor-yo‘g‘i galaga qo‘shilib uchadigan qushday boshqalarga hamrohman, xolos.
— Unda men qanaqa qushman? — suhbatdoshning nima demoqchi ekanligini tushinib olishga harakat qilib luqma tashlading sen o‘zingni tutolmay.
— Ozgina sabr qiling. Bu shunchaki, gapning xamirturishi, muqaddimasi, bo‘lmasa, ishning mohiyatiga yaqinlashish amrimahol. Demak, muqaddimani davom ettiraman. Men nazarda tutgan narsa – inqilobiy xarakterdagi tarixiy qadam. Unda Frantsiya inqilobining uchquni, bizning Oktyabr inqilobimizning yolqini mujassam, men shunday deb bilaman. Bu tafakkurning mutlaq erkinligi, siyqasi chiqqan zamonlar Aflotun nazarda tutgan fikrning o‘zginasidir: g‘oyaning moddaga ta’siri va moddaning o‘zgarib ijtimoiy-siyosiy idealga aylanishi. Men tushunib turibman, Andrey Andreevich, siz hozir bu gaplarning nima keragi bor, bu qanday lektsiya o‘zi, deb hang-mang bo‘lib qoldingiz. Lekin meni afv eting, bu masala sizga, sizning faningizga bevosita aloqador! ha, ha! Ajablanmang, shunday!
Ikkovlaring guruh-guruh odamlarni yig‘ib o‘tkaziladigan kengashlar uchun mo‘ljallangan katta stol atrofida o‘tirdinglar, kotiba jimjimador gulli nafis finjonlarda choy keltirdi. Sen bu yerga o‘ta muhim yumush yuzasidan taklif qilinganligingni tushunding, aks holda uzundan-uzoq debocha kimga kerak edi. Va sen o‘zingning o‘ta ayricha ilmiy eksperimentlaringning amaliy ahamiyati partiya Markaziy Komitetining e’tiborini nimasi bilan tortganini fahmlab olishga urinib ko‘rding. Asta-sekin manzara oydinlasha bordi, bu ish seni o‘z miqyosi bilan hayratda qoldirib, sergaklikka chaqirar va ayni vaqtda o‘zining shiddati bilan o‘ziga rom etar edi.
— Mana sizga, Andrey Andreevich, ochig‘ini aytganda, suhbatimizning mundarijasi, — davom etdi Konyuxanov. U chekib bo‘lgan papiros qoldig‘ini billur kuldonga qo‘li bilan xomush ezib o‘tirar ekan,
107


birdan boshini ko‘tardi. — Masalani keragidan ortiq darajada chigallashtiryapman shekilli, — kulib qo‘ydi u. — Shunaqa muqaddimalarga ko‘nikib qolganman. Siz esa o‘zimizniki. Shuning uchun imkon qadar samimiy va qisqa gaplashaman. Mana shunisi qiyinroq. Faqatgina... Birinchisi, eng muhimi, partiya sizga ishonadi, Andrey Andreevich. Ishonadi. Va tarix sizning oldingizga qo‘ygan vazifa – Hammamizning umumiy vazifamiz. Ha, tushunaman, fan bilan partiya – ayrim-ayrim narsalar, biroq hamma sohada va hamma joyda sinfiy yondashish muqarrardir. Biz markschi-leninchilar shunga asoslanamiz va bizning tarixiy afzalligimiz, shubhasiz, ana shunda. Mana shu masalada sizning kashfiyotlaringiz, ta’bir joiz bo‘lsa, qo‘lbola biologiyaning kashfiyotlari – bu odam tabiatiga chuqur kirib borish, aslida inson shaxsini qayta qurish, shaxsning kelib chiqishini, jamiyatdagi o‘rni va rolini qayta qurish, keyinchalik esa sun’iy tug‘iladiganlar matritsasiga asosan butun insoniyatni qayta qurish imkoniyati demakdir. Faqat boshlab yuborish qiyin, xolos. Mana, XX asr aravasi qaerlargacha bordi!
Men sizga aql o‘rgatmoqchi emasman, lekin shu ma’noda men Fan bo‘limimizning fikriga to‘la qo‘shilaman – dunyo yaratilgandan beri bunaqasi bo‘lgan emas. Sizning siymongizda fan chindan ham misli ko‘rilmagan qudratga ega bo‘ldi. Darhaqiqat, siz tahsinga loyiqsiz. Idora qilib bo‘lmaydigan homiladorlik va tug‘ilish hodisasi boshqariladigan jarayon bo‘lib qolayotir. Endi shunday fikr tug‘ildi: buni ommaviy tartibda joriy qilishga urinib ko‘rilsa, qanday bo‘larkin? Bu inqilob, faqat nomi yo‘q, biologik tur sifatida odamni qayta ishlab chiqarishdagi chinakam inqilob. Shunday ekan, bu jarayon boshqariladigan va nazorat qilinadigan ekan va jamiyat hayotida yangi omil ekan, tarixning yangi dastagi ekan, demak, siz ham tan oling, bu endi siyosatning ishi. Va bu asnoda biz siz bilan, Andrey Andreevich, endi sheriklar, partnyorlar sifatida uchrashyapmiz. Biz shunga asoslanamizki, partiya chetda qolmasligi, qandaydir kuzatuvchi bo‘lib turmasligi kerak, aksincha, vaqtni qo‘ldan boy bermasdan, bu jarayonning boshida turmog‘i, jamiyatimiz, mafkuramiz maqsadlari va vazifalarini ko‘zlab uni tegishli yo‘nalishga burishi lozim. Xudo haqqi, meni kechiring, Andrey Andreevich, men tuzalmaydigan sergapman. Lekin siz gap nimada ekanligini tushunasiz. Siz hamma narsani oldindan bilib turasiz, siz — daho kishisiz. Va men bir narsani qo‘shimcha qilmoqchiman. Gap nima haqida ketmasin – kosmosdagi kashfiyotlardan tortib ekspremental biologiyadagi kashfiyotlargacha – biz o‘zimizning pirovard maqsadimizni, jahonshumul rolimizni unutishimiz mumkin emas. Mana sizga eng muhimi. Afsuski, hatto bizning MKda, apparat doiralarida ham ma’lum revizionistik kayfiyatlar bor. Men sizdan hech narsani yashirmayman, siz o‘zimiznikisiz. Ba’zi bir o‘rtoqlar alohida mamlakatda sotsializm sharoitida tinchgina yashashni xohlaydilar. Ular bizning butun dunyo mehnatkashlari haqida qayg‘urishimizni unutib qo‘yadilar. Kapitalizm bilan musobaqada biz g‘alaba qilishimiz lozim. Va jahon inqilobi shiori hozir ochiq aytilmayotgan bo‘lsa ham sayyorada kommunizm g‘alaba qilajak! Bu – bizning asl maqsadimiz va uni har qanaqa yo‘l bilan, jamiki vositalarni ishga solib yaqinlashtirmog‘imiz darkor. Inchunin faqat ilm bilan andarmon bo‘lib, eksperimental biologiya sohasidagi sizning noyob yutuqlaringiz insoniyat hayotida qandaydir jahonshumul voqea bo‘lajagidan bashorat qilayotganiga shubha qilmasangiz kerak. Ha, shunday! Men buni jiddiy aytayapman. Sirtdan qaraganda, buni tasavvur qilish ham qiyin – axir hamma narsa bor-yo‘g‘i laboratoriyada undirilgan embriondan, aytaylik, probirkada dunyoga kelgan urug‘dan boshlanadi-da! hamma gap shundaki, buning oqibatida tug‘ilgan odam – uni ikszurriyot deb ataylik – noma’lum shaxs. Bu – ota-onasi noma’lum, sun’iy yetishtirilgan sub’ekt, men shunday tushunaman. Sizga kunday ma’lum bo‘lgan narsalarni nima uchun men tushuntirib berishga urinyapman? Gap shundaki, bu siz uchun qiziqarli laboratoriya eksperimentlari ob’ekti bo‘lsa, biz uchun ikszurriyot – yangi tipdagi odam. Va bizning taxminlarimizga ko‘ra, mehnatkash sinflarni eski dunyodan xalos qilish uchun, uni ag‘dar-to‘ntar qiladigan ham xuddi ana shu ikszurriyotdir! hamma gap ana shunda. Vaqt kelib, tarixiy jarayonda harakat qiluvchi bosh shaxs ham ana shu ikszurriyot bo‘lishi mumkin!
Ehtimol, meni hissiyotga berilib, jo‘shib ketyapti, deb o‘ylarsiz, Buning sababi bor. Axir ikszurriyotlar fenomeni siyosiy jihatdan hayron qolarli darajada istiqboli porloq. Bu shunday o‘tkir kuch bo‘ladiki, bu kuch bizdan farqli o‘laroq, orqa-oldiga qaramasdan, qo‘rqinch va shubha nima ekanini bilmasdan butun dunyoda kommunizm g‘alabasi uchun kurashadi. Oila va qarindoshlik
108


aloqalarini eski, zo‘ravonlik dunyosining qoldiqlari sifatida huddi ana shu ikszurriyotlar tarix axlatxonasiga uloqtiradi. Shaxs va ruhiyatning misli ko‘rilmagan ozodligini o‘zida mujassamlashtirgan ikszurriyotlar odamzodning inqilobiy ta’limimiz allaqachon oldindan ko‘ra bilgan yangi davriga yo‘l ochib berajak. Ikszurriyot o‘z umrini o‘tagan eski dunyoni kelajakda qo‘porib tashlash barobarinda yangi dunyoni bunyod etajak. Aminmanki, ikszurriyotlar muhitida buyuk kishilar, daholar odatdagi eskirib qolgan muhitdagiga qaraganda ko‘proq paydo bo‘ladi. O’zingiz tushunib turibsiz – bunda oilaviy va boshqa eskirgan kishanlar va tashvishlardan butunlay ozod bo‘linadi. Bolalar sun’iy yo‘l bilan, ota-onalarsiz bunyod etiladi, tegishlicha tarbiya qilinadi. Aytmoqchi, bo‘limdagi ayrim o‘rtoqlar ota-onasi noma’lum bo‘lgan bolalarni kelib chiqishi noaniq bo‘lgan qimmatli tog‘ jinsi parchasiga o‘xshatib “sbakitlar” deb atashni taklif qilmoqdalar, lekin mening nazarimda “ikszurriyot” yaxshiroq, aniqroq.
Hozircha biz faqat nazariyabozlik qilayotirmiz, faqat bizni qiziqtirgan mavzu yuzasidan fikr yuritmoqdamiz, mislsiz yangi olam hodisasi nimalarga olib kelishini oldinroq ko‘rishga harakat qilayotirmiz, lekin buni oldinroq aytib bera olish zarur. Hozirgi zamon tsivilizatsiyasi voqealarni, muammolarni qatorlashtirib qo‘yayotgan ekan, qo‘l qovushtirib turish mumkin emas. Tarix buni kechirmagan bo‘lur edi. Shu munosabat bilan aytadigan gapim shuki, kelajak ko‘p jihatdan dunyoviy kurashda birinchilikni qo‘lga ola bilgan kishiga bog‘liq bo‘ladi. Yangi odamlarga — ikszurriyotlarga jamiyat eshigini ochib qo‘ygan kishi g‘olib chiqadi, ikszurriyotlarning shubhasiz afzalliklari shundaki, ana shu ota-onasiz, qon-qarindoshsiz tug‘ilgan zotlar oiladan, har xil qon-qarindoshlik va urug‘- aymoqlik rishtalaridan, patriarxal hamda o‘zga aloqalardan mutlaqo erkin bo‘ladi, bu esa eskirgan axloqning asriy yukidan qutqaradi. Siyosiy jihatdan esa mislsiz yutuq. Ikszurriyotlar kollektivizm va baynalmilallik etaloni bo‘lib qoladi. Ular kommunistik baynalmilalning zarbdor kuchi bo‘lib qoladi va xuddi shu odamlar G’arbga hal qiluvchi zarba berajak!
Bularning hammasi, sezib turganingizday, istiqbolda bo‘ladi, lekin umumiy kontseptsiya ishlab chiqilishi kerak va ishga tushirilishi lozim. Va partiya siz kabi olimning, Andrey Andreevich, mazkur masala yuzasidan bizning mavqeimizga sherik bo‘lishdan o‘ta manfaatdor. Aslini olganda ikkovimizning uchrashuvimizdan murod ham shu. Va men o‘ylaymanki, til topisha olamiz. Axir, amalda, Andrey Andreevich, asosiy narsa sizga bog‘liq, siz – ikszurriyotlar yetishtirish texnologiyasining ijodkorisiz. Biz esa shunchaki sheriklarmiz: mafkura – yelkanga urilgan kuchli shamol, yelkanning emas, balki harakatning shamolidir... Shunday emasmi? Aytganday, vakolatli organlar sizning ishingizga katta qiziqish bilan qaramoqdalar, bu borada ularning muayyan takliflari ham bor.
Suhbat davom etar edi. MK kotibining o‘z og‘zidan eshitgan gaplardan hang-mang bo‘lib, shu paytda meni tashvishga solgan va qiynagan narsalarni yashirishga intildim. Suhbat davomida aytgan mulohazalarim va bildirgan e’tirozlarim haqida bu o‘rinda gapirib o‘tirmayman. Fikrlarim shu ma’noda unchalik muhim emaski, ularda MKning mavqeidan farq qiladigan yoki aytaylik, Konyuxanovning fikriga e’tiroz bildiradigan gaplar yo‘q edi, nari borsa mening mulohazalarim suhbatdoshning ehtiyotkorlik bilan bildirgan mulohazalariga o‘xshaydi.
Nega o‘sha suhbatni endi eslab, vahimaga tushyapman?! Va endi kosmosdan turib oradan ancha vaqt o‘tgandan keyin xitob qilayotirman: ikszurriyotlar atrofida nima ishlar qilina boshlagan, nimalar rejalashtirilgan, nimalarga tayyorgarlik ko‘rila boshlagan. Esda qolgan o‘sha uchrashuvni xolisanlillah tasvirlashga harakat qilar ekanman, hamma narsani qanday bo‘lgan bo‘lsa shundayligicha, o‘zimni ham o‘sha soatda qanday ahvolga tushib qolgan bo‘lsam o‘shandog‘icha tasvirlayman. Mening o‘sha paytda o‘zimni qanday tutganim obro‘yimga obro‘ qo‘shmaydi. Lekin o‘sha kezda Eski maydonda o‘zimni boshqacha tutishim mumkin ham emas edi, men o‘zimni oqlamoqchi emasman, men qahramon emasman, qahramon bo‘lmoqchi ham emasman, lekin vijdon hurmati, aytib qo‘yishim kerak: o‘zimni boshqacha tutishim amri mahol edi; aks holda kelajakda meni siqib qo‘yishar, o‘zimning asosiy mavzuimni tadqiq qilishdan asta-sekin chetlashtirib, partiyaning sodiq askarlari bo‘lmish o‘z xodimlarim bu mavzuni o‘ziniki qilib olishgan bo‘lur edi – Fanlar akademiyasi tarixida
109