O’ n i n ch i b o b
Shoshilinch sur’atda e’lon qilingan “Kosmos-Yer” matbuot konferentsiyasi tayinlangan kuni, belgilangan soatda bo‘lib o‘tdi va barcha yirik kanallar orqali translyatsiya qilindi.
Lekin bundan oldin telekompaniyalar “efir oldi dovuli”ga duch kelishdi. Futurolog Robert Borkning o‘limi haqida xabar tarqalgach, dunyoning turli burchaklaridan qo‘ng‘iroqlar va savollar yog‘ilib ketdi, shov-shuvga sabab bo‘ladigan matbuot konferentsiyasini olib ko‘rsatishni rejalashtirgan milliy kompaniyalardan, ayniqsa ko‘p telefon qilishdi. Hamma fojeaning qanday oqibatlarga sabab bo‘lishi, Filofey bilan telealoqa o‘rnatish masalasi, u bilan kimning muloqot qilishi va endi matbuot konferentsiyasi umuman bo‘ladimi degan masalalar haqida aniq bir ma’lumot olishni istar edi.
Yer hamishalik o‘z aylanma yo‘lida olam kezmoqda va o‘sha soat yaqinlashmoqda edi... Buni hamma kutar edi...
Nihoyat, televizorlarning ekranlarida zoriqib kutilgan titrlar paydo bo‘ldi. Ketidan diktor qiz televidenie bundan oldin olim Robertning o‘ldirilishi munosabati bilan dunyoda bayon etilgan fikrlar haqida va ommaviy axborot vositalarining sharhlari to‘g‘risida ma’lumot berishni o‘z burchi deb biladi, deb e’lon qildi.
Sharhlarda g‘arazgo‘ylik sezilib turdi. Sharhlar odatdagiday ta’ziya bildirish, hamdardlik izhor etishdan boshlandi, so‘ngra diktor fojiadan xursand bo‘lganday bilinar-bilinmas iljayib qo‘ydi-da, diagrammani namoyish qildi, ya’ni kassandra-embrionlar to‘g‘risida Filofey ta’limotining, diktor iborasi bilan aytganda, maddohi ustidan bo‘lib o‘tgan olomon yuzasidan o‘tkazilgan shoshilinch so‘roq “natijalari tashvishli va ayni vaqtda hayratomuz, o‘zingiz hukm chiqaring, hurmatli teletomoshabinlar” dedi. Rang-barang ustunchalar shaklidagi diagrammadan aniq ko‘rinib turar ediki, so‘roq qilinganlarning 83,7 foizi futurolog ustidan bo‘lgan jazoni ma’qullagan, shu bilan birga shu guruhdagi respondentlarning ko‘pchiligi, ya’ni 76 foizi o‘sha yerda, Nyuberida bo‘lganimizda, shubhasiz o‘zimiz ham fazoviy iblisning ashaddiy sherigi ustidan bo‘lgan jazoda albatta shaxsan ishtirok etgan bo‘lur edik deb javob berishgan; so‘ralganlarning 11 foizi vahshiyona olomonning jinoiy harakatlarini qoralagan va buni jamiyat axloqiy inqirozining mudhish nishonalari deb hisoblagan; respondentlarning qolgan kichik bir qismi ro‘y bergan voqealarga butunlay befarq ekanligini bildirgan.
Shundan so‘ng teletomoshabinlarga o‘sha to‘s-to‘polonlarning sotsiologik tahlili natijalari namoyish qilindi. Bunda mamlakatlar, shaharlar, regionlar, demografik, ijtimoiy va boshqa sohalar tilga olingan edi. Bu ma’lumotlar ham shuni ko‘rsatar ediki, butun dunyo, aholining barcha tabaqalari samoviy rohibning Kassandra tamg‘asini aniqlash uchun yerga zondaj-nurlarni yuborib turishiga qarshi norozilik bildirgan. Kishilarning kayfiyati va xatti-harakatlarida millatchilik omili muayyan rol o‘ynaganligi ko‘zga tashlanardi.
Lekin eng dahshatlisi turmalarda bo‘lib o‘tibdi. Ehtimol bu dastlab kassandra-embrion hisoblanganu, lekin tug‘ilishga majbur bo‘lgan homilalarning shuursiz javobi, yashirincha pishib yetilgan va shiddat bilan namoyon bo‘lgan isyonidir – endi ularning dunyoga bo‘lgan yashirin nafrati Filofey tomonidan oshkor qilingandir. Bo‘lmasa ana shu vahshiyona sahnalar, soqchilar va yordamchi politsiyachilar bilan bo‘lgan janglarni qanday tushunish mumkin: ikki taraf bo‘lib – birovlar kaskalar kiyib, qalqonlar va kaltaklar bilan tashlansa, boshqalar qurol-yaroqsiz, lekin bo‘riday qahr-g‘azab-la kurashib, qirg‘inbarotu yong‘inlar alangasida to‘qnashishar edi. Turli mamlakatlar va shaharlardagi mahbuslar isyonlarining tashqi sababi nima ekanligidan qat’iy nazar, mash’um Kassandra tamg‘asi – jazo muddatini o‘tayotgan jinoyatchilarning g‘ashiga tekkan o‘sha mash’um xol asosiy sabab bo‘lganligi aniq.
Jurnalistlar o‘sha kuni yanada g‘aroyib xabarlar keltirishdi, masalan, portlarning birida uyushtirilgan reportajda dengizchilar norozilik bildirib safarga chiqishdan bosh tortishgan. Langar tashlangan
86


kemalar oyna-derazalari singan kimsasiz uylarga o‘xshab qaqqayib turar ekan.
Gapirganlarning hammasi bir narsani – samoviy tajovuzkor Filofeyni raketa bilan urib tushirishni,
zondaj-nurlarning manbai bo‘lmish orbital stantsiyani yo‘qotishni talab qilishar edi.
Televizorlarda sayyoraning turli nuqtalaridagi shu kabi voqealar darhol ko‘zdan kechirilgandan keyin nihoyat ekranda matbuot konferentsiyasi o‘tkaziladigan zal paydo bo‘ldi. Zalda odam liq to‘la edi. Odamlar devorlarga suyanib tik turishar, yo‘laklarga o‘tirib olishgan edi. Hammaning ko‘zi tegishli asbob-uskunalar bilan jihozlangan sahnada edi – orbitadagi Filofey ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan katta ekran sahnaning yon tomonida zalga qiya turar edi. Har biri talay mikrofonlar qurshovida ikki kishi – Entoni Yunger va teleko‘rsatuvlarni olib boruvchi, ma’lum va mashhur Uolter Shermet sahnadagi stol atrofidan o‘rin olishdi. Zaldagilar hammasi hayajonda – buni sokin va umidvor chehralardan, balqib turgan sergak ko‘zlardan, cho‘zilgan bo‘yinlardan ham ko‘rsa bo‘lardi. Kerak bo‘lsa shaytonni ham suratga ola biladigan ko‘pni ko‘rgan fotoreportyorlar daryodan suzib o‘tishga majbur bo‘lgan
echkilarga o‘xshab qo‘rqa-pisa ishga kirishishmoqda edi.
Tepakal, bashang kiyinib olgan so‘zamol Uolter Shermet kasbi-kori taqozosi ila tabassum qilmoqchi
bo‘ldi-yu, uddasidan chiqa olmadi. Hozir uning so‘zamolligiyu artistlarga xos beparvoligi ham ish bermadi. Entoni Yunger esa, aksincha, xayolchanlik bilan ish tutdi. Uning musibatdan dili vayron ekanligidan va iroda kuchi ila o‘zini dadil tutgani bilan kimning ne ishi bor deysiz, axir u Robert Borkning o‘rnini bosishi, million-million teletomoshabinlarning ko‘z o‘ngida kosmosdagi Filofey bilan muloqotda ishtirok etishi kerak-ku! Buning ustiga kechasi uning qallig‘i Ketti onasi bilan Dublin shahridan kelgan, matbuot konferentsiyasi deb ularni aeroportda kutib ololmadi. Bu ham uning dilini g‘ash qilar edi. Entoni diqqat-e’tibor bilan ish ko‘rar, yonoqlarida g‘urralar bo‘rtib chiqqanday edi. Entoni tushunar edi: u o‘z qo‘lida vafot etgan Robert Borkning ishi haq ekanligiga ishongan holda o‘z fikrida mudom turishi yoki Ordok qo‘mondasidan bo‘lgan kechagi og‘aynilarning mazaxlariyu ahmoqona harakatlari, ko‘chalardagi hushtakbozliklaru otilgan toshlar dastidan Bork singari nobud bo‘lishi uchun taqdir uni voqealar peshsahnasiga olib chiqqan edi.
Shu asnoda qutqudan o‘zini unutgan odamlar orasidagi asabiy vaziyat taranglashib so‘nggi nuqtasiga yetdi. Hamma eng muhim paytni – teleefirda Filofeyning paydo bo‘lishini kutar, sharhlovchilardan biri aytganidek, uni ko‘plashib dunyoviy nafrat oloviga uloqtirish uchun tayyor turar edi. Bu lahza tobora yaqinlashmoqda. Endi portlatish oldidan bo‘lgani kabi sekundlar ko‘plikdan ozlik sari teskari yo‘nalishda sanalmog‘i kerak edi.
Kunduzi kuni gospitalda Robert Borkning o‘z ajalidan o‘lmaganligi haqida xulosa chiqarilganda Jessi ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tiyib, dedi:
— Entoni, agar seni mening Robertimning qismati kutayotgan bo‘lsa, bu yo‘ldan qayt. Robert uchun haqiqat hamma narsadan muhim edi, u shu yo‘lda halok bo‘ldi. Sen o‘zing haqingda o‘yla. Hali yoshsan. Sening o‘n gulingdan bir guling ochilgan emas. Robertga o‘xshab joningni tikishing shartmi?
Shu daqiqada suhbatni davom ettirish oson bo‘lmaganidan u qisqagina javob qildi:
— Men sizni tushunyapman, Jessi. Lekin Robert Bork o‘z qismatiga chap berishni xohlamagan ekan, nega men chap berishim kerak?
Ular gospitalning kutish xonasida katta deraza yonida, kasallar bilan shifokorlardan nariroqda turishar edi. Quyosh oyna orqali xonaga shaffof yog‘dusini sochib turar, osmon ham osoyishta va tiniq edi, sal nariroqda zarang daraxtining barglari oftob nurida beozor oltinlanmoqda edi... Futurologning musibatdan ado bo‘lgan bevasi birdan keksayib qolgan edi. U daydi darvishga o‘xshab qolgandi. Jessi nima qilishini bilmas edi. Alamini yig‘idan olar edi. O’zini tutib olish uchun bo‘lsa kerak, nimalarnidir o‘zicha to‘ng‘illar, allanimalarnigina o‘ylar edi.
— Robert sevgi ikki daryo qo‘shilganday gap deb ko‘p aytar edi. Men esa kulardim: o‘zing ana shu azim daryoda cho‘kib ketasan, Bob, der edim. Mana endi tushundim – mening daryom yo‘q. Bu daryo to‘xtab, qurib qoldi, men esa bo‘m-bo‘sh qirg‘oqqa uloqtirildim...
Shu on Jessining og‘zidan qandaydir g‘alati, sirli ibora chiqib ketdi:
— O’, sho‘rlik kitlar, men violenchel chalganimda endi senlarni kim eslaydi?
87


Bu so‘zlardan Entoni hang-mang bo‘lib qolib, bu bilan Jessi nima demoqchi bo‘lganini so‘ramoqchi bo‘ldi-yu botina olmadi. Ayriliq ne ko‘ylarga solmaydi odamni deb o‘ylab qoldi.
Shundan keyin ular ertagacha xayrlashishdi. Entoni telealoqaga tayyorlanishi kerak edi. Vaqt juda kam qolgan. Jessi Chikagodan qizi bilan kuyovining kelishini kutib gospitalda qoldi. Entonining omadi chopdi, gospitalga Dublinga telefon qilib, safarga otlanayotgan Ketti bilan gaplashdi, u hayajonda edi – axir Kettilar kelishi bilan to‘y masalasini kelishib olish kerak edi-da.
hamma ishlar bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolishini kim bilibdi deysiz. Ehtimol, uchar yulduzlargina Vaqt va Fazo orqali o‘tib bir-birlari bilan shunday to‘qnashishar.
Ketti bilan suhbatlashishning o‘zi bo‘lmadi. Ketti En-tonining qo‘ng‘irog‘ini kutib turdi va uning yoqimli ovozi bir zum baxtli onlar bo‘lib qulog‘iga kirdi. Ketti turgan-bitgani – kiprik qoqishi, nafas olishi-yu qadam tashlashigacha Entoni uchun hech qanday dalil-isbotsiz baxt edi.
— Bormisan, Entoni?! – dedi Ketti. — Telefon qilasan deb rosa kutdim. — Telefondan tanish taft kelganday tuyuldi. — Onam bilan chorak soatdan keyin yo‘lga chiqamiz. Qanday, yaxshi yuribsanmi, Entoni? Kutyapsanmi?
— Uzr, Ketti. Men ham o‘lguday tajang bo‘ldim, seni ko‘rmay qolamanmi deb cho‘chidim.
— Hechqisi yo‘q, yaqinda diydor ko‘rishamiz. Shunchaki sening ovozingni eshitay degan edim.
— Bilasanmi, bir muammo chiqib qoldi. Hozir tushuntirib o‘tirishga vaqt yo‘q. Keyin hammasini
aytib beraman. Mening uchun onangdan kechirim so‘ra: men senlarni aeroportda kutib ololmayman. Taksiga o‘tiringlar.
— Nima gap o‘zi, Entoni? Jiddiy bir voqea sodir bo‘ldimi?
— Ha, bo‘lganda qanday. Bu uzoq gap. Qisqacha aytib qo‘yay. Men bugun kechqurun halok bo‘lgan futurolog Robert Borkning o‘rniga matbuot konferentsiyasida ishtirok etishim kerak.
— Nega endi? Uni darg‘azab namoyishchilar o‘ldirishdi deb radioda xabar berishdi. Bunga sening nima daxling bor?
— Bilasanmi, men Filofey bilan o‘rnatiladigan kosmik telealoqaning me’mori edim. — Filofey bilan? O’sha, haligi bilan-a?
— Ha. O’sha bilan Robert Bork gaplashishi kerak edi.
— Hech narsa tushunmayapman, Entoni! hech narsa!
— Keyin hammasini aytib beraman. Shunday bo‘p qoldiki, Filofey bilan endi men suhbatlashaman, keyin senga va onangga tushuntirib beraman, lekin boshqa iloji yo‘q.
Kettining ovozi pasayib qoldi va uning kafti bilan telefon dastasini to‘sib turganini sezdi:
— Yaxshi, Entoni. Keyin aytib berasan. Men onamga hozircha hech nima demay turaman. U juda hayajonda, darg‘azab – qandaydir esi past kosmosdan turib butun dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qilsa-ya, deydi. Har holda xursand emas.
— Men onangning ham, sening ham holingga tushunib turibman, — javob berdi Entoni. — Lekin o‘tinib so‘rayman, Ketti, onang bo‘lar-bo‘lmasga tashvish tortmasin. Keyin hammasini ipidan ignasigacha gapirib beraman. Men seni kutaverib ko‘zim teshildi. Seni sevaman. Aeroportda taksiga o‘tirib to‘g‘ri biznikiga boraveringlar. Matbuot konferentsiyasi tugadi deguncha, qo‘ng‘iroq qilaman va uchrashamiz. Hayallab qolmanglar, samolyotga ulgurish kerak. Hozircha xayr, seni o‘pib, sevgiling Entoni.
— Hozircha xayr, Entoni, hozircha... Hamma ishlaring o‘ngidan kelsin... Men doimo sen bilan birgaman.
— Men ham... Kutaman...
Entoni Yunger sahnada o‘tirarkan Ketti onasi bilan Irlandiyadan uchgan samolyot hozir Atlantika sohiliga yaqinlashgan bo‘lsa kerak deb o‘yladi.
Zalda esa shu paytda kosmik telealoqa ishlay boshlashiga sanoqli sekundlar qolgan edi. Butun dunyoda insoniyatning tinchini buzgan Filofey ismli bir shaxs jamoat hukmi oldida javob beradi, dakki yeydi.
88


Bugun kun bo‘yi Entoni Yungerga bir fikr tinchlik bermas edi: “Bordi-yu bizning oilamizda ham shunday baxtsizlik ro‘y bersa, ya’ni Kettida Kassandra tamg‘asi nishon berib qolsa-chi? Unda nima bo‘ladi? O’shanda nima qilamiz? Axir bundan hech kim qochib qutula olmaydi, bironta ayol ham. Hech kimning o‘z genotipida kassandra-embrionlikdan qo‘rqmasdan iloji yo‘q.”
Shu paytda butun zal kosmosdan beriladigan ko‘rsatuvning boshlanishini hayajon bilan kutmoqda edi, translyatsiya signali ovoz berib, ekran yorisha boshlashi bilan ko‘plar seskanib tushishdi. Pashsha uchsa ovozi eshitiladigan jimlik boshlandi. Ko‘rsatuvni olib boruvchi diktor shosha-pisha xaloyiqqa murojaat qildi:
— Shunday qilib, o‘zini samoviy rohib Filofey deb atagan olimning orbital stantsiyadan turib o‘tkazayotgan matbuot konferentsiyasini olib ko‘rsatamiz. Hammaga ma’lum bo‘lgan faktlarni – Filofeyning Rim papasiga yo‘llagan favqulodda murojaatini, shundan so‘ng ro‘y bergan fojeiy voqealarni eslatib o‘tirmaymiz. Hozir diqqat qilishlaringizni so‘rayman...
Ekranda tasvirlar dastlab yoyilib xira ko‘rindi va bir ozdan so‘ng hamma narsa ravshan ko‘rina boshladi – ekranda hammaga ma’lum va mashhur kishining afti-angori ko‘rindi. Hali hech kim og‘iz ochmasdanoq fotoreportyorlar o‘rinlaridan turib ekrandan Filofeyni suratga ola boshladilar.
Uolter Shermet fotoapparatlarning chaqmoqlariyu sharaq-shuruqlarini yorib o‘tib, norozilik bildirishga majbur bo‘ldi:
— Tartib saqlashlaringizni iltimos qilaman. Ko‘zimizni qamashtirib qo‘ymanglar. Biz ish boshlaymiz.
Fotoapparatlarning chaqmoqlari bir oz kamayishi bilan Filofeyning yuz-ko‘zi yirik ko‘rina boshladi, u kosmosdan xuddi shu yerga yaqin kelib qolganday edi. Hamma hayajonda. Odamlarning ko‘z o‘ngida Filofey butun borlig‘i bilan namoyon bo‘ldi – bu buyuk payg‘ambarmi, aqldan ozgan ulkan olimmi yoki shaytoni lainmi – kim bilsin! Mana, jazava va musibatlarga sabab bo‘lgan odam! Mana, osmondan turib xotinlarga zondaj-nurlar yuborib nurlantirgan olim! Mana, Kassandra tamg‘asi haqidagi mudhish ta’limotning muallifi!
Ko‘rinishiga qaraganda Filofey ellik yoshdan sal oshgan. Yuzi cho‘zinchoq, malla sochlari yelkasiga tushgan. To‘q sariq siyrak soqoliga oq oralagan. U ekranda yelkasiga yo‘lxalta ko‘tarib, qo‘liga hassa ushlab olgan va mo‘ljalga to‘g‘ri ketayaptimi-yo‘qmi ekanligini aniqlash uchun bir lahza to‘xtagan yo‘lovchiga o‘xshar edi. Kech bo‘lib qoldi, manzilga yetib olarmikin? Nigohidan tashvish tortgan diqqat-e’tiborli va bir maqsadga intiluvchan odam ko‘rinadi. Entoni Yunger uni xuddi shunday tasavvur qilar edi va taxmini to‘g‘ri chiqqanidan xursand ham bo‘ldi. Samoviy rohibning antiqa bo‘y- basti orbital stantsiyaning ichki bezaklariga yarashib tushgan. Filofey dadil va ishning ko‘zini biladigan odam-ov! Yerdan talay uzoqda ekanligi hamda birdan bir ermagiyu ovunchog‘i bo‘lib qolgan sevimli ishi tufayli shunday sifat kasb etgandir. Chuqur ajinlar, osilgan qovog‘i, tikilib boqadigan ko‘k ko‘zlari qandaydir jozibador, ayni vaqtda g‘amgin tuyulardi.
Ko‘rsatuvning dastlabki lahzalarida Entoni Yunger Filofey ingliz tilida yaxshiroq gapira oladimi- yo‘qmi deb ham bezovtalangan edi: odam chet tilda savodli yoza bilsa ham, ayniqsa ko‘pchilik oldida bemalol gapira olmasligi mumkin-ku! Biroq Filofeyning dastlabki iboralarini eshitiboq Entoni xotirjam bo‘ldi — rossiyalik samoviy rohib talaffuzini hisobga olmaganda ingliz tilida bemalol gapira olarkan.
Suhbat shitob bilan boshlandi. Uolter Shermet soxta xotirjamlik va jindek mutoyiba bilan dedi;
— Salom, birodarimiz Filofey! Uzr, sizga shunday deb murojaat qilsak bo‘larmikan, a labbay?
— Ha, shunday deyavering, — javob berdi samoviy rohib va qo‘shib qo‘ydi: — Xohlagan kishiga
men birodarman.
— Bordi-yu hamma ham birodarlashishni xohlashmasa-chi? — qochiriq qildi Uolter Shermet.
— Unday bo‘lsa, har kim o‘zi biladi. Hechqisi yo‘q. Lekin meni maqbul ko‘rmaganlar uchun ham
men o‘zimni birodar deb bilaveraman.
— Nima uchun siz bu haqda ishonch bilan gapirasiz? Bu bilan o‘zingizni bizning gunohkor
dunyomizdan ustun qo‘ymoqchi emasmisiz?
— Mening vazifam — menga kim qanday munosabatda bo‘lmasin har bir kishiga hamdard
bo‘lishdir.
89


— Shunday bo‘la qolsin. Biroq uchrashuvimizni shu sohada o‘zaro munosabatlarni aniqlashdan boshlamaylik, — dedi Uolter Shermet gapga to‘n kiydirishni davom ettirib. — Bundan ham jiddiyroq, siz tushunsangiz kerak, bundan ham qo‘rqinchliroq narsalar borki, bular bevosita siz bilan, birodar Filofey, Sizning, orbital stantsiyadagi ilmiy faoliyatingiz bilan bog‘liqdir. Biz matbuot konferentsiyasiga xuddi ana shuning uchun yig‘ilganmiz. Ha, lekin ishni boshlash uchun ishtirokchilarni tanishtirib qo‘yay. Zalda – jurnalistlarning eng zo‘rlari yig‘ilgan. Bevosita teleko‘rsatuv bo‘layotir. Men konferentsiyani boshqaruvchi Uolter Shermetman. Yonimda – Entoni Yunger. U bugun ertalab ommaviy g‘alayonlar vaqtida halok bo‘lgan futurolog Robert Bork o‘rniga telealoqada ishtirok etmoqda. Kechirasiz, narsalarni o‘z nomlari bilan aytishga to‘g‘ri keladi: ana shu fojeiy voqealarga xuddi siz sababchisiz. Hali, Entoni Yunger o‘zini o‘zi tanishtiradi va o‘z fikrini aytadi.
— Rahmat, Uolter Shermet. Men Entoni Yungerni taniyman, — deb uning so‘zini bo‘ldi Filofey, Yunger tomonga qarar ekan. — Men Entoni Yungerni teletranslyatsiya qilingan saylovoldi mitingidan boshlab taniyman. Men bexosdan sizning so‘zingizni bo‘ldim, gapirishga ruxsat etasiz, men bu daqiqani, bu uchrashuvni, siz tilga olgan narsalarni gapirib berish imkoniyatini, odamlarning aql- idroklarida va dillarida alanga olgan yong‘in yolqinlarining kosmosga qanday yetib borganini hikoya qilib berish paytini kutar edim. Ha, bu yong‘inni men alanga oldirdim. Ha, shunday. Lekin men mash’alani bid’atchilarni gulxanda yoqish uchun olib kelgan emasman, men odamlarning dillarini yoritaman deb o‘ylagan edim. Bo‘lmadi. Hammasi zulmatga aylandi. Endi najot yo‘q deb qo‘rqaman. Mening yoshimda bunday deyish, ehtimol, soddadillikdir, haqiqat g‘alaba qiladi deb o‘ylagan edim. Yanglishibman. Dillarning yorishishi o‘rniga hamma joyda alg‘ov-dalg‘ov va g‘ulg‘ulaga sabab bo‘ldim. Bularning hammasini televizorimning ekranida ko‘rib turibman. Bugun Nyuberida bo‘lib o‘tgan hodisani ham ko‘rdim. Men Robert Bork bilan televidenie orqali uchrashaman, u bilan so‘zlashaman, deb o‘ylagan edim, lekin bu odamning o‘z hovlisida vahshiylarcha o‘ldirilishining guvohi bo‘ldim. Ruslar aytganlaridek, be’mani va shafqatsiz isyon ro‘y berdi. Bu ham mening aybim bilan bo‘ldi! Xudo tomonidan menga yuborilgan hamfikrimning halok qilinishiga kosmosda turib bevosita sababchi bo‘ldim. Odamlar, men sizlarning oldilaringizda tiz cho‘kaman! Lekin mening endi tavba-tazarru qilishim bir pul. Halok bo‘lgan Robert Borkni hech nima bilan tiriltirib bo‘lmaydi, agar shunday qilishning iloji bo‘lsa edi, men o‘zimni hozir qurbon qilishga tayyorman. Qandi endi...
Savollaringizga javob berishdan oldin men yana bunday demoqchi edim. Ehtimol, zalning barcha savollariga javob berib ulgurmasligim mumkin, oldindan kechirim so‘rayman. Men ketaman, sizlar yashaysizlar, yashamoq – savollarga javoblarni o‘zi topish demakdir. Meni tushuninglar, lozim topsangizlar, kechiringlar. Mening pirovardida birdan-bir aytmoqchi bo‘lganim: kashfiyotlarimni hammaning mulkiga aylantirgan ekanman, men buni shon-shuhrat uchun ham, nafsoniyat uchun ham, boshqalardan afzal bo‘lish uchun ham qilgan emasman, agar men shunday qilmaganimda, bu kashfiyotlar oqibatsiz qolib ketaverishi va dunyo oldingiday baxtli g‘aflatda yashayverishi mumkin edi. Biz doimiy ravishda takomillashib boradigan bilimimiz orqali dunyo sirlarini ocha borish uchun abadiylikning mazmun va mohiyati sifatida yaratilgan emasmikinmiz, aks holda dunyosining nima keragi bor, zaifligimiz va injiqliklarimiz tufayli qulay payt poylab haqiqatdan yuz o‘giraversak, abadiylik bizga keraksiz va sirli qolaveradigan bo‘lsa, abadiylikdan na murod? Biz aqlli mavjudotlarning maqomini yerga urmayapmizmi – axir bizsiz xudolar xudo emas, bizsiz modda hech nima emas-ku! Agar biz “axborot – taraqqiyot yo‘lidir” deydigan bo‘lsak, abadiylikning mohiyati yangidan yangi va keng qamrovli uzluksiz axborotlar oqimida emasmikin? Sivilizatsiyaning abadiyligi – bilimlar abadiyligidadir. Lekin biz o‘z manfaatimiz yo‘lida, ya’ni haqiqatga xilof o‘laroq bilimga chap bersak, biz o‘ta ardoqli abadiylikka chap bergan bo‘lmasmikinmiz?
Men konferentsiyada ishtirok etayotganlardan aslida mutlaq konkret narsalar yuzasidan mavhum mulohaza yuritganim uchun kechirim so‘rayman, lekin biz bugun Robert Borkni o‘ldirgan ekanmiz, u bilan abadiyligimizning bir qismini ham nobud qildik. Afv etasiz, men xohlar edimki...
— Ruxsat etasiz, ruxsat etasiz, birodarimiz Filofey! – uning gapini bo‘ldi Uolter Shermet o‘zini zo‘rg‘a tutib. – Yuksak moddalar haqida mulohaza yuritish durust, albatta, falsafasi maroqli. Lekin biz
90


tug‘ilish mo‘‘jizasiga bosh suqib qoldik, – men homilador ayollarda Kassandra tamg‘asining paydo bo‘lishiga olib keladigan samoviy eksperimentlaringizni nazarda tutayotirman. Siz bizning o‘zligimizga nojoiz tazyiq ko‘rsatayotirsiz. Siz bizlarni osmondan turib nazorat ostiga olmoqchisiz. Eslatib qo‘yishga jur’at etaman, bunga Yerda deyarli hech kim rozi bo‘lmaydi. Ha, yerda, bizning osiy yerimizda, siz osmoni falakda turib fikr yuritmang, siz darg‘azab odamlardan yiroqdasiz. Ular g‘azab otiga minishga tamomila haqlidirlar. Afv etasiz, men o‘z nuqtai nazarimni ayon qilib qo‘yyapman. Lekin hozirgi holatda taomil haqida, konferentsiyani boshqaruvchining odob-axloqi to‘g‘risida so‘z bo‘lishi mumkin emas. Sizning kirdikorlaringizga qarshi norozilik bildirmasdan ilojim yo‘q. Siz har qanday ezgu niyatlarni ko‘zlamang, o‘zingizning ilmiy kashfiyotlaringiz bilan, aytgan bo‘lur edimki, kalondimog‘ligingiz yo‘lida sayyora ahlini yoppasiga iztirobga solishga sizga kim ruxsat etdi, qanday kuch ilhom berdi?! Bu shakkoklik emasmi, ayniqsa rohib, Rossiya ruhoniylari aytganlaridek, soxta rohib bo‘lsangiz. Siz Xudoning qudratiga shak keltirmayapsizmi? Injilda o‘zlaringdan ko‘payinglar, uvali-juvali bo‘linglar deyilgan-ku! Bu hech qanday pisandasiz aytilgan. Siz bo‘lsangiz hech kim nazorat qila olmaydigan narsani taftish etishga jur’at etdingiz. Siz tug‘ilish sirini do‘zaxi kuchlarga qurbon qilmadingizmi? Menimcha, xuddi shunday qildingiz! Agar bu haqda mister Ordok bir siyosatchi sifatida gapirgan bo‘lsa, men ko‘p millionli auditoriya fikrini ifodalaydigan jurnalist sifatida gapirayotirman.
Birdan zalda shovqin ko‘tarildi. Bu qandaydir g‘alati manzarani eslatar edi: jurnalistlar sakrab turib, mikrofonlarga otilar, go‘yo Filofey shu sahnada turganday unga qo‘llari bilan o‘qtalar edilar, Filofey bo‘lsa, ekranda lablarini va ko‘zlarini qisib, bosiqlik bilan ularning gaplarini bamaylixotir eshitib turar edi.
Uning yuzi asabdan tortishib ketganligi sezildi. Bu uchrashuvni matbuot konferentsiyasi deb atashga tiling bormaydi. Ehtiroslarning quturishiga qaraganda konferentsiya mitingdan farq qilmas edi. Kimki bir amallab mikrofonga yetib borgan bo‘lsa o‘zining ismi-sharifini, gazetasini, axborot agentligini aytib bo‘lishi bilanoq samoviy rohibni javobgarlikka tortishni talab qilar edi. Hech qanday falsafaning hojati yo‘q, hayot tajribasidan a’lo narsa bormi? Filofeyni og‘iz ochishga qo‘yishmadi. Uning mazasi qochdi shekilli ekranda ko‘rinmay qoldi. Zalda qiy-chuv ko‘tarildi. Ekrandan tasvir yo‘qoldi.
— Qayoqqa ketdingiz? Sizga nima bo‘ldi, — qichqirdi Uolter Shermet. Shu paytda u yana paydo bo‘ldi, bu safar uning qo‘lida kosmonavtlarning skafandri bor edi.
Zalda bir zum ovozlar tindi. Hamma hang-mang bo‘lib qoldi. Filofey esa indamasdan skafandrni kiya boshladi. Entoni Yunger bu jimlik paytidan foydalandi. U o‘rnidan turib, zalga murojaat qila boshladi:
— Mening so‘zlarimga quloq solishlaringizni so‘rayman, chunki men telealoqani o‘rnatuvchilarning biriman. Shu munosabat bilan mening ham o‘z burchlarim va huquqlarim bor. Birinchi navbatda Uolter Shermetga aytmoqchimanki, matbuot konferentsiyasini davom ettirishni menga bersangiz. Siz aytadiganingizni aytib oldingiz, Uolter Shermet. Zalda bo‘layotgan voqea, afsuski, jurnalistlarning kasbiy uchrashuvlariga mutlaqo o‘xshamaydi. Matbuot konferentsiyasida savol-javob degan narsalar bo‘lardi. Hozircha shu kasbga oid savollar quloqqa chalinmadi. Hissiyot mantiqni bosib ketdi. Men matbuot konferentsiyalarida ko‘p bo‘lganman, lekin bunaqasini ko‘rmaganman. Hatto Fors qo‘ltig‘ida yaqinda bo‘lgan urush paytida ham xilma-xil savollar turli mavzularni ifoda etgan edi. Hozir esa hamma jo‘r bo‘lib ashula aytayotganga o‘xshaydi. Va hamma bir bo‘lib bir hukm chiqarishayotir.
— Ruxsat eting, Entoni Yunger, — bardosh bera olmadi Uolter Shermet, — unday bo‘lsa nega endi siz butun zaldagilarga, zaldagilargagina emas, balki butun dunyoga o‘z fikringizni o‘tkazmoqchi bo‘lasiz. Nima uchun ayni vaqtda uchrashuvning boshqa ishtirokchilarini o‘z nuqtai nazarini bayon etish huquqidan mahrum qilasiz?!
— Muhtaram Uolter Shermet, men tushunib turibman, hozir vaziyat shundayki, ko‘z ochib yumguncha katta bir siyosiy kapital jamg‘arish, televidenie orqali xalq ommasiga o‘zining sodiq ekanini izhor qilish, jamiyatning himoyachisi bo‘lib chiqish mumkin, shunday emasmi? Lekin bu bilan
91


haqiqat yuzaga chiqmaydi. Vaziyat boshqa. Shuning uchun hali kech emas ekan, siyosatdan, uning vasvasalaridan voz kechishga, agar qo‘limizdan kelsa, sevikli siyosatimizdan, uning har qanday shaklidan uzoqroq yurishga chaqiraman, aks holda biz muammoning tub mohiyatiga yetib bora olmaymiz. Haqiqatga yetish jasorat va amaliylikni talab qiladi.
— Xo‘sh, sizning haqiqatingiz va jasoratingiz nimada? – zaldan kimdir qichqirdi.
Uolter Shermet qanoat hosil qilganday kallasini qimirlatdi va boshqalarning g‘ashiga tegadigan bir tarzda jilmayib qo‘ydi. Zal sergak tortib, jimib qoldi.
— Jasoratga kelganda, — dedi Entoni Yunger jimlikdan foydalanib dona-dona so‘zlar ekan, — bu haqda men gapirmay, chunki o‘zimni jasoratli deb hisoblayman. Ishga kelaylik. Mana bizning ko‘z o‘ngimizda ekranda buyuk ilmiy kashfiyot, aytgan bo‘lur edimki, tarixda mislsiz kashfiyot qilgan kishi turibdi. Bu kashfiyot bizga yoqadimi yo‘qmi – bu boshqa masala. Buni fan deydilar. Birodarimiz Filofey – u men uchun ota, ota Filofey – kassandra-embrionlarning insoniyat uchun ahamiyatini tushunish yo‘lida bizning ko‘zimizni ochishga harakat qilmoqda. Bugun olomon qo‘lidan vafot etgan bizning yana bir mashhur zamondoshimiz futurolog Robert Bork Filofey kashfiyotini Insoniyat ruhiyati tadrijiy taraqqiyotida yangi qadam deb baholagan edi. U bu haqda matbuotda yozdi. Bu esa uning oxirgi so‘zi, vasiyati bo‘lib qoldi. Men bu haqdagi fikrimni yangi bir baho, yangi bir xulosa deyishdan yiroqman, lekin aytadigan gapim shuki, o‘zimizning o‘tkinchi manfaatlarimiz yo‘lida kassandra- embrionlar muammosini inkor etishimiz insofdan emas. Gap ana shu haqda borayotir. Hozir ham o‘z- o‘zimizga va ma’lum sabablarga ko‘ra Filofey otaning o‘zlariga savol beraylik. Endilikda hamma biladigan o‘sha kassandra-embrionlar shaxsi oldida inson bundan buyon nima qilishi kerak?
— Mister Yunger, — dedi o‘tirgan ayollardan biri, — kechirasiz-u, masalani qo‘yishga siz juda faol chiqib qolmadingizmi? Gap qanday shaxs, xususan embrional shaxs haqida ketayotir, siz professional savollar kutmoqdasiz. Marhamat qilib javob bering-chi, hammaning o‘takasini yorib ilojsiz-umidsiz bir ahvolga solishda davom etayotganingiz million-million gazetxonlar hamda teletomoshabinlar uchun, matbuot uchun lo‘nda qilib aniq qilib javob bering-chi biron jon iltimos qilmagan holda siz Filofey ikkalangiz nima uchun shu halokatli muammoni jamiyatning bo‘yniga osmoqchi bo‘layapsanlar?
— Iltimos qilishganda qanday, xonim. Birgina ruh emas, son-sanoqsiz ruhlar so‘rashyapti. Homilalar bizga najot so‘rab murojaat qilishmoqda, bizlarning hammamizni quloq solishga va o‘zlari haqidagina emas, biz bilan siz – Hammamiz haqida o‘ylab ko‘rishga chorlamoqda, biz bo‘lsa ularga ham, o‘zimizga ham javob berishdan bosh tortayotirmiz, irodasizlik qilayotirmiz, har holda yolg‘onni pesh qilib bo‘lsa ham sho‘rlik embrionlarga chap berib ketish oson-da! Bunda biz hammamiz, biz bilan siz ham, xonim, o‘tgan ajdodlarimiz bilan birga gunohkormiz. Hammamizga qaratilgan bu ovozlar, takror aytaman, tinglashga, o‘rganishga, tahlil qilinishga muhtojdir, bu buyuk Filofeyning kashfiyotidir. Men bu insonning buyukligini yuziga aytmoqchiman, mana, ekranda ko‘z o‘ngimizda turibdi, lekin mening boshqa ilojim yo‘q. Ha, u buyuk zot. Siz mendan, o‘z iborangiz bilan aytganda, biz jamiyatning bo‘yniga osmoqchi bo‘lgan halokatli muammoni tushuntirib berishimni qattiq turib talab qilmoqdasiz. Aytaylik, Eynshteyn nisbiylik nazariyasini majburiy ravishda kashf qila olarmidi? Filofey ham xuddi shunday – bu olim, bu fan, bu iste’dod, bu basho-rat, bu tajribalar va kashfiyotlar, bu aql-zakovat. Men shunday deb tushunaman. Tog‘ ortidan quyoshning chiqishiga monelik qilib bo‘lmaganiday, bunday kashfiyotga ham qarshilik ko‘rsatib bo‘lmaydi. Biz odamlar, ya’ni jamiyat o‘z mavqeimizni aniqlab olishimiz kerak – gap ana shu haqda borayotir. Biz o‘z-o‘zimizga aytishimiz kerakki... Insoniyatga bundan buyon hayotning yangi dasturi lozim.
Xuddi shu paytda Uolter Shermet yonidagi telefon dastagini ko‘tardi-da, kimgadir qisqa luqma tashladi:
— Kommutator, tayyormisiz? – va telefon dastasini qo‘yar-qo‘ymasdan asabiy bir holatda Entoni Yungerga murojaat qildi: — Siz Filofey bilan qilgan safsatangizga xalqaro jamoatchilikning javobini eshitishni xohlaysizmi? Siz ishonch hosil qilmoqchimisiz?
— Siz nimani nazarda tutayotirsiz?
— Matbuot konferentsiyasiga bo‘layotgan aks sadoni nazarda tutayotirman. Konferentsiyamiz
92


dunyoning turli burchaklaridagi shaharlarning maydonlarida tarjimasi bilan namoyish qilinayotir. Qani hammamiz, birgalikda sayyoramizda nima bo‘layotganini, rohib Filofey bilan uning hamfikrlarining mulohazalariga kishilarning munosabatini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘raylik. Yana bir bor takrorlayman – dunyoning turli nuqtalarida, turli tillarda kishilarning munosabati bilan tanishaylik. Shunday qilib diqqat! – deb komanda berdi telefon dasturiga. – Markaziy monitorni ishlatinglar. Boshladik. Dastlab Tyananmen maydonidan olib ko‘rsatinglar, dunyoda aholisi eng ko‘p davlatning poytaxti Pekin shahrida nimalar bo‘layotganini ko‘raylik.
Sahnaning markazida yog‘dulanib turgan katta ekranda son-sanoqsiz odamlar izg‘ib yurgan Tyananmen maydoni. Binoning old tomonida Mao Szedunning ulkan surati ko‘zga tashlanadi. Maoning ma’noli nigohi ostida turgan maydondagi dahshatli qiyomat – arosat quturgan odam ummonini eslatardi. Xitoylar yong‘inda qolganday qattiq jazava bilan baqirib-chaqirishmoqda. Sharhlovchining gapiga qaraganda maydonda xuddi shunday voqea 1989 yilda talabalar g‘alayonlarini bostirish paytida bo‘lib o‘tgan edi. “Tyananmenning jo‘r ovoziga quloq osing, — dedi so‘zida davom etar ekan sharhlovchi, — so‘zma-so‘z keltiraman: “Filofeyga o‘lim! Sotsializm dushmani raketa bilan urib tushirilsin!”
Zal Filofeyga, uning ekranda ham ko‘zga tashlanadigan bo‘zdek oqargan yuziga, mikrofon oldida tosh qotib turgan Entoni Yungerga, Uolter Shermetga boqar edi, Shermet komanda berar edi:
— Endi Moskvani, Qizil maydonni ko‘raylik! Diqqat!
Qizil maydonda ham xuddi shunday manzara. Sahar payti. Gulxanlar yonib turibdi. Olomon qichqirmoqda: “Soxta rohib Filofeyga o‘lim!” – “Ig‘vogar raketa bilan urib tushirilsin!” Ana shunday olovlangan qiy-chuv olomon ustida boyqushga juda o‘xshab ketadigan tungi qush ekranda lip-lip uchib ko‘zga tashlandi. Bu qush oyog‘i tushab qo‘yilganday mavzoley ustida, Kreml devori bo‘ylab na’ra tortayotgan olomon ustida u yoqdan bu yoqqa uchar edi.
Uolter Shermet Yer sharining boshqa nuqtalaridan olib ko‘rsatish uchun shahd bilan Berlin, Varshava, Monreal, Rio-de-Janeyro deya buyruqlar berar va hamma joyda xuddi shunday holat, xuddi shunday dod-faryod, hayqiriqlar eshitilar va o‘sha “Filofeyga o‘lim”, “Ablah raketa bilan urib tushirilsin!” degan hukmlar yangrardi.
— Yetar, bas! Menga so‘z beringlar! – chap tomondagi ekrandan Filofeyning ovozi eshitildi.
— Ha, qulog‘imiz sizda, birodar Filofey! — dedi Uolter Shermet bamaylixotirlik bilan. Qomatini rostlab “Siz amaldagi demokratiyani ko‘rgach, endi nima deysiz?” deganda Shermetning tepakali zafarli yarqiraganday bo‘ldi.
— Ko‘ngilimga tugib yurgan narsalarni aytaman, — deb javob berdi Filofey. Uning afti-angoridan qandaydir hodisa oldida ekanligi uning nimagadir jazm qilganligi sezilib turardi. — Men sizdan minnatdorman, mister Uolter Shermet, siz dunyoning turli burchaklaridan reportaj uyushtirdingiz. Endi hech qanday shubhaga o‘rin qolmadi. Manzara mutlaq oydinlashdi — men butunlay mag‘lub bo‘ldim. Men insoniyat diqqatini halokatdan qutilish mumkinligiga va hatto tadrijiy taraqqiyotning yangi bir bosqichida erishish imkoniyatiga qaratmoqchi bo‘ldim. Buning uchun bitta yo‘l bor — u ham bo‘lsa kassandra-embrionlarning oxirzamon haqidagi ishoralariga quloq solish va umuman jamiyatni, jumladan, har biringizni takomillashtirish zarurligi haqida xulosalar chiqarishdir. Mana oqibat — mening urinishlarimdan hech nima chiqmadi. Zamondoshlarning mening chaqiriqlarimga munosabati oxir-oqibatda salbiy bo‘lib chiqdi. Tan olaman — men mag‘lub bo‘ldim. Va munozarani davom ettirishga hojat yo‘q. Bo‘ldi, nuqta qo‘yilsin.
— Birodar Filofey, mana endi siz haqiqiy vaziyatni hisobga olayotirsiz, gap ana shu haqda borayotir: odamlarni xotirjam qilish, jamoatchilikka taskin berishga to‘g‘ri keladi, shunday emasmi? — dedi Uolter Shermet.
— Ha, shunday — rozilik bildirdi Filofey. — Robert Borkning o‘ldirilishiga olib kelgan mislsiz g‘alayon uchun xudo oldida ham, bandasi oldida ham men gunohkorman. Mana vaqti-soati yetdi — qilmish uchun intiqom payti keldi. Men shunga xursandmanki, umrimning so‘nggi damlarida odamlarning ko‘z o‘ngida bo‘lish imkoniyatiga egaman va ular mening tavba-tazarrumning samimiy
93


ekanligiga ishonch hosil qilishlari mumkin.
— Birodarimiz Filofey, — deb yana burnini suqdi Uolter Shermet, o‘zini butun dunyo ko‘rib
turganiga va har bir so‘zi oltin barobarida ekanligiga ishonch hosil qilib. — Birodarimiz Filofey, — takrorladi u, — shaxsan sizdan bizga hech narsa kerak emas. Ommaning g‘azabi cheksiz, bu rost gap, lekin bunga o‘zingiz aybdorsiz.
— Ha, ha, haq gap, — javob berdi Filofey. — Yaxshi so‘zlaringiz uchun rahmat, lekin mening qilmishim uncha-munchalardan emas. Men bunga javob bermog‘im darkor. Dunyo mening kashfiyotimni qabul aylagunday bo‘lsa, g‘oyalarimni ruhning o‘zini o‘zi yangicha tushunishi deb bilguday bo‘lsa, murodimga yetishishimga yoki bo‘lmasa, qaqshatqich zarba yeb, o‘z kashfiyotimning qurboni bo‘lishimga aqlim yetar edi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas edi. Men tavakkal qilgan edim. So‘nggi so‘zim shu. Men odamlarga yomonlik sog‘inmoqchi emas edim. Lekin amalda boshqacha bo‘lib chiqdi. Yaxshi niyat yomonlikka aylanib ketdi. Endi hammamiz ana shu yovuzlik qarshisida ojizmiz. Biroq men kashfiyotning o‘zidan, kassandra-embrionlar fenomenidan, ular dunyoning oxir bo‘lishi xabarchisi degan fikrimdan hech qachon voz kechmayman; kishilar bilib qo‘yishsin: oxirzamon o‘zlarimizda yovuzlikning muttasil jamg‘arilib borishidan, o‘zlarimizning qilmish-qidirmishlarimizdan, niyatlarimizu maqsadlarimizdandir; bularning hammasi odamning genetik kodiga ta’sir e’tib, buhronni yaqinlashtiradi. Peshona devorga tekkandan keyin kech bo‘ladi...
Zalda shovqin ko‘tarildi. Qahr-g‘azabga to‘la ovozlar jarangladi. O’tirganlardan bittasi mikrofonga kelib jon-jahdi bilan baqira ketdi:
— Do‘q-po‘pisani to‘xtating! Laqillatganingiz yetar! hamma eshitib qo‘ysin: bu samoda turib insoniyat ustidan hukmronlik qilmoqchi bo‘lib yurgan shaytoni laindir. Ha, ha, o‘tmishning hokimi mutlaqlari ana shunday qudrati mutlaq haqida xayol surganlar, butun dunyoda hukmron bo‘lishni orzu qilganlar, inchunin bu o‘sha Gitler, o‘sha Stalin. Ular qon kechib kelib, qon kechib ketganlar. Bu esa samodan turib tovlamachilik qilish bilan dunyoda hukmron bo‘lmoqchi. Hozir u xalq nafratidan yiroq, ana shuni bilib turib, insoniyatga zulm o‘tkazmoqda!
Entoni Yunger chidab tura olmay mikrofonga otildi:
— Mister, sizning kim ekanligingizni men bilmayman mikrofonga qarab tomog‘ingizni yirtishdan oldin yo‘q deganda o‘zingizni tanishtirsangiz-chi!
— Mening ismim o‘lguday jo‘n — Smit, Jon Smit.
— Bu boshqa gap, Jon Smit! Siz bilibmi-bilmasdanmi, ishning mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilayotirsiz, sizning ozodligingizni-yu huquqingizni hech kim poymol qilmayotir. Siz xohlaganingizday yashayverishingiz mumkin. Biroq kashfiyot qilgan, kishilik tarixida eng buyuk kashfiyot qilgan olim sizning betashvish, bamaylixotir yashashingiz uchungina o‘zining ilmiy tadqiqotlarining natijalarini jamiyatdan yashira olmadi va u buni yashirmasligi shart edi. Filofeyni haqiqatdan, o‘zlikdan voz kechishga majbur qilsa bo‘lar, lekin voqea voqeligicha qolaveradi — kassandra-embrionlar yashayveradi. Kassandra tamg‘asi bundan buyon o‘zimizdagi yovuzlik nishonasi bo‘lib qolaveradi. Va biz o‘zimizga firib bermasligimiz, bor narsani o‘zimizdan yashirmasligimiz darkor. Aksincha, biz, aniqroq nima desam ekan, harbiylar tili bilan aytganda, o‘qqa ko‘kragimizni tutishimiz kerak...
— Nima deyapsiz?! Shunday deb bo‘ladimi — o‘qqa ko‘krak tutish kerak emish! Kim ko‘krak tutadi? Ayollar ekan-da, — butun zalda xotin-qizlar guv etib dod-voy solishdi. — Siz faqat erkaklarning manfaatini ko‘zlaydigan xudbin ekansiz! Xotin-qizlarning ishtirokisiz ish bitirishga erkaklarga kim ruxsat berdi! Bu yerda ham la’nati patriarxat ish berayotir! Men shaxsan o‘qqa ko‘krak tutmayman! O’sha jirkanchni, isnodni peshonamga tamg‘a qilib bosib yurmoqchi emasman.
— Kechirim so‘rayman! — ekrandan Filofeyning ovozi chiqdi. — Kechirasiz. Xudo haqi, men sizning so‘zingizni bo‘lmoqchi emas edim, lekin aytmasdan tura olmayman: Kassandra alomati — nuqson ham, isnod ham emas. Aslo, men tushuntirib berdim: bu kassandra-embrionning odam bolasida avloddan-avlodga jamg‘arilib borilayotgan yovuzlikka munosabati, bu biz bilan sizni ogoh qilayotir. Dunyo oxir bo‘lishining sababi o‘zimizda — Kassandra tamg‘asi ana shunday nishonadir. Iltimos, tinchlaningiz. Shu daqiqada meni eshitib turganlarning hammasidan o‘tinib so‘rayman, oxirgi
94


vidolashuv so‘zimni aytib olishga ruxsat etgaysiz. So‘nggi bir kechayu kunduzda ko‘rganlarim, eshtganlarim mening kashfiyotimning juda barvaqt, bemahal ekanini, bu kashfiyot zamondoshlarimizga tushuniksiz ekanini ko‘rsatdi. Va shuning uchun men yo‘qolishga, hayotdan ketishga, yaxshilik bilan, ezgulik bilan, tinchlik bilan foniylikdan boqiylikka rixlat etishga qat’iy qaror qildim, buni men hech kim xalaqit bermaydigan kosmosda qilaman. Ana shu daqiqalarda meni eshitib, ko‘rib turgan yoki meni keyinroq bilib oladigan insonlar oldida o‘z aybimga iqror bo‘lmoqchiman. Men eng musaffo niyatlar bilan ish ko‘rgan bo‘lsam ham sizlarni qiynoqqa solib qo‘ydim. Endi hayotdan ko‘z yumayotirman. Men hozir ochiq fazoga chiqaman. Shunday qilib hayotimga yakun yasayman. Buni taqdir deydilar. Men bunday o‘limga tayyorman, boshimga shlyom kiysam bo‘ldi. Men Pushkinning “O’sha, bulutdan yuksak hujraga Xudoga qo‘shni bo‘lib yashirinsam” degan chaqirig‘iga ko‘ra intilib samoviy hujramni tark etishdan oldin, ya’ni so‘nggi qadam tashlashimdan ilgari meni ko‘rib va eshitib turgan barcha odamlarni ishontirib aytmoqchimanki, sayyoraga zondaj-nurlar tarqatib turgan barcha asbob-uskunalarni o‘z qo‘lim bilan yo‘q qildim. Barcha hisob-kitoblar, tadqiqotlar, tadqiqotlar bilan bog‘liq barcha yozuvlar, Kassandra tamg‘asi fenomeni bilan aloqador jamiki narsalar yo‘q qilindi. Bularning hammasi yo‘qoldi. Bularning hammasi o‘zim bilan birga ketadi. Bundan buyon xotirjam bo‘linglar. Ehtimol, inson tafakkuri qachonlardir bu hodisaga yana qaytajak, lekin bu bizdan keyin bo‘ladi, bu kelajakning ishi. Hozircha esa hammasi falakning gardishi bilan davom etayotir. Hech qanday izsiz. Mendan keyin kimdir orbital stantsiyani ko‘zdan kechiradigan bo‘lsa, bir narsaga ko‘zi tushishi mumkin. U ham bo‘lsa mening o‘z hayotim haqidagi yozuvlarim, samoviy rohibning taqdir, vaqt to‘g‘risidagi, kassandra-embrionlarning qanday qilib va nima uchun menga oshkor bo‘lib qolganligi to‘g‘risidagi memuarlardir. O’zimdan qoldirganim faqat shu. Agar, o‘g‘lim Entoni Yunger bordi-yu bular senga ma’qul tuyulsa, ana shu yozuvlarni men senga vasiyat qilib qoldiraman.
Qimmatli Yunger, kechirasan, senga o‘g‘lim deb murojaat qilayotirman, bu mening yurak amrim. Taqdirimdan rozimanki, odamlar oldida seni o‘g‘lim deyayotirman. Mening hayotim shunday kechdiki, farzandsiz qoldim va oxir-oqibatda, so‘nggi lahzalarda Entoni Yunger degan o‘g‘lim bor deb o‘ylayman.
Zal jim bo‘lib qoldi. Yana Filofeyning ovozi yangradi:
— Meni afv etasizlar, odamlar! Vidolashish paytida hammasini aytolmaysan. Lekin bir narsa haqida indamasdan tura olmayman. Meni ko‘pincha soxta rohib, soxta Filofey deb atashgan. Ha, bu to‘g‘ri. Hech kim meni rohib bo‘lish uchun sochimni qirqqan emas, menga hech kim Filofey deb ism bermagan. Lekin gap cherkov marosimida emas, gap taqvodorlikdadir. Bu sohada meni to‘g‘ri tushunishlarini so‘rayman.
Vaqt yetdi. Sizlar bilan vidolashaman. Yer kurrasini ekranlardan birida butunisiga ko‘rib turibman — sayyoramiz koinot bo‘shlig‘ida suzib yuribdi, ikkinchi ekranda esa ayrim-ayrim manzaralar yirik qilib ko‘rsatilayotir — unda hatto daraxtlar, o‘tlar, toshlar ko‘zga tashlanadi. Birdan qandaydir g‘alati, hozircha tushunib bo‘lmaydigan manzara paydo bo‘ldi. Agar orbital monitordagi manzaralarni yerdagilarga olib ko‘rsatish texnikaviy jihatdan mumkin bo‘lsa edi. Siz o‘sha manzarani o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rgan bo‘lar edingiz. Qarang, qarang, mana ekran mening yonimda, o‘ng tomonimda turibdi, qarang ekranda dengiz, bu ummon — Atlantika okeani! Qarang, sohil yaqinidagi sayoz qirg‘oqqa qandaydir dahshatli to‘lqinlar yopirilmoqda va nima bo‘layotganini ko‘rib turibsizlarmi?! Kitlarni ko‘rayapsizmi?! Man shu kitlar, bir gala bo‘lib suzib yurishibdi. Ular tog‘larga o‘xshab okeandan suzib chiqishmoqda, qarang, voy-bo‘y dahshat. Yopiray, Tangrining qudrati bilan kitlar o‘qday suzib kelib o‘zini qirg‘oqqa otmoqda! Ular nimalar qilyapti? Bular o‘zini o‘zi o‘ldiradigan kitlar-ku! Ularga nima bo‘lgan? Nima uchun suvdan chiqadi? Nima sababdan halok bo‘lishni xohlab qolishadi. Buning boisi nimada? Kitlarni shunday qilishga nima majbur etayotir? Qandaydir yovuz kuch, qandaydir dahshat o‘limga majbur qilayotirmi? Yoki bu keyingi qilmish-qidirmishlarimiz bilan bog‘liqmikin? O’zlarini o‘limga mahkum qilgan kitlarning nima uchun shunday qilayotganini tushunayotgandayman. Afsuski, bu hodisaning tub sababini chuqurroq o‘rgana olmayman, hayotning ana shu g‘aroyib jumbog‘ining
95


sirini bilib olish uchun endi vaqt yo‘q. Robert Bork ham xuddi shu ahvolga tushib qolgan edi. Uning maqolasini o‘qir ekanman, tafakkurining naqadar teran ekanligini tuydim. Shu bilan birga matn ortida aytib ulgurilmagan yana qandaydir fikr bor edi. Men bir-birimizga dilimizni ochamiz va Ruhni yangichasiga tushuna boshlaymiz deb umid qilgan edim. Biroq bu nasib qilmadi. Kitlar ham xuddi shu ahvolga tushib qolgan. Ularning tili bo‘lganda edi, ko‘p narsalarni bilib olgan bo‘lur edik... Lekin men uchun endi kech bo‘ldi... ularning nolalarini eshitayotganga o‘xshayman. Kitlar meni chaqiryapti. Men kitlarga qo‘shilib ketaman. Men ham o‘zimni qirg‘oqqa uloqtirib o‘ldiradigan kitman. Azizim Robert! Men sening oldingda aybliman. Endi o‘zim kitlar bilan birga sening yoningga boraman. Alvido...
Shunday keyin hammaning ko‘z o‘ngida ro‘y bergan voqea tomoshabinlarni hang-mang qilib qo‘ydi. Filofey butun dunyoning ko‘z o‘ngida, teleekranlar ro‘parasida o‘tirgan barcha kishilarning qarshisida hayot bilan vidolashdi. Samoviy rohibning har bir harakatlari uning qarori qat’iy ekanligini ko‘rsatib turardi. Rohibning o‘zini o‘zi o‘ldirayotganini hamma ko‘rib turdi. Va hech kim Filofeyni o‘lim bo‘sag‘asidan qaytara olmadi...
Zalda vahimali jimlik hukm surar edi. Hech kim qimir etmas, ovozini chiqarmas edi. Barchaning nigohi samoviy rohib hayotining so‘nggi onglari aks etgan ekranga qadalgan edi. Entoni Yunger o‘lim erkinligi ruhning hech nima bilan to‘ldirib bo‘lmaydigan, hech nima bilan o‘lchab bo‘lmaydigan ulkan fojeasi ekanligini payqab qoldi. Shu paytda Filofey boshiga kosmonavtlarning katta shlyomini kiyib uni kombinezon yoqasiga tugmalab qo‘ydi. Ana shu daqiqadan boshlab uning chehrasini ko‘rib bo‘lmay qoldi. Hammasi tayyor bo‘ldi. Ochiq fazoga chiqish kerak edi. Filofey orqasiga qaradi, bir narsalar deganday bo‘ldi, lekin so‘zlarini eshitib bo‘lmas edi. Qo‘li bilan vidolashar ekan, ochiq kosmosga sakrash uchun tuynuk tomon yurdi. Tuynukning tabaqalari ochildi-yu, Filofey bo‘shliqqa qadam tashladi.
U yulduzlararo fazoga chiqib yuqorisi ham, pasti ham, chap tomoni ham, o‘ng tomoni ham, ufq ham, chegaralariyu o‘lchovlari ham bo‘lmaydigan cheksizlikka indi.
U fazoda bir oz muallaq turib qoldi. Keyin kemadan tobora uzoqlashib intihosi va ibtidosi yo‘q fazoda suzib ketdi.
U vaznsizlik holatida muallaq suzib, ko‘p o‘tmasdan ko‘zga ko‘rinmay qoldi.