T o‘ q q i z i n ch i b o b
73
Ertalab soat to‘rt yarimlar. Robert Bork yozuv stolida yotgan fakslarga qarab jim o‘tirardi. Jessi ham shu yerda. U ham fakslarni o‘qib chiqdi.
— Tavba, nima bo‘lyapti, nima bo‘lyapti o‘zi! — deb bir necha bor takrorladi Jessi.
– Sen yotib tin olsang bo‘lar edi, — maslahat berdi eri.
– Agar o‘zing yolg‘iz qolishni xohlayotgan bo‘lsang, hozir ketaman. Baribir uxlay olmasam kerak.
Men o‘zimni g‘alati sezyapman. Bularning juda jiddiy ekanligini tushunar edim, lekin hammasining shu darajada murakkablashib ketishini tasavvur ham qilmovdim. Nima deyishimni ham bilmayman.
– Ha, Jessi. Entoni Yunger haq. Mutlaqo haq, — xayol surib javob berdi Bork. — Uni bizga Xudoning o‘zi yetkazdi. Uning tutgan yo‘li — yangi avlodning yo‘li. Dunyoni idrok etishi butunlay o‘zgacha. Sa’y-harakatlari ham. Darrov seziladi-da. Mening esa maqoladan boshqa biron ish qilishim dargumon edi (maqola juda katta bo‘lib ketibdi, gazetaning bir betini oladi-yov!) Biz ikkalamiz bo‘lsa uyda qamalib oldik. Bo‘layotgan voqealardan butunlay ajralib bo‘lmaydi. Buning ustiga Ordokning g‘alamisliklari...
– Yaxshisi — zanjirdan bo‘shatib yuborilgan narsa degin!
– Ha, zanjirdan qo‘yib yuborilgan kuch. Bu nihoyatda dahshatli kuch. Ordok bila turib ommani Filofeyga va menga gijgijlamoqda.
– Yakka o‘zing senga qarshi kayfiyatda bo‘lgan shuncha odamning fikrini o‘zgartirib o‘zingga qarata olishingga ishonasanmi?
– Endi orqaga qaytish yo‘q, fikrimni isbotlashga urinaman. Lekin voqea qanday kechadi — bir narsa deyish qiyin. Kassandra-embrion fenomenining kashf qilinishi mavjud tasavvurlarga, turmush tarziga, qolipga tushib qolgan tafakkur taxlitiga qaqshatqich zarba berajak. Kassandra-embrionlarning oxirzamondan xabar berishiga boshdan oyoq hamma narsaga, birinchi galda siyosiy, ijtimoiy tuzumlarga, axloqiy negizlarga shubha ko‘zi bilan qarash demakdir. O’z-o‘zidan ma’lumki, tarkib topgan barcha andozalarning vayron qilinishi homilador ayoldan tortib Ordok singari nusxalargacha hech kimga yoqmaydi. Ana shuning uchun ham qarshilik ko‘rsatishmoqda, hatto tajovuz qilishgacha yetib borishmoqda.
– Axir ular Filofeyning o‘zini tajovuzkor deb bilishadi-ku!
– Ha, ular uni tajovuzkor deb biladilar. Men uchun u payg‘ambarday gap, boshqalar uchun — shayton. Odamzot ikki yo‘ldan bittasini tanlab olishi lozim: yoki biz, hammamiz aldanib, odatdagiday yashayveramiz, yoki kassandra-embrionlar sonining ko‘payib borish sabablarini tushunib olib, oxirzamon halokatidan kishilarni ogoh qilamiz. Insoniyat uchun boshqacha yo‘l yo‘q.
– Filofeyning o‘zi kashfiyotini odam uchun osmonda ikki quyosh chiqqani kabi kutilmagan voqeadir, deb aytgan edi. Ana shu ikkinchi quyosh insoniyatning asrlar bo‘yi tarkib topgan turmush tarzini chilparchin qilishi mumkin! Buning ustiga raqiblarimiz Filofeyni uning eksperimentlari inson huquqlarini poymol qiladi deb ham ayblamoqdalar. Bundan ham kattaroq tuhmat bo‘lishi mumkinmi? Bunga sen nima deysan?
– Yo‘q, bu inson huquqlarini poymol qilish emas! Mening nazarimda bunday emas. Men ana shu haqda yozyapman, o‘qib ko‘rishing mumkin. Kassandra tamg‘asining sirlarini bilib olish — bizning burchimiz, jamiyatning burchi, har bir shaxsning, birinchi galda homilador ayolning burchidir, bunday ayol o‘z qornidagi pushti oxirzamondan darak beryaptimi — yo‘qmi ekanligini bilishdan manfaatdor bo‘lmog‘i, hatto buni tekshirib ko‘rmog‘i lozim. Kassandra-embrionlar haqidagi statistik ma’lumotlar vaqt kelib eng muhim sotsiologik ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolajak — jamiyatning holati va taraqqiyot darajasini ana shunday ma’lumotlarga qarab bilib oladigan bo‘ladilar.
– Men sening fikringga qo‘shildim ham deyaylik, Robert. Boshqalar bularning hammasini qabul qilishmasa-chi? Sen hech kimni ishontira olmasang-chi?
– Ko‘p narsa sharoitga, umumiy vaziyatga bog‘liq. Entoni Yunger to‘la haq, ha, bu ishga Filofeyning o‘zini jalb qilish kerak. Uning eng muhim dastagi ilmiy kuzatishlaridan olgan ma’lumotlaridir, u kassandra-embrionlardan chiqadigan signallarning zamon oxir bo‘lishidan darak berishini ana shu
74


ma’lumotlar asosida aniqladi. U ana shu ma’lumotlarni xalqqa yetkazishi kerak. Bu ma’lumotlardagi biologik omillardan tortib falsafiy xulosalargacha barcha materiallarni, aytaylik, matbuot konferentsiyasi o‘tkazib yana bir marta xalq oldida bayon etishi lozim. Efirda Filofeyning bevosita o‘zi bo‘lishi shart! Yunger o‘z g‘oyasini amalga oshira olsa, zo‘r bo‘lardi. Men uni to‘laligicha quvvatlayman. Hozir unga men faks orqali o‘z fikrlarimni jo‘nataman, uyog‘ini ko‘ramiz, o‘lmagan bandasi ko‘raveradi.
Ular ikkalasi ham jim bo‘lib qolishdi, har ikkalasining ustida xalat, bir kechada ularni tanib bo‘lmay qoldi. Ko‘zlari kirtaygan, sochlari hurpaygan. Er-xotin kundalik turmush tashvishlari ustiga qanday dahshatli falokat yaqinlashib kelayotganini sezishganday umrlarida birinchi bor kechani so‘ngsiz xavotirlikda o‘tkazishdi. Qarang: kishilarning dardu alamlari va azob-uqubatlari hisobiga Koinot kengaya borar emish.
Tashqari yorishib tong otdi.
havo kechagiga o‘xshab ochiq, kuz bo‘lganidan kunduzi qisqa, lekin yorug‘ keladgan ko‘rinadi. Uzoq-uzoqlardan qushlarning chug‘urlagan ovozi eshtiladi — kelgindi qushlar issiq o‘lkalarga qaytib ketish uchun yana sahardan to‘planishgan. Robert Bork qushlarning avval tog‘ o‘rmonlariga yetar- etmas, golf maydonlari ustida yer bag‘irlab aylanib uchishini, so‘ngra uzoq safarga yo‘l olishini, okean sohili bo‘ylab pastda okeanning oqarib ko‘ringan qirg‘oq to‘lqinlari ustidan o‘tishini ko‘z oldiga keltirdi, uning qushlarga qo‘shilib uchib ketgisi keldi, lekin uning oldida hayotda qo‘qqisdan yuz ko‘rsatgan mushkulotni hal qilish zarurati ko‘ndalang turar edi.
Dunyo ishi ularni xotirjam qo‘ymasligi, unutmagani va unutmoqchi ham emasligi ertalabdanoq ma’lum bo‘lib qoldi. Hammasiga Chikagodagi qizidan kelgan faks sabab bo‘ldi. Erika nima ekaniga tushunmay tashvishlanib yozgan edi: “Tun bo‘yi telefon qilolmadim. Telefonlaringiz uzib qo‘yilgan, faks band. Dada, nima gap? Nima qilib qo‘ydingiz? Butun Chikago oyoqqa qalqigan. Hamma Sizga qarshi. Biz Jon ikkalamiz jinni bo‘lib qolay deyapmiz. O’tinaman: hamma ishingizni chetga surib qo‘ying. Oyi, siz qayoqqa qarayapsiz?!”
Jessining diqqati oshdi:
– Nima qilamiz, Robert? Sen — otasan. Qizimiz iztirobda, uning og‘iroyoq ekanini bilasan. Kuyovimiz ham xursand bo‘lmasa kerak. Men Jonning ahvoliga tushunaman: U direktorlar kengashining a’zosi, uning yurish-turishi boshqalarga namuna bo‘lishi kerak. Biz bu haqda o‘ylamaslikka haqqimiz yo‘q.
– To‘g‘ri, hammasi to‘g‘ri, — Jessining so‘zini ma’qulladi Bork. — Lekin shu topda nima deyishimiz mumkin? Bu ish oila bilangina chegaralanmaydi. Koshki edi shunday bo‘lsa!... O’zingni tut, Jessi. Men Erikaga xat yozaman, qo‘ng‘iroq qilaman, tushuntirishga, taskin berishga urinaman. Lekin yoshlar ham o‘z kallalari bilan o‘ylashlari kerak. Ular uchun, ayniqsa, Jon uchun eng keraklisi kompaniya ishining o‘ngidan kelishidir. Avtokompaniyadan tashqarida ham hayot bor-ku va bu hayot muammolari hamma uchun va har bir kishi uchun kam ahamiyatga ega emas. To‘g‘ri, ular bir-birini sevishadi, baxtli oila. O’zing tushunasan-ku, ijtimoiy xudbinlik ham evi bilan-da!
– Hoy, Robert, seni lektsiya o‘qishga qo‘yib bersa. Xo‘p, qo‘ling bo‘shasa Erikaga faks jo‘natishni unutma, — Jessi shunday deb yelkasiga jun koftasini tashladi-da, yo‘lga tushdi. U Yungerning maslahatiga binoan barvaqtroq turib e’lon osib qo‘yishga qaror qilgan edi — e’londa keluvchilarga murojaat qilib bezovta qilmasliklari so‘ralgan edi. Jessi baroq mushugini ko‘tarib olib yo‘lga chiqdi, mushukni uyda it-mushuk deyishar edi, bu uy hayvoni mushuk bo‘lsa ham xuddi itga o‘xshab ketar edi. Har holda uy egalari shunday deb hisoblashar edi.
Jessi uydan chiqar ekan, yo‘l-yo‘lakay sochini tarar va sherik bo‘lib yonida ketayotgan mushukka nimalardir deb borar edi; xotini ketishi bilan Robert Bork kechasi yozib tugatgan maqolani “Tribyun” gazetasiga jo‘natish uchun faksga o‘tirdi — bunda u tahririya xodimlarining kelishlariga maqolaning stol ustida bo‘lishiga va o‘sha zahoti bosmaga tushirilishiga umid bog‘lagan edi. Maqolasining tezlik bilan chop etilishiga u shubha qilmas edi. Bork maqola matni muallif taqdim etgan shaklda hech qanday o‘zgarishsiz bosilishi kerak deb qo‘shib qo‘ygan edi. Maqolaning bosilishiga shuning uchun
75


ham ishonchi komil ediki, “Tribyun” redaktsiyasining boshqa yo‘li yo‘q edi. Gazeta Filofeyning kosmosdan yuborgan maktubini bosishga jur’at etgandan keyin o‘z mavqeidan voz kecha olmas edi — boshqasini qo‘yavering, eng muhimi gazeta o‘z obro‘sini, qiyofasini saqlab qolishi kerak edi. Bu shunday bir mislsiz hodisa ediki, gazetaning “yo hayot, yo mamot” deb ish ko‘rishdan boshqa iloji qolmagan edi...
Bundan keyin qanday hodisalar ro‘y berishi ayon bo‘lib qoldi. Gazeta tevaragida, Filofey tevaragida, endi bo‘lsa uning, ya’ni Borkning nomi atrofida bo‘ladigan jang tong sahardanoq shafqatsiz va ayovsiz bo‘lajagi bilinib qoldi. Rostini aytganda hayot-mamot uchun kurash kutilmoqda edi...
Telefaks berilgan matnni sahifama-sahifa yamlab yutmoqda edi. Yaxshiyamki, varaqlarni o‘tkazib ulgurdi. Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas Robert Bork ko‘chada allambalo hodisa ro‘y berayotganini payqadi: o‘zlarining mushugi hovlida o‘lguday o‘zi yomon ko‘radigan ko‘ppak bilan betlashib qolgan shekilli junini hurpaytirgancha yugurib kirib keldi. Hash-pash deguncha Bork oynadan qo‘lida bir to‘p qog‘oz bilan karton ushlagancha Jessining uyga asabiy holda chopib kelayotganini ko‘rib qoldi. Uning rangida rang qolmagan, halloslar, go‘yo ko‘chada birovlar tutib olib bo‘g‘ishganu u qo‘ldan chiqib qochganday.
– Nima gap, senga nima bo‘ldi? — xotiniga qarab beixtiyor qichqirib yubordi Bork.
– Robert, bu dahshat, bu vahima! Ko‘rib ko‘zimga ishonmayman — qandaydir yaramaslar hu anavi yerda, muyulishda mashinalarining oldida g‘o‘dayib turishibdi... qaragin, bir nimalarni yopishtirib tashlashgan.
Jessi gazetalar bilan birga devordan ko‘chirib olgan qog‘ozlarni stolga tashladi; bu qog‘ozlarga haqoratomuz, beandisha so‘zlar har xil buyoqlar bilan yozib tashlangan. Bork bularni ko‘rib serrayganicha qotib qoldi. “Bork ko‘chamizda turadi — bu biz uchun isnod!” — bu so‘zlarni qo‘shnilardan biri yozgan bo‘lsa kerak. Yana: “Xotinbezor, nafs bandasi Bork, bizning Nyuberidan yo‘qolsin!”, “Nyuberi feminist ayollari Borkdan hazar qiladi!” Boshqalari bundan ham oshib tushadi: “Bork — razil”, “Bork — KGB agenti”, “Bork manglayidan otilsin!”, “Ko‘chada ko‘rinma, naq bo‘g‘ib o‘ldiraman! — Kassandraviy familiyali embrion”.
– Erta sahardan boshlashibdi-da! — po‘ng‘illadi sarosimaga tushgan Bork.
– Sahardan! ha, shunday! Buyog‘i qanday bo‘ladi, Robert?! Nimalar bo‘ladi? Odamning aqli bovar qilmaydi!
Robert Bork asabiylashib xonada u yoqdan bu yoqqa yura boshladi.
– Biz hamma narsaga tayyor bo‘lishimiz kerak, — qichqirib yuborishdan o‘zini tiyib dedi Bork xotiniga. Qon qaynaganda o‘zini ushlash juda qiyin bo‘ladi. — Boshlanishi shunday bo‘lsa, buyog‘iga undan battarini kutish mumkin. Agar kechagi miting bo‘lmaganda, bular bari silliq o‘tishi mumkin edi. Ordok endi hodisalarning jilovini qo‘yib yubordi, jin urgur.
– O’zing ko‘rganingda bormi! — dedi Jessi ko‘cha tomonga boshini irg‘ar ekan. — Muyulishda turganlarning basharalarini ko‘rib qo‘rqib ketasan kishi. Qandaydir sovuq nusxalar. Mashinalarining yonida chekkan kishi bo‘lib g‘o‘dayib turishibdi. Haligi yozuvlarni devordan qo‘porib olayotsam menga qarab hushtak chalishdi, xaxolab kulishdi.
– Ko‘rinishlari qanday? Shu yerliklarga o‘xshaydimi?
– Qaydam. Odatdagiday jinsi, kurtka kiyib olishgan. Menimcha ularning orasida ayollar ham bor.
– Ha, tushunarli, — g‘uldiradi Bork hech narsani tushunmasa ham.
– Politsiyaga murojaat qilish kerak, Robert. Politsiyaga telefon qil. Chorasini ko‘rishsin.
– Shoshmay tur, telefon qilish qochmaydi. Ozgina sabr qilaylik. Biron nima chiqarishadigan bo‘lsa,
albatta qo‘ng‘iroq qilamiz.
– Ha, bu uchiga chiqqan razillik, aqlga sig‘maydi. Sen bo‘lsang, sabr qilaylik deysan, — Jessi stolga
suyanib ho‘ngrab yubordi.
– Jessi, jonim, qo‘y, nega yig‘laysan o‘zingni tutsang-chi! — nima qilarini bilmay g‘uldiradi Bork,
xotinini yupatib. Jessi esa gapira olmay piq-piq yig‘larkan: – Sen bilganingda, o‘z ko‘zing bilan ko‘rganingda edi!
76


– hozir senga tinchlantiradigan dori beraman. Men hozir, Jessi, bas qil. Men hozir!
Bork xotiniga tomchi dori olib kelib berish uchun yotoqxonaga tomon shoshilarkan, turtinib eshikka urilib ketdi, shu on burchakda g‘ijimlanib tashlangan bir qog‘ozga ko‘zi tushdi, uni Jessi tashlab yuborganini bildi. O’zi aqldan ozay deb qolgan bo‘lsa ham erim o‘qib qo‘ymasin deb tashlab yuborgan qog‘oz nima ekan? Bork olib o‘qib g‘alati bo‘p ketdi. “Bork, orqangni Filofeyga tut, kosmosda uning xotini yo‘qligini bilasan-ku!” Shunga mos surat ham chizilgan. Tagida “Salom, kassandra-embrion”deb yozib qo‘yilgan.
U qanday qilib ichki hovliga, o‘zining toshlar bog‘iga kelib qolganini sezmadi. U hayotda do‘q- po‘pisa bilan qo‘rqitib ish ko‘radiganlarning fikrlariga uchmaslikka harakat qilsa ham, ko‘r-ko‘rona va kaltabinligi bilan bir qilg‘ilikni qilib qo‘ygan g‘ofil kishilarni kechirish kerak degan aqidaga amal qilsa ham, o‘zini ana shunday tubanliklardan yuqori turishiga ishontirib kelgan bo‘lsa ham baribir shu topda ko‘ngli xira tortib ketdi. Mana bo‘lari bo‘ldi; miyasida nogahoniy yuksak fikr-g‘oyalar g‘ujg‘on o‘ynaydigan, abadiylikning so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan botiniy qiyofalari ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ladigan xotinining piching aralash kulgilariga qaramasdan qum ustida sirli belgilar ila qandaydir tasvirlar chizib ko‘rsatib turadigan joyda endi hayvon qatori tahqirlangan va haqoratlangan bir qiyofada o‘tiribdi. Bu uning aslzodaligi va keksaygandagi oliyjanobligi evaziga taqdirning kinoyasi va tahqiri emasmikin? U tajribasiz ekan, dunyoning naqadar zolim va qasoskor ekanini yaxshi bilmas ekan. Yoshi bir yerga borganda hayosizlikning mevasini totdi.
Ufqdan bosh ko‘targan quyosh ham ahamiyatsiz va keraksizday tuyuldi unga, shu topda hech narsa ko‘rgisi ham, eshitgisi ham kelmasdi uning.
U uydan chiqqanda qo‘lida ushlab kelgan gazetani bexosdan ochib qaradi. Bu Nyuberi shahri gazetasining shoshilinch soni edi. Gazetani ko‘rdi-yu, o‘zining qurshovda qolgan bo‘ri ahvoliga tushishini payqadi. Gazetaning birinchi betida Oliver Ordok saylov oldi mitingi tugagandan so‘ng o‘tkazgan matbuot konferentsiyasi haqidagi hisobot katta sarlavha ostida bosilgan edi. Material Assoshieyted Press agentligidan olingan edi. Ordokning bir necha rasmi katta qilib bosilgan. Uning minbarda darg‘azab bo‘lib gapirayotgani rasmdagi imo-ishoralardan ko‘rinib turibdi. Ordokning “Bolsheviklarning genofondni tozalash yo‘lidagi urinishlariga yo‘l qo‘ymaymiz!” degan so‘zlari yirik harflarda sahifaning u chetidan bu chetiga yetadigan qilib terilgan.
Qarang, nishonni uzoq olganiga! Filofey rus ekan — demak, u bolshevik. Bema’nilik, lekin foydali bema’nilik! Varaqlardan birida Borkning KGB agenti deb ataganlarining sababi endi tushunarli bo‘lib qoldi. Buning hammasi bir iflos manbadan chiqqan. U bu haqida gapirishni ham, o‘ylashni ham xohlamas edi. Dil qiynog‘i — jon azobi.
U yonginasida xotinining ovozini eshitib o‘girildi. Yig‘layverib ko‘zlari shishib ketgan Jessi o‘zini tutib olishga urindi.
– Hozirgina Entonidan shoshilinch faks keldi, — dedi u erining yoniga o‘tirar ekan.
“Mister Bork, — deb yozgan edi Entoni Yunger. — Biz tezlik bilan telefon orqali gaplashishimiz kerak. Iltimos, telefonlarni ishlatib qo‘yinglar, javob qaytaringlar. Kosmik telealoqani nazarda tutyapman. Agar telealoqa o‘rnata olsak odamlarning ko‘zini ochardik. Biz sizning uyingizda texnika o‘rnatish masalasini muhokama qilishimiz kerak. Mister Bork, gir atrofdan Sizga hujum qilishmoqda, lekin umidsiz bo‘lmang. Men 10 daqiqadan so‘ng qo‘ng‘iroq qilaman. Sizga hurmat bilan Entoni Yunger”.
– Mana bu endi boshqa gap. Entoni ishga kirishibdi, — jonlandi Bork. — Endi telefonlarni muttasil ishlatib qo‘yish kerak, Jessi. Qo‘ng‘iroq qilaverishsin, biz telefon qo‘ng‘iroqlaridan hech qayoqqa qochib qutulmaymiz. Dunyoda bo‘layotgan hodisalardan ajralib o‘tira olmaymiz-ku, axir!
– Sen haqsan. Yana bir maktub keldi, — dedi Jessi. U dorilfunun rektoridan kelgan faks edi. “Mister Bork, Sizning manfaatingizni ko‘zlab gapirayotirman, o‘tinib so‘rayman lektsiya o‘qish uchun hozircha dorilfununga kela ko‘rmang”, deyilardi faksda.
– Hammasi tushunarli — dedi Bork. — Telefonning oldiga boraylik. Entoni Yungerning qo‘ng‘irog‘i shu mudhish tongda yorug‘ bir nur kabi taraldi.
77


– Mister Bork, Sizni eshitganimdan xursandman. Faks yaxshi lekin tirik odamning ovozini eshitish undan ham yaxshi.
– Bo‘lmasam-chi! Albatta-da! — deb javob qaytardi Bork o‘ziga ishonch bilan. — Mening rafiqam Jessi ham seni qutlayotir, Entoni.
– Juda soz. Jessiga rahmat. Hammamiz bugun ko‘rishamiz deb o‘ylayman, bu judayam zarur.
– Ixtiyoring, Entoni, uchrashuv joyini tayinla. Sening tungi fakslaring bizni fil suyagidan yasalgan minora qamog‘idan xalos qildi. Jilla qursa o‘z ustimdan o‘zim kulib olay. Xo‘sh, bu yog‘i qanday bo‘ladi? Biron nimadan umid bor shekilli, a?
– Qilinadigan ishlarning butun bir ro‘yxati bor. Eng avvalo ma’lumotingiz uchun aytib qo‘yishim kerak, mister Bork, tahririyaga kelgan maqolangiz, ehtimol, hozirdayoq kosmosga — Filofeyga jo‘natilayotgan bo‘lsa kerak, buni men bir necha daqiqadan so‘ng bilib olaman. Bu tadbir Filofeyga uning yerdagi birinchi hamfikri — kosmogenetika bo‘yicha sherigi ya’ni Siz bilan tanishtirish uchungina qilinayotgani yo‘q. Demak, Filofey shu tobda Sizning matningiz bilan tanishayotgan bo‘lsa ajab emas. Biz telealoqa o‘rnatmoqchimiz va matbuot konferentsiyasi o‘tkazmoqchimiz, bu konferentsiyaga Filofey bilan Siz ishtirok etasizlar.
– Entoni, azizim bu qiziqarli fikr. Lekin buning hammasini qanday amalga oshirish kerakligini tasavvur qilolmayotirman. Buning ustiga vaqt ziq.
– Havotir olmang, mister Bork! Men yolg‘iz emasman. Sodiq do‘stlarim, homiylarim bor, “Tribyun” butunlay biz tomonda va redaktsiya o‘z obro‘sini saqlab qolish uchun kuyib-pishmoqda. Eng muhimi — telealoqaning barcha retranslyatorlari butun dunyoni og‘ziga qaratgan ana shu tadbirdan manfaatdordir, bundan tashqari ular muz ustida bo‘ladigan janglarni butun dunyoga ko‘rsatishdan oladigan mo‘may foydalarini hozirdanoq hisob-kitob qilishmoqda. Shuning uchun ham jonlarini jabborga berib ishlashmoqda.
– Aniqrog‘i? Kim muzda uchar ekan?
– Kechirasiz. Ahmoqona o‘xshatish bo‘ldi shekilli. Ha, biz sirg‘anchiq muz ustidamiz. Lekin hozir bu haqda gapirmaylik. Men gapimni to‘xtatdim. Vaqt oz. So‘zimni mashinada davom ettiraman. Biz Nyuberiga, uyingizga borayotirmiz. To‘rt kishimiz. Mendan boshqa uch yigit bor, ular NASAning kosmik aloqani o‘rnatadigan eng zo‘r sozlovchi mutaxassislari. Shunday qilib to‘rt kishi ikki mashinadamiz. Qolgan gaplarni yo‘lda izohlab beramiz. Biz qirq daqiqalardan keyin, ehtimol undan ham oldinroq uyingizda bo‘lsak kerak deb mo‘ljallab turibmiz. Xaritadan aniqlashimcha, uyingiz “Konferans” supermarketidan chamasi yarim mil narida bo‘lsa kerak, shundaymi?
– Ha, to‘g‘ri, uch kvartal narida.
– O’key! Shunday qilib, biz yo‘lga chiqyapmiz. Demak, faqat kulmang, men — operatsiya shtabining boshlig‘iman, Filofey — kosmos marshali, siz esa...
– Men Jessi huzuridagi kenja polkovnikman, — Hozirjavoblik qildi Bork. — Shoshmay tur, Entoni. Tushunaman, vaqt ziq, sen yoshsan, keyin, keyin bilib qo‘y, mening uyim bilan kosmik aloqa o‘rnatish xarajatlarini o‘z bo‘ynimga olaman.
– Kechikdingiz, mister Bork. Manfaatdor telekompaniyalar hammasini o‘zlari mablag‘ bilan ta’minlaydi. Ularning ham o‘z fikrlari bor. Bu yog‘idan tashvish tortmang. Undoq desangiz mening ham qo‘limdan ba’zi ishlar keladi. Otam mashhur advokat o‘tgan, shuning uchun... Ishning u yog‘ini o‘ylamang. Kassandra-embrionlaru, Filofey haqida o‘ylayvering.
– Ordok haqida ham, — qo‘shib qo‘ydi Bork.
– Bu-ku birinchi galda-ya. U ham jangovar harakatlar qilib yuribdi. Bu haqda — mashinadan eshitasiz. Ha, mister Bork, uzr, sizning ham, xotiningizning ham uydan tashqariga chiqishingizni maslahat ko‘rmayman. Hatto supermarketga borishni ham. Chiqmanglar. Buguncha. Biz hamma narsani o‘zimiz olib boramiz. Yo‘lga chiqayotirmiz.
Oradan sal o‘tmasdan yana telefon jiringladi. Yana Entoni edi. Oradan o‘tgan qisqa vaqt eru xotinga yilday tuyulib ketdi. Ular endi hayotlarining boshqacha sur’at bilan rivojlanishini — vaqt daqiqalar bilan o‘lchanajagini, taqdirlarida hal qiluvchi payt yaqinlashib kelayotganini tushinib
78


yetishdi. Bu sirli, noaniq qismat emas, balki Borklarga yaqinlashib kelgan dushman kuchlarning xohish-istaklariyu sa’y-harakatlari oqibati edi.
– Biz katta yo‘lga ketayotirmiz, — xabar berdi Entoni Yunger. — Ko‘chada qatnov ko‘ngildagidek tiqilinchmas, o‘z vaqtida yetib borsak kerak, hozircha ishdan gaplashaylik.
– Eshityapman, Entoni, nimalar bo‘layotganini bilgim kelayotir. Biz Jessi ikkalamiz boshqalardan ma’lum ma’noda ajralib qolganmiz, bilasan-ku, hatto televizor bilan radioni ham o‘chirib qo‘yganmiz.
– Mister Bork, ahvol juda jiddiy. Siz bilib qo‘yishingiz kerak — Hamma yerda, barcha mamlakatlarda manzara birday — Hamma inkor qilyapti.
– Ha-ha, shunday, ming‘illadi Bork. — Entoni, mening tushunishimcha, odamlar kassandra- embrionlarning bor narsa ekanligini idrok eta olmayotirlar. Ha, albatta, bu og‘ir ruhiy zarba, barcha hayotiy negizlarni qayta ko‘rish zaruriyati tug‘iladi. Yaxshisi inkor etish, har qanday shubha ilonining boshini yanchish kerak...
– Xuddi shunday, — javob qaytardi Entoni. — Men buni bir narsaga o‘xshatgim keladi: San- Frantsiskodagi qo‘ltiq ustiga tushgan ko‘prikning qurilishida nuqsonlar borligi aniqlanganu, lekin shunga qaramay undan foydalansa bo‘laveradi deganday gap. Bu haqda o‘ylab o‘tirishning nima hojati bor? Ko‘prikdan iloji boricha ko‘proq va tezroq yuklarni olib o‘tib qolish kerak, ko‘prikning nima bo‘lishi haqida boshqalar keyin o‘ylayverishsin. Lekin, mister Bork yo‘lda hali ozgina vaqtimiz bor — operatorlardan biri rulda, men Siz bilan bemalol gaplashishim mumkin, sizning diqqatingizni o‘sha qiziqarli narsalarga qaratmoqchi edim, xulosalarni esa siz chiqarasiz. Men gazetalarni o‘qib, radio, televidenieni eshitib, Filofey kashfiyotiga nisbatan ikki xil salbiy-jangari yo‘nalishni tuydim. O’ta millatchilik ruhida fikr yurituvchilarga juda qattiq tekkan. Masalan, Isroilda bu kashfiyot shu yo‘l bilan isroilliklar genofondini qiyratishga urinish deb baholandi. Zondaj-nurlardan saqlanish usulini topish, Filofey nurlanishini neytrallashtiradigan asbob ixtiro qilish chaqirig‘i e’lon qilingan. Rossiyada norozilik harakati kuchayib namoyishga aylanib ketdi va Filofeyni zudlik bilan kosmosdan tushirishni talab qilishmoqda, u hech qanday rohib emas, eng muhimi — bizga bir qayta qurishning o‘zi yetadi. Gaydar reformalari bas qilinsin, rus xalqini genetik jihatdan qayta qurishga yo‘l qo‘ymaymiz. Filofey kosmosdagi Gorbachev! U Amerikaga xizmat qiladi! U Rossiyani tiz cho‘ktirmoqchi! — kabi ehtirosli shiorlar tashlanmoqda.
– Albatta, bu o‘ta achinarli hol, eshitish juda og‘ir, mening ichim achib ketdi. Endi nima qilish kerak? — xavotirga tusha boshladi Robert Bork.
– Bu yog‘ini eshiting. Xitoyda xavf tamomila boshqa sohada deb bilmoqdalar — bu xitoyliklarning demografik jihatdan ustunligi ahamiyatiga putur yetkazadigan usul emish. Bu mamlakat shiori: demokratik kultivatsiyaga yo‘l qo‘ymaymiz! hindistonda bo‘lsa Kassandra tamg‘asi ustidan diniy marosimdagiday bo‘yoq surkab qo‘yish chaqirig‘i e’lon qilingan.
– Voy-vuy, — dedi hayratda qolib Bork, — nima bo‘lyapti o‘zi Entoni!
– Lekin meni ko‘proq boshqa narsa lol qoldirmoqda, mister Bork, siz bunga nima deysiz? Gamburgda fohishalar va ularning hisobiga yashaydigan dayuslar jazavaga tushib norozilik bildirishgan. Sitsiliyada mafiyachilar Palermo shahrining dengiz sohilida, aytish mumkinki, umumxalq yurishi uyushtirishgan. Lotin Amerikasida, ayniqsa narkotik moddalar beradigan ekinlarni yashirin yetishtiradigan rayonlarda o‘z-o‘zidan ko‘plab kishilarni norozilik shiorlari bilan chiqishlari bo‘lib o‘tgan. Hatto pornografiya sanoati ham chetda qolmasdan norozilik bildirmoqda. Ha, terrorchi tashkilotlaru, xilma-xil inqilobchilar — ular ham tish-tirnog‘i bilan qarshi. Filofey qo‘l yetadigan joyda bo‘lsa edi, ular uni... Aytgancha, turli mamlakatlarda harbiy doiralar ham o‘ta norozi. Kinojangarilarining prodyusserlari nima sababdan ovozini ko‘tarishdi — bunisi judayam tushunarli emas.
– Bilasanmi, Entoni, — javob berdi Robert Bork, — men bu yerda turli kasb egalarining birlashmalarga uyushishi o‘zini ko‘rsatgan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Har bir to‘da yashashni va urchishni xohlaydi. Men shunday degan bo‘lur edim. Kassandra tamg‘asi esa ularning yo‘lida katta g‘ov, kelajakda ular keraksiz bo‘lib qolishi mumkin — jamiyatda ana shu guruhlarning ko‘plariga ehtiyoj qolmaydi. Ana shuning uchun o‘z jonini saqlashga intilish instinkti ishga tushadi, chunki to‘da
79


noqulay vaziyatni sezib qolayotir. Men ularni tushunaman. Allo, allo, Entoni, yomon eshitila boshladi. – Men sizni juda yaxshi eshityapman gapiravering, bu juda qiziqarli fikr.
– Ana shunday gaplar. Ha, endi yaxshi eshitayapman. Demak, gapimni davom ettiraman. Agar
Filofey kashfiyotlari ta’sirida insoniyat mentaliteti o‘zgaradigan bo‘lsa, agar odam zoti o‘ziga boshqa nuqtai nazar bilan qarab, embrionlarning signallariga doimiy quloq solib tursa individning o‘zini o‘zi salbiy sohalarda namoyon qilishga bo‘lgan moyilligi keskin darajada kamayadi. Ana o‘shanda kimningdir dayuslik bilan shug‘ullanishi amru mahol bo‘lib qoladi — jamiyatda ehtiyoj bo‘lmagach fohishalar, jumladan Gamburg fohishalari soni kamayadi. Mafiya sohasida ham shunday deyish mumkin, banditizim, jinoyatchilik — Hammasi bir-birlari bilan bog‘liq. Kassandra tamg‘asini isnod emas, balki ogohlantirish deb qaraydigan, eng muhimi — odamlarning o‘zini o‘zi doimiy takomillashtirish omili deb biladigan avlodlarning ogohlantiruvchi tadbirlari oqibatda individning o‘zini o‘zi salbiy sohalarda namoyon qilishga bo‘lgan genetik moyilligi yo‘qoladigan bo‘lsa, hozirgi tanglikka chidasa bo‘ladi. Beixtiyor savol tug‘iladi...
– Mister Bork, kosmik telealoqa paytida shu fikrlaringizni yana takrorlagan bo‘lurmidingiz?
– Nega takrorlamas ekanman? Masala bunda emas: mening gapimni eshitisharmikan, uqib olisharmikin? Sen tilga olgan norozi kimsalar mag‘lubiyatdan qo‘rqadilar, issiq o‘rindan ajralib qolishdan cho‘chiydilar. Axir kelajakda tafakkurda tub o‘zgarishlar ro‘y bermog‘i kerak, o‘shanda turmushdagi barcha axloqsizliklar, jamiki palidlik inkor etiladiki, kassandra-embrionlarning instinktiv qo‘rqadigani ham ana shu falokatlardir. Bunda o‘zini o‘zi anglashning o‘zgarishi ezgu axloqiy xohish- istaklar tufayli ro‘y bermaydi, bu omon qolish va taraqqiyotning birdan-bir real sharti bo‘lib qoladi. Hozirgi paytda buni hatto tasavvur qilib bo‘lmaydi.
– Aytgancha, mister Bork, turli diniy mazhablarning noroziliklari haqida hozirning o‘zidayoq talay ma’lumotlar bor.
– Shunday bo‘lishi kerak edi. Kassandra tamg‘asi o‘z tabiatiga ko‘ra hammaga va barchaga bir xil darajada taalluqlidir. Shu ma’noda kassandra-embrionning aks sadosi ko‘p qirralidir. Insoniyatning turli guruhlarga, bloklarga, oqimlarga, o‘zimiznikilarga va o‘zgalarga bo‘linishidan foydalanadigan va ana shu tabaqalanishlar hamda qarama-qarshiliklardan ma’naviy tekinxo‘rlik yo‘lida manfaat oladigan kuchlarga kassandra-embrionlar umuman kerak emas. Kassandra-embrionlar ular uchun g‘ov, fitna va umuman muammo. Bunday kuchlar Filofeyni va uning kashfiyotini barcha tillarda va shevalarda har qanday qilib bo‘lsa ham qoralaydi. Bunda mening hayratda qolishimga o‘rin yo‘q.
– Bu borada ham men sizning fikringizga qo‘shilaman, mister Bork, bu suhbatda men yana ham ko‘proq narsani bilib oldim. Kechirasiz, bir daqiqa alahsishga ruxsat berasiz. Meni shoshilich suratda kodli telefonga chaqirib qolishdi. Yo‘q, yo‘q, telefon dastasini qo‘ymay turing. Nima gap ekanini so‘rab bilaman-da, suhbatimizni davom ettiramiz. (Allo, allo, qanday yangiliklar bor? Shundaymi? O’h-ho‘! Yaxshi bo‘lmapti! Xo‘p bo‘ladi. Tushundim. Birgalikda harakat qilamiz.) Mister Bork, uzr, uzr, ma’lumotlarga qaraganda vaziyat murakkablashmoqda. Men sizdan iltimos qilar edim: mahalliy politsiyaga telefon qilib, supermarket tomondan bir talay namoyishchilar bizning uyimizga tomon kelayotir deb aytsangiz. Turgan gap ular norozilik bildirishadi, oynamiz yonida baqirib-chaqirib to‘polon qilishadi, deysiz.
– Xo‘p, Entoni, politsiyaga hozir telefon qilaman. Xotinim ham o‘zi anchadan beri qo‘ng‘iroq qil deb hiqillardi, men paysalga solib kelardim. Sahardan boshlab devorlarga bizga qarshi turli varaqalar yopishtirib tashlashdi. Politsiyachilarga hozir Jessi o‘zi telefon qiladi.
– Ha, mister Bork, o‘zini ehtiyot qilganni xudo ham ehtiyot qiladi. Yana deng “Tribyun” gazetasining sizning maqolangiz bosilgan shoshilinch soni hozirgina gazetxonlarning qo‘liga yetib boribdi.
– Shundaymi?! — xitob qildi Robert Bork asabiylashib. — Demak, gazetchilar fursatni boy berishmapti.
– Shunday. Siz eng yirik futurologsiz, hozir sizning so‘zingiz oltin bilan barovar. Endi gazeta atrofidagi shov-shuvlarni ko‘ring. Bu qamal qilingan qal’adan otilgan zambarak o‘qi. Shu bilan birga
80


bu Ordokka qarab uzilgan birinchi o‘q. Ochig‘ini aytsam, bu hol mening dilimni siyoh qilayotir. O’ylaymanki, bizning mavqeimizni ma’qullaydigan odamlar bor, bor bo‘lganda ham oz emas. Yangicha fikr yuritadigan zukkolarning kassandra-embrionlar fenomeni haqida o‘ylamasliklari mumkin emas. Axir bu o‘z-o‘zimizni tushunishimizda burilish nuqtasi-ku! Bunaqasi tarixda qachon bo‘lgan?! Ana shu hodisaning mohiyatiga tushungan har bir jon daraxt tepasida bahor qushi bo‘lib sayramog‘i lozim edi. Biroq imonim komil — afsuslar bo‘lsinkim, zukkolarning aksari qismi oqizib ketadigan toshqin selga qarshi borishga jur’at etolmaydi. Aql-idrokli zukko inson olomonga qarshi chiqadi deysizmi – yo‘q, u ovozini chiqarmay, muyulishda buxmalab turaberadi. Shuning uchun ham Ordok qo‘liga mash’ala olib chopib chiqdi-da butun dunyo bo‘ylab odamlarning ongida va dilida yong‘in chiqarib, avomni og‘ziga qarata oldi va safarbar qila bildi. Qayoqqa qaramang qiy-chuv. Barcha junbushga kirgan, olomonga qo‘shilsam deydi. Fohishalarki uyushib mitingga chiqishibdimi, boshqalarni qo‘yavering.
– Entoni, avf etasan, gapingni bo‘laman, yoshim katta bo‘lganidan foydalanib qistirib qo‘yay. Sen hali juda yoshsan, fohishalar deganda sening kulging qistaydi, tushunaman. Men esa og‘ir bir xo‘rsinaman. To‘g‘ri, fohishalar qadim zamondan beri o‘z burchini imi-jimida bajarib kelishgan, lekin ular hammaning ko‘z o‘ngida qatorlashib, norozilik mitingiga to‘planishsa, meni kechirasan-u, bunaqasini odam bolasi eshitgan emas. Uyat-andishani bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib ish ko‘radigan, ayni vaqtda o‘zlarini dalil tutadigan bechora fohishalar bu safar ham sharoitga qarab ish ko‘rishga majbur bo‘ldilar. Axir Kassandra tamg‘asi — genetik gulkosalarda so‘lgan ana shunday gullar marsiyasidir.
– Ularni siyosatdon dayuslar yo‘ldan ozdirishgan, boshqalarni ham. O’ylaymanki, qumg‘ondan chiqarib yuborgan jinni hozir Ordokning o‘zi ham eplay olmayotgan bo‘lsa kerak. Misol qidirib uzoqqa bormaylik. Yo‘lda mashina qatnoviga nazar tashlab keldim. Qarab turib, shuni tuydimki, g‘izillab yelayotgan ko‘pgina mashinalar bizni ortda qoldirib uyingiz tomonga, Nyuberiga qarab ketayotir. Mashinalarda borayotganlarning aksarisi menga o‘xshab ovozi boricha telefonda gaplashib ketyapti. Afti-angorlari sovuq, barcha mashinalarda odam to‘la. Menga aytishlaricha hamma supermarketning yonginasida to‘planisharmish.
– Ha, Entoni, u yer shunday yig‘inlar uchun qulay.
– Koshki edi faqat o‘sha yerda to‘planishsa! Uzr, meni yana alahsishga majbur qilishmoqda. (Allo, men eshitayapman, ha, men Entoni Yungerman. Eshitaman. Tushunarli. Ha, ha, gapiravering. O’zim ham shunday deb o‘ylovdim. Yaxshi, meni har doim xabardor qilib tur. Tushunarli. O’key!) Mister Bork, hozirgina habar qilishdi — Nyu-York ko‘chalarida namoyishchilar olomoni. Ayniqsa, BMT binosi oldida xalq ko‘pmish. Politsiya zo‘rg‘a ushlab turganmish. Namoyishchilar Filofeyni kosmosdan yo‘qotishga ruxsat berishni talab qilishmoqda ekan. Bu endi xalqaro harakat. Shunisi qiziqki, namoyishchilarning oldingi saflarida keyingi kunlari manglayida Kassandra tamg‘asi paydo bo‘lgan homilador ayollar borishmoqda. Bu ayollar peshonasiga buyoq ham surib mana bunday shiorlar ko‘tarib olishgan: “Qaranglar, bizga Kassandra tamg‘asini bosishdi. Bizlarni qutqaringlar!” bularga ko‘pgina erkaklar va ayollar hamdardlik bildirib ular ham peshonalariga xoch chizib olishgan. Vaziyat ana shunday.
– Ha, Entoni, har holda yaxshi emas.
– Uchrashganda gaplashamiz. Tez orada yetib boramiz. Eng muhimi, Mister Bork, apparaturani o‘rnatish, Filofey bilan aloqa qilish va birgalikda o‘ylash kerak.
– Kutaman, Entoni. Uyimizning yonidan qandaydir ovozlar eshitilayotir. Jessi garajni yopish uchun chiqib ketdi. Oynadan ko‘rib turibman. Qandaydir nusxalar hovuzga tosh uloqtirib, bezorilik qilishmoqda. Hozir politsiya keladi deb o‘ylayman. Kutaman. Aytgancha, Entoni, Filofey bilan aloqa o‘rnatish uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi?
– Yigitlarning aytishlaricha bir soat, ehtimol undan sal ko‘proqdir. Ana o‘shanda Filofey bilan yuzma-yuz gaplashib olasiz. U faks orqali maqolangizning bir nusxasini olganmish. Kelajakda va hozirgi kunda qilinadigan ishlarni, matbuot konferentsiyasi o‘tkazish masalasini kelishib olish zarur. Qolganini men borgandan keyin gaplashamiz. Hozir boramiz kutib turinglar!
81


Ko‘chada shovqin avj ola bordi. Mashinadan tushganlar ham, supermarket yonida avtomashinalar to‘xtab turadigan joydan piyoda kelganlar ham shoshib-pishib yura boshlashdi. To‘planganlar panjara yonida daraxtlar tagida turishib, bir-birlari bilan g‘ovur-g‘uvur gaplashishar, naridan-beri bo‘yoq chaplab yozilgan shiorlar va chaqiriqlarni hammaga ko‘rsatib ushlab turishar edi. Hammaning do‘q po‘pisalari bir kishiga qaritilgan: “Bork — senga shafqat yo‘q!”, “Soxta ta’limot tarqatgan yalmog‘izni yotgan joyida joylaymiz!”, “Professorning manglayiga Kassandra tamg‘asi kuydirib bosilsin!”, “Inson huquqlarini poymol qilgan kishi o‘zi hamma huquqlaridan mahrum bo‘ladi!”, “Biz fan terroristiga bardosh bera olmaymiz!”, “Bork — shayton dastyori!”, “Filofey bilan Bork bir xariga osilsin!” va hokazo va hokazo.
Bork bo‘lsa iztirob bilan o‘ylay boshladi: bular kim, o‘sha nusxalar! Ular nimaga va nima maqsadda bir paytda to‘planishdi? Ular bir-birlarini hech qachon ko‘rishmagan, bilishmagan. Pes pesni qorong‘ida topadi deyishadi. Ular og‘iz-burun o‘pishib favqulodda hodisani kutib ko‘chada shang‘illashmoqda — oqlar va qoralar, erkaklar va ayollar, yoshlar va keksalar, birovlarining qo‘lida radiokarnay, boshqalarinikida fotoapparatura va kinoapparatura, ko‘plar qo‘llarida radiotelefon orqali boshqa joydagi kishilar bilan gaplashishmoqda. Ular ilgarigilari tarixiy tadqiqotlarda, nazariy maqolalarda hikoya qilingan, shuningdek, turli rangtasvirlarda, teatr sahnalarida o‘z aksini topgan, kirdikorlarini oldindan bilib bo‘lmaydigan kuchlar ekanligini tushunish qiyin emas edi.
Mana, ular olomon bo‘lib to‘planishdi. Panjara yonida zich bo‘lib turishibdi, ularning afti-angori derazalardan aniq ko‘rinmoqda. Ular nima qilishmoqchi, nimani istashadi? Oxir-oqibat nimani xohlashadi? Ularning qo‘llarida Varfolomey qirg‘inidan esdalik bo‘lib qolgan mash’ala yonib turganday, oyoqlari Rimda isyon ko‘targanlar qoniga bo‘yalgan ko‘cha toshlariga urilib borayotganday, tepalarida zahar sochishga tayyor arilar o‘z uyasi atrofida g‘uvillab uchib yurganday. Falokat yoki qandaydir shum qudrat ularni ko‘rgilik uchun bu yerga haydab kelgan bo‘lsa, bu ularning aybimidi? Nima qilmoq kerak, ularga nima desa bo‘larkin? Axir yaqindagina fyurer paydo bo‘ldi deguncha yuz minglarcha ovoz bilan zavq-shavq va sodiqlik ifodasi sifatida maydonlarda osmonni teshguday baqirib-chaqirgan, fyurer qo‘lini ko‘tarib ishora qilsa bas — tizzadan qon kechishga, g‘arbga ham, sharqqa ham, janubga ham, shimolga ham yelishga tayyor turgan olomonni eslatmaydimi ular? Yaqin yillardagina o‘lguday sevikli dohiysining murdasini bir lahza bo‘lsa ham ko‘rib qolish uchun Stalin tobuti atrofidagi ajal tiqilinchida bir-birlarini bosib oyoq osti qilib ketgan, ustozi bilan birgalikda narigi dunyoga rixlat qilishdan, qatag‘on qurbonlari — otib va osib o‘ldirilganlar qit’asi ustidan yuzi qaro arvoh bo‘lib parvoz qilishdan qaytmagan olomonga nima desa bo‘larkin? Kechagina Tehron aerodromida intiqomdan boshini olib qochayotgan Eron shahanshohini ko‘tarib parvoz qilmoqchi bo‘lgan avialaynerni g‘ildiragidan ushlab to‘xtatish uchun tun qorong‘isida shovqin-suron ko‘tarib samolyotga peshvoz yugurgan olomonga nima deyish mumkin? O’shanda savdoyi olomon samolyotlar parvoz qiladigan yo‘lda talay joygacha chopib bordi, samolyot esa qasoskorlarning ko‘zini kuydirib tepada ancha vaqtgacha chiroqlarini lipillatib parvoz qilib ketdi, osmoni falakda bo‘lsa inson izmiga bo‘ysunmaydigan yulduzlar telbalarni mazax qilganday jimirlab turar, o‘ch ololmaganidan alamga to‘lgan odamlar battar g‘azab otiga minishar, Olloga iltijo qilib o‘sha samolyotni zudlik bilan qaytarib keltirishni so‘rashar edi.
Endi bu yerda, yangi bir makonda, Bork darvozasi oldida olomon.
U deraza oldida turar edi, yonida Jessi. Ularning suhbati havosiz fazoda suzishga o‘xshab ketar edi:
— Eshitayapsanmi, Robert, ular hazillashmayapti. – Ha-ha!
– Nima qilamiz?
– Men chiqishim, ularning oldiga borishim kerak! – Nima deyapsan, Robert?! Aqling joyidami?!
– Joyida bo‘lganda qanday. Ular meni yashirinib oldi deb o‘ylashmasin. Ular isyon ko‘tarib genetik inqirozni to‘xtata olmasligini, aksincha, zo‘ravonlik oxirzamonni yaqinlashtirajagini bilib qo‘yishsin
82


deyman. Ularga aytib qo‘ymoqchimanki, Kassandra tamg‘asi — taqdir taqozosidir. Har bir kassandra- embrion signali barchamizga taalluqlidir. Biz ana shuni tushunsak bo‘ldi, yo‘l, imkoniyat topildi degan so‘z. Oldimizda nima borligini ko‘rish uchun ko‘zni kattaroq ochish kerak.
– Bu to‘g‘ri, lekin oldin o‘ylab ko‘r, Robert, buning hammasini kimga tushuntirib bermoqchisan. Bu dorilfununda o‘qiladigan lektsiya emas-ku! Senga kim quloq soladi? Ular gaplaringni eshitish uchun kelishgan emas-ku!
– Mening boshqa imkonim yo‘q.
– Bu nima deganing? hozirgina Entoni kosmos bilan aloqa o‘rnatadi, men Filofeyni ko‘raman va u bilan hamma narsani gaplashib olaman, kechqurun esa Filofey bilan birgalikda matbuot konferentsiyasi o‘tkazamiz, muammoni o‘z nuqtai nazarimizdan tushuntirib beramiz degan eding-ku! O’ylaymanki, odamlar nihoyat, sizlarning ularga yomonlik ravo ko‘rmasdan, yaxshilik qilmoqchi ekanliklaringizni tushunib olishadi.
– Hozircha men sening gaplaringni eshityapman, fikringga qo‘shilaman, Jessi, ha, hozircha. Axir, bu yerda to‘planganlar matbuot konferentsiyasini kutib o‘tirishmaydi-ku! Ular tezda orani ochiq qilishlari kerak. Qaragin, odamlar ustma-ust kelishyapti, odam qancha ko‘p to‘plansa, shuncha tajovuzkor bo‘ladi. Hali vaqt bor, ular bilan ochiqchasiga gaplashib olishim kerak.
– Bilmadim. O’zingni tahlikaga solayapsan.
– Demak, men o‘zimni xavfga qo‘yyapmanmi? Men ularga Filofey kashfiyoti haqidagi o‘z fikrimni aytib bermoqchiman.
– Sen bu fikringni o‘z maqolangda aytgansan.
– Bu yetarli emas. Yoki undan qoniqishmagan. Bu odamlar maqola o‘qishmaydi.
– Robert, qara-qara, ular nima qilishyapti — sening suratlaringni yondirishyapti!
– Mening suratlarimnimi? Nima bo‘pti, men siyosiy yo‘lboshchimanmi?
– Qara! Bu suratingning kattalashtirilgan nusxalari.
– Nima deya olardim? Esiz, qog‘ozlar yonyapti.
– Xo‘sh, politsiya qani?
– Politsiyaning nima keragi bor? Politsiya kelgan. Ho‘ ana, uchtasi muyulishda turibdi. Sen ularni
ko‘rmadingmi?
– Atigi uchtami? Nega ular jim turishibdi?
– Ularning qo‘lidan nima kelardi? Birovning suratlarini yondirganlari bilan ularning necha pullik ishi
bor. Vassalom.
– Bunday holni televizorda ko‘p ko‘rganman. Mana endi o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Go‘yo hindistonda
bo‘layotganga o‘xshaydi. Xuddi o‘zi-ya! Tezroq Entoni kelib qolsa edi! Nima uchun ular kelishmayaptikin?
– Bilmayman. Shu paytda ko‘chalar tiqilinch bo‘ladi. O’zing bilasan-ku!
Ikkalasi jim bo‘lib qolishdi. Shu topda ularning o‘tirgilari ham, turgilari ham, gapirgilari ham, biron
nima degilari ham kelmayotgan edi.
Xuddi shu on olomon harakatga kelib buyruq berilganday baravar “Bork javob bersin!”, “Bork
javobgarlikka tortilsin!” deya bo‘kira boshlashdi.
Keyin bu baqiriq-chaqiriqlar avj olib g‘azabga mina bordi. Endi chidab bo‘lmay qoldi. Odamlar
Borkning tashqariga chiqishini talab qila boshlashdi. Qayoqdandir manglayini bo‘yab olgan bir to‘p ayollar paydo bo‘lishdi. Ular “Tribyun” gazetasining yangi sonlarini silkitib “Bork razil! Borkka Kassandra tamg‘asini kuydirib bosish kerak! Kassandra tamg‘asi uchun kaltaklansin! Bork — yaramas!” deb dod sola boshlashdi. Boshqa bir guruh odam “Ordok haq! Ordok haq!” deb hayqirar edi.
Vaziyat jo‘shga kirib, olomon hayajonlana boshladi. Tartib o‘rnatmoqchi bo‘lgan politsiyachilar butunlay ojizlik qilib qolishdi. Ulardan biri olomondan bir amallab qutulib chiqib mashinasidan qayoqqadir telefon qilib yordam so‘raganga o‘xshaydi.
Olomon ko‘chani to‘ldirib Borkning uyi tomon yo‘l oldi. Xaloyiq xiyobondagi uzun o‘rindiqlar,
83


fonuslarni uzib sindirib borardi. Kishilar ovozi boricha qiyqirishar, ayollar dod-voy solishar edi.
Erining pidjak kiyayotganini ko‘rib Jessi:
– Qayoqqa ketayapsan! Bora ko‘rma! — deya qichqirib yubordi.
Lekin u xotinini itarib tashladi. Ana shu lahzadan boshlab dunyo uning bir zumda xiralashgan
qorachiqlarida boshqacha aks eta boshladi. Bork bilan Jessi bir-birlarining ko‘zlariga boqishar ekan, ularning dillari dard-alamga to‘la edi. Va u qandaydir yiroqdan gapirayotganday:
– Meni to‘xtatma. Men bu g‘am-kulfat to‘la kosani sipqorishim lozim.
Jessining afti chorasizlikdan burishib ketdi:
– Seni ajal haydab ketyapti!
– Bordiyu shunday bo‘lganda ham, — bo‘g‘iq ovozda dedi Bork, — baribir borishim kerak.
U ilgakdan shlyapasini oldi-da, dadil qadam tashlab uydan chiqa boshladi. Eshikdan chiqishi bilan
kutib turgan qaynoq olomon to‘lqini uni domiga oldi. Uni ko‘rganda portlagan hayqiriqdan osmon larzaga keldi. Transparantlar bilan plakatlar ishga tushdi, odamlarning o‘z plakatlarini Borkning burniga tiqib oladigan shashti bor edi. U eshigi oldida turar ekan, sarosimaga tushganidan kular, olomonga qarab tursa ham hech kimning yuzini ko‘ra olmas edi. Birdan boshiga shlyapasini kiydi-yu o‘z qiyofasiga kirdi. Olomon oldida yirik suyaklari turtib chiqqan, yuzi keng, ko‘zlarining atroflarini ajin bosgan, lekin bo‘yni hali baquvvat, tishlari butun, oq sochli chol turar edi. U Frankfurt jurnalistlari tili bilan aytganda Keksa qoya edi.
Bir zum jimlik cho‘kishi bilan Bork hayajondan qal-tiragan ovozda bir necha kalima so‘z talaffuz qila oldi:
— Kassandra-embrionlar — bu bizning musibatimiz hamda jinoyatimizdir. Bu uchun biz javobgarmiz!
Qandaydir bir ayol mushukka o‘xshab bir sakrab uning yoniga keldi:
— Mana buni ko‘ryapsanmi? — deb peshonasidagi dog‘ni ko‘rsatdi. — Kosmosdagi iblisning menga solgan tamg‘asini ko‘ryapsanmi? Mana, o‘qi! Shayton shaytonning tilini tushunadi! — dedi-da Borkning maqolasi bosilgan gazeta bilan uning yuziga savalay boshladi. Gazeta parcha-parcha bo‘linib, shlyapa uchib yerga tushdi, shlyapani shu ondayoq ezib tashlashdi, haligi ayol esa shallaqilik qilib qichqirardi. U shunday sharmandalik qilardiki, aftidan o‘z uyida ham erining boshida mana shunday yong‘oq chaqsa kerak.
— Sening qo‘lingdan hech vaqo kelmaydi. Men o‘sha kosmosingga yetib boraman. Hali o‘sha Filofeyni bo‘g‘ib o‘ldiraman!
— Ur uni! Sol! — o‘sha ayolning jazavasiga sherik bo‘lganday hayqirishdi tevarakdagilar. — Uni buyoqqa olib kel! Sudrab kel! — qichqirishdi orqada turganlar musht o‘qtalib. Hamma unga tashlandi. Uni o‘nlarcha zabardast qo‘llar yulib-yulqib olomon qilib yuborishdi. Jessi odamlar orasida siqilib qoldi, uning dod-faryodi-yu ko‘z yoshiga kim ham e’tibor berardi deysiz.
Olomon ana shu dahshatli manzarani tasvirga tushirmoqchi bo‘lgan teleoperatorlar guruhini ezib- qisib tashladi, ularning asboblari oyoq ostida qoldi. Biron iloj qilmoqchi bo‘lib uringan bir necha politsiyachining qo‘lidan hech narsa kelmay, girdobdagi payraha holiga tushib qoldi. Robert Borkni esa qayoqqadir surgalab ketishdi, qayoqqa olib ketishganini xudo biladi. Uni birov bo‘g‘zidan ushlab, birov sochidan tortib, birov lunjiga qo‘lini tiqib og‘zini yirtgan ediki, birpasda bechora cholning aft- basharasini tanib bo‘lmay qoldi. Odamlar bir-birini siqib ezib borar, bu esa olomonning g‘azabini battar avj oldirardi. It egasini tanimaydigan ana shu izdihomda bir to‘p quturgan kishilar futurologning toshlar bog‘iga, hovuz yaqiniga borib qolishdi. Dunyoviy ruhning botin sirlariga kirib borishga yo‘l topish uchun Bork qumga qandaydir sirli belgilar chizib yurgan joyda, xuddi ana shu yerda bari nihoyasiga yetdi. Kimdir epchillik qilib gulxonadan sug‘urib olgan temir bilan Borkning kallasiga tushirdi. Bork dodlab boshini ushlagan bo‘yi chalqanchasiga yiqildi-da, qonga botib tipirchilay boshladi, shundan keyin ham sho‘rlikni do‘pposlayverishdi.
Shu paytda olomon orasida qandaydir yangi harakat yuz berganday bo‘ldi, bir necha baquvvat yigit odamlarni uyoq-buyoqqa surib Borkka tomon yurishdi. Bular Entoni Yunger hamda uning kosmos
84


bilan aloqa o‘rnatadigan yordamchilari edi. Ular bir zumda kaltaklanib jon berayotgan Borkning yoniga yetib kelishdi.
— Buni kim qildi?! Kim?! – baqirdi Entoni Yunger hammani turli tarafga itarar va uloqtirar ekan.
Ko‘cha ustida paydo bo‘lgan politsiyaning vertoleti pasaya boshladi. Parrak ovozi baqiriq- chaqiriqlarni bosib, kuchli shamol ko‘tarildi. Bu ovozsiz filmdagi sahnani eslatar edi – olomon quturadi-yu, ovozi eshitilmaydi. Vertolyot qo‘ndi, undan rezina kaltaklar bilan qurollangan politsiyachilar sakrab tushishdi. Odamlar tum-taraqay qocha boshlashdi. Ko‘plar supermarket tomonga, o‘z mashinalariga qarab chopa ketishdi. Ko‘pchilik quyon bo‘lib qolishdi. Yana bir necha daqiqadan so‘ng hech kim qolmadi.
Entoni Yunger ikkita yordamchisi bilan Robert Borkning tilka-pora qilingan jasadini ko‘tarib ketishdi, yana bittasi es-hushini yo‘qotib, yiqilib surilayotgan Jessining qo‘ltig‘idan ushlab vertolyot yoniga obordi.
Ular hammasi politsiyachilar bilan birga vertolyotga o‘tirishdi, Yungerning yordamchilari esa vertolyotdan tushib kosmik aloqa jihozlari solingan mashinalarga chiqishdi. Vertolyot uy ustidan tik ko‘tarilib uchib ketdi. So‘ng hech narsa eshitilmay qoldi.
Atrofda bir jon qolmadi; Borklarning eshik-derazalari urib sindirilgan, uzun o‘rindiqlar, fonuslar majaqlangan, futurologning toshlar bog‘i oyoq osti qilingan edi. Bu qirg‘inbarotdan keyingi manzarani eslatar edi.
Oradan bir daqiqa o‘tgach vertolyot golf maydoni ustidan uchib o‘ta boshladi, qachonlardir Robert Bork ana shu yerga kelishni xush ko‘rar, yorug‘, yashil va keng ana shu o‘tloqlar yaqin-yaqinda ham uning tushlariga kirgan, marhum do‘sti Maks Fray esa uni tushida oydagi golf maydonlariga chaqirgan edi.
Vertolyot shahar gospitaliga qarab yo‘l oldi...
Entoni Yunger Robert Bork jasadi ustiga engashdi. Qon oqishini to‘xtatish uchun ko‘ylagini yechib Robertning boshiga o‘rab bog‘lab qo‘ydi. Entoni Robertning boshini tizzasiga qo‘yib olib, jonidan nishona bormikan deb uning yuziga termildi. Bir lahza futurologning yuzida hayot alomati sezilganday, qovoqlari uchganday, Yungerga tik boqqanday bo‘ldi. Ha, Yunger bilan Borkning ko‘zlari to‘qnashdi. Ehtimol, Bork Yungerni tanigandir. Ular hayotlarida birinchi bor uchrashishdi-yu shu onda vidolashishdi. Abadiylikka, mangulikka vidolashishdi. Robert Borkning boshi shilq etib tushdi.
Yunger o‘kirib yubordi. Jessi erining murdasiga ma’nosiz boqib turardi. Politsiyachilar boshlarini irg‘ab unga hamdardlik bildirgan bo‘lishdi.
Vertolyot gospital maydoniga kelib qo‘ndi, lekin endi vaqt o‘tgan edi... ***
Hozir okeanda bo‘ron o‘ynamoqda edi. Meteorologiya xizmati Atlantika sohili bo‘ylab kuchli bo‘ron bo‘lib to‘lqinlar quturajagini barcha kompyuter kanallari orqali xabar qilgan. Atlantika okeani ustidan o‘tayotgan samolyotlar kuchli chayqalar, havo kemalarining komandirlari yo‘lovchilardan kamarni bog‘lab olib, o‘rinlaridan turmasliklarini o‘tinar va parvoz mushkulliklari haqida yerdagi xizmat idoralariga xabar berib borar edi. Styuardessalar iljayib boqishga urinar, lekin tabassum qilishning o‘rni emas edi – Atlantika okeani hazillashmayotgan edi...
Va faqat kitlar – koinot radarlari – Har doimgidek o‘zlarining jamiki kechinmalarini, tuyg‘ularini, Koinotning aks sadosini o‘zida jamlagan edi. Kitlar ana shunday axborotlarni jo qilib, osmondagi turnalarga o‘xshash o‘tkir uchburchak shaklida tizilib borar edi. Okean bo‘lsa ularning uchburchak shaklidagi safini buzib orqaga qaytarmoqchi bo‘lardi. Lekin ular barcha g‘ov-to‘siqlarga dosh berib olg‘a qarab borar, ba’zan bahaybat to‘lqinlar qa’rida ko‘rinmay ketar, yana yuzaga qalqib chiqar edi.
Ularga oziq bergan va olg‘a haydagan kuch qanday qudrat, ular nima uchun va qaerga suzib ketmoqda?
Moskvadagi Qizil maydonda esa yarim kecha. Boyqushning sayr soati yaqinlashmoqda edi. U hali
85

Spas minorasidagi soat tagida tinchgina mudramoqda edi. Boyqush bugun nimadandir xavotir, yuragi notinch. Dunyoda qandaydir voqealar sodir bo‘lgan... Ha, qush buni sezdi. Nimadir ro‘y bergan...