yordamim zarurligini aytdi.
— Yo‘q, bu men emas, balki boshqa yo‘lovchi — angliyalik. Seni izlagan o‘sha.
— Meni topgunicha u ko‘p kishilar bilan uchrashishi lozim. Biroq u to‘g‘ri yo‘ldan
borayapti. U faqat kitoblarga qarayotgani yo‘q.
— Men-chi?
— Agar sen biror narsani istasang, butun Olam istaging ro‘yobga chiqishiga xayrixohlik
qiladi, — Alkimyogar keksa Malkisidqning so‘zlarini takror aytdi va bo‘zbola O‘z Taqdiri
yo‘lidan borishga ko‘maklashadigan yana bir odamni uchratganini angladi.
— Sen menga ta’lim berasanmi? — so‘radi u.
— Yo‘q. Sen zarur narsalarni bilasan. Men faqat seni xazinang tomon yo‘llayman, xolos.
— Biroq sahroda jang ketayapti, — takrorladi Santyago.
— Sahro menga tanish.
— Men xazinamni topganman. Menda tuya va pul bor, ularni billur savdosi bilan
shug‘ullanib, ishlab topganman, yana elliktacha tilla tangam bor. Endi yurtimda men boy
hisoblanaman.
— Biroq bular seni ehromlarga bir odim ham yaqinlashtira olmaydi, — eslatdi
Alkimyogar.
— Mening Fotimam bor. Bu xazina qolgan hamma boylikdan ustun.
— Undan ehromgacha bo‘lgan yo‘l ham uzoq.
Ular jim qolishdi va ovqat yeyishga kirishishdi. Alkimyogar shisha idishning tiqinini
ochib, Santyagoning stakaniga allaqanday qizil suyuqlik quydi. Bu vino ekan, bo‘zbola
umrida hali bunaqasini tatib ko‘rmagandi. Biroq Qonun vino ichishni ta’qiqlaydi.
— Odamning og‘zidan kirgani emas, balki og‘zidan chiqqani yomon, — dedi Alkimyogar.
Vino ichib Santyago yayradi. Biroq Alkimyogar hanuz uni sergaklantiradigan gaplarni
aytardi. Ular chodirning eshigi oldida yonma-yon o‘tirishib, to‘lin oy yog‘dusida
yulduzlarning xira tortib borayotganini kuzatishardi.
— Ich yana — bu seni chalg‘itadi, — dedi Alkimyogar, vinoning bo‘zbolaga ta’sir qilganini
payqab. — Kuchingni yig‘, jang oldidagi jangchiday. Biroq unutma, sening yuraging u
yoqda, xazina yotgan joyda. Uni topish kerak, bu yo‘lda nimaniki tushunib yetsang, his
etsang, barchasi mazmun-mohiyat kasb etadi. Ertaga tuyangni pulla va ot sotib ol.
Tuyalarning fe’li bemaza: charchoq nimaligini bilmay lo‘killagani-lo‘killagan. Keyin
tuyqusdan tappa yotib o‘lib qoladi. Ot esa sekin-asta toliqadi. Yo‘rg‘alashiga qarab yana
qancha yurishini va qachon yiqilishini bilsa bo‘ladi.
Oradan bir kun o‘tib, kech kirganda Santyago, otni yuganidan yetaklab, Alkimyogarning
chodiriga keldi. Shu orada Alkimyogar ham chiqib keldi, otiga mindi, qirg‘iy esa uning
chap kiftidan joyini egalladi.
— Menga sahroda tiriklik alomatini ko‘rsat, — dedi u. — Bu yerda tiriklik alomatini topa
olgan kishigina xazinani qo‘lga kiritadi.
Ular oydinda qum tepalar oralab yo‘lga tushishdi. “Buni uddalashim qiyin, — o‘yladi
Santyago. — Men sahroni bilmasam, undagi tiriklik alomatini topolmayman”.
U Alkimyogarga qarab bu haqda gapirmoqchi bo‘ldi, biroq cho‘chidi. Ular bo‘zbola
qirg‘iylar parvozini kuzatgan toshlar yoniga kelishdi.
— Uddalay olmayman deb qo‘rqaman, — dedi Santyago baribir ichidagini yashirib
o‘tirmay. — Sahroda tiriklik alomati borligiga ishonchim komil, biroq uni men topa
olmayman.
— Tiriklik yashashga chorlaydi, — dedi unga javoban Alkimyogar.
Bo‘zbola uni tushundi, yuganni bo‘shatdi va ot qum, tosh oralab o‘ziga yo‘l topib yura
boshladi. Alkimyogar otning izidan yurib kelardi. Shu zayl yarim soat o‘tdi. Xurmozorlar

49
ortda qoldi, ulkan qoya toshlardan boshqa hammasi barkashday oy yorug‘ida ko‘zdan
g‘oyib bo‘ldi. Nihoyat, Santyagoning oti to‘xtadi — bu yerga bo‘zbola burun kelmagan
edi.
— Bu yerda tiriklik alomati bor, — dedi u Alkimyogarga. — Menga sahroning tili
tushunarsiz, biroq otim tiriklik tilini tushunadi.
Ular shoshilishdi. Alkimyogar sukut saqlardi. Toshlarga nazar tashlab, u vazmin qadam
tashlardi. Keyin birdan to‘xtadi va ehtiyot bo‘lib egildi. Toshlar orasida yer yorig‘i qorayib
ko‘rinardi. Yoriqqa u barmog‘ini tiqdi, keyin esa qo‘lini yelkasigacha yoriqqa joyladi.
Ichkarida nimadir shitirladi, Santyago Alkimyogarning ko‘zlarida (uning faqat ko‘zlarini
ko‘rib turardi) jiddiy e’tiborni uqdi: go‘yo u birov bilan olishayotganday serdiqqat edi.
Keyin u qo‘lini yoriqdan ilkis tortib oldi, kutilmagan bu harakatdan Santyago bir seskandi
va Alkimyogar irg‘ib o‘rnidan turdi. U ilonni dumidan ushlab ko‘tarib turardi.
Santyago ham chaqqon turib, ortga tislandi. Ilon tipirchilab sahroning o‘lik sukunatini
buzib, Alkimyogarning barmoqlariga o‘zini urardi. Bu bir chaqishdayoq o‘ldiradigan kobra
iloni edi.
“Qo‘rqmas ekan-a?” — bo‘zbolaning xayolidan shu fikr o‘tdi. Alkimyogar ilonning iniga
qo‘lini tiqib, hayotini xavf ostiga qo‘ydi, biroq uning yuzi xotirjam edi. “U ikki yuz
yoshda”, — Santyago angliyalikning gapini esladi. Demak, sahroda ilonlar bilan
muomala qilishni bilar ekan.
Mana, u otining oldiga keldi va egarga tang‘igan qayirma qilichini qinidan chiqardi.
Qumga doira shaklini chizib, o‘rtasiga tinchib qolgan kobrani qo‘ydi.
— Qo‘rqma, — dedi Santyagoga. — Bu yerdan chiqib ketolmaydi. Sen esa sahroda hayot
mavjudligiga dalilni ko‘rding. Menga shu kerak edi.
— Bu shunchalik muhimmidi?
— Juda muhim. Ehromlar sahrolar bilan o‘ralgan.
Santyago yana ehromlar haqida gaplashishni istamayotgan — kechadan beri ko‘ngliga
qil sig‘mayotgan edi. Xazinalarga borish Fotimadan ajralish bilan teng edi.
— Men o‘zim senga yo‘l boshlovchi bo‘laman, — dedi Alkimyogar.
— Vohada qolganim ma’qul edi, — javob qildi Santyago. — Fotimani uchratgan bo‘lsam,
axir, u menga dunyodagi barcha xazinalardan ko‘ra aziz.
— Fotima — sahro qizi. Unga erkaklarning bir kuni uylariga qaytib kelishi uchun safarga
jo‘nab ketishlari oyday ravshan. U ham o‘zining xazinasini qo‘lga kiritdi — bu sen. Endi
esa sening o‘zing qidirayotgan narsangni topishingga umid qilayotir.
— Vohada qolishga qaror qilsam-chi?
— Unda Oqsoqolga Maslahatchi bo‘lasan. Tillang ko‘p bo‘ladi, son-sanoqsiz qo‘y, tuya
sotib olasan. Fotimaga uylanasan, bir yilcha u bilan baxtli yashaysan. Sahroga mehr
qo‘yasan, besh ming to‘p xurmo daraxtining har birini taniydigan bo‘lasan, bo‘yini
bo‘yingga o‘lchab, ularning qanday o‘sishini, dunyo muntazam o‘zgarib turishini
tushunasan. Kun osha belgi-alomatlarni teranroq farqlay borasan, zotan, sahrodan-da
yaxshi muallim yo‘q. Biroq oradan yil o‘tib, sen xazina haqida o‘ylaysan. Belgilar uni teztez yodingga solaveradi, biroq sen bunga e’tibor qilmaslikka urinasan. Bor bilimingni
voha, uning ahli farovonligi uchun sarflaysan. Qabilalar boshliqlari sendan mamnun
bo‘lishadi, tuyalar senga ko‘p boylik keltiradi va hokimiyatingni mustahkamlaydi.
Yana bir yil o‘tadi. Belgilar xazina va Yo‘lni muntazam uqtirib turadi. Uzoq tunlarda
azongacha vohada sanqiysan, Fotima esa iztirob chekadi, chunki o‘zi tufayli sening
izlanishlaring barbod bo‘lganini tushunib yetadi. Biroq sen Fotimani hanuz sevasan, u
ham seni yaxshi ko‘radi. Biror marta ham u seni qolishga undamaganini bot-bot
eslaysan, chunki sahro ayollari erlari qaytib kelguncha kuta olishadi. Va sen Fotimadan
biror-bir ayb topa olmaysan, biroq ko‘p oqshomlarni birvarakayiga sahro va

50
xurmozorlarni kezib o‘tkazasan, Fotimaga bo‘lgan muhabbatimga chin dildan
ishonmaganimda bu yerdan jo‘nab ketardim, deb o‘ylaysan. Aslida seni vohada qo‘rquv
ushlab turibdi — bu makonga boshqa qaytib kelolmayman, deb qo‘rqasan. Ana shunda
belgilar xazinadan umrbod mahrum bo‘lganingni senga aytadi.
To‘rtinchi yilga kelib belgilar yo‘qoladi, chunki sen ularni ilg‘ashni xohlamaysan. Buni
payqagan oqsoqol sening xizmatingdan voz kechadi, biroq bungacha sen boy-badavlat
savdogarga aylanasan, ko‘p do‘konlaring va suruv-suruv toylaring bo‘ladi. Va
umringning oxirigacha, O‘z Yo‘lingdan yurmaganingni bila turib, xurmozorlaru sahroni
kezasan, oxir-oqibat endi kech bo‘lganini tushunib yetasan.
Shunday qilib, sevgi insonning O‘z Taqdiri yo‘lidan borishga hech qachon xalal
bermasligini sen hech qachon anglab yetmaysan. Agar shunday bo‘lsa, demak, bunday
sevgi chin emas, haqiqiy emas, deyiladi Umum Tilida, — deya so‘zini yakunladi
Alkimyogar.
U qumga chizgan doirani buzdi va kobra sudralib, toshlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Santyago bir umr Makkaga ziyoratni orzu qilgan billur sotuvchi savdogarni, Alkimyogarni
qidirgan angliyalikni esladi. Bir kun kelib sahro o‘zi suyishni istagan yigitni yetkazishiga
ishongan ayolni ham esladi.
Ular otlarga minishdi. Bu safar Alkimyogar oldga tushdi. Shamol vohadagi odamlarning
ovozini olib keldi va bo‘zbola bu tovushlar orasida Fotimaning ovozini tanishga urindi.
Jang bois u keyingi kunlar quduq oldida qizni uchratmagan edi.
Biroq bugun oqshom u qumga chizilgan doiradan chiqib ketolmagan kobrani kuzatdi,
kiftida qirg‘iy bilan yurgan sirli suvorining gaplarini tingladi, suvori unga sevgi va
xazinalar haqida, sahro ayollari va O‘z Taqdiri haqida gapirdi.
— Men sen bilan birga ketaman, — dedi Santyago va shu lahzada ruhi xotirjam
bo‘lganini his etdi.
— Biz ertaga yo‘lga chiqamiz, bundan-da qorong‘uroq pallada, — qisqa javob qildi
Alkimyogar.
Tun bo‘yi u ko‘zlarini yummadi. Quyosh chiqishiga ikki soatlar qolganda o‘zi bilan bir
chodirda yotgan bolalardan bittasini uyg‘otdi va Fotima qaerda yashayotganini so‘radi.
Ular tashqariga birga chiqishdi va Santyago unga minnatdor bo‘lganidan qo‘y sotib olishi
uchun pul berdi.
Keyin qizni uyg‘otishini so‘rab, qaerda kutishini aytdi. Arab bola uning bu iltimosini ham
bajardi va yana bitta qo‘yga pul oldi.
— Endi bizni xoli qoldir, — dedi Santyago va bola kimsan Maslahatchiga yordam
berganidan g‘ururlanib, boz ustiga, endi qo‘y sotib olish uchun puli borligidan quvonib,
chodirga qaytdi va uxlagani yotdi.
Fotima chiqdi. Ular xurmozor oralab ketishdi. Santyago urf-odatga zid ish tutayotganini
bilardi, biroq hozir bu hech qanday ahamiyatga ega emas edi.
— Men jo‘nayapman, — dedi u. — Biroq sening ishonishingni xohlayman: men, albatta,
qaytaman. Men seni sevaman, chunki...
— Gapirish shart emas, — uning so‘zini bo‘ldi qiz. — Odam yaxshi ko‘rgani uchun ham
sevadi. Sevgi dalil-isbotlarga muhtoj emas.
Biroq Santyago gapini davom ettirdi:
— ... chunki men avval tush ko‘rdim, keyin podshoh Malkisidqni uchratdim, billur
sotdim, sahroni kesib o‘tdim, vohaga kelib qoldim jang boshlanganda va quduqning
oldida sendan Alkimyogarning qaerda yashashini so‘radim. Men seni yaxshi ko‘raman,
chunki butun Olam bizning uchrashuvimizga xayrixoh.
Ular quchoqlashishdi va vujudlari ilk bor bir-biriga tegdi.

51
— Men qaytaman, — takrorladi Santyago.
— Avvallari men sahroga orzumand bo‘lib qarardim, endi esa umid bilan termulaman.
Mening otam ham bir necha bor sahroga ketgan, biroq har safar onamning yonlariga
qaytgan.
Boshqa biror-bir so‘z aytilmadi. Ular yana xurmozor tagida biroz yurishdi, so‘ng
Santyago Fotimani chodirgacha kuzatib qo‘ydi.
— Men qaytaman, otang qaytib kelganiday.
U qizning ko‘zlarida yosh yiltiraganini ko‘rdi.
— Yig‘layapsanmi?
— Men sahro ayoliman, — dedi Fotima, yuzini yashirib. — Biroq avvalambor men —
oddiy ayolman.
Qiz chodir ichiga g‘oyib bo‘ldi. Tong oqarib kelardi. Odatdagi kun boshlangach, Fotima
necha yillardan beri shug‘ullanib kelayotgan ishi bilan mashg‘ul bo‘ladi, biroq endi
hammasi boshqacha kechadi. Voha endi qizning nazdida burungi qimmatini bir qadar
yo‘qotadi, chunki vohada Santyago yo‘q. Avval boshqacha edi — yaqinginada bu joy ellik
ming tup xurmo daraxti gurkirab turgan, uch yuzta quduqli, sahro kezib chanqagan
yo‘lovchilar oroyish topadigan maskan edi. Endi qizning nazarida voha bo‘shab, huvillab
qoldi.
Bugundan boshlab sahroning qadri ortadi. Fotima endi sahroga umid ko‘zi bilan
termiladi, xazinalarini qidirib ketgan Santyagoning qaysi yulduzni mo‘ljalga olib yo‘l
bosayotganini topishga urinadi. Shamol orqali o‘zining qaynoq o‘pichlarini yo‘llab, ular
Santyagoning yuziga tegishiga umidlanadi va pichirlab o‘zining sog‘-salomat ekanini, uni
kutayotganini aytadi. Bugundan boshlab sahro Fotima uchun umid makoniga aylanadi: u
yoqdan Santyago yoniga qaytadi.
— Ortda qolganlar haqida o‘ylama, — dedi Alkimyogar, ular qum tepalar oralab yo‘lga
tushishganda. —Hammasi allaqachon Olam Qalbida qayd etildi va shu joyda mangu
saqlanadi.
— Odamlar ketishdan ko‘ra qaytish haqida ko‘proq o‘ylashadi, — dedi Santyago,
sahroning sukunatiga tag‘in ko‘nika boshlarkan.
— Agar sen topgan topildiq pishiq narsadan yasalgan bo‘lsa, unga hech qanday insu jins
daxl qilolmaydi. Va sen bemalol qaytishing mumkin. Agar bu narsa, xuddi yulduz bir yilt
etib uchgani kabi, nari-beri yasalgan bo‘lsa, qaytgan chog‘ingda ham hech nimaga ega
chiqolmaysan. Biroq sen, harqalay, yilt etgan nurni ko‘rgan bo‘lasan. Demak, bu
boshdan kechirishga arzirli hol.
U alkimyo haqida gapirayotganga o‘xshardi, Santyagoga esa u Fotimani nazarda tutib
gapirayotganday tuyuldi.
Ortda qolganlar haqida o‘ylamaslik mushkul edi. Sahroning yakrang ko‘rinishi eslashga,
orzu qilishga majbur etardi. Santyagoning ko‘z o‘ngidan xurmozor, quduqlar va
suyganining chehrasi ketmasdi. U angliyalikni shisha idishlari, asbob-anjomlari bilan
uchratdi, Tuyakashni — o‘zining aql-idrokini peshlamaydigan chinakam donishmandni
uchratdi. “Balki Alkimyogar hech qachon hech kimni sevmagandir”, — o‘yladi u.
Alkimyogar sal oldda yo‘rtib borayotir, uning kiftida qirg‘iy o‘tiribdi — qush sahro tilidan
to‘la voqif — ular to‘xtashgan chog‘da o‘lja izlab havoga ko‘tariladi. Birinchi kuni u
changalida quyon bilan qaytdi. Ikkinchi kun — bir juft qush bilan.
Tunda ular ko‘rpani yoyishdi. Sahro tuni etni junjiktiradigan salqinligiga va oy botishi
bilan qorong‘ulik quyuqlashganiga qaramay gulxan yoqishmadi. Safarning birinchi
haftasida yo‘ldoshlar, gurunglashgan bo‘lishsa-da, faqat jang qilayotgan qabilalarni
chetlab o‘tish haqida gapirishdi. Urush davom etayotgandi — ba’zan shamol qonning

52
achqimtil hidini olib kelardi. Uncha uzoq bo‘lmagan joyda jang borardi va shamol
bo‘zbolaga Belgilar Tili mavjudligini, bu til ko‘z ko‘ra olmaydigan narsalardan xabar
berishga tayyor ekanini eslatdi.
Safarning sakkizinchi kuni Alkimyogar, odatdagidan ko‘ra barvaqtroq, dam olish uchun
qo‘nishga qaror qildi. Qirg‘iy osmonga uchdi. Alkimyogar suv solingan suvdonni
Santyagoga uzatdi.
— Sening jahongashtaliging poyoniga yetmoqda, — dedi u. — Qutlayman. Sen O‘z
Yo‘lingdan chetga chiqmading.
— Sen esa yo‘l bo‘yi churq etmading. Men bo‘lsam, bilganlaringni o‘rgatarsan, deb
o‘ylabman. Men sahroni alkimyoga doir kitoblari bor bir odam bilan bosib o‘tgandim.
Biroq ulardan hech nimani tushunmadim.
— Anglashning faqat bitta yo‘li bor, — javob qildi Alkimyogar. — Harakat qilmoq.
Sayohat seni zarur bo‘lgan narsalarning barisiga o‘rgatdi. Faqat bir narsa qoldi bilishing
kerak bo‘lgan.
Santyago uning nima ekanini so‘radi, biroq Alkimyogar osmon gumbazidan ko‘zini
uzmasdi — u o‘zining qirg‘iyini kuzatardi.
— Nega seni Alkimyogar deyishadi?
— Chunki men Alkimyogarman-da.
— Boshqa alkimyogarlarning — oltinni qidirib topisholmaganlarning xatosi nimada?
— Xatosi shundaki, ular faqat oltinni qidirishgan. Ular yo‘lda bekitilgan xazinalarni izlash
bilan ovora bo‘lib, yo‘ldan chetga chiqib ketishgan.
— Xo‘sh, mening kamchiligim nimada? — savolini takrorladi bo‘zbola.
Alkimyogar hanuz osmonga qarab turardi. Tez orada qirg‘iy o‘lja bilan qaytdi. Ular
qumloqda o‘choq qazib, chetdan qaraganda ko‘zga chalinmaydigan gulxan yoqishdi.
— Men Alkimyogarman, chunki alkimyogarlik qilaman, — dedi u. — Bu ilmning sirlari
bobomdan o‘tgan, unga — uning bobosidan va olam paydo bo‘lgandan beri shunday.
O‘sha qadim zamonlarda olam deganlari zumradning qirrasiga jo bo‘lgan. Biroq odamlar
oddiy narsalarga e’tiborsiz, shu bois qadimda falsafiy asarlar yoza boshlashgan.
Qayoqqa qarab yurish lozimligini o‘shalar bilishadi, boshqalar gapi asossiz, deb
o‘ylashgan. Biroq Zumrad Lavha bugun ham bor.
— Unda nima yozilgan? — qiziqib so‘radi bo‘zbola.
Alkimyogar besh daqiqa qumga nimalarnidir chizdi, bu payt Santyago bozor maydonida
keksa podshohni qanday uchratganini esladi, o‘shandan beri juda ko‘p yillar o‘tganday
tuyuldi unga.
— Qara, qumga nima yozilganiga, — dedi Alkimyogar, shaklni chizib bo‘lib.
Santyago yaqin kelib, o‘qidi.
— Axir, bu shifr-ku! — norozi bo‘lib xitob qildi u. — Bu angliyalikning kitobidagiday.
— Yo‘q. Bu ayni qirg‘iylarning osmondagi parvoziday: buni aql bilan tushunib bo‘lmaydi.
Zumrad Lavhasi — bu Olam Qalbining nomasi. Donishmandlar bizning yashayotgan
dunyo jannatga qiyosan, unga o‘xshatib yaratilganini allaqachon tushunib yetishgan. Bu
dunyoning mavjudligi o‘zi — boshqa, bundan-da mukammal dunyo borligining
kafolatidir. Qodir egam uni odamlar qalb ko‘zi bilan ko‘rib ruhlari kamol topsin va o‘z
aqllarining mo‘’jizalaridan hayratga tushsin, deb bino qilgan. Va ayni shuni men Harakat
deb atayman.
— Men ham Zumrad Lavhasini o‘qishim kerakmi?
— Agar sen hozir alkimyogarning laboratoriyasida bo‘lganingda, uni anglashning eng
yaxshi usulini o‘rganarding. Biroq sen sahrodasan — demak, sahroga uyg‘unlash. Sahro
jamiki tiriklik kabi senga olamni tushunishda ko‘maklashadi. Sahrodagi hamma narsani
bilishning hojati yo‘q, Buyuk ijod mo‘’jizalarini ko‘rish uchun bir qum zarrasi kifoya.

53
— Men qanday qilib sahroga uyg‘unlashaman?
— Yuragingga quloq tut. Unga olamdagi hamma narsa ayon, zotan, yurak Olam Qalbi
bilan tug‘ishgan va vaqti kelib unga qaytadi.
Ular churq etishmay yana ikki kun yo‘l yurishdi. Alkimyogar tashvishli ko‘rindi: ular
shafqatsiz jang borayotgan joyga yaqin kelib qolishgan edi. Bo‘zbola esa hanuz
yuragining ovozini eshitishga urinardi.
Uning yuragi esa o‘jar edi: avvallari mudom qayoqlargadir talpinardi, endi qanday
bo‘lmasin ortga qaytishga undaydi. Gohida yuragi unga soatlab nurga yo‘g‘rilgan
voqealarni hikoya qilsa, ba’zan ko‘tarilib kelayotgan quyoshdan chunonam hapqirib shod
bo‘lib ketadiki, Santyago pana joyga o‘tib yig‘lab oladi. Xazinalardan gap ochilganda
yuragi tez urib ketar, bo‘zbolaning ko‘zlari bepoyon sahro ufqlariga termilganda esa
tinchib qolardi.
— Nega biz yurakka quloq tutishimiz kerak? — so‘radi u, dam olish uchun qo‘nishganda.
— Yurak qaerda bo‘lsa, xazina ham o‘sha joyda.
— Mening yuragim limmo-lim, — dedi Santyago. — U orzu qiladi, hayajonlanadi,
sahroda ayollarga talpinadi. Doim nimagadir intiq, Fotima haqida o‘yladim deguncha
tamom — tun bo‘yi uyqu bermaydi.
— Shunisi yaxshi-da. Demak, u tirik. Eshitaver.
Keyingi uch kunda ular jangchilarni uchratishdi, boshqalari uzoqdan ko‘rinish berdi.
Santyagoning yuragi qo‘rquvdan ogoh etdi. Xazina izlab yo‘lga chiqqan, biroq uni topa
olmagan odamlar haqida gapirdi. Gohida u bo‘zbolani xazinani topa olmasligi, ehtimol,
sahroda o‘lib ketishi xayoli bilan qo‘rqitardi. Ba’zan boriga shukr qilishni uqtirardi: uning
sevgan qizi va bir talay oltin tangasi bo‘lsa, yana nimasi kam.
— Yuragim xiyonat qilayapti, — dedi u Alkimyogarga, ular otlarning oyog‘ini sovutish
uchun to‘xtashgandi. — Mening yo‘lni davom ettirishimni xohlamayapti.
— Bu yaxshilik alomati, — takrorladi u. — Demak, yuraging bir bo‘lak go‘shtga aylanib
qolmagan. Tabiiyki, erishilgan tajribalarni orzu-xayollar shamoliga sovurishdan yuraging
tashvishlanayapti.
— Unday bo‘lsa, quloq solib nima qilaman?
— Baribir uni tinchlantirish qo‘lingdan kelmaydi. Hatto o‘zingni unga quloq
tutmayotganday qilib ko‘rsatsang-da, u sening ko‘ksingda urib turaveradi va hayot
haqida, dunyo haqida o‘ylaganlarini aytaveradi.
— Va menga xiyonat qilaveradimi?
— Xiyonat — kutilmaganda berilgan zarba. Agar yuragingni anglay bilsang, u senga
xiyonat qila olmaydi. Shunda sen uning orzularini, jamiki istaklarini bilasan va uni
boshqara olasan. Yuragi aytganlaridan hali hech kim qochib qutilmagan. Yaxshisi, uni
tinglamoq kerak. Shunda kutilmagan zarba ostida qolmaysan.
Ular sahro bo‘ylab yo‘l yurishni davom ettirishdi va Santyago yuragi ovoziga quloq tutdi.
Tez orada u yuragining injiqliklarini, hiyla-nayranglarini bilib oldi — uni boricha tushunib
qabul qila boshladi. Bo‘zbola qo‘rquvga tushishdan qutuldi va ortga qaytish istagidan
xalos bo‘ldi — endi vaqt o‘tgan, yuragi ham xotirjam edi.
“Agar gohida men nolinsam, nachora, axir, men odamning yuragiman, bu menga xos
xususiyat. Hammamiz ham o‘zimizning eng aziz orzu-o‘ylarimizni amalga oshirishga
cho‘chiymiz, chunki biz o‘zimizni ana shu orzularga noloyiq yoki har qanday holda ham
baribir ularga erisholmaymiz, deb o‘ylaymiz. Biz, odam yuragi, ma’shuqadan umrbod
ajralib qolish xayolidan, xushbaxt kechishi lozim bo‘lgan, biroq noxush daqiqalar,
topilishi mumkin esa-da, qumlar ostida ko‘milganicha qolib ketgan xazinalar haqidagi
o‘ylardan o‘lguday qo‘rqamiz. Chunki ana shunday hollar ro‘y berganda biz azob