S a k k i z i n ch i b o b
“Tribyun” gazetasiga mo‘ljallangan maqolaning katta qismi tayyor bo‘ldi. Endi xotima qismini yozish qolgan edi. Ish yakuni yaqinlashgan sari Bork ko‘proq xavotirlana boshladi: Kassandra tamg‘asi fenomenini ilmiy izohlab berishga keragidan ortiqcha berilib ketmadimikin, holbuki ko‘pchilik, ehtimol mutlaq ko‘pchilik uchun eng muhimi Filofeyning kosmosdagi “g‘alamislik” harakatlaridan nima qilib bo‘lsa ham xalos bo‘lish edi. Ko‘rmasin ham, kuymasin ham, kassandra-embrionlarning signallarini unutsa bas. Uchiga chiqqan siyosatdon Oliver Ordok xuddi ana shuni sezib qoldi va shunga qarab mo‘ljal oldi hamda muvaffaqiyat qozondi. So‘z yo‘q, u siyosiy g‘alaba qildi. Asli uning g‘alabasi g‘irromlik bilan qo‘lga kiritilgan edi. Xaloyiqning o‘zini o‘zi aldab qo‘yganini qanday qilib tushuntirsa bo‘larkin?
Bork shuni tushundiki, Ordokka nisbatan unda siyosiy mahorat, siyosiy tajriba yetishmas ekan. Ha, endi ular kutilmaganda umrbod bir-birlariga dushman bo‘lib qolishdi. U, Bork, xohlaydimi, yo‘qmi, ularni kurash, kurash bo‘lganda ham ayovsiz kurash kutar edi. Xuddi ana shu narsa — prezidentlikka olib boradigan yo‘ldagi musobaqa Ordok uchun ayni muddao edi. Shu ma’noda taqdir unga fazoda Filofeyni, yerda Borkni bebaho sovg‘a sifatida taqdim qilgan edi.
Robert Bork shu haqda fikr yuritar ekan, hash-pash deguncha siyqasi chiqqan siyosiy kurashga o‘ralashib qolish, qarshilik ko‘rsatish hissiyotiga berilib ketish hech gap emas ekan, deb o‘ylab qoldi. Unda Ordok bilan yuzma-yuz uchrashish istagi paydo bo‘ldi. Unga yaqin borib ko‘ziga tik qarab yuragiga nashtarday sanchiladigan qilib sekingina “Sen borib turgan ablah ekansan!” degisi keldi. Va shundan so‘ng hammaga Ordok ablah deb aytadi va bunday nusxani hokimiyatga yaqinlashtirib bo‘lmaydi, bu hokimiyatga iblis keldi degan so‘z, xavflisi shundaki, uning iblis ekanligini hech kim bilmaydi, deydi. “Yo‘q, yo‘q, bunday deb bo‘lmaydi, bunday deyish mumkin emas, — o‘yladi Bork miyasiga kelgan fikrdan o‘zi qoniqish hosil qilmay. — Prezident bo‘ladimi, boshqa amaldor bo‘ladimi, bo‘lavermaydimi, faqat mensiz bo‘lsa bas! Yo‘q, yo‘q, mening ishim — siyosiy kurash emas; odamlar Kassandra tamg‘alari to‘g‘risidagi haqiqatdan o‘zlarini chetga olar ekanlar, ular irodasizlik qilgan bo‘ladilar, muammoni yanada chuqurlashtirgan, o‘z boshlariga tushgan falokatni battar avj oldirgan — mening vazifam odamlarga ana shu haqiqatning yetkazishdir. Lekin haqiqatning dahshatli ekanligiga, biroq ko‘rib o‘zini ko‘rmaslikka olish mumkin emasligiga, yo‘l topish zarurligiga odamlarni qanday qilib ishontirish mumkin?!
Bork toza havodan nafas olish uchun ayvonga chiqqan edi, tun sovuq, kuz, hammayoq xazonrezgilik — qorong‘ida barglar shamoldan shitirlaydi, uni titroq bosdi. Oy ufqdan salgina ko‘tarilib, katta yo‘l chetidagi o‘rmonzor tepalikka tegay-tegay deb turganday. O’rmon ortida dengiz
66


bo‘yidagi qum tepaliklariga o‘xshab ketadigan do‘ngliklardagi golf o‘ynaladigan maydonlarni ko‘z oldiga keltirdi, yoshligida bu yerga u to‘p tepish uchun kelib yurardi.
Qiziq, uning ko‘rgan tushlaridan biri esiga keldi. Ba’zan odamlar tushida ko‘rganini o‘ngida ko‘radi deyishadi. Bu tushni ko‘rganiga ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q — tushida hammayoq golf maydonlari emish, kechasi oy nur sochib turganmish, hamma shodu xurram va erkin his qilarmish o‘zini, lekin ko‘ngilsizlik ro‘y bergan emish: chuqurchaga tushgan koptokni tayoq bilan urib chiqarib bo‘lmas emish — koptok o‘rnidan qo‘zg‘almasmish, Bork qanchalik harakat qilmasin, koptok qimirlamay turavergan emish. Shu on qayoqdandir tepa tarafdan kafedrada birga ishlashgan hamkasabasi marhum professor Maks Frayd kelib qolganmish. U Borkka qarab: “Oyga uchib ketaylik, u yerda xuddi shunday maydonlar bor, golf o‘ynaymiz, der emish. Bork Maksning so‘zlariga ishonib, uning orqasidan ergashib dalalar ustidan uchib ketarmish. Xotini Jessi bo‘lsa, ortidan chopib, “orqaga qayt” deb chaqirarmish. Va nima uchundir u yig‘larmish. Bu tushning ta’biri nimaykin? Bunisi qiziq bo‘ldi-ku! Lekin o‘ylab ko‘rilsa, ajablanarli joyi ham yo‘q. Maks uning dilkash do‘sti edi, har xil bo‘lar bo‘lmas narsalarga, hatto ilmi nujumga ham qiziqib yurardi. Masalan, golf o‘ynaganda qanday hisob bilan yutishini yoki yutqizishini yulduzlarga qarab aniqlashga urinar edi. Aytganlari ba’zan to‘g‘ri chiqar, lekin ko‘p hollarda bashoratlari to‘g‘ri chiqmas edi. Ehtimol Maksning arvohi u dunyoda biron narsani oldindan sezgandir va qandaydir ko‘ngilsiz samoviy hodisaning yaqinlashayotganini payqagandir va shuning uchun do‘stini falokatdan qutqarib qolish uchun Oyga uchib chorlayotgandir. Shuning uchun ham tushiga kirib ogohlantirayotgandir.
ha, Maks hayot bo‘lganda mitingda bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng yarim kechada bo‘lsayam Nyuberiga chopib kelgan bo‘lur edi. Ehtimol, buning nafi bo‘lmas, lekin mana shuning o‘ziyoq Maksning tinib-tinchimas va o‘ta darajada sadoqatli do‘st ekanligini isbotlaydi. Ahyon-ahyonda Jessi royalda u qadar murakkab bo‘lmagan kuylarni binoyiday chalar edi. U ba’zan masxaromuz hazillardan ham qaytmas edi: “Sening barcha do‘stlaring, Bob, Maksga o‘xshagan o‘lguday g‘alati ziyolilar-da. Aslida senlar rohiblar uyushmasini ochib olishlaring, sen jamoaning boshlig‘i, quling o‘rgilsin qattiqqo‘l murabbiysi bo‘lib olishing, suxsurday Maks esa sening o‘ng qo‘ling bo‘lishi kerak ekan, ana o‘shanda u hamma-hammasiga ulgurgan bo‘lur edi. Ana o‘shanda senlar fanlardagina emas, yana boshqa sohalarda ham bor hunarlaringni namoyon qilgan bo‘lurmidilaring?” Bechora Maks, axir uning Jessiga ko‘ngli bor edi va o‘qtin-o‘qtin buni hazil-mutoyiba bilan shipshitib ham qo‘yardi. U shirakayf paytlarida yuragidagini aytib ham olardi: “Robert, eshit, senga rostini aytsam, mening turmushimga rosa to‘g‘anoq bo‘lgansan”.
“Rostdan-a?”
“Sen bo‘lmaganingda, Jessiga muhabbat izhor qilgan bo‘lur edim”.
“Ehtimol, hozir ham kech emasdir”.
“Yo‘q, sen umuman yorug‘ dunyoga kelmaganingda, ana o‘shandagina men Jessiga nima
deyishimni o‘zim bilardim”.
“Unday bo‘lsa, qo‘lingdan hech narsa kelmas ekan. Ko‘rib turibsan — men yorug‘ dunyoda
yashayapman”.
“Ana ko‘rdingmi, mening hayotimga rosa xalaqit berganingni endi tushungandirsan”.
“Maks, do‘stginam, sen yashashning juda oson yo‘lini tanlagan ekansan. Men yashayotgan
dunyoda baxtingni sinab ko‘r, mensiz badastir sharoitda yashashingning qizig‘i yo‘q”.
“Yo‘q, sen bor joyda yayray olmayman. Hecham”.
“Nega edi. Xotin zoti seni desa jonini beradi — savlat desa ot hurkadi, husn desa birovdan qarz
olgudek joying yo‘q, mototsiklda uchib yurgan kezlaring hammaning ko‘zi senda bo‘lardi. Qolaversa, mendan yoshroqsan”.
“Men mototsikl shaydosiman, sen bo‘lsang dunyoga mashhur olimsan, mening ko‘rgan-bilganim mototsikl, sen esa badavlatsan, kitoblaring uchun katta-katta haq olasan, boylar turadigan Nyuberida dang‘illama hovli-joying bor, xotining Bax, Betxoven deganlarning kuylarini senga violenchelda chalib beradi, men mototsiklda uchaman, sen bo‘lsang hamma orzu qilgan Nyuberi-golfda koptok
67


o‘ynaysan, men mototsiklda uchsam, sen Kremllar, Oq uylarda ma’ruza qilib turasan, men hamon mototsikldaman...”
“Shoshma, shoshma, Maks, o‘zingni qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan qilib ko‘rsataverma. Sen ilgarilari faqat mototsiklchigina emas eding, hozir ham shunday. O’z faningda — siyosiy jo‘g‘rofiya sohasida ma’lum va mashhursan, butun sayyora sening qo‘lingda. Gap sayyoradami, sayyora nima bo‘pti? Sekinroq gapir, seni erim deb yurgan o‘sha ofati jon polyak ayoli Anna bu gapingni eshitib qolsa boshingda yong‘oq chaqadi. Unda mototsikling ham yordam bermay qoladi! Xotining xom xayollar og‘ushida mast bo‘lib yuripti-ya!”
“Ha, Robert, nozik joydan olding. Anna haqidagi gaplaring to‘g‘ri, lekin sayyora haqidagi fikringga to‘la qo‘shila olmayman. Siyosiy jo‘g‘rofiyada hamma narsani bilish kerak yoki bu fanning yoniga umuman yo‘lamaslik lozim. Bu alohida, yuho fan. Bu ma’lumot-axborotlar omborxonasi, banki desa ham bo‘ladi. Ha, shu ma’noda meni dunyo bankiri deyish mumkin. Men yigirmanchi asrning Rotshildiman. Hamma narsani bilaman, hammasidan xabardorman, xo‘sh, bundan ne naf? Aytadilar- ku, Ollo taolo arshi a’loda hamma narsani ko‘radi, hamma narsani biladi, hammasini nazorat qiladi, lekin qo‘lidan hech narsa kelmaydi...”
O’sha odam endi yo‘q. Avtomobil halokatida vafot etdi, mashinada o‘qday uchishni yaxshi ko‘rardi. Anna tezda qarib qoldi. O’g‘illari uylangan, alohida yashashadi. Jessi Anna bilan telefonda gaplashib ba’zan ko‘rishib ham turardi. Oxirgi marta Anna shu yozda kelgan edi. Hammasi birgalashib dam olish, tomosha qilish, o‘yin ko‘rish uchun golf-maydonga borishdi. Kun bo‘yi yaxshi dam olishdi, golf- klubning restoranida tushlik qilishdi. Nogahon o‘tmishni esga olishdi, Maksni ko‘p xotiralashdi... U bu yerlarni juda-juda yaxshi ko‘rardi. Qaerda bo‘lsa ham yetib kelishga har doim tayyor edi...
Mening sho‘rlik do‘stim Maks Frayd! Odamlarning aql-idroklari-yu dillarida hamma narsa aralash- quralash bo‘lib ketgan hozirgi paytda sen bo‘lganingda nima degan bo‘lar eding. Pinhoniy genetik dovul hammasini ag‘dar-to‘ntar qilib tashladi. Endi nima qilish kerak: ko‘plarga o‘xshab hammasi daf bo‘lsin deb tuyaqush singari kallani qumga tiqib turavergan ma’qulmi yoki Xudoning bandalarni ogoh qilishini kutib, Yaratganning ko‘ziga boqib turaverish durustmi — Tangri qullarini faqat ogoh qiladi, hammasini bari bir inson o‘zi hal etadi. Bu borada Maks Frayd haq edi. Borkning tushiga kirishi bejiz emas. Demak, Maks xavotir olgan, hodisani oldindan sezgan. Falokatdan qutqarib qolish uchun chaqirgan, oydagi golf-maydonga taklif qilgan...
Endi buyog‘i nima bo‘ladi, axir Ordok aslini olganda bir muammo o‘rniga boshqa bir muammoni o‘rtaga tashladi, jamoatchilikka firib berib, diqqatni boshqa tomonga burib yubordi, o‘zini qahramon qilib ko‘rsatish uchun esa Borkni siyosiy duelga chaqirdi. Bork bo‘lsa tayyorlanishi, bu da’vatni qabul qilishi, Kassandra tamg‘asi haqida o‘z fikrini bildirishi, Filofeyni safsatabozlikdan va siyosiy chayqovchilikdan himoya qilishi lozim. Ordokning xatti-harakatini boshqacha yana qanday baholash mumkin?! O’h-ho‘, kechasi soat birdan oshibdi, dedi Bork esini yig‘ib olib, o‘tirib ishlash kerak. Hayallamasdan ishga kirishishga to‘g‘ri keladi. Endi orqaga chekinish yo‘q.
Kabinetiga qaytayotib, oynaga qarab to‘xtab qoldi. Uyqusizlikdan ko‘zlari qizargan. Bu ko‘zlarda qanchadan qancha dardi alam, tashvish jo bo‘lgan. Sochlari oqarib ketgan. Yaxshiyamki, boshqalarnikiga o‘xshab to‘kilib ketmagan. O’zi Reyn sohilidagi qoyalar kabi keksaygan — yaqindagina nemislar, to‘polonchi jurnalistlar ana shu qoyalar yonidan suzib o‘tganda Bork bergan intervyuni ular “Keksa qoya bilan suhbat” deb atashgan edi. O’shanda tez orada Bork okean ustidan, Atlantika tepasidan uchib o‘tar ekan, rohib Filofeyning yashinday chaqnab shiddat bilan yer yuziga urilishini, momoqaldiroq yanglig‘ guldirashini va dunyoni ostin-ustin qilib hammani sarosimaga solishini, o‘sha shaytonnusxa — Oliver Ordokning ko‘zni shamg‘alat qilib sahnada paydo bo‘lib qolishini xayoliga ham keltirmagan edi. Nima ham qilsin, solishishga to‘g‘ri keladi...
Bork kompyuter yoniga o‘tirmoqchi bo‘lgan ediyam, qadam sharpasi eshitildi. Pastdan Jessi chiqib kelayotgan ekan.
– Xo‘sh, ahvoling qalay? — so‘radi Jessi ostonada turib.
– Bir navi, qimillab turibman, — javob berdi Bork va to‘satdan esiga kelib qolgan tushini Jessiga
68


aytib bermoqchi bo‘ldi-yu, lekin o‘zini tutdi. Jessi charchagan edi va shunday bo‘lsa ham uning nigohida qandaydir xushxabar soyasi jilvalanar edi.
– Bob, senga xalaqit bermay devdim, lekin men seni bir hayratda qoldirgim keldi. – Meni nima bilan hayratda qoldirmoqchisan?
– Bir to‘p qog‘oz olib keldim. Bularning senga foydasi tegib qolar.
– Nima ekan?
– Fakslar. Kimdan kelibdi deysanmi? Entoni Yungerdan.
– Entoni Yungerdan? — qayta so‘radi u. — Xo‘sh, nima depti. Nimalarni yozibdi?
– Senga hamma telefonlarni uzib qo‘yaman deb edim-ku, uning bizga telefon qilish uchun
qanchalar uringanini tasavvur etish mumkin. Kim bilibdi deysan? Xolldagi faksni o‘chirish xayolimga kelmabdi. Birdan qulog‘imga shik-shiq qilgan shovqin eshitilib qoldi, borib qarasam bir to‘p qog‘oz yotibdi. Mana, o‘zing o‘qib ko‘r. Har bir betning tepasida “Xudo haqqi, faksni o‘chira ko‘rmanglar!” deb yozib qo‘yilgan. Uning fakslari ketma-ket kelayotir. Unga nima bo‘ldiykin? Bechora bola. O’qi, yana olib kelaman.
Kutilmagan hodisa. Kechasi soat ikki. Kimdir uxlamasdan ketma-ket faks jo‘natayotir. Bork bilan telefonda bor-yo‘g‘i bir marta gaplashgan salgina tanish Entoni Yunger yozayotir. U saylovoldi mitingida Ordokni og‘zi ko‘pirib safsatabozlik qilayotganda tiyib qo‘yish uchun muvaffaqiyatsiz bo‘lsa- da yurak yutib urindi va o‘zi Ordokning to‘dasidan bo‘la turib hammaning ko‘z oldida boshlig‘idan aloqani uzib uning siyosiy qurboni bo‘lgan kishi tomoniga o‘tdi. Miting tugagandan keyin Yungerning boshiga qanday dashnomlar yog‘ilganini tasavvur qilish ham qiyin. Ordokning o‘zi va sodiq do‘stlari Yungerni xoin deb la’natladilar. Ordokning qanoti ostida endi durustroq mavqe-amal haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas edi. Tanish-bilishlari “bunaqasi hali bo‘lgan emas — o‘zining yo‘lini kesib qo‘ydi” deb kulishayotgan bo‘lsalar kerak. Shundan keyin ham bu birovga yordam qo‘lini cho‘zishga — Ordok badnom qilib tashlagan, ommaviy mitingda la’nat yog‘dirilgan odamga ko‘maklashishga jur’at eta oldi. Bork Entoni Yunger oldida o‘zini noqulay sezsa ham yuragiga iliqlik yugurdi. Shu vaqtgacha hech kim rahmi kelib unga g‘amxo‘rlik qilmagan, chunki u har doim mustaqil va o‘ziga ishongan edi. Endi bo‘lsa zo‘rlik bilan kurash maydoniga tortildi, u yerdan yengilib, hatto deyish mumkinki, basharasi majag‘lanib xalq oldida kalaka-masxara bo‘lib sudralib chiqdi. Endi bo‘lsa o‘z xohishi bilan tavakkal qilib jangga kirish uchun tishni tishga qo‘yib yana oyoqqa turish maqsadida hozircha tashqi dunyodan yashirinib yotibdi. Ana shuning uchun ham Yunger hammasiga aqli yetganidan faksning har bir betida “Xudo haqqi, faksni o‘chira ko‘rmanglar”deb yalinib-yolvorgan edi.
“Mister Bork, Sizning uy telefonlaringiz nega o‘chirib qo‘yilganini yaxshi bilaman, — deb yozgan edi Yunger. — Men hech qachon jonlaringizga tegmoqchi emasdim, lekin ahvolimni tushunishlaringizni so‘rayman. Sizning oldingizda tiz cho‘kib turib aytishim zarur bo‘lgan fikrimni yo‘q deganda faks orqali hozir bayon etolmasligim men uchun o‘lim bilan baravar. Saylov oldi mitingida ro‘y bergan voqeadan so‘ng o‘zimni qo‘yishga joy topa olmayman, men hamma-hammasiga, kerak bo‘lsa hatto qotillikka ham tayyorman. Meni bu qadar mudhish qadamlarga tayyor bo‘lganligim uchun kechirasizlar. Men Ordok bilan bo‘lgan xunuk voqea domiga sizni tortganday, o‘sha axloqsiz siyosiy merganning mo‘ljalga naqadar aniq urishini namoyish qilish uchun Sizni go‘yo nishon qilib qo‘yganday bo‘lib qoldim. Sizga hasrat qilmoqchi emasman, kechirasiz, biroq qilgan ishimdan pushaymondaman: men kimga xizmat qilganman, kimga tosh tashlaganman — endi bildim, ko‘rligim va o‘taketgan laqmalagim uchun menga bu jazo ham oz! Lekin bu o‘rinda so‘z mening haqimda ketmayotir, Xudo haqqi, kechiring. Endi gap nima qilish kerakligida. Kassandra tamg‘asi nima bo‘ladi?! Xohlar edimki...”
Sahifa shu bilan tugaydi, keyingi sahifa yana o‘sha o‘tinchdan boshlanadi: “Xudo haqqi, faksni o‘chirib qo‘ymanglar!”
“Shunday qilib, mister Bork, endi nima qilish kerak?
Bu sohada mening rolim bema’ni bo‘lsa ham ba’zi bir mulohazalar bildirishga ruxsat etgaysiz.
69


Ehtimol, buning foydasi tegib qolar.
Mister Bork, gapirish og‘ir, lekin aytishga majburman. Men shunday taklif etishga jur’at qilganim
uchun oldindan uzr so‘rayman. Lekin men hech narsa yo‘qotmayman. Sizning oldingizda shunchalik gunohkormanki, endi menga bari bir.
Men shuni nazarda tutayotirmanki, Ordokni yolg‘onchilikda ayblash mumkin, chunki u Siz bilan bo‘lgan shaxsiy suhbatni ro‘kach qiladi. Bu suhbatning hech qanday guvohlari bo‘lmagan va bo‘lishi ham mumkin emas. Siz u bilan telefon orqali gaplashgansiz. Ehtimol bu haqda gapirgandirsiz, gapirsangiz ham boshqa narsalar to‘g‘risida gapirgandirsiz. Bu o‘sha Ordokning usuli: Sharmanda qilganni sharmanda qil. Telefon orqali suhbat hech qaerda yozilgan emas. Men buni aniq bilaman. Bunga kafilman. Buyog‘ini o‘zingiz hal qiling. Agar Siz shu yo‘lni ma’qul topsangiz, men sensatsiya bo‘ladigan raddiya uyushtiraman. Bunday xabarlar desa ommaviy axborot vositalari o‘zini tomdan tashlaydi.
Shu bilan bir qatorda kurashning butunlay boshqa yo‘li ham bor. Agar Siz mister Bork, Filofeyning haq ekanligiga ishonsangiz va haqiqat yo‘lida o‘z fikringizda qattiq turadigan bo‘lsangiz, men, garchand Sizga yordamchi bo‘lsam-da Siz bilan to oxirgi janggacha borishga tayyorman. Men Sizning qurolbardoringiz bo‘lishim mumkin. Siz jang oldida turibsiz. Bosh tortmasangiz bas, bu haqda so‘z bo‘lishi mumkin emas.
Vaziyat shundayki, hozirgi paytda maydonda yakka o‘zingiz jangchisiz, ehtimol butun yer yuzida samoviy rohibning tomoniga o‘tgan, uning oxirzamon haqidagi kontseptsiyasini himoya ostiga olgan yakkayu yagona kishidirsiz. Saylov oldi mitingida bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng, bir yoqadan bosh, bir yengdan qo‘l chiqarib Ordokni qo‘llab-quvvatlagan “bir butun xalq fronti”dan so‘ng, Filofey kashfiyotlarini himoya qilmoqchi bo‘lgan kichik bir guruh kishilar ham betaraf bo‘lib, g‘ing demay qolishadi. Asosiy omma esa...”
“Xudo haqqi faksni o‘chira ko‘rmang! Shunday qilib, mister Bork, mitingda saylovchilarning aks sadolariga qaraganda, aholining asosiy qismi, hatto aytish mumkinki, baxtga qarshi, ehtimol, mamlakatning butun aholisi Kassandra tamg‘asini aniqlash bo‘yicha kosmik eksperimentlarga qarshidir. Odamlar kassandra-embrionlar haqida eshitishni ham, bilishni ham xohlamaydi, xotinlar zondaj-nurlar tarafidan nazorat ostiga olinishni istamaydilar. “Alfa-Beysbol”dagi mitingda bo‘lib o‘tgan voqealar haqida barcha axborot agentliklari eshittirish berishdi. Ana shundan keyin Ordokning obro‘si barcha shtatlarda keskin ko‘tarildi. Hozir u iz bosilmasdan bayonot berib aytadiki, inson huquqlarini og‘ishmay himoya qiladi, ayol-onaning azaliy muqaddasligini so‘zsiz qo‘riqlaydi va qaerda bo‘lmasin — Yerda bo‘ladimi yoki kosmosda bo‘ladimi — barcha toifalardagi filofeychilarning ig‘vogarlik kirdikorlariga qarshi kurashadi. Sizning rasmingiz, mister Bork, ayni soatlarda teleekranlarda uzluksiz ko‘rsatilib tegishli izohlar berilmoqda. Moskvada Filofeyning fotosuratlari topilib namoyish qilinmoqda.
Siz telefonlarnigina emas, televizorni ham o‘chirib qo‘ygan bo‘lsangiz kerak deb o‘ylab yuqoridagi so‘zlarni aytdim. Mitingning oqibatlari haqida, keyingi voqealar qanday kechayotgani to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishingiz kerak. Bu jarayon avj oldi va uni nazorat ostiga olib bo‘lmay qoladi deb qo‘rqaman...”
“Xudo haqqi, faksni o‘chira ko‘rmang!!!
Shunday qilib mister Bork, bu jarayonni nazorat qilib bo‘lmaydi, va shuning uchun Siz, nazarimda, eng avval, ana shu sharoitda o‘z mavqeingizni, harakat yo‘lingizni aniqlab olishingiz lozim. Axir, “genofondni nazorat ostiga olish”ga qarshi ommaviy noroziliklar boshlanib ketishi hech gap emas. Agar Siz “Tribyun” gazetasi uchun maqola tayyorlagan bo‘lsangiz, redaktsiyaga borishingiz kerakmi- yo‘qmi ekanligi haqida yoki materialni faks, teleks bilan jo‘natish yoki birov orqali berib yuborishni o‘ylab ko‘ring, chunki eshitishimga qaraganda, redaktsiya eshiklari oldida bir guruh odam to‘planib olib, qo‘llarida shiorlari bilan baqirib-chaqirib o‘z talablarini aytishmoqda va tahdid ham solishmoqda. Ular gazeta binosini kechayu-kunduz qamal qilib turishlarini e’lon qilishibdi. Bunday hollarda jo‘shga kelgan olomonni ushlab turishga politsiya hammavaqt ham qodir emas. Bunday sovuq xabarlar uchun kechirasiz.
70


Yana takrorlayman: Siz maydonda yolg‘iz jangchisiz. Filofey fazoda, u dushmanlardan yiroqda, ayni vaqtda ittifoqchilari bilan bog‘lanish imkoniyatlaridan mahrum. Siz qanday yo‘l tanlashingizni o‘zingiz hal qiling.
Kelajakka befarq qaraydigan va o‘zini bu dunyoda omonat yashayotganday sezadigan kishilar chuqur o‘ylamaganligi uchun tushunmayotgan yoki tushunishni xohlamayotgan narsani siz tushundingiz va qo‘llab-quvvatladingiz. Siz bir kishisiz, va bu aslida bir kishini ishi. Buyuk amaliyot — ko‘pincha bir kishining sa’y-harakatidan bo‘ladi. Nega shunday, bilmadim. Har qanday sharoitda ham men Siz bilan birgaman, Sizga yordamlashishga hozirman, kuchim yetgan hamma narsani qilishga tayyorman, men Sizning oldingizda o‘zimni aybdor deb sezayotganim uchun, ya’ni Ordokka Filofeyning kashfiyoti to‘g‘risida faqat Siz bilan suhbatlashish kerak deb maslahat berib Sizni malomatga qoldirganim uchungina emas, balki, eng muhimi, Filofeyning g‘oyalariga, Filofey bilan Sizning insoniyat istiqboli haqida tashvish tortayotganlaringizga qoyil qolganim uchun ham ana shunday qarorga kelgan edim. Ehtimol, odam bolasi hozirgacha firibgarlik bilan yashab kelgandir, endilikda esa o‘zi o‘ziga — odam bo‘lsang durustroq bo‘l, yoki qirilib bitgan mamontlarga o‘xshab paleontologik qatlamlar sari yo‘l ol, — deydigan vaqt keldi.
Kechirasiz, yana sahifa tugadi!”
“Xudo haqqi, faksni o‘chira ko‘rmanglar. Men hali hamma gaplarimni aytib bo‘lganim yo‘q... Mister Bork, kechiring, ish yuzasidan so‘z ochay. Mening nazarimda, ertagi kun boshlandi, demak bugungi kun — ko‘p narsani aytib beradigan kun. Endi sensatsiya va mish-mishlar tugay boshladi. Ana shu bo‘ronda Sizning so‘zga chiqishingiz, Sizning fikringiz, mulohazalaringizning ishonchliligi va isbotliligi yangi bir ohangday yangrashi mumkin. Siz qanday harakat qilmoqchisiz? Matbuot konferentsiyasi o‘tkazasizmi? O’tkazadigan bo‘lsangiz, men uni uyushtirishda ishtirok etishga, Sizga dastyor bo‘lishga tayyorman.
Yana Nyuberi shahriga Sizni deb ertalabdan, ehtimol, ogohlantirmasdan reportyorlar bosib kelishar. Siz ular bilan uchrashishni xohlamasangiz, “Men hech kim bilan ko‘rishishni xohlamayman, meni xoli qo‘yinglar” deb ko‘rinarli joyga e’lon osib qo‘yishni unutmang.
Men Nyuberida, golf maydonlarida va shahar atrofidagi istirohat bog‘larida bo‘lganman. Men yashab turgan Ridingdan mashinada o‘ttiz daqiqalik yo‘l. Xohlasangiz Siz bilan ishlarni muhokama qilish uchun kelishim mumkin. Ana shu maqsadlarda asqatib qolar deb koordinatalarimni yuboryapman.
Mister Bork, kechasi soat uchdan oshdi. Fakslarimni topib olib o‘qirsiz degan umidda tinmasdan yozayotirman. Men Sizga ko‘p narsalarni aytib bermoqchiman! Axir, dunyodagi voqealar, hatto har kuni matbuotda xabar berib turiladigan hodisalar ham tsivilizatsiyaning tanazzulga yuz tutayotganidan guvohlik bermoqda. Ana shunday sharoitda go‘dakning yorug‘ dunyoga kelishi minalarga to‘la maydonga yo‘l olish bilan baravar. Xo‘sh, o‘sha minalarni saqlagan maydon qani, hayotning qaysi jabhalarida yashiringan — odamlarning fikr-xayollarida, sa’y-harakatlaridami, jahon ta’limotlaridami, kundalik amaliyotdami — buni barmoq bilan ko‘rsatib bo‘lmaydi.
Hozirgina televidenie orqali ko‘rsatishdi: “Moskvadagi Qizil maydonda (men bu yerda kezib yurishni xush ko‘rardim) dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Ikki toifa namoyishchilar: harbiy-sanoat kompleksi tarafdorlari bilan konversiya uchun kurashuvchilar to‘qnashdi. Oqibatda bir qiz o‘z joniga qasd qildi — Hammaning ko‘z oldida o‘ziga o‘t qo‘yib yonib ketdi. Bu judayam dahshatli manzara bo‘ldi. Sharhlovchilarning gaplariga qaraganda, o‘sha yonib ketgan qizning hamrohi — bir talaba mitingga ko‘tarib kelgan shior ehtiroslarning alanga olishiga sabab bo‘lgan. O’sha shiorda... Men hozir gapimni davom ettiraman... varaq tugadi.”
“Xudo haqqi, faksni o‘chira ko‘rmanglar, men Qizil maydonda bo‘lib o‘tgan voqea haqida hikoya qilmoqchiman...
Mister Bork, gap shundaki, o‘sha shiorda “Inson qurol ishlab chiqarish uchun yorug‘ dunyoga kelmasligi kerak!” deb yozib qo‘yilgan ekan. Turgan gap, bunday shiorni Rossiyada “Mudofaachilar”
71


deb nom olgan hamda davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan kishilar qahr-g‘azab bilan kutib oldilar, chunki gap qo‘rg‘oshin pitradan tortib (“mudofaachilar” dunyodagi har bir kishiga yuztadan ana shunday o‘qchalar g‘amlab qo‘yishgan edi) tovushdan tez uchadigan samolyotlar, okean qa’rida kechayu kunduz navbatchilik qilib turadigan suv osti atom kemalarigacha va birinchi buyruq berilishi bilan parvozga tayyor turgan qit’alararo raketalargacha bo‘lgan qirg‘in qurollarni ishlab chiqaradigan harbiy sanoat taqdiri haqida borar edi. Buni behudaga sarflangan mablag‘ va mehnat, deb hisoblar edi o‘sha sog‘lom aqilli talaba. Amerikamizning harbiy-sanoat kompleksiga ham xuddi ana shunday munosabatda bo‘lmoq kerak. Bu ham odamlarni qiradigan qurollar ishlab chiqarayotir va o‘z qilmishini mudofaa manfaatlari bilan oqlamoqchi bo‘layotir.
Lekin, ikkinchi tomondan o‘ldirilishi kerak bo‘lganlar ham farishta emas, ular ham tish-tirnog‘igacha qurollangan va ular ham o‘zlarining o‘ta qimmatli g‘oyalari yo‘lida (endi eng ta’sirchan shiorlar millatchilik shiorlaridir), adolat yo‘lida va o‘zlarining iqtisodiy manfaatlari yo‘lida o‘ldirish-qirishga chanqoqdirlar .
Noiloj qolganda, pichoq etdan o‘tib suyakka qadalgandan keyin odam bolasi o‘zini o‘tga ham, suvga ham uradi. Bechora talaba ayyuhannos solmay nima qilsin, ehtimol, odamlarning bir-birlari bilan so‘zlashish qobiliyatiga ega bo‘lgan zamondan buyon o‘ylab kelganlarini, urush bilan qurol aql ustidan tantana qilgan davrdan e’tiboran inson bolasi diliga jo qilgan so‘zlarni plakatga o‘z qo‘li bilan yozmay nima qilsin?! Saxarov Rossiyada vodorod bombasini yaratgandan keyin xuddi ana shu narsani tushunib yetdi va shu yerda to‘xtab, o‘z taqdiriga qarshi bordi.
Yerda qurol ko‘paygandan ko‘payib borayotir, qaerda bo‘lmasin hamma qurollanishni xohlaydi. Dunyoda har bir tug‘ilayotgan insonga kamida yuzta portlovchi o‘q g‘amlab qo‘yilgan bo‘lsa, peshonasiga birovlarni o‘ldirasan yoki seni o‘ldirishadi deb yozilgan bo‘lsa, homilador ayollarning peshonasidagi Kassandra tamg‘asi ana shundan ogoh qilmayaptimikan, kassandra-embrionlar ona qornida turib sassiz ayyuhannos solmayaptimikin? Shunday bo‘lgach haligi talaba bu haqda jar solmay tura olarmidi?! Qizil maydonda o‘ziga o‘t qo‘ygan qizda homiladorlik paytida nishona bergan bo‘lsa ham, hech kim sezmagan Kassandra tamg‘asi endi o‘zini namoyon qilmadimikin? Oxirzamonning yaqinlashib kelayotganidan tashvishga tushgan homilaning bergan xabariga kim e’tibor beribdi deysiz?!
Idealistik nuqtai nazardan kurakda turmaydigan bo‘lsa ham shunday bir fikr keladi miyaga: agar insoniyat qurol ixtiro qilmasdan va urush nima ekanini bilmasdan rivojlansa nima bo‘lardi? O’shanda odam hozirgiday mavjudod bo‘larmidi, tsivilizatsiyamiz hozirgiday ahvolda yasharmidi yoki yerda butunlay boshqa bir jamiyat hukm surarmidi va inson sifat jihatdan butunlay o‘zgacha bo‘larmidi? Nahotki taraqqiyotning shunday yo‘li azaldan yopiq bo‘lsa? Agar chindan ham yopiq bo‘lsa, buning tub sababi nimada? Buning ustiga odamda aql — ilohiy xilqat bo‘lsa-chi, aql — biologik hodisa emas, yuksakroq hodisa bo‘lsa-chi?
Mana Filofey fazoga chiqib olib, dunyo pardasini qiya ochib edi, qandaydir la’nati sir yuz ko‘rsatdi, lekin odamlar uni ko‘rishni ham, bilishni ham istashmayapti.
Mister Bork, Filofeyning kashfiyotlari nuqul norozilik tug‘dirsa ham o‘sha kashfiyotlarga ishonganim bo‘lsin. Zamon oxir bo‘lishidan ruhning qiynoqqa tushishining sababini ana shu kashfiyotlarda ko‘rayotirman (odamlarning haddan ortiq axloqiy buzuqligi dastidan ruhiy qiynoq battar chuqurlashayotir).
Xudo bandasini nega yaratdi ekan, deb o‘ylab qolasan kishi bu bedodliklarni ko‘rib. Qarang, Qorabog‘da armanlar bilan ozarbayjonlar o‘rtasida ko‘p yillardan beri olib borilayotgan jinoyatkorona urushda dala komandirlari o‘lganlarning jasadlari bilan savdo qilishar ekan. Jangda o‘ldirilgan kishining ota-onalari va qarindosh-urug‘lari uning jasadini dafn qilish uchun sotib olishar ekan. Shu yo‘l bilan katta pul ishlashar ekan. Shunday hollar ham bo‘lar ekan-ki, o‘z askarini orqasidan o‘zi otib tashlab shu yo‘l bilan aqcha topishar ekan. Gazetada bu xabarni o‘qib g‘alati bo‘p ketdim. Ana shu kabi jinoiy harakatlar odamlarning joni-tanlarida aks etmasligi, irsiyatni asta-sekin o‘zgartirmasligi, avlodlarda iz qoldirmasligi mumkinmi?
72


Tasavvur qilib bo‘lmaydigan shavqatsizlikka yana bir misol. Turkiyaning bir shahrida adiblarning Salmon Rushdini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan konferentsiyasi bo‘lib o‘tayotgan mehmonxona yondirib yuborildi. O’shanda konferentsiya qatnashchilarigina emas, balki mehmonxonada vaqtincha yashab turgan kishilar ham yonib ketishdi. Bularning hammasini telereportyorlar tasvirga tushirishgan: bino lovillab yonayotir, tiriklayin yonayotgan kishilar, baholiqudrat harakat qilayotgan o‘t o‘chiruvchilar, shuning yonginasidagi maydonda mamnunlikdan o‘zida yo‘q xursand bir gala fundamentalist yoshlar. Ana shular yong‘in chiqarganlarga madh aytmoqdalar, shodlikdan sakramoqdalar, raqsga tushmoqdalar, qo‘llarini ko‘tarib mushtumlarini silkitmoqdalar, qah-qah otib kulmoqdalar, ana shu dahshatli manzaradan go‘yo shahvoniy lazzat olmoqdalar. Yoshlarning hayajonli va qasoskor qiyofalariga ajal yolqinining so‘lg‘in nuri tushib turibdi. Va televideniega tasvirga olishayapti. Axir, bu badiiy film emas edi-ku!
Bizlar qaerdamiz, bizlarga nima bo‘lgan? Bizlar ana shularning va Germaniyada turk oilalarining tiriklayin yondirib yuborilish sabablarini o‘zimizdan so‘rashimiz kerak emasmikin? Siz bularni gazetalardan o‘qigandirsiz?..
Bunday vahshiyliklarni yana ko‘plab keltirish mumkin va ularning biri ikkinchidan dahshatli, bunda aniq qonuniyat ko‘zga tashlanadi: turli mamlakatlarda jinoiy harakatlar tobora mudhishroq tus olayotir. Filofey ana shularning hammasi to‘planib genlarda o‘z aksini topishini isbot qildi.
Ilgarilari aqlni Koinotning oliy ne’mati deb ishonar edim, aslida aql Yovuzlikning abadiy quliga aylangan ekan. Aql qachonlardir qullikdan qutularmikin? Kassandra tamg‘asi xuddi ana shu haqida jar solmayotirmikin, bizlarni shunga da’vat qilmayotirmikin?
Kechirasiz, mister Bork, faks xatcho‘pini shoshilinch almashtirish kerak...”
“Mister Bork, jahlingiz chiqmasin, mening mulohazalarim uzundan uzoq va Siz uchun u qadar qiziq emas deb qo‘rqaman. Lekin shu bugun kechasi dilimning tambasi ochildi. Men Sizning boshingizdan nimalar kechayotganini tushunaman. Siz uchun xavotir olayotirman va jasoratingizga ishonaman.
Mavjud vaziyat haqida bosh qotirar ekanman, shunday fikrga keldim: Filofey orbitada bo‘lsa ham Yerda ro‘y berayotgan voqealardan chetda qola olmaydi. Agar Siz qarshi bo‘lmasangiz shoshilinch suratda u bilan aloqa bog‘lash usulini topish lozim; texnikaviy jihatdan bu favqulodda murakkab, lekin men telekompaniyalardagi do‘stlarim orqali bu ishni amalga oshirishga urinib ko‘rgan bo‘lur edim. Bunga Siz nima deysiz? Bordiyu rozi bo‘lmasangiz meni ogoh qiling va bunday urinishning amalga oshishi qanchalik mumkin ekanligini Sizga xabar qilaman.
Nihoyat, mening nuqtai nazarimda eng muhimi mana shu. Filofey bilan aloqa bog‘lashning nima keragi bor, uni ekranda ko‘rib tabriklash uchungina emas-ku? Menimcha, u javob qaytarishi kerak, shubham yo‘q, uning javobi tayyor — u Kassandra tamg‘asini qanday qilib aniqladi, bu holning embrionning kelajak hayotga salbiy munosabatidan boshqa narsa emasligiga qanay dalillar borligini aytib berishi lozim. Uning Rim papasiga yo‘llagan maktubidan buni aniq tushunish qiyin. Ana shu ma’noda chala jihatlarni Siz ham payqagandirsiz. O’ylaymanki, boshqalar ham, xususan, biolog olimlar unga shunday savol berishlari mumkin. Filofeyning noaniq qolgan narsalarni tushuntirib berishi, savollarga javob qaytarishi muhimdir.
Menga Filofey bilan aloqa bog‘lashni uyushtirishga imkon bering. Men Sizga o‘rgatmoqchi emasman, zudlik bilan zaruriy falsafiy dalillar tayyorlang.
Oliver Ordok olomonning ongiga qilgan ta’sirining oqibatlari bilan to‘qnashishimizga to‘g‘ri keladi. Na iloj, buni taqdir deydilar. Va biz g‘alaba qilishimiz kerak. O’sha olomon hurmati!
Sizga hurmat bilan Entoni Yunger.
R. S. Bordiyu mening koordinatalarim — uy faksining, telefonimning nomerlari — adresim zarur bo‘lib qolsa, shu varaqlardan topasiz. Xizmat koordinatalarim endi Sizga kerak bo‘lmaydi — men u yerga boshqa bormayman...”