Ye t t i n ch i b o b
Musiqaning ovozi mehmonxonadan ikkinchi qavatga elas-elas eshitilib turardi. Violonchelning nolasi o‘sha kechasi Borkka bir umr o‘z taqdirini uning taqdiri bilan qo‘shgan ayol borligini eslatib turdi. Keyinchalik ularning ruhlari ham bir-birini tanib, shu kechadagi tinimsiz musiqani beadad masofalardan eshitib turishsa ne ajab...
U o‘sha kechasi ham kompyuter oldida o‘tirib, ertangi gazeta matnining monitordagi elektron satrlarini ko‘zdan kechirar ekan, yana ummondagi kitlarning tashvishli ohlarini eshitdi. Ular yana qayon yo‘l olishgan? Yer kurrasining qaysi bir go‘shasida qandaydir bir hodisa yuz berganmikin? Yana odamlar hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilishdimikin? To‘lqinlar bir-birlarini ustiga tog‘ qulaganday yopirilib, suv quturib, okeanning kuch-qudratini yamlab yutar, yana kuchiga kuch qo‘shar edi, kitlar esa suzishda davom etar edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan uning o‘zi ham kitlarga qo‘shilib ketdi. Ummon suvi yuzasi kompyuter ekranida tun qa’rida milt-milt etib o‘chib turar edi; kompyuter ekrani esa shu onda uzoq koinotni ham, onalar qornidagi homilalarni ham abadiylikning Bork so‘zida o‘z ifodasini topgan bir butun uzluksiz silsilasida qamrab olganday; u okeanda suzar ekan abadiylikni Dunyoviy ruh siymosida izohlashga harakat qildi, axir Dunyoviy ruh hamma uchun bitta va har bir kishi uchun alohida bo‘lib, yerdagi borliqning bir butunligida va uzuq-yuluqligida namoyon-ku... Ekranda satrlar birin-ketin paydo bo‘lar ekan, bir butun matnga qovushdi: “Kassandra tamg‘asi
59


o‘zlarining siyosiy maqsadlari yo‘lida kuyib-pishib yurgan qay bir notiqlar aytganchalik sharmandalik va haqorat nishonasi emas, balki bu — baloyi ofat belgisi, kutilmaganda yuz ko‘rsatgan, oldinlari odamlarning tushiga ham kirmagan, dunyo miqyosida ko‘zga tashlanmaydigan va insoniyat uchun mash’um ijtimoiy-biologik hodisa o‘laroq favqulodda tadbirlar ko‘rishni taqozo qiladigan baloyi kabiramizning jimitdek xabaridir. Filofeyning kashfiyoti shundan darak beradiki, bizning o‘z-o‘zimizni anglashimizga genetik bosqichdayoq shikast yetgan — avloddan avlodga dunyoviy ruh ideallariga zid yashab kelgan odam aybi bilan shikast yetgan. Fojia shundaki, biz kassandra-embrionlarning yashash uchun kurashdan bosh tortishga olib kelgan sabablarini tan olmayotirmiz, o‘zimizni chetga olamiz, chunonchi, saylovoldi majlisida ana shunday bo‘ldi. Yashashga bo‘lgan xohishning so‘nishi jahon tsivilizatsiyasining so‘nishidir. Ana shu oxirzamon demakdir. Boshqacha aytganda, oxirzamon o‘zimizda voqedir. Instinktiv sezish qobiliyatiga ega bo‘lgan kassandra-embrionlar ana shuni ilg‘ab oladi va dunyoni qamrab oladigan kompyuter ekraniga o‘xshab, homilador ayollar manglayida nishon beradigan Kassandra tamg‘asi orqali hayotdan qo‘rqayotgani haqida xabar qiladi. Kassandra tamg‘asining o‘zidan emas, balki genetika qa’rida ana shu oxir zamon o‘pirilishiga olib keladigan sabablardan qo‘rqmoq kerak. Biz mislsiz xatoga yo‘l qo‘yayotirmiz... Filofey ig‘vogar emas, u – samoviy payg‘ambar...”
Bork shu onda xuddi kitlarning shovqin ko‘tarib okeanda suzayotganini, yo‘lini to‘sgan to‘lqinlarni bor vujudi bilan yorib o‘tayotganini eshitdi va kitlar yo‘lida okean suvi yonganday yog‘dulanayotganini kompyuter ekranidan ko‘rib turdi...
***
Qizil maydonda esa tun yarmidan og‘gan shu kezda mashhur Spas minorasidagi soat millari boyqush vaqtiga — kechasi soat uchga yaqinlashmoqda edi. Boyqush Kreml kurantlari dunyoning to‘rt tomoniga g‘ulg‘ula solib uch marta bong uradigan ardoqli paytini kutar edi, shundan so‘ng u o‘rnidan qo‘zg‘alib minora tepasidan pastga tik uchib tushadi-yu, chorqirra toshlar terilgan maydon yuzasidan g‘iz etib ko‘tariladi-da, Kreml devori bo‘ylab uchib nariroqqa o‘tadi va har galgiday Qizil maydon ustida shovqinsiz charx uradi va maqbara ustidan o‘tgach tevarak-atrofga nazar tashlab, yorug‘ dunyoda nimalar bo‘layotganiga ser soladi. Bu safar ham boyqush ikki pakana-xumkalla sharpa bilan uchrashib, ularning o‘zaro suhbatlariga quloq tutishga umid bog‘lar edi. Ularning suhbatlashishlari uchun esa bahona ko‘p edi, ko‘p bo‘lganda qanday? Boisi shundan sal oldin Qizil maydonda qo‘rqinchli voqea ro‘y bergan edi. Boyqush shuncha yil yashab bunaqasini ko‘rgan emas.
Ikkinchi tomondan, sog‘lom fikrli odamlarning aqli yetmayotgan narsaga arvohlar bilan osh-qatiq bo‘lib yurgan qush bo‘lib qushmas, ins-jins siyoqli bu parrandaning – Spas minorasining tug‘di-bitdi boyqushining aqli qanday yetsin.
Buning hammasi kuz kuni peshin paytida hSKni – Harbiy-sanoat kompleksini himoya qilishga bag‘ishlangan miting o‘tkazish uchun Qizil maydonga xalq oqib kelayotgan kezda boshlandi. Jurnalistlar yozganlaridek, qayta qurish mudofaa sanoatining tomog‘iga turib qolgan suyak bo‘ldi. HSKni tiklash bilan davlatimizning oldingi qudratini saqlab qolish mumkin, degan zorlanish ayrim doiralarda allaqachondan beri quloqqa chalinardi. Darhaqiqat, bunday fikrlar endigina tugay boshlagan o‘rmon yong‘inining hidi kabi havoda anqib yurar edi. Mana, yong‘in yana lovullab alanga oldi, milliy hushyor tortish hissini uyg‘otganlar – afkor ommani qurol bilan savdo qilishni yana o‘rniga qo‘yishga chorlovchi kuchlar va harbiylashtirilgan davlatchilikning asosi hisoblangan va qayta qurish deb atalmish siyosat oqibatida hamda makkorlik bilan ish ko‘rgan G’arbning manfaatlarini ko‘zlagan radikal-demokratlar dastidan vayron bo‘lgan hSKni tiklashga chaqiruvchi kuchlar bunga talay yordam berdi.
Qizil maydonda har tomondan kelgan odamlar yig‘ildi. Mitingga to‘planganlarning ko‘pchiligi chetdan – oldinlari “pochta yashiklari” deb atalgan va nomerlab qo‘yilgan “yopiq” shaharlardan kelgan kishilar edi. Konversiya jarayonida maxfiy bo‘lmay qolgan “yashik”dan Moskvaning barcha
60


vokzallariga poezdlarda gurra-gurra odamlar kelishdi va avtomagistrallarni to‘ldirib kolonna-kolonna bo‘lib shahar markaziga tomon yo‘l olishdi. Ularga Moskva “mudofaachilari”, milliy vatanparvarlar, Stalinni qo‘msab qolgan pensionerlar va boshqalar ham qo‘shilishdi. Namoyishchilar og‘ir kontuziyadan endigina sog‘aygan, o‘tmishdan qolgan g‘alati nusxalarga o‘xshashar edi; ular qonxo‘r diktatorlarning suratlarini baland ko‘tarib borishar edi; holbuki o‘sha hokimlarni yaqin-yaqinlarda ham xuddi mana shu ko‘chalarda g‘azab bilan haqorat qilishgan va la’natlashgan edilar.
Namoyishchilar soni ko‘paygandan ko‘payib bordi, hSKning sirli qa’rida oldinlari qancha ishga yaroqli kishilar band bo‘lganligini shundan ham bilsa bo‘lardi. Dunyoning yarmisini qurollantirishdi. Ishning pachavasi chiqqanini birdan sezib qolishdi – ishlab chiqarish qayta qurilmasa konversiya hSKda ishlab kelganlarni ishsizlikka mahkum etgusidir. Shuning uchun ular g‘imirlab qolishdi... Bu namoyish hammaning ko‘z o‘ngida xarsanglarni ham, to‘nkalarni ham, tomdan tushgan tunuka- yog‘ochlarni ham oqizib ketayotgan toshqin selga o‘xshar va bunga hech kim bas kelolmas edi. O’sha kezlarda vahimador chaqiriq va shiorlar ham shahar ko‘chalarida o‘z “xarsanglari, to‘nkalari, to‘nka- yog‘ochlari”ni ag‘dar-to‘ntar qilib olib ketayotgan edi. Mana ular – “Konversiya to‘xtatilsin!”, “HKSni barbod qilishga yo‘l qo‘ymaymiz!”, “Yashasin shonli HKS”, “Eng muhimi – davlat!” “Davlatga qarshi islohotlar yo‘qolsin!”, “Tank – barqarorlik garovidir!”, “Qurol-yarog‘ sotib valyuta ishlaymiz!”, “Qurol savdosida raqobat qilishimizga xalaqit bermang!”, “Qurollanish poygasi haqidagi safsataga chek qo‘yilsin!”. Tushunmaganlarga bema’niday tuyuladigan shiorlar “Pochta yashiklari qayta tiklansin!”, “Pochta yashiklarida yashayveramiz va ishlayveramiz!”, hatto bundaylari ham bor: “Patsifistlar, bas qiling, vaqt ketmasin!”, “Bizni mahv etish uchun sovuq urushlar munosabatidan mahrum qilishdi!”, “Tankdan tog‘ora yasashlariga yo‘l qo‘ymaymiz!” va, nihoyat, “Kuch va milliy boylik manbai – qurol- yarog‘ ishlab chiqarish yashasin!”, “Ishsizlikka yo‘l qo‘ymaymiz, donishmandlarning ketib qolishiga yo‘l bermaymiz!”, “Texnikaviy taraqqiyotning negizi – sovuq munosabatlar urushi yashasin!”, “Sotqin insonparvarlar yo‘qolsin!” va bunga o‘xshash yana talay chaqiriq va shiorlar. Yaxshiyamki, har narsalar yozilgani bilan bir parcha qattiq qog‘oz baribir qog‘ozligicha qolaveradi, lekin bu shunday kuch ediki, gangib qolasan kishi.
Davlatning harbiy jihatdan ustun bo‘lishi zarurligi haqida jon kuydirgan, o‘zlarini davlatparastlar deb atagan siyosatdonlar xohlashadimi yoki yo‘qmi, xalqaro qurol-yarog‘ yarmarkalarini tashkil etishda ishtirok etganlar xohlashdimi yoki yo‘qmi, qurol-yarog‘imizning tarixda hecham so‘nmagan shon-shuhratini madh etish borasida qizg‘in kampaniya boshlaganlar xohlashdimi yoki yo‘qmi, bulardan birontasi uyg‘ongan va junbushga kelgan kuchlarni to‘xtatishga qodir emas edi – Hamma- hammasi endi selda oqib ketayotgan payraxalarni eslatardi; axir xalqaro qurol-yarog‘ yarmarkalari savdosida birinchilikni olish millat manfaati yo‘lida qilingan savob ish hisoblanar edi-da, eng muhimi, milliard-milliard dollar sof foyda berardi, bundan yuragi yorilguday xursand bo‘lishardi, chunki o‘sha milliard-milliard daromadning uchdan bir qismi bevosita joylardagi qurol-yarog‘ yaratuvchilarning cho‘ntagiga tushar edi-da!
Qizil maydonda odamlarning boshlari dengizday chayqalmoqda edi. Ming-minglab to‘planganlar va ularga kelib qo‘shilayotganlar HKSni himoya qilib, butun maydonga sig‘may ketishdi va hammasi yoppasiga “H-S-K”, “Va-lyu-ta”, “Kreml – bizniki”, “Kreml – bizniki” deb bir ovozdan baqirib-chaqirib, osmonni boshiga ko‘tarishar edi.
hammasini vertolyotlarda tasvirga olishdi, lekin tepadan turib butun manzaraning otilgan vulqonday ulug‘vorligini ko‘rsatib bo‘lmas edi! Umumiy miting, so‘zlari mavzoleydan radiokarnaylar orqali kuchaytirib berilayotgan notiqlar barobarinda maydonning u yer-bu yerlarida uyushtirilgan kichik-kichik mitinglarning o‘z shiorlari, rasmlari va chaqiriqlari bor edi. Mashhur Qatlxona tepaligida fidelchilar yig‘ilishgan edi, ularning dohiylarining rasmlaridan va ko‘tarib olgan shiorlaridan ko‘rinib turar edi: “Fidel – biz sen bilan!”, “Sotsializm yoki o‘lim!”. Bir-birlarining qo‘llaridan ushlab olgan olomon buni ko‘rib yanada balandroq ovozda takrorladi: “Sotsializm yoki o‘lim”. Tarix muzeyi yonidagi yo‘lda saddamchilar tiqilishgan. Ana shu o‘pqondan chiqqanday darg‘azab va qahrli xitob yangrar edi: “Saddam – sen bizning birodarimizsan!”, “Sad-dam – sen bizning birodarimizsan!” Mushtumlarini
61


baland ko‘targan bir gala namoyishchilar ovozlari ham ularga jo‘r bo‘ldi. “Kadda-kada-Kaddafi!”, “Kadda-kada-Kaddafi!”.
Uzoq yillar davomida ko‘plab qurol-yarog‘lar olib turgan deyarli barcha mamlakatlardan kelganlar ana shunday baqirib-chaqirib yurishdi, muxlislar Xitoy, Eron, Pokiston, hindiston, Shimoliy Koreya va ayniqsa arab mamlakatlari va Afrika mamlakatlaridagi mijozlar sharafiga raqsga tushayotganday qadam tashlab borishdi. Har bir mamlakatning o‘z o‘rni bor: Xitoy ko‘lami va aholisi soniga ko‘ra eng ko‘p muxlisga ega edi, ular shoir Maoning “Tovus qo‘shig‘i” she’ridan dohiyona misrani jo‘r ovoz bilan dona-dona qilib takrorlab qadam tashlab borishar edi: “Miltiq hokimiyatni keltirib chiqaradi!” Stalinchilar ular bilan apoq-chapoq bo‘lib ketishdi; ular “Stalinga shon-sharaf bo‘lsin!” deb qattiq jo‘rovozlik qilishardi hamda generalissimusning bezab-bejalgan rasmlarini baland ko‘tarib borishar edi. Ana shu barcha hayqiriqlarda Kalashnikov avtomati hukmronlik qilar edi: “Kalash – Kreml nash!” (Kreml bizniki) degan xitob hamma qiyqiriq-shiorlarni bosib ketdi. Mazkur mavzu doirasida tushuniksiz yangi shiorlar ham paydo bo‘lib qoldi: “O’q parvozi – osmon olmosi!” Bu shiorni “Raketa uchsa, tepadan olmos yog‘adi”, deb tushunish kerakmikin? Qaniydi, qaniydi shunday bo‘lsa! Bularning hammasi soxta shod-xurramlik qozonida vaqirlab qaynar va u har bir kishida kuch-qudrat, zo‘rlik, yelkadoshlik hissini jo‘sh urdirar edi... Mana hozir shunday bir hodisa ro‘y beradiki, ehtiroslar mushagi alanga oladi, osmon larzaga keladi va u zot yuz ko‘rsatadi. U: orzu-umidlarni ro‘yobga chiqaruvchidir. Kim ekan o‘zi u. U o‘sha-da! Vassalom! ha! O’sha!
Lekin mavzoley minbaridan turib jar solgan bosh notiqlarning so‘zlari o‘z holicha oqilona va ishonchli edi. Qurol ishlab chiqarishning qisqartirilishi iqtisodiyotda hech bir yaxshilikka olib kelmaydi va dunyo bozorini mil-mil boy Amerikaning qo‘liga topshirib qo‘yadi, xolos. Amerika bo‘lsa bo‘sh kelmaydi – yil bo‘yi kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan shaqillatib qurol ishlab chiqaraveradi, hammani tish-tirnog‘igacha qurollantiradi va hammaga aytganini qildiradi. Xo‘sh, biz kimdan kammiz? Keyin yana bir vaj topishadi – konversiya boshlab bergan ishsizlik qaqshatqich ijtimoiy portlashga olib keladi va konversiya mamlakatning qudratli intellektual potentsialini tag-tomiri bilan xonavayron qiladi deyishadi. Yana qancha-qancha dalil-isbotlar ko‘zlangan mo‘ljalga tegadi. Keltirilgan ana shunday vaj ommaning g‘azabini uyg‘otadi.
Lekin bundan boshqa bir kuch ham bor edi. Xuddi shu paytda Manej maydonida, konversiya dushmanlari miting qilayotgan olomondan maxsus xizmat militsionerlari to‘sib turgan qor ustida boshqa bir miting ham bo‘layotgan, u yerda o‘zgacha ehtiroslar qaynayotgan edi.
Bu yerda bo‘lak xalq, jamiyatning bo‘lak bir qismi – demokratlar, reformistlar, patsifistlar va qayta kurashning boshqa avlodi, qo‘yingki – erkparvarlar va har xil liberallar miting qilishayotgan edi. Bular ham oz emas edi, odamning ko‘pligidan maydon chayqalib turganday edi, ularning ham o‘z komil ishonchlari, qat’iylikda, zarbdorlikda ularnikidan aslo qolishmaydigan o‘z chaqiriqlari va shiorlari bor edi. Transparantlaru plakatlar ko‘zga tashlanardi: “HKS imtiyoziga barham berilsin!”, “Biz HKS quli bo‘lib qolmaylik!”, «HKS – militarizimga qo‘l keladi!», “HKS – byudjet egovidir!”, “Stalinning ochofat devi yo‘qolsin!” va hokazo va hokazo, hatto shundaylari ham yo‘q emasdi: “HKS – ajalning urug‘i”, “HKS – partokratlarning zanjirband ko‘ppagidir!”, “HKS xalqni qullikka solajak!”.
Bu yerda ham Qizil maydondagi manzara hukmron, faqat ma’no-mazmuni butunlay uning teskarisi edi.
Bu yerda ham namoyishchilar o‘zlarining pirlari-yu rahnamolarining rasmlaridan kuch-quvvat topishni unutishmagan. Ular bu rasmlarni odamlar va xudolari ko‘rsin deb boshlari uzra baland ko‘tarib olishgan. Qo‘llaridagi apparatlari bilan bir mitingdan ikkinchi mitingga, Qizil maydondan Manej maydoniga bo‘zchining mokisiday qatnagan anvoyi muxbirlar bilan reportyorlar uchun bu voqealar tuganmas ko‘rgazmali material edi. Ana shunday bo‘lishiga qaramasdan pixi qayrilgan reportyorlar boshqalarga hech ham o‘xshamaydigan ikki shiordan ko‘z uzmay qolishdi. Ikkita navjuvon – bir yigit bilan bir qiz, ko‘rinishlariga qaraganda talaba bo‘lsalar kerak, tayoqqa qoqilgan plakatlarni dast ko‘tarib borishayotgan edi. Ko‘rganlarning keyinchalik hikoya qilib berishlaricha, ikkalasi olomon ichida bo‘lsa ham bir-biridan ko‘z uzishmas, uzoqlab ketishmas, go‘yo o‘zi bilan o‘zi bo‘lib xayolga
62


cho‘mganday, boshqalar bilan bahs-munozaraga kirishmas edi. Yigitning qo‘lidagi plakatda qora bo‘yoq bilan: “Odam bolasi qurol ishlab chiqarish uchun yorug‘ dunyoga kelmasligi kerak” degan so‘zlar, qiz ushlagan plakatda bo‘lsa: “Kreml qurollanish poygasini yana boshlaydigan bo‘lsa, men o‘zimga o‘t qo‘yaman!” degan g‘ayrimantiqiy so‘zlar qizil rang bilan bitib qo‘yilgan edi.
Ikkalasi olomon ichra dengizda adashgan qayiqchalar yanglig‘ sang‘ishar, kimlardir qarab qo‘ysa, boshqalar parvo ham qilmas, kimdir bu xil chaqiriqlarning mag‘zini chaqsa, boshqasiga bu shiorlar ma’nosi dushvor tuyular edi – buning hech ajablanarli joyi yo‘q, axir rangin bayonotlar, shiorlar, e’tirozlar, ogohlantirishlar, quloqni qomatga keltiradigan jo‘shqin nutqlar, chiqishlar har ikki tomonda – Qizil maydonda ham, Manej maydonida ham mitingchilarning boshiga yomg‘irday yog‘ar edi-da!
Endi bo‘lar ish bo‘ldi, bo‘yog‘i singdi. Odatda shunday bo‘ladiki, odamlar aql-hushini yig‘ib olishguncha kech bo‘ladi. Har gal jumbushga kirgan olomon boshlab bergan voqea-hodisalar ko‘pincha tasodifiyligi va tahlikasi bilan hayratga soladi.
Quyosh Kreml devorlari ortiga yashirindi, baqirib-chaqirgan olomon uzra ma’sum g‘ira-shira cho‘ka boshladi, qorli maydonlardagi mitinglar hamon na’ra tortar va quturar, reproduktorlardan jaranglagan otashnafas va tahlikali nutqlar yig‘ilganlarning butun vujudini alangalatib, eng yuqori nuqtaga chiqa boshladi. Ikkala maydondagi olomon o‘zicha adolatga da’vat etar, hukumatga va xalqqa murojaat qilar, faqat o‘zining haqligini, faqat o‘z nuqtai nazarini isbotlar, butun jahonga faqat o‘zining dalillari va xulosalarini oshkor etar, kuyib-yonar, zudlik bilan harakatga kelishga ishtiyoq sezib o‘zidagi kuch- quvvatni ishga solish uchun junbushga kirgan edi. Har ikki tomon bir vaqtda ehtirosga mingan edi; tomonlar radio karnaylari orqali bir-birlariga ayb qo‘yishar, bir tomon o‘zi yomon ko‘rgan ikkinchi tomonni vatan dushmanlarining jirkanch yig‘ini deb atar edi. Ana dastlabki mushtlashish ham boshlanib ketdi. “Militaristlar” va “antimilitaristlar” omonchilar qatorlarini yorib o‘tib bir-birlarini shiorlar va rasmlar qoqilgan tayoqlar bilan ura boshlashdi. Xotin-qizlar dod solib chiyillashsa, erkaklar bo‘kirib so‘kina ketishdi. Odamlar bir-birlarini mushtlab tepkilashardi. Omonchilarning olomon siquvini to‘xtatish, urishayotganlarni tarqatib yuborish uchun qilgan harakatlari ularni battar g‘azab otiga mindirdi. Oradan ko‘p o‘tmasdan, ikki tomon mushtlashib aralashib ketdi. Go‘yo odamlar shuni kutib turishganday, xuddi shuning uchun maydonga yig‘ilishganday edi. Ana shunda qimmatli rasmlar va ta’sirchan shiorlar juda ish berdi – qurollar bilan odamlar bir-birlarining kallalariga tushirishardi. Oqayotgan qonlar, ko‘z yoshlari, ingragan tovushlar, yuzlab erkaklaru ayollarning, keksalaru yoshlarning yoqalashish manzaralari – orqa va old tomondan, yon tomondan, tepadan vertolyotlardan va yerdagi past-baland nuqtalardan ikir-chikirlarigacha olingan tasvirlar – qo‘yingki hamma-hammasi jahon teleekranlarida namoyish qilindi.
Ana shu paytda o‘sha ikki yosh – yigit va qiz voqealar markazida bo‘lib qolishdi. Ularning o‘z shiorlarini avaylab-asraganlari boshlariga balo bo‘ldi. Qizil maydonda turgan HKSchilar o‘z shiorini baland ko‘tarib, g‘azabga mingan vatanparvarlarning burniga tiqib olguday bo‘lgan yigitni ko‘rib qolishgach konversiyachilarni savalay ketishdi.
— Sen, ablah, kimning burniga tiqib olmoqchisan, kimni ahmoq qilyapsan?! – qichqirdi ulardan biri. — Demak, seningcha biz tug‘ilmasligimiz kerakmidi?! Ah yaramas! — Ular shunday deya yigitni do‘pposlay boshlashdi, shiorini yirtib-yirtib oyoqlari bilan ezib tashlashdi. Ana shu paytda odam bolasini xijolatga soladigan va g‘ashiga tegadigan transparant ko‘tarib, agar Kreml qurollanish poygasini yana boshlaydigan bo‘lsa, men o‘zimga o‘t qo‘yaman deb qasam ichgan qiz yordamga keldi.
Bu qizning mitingga ana shunday dag‘dag‘a bilan kelishi to‘g‘rimidi?! Uni nima majbur qildi bunga? Nega bunday qildi – yoshlik g‘ururimi, nodonligimi yoki aksincha, uni komil ishonch va chorasizlik shu yo‘lga boshladimi? Va, nihoyat, nega u o‘sha mash’um shiorni tiqilinchda, mudofaachi – HKSchilar yigitni kaltaklayotgan davraga kirmasdan oldin tashlab yubormadi?! Shu paytda haligi qiz qo‘liga boshqa shior oldi-da, yigitga tashlanib qichqirdi:
— Nima qilyapsizlar? Tegmanglar unga! Sizlarga kim huquq berdi? Qo‘llaringga erk bermanglar! Bas qilinglar!
Nafi bo‘lmadi. Yigitni chamasi besh kishi tinimsiz do‘pposlardi. Uni kaltaklab hammayog‘ini
63


momataloq qilib qo‘yib yuborishsa ham mayliydi. Lekin bu to‘qnashuvning nima bilan tugashini, o‘ziga kuchi yetmagan, aqldan ozgan olomonning nimaga qodir ekanini kim bilibdi deysiz?
Quturgan HKSchilar qizni bo‘ralab so‘kib kutib olishdi:
— Sen, qanjiq, tuyog‘ingni shiqillatib qol, bo‘lmasa sen ham nasibangni olasan!
Xuddi shu onda og‘zidan bodi kirib shodi chiqayotgan bir xotin nishonga urdi:
— Ha, ig‘vogar! hali senmiding o‘zingga o‘t qo‘yadigan! hoy, odamlar, meni ushlanglar, qo‘rqaman,
hozir mana bu ig‘vogar qanjiq yonib ketadi. Keyin ko‘z o‘ngimizda Kremlimiz ag‘anab tushadi! Basharasiga tushuringlar uning, uyini topolmay qolsin!
Qizga hamla qilishib, kamzulini yirtib tashlashdi. Uning yuzidan qon oqa boshladi.
— Tegmanglar! Gazandalar! — baqirar edi u qo‘rqa-pisa yuzidagi qonni artar ekan.
Uning ham shiorini bir zumda parcha-parcha qilib tashlashdi.
— Xo‘sh, qalaysan endi? Lovillab yonasanmi yo tutabmi? Bunaqangi tuturiqsiz gaplarni yozishdan
oldin o‘ylab ko‘rish kerak edi! Nega yonmayapsan?
Bundan keyingi voqealar bir zumda bo‘lib o‘tdi.
— Sen menga gugurt chaqib tashla! — beixtiyor baland ovozda dedi qiz zaharxandalik bilan, kulib
o‘ziga qarab turganlarga.
Shunda kimdir gugurt qutisini qo‘liga olib chaqmoqchi bo‘ldi...
— Kimda zajigalka bor? Xa-xa-xa! Yaxshisi sen unga zajigalkangni tegiz! — deb taklif qildi kimdir. — To‘xta! Yoqma! — deb baqirdi qizning sherigi haligi yigit — kaltaklayotgan odamning
changalidan chiqar ekan. Lekin ulgurmay qoldi. Yonib turgan gugurt donasi qizning yelkasidagi sintetik kurtkasiga tushdi-yu u olov ola boshladi.
hamma anqayib qoldi, keyin orqaga tisarilib, chor atrofga qochib qolishdi.
Butun badani alanga olgan qiz qochib qutuladiganday u yoq bu yoqqa chopib, dahshat bilan ayyuhannos sola boshladi. Qizil maydonda hamma-hammasi ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Olomon sarosimaga tushib qoldi.
Nariroqda kimdir tashlab ketgan bomba portlabdi, kimdir o‘ziga tiriklayin o‘t qo‘yibdi, yoki undan ham dahshatlisi – lovullab yonayotgan bittasi mitingda qatnashganlar orasida jonsarak chopib yuribdi degan ovoza yashin tezligida tarqalishi bilan odamlar hammasini unutib shosha-pisha o‘sha tomonga chopa ketishdi. Olomon katta-kichik ko‘chalarda bir-birlarini bosib, yiqitib, dod-faryod solib qichqirishar, o‘zlari uchun mo‘‘tabar bo‘lgan rasmlarni va alangali chaqiriqlarni hech keraksiz narsalarday oyoq osti qilib borar edi. Odamlar aqldan ozganday o‘lguday qo‘rqib chopishar, o‘zligidan qochishar edi.
Nega bunday bo‘ldi, Kreml biqinida bo‘lib o‘tgan to‘polonning sababi nima – hech kim javob bera olmas edi. O’zimga o‘zim o‘t qo‘yaman deb po‘pisa qilgan qiz yonib ketgandan buyon umum qabul qilingan qonun-qoidalarni buzibmi yoki hazillashibmi, yoki jiddiymi – xullas vaqtning yangi hisobi boshlandi. Yongan qizning baqirib-chaqirib u yoqdan bu yoqqa chopib yurganini hamma ko‘rdi. Qiz yerga yiqildi. Uni haligi yigit va u bilan birga bo‘lgan bir necha omonchilar quvib yetishdi. Ular qizning kiyimlarini shosha-pisha o‘chirishga urinishdi. Lekin endi kech edi. Yigit tiz cho‘kib nima qilarini bilmay boshini changallab qoldi. Xuddi shu daqiqada, bo‘shab qolgan maydonga vertolyot kelib qo‘ndi, u bungacha televidenie uchun tasvirga olib yurgan bo‘lsa kerak. Vertolyotning quloqni batang qilib aylanayotgan parragi tagida shamol va shovqinni nazar-pisand qilmay odamlar chopib chiqishdi, qizning jasadini ko‘tarib olishdi, o‘sha yigit bilan ikki omonchini olib vertolet havoga ko‘tarildi. Lekin kimdir buning hammasini tasvirga tushurishga ulgurgan edi.
Vertolyot parvoz qilib, Qizil maydon ustidan o‘tdi. Spas minorasining bo‘yi baravarli ko‘tarilgach, yo‘lini davom ettirdi-da, Toshko‘prik ustidan o‘tgandan keyin Moskva daryosining sohili bo‘ylab uchib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi...
O’z g‘oyalari yo‘lida jon-jahdi bilan, orqa-oldiga qaramasdan, o‘zlarini qahramonlarcha qurbon qilgan ikki navjuvon talaba fojiasi ham o‘rmonda yo‘qolgan qushday shahar binolari chakalakzorlari orasida vertolyot bilan birga g‘oyib bo‘ldi. O, yoshlik, xom xayollarning, halokatga mahkum
64


orzularning mangulik hamrohidirsan, sen!
O’sha kecha shahar markazi uzoq vaqtgacha tinchlanmadi, kunduzgi voqealarning aks-sadosi
bosilmadi. Iztirob ko‘plarni ko‘chalarga haydadi, odamlarning basharalarida, ovozlarida, yurish- turishlarida asabiylik iz qoldirgan edi. Odamlar to‘p-to‘p bo‘lib bahslashar, nimalarnidir taxmin qilishar edi, lekin bir narsaga hech kimning aqli yetmasdi – bor-yo‘g‘i bir gugurt donasi chaqib tashlansa-da o‘chmasa, va qiz bir lahzada alanga olib ketsa? Bu ko‘zboyloqchilik emas-ku, tsirk emas-ku, axir! Uning kiyimiga qandaydir alanga oladigan modda singdirilganmikin? O’lim bilan o‘ynashish nechun? Bunday bo‘lmasa-chi?! Bu butunlay boshqa narsa, aql bovar qilmaydigan metafizik hodisa – odam o‘z ichida o‘ta yuksak kuchlanishdan o‘zi yonib ketgan bo‘lsa-chi? Kechasi fosforga o‘xshash yorug‘lik chiqaradigan odamlar bo‘ladi deyishadi. Kim biladi deysiz, vallohi a’lam!
hash-pash deguncha tun ham chodirini yoydi. Ko‘chalarda odam kamaydi. Boyqushga o‘xshab kechasi uyqu bilmaydiganlar g‘imirlab qolishdi, mashinalarda shahar kezar ekan, ko‘cha qorovullari va reketchilar haqini ham unutishmas edi. Tungi maishatxonalar eshiklarini ochdi. Shahvat hissini uyg‘otadigan xira chiroqlar yondi, elektromusiqa ishga tushdi, ko‘kraklar yalang‘ochlandi, kulgilar avjiga chiqdi... Hammasini unutish, hech narsani esda qoldirmaslik, o‘zlikdan qochish, xudoga chap berib ketish uchun...
Qizil maydonda o‘sha kechasi sukunat hukm surar edi. Odam bolasi ko‘rinmaydi. Bironta zot yo‘q. Kunduzi dah-shatli ehtiroslar, ahmoqlik, ayovsiz kaltakbozlik quturgan joyda hech kimning turgisi kelmasdi. Chiroqlar xira miltil-lar edi. Namoyishchilar kaltaklashayotganda yoki chopib ketayotganda oyoqosti qilingan portretlar, shiorlar, plakatlar jang maydonida tashlab ketilganday hammayoqda ivirsib yotardi.
Bular bilan bandai xudoning ishi yo‘q edi.
Oy Kreml tepasida yuksalib turardi. Boyqush o‘z soatida yetib keldi. — U katta qanotlarini sassiz qoqib, havoda suzib yurar ekan, soya yanglig‘ bir u yerda, bir bu yerda paydo bo‘lar, tik boqadigan sehrli dumaloq ko‘zlarini yaltiratib, ulkan yapaloq boshini ilg‘ab bo‘lmas darajada qimillatib borar edi. U dahshat va qo‘rqinch og‘ushida edi. Boyqush mavzoley ustidan ohista aylanib o‘tdi va maqbaraning eshigi oldida tosh haykalday qotib turgan soqchilar yaqinidan zuvillab uchib, pakana-xumkalla sharpalarni qidira ketdi. Va ularni qorong‘i joyda, Kremlning g‘ishtin devori tagidan topdi. Yo‘q, bu safar ham ularda hech qanday yangilik yo‘q edi. Ularning chehrasi bu gal ham ma’nisiz va ifodasiz, lekin sehrlab qo‘yilganday edi. Xumkalla-pakana sharpalar bir-biriga qo‘l berishib, turgan joyida raqsga tushib, mitingda eshitgan chaqiriqlaridan ayrimlarini bir ohangda takrorlab-takrorlab qo‘yishar edi: “Sotsializm – yoki o‘lim!” Ular “Sotsializm – yoki o‘lim” shiorini charchoq bilmay, ohista, bir xil ohangda tinimsiz takrorlashdi.
Kubaliklar musiqasiga o‘xshash bunday bir tekis ohang tezda boyqushning joniga tegdi. Bu yerdan uchib Spas darvozasi qarshisida bir tirik jonga – qaerdandir kelib qolgan mast-alast ayolga duch keldi. Qizil maydonda tentirab yurgan juldur kiyimli bu mast ayol o‘zining qandaydir ayanchli ashulasini
cho‘zib-cho‘zib xirgoyi qilar edi:
Voy alam-ey, nega ham* Tug‘ildim ekan?
Voy enam-ey, nega ham Tug‘ding ekan?
Voy alam-ey, nega ham Homil bo‘lding. Tug‘ding meni, enajon, G’amdan o‘ldim.
Voy alam-ey, nega ham Tug‘ildim ekan? Istamasdim, enajon,
65


Sen tug‘ding bekor. Voy alam-ey, nega ham Tug‘ildim ekan? Enajon-ey, nega ham Tug‘ding ekan?
U maydonni qiyasiga kesib o‘tar ekan, gandiraklab, yiqilib-surinib borardi. Ko‘p o‘tmay u GUMning savdo rastalari yaqinida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Uning g‘amgin ashulasi bir oz vaqtgacha quloqqa chalinib turdi, nihoyat jimib qoldi.
Boyqush esa Kreml devorlari ustida shuv etib ko‘tarildi-da o‘zini dov-daraxtlar ichiga urdi, u yo‘q-bu yo‘q haligi ayolga o‘xshab ho‘ngrab yig‘lab yubordi va zor-zor yig‘lar ekan, og‘ir uh tortib qo‘yar edi.
Oy yulduzlar orasida yuksalib turar ekan, Kreml tepaligidagi gumbazlarga, minora nayzalariga, tomlariga o‘zining abadiy kumush nurini sochar edi, boyqush esa uzoq-uzoqlardan okeanda suzib yurgan kitlarning nafas olganini sezganday bo‘ldi. Ular qayoqqa va nima uchun oshiqishyapti ekan? Nega ular tinim bilishmaydi. To‘lqinlar ham tinim bilmaydi.