O l t i n ch i b o b
O’sha yilgi kuzni rassom rangli qilib chizganda kartinada shaffof osmon, rang-barang xazonrezgi, shahar chekkasidagi uylarning tomlari ustida aylanib uchib xayrlashayotgan kelgindi qushlarni ko‘rgan bo‘lur edingiz... Tevarak-atrofda o‘ynab yurgan bolalarning sho‘x ovozlari quloqqa chalinadi. O’sha quyoshli kun barcha tirik jonga sokinlik, xotirjamlik ato qilgan edi...
O’sha mo‘‘jizakor kun ham boshqa kunlar qatori tugagan bo‘lur edi va hayot maromiga hech nima monelik qilmayotganday edi. Lekin hozircha pinhoniy, hali pishib yetilmagan, keyin o‘zini ko‘rsatish uchun mudom jamg‘arilayotgan elektrday allaqanday hodisa yaqinlashayotgan edi. Buning uchun odamlarning bir joyga to‘planishi taqozo qilinar edi. Odamlar qancha ko‘p to‘plansa, qanchalik zich va qalin bo‘lib, qaynoq nafas oladigan yaxlit olomonga aylansa, shuncha yaxshi.
Robert Bork soatiga qarab-qarab qo‘yarkan, o‘zini Ordokning saylovchilar bilan bo‘lajak uchrashuvini hayajon bilan kutayoganday, prezidentlik kursisi uchun kurashib, nutq so‘zlaydiganday, gazetchilar ta’biri bilan aytganda, shu paytni qo‘ldan boy bermaslik niyatida go‘yo ommaning ishonchi va madadiga erishish uchun shaxsan kurashadiganday his qildi. Bork nima uchun, nima sababdan shu qadar hayajonlanayotganini o‘zi ham bilmas edi. Aslini olganda jiddiy bir voqea sodir bo‘layotgani yo‘q — saylovoldi kampaniyasi jarayonidagi siyqasi chiqqan tadbir, vassalom. Bu haqda o‘ylashga arzirmikin? Bo‘lar-bo‘lmas voqeaga kuyib-pishishga, o‘ziga hech aloqasi yo‘q narsa uchun xavotirga tushishga arzirmikin? Jinnilik-ku bu! himoyachi yo‘g‘iydi-ya.
Lekin u o‘z ustidan qanchalik kulmasin, miyasi gangib qoldi, o‘zini qo‘yishga joy topmas edi. Uning uydan chiqib toshlar bog‘iga borgisi kelaverar edi — bu yerda uyoq-bu yoqqa yurib, yoki qumga sehrli belgilar chizib, ochiq derazadan kelib turgan kuyni eshitishni xush ko‘radi. Hozir ham radiodan musiqa eshitdi. U musiqadan, Betxovenning simfoniyasidan, uning qudrati va koinotshumulligidan taskin topar, musiqaning o‘zini ovuntirishiga, o‘z olamiga, o‘zgacha kechinmalarga chorlashiga, har galgiday jilovsiz fikr va xayollarga undashiga ishonar edi. Uning tan olishicha, musiqa — quyosh energiyasining son-sanoqsiz o‘zgargan shakllaridan biri, u koinot qa’ridan chiqadi, bastakor esa radarga o‘xshab koinotdan kelgan musiqani tutib oladi, unga sayqal beradi, uyg‘unlashtiradi, muayyan ohang baxsh etadi. Boshqacha aytganda, musiqa — ochuniy Bo‘shliq va Vaqtning tovushdagi aks sadosidir. O’zining ana shu kashfiyotlarini hech kimga aytmagan, aks holda odamlar uni mazax qilishgan bo‘lur edi. Hatto Jessi ham bundan bexabar. Uning yana bir nazariyasi ham bor edi, uni ham sir saqlar edi: musiqa odamlarga inson umrining o‘lguday qisqaligi uchun mukofot qilib berilgan deb o‘ylab qolardi. Odam musiqani eshitayotganda ruhan musiqaga sho‘ng‘ib ketadi, vaqtning insonga noma’lum
45


kategoriyasiga kirishadi, u abadiylik oqimiga qo‘shilib ketadi va uning umri uzayadi, abadiylik bilan to‘qnashib cho‘ziladi, ehtimol, bir necha o‘n yilga, bir necha yuz yilga va ko‘proqqa cho‘ziladi, cho‘zilganda ham uzunlik o‘lchovlarida emas, balki tabiati hali aniqlanmagan o‘lchovda cho‘ziladi. Ehtimol, bu o‘lchov mohiyati hech qachon aniqlanmas.
Biroq bu safar Bork shunga ishonch hosil qildiki, musiqani ana shunday tushunish uchun muayyan moyillik, kayfiyat, masalan, ibodat oldidan, dengizda suzish oldidan odam o‘zida qandaydir moyillik, kayfiyat sezgani kabi... Buning ustiga Jessi repetitsiyaga hayallab qoldi. Hozir transport ishida tig‘iz payt va mashinasi yo‘llarda tiqilib qolgan bo‘lishi mumkin. Bork bo‘lsa uyda ham o‘zini tiqilinchda qolganday his qildi. Ishi yurishmaydi, u shoshilinch tugatish kerak bo‘lgan ishga qo‘l ham urmadi. “Tribyun” esa va’da qilingan maqolani olishi kerak edi. U bo‘lsa gazeta sahifalaridagi sensatsiya imillashni xush ko‘rmasligiga aqli yeta turib bugun o‘zini kompyuterga o‘tirishga majbur qila olmadi. Juda bo‘lmaydigan bo‘lsa yana kechasi ishlayman, gazetaga pand bermayman, deb ham ishni orqaga surgay berdi. Ranj chekdi, o‘zini u yoqdan bu yoqqa tashladi va shu bilan birga matn sharros yomg‘irdan so‘ng bo‘y cho‘zgan maysaday yetilganini tasavvur qilib oldin mamnun bo‘ldi. Uning miyasida maqola matni pishib yetildi. Maqola tayyor bo‘lgan edi desa bo‘lardi.
Lekin u go‘yo o‘ziga aloqasi bo‘lmagan narsani butun diqqat-e’tibori bilan kutib turganday qo‘lini sovuq suvga ham urmadi. Shaharning eng gavjum qismida, har xil odamlar liq to‘la bo‘ladigan mashhur sport zalda o‘tkaziladigan o‘sha ulkan saylovoldi mitingi nima uchundir xuddi o‘zining yon- verida, ayvonda, gulxonalarda, toshlar bog‘ida o‘tishi kerakday tuyuldi unga. Olomon uning uyini yoppasiga o‘rab olib, nafasini bo‘g‘ib qo‘yadiganday sezildi... U o‘zini alahlaydigan jinni deb atadi. Bunaqangisi tushga ham kirmas.
Bork u yoq-bu yoqqa yurar, bir uyga kirsa yana tashqariga chiqar, soatiga qarab qo‘yar, musiqaga chala-chulpa quloq solar, telefonga umuman javob bermas, lekin o‘zi telefon qilib turar edi. Mehmonxonadagi katta televizorning yoniga bormas, vaqtliroq tomosha qilishni xohlamas edi; ko‘pdan-ko‘p kanallar orqali nimalar namoyish qilinishini ko‘zni yumib turiboq aytib berishi mumkin — o‘sha betartib teleko‘rsatuvlar... Jessidan hamon darak yo‘q.
Borkning yuragi qandaydir notinch edi, fikrini to‘play olmas, lekin miyasiga jiddiy fikrlar ham kelib qolardi. Dorilfunundagi suhbatlarda, “Tribyun” jurnalistlari bilan bo‘lgan muloqotlarda ham samoviy rohib Filofeyning murojaati nima uchun shaxsan Rim papasiga yo‘llanganligi masalasi tilga olinmadi. Shuni tushunish qiyin emas ediki, papaning o‘zi ham juda qiyin ahvolga tushib qolgan edi — nima qilmoq kerak, qandaydir qallob rohibning o‘ta g‘ayriodatiy, sovuq desa ham bo‘ladigan murojaatiga matbuotda javob berish kerakmi, javob berish lozim bo‘lsa, nima deyish kerak?
Robert Bork kassandra-embrionlar muammosi hamma joyda muhokama va munozara qilina boshlasa, turli dinlarda favqulodda g‘alayonlar boshlanishini yaqqol ko‘z oldiga keltirdi. Filofey kashfiyotlari yo‘lidagi xavflardan biri ana shunda edi.
Axir, dinlar Xudoga yetishish orzusida inson ruhi azaliy g‘ayratining azob-uqubatlarini ham, zavq- shavqini ham o‘zida mujassamlashtirish barobarinda ma’lum darajada bu o‘rinda pismiqlik ham qiladi — Xudo o‘z yo‘liga; Xudo hamma uchun bitta deb tan olinadi, lekin har bir dinda ko‘p narsalar o‘ziniki va o‘zganiki deb farq qilinadi, bir dindagi qadriyatlar bilan boshqa dindagi qadriyatlar boshqa-boshqa, qaynatilsa qoni qo‘shilmas hisoblanadi. Haqiqatga yetishish uchun o‘z mavqelarini mustahkamlashda turli diniy ta’limotlarning g‘arazgo‘yligi, nafsoniyatga berilganligi, xudbinligi ana shundan, bu esa dunyodagi ruhoniylar orasida qarama-qarshiliklar tug‘diradi, o‘z navbatida, dindor ommaning begonalashib, bir-birini tushunmay qolishiga olib keladi. Balki xuddi shuning uchun ham har bir dinda, faraz qildi Robert Bork, har qanday holatda ham Filofeyning kashfiyotini albatta o‘z foydasiga burish uchun harakat qiladigan muayyan kuchlar topiladi, ular yoki o‘zini samoviy rohibni bilib bilmaganga solib qo‘ya qoladi va shunday yo‘l bilan siyosiy kapital jamg‘aradi yoki dinni avj oldirish va dinchilarga o‘z ta’sirini kuchaytirish maqsadida Kassandra tamg‘asi kashfiyotini o‘z ta’limotlariga bo‘ysundiradi.
U dastlab yo‘lakayiga, keyinroq esa tobora kuchliroq miyasiga quyilib kelgan fikrlar — turli mamlakatlar bo‘ylab qilgan safarlarida, xilma-xil xalqaro ilmiy konferentsiyalarda xuruj qilgan
46


mulohazalar haqida yana o‘ylab ketdi, biroq bu fikrlarni oshkor aytishga jur’at etmas edi. Bordi-yu Yer kurrasidagi har bir odam barcha dinlarga bir xil darajada e’tiqod qilganda, bordi-yu insonga hamma dinga teng daxldorlik huquqi berilgan bo‘lganda — agar u Xudoga ishonar ekan — barcha mavjud dinlarga bab-baravar va bir xil maqomda e’tiqod qiladigan bo‘lsa, boshqa din-e’tiqodlarni inkor etadigan qandaydir ayrim cherkov yoki mazhabning muxlisi emas, balki dunyo dinlari uyushmasining a’zosi bo‘la olsa va barcha dinlar tomonidan hech so‘zsiz tan olinsa, o‘zini ayni vaqtda ham xristian, ham musulmon, ham buddoyi, ham yahudoi deb va shu kabi boshqa dinlar muxlisi deb hisoblasa, u har bir dinni sevsa va hurmat qilsa, uni ham barcha dinlar tan olsa, u ularning mazhabiy, tarqoq g‘oyalari va normalarini emas, balki umumdiniy g‘oya va aqidalarini bemalol qabul qilgan bo‘lsa, odamlarning, har bir shaxsning hayoti qanchalik qayta qurilgan bo‘lur edi? O’shanda ulkan shaharlarda va aholi zich yashaydigan mamlakatlardagi xil-ma-xil va mazhab-tariqatlar aralash bo‘lgan jamiyatlarda odamlar orasida uchraydigan yashirin va oshkor diniy g‘ov-lar barham topgan bo‘lur edi. Agar shunday bo‘lganda in-son hayoti ancha yengillashgan, uyg‘unlashgan bo‘larmidi? Odam-zod istiqboliga barcha dinlar yakka-yakka holda va bir-bi-rini turtib emas, balki birgalikda chiqadigan vaqt, shun-day tarixiy davr kelmadimikin? O’tmish avlodlardan farq-li o‘laroq yigirmanchi asr oxirlarida yashayotgan odam — barcha dinlar meniki va men barcha dinlarning muxlisiman, men barcha dinlarning barcha ibodatxonalariga kirib turaman, va barcha ibodatxonalarda aziz ziyoratchiman deya olsin... Men xristianlardan tavvallud topganman, meni cho‘qintirishgan, meni Qur’on tilovat qilib ko‘mishadi, bugun pravoslavlar orasida pravoslav edim, kecha musulmonlar orasida musulmon edim, Yaponiyada Buddaga ibodat qildim, Shvetsiyada Lyuter qasidalariga jo‘r bo‘ldim... O’zimning Xudoga e’tiqodimda men hech kimga yot emasman, bizning yaratgan Tangriga barcha tillarda va shevalarda qilingan ibodatlarda men uchun yot ibodatlar yo‘q. Hammamizga baravar e’tibor bilan qaraydigan, bizning yovuzliklarimizdan bir xilda qiynaladigan va bizning aql- idrokimiz va ezgu ishlarimizga qarab hammamizga baravar koinot eshigini ochib qo‘yadigan Tangriga ibodat...
Dinlar uyushmalarga birlashishsa mavjud dinlarning birontasida ham Xudo g‘oyasi zaiflashmagan bo‘lur edi, aksincha, dinlar ko‘pqirrali, oshkor va ustuvor xususiyatga ega bo‘lar, eng muhimi — ajoyib nazariyalardagina emas, balki xatti-harakatlarda ham dinlarning tub mohiyati insonparvarlik negiziga qurilgan bo‘lur edi.
Bork so‘zsiz bilar ediki, bu g‘alati g‘oya, balkim, kelishmagan g‘oyadir, bu g‘oyaning amalga oshishi ehtimoldan uzoqdir, u haqda faqat o‘zi uchun va ichida o‘ylash mumkin, taqvodor dindorlarning izzat- nafsini og‘ritmaslik, ularning hayotiy diniy tarziga til tegizmaslik uchun, bunday g‘oya odamlarni ruhiy hayajonga solish mumkinligini bilib, ana shunday umumbashariy miqyosdagi fikr-mulohazalarda juda ehtiyotkor bo‘lmoq kerak.
Xuddi ana shu mulohaza futurolog Borkni o‘z ichida saqlagan g‘oyani e’lon qilish shahdidan qaytarar edi. Hatto tilining uchiga kelib turganda ham, diniy kosmopolitizmning dolzarbligi haqiqatning o‘ziday, odamlar va dinlarning yangi ruhiy muloqotining mutlaqo zaruriy modeliday ko‘rinib turganida ham og‘iz ochmagan. Bu boshqalarga nisbatan ko‘proq muvaffaqiyat qozonish uchun bir-biri bilan raqobat qilayotgan dinlarning o‘z-o‘zicha urinishlari emas, balki Xudoga yetishish yo‘lidagi umumiy qadam bo‘lmog‘i kerak edi.
Ko‘plab dinlar-mazhablarni bir butun diniy uyushmaga birlashtirish g‘oyasi diniy tashkilotlarning qattiq g‘azabiga uchrashini, qanday shovqin-suron ko‘tarilishini, o‘zini sho‘rlik boshiga qanday toshlar yog‘ilishini, uni azim gunohlar qilganlikda, ashaddiy kufrlikda, mislsiz dunyoviy bid’atda ayblashlarini u yaxshi tasavvur qilardi. Agar xudbinlik va ta’magirlik inson tabiatining azaliy va deyarli biologik xususiyatlari ekan, bunday amallar, albatta yuz ko‘rsatishiga shubhalanmasa ham bo‘lardi. O’zlarining buyuk payg‘ambari uchun o‘ta haqoratlangan musulmon muftilari tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilingan sho‘rpeshona Salmon Rushdining qismati ham (boshqa dinlar bunday holatga befarq qaraydigan bir paytda) holva bo‘lib qolardi: har holda Salmon Rushdi o‘ziga boshpana ola oldi, shunday bo‘lishi ham ehtimolki, xilma-xil din-mazhablarni qo‘shish uchun jonbozlik qilgan kishida
47


bunday imkoniyat bo‘lmasligi ham mumkin, hamma joyda tahqirlangan va g‘azabga mingan barcha dinlar tomonidan hamma yerdan haydalgan bid’atchiga sho‘rlik boshini tiqish uchun yer kurrasida joy topilmay qolsa kerak, unga hech yerda va hech qachon panoh bo‘lmasa kerak? “Ana shunday vaziyatda sening kosmosga, Filofeyning yoniga ketishdan boshqa ilojing qolmagan bo‘lurdi, — o‘yladi Bork o‘z ustidan kinoya bilan kular ekan va birdan miyasiga fikr quyildi: — rostdan ham yetib bo‘lmas yuksaklikdan turib Yerdagi odamlarga haqiqatni aytib berish uchun taqdir Filofeyni kosmik orbitaga quvgan bo‘lsa-chi?”
Yopirilib kelayotgan fikrlar og‘ushiga g‘arq bo‘lgan Bork saylovoldi uchrashuvi translyatsiyasining boshlanishini unutib qo‘yayozdi. Soatga qaradi — soat olti bo‘lib qopti. U o‘zini televizor turgan mehmonxonaga urdi. Naq ustidan chiqdi! Ko‘rsatuvni olib boruvchi teletomoshabinlarni ekranga, saylovchilarning prezidentlikka mustaqil nomzod Oliver Ordok bilan uchrashuvi haqida “Alfa-Beysbol” sportzalidan olib boriladigan teleko‘rsatuvga taklif qilar edi.
Sportzalning gumbazlari osti liq to‘la odam. Odam shu qadar ko‘pki, ko‘zing tinib ketadi. Havo mavjlarida asalari uyasidan kelayotganday g‘ovullagan tovush eshitilar edi. Son-sanoqsiz odamlarning yuz-ko‘zlari, rang-barang basharalari Borkning ko‘z oldidan o‘tdi. Zal ichining bezaklari nomzodning qo‘mondasi yomon ishlamaganligini ko‘rsatar edi. Sportzal gumbazi tagida kulib turgan Ordokning surati solingan katta havo shari osig‘lik turibdi. U yer-bu yerda har xil shiorlar ko‘zga tashlanadi: “U quyi ijtimoiy tabaqalarni yaxshi biladi”, “Ordok — bo‘lajak prezident”, “Ordok yangi ekologik dasturni olg‘a surmoqda”, “Ishsizlar Ordokka ishonishadi!”, “Feministkalar birinchilikni xohlaydilar!”, “O’zimizning Ordok uchun ovoz beraylik!” va hokazo. Operatorlar ustalik bilan shiorlarni yirik qilib ko‘rsatishar edi.
Voqealar rivoji ana shunday katta uchrashuvlarga mos edi. Shovqin-suron, estrada musiqasi, sharhlovchilarning dadil ovozlari, tartib-intizomni miq etmay kuzatib turgan politsiyachilar. Oliverning o‘zi ham tantanaga yarashib turar edi. U shaxdam harakat qilar, bo‘yi o‘rtadan pastroq bo‘lganidan tomirlari bo‘rtib chiqqan bo‘ynini cho‘zib kallasini baland ko‘tarib turar edi. Kulganda quruqshagan lablari jonlanib ketar, o‘sha kulgi ortidagi sergakligi va hozirjavobligini ko‘zidan bilib bo‘lmas edi. U o‘zining pakanaligini tetiklik, harakatchanlik, ovozining jarangdorligi bilan xaspo‘shlaydigan konferansega juda-juda o‘xshar edi. Ordok minbarga o‘tayotganda zalda gulduros qarsaklar yangradi, uni ikki tomondan maslahatchilari va yordamchilari kuzatib bordi. Prezidentlikka nomzod paydo bo‘lishi bilan gurra-gurra fotoreportyorlar ko‘z ochib yumguncha nishonga olishdi. Bir daqiqa chamasi ana shu efir vaqtida xalq bilan uchrashuv muhiti miting boshlanishidan oldin xuddi ana shunday bo‘lmog‘i kerak edi, bu esa amerikacha demokratiyaning amalda ekanligini, saylovoldi kampaniyasi uchun mas’ullarning ishchanligini yana bir marta namoyish qilar edi.
Nima uchundir kun bo‘yi tashvish tortgan va kutaverib charchagan Bork namoyishning oddiyligini ko‘rib yengil tortdi va o‘zining kerak-nokerak asabiylashganidan o‘ksindi.
Chindan ham faqat bir shaxsga — Oliver Ordokka tikilib qolgan olomonda me’yor doirasidan chiqadigan biron harakatni topish qiyin edi. Ordokning ovozini kuchaytirish uchun mikrofonlar o‘rnatilgan, luqma va xitoblarga ko‘milib ketgan nomzodning nutqidan ulkan zal gumbirlar edi. Ordok ustalik bilan so‘zladi, dolzarb masalalarga urg‘u berdi. Nomzodning so‘zi nishonga tekkanda, eng muhim masalalarni ko‘targanda bir necha bor olqishlar yangradi. Prezidentlikka nomzod o‘ziga siyosiy ishonch jamg‘arish, olomonni o‘ziga qaratish, rom qilish uchun bor kuchini sarfladi. Buning uchun u ketayotgan prezidentning po‘stagini qoqdi, kongressni, ommaviy axborot vositalarini, senatorlarni qattiq tanqid qildi, qandaydir korporatsiyalar va kompaniyalarni, moliya tuzilmalarini har biri ayrim holda va birgalikda nimalarnidir qilolmagan, nimalarnidir bera olmagan, daromadlarini yashirgan, kishilarning farovonligiga putur yetkazgan deb tanqid ostiga oldi, bularni o‘rniga qo‘yishga va undan bir necha bor yaxshilashga va’da berdi. Nutqining ana shu qismi juda ko‘ngildagiday chiqdi, butun zal hayajonga tushdi, shunda u o‘z nazarida va yig‘ilganlar ko‘z o‘ngida semirganday bo‘ldi. Buni muvaffaqiyat deydilar.
Robert Bork kecha telefon orqali qilgan suhbatlari haqida Ordok nima der ekan deb uni diqqat
48


bilan kuzatib turdi: samoviy rohibning maktubi haqida Ordok hozircha og‘iz ochgani yo‘q. Bu, ehtimol, yaxshidir, ehtimol, ana shunday siyosiy yig‘inda haligiday narsani tilga olishning hojati yo‘qdir? Balki olomonni avrash, chalg‘itish va kundalik hayotning chakalakzoriga boshlab borish bilan ajratilgan vaqtini tugatishni maqsad qilib qo‘ygandir.
Lekin nima bo‘lganda ham Ordok olomonni chalg‘itishning, Filofey fenomeniga chap berishning uddasidan chiqmadi. Zalda mikrofondan berilgan birinchi savoloq ana shu haqda edi:
– Mister Ordok, — jarangladi bir ayolning ovozi, — Men Anna Smitman, maktab o‘qituvchisiman, — kosmosdagi rohib Filofeyning “Tribyun” gazetasida bosilgan maktubi haqida nima deya olardingiz? — dedi yo‘lakdagi mikrofon oldida qaqqayib turgan ayol hayajon bilan.
Zaldagi olomon birdan qaysar to‘lqinga urilgan kema sahnida turganday chayqalib tushdi. Guvillagan ovozlar yoyilib, javob kutib jimib qoldi. Buni burilish lahzasi desa bo‘lardi.
– Ha, hurmatli Anna Smit, — bir oz jim turgandan so‘ng so‘z boshladi Oliver Ordok, junjikkanday yuzi o‘zgarib, — bu hujjatni o‘qidim va u haqda juda ko‘p o‘yladim. Yashirmayman, uchrashuvimizda ham shu haqda savol berishsa kerak deb o‘ylagan edim, garchi buning aslini olganda saylovoldi kampaniyasiga bevosita aloqasi bo‘lmasa ham. Lekin sizni qiziqtiradigan narsa, hurmatli saylovchilar, meni ham qiziqtiradi. Shu munosabat bilan men nima demoqchi edim, — davom etdi Ordok. — Albatta, siyosatdan uzoq bunday muammolarga mening fikr bildirishim amri mahol. Lekin o‘ylaymanki, rohibning to‘g‘rirog‘i zamonaviy katta olim Filofeyning kashfiyoti shuni ko‘rsatadiki, insoniyat uchun intiqom payti yaqinlashib kelayotir. Afsus, bizlar o‘zlarimizga yuqori baho bergan ekanmiz. Hammangiz gazetani o‘qigansiz, gap nima haqda borishini yaxshi bilasiz. Filofeyning signallarini yaqinlashib kelayotgan falokatdan ogohlantirish deb tushunmoq kerak. Shunday bo‘lib chiqyapti!
Shu paytda teleob’ektivlar zalda o‘rmalashar ekan, ko‘zlarida bezovta umid yolqini o‘ynagan odamlarni boshqalardan yiroqroq qilib ko‘rsatar edi. Robert Bork ekran oldida qotib turar ekan, shu paytda zalda emasligidan juda o‘kindi. Ordok boshqalarni o‘z gapiga ishontira olarmikin?
– Nima qilish kerak? — cho‘kkan jimlikni buzib qayta so‘radi o‘qituvchi ayol. Ayolning najotsizlikdan samimiy savol berayotgani bilinib turar edi.
– Mening fikrimcha, — bunga javoban dedi Oliver Ordok, — nima qilishni har bir kishi o‘zi o‘ylasin. — Zalda xitoblar guvilladi. — Lekin jiddiy talab nuqtai nazaridan qaraganda, — fikr yurgiza boshladi u zaldagi ola-g‘ovurni bosish uchun, — albatta, yaqinlashib kelayotgan halokatning, ya’ni Filofey aytganday ijtimoiy halokatning, yo bo‘lmasa biologik halokatning oldini olishning tegishlicha dasturini ishlab chiqmoq, kassandra-embrionlarning oxirzamonni sezish xususiyatiga, ya’ni hayotdan voz kechish uchun intilishiga sabab bo‘ladigan hodisalarga qarshi kurash choralarini ko‘rmoq zarur!
– Menga so‘z bering! — yana bir ayolning ovozi eshitildi. U mulatkalarga o‘xshash qorachadan kelgan, yaltiroq metall sirg‘alar taqib, yoqasi ochiq sariq bluzka kiyib olgan edi. Ayol qatorlar orasidagi yo‘laklardan biridagi mikrofon oldida paydo bo‘lib qoldi. — Men jim tura olmayman va bizlar jim turmasligimiz kerak! — dedi u gir atrofga qarab qo‘yar ekan. — Ha, bizning kvartallarda yashash oson emas. Lekin biz hammavaqt bola deb yashab kelganmiz, bola uchun jonimizni ham ayamaymiz. Bu ishga hech kim aralashmasin. O’sha samoviy rohibga yo‘l bo‘lsin! Nega endi u meni ta’qib qilar ekan? Nechun mening shaxsiy ishimga aralashar ekan? Men qat’iy norozilik bildiraman!
Zal yana guvillab ketdi, ko‘plar “to‘g‘ri” deganday boshlarini qimillatib qo‘yishdi, ba’zilar o‘rinlaridan turib ma’qullaganday qo‘llarini silkitishdi.
Ordok mulat ayolga taskin berishga urindi:
– Ha, men sizni tushunib turibman, xonim, lekin Kassandra tamg‘asining paydo bo‘lishi bizga bog‘liq emas. Biz buning bor narsa ekanligini tushunib olishimiz kerak xolos.
– Bo‘lajak prezidentlik minbaridan turib samoviy rohibning yoni olinayotgan bo‘lsa boshqa gap. O’sha kishi bu yoqqa kelsin, osmoni falakka chiqib olib, biz ayollarni butun dunyoga sharmandayu sharimsor qilayotgan rohib bizning nechuk xudoning g‘azabiga uchraganimizni aytib bersin! — dedi hovurdan tushmasdan yaltiroq zirak taqqan o‘sha ayol, atrofdagi hamfikrlarning norozilik yalqiniga
49


olov tashlab. Ehtimol balkim uning uyi ham, eri ham yo‘qdir. “Qanday baxtsizlik, — pichirladi Robert Bork, — qanday fojeali yanglishish. Uning joni qiynoqda, uni tushunish mumkin”.
Ayol esa besh battar tutaqib, so‘zini davom ettirdi:
– Sizlar uni genial olim deb atashingiz, u bizning ko‘zimizni ochdi-ku, deyishingiz mumkin. Orbitadagi o‘sha nusxa men uchun — ablah, yaramas! — deb qichqirdi nihoyat ayol g‘azab bilan.
Ana shu so‘zlar yangragandan so‘ng guvillagan zal tildan qolganday bir lahza jim-jit bo‘lib qoldi. Hech kim ayolning pishagini pisht demadi, hech kim uni tartibga chaqirmadi. Oliver ham o‘zini noqulay sezib, ayolga g‘ing deya olmadi. Shundan so‘ng Amerikada xuddi shu paytda televizor oldida o‘tirganlarning ko‘plarini larzaga solgan sahna boshlandi.
– Mana, qaranglar, xudodan yashirmaganni qanday bandadan yashiray, qaranglar, men nima qilay! — deb baqirib yubordi bir ayol, asabiy nafas olar ekan, barmog‘ini peshonasiga qadab. — Mana bir necha kundir-ki, peshonamda o‘sha ofat, o‘sha dog‘, yaramas samoviy iblis tili bilan aytganda Kassandra tamg‘asi! — uning yuzi teleekranda yirik ko‘rsatildi va ayolning peshonasidagi o‘sha mash’um qizil dog‘ milt-milt etib turar edi.
– Krem ham, upa-elik ham surib ko‘rdim, — dedi u bilinar-bilinmas uchib turgan lablarini kafti bilan yopar ekan. — Yordam bermaydi. Yo‘qolmaydi. Kechami, kunduzmi farqi yo‘q! Bundan chiqdi, men osmondagi badkirdorning nazorati ostida ekanmanda! Bundan chiqdi, u mening ko‘zimga barmog‘ni tiqib: qarab qo‘y, sening bolang — o‘zingga qarshi, onasiga qarshi, hayotga qarshi chiqayotir, o‘zini o‘ldirishlarini so‘rab signal jo‘natmoqda! Binobarin u tug‘ilishni xohlamaydi, u hayotdan qo‘rqadi, der ekan-da! To‘g‘rimi? Uni hayotga nafrat bilan qarashga kim o‘rgatmoqda? hali tug‘ilib ulgurmagan o‘sha homilani kim o‘limga mahkum etmoqda, yorug‘ dunyodan voz kechishga kim majbur qilmoqda? Fazodan turib meni qandaydir dahshatli zondaj-nurlar bilan nurlantirishga kimning haqi bor? Biz bu yerda o‘tiribmiz. Bizni ishontirmoqchi bo‘lishgan o‘sha daho Filofey osmondan turib o‘z nurlari bilan xotinlardagi kassandra-embrionlarni timirskilaydi. Bizlarni nazorat qilib turadi! Bizlarni bu qadar ahmoq deb barmog‘ini ko‘zimizga tiqadi. Xo‘sh, nima qilmoq kerak? Siz faqat meni shunday deb o‘ylaysizmi? ha, mana shu zalning o‘zida ham menga o‘xshaganlar bordir, bu ayollar o‘zlarida Kassandra tamg‘asi nish urganini ehtimol hali bilishmas? Nima qilish kerakligini aytib beringlar, insonlar! Men nima qilishim kerak? Men bolamni hayotdan qo‘rqqani uchun tug‘ilmasdan o‘ldiraymi? Demak, men, mening taqdirim, mening hayotim uni qanoatlantirmas ekanmizda? Yoki men unga yerda jannat qurib berishim kerakmidi? Qanday qilib? Shunday qilganimda o‘zim ham xursand bo‘lardim! Lekin men dunyoni qanday tuzata olaman? Yoki men o‘zimni osishim kerakmi? — shunday deb ayol ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Yaqindagi qatorlardan qandaydir odamlar yugurib kelib uni ikki qo‘lidan ushlab olib chiqib ketishdi.
Zalda yana jimlik boshlandi. Ming-minglab odamlar yerga qarab miq etmay o‘tirishdi. Hamma bu yerga Oliver Ordokni deb kelishgan bo‘lsa ham hozir uni butunlay unutib qo‘yishgan edi. Telekameralar minbardagi Ordokni chetlab o‘tar ekan, goho o‘tirganlarning yuzlarini ko‘rsatsa, goh umumiy manzarani namoyish etar edi.
Ekranda Ordok paydo bo‘lib, ovozini chiqardi:
– Men bu yerda hamma savollarga javob bera olamiz deb o‘ylamayman. Ehtimol, maxsus... — deb so‘z boshlab edi, lekin zaldan chiqqan ovoz uning gapini yana bo‘ldi:
– Kechirasiz, mister Ordok, — narigi burchakdan mikrofonga qarab murojaat qildi erkak kishi, — aytmoqchi bo‘lganim xayolingizga yomon gap kelmasin. Biz siz tomondamiz, lekin ko‘rib turibsizki, hamma tashvishda. Men o‘zim vrachman va hayajondaman, men bu ayolni tushunib turibman, u qattiq hayajonlanmoqda, yana qancha ayol shu ahvolga tushib qolishi mumkin! Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, qandaydir bir kimsa, kosmosdan chiqqan bir qallobning hayotimizga tumshuq suqishiga nima haqqi bor?! Birinchidan, buni konstitutsiyamizni buzish deydilar. Savol tug‘iladi: biz demokratik mamlakatda yashayapmizmi yoki yo‘qmi? Biz o‘zimizga xo‘jayinmizmi yo yo‘qmi? Inson huquqlarini himoya qilish degani qani? Shaxsning huquqlarini oyoqosti qilishga kimning haqi bor? Qandaydir nazariyaga, hatto ilmiy kontseptsiyaga muvofiq yashash va ish ko‘rishga bizni kim majbur qila oladi.
50


Agar men o‘sha kontseptsiyani qabul qilmasam, u mening manfaatlarimga mos tushmasa, hech kim laboratoriya tajribalari orqali menga boshqa bir turmush tarzini majbur qilish huquqiga ega emas. Men Filofeyning maktubini diqqat bilan o‘rgandim. Ko‘p o‘yladim. Sizni har qancha hurmat qilishimdan qat’iy nazar, mister Ordok, bu masalada, men sizning fikringizga qo‘shila olmayman. Filofeyning tavsiyalariga ergashib bo‘lmaydi deb bilaman. Ehtimol, ilmiy nuqtai nazardan u haq bo‘lsa bordir, lekin amalda esa – yo‘q, u haq emas. Biz tajriba qilinadigan kalamushlar emasmiz-ku!
– To‘g‘ri! Ofarin! haq gapni aytayotir! — degan ovozlar yangrab, zal to‘lqinlanib ketdi.
Telekameralar zal bo‘ylab o‘rmalar ekan, baqirib-chaqirayotganlarni birma-bir yirik qilib ko‘rsata boshladi. Teleoperator bir zumda Ordokning o‘zini ham yaqqol ko‘rsatib o‘tdi. U ayanchli bir ahvolga tushib, shumshayib qolgan edi. Minbar oldida butunlay sarosimaga tushgan, nima qilishini bilmay, zaldagi bebosh ehtiroslarni qanday bosish yo‘lini topolmay najotsiz turar edi. Xuddi shu onda Bork Ordokning yuzida yana paydo bo‘lgan dog‘larni sezdi. Ana, sho‘rva yuzidagiday qizg‘ish ko‘kimtir dog‘lar uzoqdan ekranda issiq va namday tuyuldi. Butun koru holni ko‘rib turar ekan, Bork Yerdagi yovuzliklarning manbai odamlarning o‘zlarida ekanligini tan olishni xohlamaganliklaridan g‘alati bo‘lib ketdi. Ha, ular Filofeyni tushunishni hech ham xohlashmaydi. Bork Ordokka achindi. Ordok esa haqoratlangan edi. “Ishi yurishmadi, yurishmadi-da, — dedi o‘zining eski do‘sti uchun joni kuyib Bork. — Eng muhimi, u ruhiy tushkunlikka uchramasin-da! U zalni qayta ishontira olsa, o‘z nuqtai nazarini himoya qila bilsa, oldingi mavqeini egallaydi. Qo‘lidan kelarmikin? Voy xudoyimey, qanday bema’nigarchilik! Biz barbod bo‘ldik, biz aybdor emasmiz, lekin ish bizning o‘zimizga kelganda go‘yo ko‘r bo‘lamiz qolamiz. Sho‘rlik Filofey, hozir shu zalda bo‘lsa edi!”
– Men sizdan iltimos qilaman, mister Ordok, o‘z nomimdan, agar menga qo‘shilishsa, saylovchilar nomidan so‘rayman. Buni shunday qoldirib bo‘lmaydi! — o‘zini vrachman deb tanitgan kishi shovqinni bardosh bilan yengib, mikrofon oldida baqirib-chaqira boshladi. — Amerika fuqarolari ustidan qandaydir eksperimentlar o‘tkazishga hech kimning haqi yo‘q! O’sha samoviy rohib butun insoniyatni qandaydir to‘da, olomon deb biladi, bu uning ishi, bizning ishimiz emas. Biz esa amerikaliklarmiz. Biz – mustaqil shaxslarmiz! Qo‘shma Shtatlar hududida g‘alamislik bilan nurlantirishlar o‘tkazishni man etish zarur! Endi Kongress o‘z so‘zini aytsin, bizning federal organlarimiz o‘z so‘zini aytsin!
– To‘g‘ri, rost! Taqiqlash kerak! – Hamma yoqdan ovozlar eshitildi.
– Taqiqlansin!
– Tinchlaning, janoblar! Iltimos qilaman, xonimlar! – sahnadagi mikrofon oldida turib tartibga
chaqirishga harakat qildi saylovoldi uchrashuvini boshqarayotgan suxandon. U qimmatbaho qalin ko‘zoynak taqib, bashang kiyingan va sochini ikki bo‘lib farq ochib olgan basavlat kishi edi. Aftidan, ahvolning bunday tus olishini kutmagan ko‘rinadi. U hayajonda edi. – Mikrofonda navbat bilan gapirishlaringizni so‘rayman! – da’vat qilar edi. – Men sizga so‘z beraman, faqat navbat bilan, iltimos qilaman, bemalol, faqat navbat bilan gapiringlar.
Lekin endi kech edi. Yo‘laklardagi mikrofonlar yonida shu zahoti yuragidagini aytib olish, bundan oldin gapirgan notiqlarning so‘zlariga javoban fikr bildirish uchun odamlar to‘planib qolgan edi.
Majlisni boshqaruvchi mikrofonlarda gapiruvchilarga navbatma-navbat so‘z berib turishdan boshqa iloj topmadi:
– Birinchi mikrofon! So‘z ikkinchiga! Bemalol! Uchinchi mikrofon! Beshinchi, yettinchi, o‘ninchi...
Mikrofonlarda navbat kutganlar va gapirayotganlar soni ko‘paygandan ko‘payib bordi. So‘zga chiqqanlarning ko‘pchiligi Filofeyning kashfiyotlarini va g‘oyalarini keskin qoralashga, kosmosda paydo bo‘lgan o‘sha g‘alamisni, ashaddiy buzg‘inchini orbitadan haydab chiqarishga chaqirar edi; bir nusxa, rus muhojirlaridan bo‘lsa kerak, Filofeyni KGB chaqimchilariga o‘xshatib, homilador ayollar ustidan material to‘playdigan, kosmik ayg‘oqchi deb atadi. Ikkinchi bir nusxa Filofey Rossiyaning kosmosga chiqargan agenti, unga Amerikani ichdan yemirish, jamiyatda genetik bomba portlatish vazifasi topshirilgan degan farazni o‘rtaga tashladi; yana bittasi buni hozirgi jamiyatni nazorat qilib turishni niyat qilgan xalqaro mafiyaning ishi deb taxmin qildi. Tag‘in qandaydir dahshatli taxminlar va farazlar o‘rtaga tashlandi. Fikrlarning bellashishi avj olgandan avj olib bordi, yovuzlik va makkorlikning azaliy
51


ma’no va mazmun tovlanishlari yangilari bilan boyidi – kosmik shayton, fazoviy iblis, kosmik anarxist va hatto – samoviy Faust va boshqalar.
Lekin ko‘pchilik, har holda astoydil, tashvishlanib Filofeyga qarshi bo‘lsalar ham uning ijtimoiy- biologik kashfiyotlaridan kelib chiqadigan qo‘rqinchli oqibatlarni har qanday qilib bo‘lsa ham miyadan chiqarib tashlash istagini bildirishdi, bunda eng avvalo asrdan asrga unib-o‘sib, hech qanday “kassandra tamg‘alari” tushiga ham kirmasdan rivoj topib borgan insoniyat tarixiga murojaat qilishdi; bularning hammasi, ayniqsa ayollar ko‘zlariga yosh olib o‘zlarini qutqarishlarini, shaxsiy hayotlarini zondaj-nurlardan himoya qilishlarini iltijo qilganlari chindan ham kuchli taassurot qoldirdi. Nihoyat so‘zga chiqish jarayonida samoviy rohib bilan BMTning o‘zi shug‘ullanishi kerakligi aytildi, insoniyatni himoya qilish choralarini ko‘rish uchun masalani BMTga qo‘yish talab qilindi.
Ana shu sahnalarni kuzatish Robert Borkka og‘ir bo‘ldi. U alam bilan shunga ishonch hosil qildiki, yaqinlashib kelayotgan oxirzamonning haqiqiy mohiyatini ochib berish uchun Filofeyning qilgan harakatini ko‘pchilik tushunmayotir, oxirzamon tashqi dunyoning yaratilgandan buyon ro‘y berishi mumkin bo‘lgan halokati orqasida emas, balki borgan sari urug‘lab ketayotgan shafqatsizliklar va rango-rang yovuzliklar mahsuli bo‘lmish irsiyat qa’ridagi o‘pirilish natijasida kelib chiqadi. Inson tabiatidagi qo‘rqinch – gunohi azimlar uchun, Xudo bergan hayot oldida abadiylikka qilingan gunohlari uchun instinktiv qo‘rqish ham o‘z ishini qildi. Hayot har bir kishiga uzoq muddatga bir bor ato qilingan, lekin bu hayot abadiylikka berilgan emas, balki Fazo va Vaqt bilan azaldan me’yorlab va cheklab qo‘yilgan.
Oliver Ordokning ahvoli achinarli edi. Bork Ordokning mag‘lub bo‘layotganini tasavvur qildi va voqealarning shunday tus olishini oldindan ko‘ra bilmagani uchun o‘zini aybdor deb hisobladi, biroq Ordokka bu haqda o‘z bilganicha shipshitib ham qo‘ygan edi.
Ordok kulgili holga tushib qolgan edi. Go‘yo bu uchrashuvning Ordokka hech qanday aloqasi yo‘qday uni unutishgan va minbar oldiga tashlab ketishgan edi. Barcha nutqlaru luqmalar faqat Filofeyga qaratilgan edi, mitingni uyushtirgan Ordok, lekin hammaning diqqat markazida samoda Filofey – osmonning bir kunjagida olam kezayotgan o‘sha samoviy rohib edi. Yo‘laklardagi mikrofonlarni o‘rab-qurshab olgan odamlar o‘z dardlarini prezidentlikka nomzodga emas, balki rohib Filofeyga aytib olishga shoshilardilar. Ordok esa nima uchundir minbarda qaqqayib turaverdi. Uning nazarida hamma narsa bozorga aylangan edi. Ordokning o‘z vazifasining muhimligini saylovchilar va teletomoshabinlarga yetkazish uchun tayyorlangan nutqi va ko‘zlangan maqsadlari – barchasi puch bo‘lib chiqdi. Sportzal gumbazi tagida kulib turgan Ordokning rasmi osilgan havo shari endi qandaydir kulgili, sovun ko‘pigiga o‘xshar edi. Holdan toygan, haqoratlangan Ordokning o‘zi esa butunlay dovdirab qolgan edi. Uning yoniga maslahatchilari va yordamchilari yugurib kelishib, nimalarnidir pichirlashardi, lekin u mikrofon oldida so‘ljayib turaverdi. Uning ko‘zlari g‘azabga to‘la edi, yuzidagi dog‘lar oldingidan ham aniqroq ko‘rina boshladi. Bu uning muvaffaqiyatsizligi, butun mamlakat ko‘z oldida rejalarining barbod bo‘lishi edi.
Miting daryosi boshqa yo‘nalish oldi. Cho‘kib ketayotgan kishiga nogohon somon cho‘pi tashlanmaganida, hammasining nima bilan tugashini Xudo bilardi. Birdan yon tomondan sahnaga sportchiga o‘xshagan bir yigit yugurib chiqdi; galstugini tortqilayotgan va navbat bilan gapirtirishlarga behuda urinayotgan boshqaruvchiga yaqin kelib, qulog‘iga nimalarnidir pichirladi va uning qo‘lidan mikrofonni yulib oldi. Keyin zalga qarab, bor ovozi bilan gapira ketdi:
– To‘satdan oraga suqulganim uchun uzr. Bir gapim bor! Muhim gap!
– Shovqin bosildi. Zalga bir zum tinchlik cho‘kdi. Endi bir lahzani ham qo‘ldan boy bermaslik kerak edi.
– Mening otim Entoni Yunger, — deb o‘zini tanishtirdi nogohon sahnada paydo bo‘lgan yigit.
“ha, Entoni Yungeri shu ekan-da, kelishgan yigitcha ekan”, — o‘yladi Robert Bork.
— Mashhur odam emasligimni ismimdan ham bilsa bo‘ladi, — dedi Yunger. – Lekin men ham
sizlarga o‘xshash, okrugimizning saylovchisiman. So‘zga chiqish huquqimdan foydalanmoqchiman. Buning ustiga mister Ordokning qo‘mondasidanman, uning maslahatchilaridan biriman. Quloq soling.
52


Bizning mitingimiz kosmosdan bizga tashlangan muommolar munozarasiga emas, balki prezidentlikka nomzod bilan uchrashuvga bag‘ishlangan. Shuning uchun saylovoldi muhokamamizni davom ettirish maqbul bo‘lur edi. Filofey bilan esa keyingi safar shug‘ullansak, chunki bu noyob yangilik haqida hali ko‘p o‘ylash va mulohaza qilishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun reglamentga qarab ish qilsak, Mister Ordokdan Filofey muammolarini qo‘yib o‘z saylovoldi dasturini aytib berishini so‘raymiz.
Bu ayni muddao bo‘ldi. Janjal bostirildi. Bork Entoni Yungerning kelganidan mamnun edi. U Yungerni taxminan xuddi shunday bo‘lsa kerak, deb tasavvur qilar edi. Shundan so‘ng ham hech kimning, hatto Borkning ham tushiga kirmagan voqea ro‘y berdi.
Ordok o‘zini o‘nglab oldi – u endi tashabbusni qo‘liga olgan edi:
— Ha, men o‘z nutqimni davom ettiraman, — tayyorlanib so‘z boshladi va ko‘zlari yonishidan, chehrasidan unda qandaydir o‘zgarish ro‘y bergani sezilardi. Unda jasorat paydo bo‘ldi. – Ha, hurmatli saylovchilar, hozir Entoni Yunger aytganday, men bu yerda o‘z nutqimni davom ettirish uchun turibman. Lekin kichkinagina qo‘shimcha bor. – U ozgina jim turib, o‘tirganlarga sinovchan nazar tashladi-da, tushuntirdi: — Men xuddi ana shu Filofey, ha Filofey haqida gapiraman, — ta’kidladi u. – Men bu yerda mikrofonda gapirganlarga qo‘shimcha qilaman, kosmosdan bizga qilingan hujum bilan bog‘liq fikrlarni rivojlantirmoqchiman, bizning genetik vaziyatimizni qattiq tanqid ostiga olaman. Birinchi galda ana shu haqda gapiraman, chunki men saylovchilar bilan, xalq fikri bilan yashayman. Bu yerda hammamiz hamjihatmiz, men uchun eng muhimi shu. Mikrofonlardan eshitilgan nutqlar menikiga o‘xshab ketadi. Men ham shu haqda, amerikaliklar uchun oliy qadriyat hisoblangan huquqlarimizga kosmosdan bo‘lgan mislsiz tajovuz to‘g‘risida taxminan xuddi shunday xayollarga bordim. Bu yerda qayd qilinganidek, Filofey osmonda turib bizga choh qaziyapti, men ham shu fikrdaman. Men yana qo‘shib qo‘ygan bo‘lur edimki, nihoyat, u bilib turibmi, bilmasdanmi, oxir oqibatda bizning demokratiyamizga ham choh qaziyapti. Bu aqli salimga to‘g‘ri kelmaydigan fikrga o‘xshaydi, lekin aslida shunday. Bu choh yovuz niyat bilan, insonga qarshi qazilyapti. Iblis makkorligining chek-chegarasi yo‘qligiga biz siz bilan yana bir bor ishonch hosil qilayotirmiz. Men ana shu haqda gapirmoqchi edim, lekin bundan avval men hamsuhbat bo‘lgan ba’zi bir bilag‘onlarning fikrlarini aytib o‘tmoqchiman. Biroq so‘zimning ikkinchi qismiga – Filofey maktubiga o‘z munosabatimni bildirishga, ko‘rib turganingizdek, haqiqatdan ham ulgurmadim. Mikrofonlardan aytilgan gaplar mening fikrim bilan bir joydan chiqdi. Bu juda soz, mening obro‘yimga obro‘ qo‘shadi. Hozir jamiyat ustida qo‘qqisdan mislsiz xavf paydo bo‘ldi degan mulohazaga to‘la qo‘shilaman. O’zini rohib Filofey deb tanishtirgan odamning kori-amali genetik tadqiqotlarga daxldorga o‘xshab ko‘rinadi, aslida esa bu tajovuz, bizning ruhiyatimizni, o‘zimizga, tsivilizatsiyamizga bo‘lgan tarixiy ishonchimizni kunpayakun qilishdir. E’tibor bering, bu tajovuz osmondagina olib borilmayotir, Filofey Yerdan ham o‘ziga hamfikrlar topdi – bizda fan va ijtimoiy hayotda katta e’tibor qozongan shaxslarni o‘ziga sherik qilib oldi. Mana sizga ahvol? O’zlarining kosmik ilhomchilarini darhol ko‘klarga ko‘tarishga tayyor turgan ana shu zotlar Filofey bilan bir bo‘lib olib uning nomidan yerda g‘alayoni azim ko‘tarish, bizning mavqemizni shubha ostiga olish va eng muhimi, — ayollarimizga qandaydir iblisona nishon — Kassandra tamg‘asi taqib badnom qilish uchun vaqt-soat kutishmoqda. Falokatlar va baxtsizliklarning bashoratchisi bo‘lgan Kassandraning nomi bilan atalgan tamg‘aning o‘zi dillarga g‘ulg‘ula soladi. Nomi ham tasodifiy qo‘yilgan emas. Qandaydir makkarona niyat bor bunda! Sergak bo‘laylik! Butun millat sergak tortaylik. Filofeyning akademik libosidagi hamfikrlari odamlarga ommaviy axborot vositalari orqali ta’sir etishga, kosmosdan kelgan soxta bashoratlarga ishontirishga majbur qilish uchun shay turishipti. Bu hech ham mubolag‘a emas, ishoning, bu insoniyatga qarshi fitnadir. Xuddi shunday! Mening tashvish tortayotganimning boisi ana shunda, hurmatli saylovchilar!...
Zal xuddi shuni kutib turgan ekan. Odamlar prezidentlikka nomzodning nutqiga mahliyo bo‘lib, undan sehrli nigohlarini uzmay qo‘yishdi. Hozir Oliver Ordokning og‘zidan chiqqan so‘zlar ularning dillarida hamdardlik va xayrixohlik topdi. Odamlar “Alfa-Beysbol” sportzali gumbazlari tagida birgalikda nafas olishar, Oliver Ordokning da’vatkorona so‘zlariga butun vujudlari bilan quloq tutishar edi. Shak-shubhasiz bu g‘alaba edi. Ordokning xalq oldidagi mag‘lubiyatidan keyingi yorqin zafari edi.
53


U g‘alabaga yo‘l topdi, u topganda ham ustalik bilan topdi, u strategiyasini bexato o‘zgartirdi, ana endi samarasini totib turipti.
Ordokning o‘zi ham o‘zgarib ketdi. Endi minbarda butunlay boshqa odam turganday edi. Uning so‘zlari zaldagilarga qanday kuchli ta’sir etganini ko‘rib, gapirgan sayin ruhan parvoz qila boshladi. Bu o‘z-o‘zidan mamnun bo‘lish, muvaffaqiyatdan lazzatlanish, o‘z so‘zidan qanoatlanish va rohatlanish lahzasi edi; bunaqasi har doim ham bo‘lavermaydi; unga shunday tuyuldiki, uning so‘zlari qaynab chiqib, tevarak-atrofdagilar dilidan, birinchi galda tahsinlar aytib turgan ayollar dilidan o‘rin olayotir, barcha odamlar – erkaklar ham, ayollar ham o‘zlarini unga yaqin tutishar va har bir kishi unga jon deb quloq osar edi. Ordok qattiq pishqirib uyurdagi biyalarga shitob bilan hujum qilgan ayg‘irga o‘xshash shu holatdan kuch olardi, har bir so‘zi o‘ziga kuch bag‘ishlar va o‘ta ardoqli, lekin hali qo‘lga kiritilmagan hokimiyat bilan qovushib ketish onining yaqinligini oldindan sezish hissini uyg‘otar edi. Ordok o‘zida boshqalarga tinimsiz amri-farmon berish istagi nish urganday sezdi, bu da’vat boshqalarga hokim bo‘lish, buyruq berish, bo‘rilik qilish hissi odamlar qonida hali ular o‘rmonlarda yarim vahshiy holda yashab yurgan chog‘laridan buyon yashab keladi. Lekin hokimiyat lazzatiga yo‘l nutqlar oqimi orqali o‘tar edi — bunda so‘zlar zich qatorlar hosil qilib, qal’ani, bu o‘rinda Filofeyning g‘oyalarini va uning hali mag‘lub bo‘lmagan hamfikrlarining g‘oyalarini zabt etish uchun ishga solingan edi, u Filofey fikrlariga qarshi kurashish uchun hamfikrlarini o‘z tevaragida jipslashishga va buyruq berish bilan kurashga otlanishga undardi.
ha, bu Oliver Ordokning oshig‘i olchi turgan payt ekanidan nishona edi. Hamma unga tahsin o‘qirdi. Hozir bo‘lganlar ichida faqat bir kishi — minbar yaqinida ekranda lip-lip ko‘zga tashlangan yigit bu fikrga qo‘shilmas edi. Entoni Yunger sahnaning bir chekkasida yakkakift bo‘lib, go‘yo unga tosh otishganday ikki qo‘li bilan boshini changallab o‘tirar edi; uning qo‘l tomirlari bo‘rtib chiqqan, hayajonda edi.
Endi Oliver Ordok hujumni avj oldirdi. U o‘z nutqini zalda va undan tashqarida hamfikrlariga so‘zini o‘tkazadigan va muvaffaqiyatni mustahkamlaydigan qilib tuzgan edi. Bu uning uchun favqulodda qulay payt edi.
– Men siz bilan bizning hushyorligimiz zarurligi haqida gapirar ekanman. — “Alfa-Beysbol” zalida o‘tirganlarga sidqidildan murojaat qilar ekan, eslatib qo‘ydi u, — biz siz bilan mislsiz kosmik avantyura qurbonlari bo‘lib qolmasligimiz uchun jamiyat manfaatlarini ko‘zda tutayotirman. Axir, masala umumjahoniy miqyos kasb etadi, ayni vaqtda bu har bir kishiga, jumladan, bu yerda hozir bo‘lganlarning hammasiga daxldordir, saylovoldi uchrashuvida esa Filofeyning inson genofondini buzishga qaratilgan sayyoraviy eksperimentlaridan, jamiyatda sarosima uyg‘otadigan, o‘zlarimizda hayotga intilish hissini yo‘qotadigan tajribalaridan o‘zimizni qanday himoya qilish haqida so‘z bormog‘i kerak.
– hecham bunday bo‘lmaydi! — zalda darg‘azab ovozlar yangradi. — Bunga yo‘l qo‘ymaymiz!
– Men ham shunday deb o‘ylayman, — davom etdi Oliver Ordok. — Buning uchun bor kuchimni sarf qilaman. Meni hech narsa to‘xtata olmaydi. Lekin paydo bo‘lgan kosmik xavfni va yerda turib yelkasini Filofeyga tutadigan, vaziyatni buzadigan, sodda qilib aytadigan bo‘lsak — suvni loyqalatadigan kishilarni qanday qilib, qaysi yo‘l bilan daf qilish mumkin bo‘larkin? Odamlarning va xalqlarning taqdiri haqida so‘z borayotgan ekan, men o‘zimni umumiy gaplar bilan cheklanib qoladigan qandaydir oliyhimmat jentelmen qilib ko‘rsatmoqchi emasman. Filofeychilar bilib qo‘yishlari kerak — biz ular bilan kelisha olmaymiz va ular har qanday ilmiy dalil-isbotlar keltirishmasin, biz ularning orqasidan ergashib genetik qopqonga bormaymiz! Jumladan, men bir futurolog bilan, ilmiy doiralarda ma’lum va mashhur bo‘lgan, dunyo taniydigan, amalda esa samoviy rohibning bosh tarafdori va hatto mafkuraviy xizmatchisi bo‘lgan kishi bilan uzoq gaplashdim. Sobiq Sovet Ittifoqida jon-dili bilan dohiyga xizmat qilgan va uning uchun jonini fido qilishga tayyor yigit-qizlarni, xato qilmasam, komsomol faollari deyishadi. Filofeyning dastyori ancha yoshga kirib qolgan bo‘lsa ham, ana o‘shalarga o‘xshab ketadi, u bizning dorilfununimizda ishlaydi va o‘zi shahrimizning yaqinida yashaydi, — o‘sha kishining oti Robert Bork.
54


Zal jimib qoldi, o‘tirganlarning nafasi ichiga tushib ketdi va birozdan so‘ng boshlangan pichir-pichir borgan sari avjga mindi: “Robert Bork! Robert Bork! Robert Bork! Qandaydir Robert Bork!”
– Ana shunaqa, muhtaram saylovchilar. Robert Borkning ilmiy dalil-isbotlariga har qancha hurmat bilan quloq solmay, uning diqqatini tirik odamlarning taqdirlarini inkor etishga hech kimning haqi yo‘qligiga, Filofey qanday ilmiy maqsadlarni ko‘zda tutishidan qat’iy nazar, turmushimizga burun suqib, buzg‘unchilik qilayotganiga qaratdim, endi esa bu odamning Filofeydan ham o‘tib tushajagiga ishonch hosil qildim. Xuddi ana shunday odamlarda olimlik niqobi ostida dunyoviy yovuzlik yashirinib yotadi. Robert Bork uchun uning falsafiy safsatalari, suhbatdosh va raqibning boshini gangitadigan jahoniy g‘oyalari yon-verida yashayotgan oddiy kishining taqdiriga nisbatan muhimroqdir. Robert Bork har xil ilmiy mulohazalarni pesh qilib bo‘lsa ham ana shu oddiy kishini, uning barcha muammolari va kulfatlarini inkor etadi, uni insoniyatning unib-o‘sib turishiga putur yetkazadigan, bizni istiqboldan mahrum etadigan Filofey ta’limotiga qurbon qiladi. Robert Bork o‘ta mutaassib, u bor vujudi bilan Filofeyni himoya qiladi, unga shaytoni layinga xizmat qilganday xizmat qilishga tayyor.
– Lekin afv etasiz, mister Oliver! Bu yakkama-yakka suhbatdagi gaplar-ku! — Ordokning so‘zlariga chiday olmay, mikrofon oldiga chopib keldi Entoni Yunger. Uning afti qizarib-bo‘zarib o‘zgarib ketgan edi. — Oralaringizda bo‘lgan suhbatni hammaga oshkor qilish insofdanmi?!
– Men Bork bilan bo‘lgan suhbatimizni sir saqlamoqchi emasman, — pinagini buzmay gap qaytardi Ordok. — Agar yakkama-yakka suhbat butun insoniyat taqdiriga daxldor bo‘lsa, agar Robert Borkka o‘xshagan odamlar Filofeyning qo‘ltig‘iga suv purkab qilmishlarini ma’qullashayotgan, manzur ko‘rishayotgan bo‘lsa va odamlar ongida uning nazariyalariga keng yo‘l ochib berishayotgan bo‘lsa, uning butun dunyo ustidan nazorat qila olishi uchun sharoit hozirlashayotgan bo‘lsa, nega endi men u bilan adi-badi aytib o‘tirishim kerak ekan?
Gulduros qarsaklar “Alfa-Beysbol” tomini teshguday bo‘ldi. Teleoperatorlar zalda u yoqdan bu yoqqa yo‘rg‘alab, Oliver Ordokning yana bir ulkan yutug‘i sahnasini namoyish qilish uchun odamlarning basharalarini yirik qilib ko‘rsatib turdi.
Entoni Yunger og‘iz juftladi:
– Mister Ordok, bunday qilishga sizning haqingiz yo‘q...
Lekin zal Entonining og‘zini ochirmadi. Hamma uning ovozini o‘chirish, turgan joyida yer bilan
yakson qilish uchun gumburlatib qarsak chalaverdi.
Yunger bo‘lsa nimalarnidir gapirar, odamlardan baland kelish uchun ovozi boricha baqirib-chaqirar,
qo‘llarini paxsa qilib allanarsalar deb oyog‘i kuygan tovuqday u yoqdan bu yoqqa chopar edi, lekin bu yonib turgan olovga yog‘ sepganday bo‘ldi va Yungerni mag‘lub qilish uchun hamma bir ovozdan “Or- dok! Or-dok! Or-dok! Or-dok!” deb salmoq bilan qichqira boshladi.
So‘ngra xuddi buyruq berilganday odamlar yoppasiga o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi va tik turgan holda kaftlarini kaftlariga urib “Or-dok! Or-dok! Or-dok!” deb jon-jahdi bilan takrorlay boshladi.
Mana Ordokning zafar tantanasi. Uning raqiblaridan birontasi ham siyosiy jabhada bunday muvaffaqiyat to‘g‘risida o‘ylagan ham emas. Ko‘rimsiz, so‘lg‘in, Gebbelsga o‘xshab ketadigan Ordok o‘zini ko‘kka ko‘tarib ulug‘lagan shov-shuvdan, sehrli muvaffaqiyatdan yuragi yorilguday bo‘lib, boshi gangib qoldiki, shu paytda tap etib yiqilib tushishi hech gap emasdi. Shunga qaramasdan o‘zini ushlab oldi. Yig‘ilish muvaffaqiyatli tugadi. Endi uni oxiriga yetkazish, g‘alabani mustahkamlash kerak edi. Zalda hamon “Or-dok, Or-dok” degan ovozlar yangrardi. U har holda o‘zini qo‘lga oldi, imo- ishoralar va ovozlarni bosdi-da, jimlik cho‘kkan zahoti so‘z boshladi:
— Bu yerda kimdir Robert Borkka achinayotir, nega endi? Aslini olganda hech kim uning ko‘kragidan itarayotgani yo‘q. Bork bu yerga kelsin, xalqni o‘z fikriga ishontirsin, ya’ni o‘sha osmondagi Filofey ikkalasi elu elatni, odamlarni, millatni, bo‘lajak avlodlarni deb jonlarini fido qilayotganlarini aytsin. Menga qaqshatqich zarba bersin! Kim yo‘q deydi?! Shukronalar bo‘lsin, biz dunyodagi eng demokratik davlatning fuqarolarimiz. O’ylaymanki, Bork bir chekkada qo‘l qovushtirib qolavermaydi, balki so‘zga chiqar. Bordi-yu u es-hushini yig‘ib olib, Filofeydan yuz o‘girsa, ochig‘ini aytsin va o‘ylaymanki, qilmishlari uchun tavba-tazarru qiladi. Xullasi kalom, xohlaganiday gapirsin.
55


Amerikaning barcha gazetalari va jurnallari (faqat Amerikanikigina emas) uning xizmatida emasmi, radio-chi, televidenie-chi? Kuyib-pishib gapiraversin. Biroq men ham chetda qololmayman, sizlarni ishontirib aytamanki, hurmatli saylovchilar, ommaviy axborot vositalaridan menga ham jindakkina o‘rin berishsa, bundan maqsadim zamondoshlarni o‘zimning futurologik nazariyalarim bilan zaharlash emas, aslo, men har bir inson o‘t bilan, ya’ni Filofey ta’limoti bilan o‘ynashish nomaqbul ekanini, Bork Filofey bilan birgalikda butun dunyoda yong‘in chiqarish payida ekanliklarini tushuntirishga harakat qilaman. Borkning o‘y-fikrlarining mag‘zini chaqqan paytimdan e’tiboran tinchimni yo‘qotdim – uning g‘oyalari shubhali va qo‘rqinchli, u qaerda bo‘lmasin yer yuzidagi barcha xotinlarni birma-bir zondaj- nur bilan nurlantirish g‘oyasini o‘tkazishga, odam bolasining hammasini o‘z gunohlari uchun birma-bir tavba-tazarru qildirishni talab etishga shay turibdi. Bularning hammasi an’anaviy dinlarni surib chiqarish, odamlarning dillari ustidan yakka hukmronlik o‘rnatish uchun yangi din – Filofey dinini yaratadi. Jahon dinlari ham o‘z kelajaklari haqida o‘ylab ko‘rishsin! Endi mana shular haqida bosh qotirishimiz kerak, men ham mana shular haqida yozaman va gapiraman. Biz ana shu olimlarni – orbitadagi Filofeyni va yerdagi Borkni o‘z vaqtida tiyib qo‘yish haqida o‘ylashimiz kerak. Men bu haqda shu yerda hozir bo‘lgan barcha jurnalistlar uchun gapirayotirman. Tiyib qo‘yganda ham qonuniy yo‘l bilan, albatta qonun asosida ish ko‘rish lozim. Odamlar ustida qilinadigan ana shunday eksperimentlarni dunyo bo‘yicha man etish yo‘li bilan. Bu borada sizlarning madadlaringizga va ishonchlaringizga umid qilaman!
Yana olqishlar, qarsaklar yangrab ketdi, hamma o‘rnidan turdi, yana jazavasi qo‘zib ketganlar “Or- dok, Or-dok” deb qichqirishdi. Ordok qandaydir qoniqish hamda xijolat bilan xalqdan hozircha qarsaklarni to‘xtatishni so‘radi:
— Men yana bir necha daqiqa vaqtingizni olaman va yana qo‘shimcha qilmoqchi edim...
Shu on sportzaldan olib borilayotgan ko‘rsatuv birdan uzilib qoldi. Ekran o‘chdi. Kimdir asabiylashib qo‘li bilan televizorni o‘chirdi. Bu Jessi edi. Uning qachon qaytib kelganini, uyga qanday kirganini, shu paytgacha qaerda turganini, qaerdadir yon tomondan o‘tirib hammasini ko‘rdimi, ko‘rganlaridan ruhi cho‘kib qimir etmay o‘tirib qoldimi yoki hozirgina kirib keldimi — Bork bilmas edi. U ko‘z oldida bo‘lib o‘tgan voqelardan tushkunlikka tushib kursida o‘tirar ekan, tevarak-atrofga befarq boqar edi.
— Qachongacha buni ko‘rish mumkin?! Qanday chidab o‘tiribsan? — eriga keskin gapirdi Jessi. — Yetar! Bo‘ldi!
U indamadi.
— Kabinetdagi televizorni ham qo‘yma! — dedi jahl bilan. — Hozir hamma telefonlarni uzib qo‘yaman! Xudo olsin ularni, hech kimning qo‘ng‘irog‘i kerak emas! Oliver Ordokning nayranglarini ko‘rganlarning hammasi telefon qilaveradi! Qanday bema’nilik! Shu qadar ham razillik bo‘ladimi!
Bork indamadi.
– Nega sen og‘zingga talqon olib o‘tiribsan?! — dedi Jessi chorasizlikdan. — Bunaqasini umrimda ko‘rgan emasman.
– Sekinroq, mumkin bo‘lsa, — iltimos qildi Robert Bork, — sen baqirgan bilan hech narsa o‘zgarmaydi.
– Sen jim o‘tirganing bilan ham hech narsa o‘zgarmaydi!
har ikkalasi ham dili xufton bo‘lib jim qolishdi. Tashqarida qorong‘i tusha boshladi. Kuzning ajoyib go‘zal kunlaridan biri ham tun qo‘ynida g‘oyib bo‘ldi, undan dardu alam, g‘amu tashvish qoldi, xolos. Ertangi kun qanday bo‘lishini Xudo biladi.
— Ko‘zimga, o‘zimga ishonmayman, — qaltiragan ovoz bilan jimlikni buzdi Jessi. — Ana shu ulkan muammo tevaragida munozaralar bo‘lishini bilardim. Lekin senga shunday razillik va pastkashlik bilan munosabatda bo‘lishadi deb o‘ylamagan edim... G’arazgo‘ylik bilan bir odamni butun dunyoga sharmandayu sharimsor qilsa bo‘laverar ekan-da?! O’sha ablahni o‘zimgina o‘ldirib qo‘ya qolsam! Shu odam Amerikaga prezident bo‘larmishmi? Xudo bordir, oxir! — Jessi ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Bork o‘rnidan turdi-da suv quyib xotiniga tutdi. Jessi suv ichar ekan, suvni yuziga sepdi va
56


talvasadan stakan chekkasini g‘arch-g‘arch tishladi.
— Tinchlan, Jessi, endi menga quloq sol, — dedi-da, xotinining boshini silamoqchi bo‘ldi.
Jessi o‘zini nari oldi.
– hech kimga quloq solmayman, hech kimga, va menga ham hech narsa dema, Xudo haqi! — u
yig‘idan gapirolmay qoldi.
– Bo‘pti, meni kechir. Birpas yoningda turay. Kechir.
Xotini kursida o‘tirgancha butun vujudi to‘lqinlanib, o‘zini to‘xtatolmay yig‘layverdi. Bork xotinining
sochlari oqarib keksayib qolganini endi payqadi, bunga ilgarilari ahamiyat bermagan ekan. Buni hozir, mana shu mash’um daqiqada ko‘rib turibdi.
Bork bo‘lsa o‘zini uyida emas, boshqa joyda turganday his qilib xonada duch kelgan tomonga borib kelar edi. Ko‘zi hech narsani ko‘rmas, jarlikka qulab tushadiganday — uning uchun to‘xtab turish ham, yurish ham qo‘rqinchli edi, — zimdan bo‘lgan zarbaning kuchi ana shunday dahshatli edi.
Bork ba’zida ringdagi boksyorlarning janglarini televizorda kuzatar ekan, yengilib qolgan yigitga rahmi kelib, bitta zarb bilan nokaut bo‘lgan bokschi tevarak-atrofga boshqa sayyoradan kelib qolganday olazarak bo‘lib nigoh tashlab turganda uning xayolidan nimalar kechishi haqida o‘ylab ketar edi. Buning qanday bo‘lishini bilib oldi. Endi u tushundi: atrof olam o‘z o‘rnida turarkan-u, odamning o‘zida, uning ichki dunyosida — kallada, ko‘chadagi toshqin yomg‘ir suviday g‘uvillab oqib yurgan qonlarda, tafakkurning ana shu quturgan sel suvlari yuvib ketadigan qorong‘i jarligida bebosh fikrlar tug‘yonida barbod bo‘larkan.
U ancha vaqtgacha u yoq-bu yoqqa yurib turdi, uzoq va mashaqqatli yo‘l bosganday bo‘ldi, baloyu ofat iskanjasiga tushgan tafakkur o‘sha qorong‘i jarlikda, o‘tmish vayronalarida bezovtalanar edi, u bundan bir soat oldin ham o‘z ixtiyori o‘zida edi. Shaxsiyati haqorat qilinmagan edi. Endi esa hammasi Oliver Ordok tomonidan, u yo‘ldan ozdirgan olomon tomonidan oyoqosti qilingan, kuydirib-yondirilgan edi. U o‘zining shaxsiyati poymol qilinganligini hatto jismonan sezdi. Badanini olov qopladi. Bork odamlar ko‘z o‘ngida birinchi bor halokatga uchragan edi. Endi buyog‘i nima bo‘ladi? – degan savol tug‘ildi. Hammaning ko‘z o‘ngida izzat-nafsini oyoq osti qilgan kuchga taslim bo‘lib, o‘zini peshonasidan otib tashlasinmi yoki kuch to‘plab bellashuvga tayyorlansinmi — uchinchi yo‘l yo‘q edi; hamma zamonlarda odamlar ayniqsa mag‘lubiyatga uchragan paytlarida bor kuch-quvvatini ishga solib g‘anim bilan bellashganda adolatning, haqiqatning albatta tantana qilishiga ishonishgan. U bir kun kelib o‘zim o‘zimga “yo hayot – yo mamot” deb qasam ichaman deb hecham xayoliga keltirmagan edi. O’sha daqiqalarda o‘zicha yana bir ayanchli kashfiyot qildi: uning fojeasi — Jessi uchun shaxsiy fojeasidan ham dahshatli edi. Shu boisdan uning ko‘ngli yanada g‘ash bo‘la bordi, Jessining dardu alamini yengillata oladigan bironta usul, bironta so‘z topilmas edi. U bo‘lib o‘tgan voqealarning nimalarga olib kelishini juda yaxshi tasavvur qilgan edi.
— Robert, — dedi Jessi xo‘rsinib yig‘lar ekan.
– Ha, Jessi, bir narsa demoqchimisan?
– Robert, men hozir bir narsa haqida o‘ylab ketdim, — deb so‘z boshladi-da, jim qoldi. Robert kutib
turdi. — Vannadan sochiq olib kelib ber.
Bork sochiq olib keldi. Jessi yuzini artar ekan, yoshini tiyishga harakat qildi.
– Bir narsa demoqchimiding, Jessi?
– Menga bir fikr keldi, Robert, bugun sening boshingga ham kosmosdagi Filofeyning boshiga tushgan falokat tushdi, bu idealizm fojealaridan. Men sening sevikli Suqroting haqida o‘ylab ketibman. Xuddi o‘sha zamonlarda bo‘lgani kabi, ko‘p vaqtlar o‘tgandan so‘ng idealistik utopiyaga (xayolparastlikka) olomon qarshi chiqdi. Kimdir birovning kallasiga qop kiydiradi va hamma shunga tashlanadi.
– Ehtimol shundaydir, — dedi Robert bosiq ohangda.
– Shundaymi-yo‘qmi, yoki taxminan shundaymi. Lekin nima bo‘lganini sen o‘zing ko‘rding-ku, Robert. Men Ordok haqida gapirmayapman, biz uni yaxshi bilmas ekanmiz, sen u bilan suhbat qilmasliging kerak edi. U shunday razil nusxa ekanki, prezidentlik kursisi deb har narsa qilishga — Har
57


qanday yolg‘onga, har qanday tuhmatga va uydirmaga tayyor ekan. Men u haqda gapirmoqchi emasman, ming la’nat unga. Lekin katta sportzalni to‘ldirib o‘tirganlarning qanday dahshatli olomon ekanligiga qara! Buni quturgan son-sanoqsiz yilqiga o‘xshatish mumkinki, bunday uyurlar o‘tgan joylarda gullar emas, balki xor-tikanlar bitadi. Hammasini xudo olsin! Oh, Robert, bu olomon, bu darranda! Bu nima, nima o‘zi, qanday dahshatli manzara! Yo parvardigor! — Jessi yuzini sochiq bilan yopib olib yana ho‘ngrab yubordi.
– Bas qil, Jessi, o‘zingni bos, o‘tinib so‘rayman, sen buni yuragingga juda yaqin olyapsan. Seni tushunib turibman, lekin o‘ylashib olaylik, masalaga bir oz uzoqdan qaraylik — xotinini yupatmoqchi bo‘ldi Bork. Uni yupatar ekan, mantiqqa asoslanishga, g‘azab otiga ko‘r-ko‘rona minmaslikka undadi va o‘zi ham ancha tinchlandi. — Sen ko‘p jihatdan haqsan, bu to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Shu bilan birga Suqrot aytgan fojia vaqt tanlamaydi, bu ham to‘g‘ri. O’ylab ko‘r. Bu shunday bo‘la qolsin. Omma — bu poda, tabiiy ofat yoki sening so‘zing bilan aytganda — uyur va shu bilan birga bu — ijtimoiy hayotning suyanchig‘i ham. Qochib qutula olmaysan! U insoniy moddiyat, hayot ana shu negizga qurilgan va yana shuning ustida turipti. Turmushning tuzilishida, aytish mumkinki, hayot dialektikasida mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan bir xususiyat — abadiy fojea yashab keladi: mutafakkir jamiyat qonunlarini kashf etadi, jamiyat bo‘lsa xuddi ana shu xizmatlari uchun uni murtad deb e’lon qiladi, keyinchalik esa xuddi ana shu kashfiyotlarni qurol qilib oladi. Inkor orqali ko‘z ochiladi.
– Robert, — xotini uning so‘zini bo‘ldi, ovozi va nigohi bilan ta’na toshini otib. — Sen xohlaganingcha fikr yuritaverishing mumkin, lekin ko‘z ochilish borasida menga nimalarnidir uqdiraman deb ovora bo‘lma. Ko‘zni ochish uchun odamni oldin oyoqosti qilish kerakmi? Shundaymi? Yo‘q, men bunisini qabul qila olmayman. Men bilan sening falsafa sotadigan vaqtimiz emas. Kun kech bo‘lyapti. Agar ko‘nglingga tugib qo‘yganing bo‘lsa, ertaga ertalab aytganing durust. O’ylab ko‘r.
– Ha, ko‘nglimga tugib qo‘yganman.
– Robert, buning ma’nosiga aqlim yetib turipti, hamma Ordok tarafda, sen tarafda esa mikrofonga chopib kelgan, oti nimaydi, haligi yigitni hisobga olmaganda — Hech kim yo‘q.
– Entoni Yunger.
– Jilla qursa o‘shangga rahmat. Endi ravshan bo‘ldi, senga qarshi fitna uyushtirilgan, sen bunga javob bera olmasdan tura olmaysan. Qaragin, agar haqiqat sen bilan Filofey tomonida ekaniga imoning komil bo‘lsa, qanday bo‘lmasin ana shu haqiqatni, — o‘zing nuqtai nazaringni oshkora isbotlashga haqlisan.
– Mana bu fikring mutlaqo to‘g‘ri, Jessi, sen aytganday — oshkora, hammaga eshittirib. “Tribyun” gazetasidagi maqoladan keyin darhol matbuot konferentsiyasi bermoqchiman. Shundan so‘ng voqealarning qanday kechishini ko‘ramiz. Maqolaning katta qismi tayyor, kompyuterda turipti, lekin mitingda menga ko‘p narsa oydinlashdi, ko‘p narsalar yangichasiga yuz ko‘rsatdi, bu esa, mening bilishimcha, Filofeyning haq ekanini isbotlaydi. Maqolada ba’zi bir o‘rinlarni oxiriga yetkazish, to‘ldirish, kuchaytirishga to‘g‘ri keladi. Ko‘rib turibsanki, men o‘z rolimni o‘ynab bo‘lmasdan sahnadan ketish niyatim yo‘q. Filofey haq va men uni himoya qilaman.
– Shunday ekan, vaqtni boy bermaslik kerak. O’zing tushunib turibsan. Biz aql-hushimizni yig‘ishtirib olishimiz lozim. Bu — jang. Men shunday deb bilaman. Haqiqiy jang!
– To‘g‘ri. Lekin bu jang raqib foydasiga, dushman foydasiga, g‘animning o‘z ustidan o‘zi uzil-kesil g‘alaba qilishi uchun olib boriladigan jang. Men sportzalda qarsak chalganlarni nazarda tutayapman. Bu jangning mohiyati ana shunda.
– Tushunib turibman. Lekin bunday degan bilan ko‘ngil taskin topmaydi. Buni men xohlamayman, to‘g‘rirog‘i qabul qila olmayman. Men o‘zimni o‘zgartira olmayman. Meni kechirasan. Dushman uchun jon kuydirish, shartli aytganda, qotilni qutqarib qolishmi? Yana xristian aqidalarimi?
– Oshiqma. Bu xristianlargagina emas, balki istisnosiz barcha dindorlarga tegishlidir. Afsuski, biz odamlar, aqlli maxluqlar doimo buzib aynitib turiladigan hayot uchun javobgarlikdan har qanday qilib bo‘lsa ham qochib qutilish maqsadida yugurib-elamiz. Buning uchun talay vaj topamiz, ezgulikni
58


yovuzlikdan farq qilmaymiz, hech narsadan tap tortmaymiz, aslida esa barcha falokatlar ana shundan kelib chiqadi, buni esa ko‘pchilik tushunishni ham xohlamaydi. Faqat shu yo‘l bilangina yashash mumkin ekanligiga va boshqacha yashab bo‘lmasligiga o‘zimizni ishontirmoqchi bo‘lamiz. Saylovoldi mitingi shuni ko‘rsatmadimi?! Axir yerda bizlarning o‘zlarimizdan, odamlardan boshqa yovuzlik sohibi yo‘q. Biroq har bir kishi yovuzlik manbaini boshqa birovlarda, o‘zidan tashqarida, o‘z guruhidan, o‘z toifasidan, millatidan, davlatidan tashqarida va undan ham narida — irqidan, dinidan, mafkurasidan yiroqda deb biladi... Hayotda yovuzliklar davom etmoqda. Embrionlarning hayotga qarshi chiqishigacha yetib borilayotir. To‘xta! Boshqa yo‘l yo‘q. Undan narida mutatsiya va naslning aynishi! Bularning hammasi halokatga olib keldi va borgan sari avj oladi, biz texnologik jihatdan qudratliroq bo‘la borgan sari bizning gumrohliklarimiz va uyatsizlik hamda boshqalarga nisbatan shavqatsizliklarimiz darajasi qo‘rqinchliroq tus ola boradi. Filofey genetik orkestrning buzilgan torlaridan biriga tegib ketd-yu ko‘ngilsizlik va qahr-g‘azabga sabab bo‘ldi!
– hoy, Robert, bas, — dedi Jessi. — Yaxshisi, sen bu fikrlaringni xalq oldida ayt, odamlar eshitsin. Ikkalasi ham j