B e sh i n ch i b o b
Robert Bork, nihoyat, telefon dastasini qo‘yar ekan, boshini chayqadi — Filofeyning maktubi chindan ham hammani qiziqtiradi. Asrlar osha hal qilinmay qolgan muammolar kam bo‘lgan deysizmi? Mana, endi kassandra-embrionlar jumbog‘i yoz kuni boshga qor yoqqanday bo‘ldi. Endi butun dunyo jazavaga tushadi. Qancha odamlar dovdirab qoladi. Vaqti-soati keldi! Na qochib, na yashirinib bo‘ladi! Nimadir nishona bermoqda! hoziroq osmonda muallaq turipti! Yetilib kelayotgan olovli hodisa- voqealarning tafti sezilmoqda! Bozorning qoq o‘rtasida kimningdir nomusiga tegishsa yoki diniy tuyg‘usini haqoratlashsa, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan qiy-chuv ko‘tarilgani kabi Filofeyning maktubiga shoshilinch va ayovsiz javob qaytarilishi aniq. Hokimiyat davrlarida, yangi xudolarni deb, yangi xaloskor haqiqatlar ilinjida, ideal hayot qurish yo‘lidagi xayoliy bepoyonliklar sari boshlangan katta va kichik yurishlarda har gal bo‘lgani kabi, Filofeyning g‘oyalari pachavasi chiqquncha tanqid qilinsa, masxaralansa, badnom etilsa, la’natlanilsa kerak. Hammavaqt shunday bo‘lgan. Nahotki tarix bu gal ham yana, yana ko‘r-ko‘rona takrorlansa! Nahotki har qachon bo‘lgani kabi, entikib nafasi tiqilsa, hech narsa kashf qilolmasdan hech nimaga erishmay barbod bo‘lsa? Lekin avloddan avlodga tobora ko‘proq to‘plana borgan yovuzlik, asrlar bo‘yi yig‘ilgan yovuzlik mahsuli o‘laroq hayotdan bosh tortgan kassandra-embrionlar o‘z-o‘zidan yo‘qolmaydi, Filofey kashfiyoti munosabati bilan kassandra- embrionlar to‘g‘risidagi xabar insoniyatning qiyin qismatidan — oxirzamon bo‘lishidan nishona beradi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas.
Ana shular haqida fikr yuritar ekan, Robert Bork nogahon o‘ylab ketdi — o‘zidagi bu ehtiros qaydan keldi, koinotning bir burchagida olam kezib yurgan samoviy rohib Filofeyning qilmishini nega yuragiga shunchalik yaqin olayotir, nega unga bu qadar kuyib-pishayotir, nega endi u kassandra-embrion ta’limoti muallifining otashin tarafdori, hamfikri bo‘lib qoldi? Bularning sababi nimada? Borkni hammadan ham ko‘proq hayratda qoldirgan narsa shu ediki, uning butun o‘tgan hayoti o‘z umrida ko‘rgan-kechirganlari, bor tajribasi va bilimi xuddi shu paytda, Filofeyning kashfiyoti munosabati bilan chinakam ahamiyat kasb etganday bo‘ldi. Ana shu ishonch unda ham taajjub uyg‘otdi, ayni vaqtda misli ko‘rilmagan darajada ich-ichidan qoniqish hissini hosil qildi, u o‘zini qidirib yurgan narsasiga, masalalar masalasiga yo‘l topganday sezdi. Ana shu masalani hal qilishni ehtimol u butun umr orzu qilgandir: shuning uchun ham samoviy rohibning kashfiyotini o‘zining jonajon ishiday himoya qilishga tayyor ekanligini his etdi. Bo‘lajak ma’ruzasining mavzusi ham esga kelib qoldi — «Kassandra- embrionlarning qo‘rqinch hissi nimadan darak beradi».
Xuddi shu zahoti u o‘ylab ketdi — Hayotda shunday yuksak daqiqalar bo‘ladi: yillar davomida to‘planib, kun sayin boyib borgan fikrlar birdan yashin yanglig‘ yalt etib yuz beradi. Bunga, albatta qo‘shimcha shart-sharoit — oiladagi inoqlik, o‘zining ilmiy doirasida tan olinganligi, ya’ni insonning kundalik holatiga, ish qobilyatiga har kuni ta’sir etadigan hamma narsa yordam beradi, buni esa juda oddiy qilib aytganda baxt deydilar. Buni kundalik turmush baxti desa ham baxtning bahosi tushib ketmaydi.
Xufton payti edi; charchaganligiga qaramasdan Robert Bork kabinetiga kirib olib, kompyuterni yoqdi. Endi ko‘ngildagi jamiki tuyg‘ularni nazardan qochirmasligi kerak. Bularning hammasi qog‘ozda, so‘zda o‘z ifodasini topmog‘i lozim.
Mehmonxonada yonib turgan kamin pechka kabinetning ochiq eshigidan ko‘rinib turar edi. Jessi yil bo‘yi, har qanday mavsumda ham kaminga olov yoqib qo‘yadi. U olov musiqasini sevar edi.
Dastlabki qanotli iboralar osongina paydo bo‘ldi. Toza yangi ekranda satrlar dalada traktor plugi
36


ag‘darib ketayotgan tuproq qatlamlariday aniq va ketma-ket terilgan edi. Kabinetning yon tomonidagi nim yorug‘ oynalaridan ko‘kimtir kuz kechasi ko‘zga tashlanar edi. Bog‘dagi daraxtlarning tanish sharpalari g‘ira-shira sezilardi. Oy osmonning bir chekkasida suzib, pag‘a-pag‘a bulutlarga sho‘ng‘ib ketar, yana yuz ko‘rsatar edi.
Ish yurishib turgan ana shu onda Robert Borkning xayoliy nigohida butun jahon kompyuter ekrani ortida yashiringan yuksak tog‘dan ko‘rinib turganday edi. Ana shu kezda Bork odamning boshqalar orasida yashashining, inson bolasining tug‘ilishdan to o‘lishga qadarli umrining muqarrar suratda muammodorligi, hayotning bosh mohiyatiga yetishishga urinishi haqida yozdi — inson daf’atanoq himmat-saxovatli qilib yaratilgan emas, mutlaqo bunday emas, buning uchun hormay-tolmay ruhiy kuch-quvvat sarflash talab qilinadi va har gal, har bir bolaning tug‘ilishi bilan — yetib bo‘lmaydigan idealga yetishish uchun bu ishni yana boshlamoq darkor. Odamning butun borlig‘i ana shunga yo‘naltirilgan bo‘lmog‘i lozim. Ana shundagina u — insondir.
Robert Bork inson hayoti to‘g‘risida fikr yuritar ekan, Filofey maktubi taassurotida tahlil qilmoqchi bo‘lgan masala hayotning oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan darajada murakkab ekanligini, uning naqadar ziddiyatli, makkor va keskin ekanligini xayoliga ham keltirmagan ekan. Jumladan, u prezidentlik kursisi uchun kurashgan Oliver Ordok bilan gaplashganda rohib Filofey kashfiyotiga munosabatini bildirgan soatdan boshlab o‘zining taqdiri hal qilib qo‘yilganligi haqida o‘ylamagan ham edi. Holbuki ana shu soatdan e’tiboran uning taqdiri Ordok taqdiriga bog‘liq bo‘lib qolgan edi. Ikkinchi tomondan esa uning taqdiri butunlay tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada, boshqa bir kishining o‘sha paytda orbitada, fazoviy hujrada kun kechirayotgan va o‘z navbatida Borkni bilmaydigan, uni tushida ham ko‘rmagan Filofeyning taqdiri bilan bog‘lanib ketgan edi.
Lekin nimaiki bo‘lmasin, bo‘lar ish bo‘lgan, bo‘yog‘i singan edi. Va taqdirlar bir-birlari bilan payvasta bo‘lib ketgan edi. Buni o‘sha oydin kechasi hali hech kim bilmas edi. Taqdiri bog‘lanib ketganlarning birontasi — birinchisi ham, ikkinchisi ham, uchinchisi ham bilmas edi... Lekin taqdirlar tarang tortib bog‘langan edi.
Oy esa tun qo‘ynida yog‘du sochar ekan, Yer ustida belgilangan aniq soat va daqiqalarda o‘zining abadiylik yo‘lida og‘ishmay olam kezar edi. O’sha kechada bo‘lgan qancha homilalarni oyning tortish kuchi olam substantsiyasiga, abadiylikning aylanma harakatini — tug‘ilish va o‘lish jarayonini davom ettirishga jalb qilgan edi. Hayotning abadiyligi onalar qornidagi yangi homilalarda yangilanib borardi. Va o‘sha kechada paydo bo‘lgan barcha homilalar kelajak shaxslari edi. Mana shu barcha homilalarga ozodlik eshiklari, tug‘ilish eshiklari ochib qo‘yilgan edi. Va o‘sha kechada hosil bo‘lgan embrionlar vaqti kelib biri mo‘‘min-musulmon, biri so‘qqabosh ruhoniy va hokazo va hokazo bo‘lib tug‘ilishi mumkin edi. Lekin abadiylik qonuniga zid o‘laroq, o‘sha kechadagi homilalar orasida hayot da’vatidan bosh tortgan genetik jihatdan nigilistlar — kassandra-embrionlar ham paydo bo‘lgan edi. Ular ikkiqat ayollarning qornida turib Kassandra belgisi nuri orqali o‘zi haqida xabar berish uchun paydo bo‘lgan, o‘gay taqdiri azalga qarshi o‘laroq, o‘zining sassiz iltimosini — Hayotdan vidolashishga ruxsat berishlarini so‘rab qilgan iltimosini Filofeyning zondaj-nurlari yordamida tashqi dunyoga ma’lum etish uchun paydo bo‘lgan edi.
Va o‘sha kechasi okeanda zulmat qo‘ynida milt-milt yongan mash’al yonida sohil yaqinida kitlar suzib bormoqda edi. O’ynoqi oydin kechada kitlar galasi qorong‘ida sadafday tanasini yaltiratib, sabot bilan to‘xtovsiz suzar edi. Ular qayoqqa suzib ketmoqda edi? Ularni nima o‘ziga jalb qilar edi? Ularni nima quvmoqda edi? Sohilda turib okean suvida va kitlarning ko‘zlarida aks etgan mash’al ularga nimalar demoqchi edi?
Va o‘sha kechasi kompyuter oldida futurolog Robert Bork o‘tirgan ko‘yi, bir tashvish tortsa, bir umidvor bo‘lar, bir umidvor bo‘lsa, bir tashvish tortar edi. Va u okeanda kitlar orasida suzib borar, kitlar uning o‘zlari bilan birga suzishini bilishar edi. Shunday qilib, ular birga suzishar edi, negaki uning taqdiri bilan kitlarning taqdiri borgan sari bir-biriga payvasta bo‘lib borar edi...
Jo‘sh urgan to‘lqinlar orasida kitlar qanday suzsa, u ham okeanda xuddi shunday suzar edi, uzoqdagi mash’alning nuri kitlarning ko‘zlarida qanday aks etsa, uning ko‘zlarida ham shunday aks
37


etar edi...
***
Moskva vaqti bilan kechasi roppa-rosa soat uchda mashhur Kreml kurantlarining har safar
davlatning buyukligi haqida butun dunyoni ogoh qilib zang urishi bilan jaydari boyqush Spas minorasidagi uyasidan uchib tushdi-da Kreml devori bo‘ylab soya yanglig‘ parvoz qilar ekan, keng qanotlarini sassiz qoqar, tik boqadigan sehrli ko‘zlarini yaltiratib, ulkan yapaloq boshini ilg‘ab bo‘lmas darajada qimirlatib borar edi. Boyqush har kechasi ayni bir vaqtda, atrofda tirik jon yo‘q paytda navbatdagi soqchilar roppa-rosa ikki yuz o‘n tantanali-marosimiy shaxdam qadam tashlash uchun Spas darvozasidan chiqib Lenin maqbarasiga qarab yurgan kezda uchib tushadi. Maqbara bu yerda uning, boyqushning ko‘z o‘ngida qad ko‘tardi, va u lahza sayin, kechayu kunduz yil bo‘yi, har doim qo‘riqlanadigan maqbaraning eshigi og‘zida ma’lum vaqtgacha haykal sifat qaqqayib turgan ko‘plab yosh soldatlarni ko‘rgan.
Butun maydonni u yog‘idan bu yog‘iga kesib o‘tar ekan, boyqush oydinda granit libosi jilolanib turgan maqbara ustida, so‘ngra maqbaraning orqa tomonida, qarag‘aylar tagida, Kreml devorining shundaygina yonida davlat marosimi bilan dafn etilgan do‘kay rahbarlarning qabrlari ustida bir necha bor aylanib uchdi va odatda yarim kechadan o‘tgan sokin paytda paydo bo‘ladigan va quyib qo‘yganday bir-biriga o‘xshash, har ikkalasi ham pakana, har ikkalasi ham xumkalla shu yerlik arvohlarning, aftidan bu gal ham qadam ranjida qilmoqchi emasliklariga ishonch hosil qilgach, (qaerga yo‘qolishtiykin, yana aytishib qolishmadimikin?!) postda toshday qotib turgan soqchilar yonidan shovqinsiz otilib uchib nariroqqa ketdi. Boyqushning hafsalasi pir bo‘ldi — Har ikkalasi ham pakana, har ikkalasi ham xumkalla arvohlar, g‘iybatchi suhbatdoshlar, ajralmas ikki do‘st Qizil maydonda sayr qilish uchun, hayot ikir-chikirlari to‘g‘risida gap sotish uchun ancha vaqtdan buyon kelishmayapti. Narigi dunyolik bu ikki shaxs bundan boshqa nima ish ham qilishsin?
Chindan ham, ular gaplashishni, o‘tmish haqida, albatta siyosat bobida suhbatlashishni o‘ta xush ko‘rishardi. Shunday bo‘lardiki, arvohlar qizishib, janjallashib qolishar, tortishishar, so‘kishib ham ketishar edi. Ulardan biri jon-jahdi ila ikkinchisi bilan endi hech qachon uchrashmasligini, uni yomon ko‘rishini, ko‘rarga ko‘zi yo‘qligini, uning yoniga yaqin kelmasligini so‘zlar, ikkinchisi esa bunga javoban mening boradigan joyim yo‘q, o‘lganingdan keyin to‘kilgan xazonday gapsan, shamol uchirgan tomonga ketaverasan derdi. Olloh taoloning irodasiga ko‘ra, ana shu bir-biri bilan chiqisha olmaydigan, tinib-tinchimas sharpalarning narigi dunyodagi omonat hayotini faqat boyqushgina ko‘ra va eshita olardi... Boyqush uzoq yillar davomida ularga o‘rganib qolgan, ular bo‘lmasa zerikib qolar, o‘zini biror narsa yetishmayotganday his qilar edi. Lekin boyqush ularning boradigan boshqa joyi yo‘q ekanini, ertami, kechmi qadam ranjida qilishlarini bilar edi. Mana, yaqinda maydonda katta parad va namoyish bo‘lishi kerak, shularning ketidan kechasi hayajonga tushib, ko‘rgan-bilganlaridan ko‘zlarini mast odamlarnikiday baqraytirib sharpalar albatta kelishadi. Barabanlarning gumbirlagan ovozi, harbiy saf muzikasi, soldatlarning maydon uzra yurakka qadaladigan qadam tashlashlari ularni o‘ta hayajonga soladi. Harbiy texnikaning shovqin-suroni-chi! Namoyishlar, namoyishlar shunday hayajonga soladiki — odamlar daryoday oqadi, bor ovozi bilan qichqirishadi, maqbara ustida turganlarning rasmlarini, shiorlarni ko‘tarishib shodu xurram o‘tishadi. Va olomon “ura-aa” deb qichqirib, urug‘ qo‘yish uchun suzayotgan baliqlarday kallasi kallasiga tekkunday bir tomonga oqadi.
Lekin sharpalarning kunduz kuni, yorug‘da paydo bo‘lishi joiz emas, bo‘lmasa ular vaqtning kechish jarayoni bilan hisoblashmasdan, fanodan oniy hayotga qaytib kelgan, ishga kirishib ketgan, hayajonga tushgan odamlar daryosi tepasidagi yuksak maqbaraning ustki minbarida turgan bo‘lur edi. Shundan so‘ng bularning hammasi birdan stop-kadrdagiday to‘xtagan, harakatsiz serrayib qolgan, ovozsiz sahnada tarixning tushuniksiz lazzatli zavq-shavqi ila abadiylikka, mangulikka qotib qolgan bo‘lur edi. Kreml ustidan guvillab uchib o‘tayotgan samolyotlar ham, harakatsiz to‘xtab qolgan, hurkak kabutarlar ham osmonda turib qolgan va porloq ko‘zlar ham, baqiroq ovozlar va hatto harakatga kelgan pok fikrlar ham miya qatlarida turib qolgan bo‘lur edi... Quyosh ham bir joyda abadiylikka qotib qolgan bo‘lur edi...
38


Begim kunlari, xususan havo aynigan kezlarda, surunkali yomg‘ir paytlarida, yer bag‘irlab izg‘irin turgan onlarda — maqbara yonidagi soqchilar oyoqlariga piyma etik, kalish, boshlariga quloqchin, qo‘llariga qo‘lqop kiyib olgan va og‘izlaridan chiqqan hovur kiyim yoqalariga, yelkalaridagi miltiq- avtomatlarning og‘izlariga oppoq qirov bo‘lib qotib qoladigan fursatlarda, xumkalla-pakana arvohlar, balki havo ayniganidan bo‘lsa kerak, vaysaqi bo‘lib bir-biri bilan chiqisha olmay qolishadi, ko‘proq burchak-burchaklarga tiqilib, oyga ko‘z qirini solar ekanlar, bir-biriga gap qaytarishadi, ana shunday mahallarda boyqushning qulog‘iga asabiylashgan ovozlar tez-tez eshitilar edi: “Tushuntirib bo‘lmaydigan narsalarni menga ishontirishga urinma! O’limga davo yo‘q, davo bo‘lishi mumkin ham emas, o‘lim haqdir. Men o‘lgan ekanman, abadiy yashab qolmoqchi emasman, soxta hayotning menga keragi yo‘q! Bu qachongacha davom etadi?! Oxiri bormi o‘zi, tinchim ham yo‘q, hammasi jonimga tegdi! Ilgarilari o‘ylamagan ekanman, endi bo‘lsa nega tug‘ildim, meni onam nima uchungina tug‘di ekan degan fikr kallamdan chiqmaydi. Men tug‘ilishni xohlamagan edimku! Endi bo‘lsa maqbaraga qamalib qolganman. Bularning hammasi sening ishing! Bu sening iblisona, makkorona g‘oyang! Bunga hech qachon rozi bo‘lmayman, hech qachon, esingda bo‘lsin”. Bunga sherigi o‘zining butunlay o‘chib qolgan trubkasini osoyishta tortar ekan xirillagan ovozi bilan javob berar edi: “Quloq sol, men senga ko‘p marta tushuntirganman. Bu partiyaning xohishi edi. Men senga aytganman: sen partiyaga butun borlig‘ing bilan, ko‘rgazmali qurol shaklida kerak eding, tushunyapsanmi, jahon inqilobi uchun sinfiy qasam ichishlar uchun kerak eding, sen partiyaga o‘lganingga qaramasdan va o‘lganingdan keyin ham kerak eding. Sen inqilob fir’avnisan, seni asrashadi, avaylashadi, senga tosh tobutingda ta’zim qilishadi!” — “Men bo‘lsam buni mutlaqo xohlamayman! Men qat’iy norozilik bildiraman! hech kimning, mutlaqo hech kimning o‘lim bilan hisoblashmaslikka haqi yo‘q. Bu — bema’nilik”.
Boyqush ularning tepasidan uchib o‘tar ekan, hang-mang qolar edi – ular turfa olam haqida g‘azabnok janjallashar ediki, bunaqasini dunyoning biron go‘shasida eshitmaysan...
Lekin bugun ular, yarim kechada paydo bo‘ladigan janjalkash sharpalar yo‘q edi... Maydon xoli edi...
Boyqush Kreml qal’asining kungirador devori ustidan shuv etib uchib o‘tgach, o‘zining ulkan ko‘zlari bilan butun tevarak-atrofni ko‘zdan kechirib bordi-da, bo‘m-bo‘sh tomlar ustidan o‘tib saroy bog‘lari tomon yo‘l oldi. U bu yerda kuzning qalin shox-butoqlari orasida sekingina “uh” tortdi, tepalik ustiga chiqqach pastda sokin oqayotgan daryoning muyulishiga, uxlab yotgan uylarning qorong‘u tomlariga nazar tashladi. Ko‘prik tagida daydi ko‘ppak angillar edi. Sovuq yegan bo‘lsa kerak...
Boyqush birdan xayol surib ketdi, qulog‘iga ko‘z ilg‘agis uzoq-uzoqlardan, dunyoning bir chekkasidan qandaydir tovushlar eshitilganday bo‘ldi — okeanda tun qo‘ynida kitlar galasi suzar, tog‘day tanalari bilan bahaybat to‘lqinlarni yorib borar edi. Kitlar atrofida okean suvi guvillar edi. Suv ularning suzishiga monelik ko‘rsatar, lekin kitlar parvoyi palak qayoqqadir shoshilmoqda edi. Ularning vulqonday qaynoq nafasidan qandaydir tashvish-xavotir sezilganday edi.
Boyqush Kreml tepaligida turar ekan yer kurrasida qandaydir voqea sodir bo‘lishini sezdi. Har doim shunday bo‘lgan — dunyodagi har qanday falokati kabir oldidan kitlarni tashvish-xavotir bosar edi.
Kreml bog‘ida boyqush og‘ir xo‘rsindi. Tong yorishmoqda edi...
Ertasiga ro‘y bergan voqea Robert Bork uchun qandaydir kutilmagan narsa bo‘lmadi, voqealarning bunday kechishini oldindan bilish mumkin edi. Lekin bunchalik keskin tus olishini kutmagan edi...
U ertalab lektsiya o‘qish uchun dorilfununga ketayotganida o‘zini xotirjam va mamnun sezar edi. Keyinroq esa...
Tushdan keyin Bork uyiga qaytdi. Yo‘lda mashina rulida diqqat-e’tiborini bir yerga to‘play olmadi. Tezroq uyga borib, Jessidan bosimni o‘lchaydigan haligi apparatni, o‘sha oting qurg‘ur o‘sha asbobni toptirmoqchi bo‘ldi. Jessi ba’zan o‘ziniki bilan birga Robertning ham bosimini o‘lchab qo‘yar edi. Uning sog‘ligi joyida, nolishga o‘rin yo‘q edi, bosimini o‘lchashga uringanda xotinining injiqliklariga marhamat yuzasidan kulib qo‘yib rozi bo‘lardi. Endi esa sog‘ligidan xavotirlanganday hammasini o‘zi
39


bilib olmoqchi bo‘ldi. Tobi qochganday sezdi o‘zini. U umr dunyosining omonatligini sezganday g‘alati bo‘lib ketdi. Hayot qandaydir o‘rnidan qo‘zg‘alganday, shamolda qalqib turganday tuyuldi, ko‘p yillardan beri tanish-bilish kishilarning ko‘zlarida va ovozlarida ham nimadir o‘zgarganday sezildi, ehtimol uning o‘zida ham shunday bo‘lgandir?
Tez yurishga mo‘ljallangan va mukammal jihozlangan o‘sha ajoyib keng yo‘lni ham o‘zi yaxshi bilmaganday his qildi. Yo‘lda ham negadir xavotirga tushib borar edi. Hamma narsa oldingiday emas, butunlay o‘zgarib ketganday edi. Hammasi o‘z o‘rinlarida bo‘lsa ham tevarak-atrofdagi borliq go‘yo boshqacha ahamiyat kasb etgan... Buning boisini tushunish qiyin edi...
Jessining mashinasi uyining yonida turgan ekan. Bork buni ko‘rib bir oz o‘zini yengil sezdi. Demak, xotini hali repetitsiyaga ketmagan ekan.
– Xo‘sh, ishlar qalay? — deb Jessi istiqboliga chiqdi. Uning chehrasida har doimgiday tabassum balqir edi. — Yana bir narsa bo‘ldimi? Nima uchundir avzoying g‘alati. — Jessi erining yuziga boqdiyu tabassumli nigohi birdan o‘zgardi. — Tobing qochib qoldimi?
– hechqisi yo‘q. Jessi, tasavvur ham qila olmaysan, odamlar jinni bo‘lib qolganga o‘xshaydi! — dedi-da, portfelini divanga tashladi, pidjagini yechib uloqtirdi.
– Kofe ichasanmi?
– Mayli. Qo‘ng‘iroq qilishdimi?
– Qilishdi. Bu haqda keyinroq gaplashamiz. Shaharda nimalar bo‘layotganini aytib ber.
– Nimalar bo‘lyapti? Bo‘lgani bo‘lyapti. Vahima. Hammaning og‘zida Filofey. Shunaqa gaplar.
Gazetalar, radio va televidenieni gapirmayoq qo‘ya qolay. Olag‘ovur, hamma buning mohiyatini bilib olishga urinadi.
– Hsha mahkamalardan telefon qilishdi: “Si-en-en”, “Amerika ovozi”, “Ozodlik” radiosi. Men seni kechroq keladi deb edim. Gapiraver.
– Dorilfununda bo‘lsa qadam bosib bo‘lmaydi, hamma oyoqqa turgan. Ko‘chalar yonib yotipdi. Hammaning og‘izda faqat bir gap. Barchani hayajonga solgan voqea haqida hamma birday gapirsa yomon bo‘larkan. Qayoqqa borma, g‘azab to‘la gaplarni eshitasan. Gitlerning maydonlarda nima ishlar qila olganini, odamlarni qanday ko‘ylarga solganini endi tushundim.
– Ehtimol sen haqdirsan. Axir ular studentlarku, nima demoqchisan. Yosh, qaynoq, g‘ayrati ichiga sig‘maydi. Birdan Filofey chiqib qolsa? — Sening aytganingcha bor. Esimda, Kennedi otib o‘ldirilgan kuni ham xuddi shunday bo‘lgan. Bugun qanaqangidir beboshlik, tartibsizlik, to‘s-to‘polon. Birovlar Filofey tabiatning botiniy siriga burnini suqdi deyishadi-da, ketidan buning teskarisini aytishadi — tekshirib bo‘lmaydigan qatag‘on sirlarning o‘zi bo‘lishi mumkinmi? Boshqa birovlar — tashvishlanishga arzimaydi, samoviy rohib orbitada turib nasihatgo‘ylik qilaversin, bizga nima, uch pulga arzimaydi deydi. Bor-yo‘q gapi jinday husnbuzar ekan. Bunga javoban luqma tashlashadi: sen erkaksan, senga sariq chaqalik ekan, bo‘lajak bolasi tug‘ilishni xohlamagan ayol sho‘rlik nima qilsin? Endi buyog‘i nima bo‘ladi? Kassandra tamg‘asiga qanday munosabat bildirish kerak? Mavjud voqeadan qanday ko‘z yumsa bo‘ladi? Uchinchi bir xil odamlar kurakda turmaydigan gaplarni aytishadi. To‘rtinchi xil odamlar, beshinchi, o‘ninchi xil odamlar va hokazo. Nihoyat, hammalari ayyuhannos ko‘tarishadi: genetik kodga burun suqishning nima keragi bor — buni taqdiri azal deydilar, taqdiri azal esa Xudodandir. Odam ming-ming yillardan beri taqdiri azal bilan yashab kelgan, birdan bizning irodamizdan tashqari narsani taftish qila boshlashsa... Shunga o‘xshash gaplar. Hammasini aytib ado qilolmaysan. Kimgadir bu uch pullik narsa, bor-yo‘g‘i husnbuzar, kimgadir fojia. Ha, aytib oxiriga yetib bo‘lmaydi. Eng dahshatlisi – Kassandra harakatga keldi. Aytishlaricha, yuridik fakultetda o‘qiydigan bir qiz lektsiya paytida oynaga qarab turib birdan auditoriyadan otilib chiqipti. Uning peshonasida o‘shanday dog‘ — kassandra-embrion signali nishon bergan ekan. Boshqa bir voqea bundan ham o‘tib tushipti. Yo‘lda halokat yuz beribdi. Rulda ketayotgan ayol mashinada o‘tirib kuzatish oynasiga qarasa, peshonasida o‘shanday xavfli dog‘ ko‘ringanday bo‘libdi. Yaxshiyamki, falokat ro‘y bermabdi.
– E, Xudoyim-ey! — Jessi stulga cho‘kdi. Hammamizning boshimizga balo bo‘ldi! Buyog‘i nima bo‘ladi? Qandaydir yo‘l topish kerak-ku!
40


– Bilmayman, Jessi, bilmayman. Mendan nima xohlaysan? Buning ustiga, sen repetitsiyaga borishing kerak. Qaytib kelganingdan keyin gaplashamiz. Yuragim g‘ash.
– Repetitsiyaga balo bormi? Dunyoda nima ishlar bo‘lyapti-yu, repetitsiya deysan.
– Boshlandi endi!.. Sen ham chakki emassan. Butun boshli bir orkestr kutib tursa-yu, uyda Filofeyning vahimalariga qovurilib o‘tirsang.
– Telefon qilib kasal bo‘lib qoldim deyman. Axir ular orasida yoshi kattasi menman. Yaqinda buvi bo‘laman. Sen buni yaxshi bilasan-ku.
– Mening qismatim ham senikiday, farqi faqat men erkak buviman, — xotinini kuldirishga urinib dedi eri. — Chikagoga Erikaning uyiga sen buvi, men buva bo‘lib borsak, toza omadi ish bo‘lardi-da! hozir bu haqda o‘ylaydigan mavridi emas, Jessi, repetitsiyani barbod qilma, bo‘lar bo‘lmasga.
Jessi o‘ylanib qoldi.
– Xo‘p, mayli. Mening yana yarim soat, hatto ko‘proq vaqtim bor. Endi kishilar qanday yo‘l tutishi kerak, ular nima bo‘ladi? Erika yetti oylik homilador. Uning peshonasida ham Kassandra tamg‘asi nishon bergan bo‘lsa-ya? Agar Erika yaqinda homilador bo‘lganda bormi, men kechalari umuman uxlamagan bo‘lar edim. – Jessi indamay qoldi va bir oz o‘ziga kelgach, qo‘shib qo‘ydi: — Robert, senga kofe tayyorlab keyin ketaman.
– Kofeni o‘zim tayyorlashim mumkin, sen jo‘nayver.
– Yo‘q. Aytgancha, boshqalar qatori Ordok nomidan Entoni Yunger degani telefon qildi.
– Yunger? ha, esladim. Xo‘sh, u nima dedi.
– hozir kelib aytib beraman.
Xotini oshxonada bug‘ bilan ishlaydigan va shuning uchun parovoz deb ataladigan eski
kofeqaynatgichda kofe tayyorlaguncha Robert Bork kursida o‘tirib dam olar ekan, shalviragan qo‘llarini yoniga tashlab, go‘yo o‘z uyida yotsirab qoldi. U hatto gir-atrofga nazar tashladi. Go‘yo birinchi bor ko‘rayotgan kabi zilday mebel to‘la katta mehmonxonaga razm soldi: Venetsiyadan qachonlardir Jessi sotib olgan chilchiroq va kamin-pechka ustida katta oyna turipti. Royal, violonchel. Oynavon shkafda zarhal muqovali kitoblar (kitoblarning ko‘pchiligi ikkinchi qavatda, kabinet yonidagi kutubxonada saqlanadi). Va butun uy, hatto o‘zi ham qandaydir begonaday tuyuldi o‘ziga. Eski Venetsiya ko‘zgusiga qarar ekan, o‘zining keksayib qolgan polvon oq yol otday suyaklari turtib chiqqanini sezdi, u o‘zining o‘tmish hayotini, o‘z hayoti bilan bog‘liq narsalarni, o‘zini, o‘zining har doim g‘ayrioddiy fikrlar bilan band ekanligini ko‘z oldiga keltirdi. U o‘ylanib qoldi: «Nahotki menga ko‘p narsa kerak bo‘lsa, nega men chindan ham zamon oxir bo‘lganday bunchalik kuyib pishaman? Ehtimol, endi men noma’lumlikka sho‘ng‘ib ketishim uchun mening butun o‘tmish hayotim shunchaki debocha bo‘lgandir. Maxfiy eshikni axtargan ko‘rday timirskilashim kerakmi? Futurologiyaga yopishib olib har holda ishi yurishgan olim sifatida tinch-totuv yashab nimaga erishdim? Nihoyat samodagi Filofey siymosining mening taqdirimga ta’sirini olaylik. Bu nima? haqiqat g‘alaba qilgan lahzami? Intiqommi? Shundaymikin? Filofey men uchun kim? O’ylab ko‘rsa, hech kim emas. Nega bo‘lmasa men tinib-tinchimayman? Demak, uning menga daxldor joyi bor ekan-da? Ba’zan kitlar tushimga kiradi, endi bo‘lsa...»
Bu fikrlar, shubhalar uni tark etmas edi. Nima to‘g‘risida o‘ylamasin samoviy rohib kashfiyotlari esiga kelaverar edi. Hamma-hammasini — bundan oldin bo‘lgan voqea-hodisalarni ham, undan keyin ro‘y bergan narsalarni ham qiyoslashga to‘g‘ri keldi.
Jessi kofe olib kirdi. Gap yana oldingi mavzu atrofida aylandi. Robert Bork asarlarining shaydosi Entoni Yunger prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatilgan Ordokning qo‘mondasi nomidan dorilfununga, Borkka telefon qilmoqchi bo‘lgan ekan, lekin uni topisha olmabdi. Shundan so‘ng kunning ikkinchi yarimida yana qo‘ng‘iroq qilaman debdi. Jessi unga Borkning o‘zi telefon qilsa bo‘lmaydimi deb so‘raganda, Yunger: “Meni topish qiyin, yugurib-elib yuribman, bugun bizlarning behalovat kunimiz, Ordokning saylovchilar bilan uchrashuvi tayyorlanyapti, shundan so‘ng katta matbuot konferentsiyasi bo‘ladi, umuman tashvish ko‘p, Bork bilan gaplashishni juda-juda xohlar edim” depti. Yana: “ko‘pdan beri gaplashmoqchi edim, endi buning uchun bahona topildi. Iltimos, aytib qo‘ying, menda ko‘p
41


ma’lumotlar va savollar bor. Albatta qo‘ng‘iroq qilmoqchiman”.
Jessi repetitsiyaga jo‘nab ketgandan keyin ko‘p o‘tmasdan telefon jiringladi. Bu o‘sha Entoni
Yunger edi.
– Mister Bork, biz bilan sizning Filofey ismli umumiy do‘stimiz bor, shunday emasmi, biz hozircha
baxtga qarshi telefon orqali tanishdik, bu tanishish umuman olganda Filofeyning maslahati bilan bo‘ldi.
– To‘g‘ri. O’sha samoviy rohib endi bizning hayotimizda katta rol o‘ynaydi.
– Gap ana shu haqda ketayotir-da, mister, Bork. Bu boshqalardan ko‘ra sizga ko‘proq ma’lum bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Endi voqealar jarayonining qanday kechishiga, ruscha qanotli ibora bilan aytganda, tarix g‘ildiragining qanday aylanishiga bog‘liqdir. Maqtanib qo‘yishim mumkin, axborotingiz uchun ruschani yomon bilmayman. Bordi-yu shu jihatlarim bilan sizga foyda keltira olsam, mamnun bo‘lar edim.
– Ha, bunisi yaxshi, — dedi Robert Bork hayratomuz javob qaytarib va Entoni Yungerning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga va ovozining jarangdorligiga qoyil qolib. “Ancha g‘ayratli yigit ko‘rinadi!” — o‘yladi
u.
– Yoshi nechalarda ekan? — Men ham Gorbachev davrida Rossiyada bo‘lganman: — dedi rus
mavzuiga javoban. — Moskva, Leningrad, Kiev. Aytmoqchi, Entoni, siz necha yoshdasiz? Shunchaki gap kelganda so‘rayapman.
– Marhamat! Ulug‘sifat bo‘lib ko‘rinish uchun — o‘ttiz yoshdaman demoqchi edim, endi, anig‘ini aytaman — yigirma sakkiz yarim yoshdaman, — dedi u. — Aql kiradigan vaqt kepti. Yana nima deyish mumkin? hayot va bilimning boshqa qutbi bo‘lmish Moskva menga ko‘p narsa berdi, lekin kegebega xizmat qilmaganman. Boshidanoq aytib qo‘yay.
Amerikada keng tarqalgan bu hazilga har ikkalasi ham kulib yubordi.
– Kechirasiz, Entoni, yoshingizga qaraganda siz mening o‘g‘lim tengisiz. Bunga qiziqishimning boisi shuki — gap jiddiy masalalar ustida ketganda suhbatdoshning yoshini bilib qo‘ygan yaxshi.
– Men ham shunday deb o‘ylayman. Siz haqingizda hamma narsani bilib oldim desam bo‘ladi. Sizning kitoblaringizni o‘qiganman, keyingi vaqtda “Jahonshumul uyning to‘qqiz eshigi” nomli maqolangizni qayta-qayta diqqat bilan o‘qidim.
– Ha, bu futurologiya sohasida butun dunyoda bayon etilgan g‘oyalarni tahlil qilishga urinish edi. Rahmat, boshim osmonga yetdi, — javob berdi Bork.
– Men o‘zim, sizga aytsam, akademik uslub bilan aytganda, tushunib bo‘lmaydigan nusxaman, — dedi Entoni kinoya aralash, — bilim rezgilaridan yasalganman, falsafadan tortib ilmi nujumgacha barcha sohaga tirishib-tirmashib yopishganman, qachonlardir kosmosni orzu qilganman. Kasaba uyushmasi ishlari bilan ham, jurnalistika bilan ham shug‘ullanganman. Oliver Ordok bilan yaqinligim shundan. U populizmga umid bog‘lagan, uning kuchi ana shunda. Saylov oldi poygasida endi unga yordam berish kerak. Biz yordam berishga harakat qilyapmiz ham. Uning qo‘mondasida ommaviy axborot vositalari bilan shug‘ullanayotirman. Masalan, shu bugun uch soatdan keyin “Alfa-Beysbol” sport zalida saylovchilar bilan katta uchrashuv bo‘ladi. Odam deganingiz dengiz, bevosita televidenieda ko‘rsatishadi. Shundan keyin kechqurun — matbuot konferentsiyasi bo‘ladi, bu ham bir necha kanalda bevosita televidenie orqali ko‘rsatiladi. Bularning hammasini sizga bekorga gapirib berayotganim yo‘q, mister Bork. Ehtimol, bizning, ya’ni Ordokning ishlari qaysi sohalarda yaxshi ketayotganini, qaysi jabhalarda oqsayotganini bilish siz uchun qiziqarlidir. Kechirasiz, sizning vaqtingiz bormi, men sizni gapga tutib qolmadimmi?
– Yo‘q, qulog‘im senda, Entoni.
– Shu munosabat bilan mening nimaga e’tibor bermoqchi ekanligimni bilib qo‘ysangiz. Ertalab biz hammamiz yigirma chog‘li odam — yordamchilar, ekspertlar va boshqalar Ordok kabinetida yig‘ildik, u eng avval samoviy rohibning maktubi yuzasidan kecha siz bilan telefon orqali uzoq suhbat qilganligi haqida axborot berdi.
– Ha, gaplashib edik, — tasdiqladi Robert Bork.
42


– Hammaning dilida va tilida bo‘lgan narsalar yuzasidan Ordokning siz bilan maslahatlashgani zo‘r bo‘pti. U borgan sayin ko‘proq shuhrat qozonayotgan siyosatchi, lekin hecham payg‘ambar emas va... – Entoni, azizim, — uning gapini bo‘ldi Bork. — Bilaman, menga murojaat qilishni Ordokka sen
shipshitgansan. Lekin men ham payg‘ambar emasman. Meni hammasini bir zumda fahmlab oladigan odam deb o‘ylaysanmi? Shu barcha masalalarni ipidan ignasigacha tushunib olishimga yordam bersa, xohlagan odamga murojaat qilishga tayyorman. Sen bu masalalarning hammasini biladiganday menga telefon qilyapsan. Men o‘z mulohazalarimning shubhasizligiga kafolat bera olmayman. Buni nazardan qochirmaslik kerak.
– Shunday ekan men mamnunman! — Entoni Yunger Borkni o‘z javobi bilan ham hayratga soldi. Va uning ovozi yoqimli jarangladi.
– Sen nimadan mamnunsan?
– Sezgirligim pand bermaganidan. O’z elidan payg‘ambar chiqmaydi degan matal bor, lekin shunga qaramasdan, men yana bir marta amin bo‘ldim-ki, prezidentlik kursisiga da’vogar bo‘lgan siyosatdon dastlab siz bilan, sizga o‘xshagan mutafakkir bilan maslahatlashishi kerak ekan. Ordok bugun butun bir stadion to‘la odam oldida nutq so‘zlashi, savollariga javob berish kerak. U bir qop afkor ommani o‘ziga qaratib, yelkasiga ko‘tarib ketadimi-yo‘qmi, gap unda emas. Muhimi shuki, sizning qarashlaringiz shu yo‘l bilan omma mulki bo‘lib qoladi. Men buni ertalab bizga Oliver Ordok aytib bergan so‘zlarga qarab gapirayotirman.
– U nima degan ekan?
– Umuman, men shunday tushundimki, u sizning fikringizga suyanib Filofeyning kashfiyoti bor narsa, u bilan barcha odamlarning, jamiyatning barcha tabaqalari, barcha qit’alardagi odamlarning hisoblashmasligi mumkin emas deb sharhlashga moyil. Shunday emasmi? Menimcha shunday. Ordok taxminan shunday dedi.
– Buning bor narsa ekanligini ma’lumot uchun qabul qilish — bu bir gap, bu boshlang‘ich nuqta. Xo‘sh, undan keyin-chi? Kassandra-embrionlarning paydo bo‘lishiga olib kelgan va olib kelayotgan sabablar nima bo‘ladi? Ijtimoiy, tarixiy, psixologik jabhalarda-chi. Bu sohada savollar to‘lib-toshib yotipti.
– Siz haqsiz, mister Bork, — dedi Entoni va yana nimalardir demoqchi, o‘zining xayrixohligini bildirmoqchi edi, lekin Bork yana tilga kirdi:
– Bu hodisa mening butun borlig‘imni qamrab oldi, hatto shunday tuyuladiki, men kechagi odam emasman, va hayotning mag‘zini qaytadan chaqishim kerak, lekin men umrning tugayotganini ham unutmasligim joyiz. Filofey kashfiyoti inson taqdiri masalasiga doir bizning oldingi fikrlarimizni yo‘qqa chiqaradi. Biz ilgarilari tan olmagan narsalar oshkor bo‘lib qoldi. Taraqqiyot, tsivilizatsiya bor joyda salbiy narsalar ham bo‘lib turadi deb o‘ylardik. Daraxt kessang, payraxa uchadi. Ruslarda shunday matal bor.
– Ha, bu matal juda mashhur. Masalan, Stalin ommaviy repressiyalarni shu matal bilan oqlamoqchi bo‘lgan. Gapiravering, men jon qulog‘im bilan eshityapman.
– Mana shunday gaplar. Men nima demoqchi edim? Filofey kashfiyoti shuni ko‘rsatdiki, ko‘rsatganda ham shafqatsizlik bilan ochib tashladiki, odamlar butun tarix davomida, avloddan avlodga muntazam suratda bir-birlarini qiynab jonlarini olib kelishgan, oqibatda insoniyat yashab kelgan dunyo ko‘p narsa yo‘qotgan; o‘zlarining tarixiy takomil topish yo‘lida qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan juda ko‘p yutuqlardan mahrum bo‘lishgan. Umumiy tarzda aytganda, manzara ana shunday. Barcha uzluksiz urushlar, jumladan shonli urushlar deb nom olgan urushlar, barcha inqiloblar, g‘alayonlar, qo‘zg‘olonlar, jinoyatlar, hokimlarning shafqatsizligi, ta’limot hamda mafkuralarning zulumkorligi — bularning hammasi, kishilarning hayotini, taqdirlarini mudom chil-parchin qilib egib ezib turadigan, xalqlarda bir-birlariga nisbatan nafrat uyg‘otadigan, odamlarni ochko‘z maxluqlarga aylantiradigan jamiki vositalar, bularning barcha-barchasi Filofey ko‘zi bilan qaraganda borgan sari ko‘payib ketayotgan kassandra-embrionlarning nidosiz noroziligida o‘z ifodasini topmaganmikin? hayotdan bosh tortish oxirzamon nishonasi emasmikin? Nima bo‘ldi deng: uzil-kesil ishonilmagan
43


afsona — oxirzamon to‘g‘risidagi afsona hayot taqozosi bilan bor narsa bo‘lib chiqdi. Shu bugun kechasi boshlagan maqolamda shu haqda yozyapman. Oliver Ordok Filofeyga va uning kashfiyotiga o‘z nuqtai nazari bilan qarashi mumkin, lekin nima bo‘lganda ham Ordok ham, uning komandasi ham – Hammamiz qanday murakkab vaziyatga to‘g‘ri kelib qolganimizni anglab olmog‘imiz lozim. Men kecha Ordokka taxminan shunday dedim.
– Bugun ham, kecha ham sizni telefonda uzoq vaqt band qilib qo‘yib yaxshi qilmadim. Lekin bundan o‘zim mamnunman — bilmoqchi bo‘lgan narsalarimni bilib oldim. Sizning fikringizga qo‘shilaman, albatta, Filofey nazariyasida hali o‘ylash kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p. Har qanday bo‘lganda ham u bizning oldimizga misli ko‘rilmagan masalani qo‘ydi. Hammaning oldiga, butun insoniyat oldiga! Mana buni shaxs deydilar! U koinot kalitini burab yubordi! Kechirasiz, agar barcha o‘tmish zamonlarning jabrini biz tortguday bo‘lsak, — shunday bo‘ladiganga o‘xshab qoldi o‘zi, — sizning iborangiz bilan aytganda, ochko‘z mavjudotlar, ya’ni bizlar, hammamiz va bizdan oldin o‘tganlarning gunohi kabiralari kasriga biz qoladigan bo‘lsak, bizlar o‘zimizga o‘zimiz norozilik bildirmasak kim norozilik bildiradi?! Shu narsa aniqlandiki, yovuzlik uni ijro etgan kishilar bilan birgalikda izsiz, javobsiz ketmas ekan, balki irsiyatning qaysi bir xampalarida talay vaqtgacha saqlanib turar ekan. Bundan chiqadiki, ertami-kechmi kimdir hayotidan voz kechib o‘shaning kasriga qolar ekan?!
– Ha, shunday bo‘lib chiqayotir, Entoni. Gap shundaki, ezgulik bilan yovuzlikni bir shodaning donalari deb hisoblasak ham, ularning nisbati to‘g‘risida kam o‘ylaymiz. Yovuzlikning ustunlik qiladigan kuch ekani to‘g‘risida, yovuzlikning bizning tub mohiyatimizni, burchimizni xonavayron etib, doimo barbod qilib turishi, bizning umumbashariy qadriyatlarimizni ko‘kka sovurishi haqida, odamning hozirgiga nisbatan butunlay boshqa sifat kasb etishi uchun yashashning yangi usullarini aqlning bilib olishiga yovuzlikning yo‘l bermasligi to‘g‘risida kam o‘ylaymiz.
– Mister Bork, odamlar jismoniy jihatdan bizga o‘xshagani holda sifat jihatidan boshqa intellektga, zakovatga ega bo‘lishi, butunlay boshqa xulqqa ega bo‘lgan mavjudotlarga aylanishi mumkinmidi?
– Aylanganda qanday. Biz hammamiz o‘z yog‘imizga o‘zimiz qovrulib keldik, biz butun Koinotda birdan-bir aqlli mavjudotlar edik. Hech qanday mahluqlar bilan raqobat qilmadik. Shunday ekan, bizda boshqa ma’naviy evolyutsiya, tamomila boshqa taraqqiyot bo‘lishi mumkinmidi? Bu haqda qanchalar o‘ylash, munozara qilish mumkin. Lekin shunisi haqiqatki, biz fan va texnika taraqqiyotida ham har qancha yutuqlarga erishmaylik, hammamiz, afsuski, bir-birlarimizni yamlab yutadigan yirtqichligimizcha qolayotirmiz.
– Afsus, ming afsus. Demak, samoviy rohib bizni genetik jinoyat ustida tutib opti-da?! Lekin, har qancha kaltafahmlik bo‘lmasin, aytayki, bizning hozirgi ahvolimizga nisbatan boshqacharoq bo‘la olmaganimiz menga alam qiladi. Mister Bork, ana shu fikrda bizlarni mazoxistik kechinmalar sari eltadigan odatiy idealistik ohang yo‘qmikin?
– Albatta bor, chunki mazoxizm — cho‘lda turib daraxtzor yo‘q ekan deb shikoyat qilish demakdir.
– Ana shunday daraxtzor yo‘q bo‘lsa, bundan keyin ham bo‘lmasa, siz nimani taklif qilgan bo‘lur edingiz.
– Faqat bir narsani — aql bog‘-rog‘larini barpo qilishni.
– Bu nima degani?
– Bu nima degani? Sen tutgan joyidan uzadigan jurnalist ekansan! Filofey kashfiyotlari nuqtai
nazaridan bu faqat bir narsani anglatadi: kassandra-embrionlarning signallariga quloq solish, Kassandraning har bir belgisini ogohlantirish deb qabul qilish. Bizning qalbimizda yetilib kelayotgan his — yorug‘ dunyoga kelishdan qo‘rqinch hissini faqat shu yo‘l bilan to‘xtatish mumkin. Genetik halokatning yaqinlashib kelayotganini har bir kishi, umuman insoniyat bilib-tushunib olmog‘i zarur. Men “Tribyun” uchun yozayotgan maqolamda xuddi ana shu haqda gapiraman. Kechirasan, Entoni, telefonda hammasini aytib bo‘lmaydi. Qisqasi, insoniyatning kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyati bundan buyon yangi mazmun olajak, ehtimol, bu evolyutsiyaning yangi bir davrasidir. Kecha Ordokka ham taxminan xuddi shunday dedim. U ham tashvishda.
44


– Ha, mister Bork, bu safar bizning Ordokka yana shuning uchun ham qiyin bo‘ladiki, bu vaziyat uning siyosiy repertuaridan emas. Ordok kabi siyosatchilarni men yakkama-yakka kurashuvchi siyosatdonlar deyman. Ordok ko‘z oldida raqib bo‘lsa, ishonch bilan kurashadi, o‘shanda hujumga o‘tadi, bu hammaning ko‘z o‘ngida bo‘lishi kerak. Tor doirada u hatto “zaruriy dushman” tushunchasini ishlatadi. Ana shundagina u o‘zini g‘olib sezadi. Bunisi esa qandaydir mavhumlik!
– Unchalik emas, Entoni. Ana shunday mavhumlik ko‘z ochib yumguncha aniqlikka aylanishi mumkin. Aniqlik bo‘lganda ham qat’iy aniqlikka aylanadi. Chunki bunda gap odamlarning hayoti to‘g‘risida boradi.
– Ha, albatta. Men Ordokning psixologik xususiyatini aytib qo‘ymoqchiman, xolos. Lekin bu ayni vaqtda uning siyosiy hayoti shakli hamdir. Bu shunchaki gap. Men so‘zimni tugatyapman, mister Bork, aybga buyurmang, siz bilan gaplashgan sari odam xumordan chiqadi. Menga qo‘ng‘iroq qil deya ko‘rmang, osonlik bilan qutula olmaysiz.
– Yaxshi, yaxshi, Entoni. Zaruriyat bo‘lib qolsa, nega gaplashmaslik kerak ekan.
– Xayr, mister Bork. Televidenieda “Alfa-Beysbol”dagi miting soat oltidan sakkizgacha, “Sheraton” mehmonxonasidagi matbuot konferentsiyasi — soat to‘qqizdan o‘ngacha — marhamat qilib ko‘ring.
– Rahmat. Harakat qilaman...