T o‘ r t i n ch i b o b
Bamaylixotir dam olishning iloji bo‘lmadi. Kech soat yettidan oshishi bilan telefon jiringladi. Ayol kishi dadil ohangda, kech bezovta qilgani uchun kechirim so‘radi-da, mister Bork prezidentlikka nomzod mister Ordok bilan gaplasha olarmikin deb qoldi. Shundan so‘ng Ordokning o‘zi gaplashdi. Har doim so‘zamol, o‘ta samimiy odam bu gal nima uchundir hayajonda edi. Ikki do‘st o‘rtasidagi erkin suhbat qirq minutdan ko‘proq davom etdi. Robert Bork ish yuzasidan ko‘pgina kerak-nokerak gaplarni eshitdi. O’zi ham ko‘nglidagi gaplarini aytib oldi.
Suhbat hazil-mutoyibadan boshlandi:
– Xelou, Robert, qaytib kelganing rost bo‘lsin, men senga aytib qo‘yishim kerak: bu safar Amerika qit’asida sening kelishingni hech kim menchalik kutmagan bo‘lsa kerak, bundan sening go‘zal rafiqang mustasno, albatta, seni Reyn sohilida qandaydir frankfurtlik jononlar davrasida uchratib qolsam kerak degan umid bilan Yevropaga jo‘nashga ham tayyor edim.
– Rahmat, Oliver! Frankfurtlik ayollar chindan ham go‘zal. O’ylaymanki, sen meni faqat shu sababli axtarib yurmagandirsan. Boshqa biron gaping bo‘lsa kerak. Ancha vaqtdan beri ko‘rishganimiz yo‘q.
– Ha-da, juda gap ko‘p. O’zing tushunasan-ku: jin ursin, aytganday keyinroq jin haqida men senga tunov kuni o‘zim guvoh bo‘lgan qiziq bir voqeani so‘zlab beraman, buyog‘ini eshit, sen Yevropa bo‘ylab sayr qilib yurgan kezlaringda men saylovoldi kampaniyasiga o‘ralashib qoldim.
– Bilaman, bilaman. Bunga qattiq kirishgansan.
– Qattiq bo‘lganda qandoq. Menga yetarlicha beli baquvvat, eng muhimi, manfaatdor puldorlar sherik bo‘lishmoqda. Lekin gap bu haqda ketmayotir, aqcha bir orkestr bo‘lsa, ashulasini sening o‘sha manman do‘sting, ya’ni kamina aytishim kerak. Buning ma’nosi nimaligini o‘zing mendan ko‘ra yaxshiroq bilasan. Faqat biron natija chiqarmikin? Bu jiddiy masala. Biroq men orqaga chekinmoqchi emasman. Qisqasi ezmalik qilishga o‘rin yo‘q. Sen buni juda yaxshi bilasan. Omma bilan uchrashuvlarda obro‘yimga obro‘ qo‘shmoqchiman (olomon demoqchi emasman, hecham, har qanday holda ham, ha, albatta, umumzakovat, buni men barcha uchrashuvlarda ta’kidlayapman, men barcha darajalardagi umumzakovatning rivoj topishi tarafdoriman). Shunday bo‘lsa ham sen — sen o‘zimiznikisan, aytib qo‘yay, sening ikkiyoqlama muhitlar haqidagi maqolalaringni o‘qiganim bor, demakki, populizm degani portlash xavfi bo‘lgan mintaqaga kirib qolgan bilan baravar: odamlarning ko‘nglidagidek qadam tashlamasang, javob bermasang, fikr bildirmasang, birovlarning ko‘ngli to‘ladi, boshqalarniki — yo‘q, va hamma sendan nimadir kutadi, va bunga har qanday holatda ham tayyor bo‘lib turmoq darkor. Eng muhimi, muammolarni o‘z nuqtai nazaringdan xalqqa tushunarli qilib gapirib berishda. Ular, saylovchilar nimalarni kutishadi — muammolarning hal qilinishini. Allo, allo, eshitayapsanmi? Robert, kechirasan, men senga — olimga qayoqdagi narsalarni gapirib o‘tiribman, o‘zim ham xijolatdaman. Lekin hozirgi paytda mening qismatim shunday. Ko‘chada o‘tib ketayotgan har bir kishi meni tushunishi kerak.
– Xavotir bo‘lma, Oliver. Men seni eshityapman, qulog‘im senda.
– Rahmat. Eng muhimi, dunyodagi hozirgi krizis holati qarshisida o‘z dasturimni — Amerika istiqbolining strategik dasturini saylovchilarga tushuntirib berishga harakat qilaman. Dunyoda krizis bo‘lib turgan paytdagi dasturimni. Ta’kidlab aytaman — krizis holati dasturini. O’z-o‘zimga shunday deb qo‘yaman — Hayot o‘zi qachon krizis holatida bo‘lmagan. Krizis har doim, hamma zamonlarda bo‘lgan. Har doim kimdir o‘zini tahlika ostiga qo‘yib boshqalarni o‘z ortidan ergashtirgan. Shu ma’noda krizis odamlarni ergashtirish, ishontirishning zaruriy shartidir. Konstituttsiya va mavjud qonunlar bor bo‘lsin, dunyoda osoyishtalik hukmron bo‘lsa birov birovga quloq solarmidi? Krizis bo‘lmasa, birov birovning gapiga kirarmidi? Men shunday deb tushunaman. Ko‘rib turibsanki, mening dasturimning bosh g‘oyasi abadiy muammodan — Hammaning va har bir kishining hayotini ertaga
29


qanday qayta qurish kerakligi masalasidan kelib chiqqan. Albatta, har bir kishi hayotda o‘zi uchun yaxshi o‘zgarishlar bo‘lishini istaydi, istabgina qolmasdan bunga qanday erishish kerakligini, erishganda ham tezda farovon turmushga erishishni xohlaydi. Senga kulgili tuyulmasin, lekin odamlar buni bila turib, o‘zlarini ishontirish va yana ishontirish kerakligini tushunmaydilar.
Ordok o‘zining bu sohadagi mulohazalari va tashvishlarini hikoya qilib berguncha Bork prezidentlik lavozimiga da’vogarning gapidan saylovoldi mashaqqatlarining ma’lum va mashhur mavzularini payqab olish bilan birga nomzodning hozircha yashirinib yotgan fikrini, asl maqsadini ham anglab oldi.
Suhbat zamiriga nazar solinsa, Ordok suhbatdoshida yaxshi taassurot qoldirishga, grajdanlar va demokratiya printsiplari manfaatlari yo‘lida go‘yo xavf-xatarga rozi bo‘lganiga va hayajonli nutqlar bahonasida o‘zini bezovta qilgan qandaydir masalalarni oydinlashtirishga urinayotganini bilib olish mumkin edi. U chindan ham ana shu maqsadda qo‘ng‘iroq qilgan ekan.
Bork Ordokni partiyaning mahalliy bo‘limining boshlig‘i sifatida shu firqaga qarashli binodagi katta cho‘zinchoq oynali keng kabinetda, telefonlar va boshqa orgtexnika o‘rnatilgan stolda, qora ko‘n qoplangan aylanma kursida patlarini hurpaytirgan qushga o‘xshab gavdasini sal orqaga tashlagancha, o‘n beshinchi qavatning oynalari orqali qarshidagi xuddi shunday baland binolarning oynavand qavatlariga telefonni qulog‘iga tutgancha ma’nosiz qarab o‘tirgan holatda tasavvur qildi. Oliver Ordok har qancha dilkash va samimiy bo‘lmasin, u haqda xilma-xil fikrlar mavjud edi — birovlar yaxshi desa, birovlar yomon der edi, hatto uning o‘taketgan ziqna ekanligi to‘g‘risida mish-mishlar ham yurar edi va hokazo. U populist-siyosatchilik bobida itday hid bilar emish. Bunday mish-mishlar kimlar haqida bo‘lmaydi deysiz. Buning ustiga ishni advokatlikdan boshlab yashin tezligida o‘ziga jamoat fikrini tortsa-da, boshqalarning ko‘zini kuydirib g‘alaba ketidan g‘alaba quchsa, uni yaxshi bilganlarning tanqidiy gaplariga tupurib, yo‘q yerdan martabaga erishaversa.
Ordok dastlab kasaba uyushmasi, so‘ngra ekologik harakat sohalarida amallarga mindi, teleekranlarda va matbuot sahifalarida ko‘rinib, anchagina qobiliyatli ekanligini namoyish qildi. Bu esa zamonning dolzarb talablariga, uning o‘z tili bilan aytganda, notanish kishilarning ehtiyojlariga to‘la javob berar edi. U yirtqichning izidan tushgan itga o‘xshab, past tabaqalarning ijtimoiy kayfiyatini xatosiz aniqlay olar va bu muhitga ta’sir etar ekan, yuqori tabaqaning tanqidiga matonat bilan bardosh berar edi. Shu yo‘l bilan yutib yurdi. Shak-shubha yo‘qki, muvaffaqiyat qanot bag‘ishlar, ishonch ato qilar, odamni o‘zgartirib yuborar edi. Ordokning hatto tashqi qiyofasi ham birdan tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Uning qushlarnikiga o‘xshagan yuzini va tomirlari bo‘rtib chiqqan bo‘ynini qoplab yotgan qandaydir oqish-kulrang dog‘lar ham o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketdi.
Ordokning ko‘zlari ostiga qoramtir dog‘lar tushgan, go‘yo sho‘rva sachraganday yuzi yaqin-yaqinda ham Gebbelsning hayajonli yuzini eslatardi. Bu yog‘ini eshiting, uning vrach bir raqibi o‘z vaqtida shunday degan edi: Ordokning yuzidagi dog‘lar uning shuhratparast orzu-istaklarining, hokimiyatga bo‘lgan chanqoqligining ruhiy ko‘rsatkichidir. Agar taqdir kulib boqmaganda edi, uning butun nimjon badani boshidan oyog‘igacha ana shunday antiqa dog‘lar bilan qoplanar, u xuddi shu zaylda go‘rga ketgan bo‘lur edi. Og‘ziga kuchi yetmaydiganlar ana shunday mish-mishlarni tarqatishar edi. Sir nimada ekanligini biladiganlar aksincha, Ordokka achinar edilar, chunki bu dog‘lar kam uchraydigan va olapes deb ataladigan asab kasalidan nishona edi. Ordokning yuzidagi dog‘larning o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishiga uning sabr-bardoshliligi va nihoyat, ko‘pdan buyon kutilgan maqsadlarga erishib ich-ichdan keskin o‘zgarishi sabab bo‘ldi deyishdi. Ordokning basharasidagi nuqson uning siyosiy muvaffaqiyatlari tufayli barham topdi desak kulgili tuyuladi. Lekin aslida shunday bo‘lib chiqdi. Ammo turmushning ikir-chikirlari unutildi ham. Oliver Ordok ekranlarda soppa-sog‘ ko‘rinadi, dog‘lardan nishon ham yo‘q. Uning serharakat, o‘ynoqi qora ko‘zlari yo‘qotgan narsasini axtarganday doimo jiddiy boqar edi. Ordokning tan olishiga qaraganda, u o‘ziga qarshi bo‘lgan odamni bir ko‘rsam der edi. U raqibiga ro‘para chiqar va uni iskanjaga olar edi. Buning ustiga Ordok binoyiday va’zxon edi: jaranglagan ovozi, so‘zlarni chertib-chertib talaffuz qilish, ta’sirchan imo-ishoralar, xullasi kalom, olomonning diqqat-e’tiborini tortadigan jamiyki sifatlar notiqda muhayyo edi.
30


Ordokning Bork e’tiborini eng ko‘p jalb qilgan xususiyati, butunlay tasavvur qilib bo‘lmaydigan nodir fazilati shu qadar hayrotomuz ediki, asti qo‘yavering. Chindan ham biron kishiga aytsangiz bunga umuman ishonmaydi, bo‘lishi mumkin emas deydi. Bork buni orqavorotdan eshitib emas, balki shaxsan bilar edi, chunki ular Oliver Ordok bilan bir dorilfununni bitirishgan, lekin turli yillarda o‘qishgan — Bork sal oldin, u esa keyinroq o‘qigan, Bork tarix fakultetini, Ordok bo‘lsa yuridik fakultetni tugatgan. O’shandan buyon ko‘p vaqt — bir necha o‘n yil o‘tdi, lekin dorilfununda o‘tkazilgan romantik yillar ularni yaqinlashtirgan edi. Ordokning eng noyob qobilyati shunda ediki, u telefonda qachon, kim bilan, nima haqda gaplashganlarini umr bo‘yi yodida saqlab qolar edi! ha, u telefon orqali qilgan hamma suhbatlarini yoddan bilar edi. Aytaylik, biron arzimas masala yuzasidan bo‘lsa ham, bundan o‘n-o‘n besh yil oldin qaysi kuni, soat nechada, kim bilan qancha vaqt gaplashganini aytib bera olar edi, masalan, uning bir vaqtlar aeroportning ma’lumotxonasiga qo‘ng‘iroq qilgani yoki bir ming to‘qqiz yuz yetmish birinchi yil 12 avgust chorshanba kuni soat uchda birdan benzokolonkadan telefon qilishgani degandek. Xotiraning ana shunday xususiyatini, kallada shu qadar bemaza ma’lumotlarning to‘planishi mumkin ekanligini hech kim tushuntirib bera olmadi. Robert Bork Ordokning ana shu g‘alati fazilatiga ba’zan havasi kelsa, ba’zida esa undan dahshatga tushar edi. Bu haqda gohida mutlaqo jiddiy, ayrim hollarda esa kulgili va qo‘rqinch bilan o‘ylar edi, rost-da, bunday bema’ni qobiliyatning odamga nima keragi bor? Bu Tangrining mukofotimi yoki aksincha, jahannamdan yuborilgan jazomi? Kim biladi?
Robert Bork birga o‘qigan o‘rtog‘ining telefondagi ezmaligiga quloq osgan paytida ham Ordokning o‘sha fazilatini esga oldi. Birdan o‘ylab ketdi: «Salomat bo‘lsak, balki o‘n yillardan so‘ng hozirgi suhbatimizni ham gapirib berar, men bo‘lsam hammasini unutgan bo‘laman, ajab emas, birdan mening ham esimga tushib qolsa... Buning nima keragi bor?».
Shu asnoda u gap mavzusini o‘zgartirib muddaoga o‘tdi:
– Endi, Robert, dardimni eshit. Uzr, gapni uzoqdan boshlashga to‘g‘ri keladi; shunday bir voqea ro‘y berdiki, uni dab-durustdan tushuntirib berolmayman. Sen buni yaxshi bilasan, albatta, bu haqda butun Amerika shang‘illayapti. O’sha samoviy rohib, oting qurg‘ur — Filoveymidi, Filovey-a?
– Filofey, — to‘g‘riladi Bork. — Ismi Filofey. Men uning maktubini bir soat oldin o‘qidim.
– O’zim ham shunday bo‘lsa kerak deb o‘ylagan edim, Robert. Bilasanmi, kassandra-embrionlar muammosi shaxsan mening boshimga tosh bo‘lib tushganday bo‘ldi. Bundan ko‘ra dahshatli zilzila bo‘lgani yaxshiroq edi. Meni kechirasan, tushkunlik ruhimni ezib tashladi. Umrimda hech qachon bunday ahvolga tushmaganman. Shu vaqtga qadarli jahannam nima ekanini tasavvur ham qila olmas edim, hozir esa jahannam yoqasida turibman. Men raqibimni qidirib topishga va hammaning ko‘z o‘ngida u bilan bellashishga odatlanganman, bu yerda esa o‘zingni qanday tutishingni, kim bilan ish qilishingni, qo‘y-chi, kim bilan solishish kerakligini bilmaysan. Aytmoqchimanki, bu qandaydir mavhum narsa. Shu bilan bir vaqtda, aslini olganda bu hammaga va har bir kishiga daxldordir, hammamiz gangib qoldik, balki faqat sen va senga o‘xshagan allomamisan allomalarning e’tiqodigina o‘zgarmagandir.
– Kechirasan, Oliver, — uning so‘zini bo‘ldi Bork, — men ham bu borada hamma qatoriman. Ochig‘ini ayt, nega endi bu masala yuzasidan boshqa odam qurib qolganday menga murojaat qilayotirsan. Ikkalamiz ham bir dorilfunundan chiqqanmiz, men xohlaganingcha senga quloq solishim mumkin, shunday bo‘lganda ham...
– Ochig‘ini aytaman. Bu fikr menda paydo bo‘lgani yo‘q. Bu masala yuzasidan sharh va maslahat so‘rab senga murojaat qilish g‘oyasini mening yordamchim Entoni Yunger aytdi. U yosh yigit, ishchanligidan tashqari o‘ta savodli, falsafa bilan ham qiziqadi. Men uni hurmat qilaman. Shu desang, gangib qolgan mening barcha maslahatchilarim va yordamchilarim ko‘zlarini ola-kula qilib, qo‘llarida «Tribyun» gazetasi bilan chopib kelishsa g‘alati bo‘lib ketibman. Ertaga men okrugda odamlar bilan, xalq bilan katta uchrashuv o‘tkazishim kerak. O’zing bilasan-ku, demokratiya bilan xalq bir narsa. Men hamma narsaga tayyorman, har qanday savollarga shayman, lekin men o‘sha kassandra-embrionlar to‘g‘risida so‘rab qolishlarini eslaganimda, bilasanmi, sal narida yo‘lbars turganday yuragim orqaga
31


tortib ketadi. Birdan kosmosdan momaqaldiroq gumburlashi yetti uxlab kimning tushiga kiribdi. Oldinda — saylovchilar bilan qancha uchrashuvlar rejalashtirilgan. Men nima qilish kerakligini hisob- kitob qilib o‘tiribman. O’zing bilasan, biz amerikalik saylovchilarmiz, o‘ta sinchkov xalqmiz, janjalkash desa ham bo‘laveradi. Buni hamma biladi, bizni butun dunyo kuzatib turibdi, shunday bo‘lishi mumkinki, bizning serxarxashaligimizdan hammaning kulgusi qistashi hech gap emas. Demokratiya — birdan-bir maqsad. Xuddi ana shunday. Xudo haqi, meni kechir, yana mavzudan chetga chiqdim. Shunday qilib, men nima demoqchi edim? ha, ertaga saylovchilarim mening hamma oziq tishlarim joyidami-yo‘qmi ekanligini bilib olish, mening tish doktorimdan so‘rab bunga ishonch hosil qilish barobarinda o‘sha samoviy rohibning maktubi yuzasidan fikrimni albatta bilishni xohlaydilar. Men nima deyishim kerak? he yo‘q, be yo‘q, yelkamni qisib turaveramanmi? Siyosatchi uchun bu umuman yarashmaydi.
– Bu haqda savol berishlariga aminmisan?
– Aminman! O’ylab o‘tirishga hojat yo‘q.
– Demak, faqat bir yo‘l bor — Filofeyning kashfiyotini o‘z-o‘zimizni kosmos orqali tuzatishimiz deb
tan olish lozim. Bu kosmik zondlash orqali botin ko‘zimizga ko‘ringan yangi bir manzaradir. Shunday emasmi?
– Ehtimol shundaydir, lekin bilmayman, men bunday deyishga tayyor emasman. Sen bilan gaplashish yaxshi, lekin bunday tuzatma, qo‘shimcha, paroksizm, yangi nuqtai nazar kerakligini odamlarga qanday tushuntirish mumkin? Farqi nimada? Osmoni falakdagi rohib qandaydir kassandra- embrionlar, ularning dunyoga kelishdan bosh tortishi, umuman olganda tajriba qilib bo‘lmaydigan mislsiz narsalar to‘g‘risida so‘z yuritadi. Agar bu faqat ilmiy sohagagina daxldor bo‘lganda ham bir gap edi. Axir Filofeying Rim papasiga, aslida butun insoniyatga murojaat qilayotir. Buning ustiga Rim papasining o‘zi nima der ekan? U umuman javob qaytararmikin? Mening Rim papasining ahvoliga ham, o‘zimning ahvolimga ham havasim kelmaydi. Papa Vatikanda, rohib osmonda, men esa olomon qarshisidaman!
– To‘xta, to‘xta, Oliver, birinchidan, sen bir o‘zing emassan. — vaziyatni oydinlashtirmoqchi bo‘lib so‘z qotdi Bork. — Bunda hamma...
– Tushunaman, tushunaman, lekin kechirasan, gapimni oxiriga yetkazay. Sening nima demoqchi ekanligingni bilib turibman. Sen demoqchisanki, bu muammo sof shaxsiy muammo, har bir kishi ana shunday paroksizm degan narsani qabul qilish-qilmaslikni faqat o‘zi hal qilishi kerak. Ha, lekin tashqaridan qaragandagina shunday, Robert. Bizning hozirgi zamon – ko‘cha noroziliklari va olomon talablari zamoni, shaxsiy tashvishlarni ma’muriy tuzumga yuklab qo‘yadigan zamon. Hatto OITS (SPID) uchun ham ma’muriy sistemani aybdor deb bilishmoqda. Hozirgi odam shunday maxluqki, sal ko‘ngilsiz hodisa ro‘y berdimi, avvalo o‘zini emas, balki tuzumni aybdor deb hisoblaydi. Shu paytda samoviy rohibdan shunday yangilik kelib qoldiki, uni kimga to‘nkash, qaerga ag‘darish kerakligini bilmaysan. Endi nima qilish kerak? Umuman olganda muammolar to‘lib yotibdi. Lekin ko‘plar bu safar ham hunar ko‘rsatmoqchi — men o‘z hamkasblarimni, siyosatchilarni nazarda tutyapman, — bu ishda ular saylov oldi kampaniyasidan foydalanib qolishga urinmoqdalar, hatto qirg‘inbarot urushdan ham naf ko‘rib qolish mumkin. Men demoqchi bo‘lganim shu.
– Ha, do‘stim, bugun senga oson emas. Men seni tushunaman, Oliver. Biroq Filofey maktubi mening uchun muammo emas deb o‘ylama. Men ham hayajondaman. Lekin shuni aytishim kerakki, muxoliflar Filofeyning da’volarini rad etolmas, fosh qila olmas ekanlar, bularning hammasi chin bo‘lib chiqadigan bo‘lsa va haqiqatdan-da nodir kashfiyot qilingan bo‘lsa, kashfiyot deganimiz ham ruh paydo bo‘lishining biopsixologik faktoriga, embriondagi intuitsiyaga, jumladan oxirzamon nishonasiga (men uni «Filofey nishonasi» deb atagan bo‘lur edim) aloqador bo‘lsa, erk va qo‘rqinch, tug‘ilish bilan o‘lim kishi hayotida qanday o‘rin tutsa, bu ham bundan buyon xuddi shunday o‘rin tutajak.
– Hatto shu darajadami? Nahotki shunday bo‘lsa, unda hech narsa deb bo‘lmaydi. Hayratomuz gaplar! — Ordokning ovozida samimiy hayrat va ranjish alomati sezildi. — Unday bo‘lsa bundan buyon nima qilmoq kerak?
32


– Sen nimani nazarda tutyapsan?
– Men nimani nazarda tutishim mumkin? Biz sen bilan musohaba qilgan yuksak materiyalar o‘z yo‘liga, lekin men saylovchilarning savollariga konkret javob berishim, «Filofey nishonasi»ga o‘z munosabatimni bildirishim kerak. Bu borada tushunmovchiliklar bo‘lmasligini xohlar edim.
– Ha, seni tushunaman, — Ordokning fikrini ma’qullab dedi Bork. — O’ylab ko‘rish kerak...
– Biron soatdan so‘ng telefon qilsam-chi? Rostdan ham, Robert, g‘alati bo‘lib ketayapman. Xotirjam bo‘lganimda seni bezovta qilmagan bo‘lur edim ham, lekin o‘zim nafsoniyati kuchli odam bo‘lganim uchunmi (men shunday odamman, xudodan yashirmaganni bandadan yashirmayman) o‘sha auditoriyada o‘zimga o‘zim kuchli ishonishim hecham kifoya qilmaydi. Sening gaplaringdan payqadimki, bu — inson tabiatida butunlay yangi bir haqiqatdir. Axir biz amerikaliklar, o‘zing bilasanki, hamma sohada birinchi bo‘lmog‘imiz, o‘zimizning mustaqil va boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan fikrimiz bo‘lmog‘i zarur. Xudo ko‘rsatmasin, bugun galaktikadan o‘zga sayyoraliklar kelib qolishsa, ertaga o‘shalar bilan achomlashib tushgan rasmlarimizni bosib chiqarishimiz kerak. Aks holda biz amerikalik bo‘lolmaymiz.
– Ha, to‘g‘ri, xuddi shunday, — kuldi Bork va qo‘shib qo‘ydi: — Albatta, endi telefonda gaplashishlar kifoya qilmaydi, balki muhimroq narsa, aytaylik qandaydir forum, yo‘q deganda maxsus konferentsiya, bittagina konferentsiya emas, bizning Amerikadagina emas, balki boshqa mamlakatlarda ham konferentsiyalar o‘tkazilmog‘i kerak, bu tashabbusni aholi zich yashaydigan regionlar, birinchi galda Rossiya, Xitoy, hindiston, Yaponiya ayniqsa jon deb qo‘llab-quvvatlaydi, Filofey uloqtirgan tosh suv yuzida qanday to‘lqin hosil qilajagini tasavvur etaman. Lekin boshlagan suhbatimizni davom ettiraylik. Nima qilmoq kerak, ertaga nima qilamiz? Axir sen, Oliver, o‘zingning saylovoldi dasturing bilan chiqmoqchi eding shekilli? Shundaymi? Sen hozirgina saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazding, sening o‘zingning birinchi o‘ringa qo‘ygan masalalaring, dalil-isbotlaring, har bir da’vogarda bo‘lganidek, ta’sir qilish usullaring bor. Matbuotda nomzodlarning reytingi to‘g‘risida ma’lumotlar ko‘zga tashlandi. Xomcho‘tlar, bashoratlar. Sening ishlaring chakki emasga o‘xshaydi. Men sening raqiblaringni ham yaxshi bilaman.
– Hamma gap shunda-da. Juda kuchli, tadbirkor shaxslar. Ana shunday kutilmagan omil — Filofey nishonasi mana men deb turganda o‘shalarni hech ham unutib bo‘lmaydi.
Bork uning ko‘nglini ko‘tarishga urindi:
– Menimcha, hali vaziyat aniq emas ekan, bu haqda gaplashishga vaqt erta. Prezidentlikka nomzod ekansan, bu mavzuning senga bevosita aloqasi yo‘q.
Oliver Ordok og‘ir xo‘rsindi.
– Sen u qadar haq emassan, — e’tiroz bildirdi Ordok. — Albatta, butun tarix uchun hecham mas’ul emasman. Lekin bu vaziyatning saylovoldi ishlarimga ta’siri meni tashvishga soladi. Endi menga quloq sol, Robert. Mening senga murojaatimga kelganda shuni aytish kerakki, hozirgi yoshlar seni yaxshi bilishadi va ma’naviy jihatdan senga ergashishadi. Ko‘p vaqtingni oldim, men tasodifan qo‘ng‘iroq qilayotganim yo‘q, axir sen mashhur futurologsan va hokazo, bizdek siyosat amaliyotchilariga senga o‘xshagan allomalar maslahat bermasa, kim maslahat beradi. Saylovlardagi raqiblarim tullak siyosatdonlardir, ular orasida men yangiman. Bilasanki, hozir birinchi qur, agar oldindan to‘g‘ri siyosiy yurishlar qilinmasa, o‘yindan chiqib ketish hech gapmas. Ana shu vaziyatda saylovchilar kimni afzal ko‘rishadi? Qanday mavqe tutish kerak? Ochig‘ini aytganda, men konservator deb nom chiqarishni xohlamagan bo‘lar edim, buning keragi yo‘q, shu bilan birga biron sohada inqilob qilish — Hamma vaqt xatarli bo‘lib kelgan. Qandaydir bema’nilik, tushunmovchilik sababli, aytaylik, ana shu samoviy voqea munosabati bilan poyganing boshidayoq o‘yindan chiqib ketish alam qiladi. Men hammasiga tayyorman, saylovoldi kurashining hamma variantlari, Olimpga ko‘tarilish yo‘lida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan barcha mushkulotlar hisob-kitob qilib qo‘yilgan. Xuddi ana shu paytda samoviy rohibning «Assalomu alaykum» deb qolishi qiziq bo‘ldi-ku! Nima qilish kerak — «men sen bilan» deymanmi yoki «seni jin ursin, nari tur» deymanmi? Xudo haqqi, bunaqasi tushingga ham kirmaydi. Lekin go‘rga borasanmi? Shu masala yuzasidan sening fikringni bilmoqchi edim, shunchaki qiziqsinib emas, balki
33


zaruratdan. Kutilmaganda ovozlarni boy berib qo‘ymasam bo‘lgani. Mana muammo qaerda.
– Yaxshi, Oliver, men hammasiga tushunganday bo‘ldim, — javob berdi Robert Bork, Ordokning g‘ayrati va shijoatiga qoyil qolib (Siyosiy jihatdan omon qolish uchun siyosatchilar bilan bel bog‘lab
kurashish oson emas!).
Bork rohib Filofeyning kosmosdan dumli yulduz yanglig‘ uchib kelishi kishilarning ongiga qanday
rahna solganligi, dunyoda qanday yovuz ig‘vo-ehtiroslar xuruj qilganligini bir lahzada ko‘z oldiga keltirgach, miyasiga qon quyilganday bo‘ldi, qulog‘i shang‘illab ketdi. Bu yaxshilikka olib keladimi yoki yomonlikka? Bevosita qo‘yilgan savolga javob berish kerak edi.
– Agar sen, Oliver, saylovoldi poygasida ishtirok etmaganingda ham, — dedi Bork telefon simining narigi uchida suhbatdoshi uni ko‘rib turganday beixtiyor bosh chayqatar ekan, — o‘shanda ham baribir muhokama qilinishi kerak bo‘lgan masalalar topilardi. Gap mening Filofey maktubi ta’sirida bo‘lganimdagina emas. Gap shundaki, men har qancha shubha qilmayin, Filofeyning xulosalarini rad etish uchun asos topolmayapman. Aksincha, ishonch paydo bo‘layotir.
– Ishonish kerak demoqchimisan?.. Bu nimaga olib keladi, Robert?
– Zamon nimaga olib kelgan bo‘lsa, o‘shanga. Bundan buyon masala shunday qo‘yiladi — biz Filofeyning kashfiyotini ma’lumot uchun qabul qilamizmi yoki uni qo‘limizdagi dalillar bilan rad etamizmi, yo bo‘lmasa, hech qanday muhim voqea ro‘y bermaganday, pinagimizni buzmay turaveramizmi, Filofeyni xira pashshaday haydab yuboramizmi? Birinchisi ham, ikkinchisi ham, uchinchisi ham hozircha bizning ixtiyorimizda. Bordi-yu Filofey ko‘targan muammolardan o‘zimizni chetga oladigan bo‘lsak, hayot doimgiday davom etaveradi, Kassandra tamg‘asidan bexabar bo‘lganimizda, kassandra-embrionlarning genetik fojeasi to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lmaganimizda boshqa gap edi, lekin biz buni bilib oldik. Endi qanday yo‘l tutish kerak? O’zimizcha hech qanday xavf yo‘q deb beparvolik qilib turaveramizmi yoki haqiqatdan ko‘z yummay, oxir zamonning muqarrar ekanligini sezib, kassandra-embrionlarning ovozini eshitib turaveramizmi? Nima qilish kerak? Kechagina insoniyat bu haqda hech narsa bilmas edi, bugun esa bundan xabardor. Boshqacha aytganda, tashxis qo‘yilgan. Oqibatda inson o‘z jismida o‘zini yangidan kashf etdi deyish mumkin — o‘zining endigina paydo bo‘lib, unib kelayotgan pushtida u o‘zi kim, oldingi avlodlarning irsiy yo‘l bilan o‘tgan illatlari uni qayoqlarga, qanday genetik zimistonga olib ketadi? Biz o‘sha mudhish ko‘zguda o‘zimizga yaxshilab razm sola olamizmi? Yoki ko‘rmaslikka olib, o‘zimizni borgan sari burchakka ko‘proq tiqaveramizmi? Men Filofeyning kashfiyotini ana shunday tushunaman.
– Hm, hm, — kuchanib to‘ng‘illadi Oliver Ordok telefonda va og‘ir uf tortib jimib qoldi.
– Nima uchun jimib qolganingni tushunaman. Lekin mening fikrimni umuman inobatga olmasliging ham mumkin. Eshityapsanmi?
– Eshityapman. Har holda sening fikring men uchun muhim, Robert. Mening boshqa yo‘lim yo‘q — men yutishim yoki yutqazishim mumkin, bu mening yo‘l tanlay olishimga bog‘liq. Tushunyapsanmi? Yutqazish esa menga hecham yoqmaydi. Nega endi men yutqazishim kerak ekan? Tushunib turibman, masalan, men ish tashlovchilar tomoniga o‘tsam yoki aksincha, aparteidga qarshi namoyishchilarning birinchi saflariga qo‘shilsam, yo bo‘lmasa, aksincha, bunday yo‘lni ma’qul ko‘rmasam va hokazo. O’shanda sen nima uchun mag‘lub bo‘lganingni bilasan, jin ursin. Biron arziydigan ish uchun! Bunda-chi? Kosmik stantsiyadagi qandaydir telbaning xayoliy gipotezasi uchun martabangni, ehtimol, bo‘lajak prezidentlik mansabingni xavfga qo‘yasanmi? Qanday be’manilik bu! Ana shu voqea yo oldinroq emas — yo kechroq emas, xuddi shu paytda ro‘y berib qolsa nima deysan? Kechirasan, o‘zimning shubha va dardlarimni aytib olyapman.
– Qulog‘im senda, Oliver. Gapiraver. Lekin Filofeyning kashfiyotini qandaydir xayoliy gipoteza hisoblab to‘g‘ri qilmayotganga o‘xshaysan. Bu sening ishing, albatta. Lekin o‘sha gipoteza emas, balki bor narsa deb qo‘rqaman. Agar shunday bo‘lsa, bu hodisa yer yuzidagi barcha kishilarga taalluqli bo‘lib chiqadi. Biron tarmoqda ish tashlash, shaharlarning ko‘chalaridagi namoyishlar va boshqa siyosiy voqealar Filofeyning kashfiyoti oldida hech gap bo‘lmay qoladi. Demak, hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yib, o‘zimizga hisob bermog‘imiz darkor.
34


Ularning har ikkalasi o‘ylanib jim qolishdi. Yana Oliver Ordok tilga kirdi:
– Shunday ekan, sen, Robert, Filofeyning maktubini qo‘llab-quvvatlashni maslahat berasanmi?
– Bilasanmi, Oliver, sen har narsaga siyosiy yondoshib o‘rgangansan. Bu tushunarli, albatta. Lekin
men bu masalada shaxsiy mayllarni inobatga olmayman. Filofeyning dalillari va mantiqi bilan hisoblashmaslik mumkin emas. Samoviy rohibning kashfiyoti shuni ko‘rsatadiki, insoniyat yangi sinovlar oldida turipti. Shuning uchun meni to‘g‘ri tushun. Sen — siyosatchisan, sening muddaong muammolarning dolzarbligini payqab olish. Kayfiyatlar yo‘nalishini sezish. Men bo‘lsam olimman, futurologman. Sen mening fikrimni bilmoqchi bo‘lding. Agar sal nafim tekkan bo‘lsa mamnunman.
– Katta rahmat, Robert. Matbuotni kuzatib boraman. Sen bu masala yuzasidan matbuotda va televidenieda chiqasan, albatta.
– Yaxshiyam Jessi mening kelganim haqida hozircha jurnalistlarga lom-mim demaydi.
– Bundan chiqdi Jessi seni mendan — shilqim Ordokdan himoya qilolmabdi-da? Lekin jahling chiqmasin. Men sen bilan do‘st bo‘lganim uchun yuragimni yozdim. Aslini olganda men beorroq nusxaman, yaxshigina ezmaman. Aytgancha, men senga shayton haqida gapirib bermoqchi edim.
– Shayton haqida? ha, esimga tushdi. Xo‘b, shayton haqida nimalarni eshitar ekanmiz?
– Qiziq bir voqea. Tasavvur qil, men yaqinda birinchi saylovoldi uchrashuvini o‘tkazdim. Katta zalda igna otsang yerga tushmaydi. Besh ming chamasi odam bor! hayajondaman. Dasturimni aytib berdim. Nimalarnigina so‘rashmadi deysan. Bachchabozlikdan tortib xalqaro munosabatgacha. Sport bilan shug‘ullanamanmi, oilam qanday, ishqivozligim va hokazo. Birdan mikrofon oldida bir nusxa paydo bo‘lib, shunday savol beradi: «Mister Ordok, marhamat qilib ayting-chi, sizning shaytonga munosabatingiz qanday?» Men dovdirab qoldim. Zal jim bo‘lib qoldi.
– «Shaytonga munosabatim? Qanday shayton haqida gapirayotirsiz?!» — «Siz haqingizda, mister Ordok. Siz — shaytonsiz!» — «Bu nima deganingiz?» — «Siz mister Ordok, vengersiz. Venger tilida Ordog «shayton» degani! Siz buni yodingizdan chiqarmasligingiz kerak edi, mister Ordok!» Zal sharaqlab kulib yuborsa bo‘ladimi. Meni ter bosib ketdi. O’sha nusxa qo‘shimcha qildi: «kechirasiz, mister Ordok. Men shunchaki gapirayotganim yo‘q? Sizning Amerikada eng mashhur shayton bo‘lib qolishingizni xohlayman!» Va yana zalda shipni yorguday kulgi gumburladi. Bu yog‘i qanday bo‘ldi, Robert?
– Bunaqasini o‘ylab ham topolmaysan! Buni Jessiga ham aytib beraman.
– Aytib ber, aytib ber, bir maza qilib kulsin.
– O’key! Zarur bo‘p qolsam, qo‘ng‘iroq qilarsan.
– Albatta, — javob berdi Ordok, u xayrlashmoqchi edi, birdan gap boshqa yoqqa burilib ketdi. —
Eshityapsanmi, Robert, mening xom kallamda betamiz bir fikr nish urdi, — dedi Ordok, telefon dastasiga kinoya bilan «hm, hm» der ekan. — Tasavvur qil, bordi-yu, bizning yo‘limizda to‘satdan o‘sha samoviy rohib paydo bo‘lib qolsa, o‘shanda unga nima kerakligini hech kim bilmaydi, shunda sen bizning komandamizda bosh maslahatchi bo‘larmiding? O’sha kampaniya paytida, albatta. Tabiiyki, tegishli haq evaziga. Lekin gap bunda emas, Xudo haqi, meni kechir, buni pisanda qilmasa ham bo‘lardi.
– Rahmat, Oliver, taklifing uchun rahmat, — qandaydir keraksiz mavzuga burun suqmaslik uchun shoshib javob berdi Bork. — Lekin aytib qo‘yay: o‘zimning ishlarim shu qadar ko‘pki, ulgurmayman. Senga tong sahardan qora kechgacha yoningda yelib-yuguradigan uddaburon, ishchan yigitlar kerak. Axir bu kampaniya ovozlar ketidan quvish degan so‘z. Men bo‘lsam bu ishga keksalik qilaman.
– Unday dema, Robert, unday dema. Sen o‘zing o‘ylagan darajada keksa emassan. Sen o‘zingni qari qilib ko‘rsatyapsan. Mening gapimga ishon. Men chin dildan gapiryapman. Ma’qul bo‘lsa, o‘ylab ko‘r. Shoyad! Kosmos Filofeyi bo‘lgandan keyin kurrayi zamin Filofeyi ham bo‘lishi kerak! Nima deysan?
– Bu haqda birgalikda o‘ylashib ko‘rarmiz, — xijolat tortib dedi Bork. — umuman olganda, kerak bo‘lib qolsa telefonlashib turishimizga hech narsa xalaqit bermaydi.
– O’key! Gaping to‘g‘ri. Xayrli kech! Mendan Jessiga salom ayt.
35


– Jessi hozir televizor ko‘rib o‘tiribdi.
– Tushunarli, hozir hamma televizorga yopishib qolgan. Hamma sharhlovchilarning fikr- mulohazalariga quloq tutib o‘tiribdi. Ertaga nima bo‘larkin? Qanday shamol esadi? Xudo biladi. Xayr, Robert.
– Ko‘rishguncha.