U ch i n ch i b o b
U ch i n ch i b o b
Filofey, samoviy rohib, RX orbital stantsiyasi».
Uning tushiga yana kitlar kirdi. U okeanda uzoq vaqtgacha kitlar orasida suzib yurdi. U kitlarning to‘lqinlar yuvib turgan ko‘zlariga boqar va ularning fikrini o‘qir edi. Uning o‘zi ham kit edi. Va kitlar samolyotdan ko‘ringan holatni takrorlaganday o‘tkir burchak hosil qilib suzishar edi. Ularni qandaydir g‘ayritabiiy kuch ufq sari, go‘yo o‘sha tomonda nimadir kutayotganday olg‘a yetaklab borar edi. Ufq uzoqlashgandan uzoqlashar, kitlar esa qudratli tanalari bilan to‘lqinlarni yorib hamon suzib borishmoqda edi. Okean suvi tobora isib, to‘lqinlarning zarbidan tana qizib bormoqda edi. Issiq to‘lqinlarda suzish borgan sari qiyinlashib, dahshatli tus olmoqda edi. Okean chidab bo‘lmaydigan darajada birdan qaynab ketganini ko‘rdi va tushundi. Okean ustida birdan ikki quyosh paydo bo‘ldi. Cho‘g‘day yonib turgan qizil-jigarrang ikkita shar osmonda bahaybat juft projektor kabi olov purkamoqda edi. Shulardan qaysi biri haqiqiy, mangu quyosh ekanini, qaysi biri esa qaerlardandir daydib kelgan, ehtimol, chinakam quyosh bilan raqobat qilayotgan kelgindi quyosh ekanini bilib olish qiyin edi. U o‘takasi yorilguday qo‘rqib ketdi. Yonginasida suzib ketayotgan kitlarga qarab qichqira boshladi: “Qaranglar, qaranglar, kitlar, mening birodarlarim! Osmonga ikkita quyosh chiqibdi! Birdaniga ikkita quyosh-a! Eshityapsanlarmi? Bu yaxshilik alomati emas! Okean qaynab ketadi, va biz hammamiz nobud bo‘lamiz! Ikkita quyosh — dahshat!..”
Robert Bork qutirgan okeanda o‘zini uyoqdan bu yoqqa tashlayotgan kitlar orasida yana ancha vaqtgacha suzib yurdi va keyin qora terga tushib uyg‘onib ketdi, uning gurs-gurs urayotgan yuragi qulog‘idagi tomirda lo‘qillar edi. O’ziga kelguncha ko‘rganlari tush ekanligiga ishonmadi. Okean ustida ko‘zni qamashtirib turgan ikkita quyosh xuddi o‘ngida ko‘ringanday ko‘z oldidan ketmas edi. Uning tushiga kitlar ko‘p kirgan, lekin tepadan birdaniga ikki quyosh kuydirib nur sochib tursa — bunaqasi bo‘lgan emas. Dahshat, dahshat!...
Xuddi shu onda u tushida ikkinchi quyosh qayoqdan kel-ganini tushundi. Yalt etib xayoliga kelib seskandi. Buni birdan anglab olmaganiga ajablandi qam. “Qarang-a!” — miyig‘ida kulib qo‘ydi Futurolog va ko‘zgu oldida turgan soatga qaradi. Ertalab soat yetti bo‘lib qopti. Xotini qo‘shni xonada
21
hali uxlab yotgan edi.
Bork ertalabki gimnastika qiladigan ochiq ayvonga chiqdi. Lekin bu safar uning miyasi boshqa
fikrlar bilan band edi. Dala hovlisidagi jamiki narsalar unga boshqacha mazmun kasb etganday tuyuldi. Hatto hovuz oldida yulduzlarning joylashishiga qarab yaponchasiga qurilgan toshlar bog‘i ham bugun butunlay unutgan edi. Holbuki, Jessi tarqatgan yarmi hazil, yarmi chin mishmishlarga qaraganda, jonsiz xarsang toshlar quchog‘ida Futurolog har kuni ertalab sehrgarliklar ko‘rsatar, qum ustida qandaydir sirli belgilar chizar edi. Bugun hazil-mutoyibalarga o‘rin yo‘q. Stolda uyilib qolgan gazeta-jurnallarni ko‘zdan kechirish, xilma-xil masalalar yuzasidan turli kishilarga qo‘ng‘iroq qilish — tezda vaziyatni fahmlab olish vazifasi ko‘ndalang turar edi.
hammaning dili-tilida kassandra-embrionlar. Robert shunday bo‘lishiga hech shubhalanmas edi. Uning o‘zi esa o‘zini o‘tmish yoshlik yillaridagidek bardam seza boshladi, o‘sha paytlarda zamonaviy tsivilizatsiya muammolari yuzasidan dorilfununlarda olag‘ovur munozaralar bo‘lib turar, insoniyatning istiqbolini allomalarning og‘zidan tushmay qolgan “Rim klubi” modelidagiday hal qilish mumkin, faqat eskilikka yopishib qolgan muxoliflarning fikri o‘zgartirilsa bas deb o‘ylar edilar. Kassandra tamg‘asi atrofidagi voqealar Borkda yoshlik paytlaridagidek qandaydir katta qiziqish uyg‘otdi, uni tahlika yo‘lini tanlashga, g‘oya yo‘lida ochiqdan-ochiq to‘qnashuvlarga tik borishga undadi.
Bu voqealar Borkni aeroportdayoq giribonidan oldi. Jessi uni eshik oldida olomon orasida qo‘lida qalin gazetasi bilan kutib oldi va gazetani silkitar ekan, qandaydir g‘alati jilmayar, biron ayb qilib qo‘yganday tashvishli va ma’yus edi. Jessi to‘satdan yoqqan sharros yomg‘irda qolgan kabi bir oz yasharganday ko‘rindi. U Borkdan to‘qqiz yosh kichik edi, lekin o‘qtin-o‘qtin betob bo‘lar, qon bosimidan azob chekar, hatto holdan toyib, rangi ketib qolar edi, bu gal esa aeroportda erining ko‘ziga u xuddi yoshlik yillaridagi kabi hayajonga tushganday jo‘shqin bir holatda ko‘rindi. O’sha paytlarda u xotinining buyuk navozandalardan bo‘lishiga qanchalar to‘sqinlik qilgan edi! Axir u ajabtovur violonchelist edi-ku! Unga kanaday yopishib olgan: jinnisang‘i o‘sha Bork bo‘lmaganda edi, ehtimol, Jessi teatr orkestri bilangina cheklanib qolmagan bo‘lur edi. Lekin har kimning taqdiri azali o‘zida.
Jessining aeroportda aylanma eshiklar oldidagi tiqilinchda aytgan so‘zlari jumlasida quyidagi jiddiy ibora erini qarshi olishdan mamnunligini ham ifoda etar edi.
– Bilmayman, Robert, nima balo, sen safarga otlanish oldidan o‘zingning bema’ni toshlaring orasida qandaydir sehrli belgilar chizganmiding, bo‘lmasa yuz bergan bu voqealarni qanday izohlash mumkin? Buni izohlab bo‘lmaydi, Robert, hech ham... Tushuntirib ham bo‘lmaydi. Bu mislsiz bir hol. Ishon menga, bundan butun dunyo larzaga keladi!
– Demak, mening mixxatlarim nimagadir arzir ekan-da?! — deb javob qaytardi uning so‘zlariga yarasha Futurolog.
– Lekin umuman olganda, yetishding, mening aziz Futurologim, sehrgarlikda yetishding... Mana eni buyog‘ini bilib olaver.
Yo‘lda mashinani Jessi boshqardi. Bork gazetani ochdi, lekin u yoq-bu yog‘ini ko‘zdan kechirdi-da gazetani yig‘ishtirib qo‘ydi.
– Yo‘q, buni uyda bemalol o‘tirib diqqat bilan o‘qib chiqish kerak, — deb ko‘zoynagini g‘ilofiga solib qo‘ydi Bork.
– Sen nima deb o‘ylab eding?! — dedi Jessi. — Kosmosdan emas, biron kimsa yerdan turib shunday bashorat qilganda bormi, uni olomon qilib o‘ldirib yuborishgan bo‘lur edi. Tasavvur qilasanmi: embrion, zig‘irday pusht salkam fikr yuritar emish! Nimanidir faraz qilar ekan! Va tug‘ilishni xohlamayman deb jar solar ekan. Bu jiddiy gap emish. Shunday bo‘lishi mumkinmi?!
– Unchalik bo‘lmasa kerak, — dedi hayrat bilan yelka qisib Bork. Unga ayoli o‘ylamasdan gapirganday tuyuldi, lekin bunaqasi kam bo‘lgan, negadir bu safar xotinining nohaq bo‘lishini xohladi. — Ehtimol, mavjud embrion refleksiyasi nazarda tutilayotgandir. Lekin nima bo‘lganda ham mulohaza qilish uchun bahona bor. Zora osiy dunyomizni idrok etishning, hisob-kitob qilishning halol yo‘li topilsa... Bilasanmi, hozir birdan shu haqda o‘ylab ketdim. Bunaqasi chindan ham faqat embrion
22
bosqichidagina bo‘lishi mumkin. Shunda ham fantastik tasavvurlarda. To‘g‘risini aytganda, bir narsa deyish qiyin. Hozir buni qo‘yib turaylik, avval uyga boraylik, o‘qib ko‘ray, shundan so‘ng masala jiddiy bo‘lsa, gaplasharmiz... Bilasanmi, gapiraversam rosa kulasan.
Futurolog xotiniga nemislarning sinchkovligi va o‘taketgan rasmiyatchiligi haqida, shu bilan birga yevropaliklarning ichki erkinligi to‘g‘risida, bu esa ularning amerikaliklar bilan ellashib ketishiga imkon berganligi haqida jo‘shib gapira ketdi. U bir kun ertalab Reyn daryosining sohilida Dyusseldorf shahrida velosipedga minib olib ovozining boricha mashhur bir ariyani ijro etib ketayotgan kishini ko‘rib qoldi; velosipeddagi odam oq ko‘ylak, lak tufli kiyib, galstuk taqib olgan, boshiga shlyapa kiyganmi, yo‘qmi, baribir xuddi opera sahnasidan chiqqanga o‘xshaydi. Daryo bo‘yida uning ashulasiga quloq osadigan bironta jon yo‘q. Lekin velosipedda uchib ketayotgan ashulachining hech kim bilan ishi yo‘q. Uning o‘zi xon, ko‘lankasi maydon; to‘lib-toshib oqayotgan Reyndan tortib daryo uzra ertalabdan suzib ketayotgan yuk kemalari-yu paroxodlar barcha-barchasi go‘yo uning o‘zinikiday... Yoz quyoshi endigina ko‘tarilib kelayotir. Bu manzara shu qadar ajib va ulug‘vor ediki, Bork o‘sha tentakvoy ashulachi ketidan quvib ketguday bo‘ldi. Dunyodagi bor erkinlik, baxt uniki edi. Qani edi, Bork cheksiz sohil bo‘ylab xirgoyi qilib uchib ketayotgan xonandani qarshi olish uchun Reynga kalla tashlab, suza ketsa-yu, unga qo‘l silkitsa, suvdan boshini chiqarib biron bir shirin so‘z ila uning ko‘nglini olsa, yonma-yon birga chopib, dunyoning jamiki tashvishlarini unutsa.
Ular katta yo‘lda g‘izillab ketayotib o‘sha g‘alati hofizni eslab rosa kulishdi.
Bork yana o‘z uyiga, o‘lan to‘shagiga, ishxonasi, yozuv stoliga qaytish ishtiyoqida yonar ekan, “Endi uyga, uyga. Ishlash kerak, ishlash!” deb qo‘yar edi o‘z-o‘ziga. Bu haqda o‘ylar ekan, odatdagiday vujudida ikki xil tuyg‘u jo‘sh urar edi — Har gal safardan qaytib kelganda bo‘lgani kabi aeroportda — Jessi bilan uchrashganda qandaydir o‘kinch, hafta davomida uyda bo‘lmaganligi, qo‘ldan boy berilgan kunlar uchun achinish hissi uning dilini tirnar edi. Inson o‘z umrida qancha kunlarni behuda o‘tkazganligini, bu kunlarning qadr-qiymatini juda kech tushunadi.
Bu safar odatdagi kayfiyatga yana bir his — samolyotda ekanligidayoq eshitilgan xabarning aks sadosi qo‘shilganday bo‘ldi. Bunday axborotlar odatda, hammani hayratda qoldiradigan sensatsiya bo‘lib alanga oladi-da tezda so‘nib qoladi. Lekin Bork bu safar qulog‘iga chalingan voqea haqida o‘ylagan sari ro‘y bergan hodisaga o‘zini daxldorday, daxldor bo‘lganda ham endi undan bosh torta olmaydigan, o‘ziga hech aloqasi bo‘lmagan mojaroni miyasidan tamomila chiqarib tashlay olmaydigan darajada daxldorday sezib, o‘zi o‘zidan tobora ko‘proq hayratlanardi. Agar tasodifan u sudxonaga kelib qolganda kutilmaganda birdan hukm chiqarishib, sudlanuvchigina emas, balki shu paytda ishni eshitish uchun kelgan barcha kishilar sud protsessida ishtirok etganliklari uchungina aybdor deb topilsa qanday bo‘lardi? Bu hukmnomani o‘qib eshittirilganligi uchungina bekor qilib bo‘lmasa-ya!
Kosmosdan kelgan yangilikdan chindan ham g‘alati, kutilmagan va tushuntirib bo‘lmaydigan vaziyat vujudga keldi. Rulda o‘tirgan Jessi ham bu yangilik og‘ushida g‘arqday ko‘rinadi. Buni Bork xotinining chehrasidan, ko‘zlaridan bilib oldi. Tabiat Jessiga chaqnoq nigoh ato qilgan — ko‘z ilg‘amas darajada tovlanib turadigan bu nigoh Robert Bork uchun butun bir olam desa arzigulik. Ular birinchi bor xayriya kontsertida tanishishgan edi — o‘shanda Bork uni yosh musiqachilar orasida, Jessi esa Borkni sahna yaqinida, tomoshabinlar o‘rtasida ko‘rgan edi; shundan so‘ng ular bot-bot uchrashib turishdi; o‘sha birinchi kundan boshlab, uning ko‘zidan “hayotning issiq-sovuqlarini” o‘qib olishni o‘rgandi, uning butun borlig‘ini bilib oldi va Jessi ham erining butun fe’l-atvorini o‘rgandi. Bir-birlarini bir so‘zdan, bir qarashdan tushuna olishlari ularning inoq va baxtli oilaviy hayot qurishlariga zamin yaratdi.
U o‘z tabiatiga xos bo‘lmagan tarzda o‘yga tolib jimib qolgan ziyrak xotinini oldi-qochdi gaplar bilan alahsitmaslikka harakat qildi. Jessining tashvishlanishi uchun durustroq asos ham yo‘q edi. Ularning turmush poydevorlari o‘ta mustahkam edi, oldindan aytib bo‘lmaydigan birdan-bir narsa shu ediki, Xudoning qancha umr ato qilganini hech kim bilmas edi. Hozircha ular o‘zlarining ijodiy rejalarini vaqt va sog‘lik imkon bergan qadar amalga oshirishga harakat qilishmoqda edilar. Bork shu narsani tushunar ediki, hozir Jessining avzoyi buzuq ekan, demak, u samoviy rohib Filofeyning haligi xatidan
23
g‘alati ahvolga tushib qolgan edi.
“Uyda gaplashib olarmiz, — deb o‘yladi Robert Bork. — Ehtimol, hozir yo‘ldayoq dorilfunundagi
do‘stlardan birontasiga qo‘ng‘iroq qilib, gaplashgan ma’qulmidi? — U telefon dastasini ko‘tarmoqchi bo‘ldi-yu, yana o‘ylanib qoldi.
– hozir emas, oldin o‘sha samoviy folbinning maktubini diqqat bilan o‘qib ko‘ray-chi, undan keyin...”
– Radioni qo‘yaymi? – Erining fikrini o‘qiganday so‘radi Jessi.
– Kerak emas... Radiodagi valdirashlarning menga nima keragi bor? Sen yonimdasan, shuning o‘zi yetadi.
– Bu gapingga jon deb ishonaman, juda ishonaman, — dedi Jessi bosiq istehzo bilan, yana bir mashinani quvib o‘tar ekan.
– Agar o‘sha yerdan turib aytganlari chindan ham bor narsa bo‘lsa, unda hech kim chetda qolmaydi, albatta, — deb yuqoriga qaradi Bork.
– Nahotki, sen shu narsaning haqiqatda ham bo‘lishi mumkinligiga ishonsang?
– Bilmayman. Bordi-yu bu to‘g‘ri bo‘lsa, hammaning e’tiborini tortishi turgan gap.
– Tilingga tirsak, Futurolog! — rostakamiga tashvishlanib javob berdi Jessi. – Olomon qo‘zg‘aldimi,
undan qo‘rqqulik.
— Odamlar o‘zlarini halokatga yo‘liqqanday his qilishsa bormi, aytib qo‘yay, genetika biologiyaning
sirli sohasidan siyosatga aylanib ketishi hech gap emas.
– Bu endi quyushqonga sig‘maydigan gaplar, Robert, — kuchayib borayotgan ko‘ngil vahimasini sal
bosib qo‘yishga urinib, dedi Jessi. — Yana ham kim biladi, — dedi u endi o‘ychan bir qiyofada. — Artur bilan Yelizabet mening jo‘nab ketishim oldidan Shnaera aeroportiga telefon qilishdi. Ular ham xavotir olishayapti. Bizning Jon Koshut Atlantadan qo‘ng‘iroq qildi, spektakl qo‘yyapti ekan. U birdan esiga kelib aytdiki, insoniyat tarixining tugashi to‘g‘risida Fukuyama nazariyasiga bag‘ishlangan munozarada sen odamzodni yangi bir fojia, yangi bir ko‘rgilik kutyapti degan emishsan. Mana buyog‘ini eshit, sening sovuqnafas Futurologing qag‘illab, bashorat qilibdiki, tilla topgan tentakday, dunyodagi jamiiyki yovuzliklar orasidan qidirib, jahon urushi o‘rniga odamning qalbidagi urushni — tug‘ilsammikin, tug‘ilmasammikin degan muammoni tanlab opti. Futurologing jimib turganda bunchalik bo‘lmasmidi. U bo‘lsa, o‘ylamay-netmay darvozani lang ochib qo‘ydi, mana oqibati, dedi. Men: bunisi nimasi, deb so‘rasam u “bu shunaqasi” deydi. O’shanisining oti ham yo‘q ekan.
– Ha, bilaman, bilaman, Koshutni, — dedi Bork istehzo bilan, yelkasini qisib. — Hamma vaqt hazil- huzul qilib kulib yuradi, o‘zi bo‘lsa teatrda Shekspir, Esxil va boshqalarning asarlaridan tragediyalar qo‘yib dunyosini naq ag‘dar-to‘ntar qiladi. Men bo‘lsam devorga chiqib olib qag‘illayotgan qarg‘a emishman. Rahmat bunisiga, “do‘stingdan top” degani shu-da.
– E, uni qo‘yaver, qandaydir g‘alati o‘zi. Esingdami, bir kun bunday desa bo‘ladimi: senga havasim keladi, Robert, xotining ham jononmisan jonon, sochlaring esa hali quyuq. “Meniki-chi” deb edi u. Sen esa unga “Xotinimni tortib olishing mumkin, lekin sochimni, oq bo‘lsa ham hurpaygan sochimni hecham ololmaysan” degansan. O’shanda u ko‘ziga yosh olgan, kulganini ham, yig‘laganini ham bilmaysan, naq artist-a!
Bork uning so‘zlarini ma’qullaganday boshini o‘ychan chayqab qo‘ydi. U uyiga dilini bezovta qiladigan qandaydir og‘ir tashvish bilan qaytib kelayotgan edi.
– Bob, sen chindan ham okeandagi kitlarni ko‘rdingmi? — dedi Jessi uning fikrini chalg‘itib.
– Ko‘rganda qanday?! Shuning uchun ham senga qo‘ng‘iroq qilgandim-da, — qaytadan jonlanib tilga kirdi u. — Tasavvur qilolasanmi? Bu manzarani so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Ko‘z oldingga keltir: okeanda bahaybat hayvonlar kemalarga o‘xshab suzib ketayotir, suzganda ham kitlar galasi osmonda uchib ketayotgan qator turnalarga o‘xshab o‘tkir uchburchak hosil qilib suzib borayotir. Ko‘z uzib bo‘lmaydigan manzara. O’shanda yonimda bo‘lsang edi. Yaxshiyamki, telefonda gaplasha oldim. — Bork jim bo‘lib qoldi, so‘ngra qizishib ketib, so‘zini davom ettirdi: — Senga qanday tushuntirsam ekan, bilasanmi, hozir o‘ylasam, bu hecham tasodifiy bir hol emas ekan. Mana, quloq sol. Frankfurtda bu
24
safar tanish-bilishlardan tashqari Avstraliyadan, Melburn dorilfununidan kelgan bir olim ishtirok etgan edi. Har holda avstraliyaliklar bizlardan nima bilandir farq qilishadi, sababini tushunmayman, ehtimol, tupkanning tubida bo‘lishgani uchundir. Balki uning o‘zi tabiatan shundaydir. Uni men o‘zimcha delfinshunos deb atadim, chunki delfinlar bilan juda qiziqar ekan. U tiyrak, risoladagiday, sinchkov, o‘zi gapga chechan odam ekan. O’shanda gap tasodifan delfindan boshlanib kitlarga borib taqaldi. Kitlar haqidagi uzoq suhbatdan so‘ng biz do‘stlashib qoldik. Ehtimol bu senga kulgili tuyular. Ana shu suhbatda men o‘zim uchun jumboq bo‘lib kelayotgan bir masalani — kitlarning gala-gala bo‘lib o‘zlarini o‘ldirish hodisasini tushunib olganday bo‘ldim. Axir buni fan hali-hamon tushuntirib berolmaydi-ku!
– Sen kitlarning qirg‘oqqa otilishini nazarda tutyapsanmi?
– ha, xuddi o‘shani. Soppa-sog‘, aqli-hushi ham joyida bo‘lgan kitlarning u yo‘q — bu yo‘q, kelishib olishganday to‘satdan kechasi qirg‘oqqa yaqin suzib kelib, suv to‘piqdan keladigan sayozlikka bo‘g‘ilib o‘lish uchun sakrashadi. Ular o‘sha yerda okeanga qaytib ketishga urinmasdan halok bo‘ladi. Kitlar nima uchun, qanday sabablarga ko‘ra shunday qilishadi?
– Hay, to‘xta, — deb uning so‘zini bo‘ldi Jessi chehrasi ochilib. — Bu haqda gazetalarda qancha marta yozishdi. Xo‘sh, sening o‘sha avstraliyalik do‘sting buning sababini bilarmikin?
– Hamma gap shunda-da. Biz u bilan qanday fikrga keldik degin. Bu hodisa turning o‘z jonini saqlash biologik qonuniga ziddir. Boshqacha aytganda, tabiatga ziddir. Hayvonot olamida bunaqasi yo‘q.
– Lekin odamlar orasida xohlaganingcha bor.
– Bu butunlay boshqa narsa. Ha, tamomila boshqa narsa. Gap bu haqda ketmayotir. Bu yerda butunlay boshqa bir manzara, Jessi.
Robert Bork jim qoldi, o‘rmonlar orasidan tepalikka ko‘tarilib boradigan keng avtomobil yo‘liga nazar tashlab, yo‘l yoqasidagi belgilar va tanish manzarani zavq bilan tomosha qilib ketar edi. Bir zum u o‘zini juda baxtli sezdi – yo‘lda mashinani Jessi haydab borar ekan u o‘zicha kitlarning ulkan bir sirini xotiniga aytib berishini, buni eshitib Jessining lol qolishini, so‘ngra ikkalasi bu kashfiyotga maftun bo‘lib, mavzuga takror-takror qaytib, uni atroflicha muhokama qilishlarini ko‘z oldiga keltirdi.
Shuning o‘zi baxt emasmi? Baxt degani dillarning uyg‘unlashib ketishi degan so‘z. Uyga yetib kelgach, ayvonda xotini bilan suhbat quradi, Jessi qo‘ygan musiqani miriqib eshitadi (Jessi klassik xalq musiqasi desa jonini beradi) va o‘zi xush ko‘rgan oq vinosidan xo‘plab o‘tiradi... Shu on birdan samoviy rohib esiga tushib qoldi uning, u bugun kayf-safoga o‘rin yo‘q ekanini tushundi.
– Nega jimib qolding, gapir. Bob. Faqat meni gapirtirib qo‘ymoqchimisan?
– Yo‘g‘-e. Fikrimni jamlayapman. Sen o‘sha avstraliyalik Kiffer kitlarning o‘zini o‘zi o‘ldirishi sabablarini bilarmikin deb so‘rading. Senga nima desam ekan? U boshqalarning yetti uxlab tushiga kirmagan fikrni aytmoqda. Bu qandaydir mantiqan to‘g‘ri fikrgina emas, men uni alohida axloqiy- falsafiy mushohada degan bo‘lar edim. Ha, ha, shunday. Kulma ham, ajablanma ham. Bu haq gap. Avstraliyalik olim dunyoviy ahamiyatga ega fikrini o‘rtaga tashlamoqda. Bilsang kerak, barcha sut emizuvchilar orasida kitlar bilan delfinlar aqliy jihatdan eng rivojlangan mavjudotlardir. Afsuski, ular gapira olmaydi, bu esa hozircha bizlar bilan ular o‘rtasida yengib bo‘lmaydigan g‘ov bo‘lib turipti.
– E xudo, sen ma’ruza qilishga odatlanib qolibsan, Robert. Men tushunolmayapman — qanday axloqiy-falsafiy mushohada haqida gapiryapsan?
– Ana shu g‘alati hodisaning tabiatini birorta olim tushuntirib bera olmadi. Kiffer bo‘lsa mening ko‘z o‘ngimda birdan dunyoviy ahamiyat kasb etadigan fikrni o‘rtaga tashladi.
– Uning gipotezasining mohiyati nimada ekan?
– U hammani hang-mang qoldiradigan xulosaga kelibdi. U kitlarning gala-gala bo‘lib o‘zini o‘zi o‘ldirishida dunyoviy aqlning yerdagi hodisalarga aks sadosini ko‘rmoqda.
– Bu g‘irt xayolparastlik-ku, Robert!
– Bunday dema, aslo bunday deya ko‘rma, azizam. Men bu gipotezaning maftuni bo‘lib qoldim. Inson ongning mutlaq hokimidir, demakki dunyo oldida burchdordir, agar biz takomillasha olmas
25
ekanmiz, biz o‘n sakkiz ming olamni o‘rgana olmas ekanmiz (bizdan talab qilinadigan narsa ham shu, dunyoda biz ana shuning uchun yashaymiz), demak, biz o‘z burchini oqlay olmaydigan tekinxo‘rlarmiz, hemirilik maxluqlarmiz. Lekin meni kechir, bir oz chalg‘ib ketdim. Men faqat shuni aytmoqchi edimki, bizga, odam bolasiga qancha huquq berilgan bo‘lsa, biz shuncha burchdormiz. Birinchi galdagi burchlarimiz: turmushni, hayotni uyg‘unlashtirish, takomillashtirish, bizning barcha orzu-niyatlarimiz, amaliyotimiz shu jumlaga kiradi. Hayotning uyg‘unlashishi! Biroq bu sohada qancha buyuk va ayni vaqtda bo‘lmag‘ur fikrlar tug‘iladi, o‘zlarimizda deyarli har qadamda qanchadan-qancha hasadgo‘ylik, ichiqoralik, razillik yuz ko‘rsatadi, axir uyg‘unlik degani o‘z nafsini tiyish, ma’naviy axloqsizlikka qarshi kurash demakdir. Va bu o‘rinda o‘z-o‘zidan bir savol tug‘iladi — vijdon deganining o‘zi nima, barcha zamonlarda har bir kishi vijdonni o‘zi xohlaganday ayyorlik bilan, o‘ziga moslab, bilganicha izohlab keldi, o‘zi holicha tabiat oldida, tarix oldida, dunyoning kelajagi oldida, nihoyat, bizni yaratgan va biz o‘zimiz o‘ylab topayotgan Xudo oldida mohiyati nimadadir?
– Robert, — dedi xotini toqati toq bo‘lib, — Agar o‘rta asrlarda yashaganingda edi chindan ham sendan otashin notiq chiqqan bo‘lur edi. Shu bilan barobar shakkokliging uchun seni inkvizatorlar jon deb gulxanga tashlagan bo‘lar edi. Xudoni o‘ylab topib, yaratib bo‘ladimi?
– Ha, nima demoqchi ekanligingni endi tushundim. Jessi, sen ham juda aqidaparast bo‘lib ketyapsan. Bay, bay, bay. Baribir meni yondira olishmagan bo‘lardi. So‘z bilan hammasini, hammasini qilsa bo‘ladi. Ha, ha. Shuning uchun ham so‘z nozil qilingan. Nimaiki xayolimizga kelsa, boshimizga tushsa, barini so‘z bilan izhor qilamiz. Inson qo‘li bilan nimaiki yaratilibdi, bari so‘zning amalga joriy qilinishidir. Ko‘prik daryo ustiga qurilmasdan oldin so‘z edi. Undan ham muhimi, so‘z — abadiylikning o‘zimizdagi imkoniyatidir. Biz o‘lamiz, lekin so‘z qoladi. Shuning uchun ham u — Xudo. Biz ana shu so‘zda iztirob ila yugurib yelamiz, so‘zlarda — ba’zan qanot bog‘lab abadiylikka uchamiz, ba’zida so‘z bizni xachir kabi yetaklab olishi muqarrardir. Lekin men boshqa narsa haqida gapiryapman. Hayotning butunlay qarama-qarshi mohiyati haqida — dastlab so‘z bo‘lmaganligi to‘g‘risida gapirayotirman. Bu esa — butun boshli tabiatdir. Misol uchun o‘sha kitlarni olaylik. Shu ma’noda ular fojeali maxluqlardir. Gapira olmagani uchun, kitlarga noyob intuitsiya — ichki shuur, faqat shu jonivorlarga xos tafakkur va ruh, o‘ziga xos energoinformatsion (energiya hamda informatsiya chiqarib turadigan) biomaydon ato qilingan. Kitlarning ukalari bo‘lmish delfinlarga qarab ham shunday xulosa chiqarsa bo‘ladi.
– Shunday bo‘lsa ham, Robert, sen o‘zingga nimalarni kashf qilding?
Robert Bork o‘zi uchun o‘ta muhim bo‘lgan masala yuzasidan og‘iz ochishdan oldin o‘ylanib indamay qoldi. U har safar aeroportga ketayotganda yoki aeroportdan kelayotganda nima uchundir uyda kam gapiriladigan narsalar to‘g‘risida so‘z yuritish istagi paydo bo‘lishini payqadi.
– Bilasanmi, — davom etdi u, — Kifferning gapiga qaraganda (men buni asossiz deya olmayman) kitlar — ochiq okeanlardagi radarlardir, ular koinotdan keladigan signallarni sezishadi, ehtimol, vulqonlarning otilishi yaqinlashganini xuddi o‘sha kitlar birinchi bo‘lib sezib olishadi va yerning ichki energiyasining siquvidan sassiz o‘kirishadi, lekin ular uchun, har qanday kemalar ham bas kela olmaydigan dahshatli po‘rtana va to‘fonlarga metindek bardoshli bu jonivorlar uchun eng dahshatlisi inson aqli yetmaydigan, payqamaydigan holat, ya’ni nosog‘ ijtimoiy muhitning, odamlar qilgan yovuzliklarning signallari ta’sirida dunyoviy ruh muvozanatining buzilishi bo‘lsa kerak. Aftidan kitlar uchun eng dahshatlisi, ana shu, Alp tog‘laridan esadigan shamol (men nimani nazarda tutayotganimni payqagan bo‘lsang kerak, bu haqda qancha-qancha adabiyotlar bor) tog‘ odamlarining tinka-madorini mudom quritib turadigan bo‘ron bo‘lgani kabi, devkor maxluqlar uchun eng mashaqqatlisi ana shu yovuzliklardir. Axir vulqon qancha qo‘rqinchli bo‘lmasin, u lavani otib chiqaradi-da so‘ngra tinib-so‘nib qoladi. Odamlarning yovuzlik shamollari esa tinim bilmaydi. Gap mana shunda. Hayot shunday qurilganki, ezgulik har doim tanqis, yovuzlik esa mo‘l-ko‘l, oshib-toshib yotibdi. Tasavvur qil, yerda odamzot to‘xtatib qolishga ojizlik qiladigan dahshatli bir hodisa ro‘y bersa, bir-birlarimizni o‘ldirib, qiynoqqa solib, oyoqosti qilib, surbetlarcha aldab, shu hodisani keltirib chiqargan bo‘lamiz (biz bunga o‘zimizning qilmish-qidirmishlarimiz sabab bo‘ldi deb ham qo‘yamiz),
26
kitlar chorasizlikdan najot istab bizga keladi. Chunki dunyoviy aqlning barbod bo‘lish, yo‘qolish, demak, barham topish xavfi tug‘ilayotir. Bundan har qanday tilsiz maxluqot zamonning oxir bo‘lishini sezadi. Tirik mavjudotlar ichki sezim bilan ana shundan qo‘rqadi. Nima uchun kalamushlar cho‘kib borayotgan kemani tashlab qochadi, deb o‘ylaysan. Xuddi ana shuning uchun. Gapirish, so‘zlash baxtidan mahrum bo‘lgan kitlar bizlarning dastimizdan naqadar azob chekayotganini izhor eta olmaydi, bu holat ularning vujudini siqadi, ezadi, bo‘g‘adi, keyin ular qanday qilib bo‘lsa ham ichini bo‘shatish yo‘lini qiladi. Buning naqadar azobli, mashaqqatli ekanini tasavvur qil. Esingdami, kimdir aytib bergan edi. Ko‘chada bir gung qizni ko‘rib qopti. Uning onasini ablah otasi o‘ldirib qo‘ygan ekan. Sho‘rlik qiz esa voqeani odamlarga tushuntirib beraolmaganidan uyoq-bu yoqqa chopib, o‘zini tramvay tagiga tashlamoqchi bo‘pti. Aftidan, kitlar ham xuddi shu ahvolga tushadi. Lekin bu holat boshqacha miqyosda, dunyo miqyosida ro‘y bermoqda. Kitlar, aftidan, lovullab alanga olgan o‘rmon yong‘inlari uchun okeanda turib bezovta bo‘ladi, tog‘ ko‘chkilari ro‘y bersa, muzliklar harakatga kelib o‘z yo‘lidagi hamma narsani yakson qilib ketsa iztirob chekadi, lekin inson xulqidagi nopokliklarga, shafqatsiz va dahshatli yovuzliklarga chiday olmaydi, bilasanmi, dunyoviy aql egasi bo‘lgan odamda halokatga olib keladigan ehtiroslarning junbushga kelishiga bardosh bera olmaydi. Bizga dunyoviy aql, substrat, to‘g‘rirog‘i, abadiylik shahodati ishonib topshirilganligi haqida o‘ylaymizmi? Shubham bor. Qaerdadir bizning oramizda, muhitimizda o‘pirilish, yemirilish, axloqiy buzilish ro‘y beradi, yovuzlik va qo‘rqinchning ko‘rinmas radiatsiyasi o‘sha o‘pirilgan muhitdan dunyo bo‘ylab tarqaladi, dunyoviy adolat buziladi, o‘ylaymanki, shunday adolat bor narsa, hayotning uyg‘unligi izdan chiqadi, shundan keyin kitlar bardosh bera olmaydi va junbushga kiradi, suzib kelib o‘zini qirg‘oqqa otadi, o‘zini o‘zi halok qiladi. Tasavvur qil, Atlantika ustida uchib ketayapman va birdan burilib uchgan samolyotning qanoti tagida okeanda bir to‘p kit ko‘rindi. Men to‘lqinlar orasida kitlarning turnalar parvozini eslatadigan shaklda uchburchak hosil qilib suzib ketayotganini ko‘rdim-u hang-mang bo‘lib nafasim ichimga tushib ketdi, keyin ular qayoqqa oshiqayapti, ularni qanday kuch qaerga va nima uchun haydab ketayapti deb o‘ylab qoldim.
– Samolyotdan menga telefon qilib qolganing boisini endi bildim. Men bo‘lsam tushunmay, qanday kitlar haqida gapiryapti, nima bo‘lyapti o‘zi deb yuribman. Shunday manzaraning guvohi bo‘lganingdan keyin telefon qilasan-da, albatta.
– Men bu manzaraning guvohi bo‘libgina qolganim yo‘q.
– Hay-hay, sekinroq, — dedi xotini iltifot bilan. — Mening qimmatli futurolog do‘stim! — u eriga yengil istehzo bilan qarab qo‘ydi.
– Shunday qilish sening tabiatingga xos narsa. Lekin bunisi qiziq bo‘ldi, hatto juda qiziq. Menga qara, bu rostdan ham norozilikning o‘ziga xos bir shakli bo‘lsa-chi? Voy esim qursin, Robert, benzin olishimiz kerak-ku, qara — benzinimiz tugayapti. Kitlar haqida bahs qilib, yeldek uchib ketaveribmiz- u...
Ular benzokolonkaga burilishdi-yu, hamma narsa — samoviy rohib ham, kitlar ham, barcha mavhum fikrlar bir zumda unut bo‘ldi. Shundan so‘ng shahar chetidagi ko‘cha bo‘ylab ketishdi, endi uylari juda yaqin qolgan edi.
Bork birdan o‘zining charchaganini his qilib dedi:
– Jessi, bugun telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermaymiz. Avtomatga qo‘yib qo‘y, yozilib qoladi. Charchadim. Yo‘l azobi go‘r azobi...
– Faqat bir marta qo‘ng‘iroq bo‘lishi mumkin. Bugun kechqurun Oliver Ordok telefon qiladi. Unga seni bugun uchib keladi deb aytgandim. U senga, hatto Yevropaga telefon qilmoqchi bo‘luvdi.
– Oliver Ordok-a?
– Ha, o‘sha. U prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘ygan. Bundan xabaring bormi?
– Borlikka bor. Hozir nomzodlarning hammasi birinchi qurdan o‘tishayotir. Lekin undan qochib
qutulib bo‘lmaydi. U tutganini kesadigan odam. Masalaning mohiyatiga yetmaguncha telefon qilaveradi.
– Kechirasan, Bob. Men yo‘q deya olmadim.
27
– Mayli, qo‘ng‘iroq qilaversin. E, xudoyim-ey, Oliver Ordok bilan talay vaqtdan buyon telefonda gaplashgan emasmiz. Esingdami, u vitse-gubernator edi. Shu shtatda fan, ta’lim ishlari va aholining ish bilan bandligi masalasi bo‘yicha shug‘ullanar edi. Bizda xalqaro ilmiy konferentsiyalar tashkil etishga yordam bergan, esingda bo‘lsa. Gorbachev qayta qurishining birinchi yillarida birgalikda Moskvaga borganmiz. O’shanda u yerga butun dunyodan siyosatshunoslar, futurologlar to‘plangan edi. Ordok siyosatshunos hamda shtat ma’muriyatining vakili sifatida ishtirok etgan. Ha, qayta qurish, qayta qurish! Biz hammamiz Sharqda ham, G’arbda ham seskanib tushganday bo‘ldik, nimasini aytasan! Romantikaga to‘la paytlar. U mendan yoshroq, lekin hozir uyam anchaga kirib qoldi.
– Ellik oltida, — eslatdi Jessi. — Gazetalarda shunday deb yozishmoqda: ellik olti yoshli Oliver Ordok. Uni qara-ya! Men ham taxminan shu yoshlarda bo‘lsa kerak deb o‘ylovdim. Bundan chiqdi, Oliver Ordok yurak yutibdi-da, taqdirini sinab ko‘rmoqchi bo‘pti-da. Oliy hokimiyatning sehriga qarang. Birdan ishi o‘ngidan kelib qolsa-ya? Saylov kompaniyasi ochiq dengizday gap, to‘lqin turib qolsa, qarabsanki, qirg‘oqqa otib tashlaydi. Jamoatni og‘zingga qarata olsang, bas. Sezgirlik, ustomonlik kerak. Bu jihatdan Ordok o‘zini suvda suzgan baliqday his qiladi. Fikri unchalik teran bo‘lmasa ham, ayni vaqtda ahmoq ham emas.
– Ha, o‘sha damlar esimda. Yaxshi xotirlayman. O’shanda Moskvada bo‘lganimizda, sakson oltinchi yil edi, sen Kremlda, saroyday eski, katta zalda forumda so‘zga chiqqan eding, forumni Gorbachevning o‘zi boshqargan edi. Ordok ham biz bilan birga edi. Esingda-mi? O’shanda binoyiday, hatto yaxshigina ma’ruza qilgandi.
– Binoyiday. Binoyiday bo‘lganda qanday. U g‘ayrat-shijoat bilan zavq-shavqqa to‘lib so‘zlagan. U har doim fursatdan to‘g‘ri foydalana biladi. Garchi takror aytaman, bilimi bo‘lmasa ham. Ehtimol, bunday hollarda teran bilimning o‘zi kerak emasdir. Ommaning ongiga ta’sir eta olish uchun, avvalo, nomzodning dasturi dolzarb bo‘lmog‘i lozim. Undan tashqari, kishining nuktadonligi katta rol o‘ynaydi.
– Hoy, Robert, yetar, boya kitlar to‘g‘risida vaysab edik, endi bo‘lsa Oliver Ordokka yopishib oldik. Bizning boshqa tashvishlarimiz yo‘qmi? Ko‘p o‘tmay uyga yetib kelamiz. “Ordok, Ordok” deb valdirayveramizmi?
– Hozirgi populizmning mohiyati ham ana shunda-da, Jessi. Bir shaxs deb hamma telba bo‘lib qoladi, o‘sha shaxs ham hamma uchun telba bo‘lib qolganday. Biz Amerikada bundan mustasno emasmiz.
– Albatta. Faqat nima uchun u birdan shoshilinch suratda senga – Yevropaga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘pti? Boisi ne ekan?
– Bu yerda fol ochib o‘tirishga hojat yo‘q. O’ylaymanki, o‘sha samoviy rohib hozirning o‘zidayoq ko‘plarning boshini og‘ritdi, birvarakayiga dovdiratib qo‘ydi. Sababi xuddi ana shunda deb o‘ylayman. Yanayam xudo biladi.
– Bunga sening nima daxling bor! Kosmik fenomen yuzasidan Ordokka sen ham telefon qilishing mumkin edi, Bob. Salom, mo‘ysafid, Rim papasiga kosmosdan kelgan maktub haqida nima deya olasan deyishing mumkin edi. Esingdami, Moskvada o‘rislar bunday hollarda “masalani nima bilan hazm qilish mumkin” deyishadi. Sen ham “bu sensatsiyani nima bilan iste’mol qilsa bo‘ladi, azizim Ordok”, desang bo‘lardi. Nega shunday deb bo‘lmas ekan?
– To‘g‘ri aytasan. Hozirning o‘zidayoq ko‘plar senga qo‘ng‘iroq qilishdi deganding. Nima uchun odamlar kosmosdagi savdoyining qiliqlarini meni izohlab beradi deb o‘ylashadi. Buning sababini tezroq bilib olishim kerak. Bu shunchaki safsata bo‘lsa-chi?
– Safsata bo‘lsa, kulishamiz, jinnilik qilamiz.
– Hay, hay, bunday deya ko‘rma. Bunday safsatalar yaxshilikka olib kelmaydi.
– Mana isbot, senga bahona topilsa bas. Kulgisevar frantsuzlarning seni pessimistlikda dunyoda
buning oldiga tushadigani yo‘q deb atashlari bejiz emas. Bu gaplarning barini uygayam olib kirma, ko‘chaga tashlab ketaylik. Bugunga shuncha muammo ko‘plik qiladi — orbitadagi rohib Filofey deysanmi, okeandagi haligi kitlar deysanmi, eh-he, men esa ertaga orkestr bilan jiddiy repetitsiya qilishim kerak... E, Xudoyim-ey...
28
– Men o‘zim bugun sen bilan bafurja suhbatlashib o‘tirmoqchiman, Jessi... Mana, uyga ham keldik.