CHINGIZ AYTMATOVNING FALSAFIY «VAHIYLARI»
CHINGIZ AYTMATOVNING FALSAFIY «VAHIYLARI»
Chingiz Aytmatovning eng yaxshi asarlari allaqachon yangi jahon adabiyoti klassikasining tarkibiy qismi bo‘lib qoldi. Uning kitoblari uslubi jihatidan ham, ko‘tarilgan falsafiy masalalarga ko‘ra ham bir- biridan farq qiladi, shu bilan birga ularning umumiy jihatlari ham bor. Shu boisdan muallifning har bir asarini oradan vaqt o‘tishi bilan qayta-qayta o‘qiging keladi va har gal yangi va yangi jihatlarini kashf etasan. Aytmatov asarlarining kitobxonni ayricha hayajonga soladigan ta’sir kuchi jamiyatda pishib yetilgan muammolar o‘rtaga tashlanishidadir.
Aytmatov ijtimoiy voqea-hodisalarni kuzatish va tahlil qilishda noyob iste’dodga ega donishmand faylasuf, kishi ruhiyatining nozik torlarini cherta oladigan sehrgar san’atkordir.
Yozuvchining yangi falsafiy romani – «Oxirzamon nishonalari»ni o‘qir ekansiz bu fikrning haq ekanligiga yana va yana ishonch hosil qilasiz.
Murakkab dunyoviy fojealarni buyuk qalamkashning sezgir qalbi hatto bashoratchi futurolog olimlardan ham oldin payqaydi. Roman falsafa, fantastika va so‘z san’ati mahsuli o‘laroq ulkan san’atkorning mushohada qudratidan dunyoga kelgandir. Qalovini topsa qor ham yonadi deganlaridek, nisbati to‘g‘ri tanlansa, uch tarkibiy qismdan iborat hayotiy jarayonda vaqt ham, fazo ham, inson ham yaxlit bir holatda namoyon bo‘ladi.
Yozuvchi kitobxonga badiiy tafakkurning yangi bir qirralarini ochadi, uni o‘yga toldiradi va hatto idrok etish qiyin bo‘lgan hodisalar girdobiga tashlaydi. Yozuvchi fantastik usuldan foydalangan bo‘lsada, roman teran realistik asar sifatida qabul qilinadi. Asarning badiiy tuzilishi, hayotni tasvirlash printsipi yozuvchining boshqa asarlarinikidan tubdan farq qiladi. Kitobxon romanni varaqlar ekan, odamlarning inson sha’niga nomunosib xatti-harakatlaridan nafratlanadi.
Roman voqeasi o‘ta shiddatli psixologik mojarolar va to‘qnashuvlar zaminiga qurilgan. Yer kurrasi axloqiy muammolar sinab ko‘riladigan poligonga aylangan. Insoniyat halokat yoqasiga borib qolgan. Bu halokat tashqaridan kelgan emas, balki bani odamning xatti-harakatlari, munofiqligi, xudbinligi, axloqsizligi oqibatida yuzaga kelgandir. Dunyo bedavo dardga chalingan, agar insoniyat ijtimoiy xastaliklardan forig‘ bo‘lmas ekan, intiqom muqarrardir. Birgina misol. Ikkiqat ayollar tekshirib ko‘rilganda ayrimlarining homilalarida irsiy va boshqa og‘ir kasalliklar mavjudligi aniqlansa ham sho‘rlik ona shunday bolalarning dunyoga kelishidan manfaatdor ekanligini aytishgan, chunki nogiron farzandli ona kvartira, nafaqalar olishda imtiyozlarga ega bo‘larkan.
Romanning mazmuni bunday. Fashizmga qarshi urush yillari sahar chog‘i bir ayol endigina tug‘ilgan chaqalog‘ini qop-matoga o‘rab bolalar uyining eshigi oldiga qor ustiga tashlab ketadi. Bolaga Andrey Kriltsov deb nom qo‘yishadi. Tashlandiq bola o‘ta zehnli bo‘lib ulg‘ayadi va meditsina institutini bitirib genetik olim va nihoyat akademik bo‘lib yetishadi. U institutda o‘qib yurganidayoq homiladorlik mo‘‘jizasini va odamning dunyoga kelish sir-asrorlarini o‘rganishga maftun bo‘lib qoladi.
Kriltsov o‘z laboratoriyasida undirilgan embrionlardan uzoq muddatga hukm qilingan mahkuma ayollarning bachadonlarida ko‘plab ikszurriyotlar, ya’ni ota-onasi ham, aka-ukalari ham, tog‘a-jiyanlari
1
ham, xullas bironta qarindosh urug‘i yo‘q bolalar yetishtira boshlaydi. Bunday odamlarni yaratish hukmron partiyaning diqqat markazida va homiyligida amalga oshiriladi. Partiya MK kotibi Konyuxanov Kriltsov bilan bo‘lgan suhbatda, jumladan shunday deydi: «Gap shundaki, siz uchun bu qiziqarli laboratoriya eksperimentlari ob’ekti bo‘lsa, biz uchun ikszurriyot – yangi tipdagi odam. Va bizning prognozlarimizga ko‘ra, mehnatkash sinflarni eski dunyodan xalos qilish uchun uni ag‘dar- to‘ntar qiladigan ham xuddi ana shu ikszurriyotdir.
Ikszurriyot kelajakda eski, o‘z umrini o‘tagan dunyoni tub-tomiri bilan qo‘porib tashlash barobarinda yangi dunyoni bunyod etajak».
Kriltsovning xotini Yevgeniya erining hech kim jur’at eta olmaydigan g‘ayriinsoniy kirdikorlarini sezib qoladi va jirkanch ishni tashlab uzoqlarga ketishni, farzandli bo‘lishni taklif etadi. Eri bunga unamaydi. Shundan so‘ng xotini butunlay ketib qoladi. Mahkumalardan biri – Runa ismli ayol professorning bu ishlaridan nafratlanib qamoq muddatiga muddat qo‘shilishidan ham qo‘rqmasdan olimni bu kasbkoridan voz kechishga chaqiradi va o‘zini daryoga tashlab g‘arq bo‘ladi. Muhabbat izhor qilmoqchi bo‘lgan ayolidan ham judo bo‘lgach va o‘z eksperimentlarining pirovard natijada nimalarga olib kelajagiga aqli yetgach, so‘qqabosh Kriltsov «Menga yerda joy yo‘q ekan» deb kosmosga ketishga majbur bo‘ladi.
U xalqaro kosmik kemaning ilmiy stantsiyasida uch yildan ortiqroq muddatda o‘zining tibbiy- biologik tadqiqotlarini davom ettiradi va o‘ta mukammal asboblar yordamida ulkan kashfiyot qiladi, bu hodisani «Kassandra tamg‘asi» deb ataydi (Kassandra – qadimgi yunon mifologiyasida Troya podshosining qizi, folbin). Ayrim ikkiqat ayollarning peshonalarida homiladorlikning dastlabki haftalarida ikki qosh oraligida qizil dog‘, ya’ni Kassandra tamg‘asi paydo bo‘lar ekan. Kriltsov buning sababini aniqlaydi – bu bolaning taqdiri yomon kechishidan nishona ekan. Bunday hollarda homila- embrion yorug‘ dunyoga kelishni xohlamaydi va o‘zini yo‘qotishlarini talab qiladi, sho‘rpeshona bo‘lib, boshqalarga tashvish keltirib yashagandan ko‘ra tug‘ilmaslikni afzal ko‘radi.
Olim kosmosdan maxsus nur yuborib, Kassandra tamg‘asini kuchaytiradi: oqibatda ilgari bilinar- bilinmas bo‘lgan qizil dog‘ kuchayib hammaga ko‘rina boshlaydigan bo‘ladi. Shu yo‘l bilan butun yer kurrasi bo‘ylab barcha ayollarning homilalari aniqlanadi. Yorug‘ dunyoga kelgach, urush-g‘ovg‘adan boshi chiqmaydigan, jamiyat peshonasiga bitgan balo – Gitler yoki Chikatilo bo‘lib tug‘iladigan bunday homilalardan kelgan signallarning ma’nosi taxminan mana shunday: «Erk menda bo‘lsa, men tug‘ilmaslikni afzal ko‘rgan bo‘lur edim... Bordi-yu mening xohishimga qaramasdan tug‘ilishga majbur qilsalar, men taqdiri azalni qabul qilishga majburman, hamma zamonlarda odamlar xuddi shunday yo‘l tutishgan... lekin men bilan vidolashishga hali kech emas va men kassandra-embrionman, tug‘ilishni xohlamayman, istamayman, istamayman...»
Kriltsov kosmosda uzoq ishlab anomal hodisalar – kassandra-embrionlarning yil sayin ortib borayotgani, yovuzlik avj olib, gunohi kabiralar ko‘payib borayotganiga amin bo‘lgach, ikszurriyotlarni dunyoga keltirganidan pushaymonga tushadi va nihoyat, o‘zini fazoviy rohib deb e’lon qiladi va Filofey laqabini oladi. U Kassandra tamg‘asi va kassandra-homilalarni aniqlash borasida qilgan buyuk kashfiyotini va insoniyatning o‘zi oxirzamonni yaqinlashtirayotganini oshkor aytib, Rim papasi orqali butun bashariyatga, qo‘yingki kelajak avlodlarga murojaat qiladi. Nomaning bir nusxasini orbital kompyuterdan «Tribyun» gazetasiga bosib chiqarish uchun jo‘natadi.
Fazoviy rohib Filofeyning Rim papasiga yo‘llagan xati romanning bosh falsafasi, kvintessentsiyasi, mag‘zidir. Xat e’lon qilingach, barcha qit’alarda xalq ommasi hayajonga keladi, vahimaga tushadi, Filofeyga la’natlar o‘qiydi, uni kosmosdan urib tushirishni talab qiladi, olomon amerikalik bashoratchi futurolog olimni Filofey kashfiyotlariga xayrixohlik bildirgani uchun o‘ldiradi... Rohib buyuk eksperimentlarining mohiyatiga afrikaliklar ham, osiyoliklar ham, ruslar ham, amerikaliklar ham tushunib yetmagach, o‘zini ochiq kosmosga uloqtirib halok bo‘ladi.
Xullas, roman jahon tsivilizatsiyasining istiqbollariga, ma’naviy, birinchi galda axloqiy muammolariga e’tiborni qaratadi, jamiyatni sog‘lomlashtirish yo‘llarini qidirib topishga undaydi.
Tabiatda tabiiy saralanish qonuni hukmron, kuchlilar unadi, o‘sadi, zaiflar nobud bo‘ladi, jungli
2
qonuni ham shunday – kuchli kuchsizni nobud qiladi, yeydi. Yer kurrasida odamlar ko‘payib ketayapti, ochlik, xilma-xil kasalliklar avj olayapti. Tavrotda «uninglar, o‘singlar, o‘zlaringdan ko‘payinglar» deyilgan bo‘lsa, abort qilish ham taqiqlansa, jamiyatni sog‘lomlashtirish yo‘li bormi o‘zi? – degan fikr kelib chiqadi.
Bugungi kunda tug‘ma kasalliklarga mubtalo bo‘lgan yoki ichkilikbozlik yo giyohvandlikka moyil homilalarni aniqlay oladilar. Bundan bir necha yil oldin Rossiya FA meditsina-genetika ilmiy markazining professori, odam tsitogenetikasi laboratoriyasining mudiri Nikolay Kuleshovning xodimlari 300 mingga yaqin homilador ayollarni tekshirishdan o‘tkazib, og‘ir tug‘ma va irsiy kasalliklarga mahkum 1250 bolaning dunyoga kelishining oldini olgan. Mumkin ekan-ku!
Odamzotning bugungi aqliy takomiliga yetishi uchun necha ming yilliklar kerak bo‘ldi. Ehtimol butun koinotda yakka-yagona ana shu aql o‘chog‘ini yo‘qotish uchun esa ko‘p narsa kerak emas. Insoniyatning ertangi kuni haqida hozir, shu bugun bosh qotirish kerak. Atom bombasi pultining tugmachasi ikszurriyot vasvasning qo‘liga tushib qolmasin. Eng muhimi kishilar o‘zlarini vasvaslik, yovuzlik, ochko‘zlik, axloqsizlik, boylikka hirs qo‘yish kabi nuqsonlardan tiyishlari kerak.
Kishilarning shafqatsizliklari, nafsoniyatlari, hissiyotlari, ishtahalari aql bovar qilmaydigan darajada oshib-toshib ketayotirki, asti qo‘yavering.
Tropik o‘lkalarning ko‘rki bo‘lgan sayroqi to‘tiqushlarning tillaridan milliarderlar uchun tayyorlangan tansiq ovqat pulga chaqilib, och-yalang‘ochlarga tarqatilsa necha ming kishi o‘lim changalidan qutilib qolarkin? Odam o‘zidagi Azozilga hay berishi, har qanday sharoitda ham inson bo‘lib qolmog‘i kerak. Shundagina u inson degan ulug‘ nomga munosib bo‘ladi. Nahotki fan-texnika va iqtisodiyotning mislsiz rivojlanishi imonsizlik, vijdonsizlik, shafqatsizlikning beqiyos avj olishiga to‘g‘ri mutanosib bo‘lsa? Odamlar butun hokimiyatni janob dollarning qo‘liga ishonib topshirib qo‘yishgandan keyin boshqacha bo‘lishi mumkin ham emasmikin?
Chingiz Aytmatovni ko‘pdan beri qiynab kelgan va «Oxirzamon nishonalari» (Kassandra tamg‘asi)da adibning bo‘g‘zidan olgan global muammolardan biri ekologiya – ekologik qasirg‘alar, yadro sinovlari, «qora tuynuklar», «ozon teshiklari», hokazolardir. Devqomat kitlarning o‘zlarini qirg‘oqqa otib gala-gala bo‘lib o‘lim qabul qilishiga insonlarning noinsoniy xatti-harakatlari sabab ekanligi rost bo‘lsa, bu oxirzamon nishonasi bo‘lmay nima?
Oxirzamon tushunchasi dunyo kabi keksa. Bibliyaning bir bo‘limi Yangi ahdda (milodning birinchi asrida) oxirzamonning bo‘lishi haqida bashorat qilingan. Bu tushuncha islomda ham bor. Shuning uchun Muhammad Sallolohi alayhi vassalom oxirzamon payg‘ambari deyilgan.
Paleontologlar yer kurrasida bir necha bor «oxirzamon» bo‘lib hayot qayta tiklanganini tan oladilar. Lekin tarix nazdida bir-ikki ming yil hech qancha muddat emas. Oxirzamon tushunchasi nisbiy tushuncha, shunday bo‘lsa ham butun progressiv insoniyat, birinchi galda intellektuallar – allomayu ulamolar bu haqda shu bugun bosh qotirishlari, ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alabasi uchun kurashishlari darkor.
Asarni qayta-qayta mutolaa qilar ekanmiz, uning mohiyatiga nazar tashlab, kosmik yuksaklikka ko‘tarilib ezgulik bilan yovuzlik o‘rtasidagi azaliy kurashning yangi qirralarini kashf etish, insoniyatning taqdiri haqida jon kuydirib yangi asar yozish faqat Chingiz Aytmatovdek buyuk adibga nasib bo‘lganiga ishonch hosil qilamiz.
Endi tarjimalar va tarjimonlar haqida
Chingiz Aytmatovning deyarli barcha asosiy asarlari o‘zbek tiliga o‘girilgan. Yozuvchining ko‘pchilik qissalarini, hikoyalarini, “Asrga tatigulik kun” romanini Asil Rashidov, “Qiyomat” romanini Ibrohim G’afurov, “Oxirzamon nishonalari” romanini, “Chingizxonning oq buluti” qissasini, “Htar qush nolasi” rivoyatini Suyun Qoraev o‘zbek tiliga tarjima qilgan va uchala tarjimada ham mutarjim asarlardagi ichki ohangni ushlashga erishgan.
3
Suyun Qoraev filologiya fanlari nomzodi, geografiya fanlari doktori, Hzbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xalqaro Aytmatov akademiyasining akademigi. U taniqli jurnalist – 45 yildirki, O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zosi, tajribali mutarjim va publitsist; yarim asrdan oshiq vaqt davomida ko‘plab ilmiy, ijtimoiy-siyosiy kitoblarni ruschadan o‘zbekchaga o‘girgan va tahrir qilgan; tilshunoslik va terminologiyaga oid bir qancha ilmiy ishlar, maqolalar e’lon qilgan, 70-yillarda Ch.Aytmatovning «Otadan qolgan tirnoq» («Soldat o‘g‘li»), «Jimjiloq» hikoyalarini, «Manas otaning oq qori va ko‘k muzi» nomli publitsistikasini, 1997 yilda «O’tar qush nolasi» rivoyatini o‘zbekchaga tarjima qilgan; S.Qoraev Aytmatovning faoliyati va ijodi haqida, chunonchi «Oxirzamon nishonalari» romani, «Chingizxonning oq buluti» qissasi to‘g‘risida qator maqolalar yozgan.
1995 yilda S. Qoraev muallifning roziligi bilan «Kassandra tamg‘asi»ni o‘zbekchaga tarjima qilgan. Romanning «Epilog» qismi (asarning deyarli beshdan bir bo‘lagi) 1995 yilda «Cho‘lpon» nashriyotida «Ikszurriyot» nomi bilan 10 ming nusxada nashr etilgan. Roman tarjimasidan parchalar «Xalq so‘zi», «O’zbekiston ovozi» kabi gazetalarda bosib chiqarilgan. «Chingizxonning oq buluti» qissasi S.Qoraev tarjimasida 1998-1999 yillarda «Birlik», «hamkor», «Vatan», «Qishloq hayoti», «Markaziy Osiyo madaniyati», «Inson va qonun» va boshqa gazetalarda deyarli to‘laligicha e’lon qilingan. Demak ilmiy til bilan aytganda tarjima ma’lum ma’noda «ishlab chiqarishga joriy qilingan»: ozmi-ko‘pmi kitobxonlar nigohidan o‘tgan.
Chingiz Aytmatovning tili asardan asarga murakkablasha va qiyinlasha borganini e’tiborga olsak, yozuvchi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish oson kechmagan, albatta, ularda ba’zi bir kam-ko‘stlar bo‘lishi mumkin.
Valloh a’lam – Alloh bilguvchidir, inson esa xato qilguvchidir. Tarjimon bilan bahslashsa bo‘ladi, masalan muallifning qariyb yarim sahifa keladigan jumlalarini bo‘lib-bo‘lib tashlash mumkin edi, ayrim so‘zlarni boshqacharoq tarjima qilsa bo‘lardi.
Umuman mutarjim muallifning fikrini to‘g‘ri tushunib, kitobxonga yetkazishga harakat qilgan. «Chingizxonning oq buluti» qissasi va «Htar qush nolasi» rivoyati matnlari ravon, badiiy jihatdan yuksak saviyada tarjima qilingan.
Odil Yoqubov, O’zbekiston xalq yozuvchisi
4
Kassandra Appolon muhabbatini rad qilgach, Appolon Kassandrani shunday duoyi bad qildiki, uning bashoratlariga hech kim ishonmay qo‘ydi.
Qadimgi yunon mifologiyasidan
Ikkovidan qaysi biri hali yashab ko‘rmagan bo‘lsa, qaysi biri yorug‘ dunyoda qilinayotgan yovuz
ishlardan bexabar bo‘lsa, o‘shanisi saodatmanddir.