ular yetkazdi. Men esa sening orzu-o‘ylaringning, sening Taqdiringning bir bo‘lagiman.
Shuning uchun ham men sening bir joyda to‘xtab qolmasligingni, balki qidirayotgan
narsangni izlayverishingni xohlayman. Agar urush tugashini kutishingga to‘g‘ri kelsa, bu
fojea emas. Biroq ertaroq jo‘nashga imkon tug‘ilsa, jo‘na, o‘z Taqdiringni izlab yo‘lga
chiq. Shamol qum barxanlarining shaklini o‘zgartiradi, xolos, sahro esa aslicha
qolaveradi. Bizning sevgimiz ham aslicha qoladi.
Maktub.
Chindan men agar sening Taqdiringning bir bo‘lagi esam, qachondir sen menga
qaytasan.
Bu gaplar Santyagoning dilini ranjitdi. Bo‘zbola yo‘l-yo‘lakay yodiga oldi: tanish
cho‘ponlarning dashtu dalalarni — uzoq-uzoqdagi yaylovlarni kezmay yashay
olmasliklariga xotinlarini ishontirishning o‘zi bo‘lmasdi. Ha, sevgi doim suyganing yonida
bo‘lishni talab qiladi.
Ertasi kuni u Fotimaga bu haqda gapirdi.
— Sahro bizning mardumlarni olib ketadi va har doim ham qaytib bermaydi, — javob
qildi qiz. — Biz buni bilamiz, shunga ko‘nikkanmiz. Garchi ular qaytishmasa-da, biroq
doimo biz bilan birga: ular yomg‘ir bo‘lib yog‘maydigan bulutlar, tog‘u toshlar orasiga
bekingan
yirtqichlar, yer bizga in’om etgan zilol suv. Ular butun borliqning bir bo‘lagi bo‘lib
qoladi... Ular Olam Qalbiga qovushib singadi.
Ayrimlariga qaytib kelish nasib etadi. Shunda ayollarning hammasiga bayram bo‘ladi,
chunki mardumlari — ularning kutayotganlari ham bir kunmas bir kun uyiga keladi.
Burunlari men bu ayollarga havas bilan qarar edim. Endi mening ham kutadiganim bor.
Men — sahro ayoliman va bundan g‘ururlanaman. Istagim, mening erim, xuddi qumni
to‘zdirgan shamolday, erkin bo‘lsa. Istagim, u bulutlardan, yirtqichlardan va suvdan ayri
tushmasa.
Santyago angliyalikni izlashga tushdi. Bo‘zbola unga Fotima haqida gapirib berishni
xohlardi, angliyalikni ko‘rib ajablandi: u chodirining biqiniga o‘choq o‘rnatib, ustiga
shisha idish qo‘yibdi. Angliyalik o‘choqqa o‘tin qalab, olovning yonishini to‘xtatmas va
sahroga qarab-qarab qo‘yardi. Uning ko‘zida uchqun paydo bo‘lgan, kitobdan bosh
ko‘tarmay yurgan kunlarda bu sezilmasdi.
— Bu ishning birinchi bosqichi, — tushuntirdi u Santyagoga. — Notoza oltingugurtni
ajratish kerak. Muhimi — hech ish chiqmasligidan qo‘rqmaslik zarur. Men shu kungacha
qo‘rqib kelganim uchun Ulug‘ Ijodga qo‘l ura olmadim. Hozir qilayotgan bu ishni o‘n yil
burun amalga oshirish mumkin edi. O‘n ikki yil emas, o‘n yil kutganim ham bir baxt.
Shunday deb u o‘choqqa o‘tin joylab, sahroga tag‘in qarab-qarab qo‘ydi. Santyago uning
yonida botayotgan quyoshning nurlari qumni qirmizi tusiga bo‘yaguncha o‘tirdi. Shunda
uning yuragida o‘sha yoqqa, sahroga ketish ishtiyoqi alanga oldi, sahro sukunati uning
savollariga javob topib bera bilarmikan, shuni sinamoqqa shaylandi.
U uzoq sandiraqlab yurdi, ora-sira vohani ko‘zdan qochirib qo‘ymadimmi deb, orqasiga
burilib xurmo daraxtlariga qarab-qarab qo‘ydi. U shamolning ovozini eshitdi, oyog‘ining
ostida toshlarni his etdi. Ba’zan chig‘anoqlarga ko‘zi tushdi — bir zamonlar, qadimqadimda sahroning shu joyida dengiz bo‘lgan. Keyin tosh ustiga o‘tirdi va xuddi
sehrlanganday nigohini ufqqa qadadi. U sevgini visoldan ayri holda tasavvur eta
olmasdi, biroq Fotima sahro qizi, agar uning qalbida visol ishtiyoqi paydo bo‘lsa, bu
faqat sahroning sharofati tufayli.

42
Bo‘zbola shu zayl, hech narsa haqida o‘ylamay, boshi ustida yengilgina shamol esib
o‘tganini payqaguncha o‘tirdi. Osmonga qaraganda tepada charx urib uchayotgan bir juft
qirg‘iyni ko‘rdi.
Santyago ularning parvozini ancha kuzatib, samoda ajib kashtalar chizib
uchishayotganidan zavqlanib o‘tirdi. Aftidan, qirg‘iylarning charx urib uchishida biror-bir
ma’noyu maqsad yo‘qday, biroq bo‘zbola ularning parvozida qandaydir mazmun
yashiringanini his etdi, faqat bu nimaga ishora ekanini aytib berolmasdi. U qirg‘iylarning
harakatini ko‘zini uzmay kuzatishga qaror qildi — ehtimol, shunda ularning tilini tushunib
olar. Balki shunda sahro unga visoldan xoli sevgi nimaligini ayon etar.
Tuyqusdan uni uyqu bosa boshladi. Yuragi esa bunga monelik qilib: “Sen Umum Tilidan
voqif bo‘lishga yaqin turibsan, bu o‘lkada hamma narsaning, hatto qirg‘iylarning ko‘kdagi
parvozining ham mohiyati bor”, derdi go‘yo. Santyago qalbiga muhabbat ato etgani
uchun taqdiriga shukr qildi.
“Sevganingda olamdagi narsalarning ma’no-mazmuni yanada to‘lishadi”, — o‘yladi u.
Shu chog‘ qirg‘iylardan biri ikkinchisining tepasiga tik sho‘ng‘ib uchdi va tuyqusdan
bo‘zbolaning ko‘ziga qilichlarini yalang‘ochlab vodiyga kirib kelayotgan jangchilar ko‘rinib
ketdi. Bu ko‘rinish lip etdiyu, ko‘nglida xavotir uyg‘otib nazaridan qochdi. U saroblar
haqida ko‘p eshitgan, ularni o‘zi ham bir necha bor ko‘rgan, odamning xohish-istaklari
sahro qumlari orasida jonlanganday namoyon bo‘lishini bilar edi. Biroq vodiyga
qo‘shinning bostirib kirishini u mutlaqo xohlamayotgan edi.
Santyago bu xavotirli o‘ylarni unutishga, yaxshisi qirmizi tusga kirayotgan qum va
toshlarga termilib zavqlanishni davom etishga urindi. Biroq hushini yig‘ib olishga nimadir
xalal berar, yuragini siqayotgan xavotir arimayotgandi.
“Doimo belgilarga ergash”, — deb tayinlagan edi podshoh Malkisidq.
Bo‘zbola Fotimani o‘yladi. Ko‘ziga ko‘ringan manzarani esladi va ko‘ngli sezdi: nimadir
ro‘y beradi.
U zo‘rg‘a hushini yig‘ib oldi. O‘rnidan turib ortga, xurmo
daraxtlari tomon yurdi. Olam unga yana bir bor ko‘p tillarda tillashishini ko‘rsatdi: endi
sahro emas, vodiy xatarli edi.
Sarbon orqasi bilan daraxtga suyanib o‘tiribdi, uning nigohi ham mag‘ribga qadalgan.
Shu payt barxanlar ortidan Santyago ko‘rindi.
— Bu yoqqa urush kelayapti, — dedi bo‘zbola. — Mening ko‘zimga ko‘rindi.
— Sahro erkak kishining ko‘ngliga har narsani soladi, — javob qildi sarbon.
Biroq bo‘zbola qirg‘iylarni, ularning parvozini kuzatganini va tuyqus Olam Qalbiga
uyg‘unlashganini gapirdi.
Sarbon ajablanmadi — bo‘zbolaning nimani gapirayotganini u tushunib turardi. Yer
yuzidagi har qanday unsur butun zamin tarixini bayon etishga qodirligini u bilardi.
Kitobning xohlagan betini ochib qara, odamning kaftiga termil, bir dasta qartadan
xohlagan birini tanlab ol, qirg‘iyning osmondagi parvozini kuzat — albatta, ayni
daqiqalarda kechayotgan hayotingga bog‘liq unsurlar bilan aloqani ko‘rasan. Bu yerda
gap unsurlarning o‘zida emas, balki odamlarning ularga qarab, ularni kuzatib o‘zlari
uchun Olam Qalbiga uyg‘unlashish yo‘lini ocha bilishlarida.
Sahroda ko‘p odamlar Olam Qalbiga uyg‘unlashib olish qobiliyati orqasidan tirikchilik
qilishadi. Ayollar va qariyalar bundaylardan cho‘chishadi, ularni sohibkaromat, deb
atashadi. Jangchilar ularga kamdan-kam murojaat qilishadi, chunki o‘lishingni oldindan
bilib jangga borish qiyin. Jangchilar nima bo‘lishini oldindan bilmay qo‘ya qolishni va
urushning o‘zgacha shavqini tuyushni ma’qul ko‘rishadi. Taqdir Tangrining qo‘li bilan
bitilgan, bitikda neki bor, bari Uning inshosi, Uning yozganlari esa doimo bandasining

43
nafu manfaatini ko‘zlaydi.
Jangchilar buguni bilan yashaydilar, zero, kundalik hayot tasodiflarga to‘la, shu bois
ming turli holatlarga diqqatini qaratishi kerak: dushman boshingga qaysi tarafdan turib
qilich solmoqchi, uning ostidagi ot qanday sakraydi, joningni omon saqlash uchun zarbni
qanday qaytarishing lozim.
Ammo tuyakash jangchi emas, shu boisdan ham u sohibkaromatlarga ko‘p murojaat
qildi: ba’zilari bexato aytib bersa, ba’zilaridan tayinli gap chiqmadi. Bir safar ularning
eng keksasi (aynan undan qattiq qo‘rqishardi)tuyakashdan ertangi kunini oldindan
bilmoqdan maqsadi nimaligini so‘radi.
— Nima qilishim kerakligini aniqlab olmoqchiman, — dedi u. — Bilib olsam, yuz
beradigan falokatning oldini olishga urinib ko‘raman.
— U holda bu sening ertangi kuning bo‘lmay qoladi, — javob qildi Sohibkaromat.
— Ehtimol, men boshimga tushadigan ko‘rgulikka tayyorlanarman.
— Agar xayrli voqea ro‘y bersa, bu kutilmagan omad degani, agar xayrsiz, yomon
hodisaga duch keladigan bo‘lsang — uni ancha oldin ko‘ngling sezadi.
— Boshimga nima tushishini oldindan bilishni istayman, chunki men odamman, — dedi
tuyakash. — Odamlarning buguni ularning kelajagi qanday kechishiga bog‘liq.
Sohibkaromat bir muddat sukut saqladi. U chiviqlar bilan fol ochardi — ularni yerga
tashlab, qanday tushganiga qarardi. Shu kuni u fol ko‘rmaslikka qaror qildi. Xivichlarni
dastro‘molga o‘rab, cho‘ntagiga bekitdi.
— Men odamlarga ularni nimalar kutayotganini aytib berib, rizqimni topaman, — dedi u
nihoyat. — Xivichlarni qanday tashlashni bilaman, ularning ko‘magida odamlarning
taqdiri yozib qo‘yilgan boshqa bir o‘lchamdagi olamga kiraman. Kirib olgach, men
o‘tmishni o‘qiyman, allaqachon unutilgan narsalarni ochaman va bugungi kunning
belgilarini tanib olaman. Kelajakni men o‘qimayman, taxminan aytaman, zotan, kelajak
Xudovand inon-ixtiyorida, faqat favqulodda holatlardagina uni namoyon etadi. Buni men
bugungi kun belgilariga qarab aniqlayman. Jamiki sir-asror aynan shu — hozirgi kunda
jam bo‘lgan. Unga lozim darajada e’tibor qaratsang — yaxshilay olasan. Ayni damdagi
ahvolingni yaxshiladingmi, demak, ertangni ham o‘nglay olasan. Kelajak uchun
qayg‘urmasang, buguning bilan yashayver, mayli, har bir kuning Qonunda
buyurilganiday o‘taversin. Biroq bilib qo‘y, Xudovand o‘z bandalari uchun hamisha
qayg‘uradi. Har bir kun mangulikning bir bo‘lakchasi.
Shunda tuyakash Tangri kelajakni ko‘rishga izn beradigan favqulodda holatlar nimani
anglatishini bilgisi keldi.
— Faqat Uning O‘zigina namoyon etadi. Xudovand kelajakni kamdan-kam hollarda
ko‘rsatadi. U bunga ixtiyor etganda, oldindan belgilab qo‘yilgan taqdirni o‘zgartirish
lozimligi sabab bo‘ladi.
“Bu bolaga Xudovand kelajakni namoyon etgan, — o‘yladi shu damda Tuyakash. —
Xudovand uni o‘ziga vositachi etib tanlagan”.
— Qabila boshliqlari oldiga bor, — buyurdi u Santyagoga. — Ularga qo‘shinning bizga
yaqinlashib kelayotganini xabar qil.
— Ular ustimdan kulishadi.
— Yo‘q, kulishmaydi. Ular sahro odamlari, demakki, ular belgilar va alomatlarni e’tiborsiz
qoldirishmaydi.
— U holda hammasi ularning o‘ziga ayon bo‘lgandir.
— Ular bu haqda bosh qotirishmaydi, chunki agar Ollohning irodasi bilan nimanidir
bilishlari lozim esa, kimdir kelib bu haqda aytadi, deb ishonishadi. Avvallari ham ko‘p
marta shunday bo‘lgan. Endi bu xabar bilan sen e’tibor topasan.

44
Santyago Fotimani o‘yladi va vohada joylashgan qabila boshlig‘ining qoshiga borishga
qaror qildi.
—Meni boshliqlar oldiga o‘tkazib yubor, — dedi u kattakon oq chodir eshigi oldida turgan
soqchiga. — Sahroda men alomatlarni ko‘rdim.
Soqchi bir so‘z demay chodirga kirib ketdi va ichkarida ancha ushlanib qoldi. Keyin oq
zarbof yaktakli yosh arab bilan birga chiqib keldi. Santyago unga o‘ziga ko‘ringan
manzarani gapirib berdi. U kutib turishini aytib, tag‘in ichkariga kirib ketdi.
Oqshom tushdi. Chodirga arablar, chet ellik savdogarlar kirib-chiqib turishardi. Ko‘p
o‘tmay gulxanlar ham o‘chdi va vohaga asta-sekin jimjitlik cho‘kdi. Faqat kattakon
chodirda chiroq yonib turardi. Bu vaqt mobaynida Santyago Fotima haqida o‘yladi,
garchi qizning boyagina aytgan gaplarining mohiyatini hali ilg‘ay olmagan bo‘lsa-da.
Nihoyat uzoq kutishdan keyin uni chodirga qo‘yishdi.
Chodirda ko‘rganlari uni hayron qoldirdi. Sahroning qoq o‘rtasida bunday joyni
ko‘raman, deb hech o‘ylamagandi. Oyoqlari qalin gulli gilamlarga botdi, tepada sof
oltindan ishlangan qandilda shamlar yonib turibdi. Qabilalar boshliqlari to‘rda gul tikilgan
ipak yostiqlarga yonboshlab o‘tirishibdi. Xizmatkorlar kumush patnislarda shirinliklar va
choy keltirishadi. Boshqalari chilimlarning olovidan xabardor bo‘lib turishibdi, havodan
tamaki tutunining yengil xushbo‘y hidi taraladi.
Santyagoning ro‘parasida sakkiz nafar kishi bor edi, biroq u boshliq — o‘rtada o‘tirgan
zarbof yaktakli arab ekanini aniq payqadi. Uning yonida boya chodirdan chiqib u bilan
gaplashgan yigit o‘tiribdi.
— Alomatlar haqida gapirgan musofir kim? — so‘radi qabila boshliqlaridan biri.
— Menman, — javob qildi Santyago va ko‘rganlarini aytib berdi.
— Nega endi sahro bir muhojirga bu haqda belgi beribdi, axir, bu yerda bizning
ajdodlarimiz yashab o‘tgan bo‘lsa? — so‘radi boshqa bir qabila boshlig‘i.
— Chunki mening ko‘zlarim hali sahroga ko‘nikmagan, bu yerliklar payqamagan
narsalarni ko‘radi, — dedi Santyago va ko‘nglidan: “Boz ustiga menga Olam Qalbi
ochilgan”, degan gap o‘tdi.
Bu so‘nggi gapni u ovoz chiqarib aytmadi — arablar bunday narsalarga ishonishmaydi.
— Men faqat ko‘rganimni aytdim. Ishonmasangiz, bu sizning ixtiyoringiz.
Chodirga og‘ir jimlik cho‘kdi, keyin qabilalar boshliqlari qizishib, gapga kirishib ketishdi.
Ular gapirayotgan lahjani Santyago tushunmasdi, biroq u eshikka tomon qadam
tashlaganda soqchi qo‘lidan tutdi. Bo‘zbola qo‘rqib ketdi. Belgilar xatarni daraklardi va u
Tuyakashga ko‘nglini ochganidan afsuslandi.
Biroq o‘rtada o‘tirgan qariya kulimsiradi va Santyago darhol xotirjam bo‘ldi. Shu
paytgacha u biror so‘z qotmagan, tortishuvga qo‘shilmay o‘tirgan edi. Biroq Umum
Tilidan xabardor bo‘zbola qo‘shinning yaqinlashib kelayotganidan chodir titrayotganini
his etdi va bu yerga kelib to‘g‘ri qilganini tushundi.
Chodirdagilar jim bo‘lishdi va qariyaning gapini diqqat bilan eshitishdi. Qariya
Santyagoga o‘girilib qaradi va bu safar bo‘zbola uning yuzida sovuq begonasirashni
payqadi.
— Ikki ming yilcha burun bu yerdan uzoqda, ko‘rgan tushlarga ishonadigan bir odamni
quduqqa tashlashgan, keyin qul qilib sotib yuborishgan, — gap boshladi qariya. —
Bizning savdogarlar uni Misrga olib kelishgan. Hammamizga ma’lum, tushlarga ishongan
odam ularning ta’birini ham biladi.
“Garchi har doim ham ularni rostga o‘ngara olmasa-da”, — o‘yladi Santyago lo‘li
kampirni eslab.
— O‘sha odam Fir’avnga uning yetti ozg‘in va yetti semiz sigir haqidagi tushini to‘g‘ri

45
ta’birlab, Misrni ocharchilikdan saqlab qolgan. Uning ismi Yusuf edi. U ham senday bir
musofir edi, yoshi ham sen tengi edi.
Qariya jim qoldi. Uning ko‘zlari hanuz sovuq boqardi.
— Biz doim urf-odatni saqlaymiz. Urf-odat Misrni ocharchilikdan qutqardi, xalqini boshqa
xalqlar orasida eng boy-badavlatga aylantirdi. Urf-odat sahroda yurish va qizlarimizni
erga uzatishni o‘rgatadi. Unga ko‘ra, voha — hech kimga tegishli bo‘lmagan yer, zotan,
jang qilayotgan har ikki taraf bu yerga muhtoj, usiz halok bo‘lishi tayin.
Hech kimdan sado chiqmadi.
— Ammo Urf-odat bizga sahro daraklariga ishonishni uqtiradi. Nimagaki aqlimiz yetsa,
bularni bizga sahro o‘rgatgan.
Uning ishorasi bilan hamma arablar qo‘zg‘alishdi. Maslahat tugagan edi. Chilimning
cho‘g‘ini o‘chirishdi, soqchilar saf tortishdi. Santyago tashqariga chiqmoqchi bo‘lgandi,
qariya tag‘in gap boshladi:
— Ertaga biz vohada hech kim qurol olib yurishga haqi yo‘q, degan qoidani bekor
qilamiz. Kun bo‘yi dushmanni kutamiz, quyosh botganda jangchilarim menga qurollarini
topshirishadi. O‘ldirgan har o‘n nafar dushman uchun sen tilla olasan. Biroq qurol,
modomiki, qo‘lga olingan ekan, u shunchaki qayta joyiga qo‘yilmaydi, qurol dushman
qonini tatishi kerak. Zotan, qurol sahroday injiq narsa, keyingi safar otishdan,
chopishdan bo‘yin tovlashi mumkin. Agar ertaga bizning qurolimizga ish topilmasa, biz
uni senga qarshi ishlatamiz.
Bo‘zbola chodirdan uzoqlashganda vohani faqat to‘lin oy yoritib turganini ko‘rdi. U
yashab turgan chodirgacha yigirma minutli yo‘l bosib o‘tilardi, u chodiri tomon yurdi.
Bo‘lib o‘tgan voqeadan u tashvishga tushdi. U Olam Qalbiga uyg‘unlasha oldi va shuning
evaziga, ehtimol, endi o‘z hayotini berib qutular. Bu juda qimmatga tushmaydimi? Biroq
uning o‘zi tanladi buni, O‘z Taqdiri yo‘lidan bormoqchi bo‘lib qo‘ylarini sotdi. Tuyakash
aytganiday, bir boshga bir o‘lim... Baribir emasmi: ertaga o‘lding nima-yu, boshqa kuni
o‘lding nima? Yashaydigan yoki qazoyingni topadigan har qanday kun ma’qul aslida.
Hammasi “Maktub” so‘ziga bog‘liq.
Santyago jim yurib borayotir. U hech nimadan afsuslanmas, hech nimaga achinmasdi.
Mabodo ertaga o‘lib qolsa, demak, Tangri uning kelajagini o‘zgartirishni xohlamagan
bo‘ladi. Biroq u kuni bitguncha nimalargadir ulgurdi: bo‘g‘ozdan suzib o‘tdi, do‘kondagi
ishlarni uddaladi, sahroni yengdi, uning sukunatini va Fotimaning ko‘zlaridagi ma’noni
uqdi. Uyini tark etganidan beri biror-bir kuni bo‘sh, samarasiz ketgani yo‘q. Agar ertaga
ko‘zlari manguga yumilsa-da alam qilmaydi, zotan, u boshqa cho‘ponlardan ko‘ra ko‘p
narsalarni ko‘rib qolishga erishdi. Santyago shundan taskin topardi.
U tuyqusdan gumburlagan tovushni eshitdi va quturib esgan sirli shamolning shiddati
uni yerparchin qildi. Qum to‘zoni oyni bekitdi. Bo‘zbola ro‘parasida turgan haybatli oq
otni ko‘rdi — ot orqa oyoqlariga tayanib, tik cho‘pchigancha qattiq kishnardi.
Qum to‘zoni biroz bosilganda Santyagoni haligacha o‘zi his etmagan qo‘rquv dahshati
chulg‘ab oldi. Oq otda sallali, qora libosda, chap kiftiga qirg‘iyni qo‘ndirgan suvori
o‘tirardi. Uning yuzi burkangan, faqat ko‘zlari ko‘rinadi. Novchaligini aytmaganda, u
karvonni qarshilab, sahroda nimalar sodir bo‘layotganidan yo‘lovchilarni xabardor qilgan
badaviylarning biriga o‘xshardi.
Oy shu’lasi egilgan tig‘da jilvalandi — chavandoz egarga qayish bilan tang‘ib boylangan
qilichni qo‘liga oldi. U El-Fayum vohasining besh ming xurmo daraxtini titratadigan
guldurosli ovozda hayqirdi:
— Qirg‘iylar parvozining ma’nisini ilg‘amoqqa jur’at qilgan kim?
— Men, — javob qildi Santyago.

46
Ayni daqiqada, uning nazarida, suvori Mavrlar G‘olibi, tuyoqlari bilan g‘ayridinlarni
toptayotgan oq otning belidagi avliyo Yoqubning tasviriga aynan o‘xshab ketdi. Hammasi
sirtdan aynan o‘xshash, faqat bu yerdagi suvori boshqa.
— Men, — takror aytdi u va qilichning zarbini kutib boshini egdi. — Ko‘p kishilarning joni
omon qolardi, biroq siz Olam Qalbiga uyg‘un keladigan qarorni qabul qilmadingiz.
Qilich dami bo‘zbolaning manglayiga tekkuncha, sekin tushib keldi. Bir tomchi qon
chiqdi.
Suvori qilt etmay turardi. Santyago ham damini ichiga yutdi. U hatto qochib qutulishga
urinmadi. Vujudining tub-tubida g‘alati umid uchqunladi: u O‘z Taqdiri yo‘lida halok
bo‘ladi. Fotima uchun halok bo‘ladi. Demak, belgilar aldamagan. Mana, Dushman
manglayida turibdi, shu bois ajal unga dahshat sololmaydi, zotan, Olam Qalbi mavjud va
bir nafasdan so‘ng u Olam Qalbining bir qismiga aylanadi. Ertaga uning qismati
Dushmanning boshiga ham tushadi.
Suvori hanuz qilichini sermashga shoshilmas edi.
— Nega bunday qilding?
— Men qirg‘iylar parvozi daraklagan xabarni eshitdim va buning ma’nisini tushundim,
xolos. Ular vohani qutqarmoqni istashdi. Vohaning himoyachilari sizlarni qirib tashlaydi,
ular ko‘pchilik.
Qilichning dami hanuz uning manglayiga tegib turardi.
— Kimsan o‘zing, Ollohning ishiga aralashadigan?
— Olloh faqat qo‘shinnimas, qushlarni ham yaratgan. Ularning tilidan meni Olloh voqif
qildi. Dunyodagi jamiki koru a’mollar bitta qo‘lda bitilgan, — javob qildi bo‘zbola
Tuyakashning so‘zlarini eslab.
Nihoyat suvori qilichini chetga oldi. Santyago nafasini rostladi.
— Bashorat qilishda ehtiyot bo‘l, — dedi suvori. — Hech kim peshonasiga yozilganidan
qochib qutulmaydi.
— Men faqat qo‘shinni ko‘rdim, — dedi bo‘zbola. — Jang oqibati menga ayon bo‘lgani
yo‘q.
Bunday javob suvoriga ma’qul keldi, biroq u qilichini qiniga joylashga oshiqmadi.
— Xo‘sh, bu yerda muhojir nima qilib yuribdi?
— Men o‘z Yo‘limni izlayapman. Biroq sen buni tushunmaysan.
Suvori qilichini qiniga joyladi. Uning kiftidagi qirg‘iy chiyillab tovush berdi. Santyagoni
chulg‘agan tang holat bir qadar bo‘shashdi.
— Men sening chindan jo‘mard ekaningni bilmoqchi edim. Umum Tilini qidirayotganlar
uchun bundan muhim narsaning o‘zi bo‘lmaydi.
Bo‘zbola hayron qoldi. Suvori kamdan-kam odamlarning aqli yetadigan narsalar haqida
mulohaza yuritardi.
— Bundan tashqari, hatto uzoq yo‘lning tanobini tortgan esang-da, bir nafasga ham
bo‘shashmaslik kerak, — davom etdi suvori. — Sahroni sevish ham mumkin, ammo
unga to‘la-to‘kis ixtiyoringni topshirib bo‘lmaydi. Zotan, sahro — odam uchun sinov: bir
nafas xayolingni bo‘lsang, bas, halokatga uchraysan.
Uning gaplari Santyagoga keksa Malkisidqni eslatdi.
— Jangchilar bu yerga kelishgan chog‘da, agar boshing omon bo‘lib tursa, meni izla, —
dedi suvori.
Boya qilich dastasini tutib turgan suvori qo‘lida qamchi ko‘rindi. Ot tag‘in tuyoqlaridan
to‘zon ko‘tarib, yeldi.
— Sen qaerda yashaysan, — uning ortidan qichqirdi Santyago.
Suvori yelib borayotgan ot ustida qamchi bilan janubga ishora qildi.
Bo‘zbola Alkimyogarni uchratgan edi.

47
Ertasi kuni tongda El-Fayum vohasi xurmozorlarida qurollangan ikki ming kishi saf
tortdi. Ufqdan besh yuztacha jangchining qorasi ko‘ringan pallada quyosh hali uncha
ko‘tarilmagan edi. Otliqlar vohaga shimol tarafdan kirib kelishdi, ular o‘zlarini go‘yo
tinchlik istab kelishayotganday qilib ko‘rsatishar, qurollarini oq yaktaklari tagiga bekitib
olishgandi. Qabila boshliqlarining kattakon chodiriga yetib kelishgan paytda ularning
qo‘llarida qurollar va qayrilma qilichlar paydo bo‘ldi. Biroq chodir bo‘m-bo‘sh edi.
Voha ahli sahro suvorilarini qurshab olishdi, yarim soatdan so‘ng qumda to‘rt yuz
to‘qson otliqning jasadi qoldi. Bolalarni xurmozorga eltishdi, ular chodirlarda erlarining
duo-yu jonini qilib o‘tirishgan ayollar qatori hech nimani ko‘rishmadi. Halok
bo‘lganlarning chalqayib yotgan jasadlarini aytmaganda, vohada har doimgi holat hukm
surardi.
El-Fayumga bostirib kirgan otliqlardan yolg‘iz ularning sardori omon qoldi. Uni qabilalar
boshliqlari oldiga keltirishdi va boshliqlar undan ne bois Urf-odatni buzishga botinding,
deya so‘rashdi. U bir necha kunga cho‘zilgan janglarda ochlik va suvsizlikdan
jangchilarning madori qurigani, vohani egallashsa, o‘zlariga kelib, keyin yana urushni
boshlamoqchi bo‘lishganini aytdi.
Jangchilarga qanchalik achinmaylik, biroq Urf-odatni buzishga hech kimning haqqi yo‘q,
dedi qabila oqsoqoli. Sahroda faqat shamolning ta’siridan qum barxanlarining shakli
o‘zgaradi, qolgan barchasi aslicha qoladi.
Harbiy sardorni sharmandali o‘limga hukm etishdi: o‘qni ham, qilich zarbini ham unga
ravo ko‘rishmadi, qurigan xurmo daraxtiga osishdi va sahrodan esgan shamol uning
jasadini ancha vaqt tebratib turdi.
Qabila oqsoqoli muhojirni chaqirib, unga ellikta tilla tanga taqdim etdi. Keyin u yana
Yusufning tarixidan so‘zlab berdi va bo‘zboladan o‘ziga Bosh Maslahatchi bo‘lishini
so‘radi.
Kun botib, osmonda yulduzlar endi xira yorisha boshlaganda (chunki oy to‘lishgan palla
edi) Santyago janubga qarab yurdi. U yoqda faqat bitta chodir bor edi, yo‘lida duch
kelganlar bu joy jinlarning qarorgohi ekanini aytdi. Biroq u chodirning oldiga o‘tirib olib,
kuta boshladi.
Alkimyogar ha deganda qorasini ko‘rsatmadi — oy esa allaqachon tepaga ko‘tarilib
ketgandi. Nihoyat Alkimyogar ko‘rindi, uning yelkasida bir juft o‘lgan qirg‘iy osilib
turardi.
— Men shu yerdaman, — dedi Santyago.
— Bekor kelibsan. Nahot Taqdiring seni mening oldimga yo‘llagan bo‘lsa?
— Urush bo‘layapti. Men sahrodan o‘tolmayman.
Alkimyogar shoshildi, imo bilan Santyagoni ichkariga taklif etdi. Qabila boshliqlarining
shinam bezalgan ertaknamo chodirini aytmaganda, Alkimyogarning makoni voha
ahlining chodirlaridan farq qilmasdi. Santyago ichkariga ko‘z yugurtirib metall eritadigan
qozon va ko‘rani, alkimyoviy shisha idishlarni qidirdi, biroq chodirda bir necha to‘zigan
kitobdan boshqa narsa ko‘zga chalinmadi. Yerga sirli naqshlar solib to‘qilgan gilam
tashlangan edi.
— O‘tir, men hozir choy damlayman, — dedi Alkimyogar. — Qirg‘iylarni pishirib
ovqatlanamiz.
Bo‘zbola bular o‘sha — u yaqindan uchib yurganini ko‘rgan qushlar bo‘lsa kerak, deb
o‘yladi, biroq bu haqda gapirmadi. Alkimyogar o‘choqni yoqdi va hayal o‘tmay chodirga
parranda go‘shtining xushbo‘y hidi taraldi. Bu tamaki hididan ko‘ra yoqimliroq edi.
— Qanday meni istab kelding?
— Hammasiga belgilar sabab, shamol menga sening kelishingni va senga mening