turmushda ham o‘rgansa bo‘lishiga tobora ishonch hosil qilardi.
— Bundan tashqari, — davom etdi angliyalik, — Iksir g‘aroyib xususiyatga ega: uning bir
ushog‘i ham xohlagan hajmdagi metalni oltinga aylantira oladi.
Bu gapni eshitgandan so‘ng Santyagoning alkimyoga qiziqishi juda oshdi. Faqat ozgina
sabr-toqat kerak, shunda xohlagan narsani oltinga aylantirsa bo‘ladi, deb o‘yladi u. Axir,
u mana shu ishni uddalashgan donishmandlar: Gelvetsiy, Elias, Fulkanelli, Geber haqida
o‘qigan, o‘qiganlari uni hayajonga solgan. Bu odamlar o‘z Yo‘llarini oxirigacha bosib
o‘tishgan. Ular dunyo kezishgan, allomalar bilan uchrashishgan, olam sirini bilib
bo‘lmaydi, degan skeptiklarni lol qoldirish uchun mo‘’jizalar yaratishgan, chunki — eng
muhimi — ular oxir-oqibat Iksir va Obi-hayotni o‘z qo‘llariga olish imkoniga ega
bo‘lishgan.
Biroq Santyago Ulug‘ Ijod nimaligini kitoblardan bilib olishga uringanida boshi berk
ko‘chaga kirib qoldi: ular ko‘plab almoyi-aljoyi suratlardan tashqari, nuqul oldi-qochdi
gaplar bilan ham to‘lib-toshgan edi.
— Nega alkimyogarlarning ishlari bu qadar chalkash-chulkash? — so‘radi bo‘zbola bir
kuni oqshom o‘zining kitoblarini o‘qiy olmay zerikib o‘tirgan angliyalikdan.
— Chunki ularni tushunish imkoni alkimyo bilan bog‘liq jarayonlarning butun
mas’uliyatini anglaydigan kishilargagina berilgan. Tasavvur qilib ko‘r, agar xohlagan
odam cho‘yanni oltinga aylantiraversa nima bo‘lishini. Tez orada oltinning qadri cho‘yan
bilan tenglashadi. Qat’iyatli va bilimdonlargagina Ulug‘ Ijod sirlari nasib etdi. Shuning
uchun men hozir bu yerda, sahroning o‘rtasidaman. Men sirli yozuvni o‘qiy oladigan chin
alkimyogarni uchratishim kerak.
— Bu kitoblar qachon yozilgan?
— Ko‘p asrlar burun.
— Axir, o‘sha paytlar bosmaxonalar bo‘lmagan-ku. Qadimda ham, hozir ham — baribir
alkimyoni duch kelgan odam egallay olmagan. Shunday ekan, nima uchun bu kitoblar
bunaqa murakkab tilda yozilgan, suratlari nega g‘alati?
Angliyalik javob bermadi. Faqat keyincha, biroz jimlikdan so‘ng: necha kundan beri
karvonni sinchiklab kuzatayapman, biroq hech qanday yanglikni payqamadim, dedi.
Faqat qabilalar o‘rtasida janglar bo‘layotgani tez-tez quloqqa chalina boshladi.
Oradan bir necha kun o‘tib, Santyago angliyalikka kitoblarini qaytardi.
— Xo‘sh, nimalarni tushunding endi ulardan? — yarim hazil, yarim umid ilinjida so‘radi
angliyalik: tashvishli o‘y-xayollardan chalg‘ishi uchun uning kim bilandir gurunglashgisi
keldi.
— Tushunganim shu bo‘ldiki, olamning qalbi bor ekan va kimda kim bu qalbga
uyg‘unlasha bilsa, mavjudlikning tilini tushunarkan. Tag‘in shuni tushundimki, ko‘pgina
alkimyogarlar o‘z Yo‘lini topishgan va Olam Qalbi, Iksir hamda Obi-hayotni kashf
etishgan, — dedi Bo‘zbola va biroz jim turgach, qo‘shib qo‘ydi: — Eng muhimi, bular bari
shu qadar oddiyki, hammasi jajji zumrad sathiga sig‘arkan.
Angliyalikning kayfiyati buzildi. Na o‘zining uzoq vaqt o‘qiganiyu na timsollar, na dono
kalomlaru na turli-tuman kimyoviy tajribada ishlatiladigan idishlar — birortasi
Santyagoda hech qanday taassurot uyg‘otmagan edi.
“U juda sodda ekan, shu bois tushunmaydi”, — o‘yladi angliyalik, keyin kitoblarini yig‘ib,
tuyaga ortilgan jomadonlariga joyladi.
— Endi o‘zingning karvoning bilan shug‘ullanaver, — dedi u. — Menga ulardan, xuddi
senga mening kitoblarimdan yuqmaganiday, zig‘ircha zang yuqqani yo‘q.
Santyago tag‘in sahro sukunatini tinglamoqqa va qumning tuyalar tuyoqlarida

36
to‘zg‘iyotganini kuzatmoqqa kirishdi.
“Har kimning o‘zining o‘qib-o‘rganish usuli bor, — o‘yladi u. — Unga meniki to‘g‘ri
kelmaydi, meniki esa — unga. Biroq har ikkalamiz ham o‘z yo‘limizni qidirayapmiz va
faqat shuning uchungina uni hurmat qilmaslik qo‘limdan kelmaydi”.
Quyosh ufqdan bosh ko‘tara boshlaganda Santyago uyg‘ondi. Tunda yulduzlar
jilvalangan tomonda endi son-sanoqsiz xurmo daraxtlari ko‘zga ilinar, go‘yo butun
sahroni xurmozor bosib ketganday tuyulardi.
— Yetib keldik! — hayqirdi hozirgina uyqudan turgan angliyalik.
Santyago jim turdi. Buni u sahrodan o‘rgangandi, endi daraxtlarga jimgina qarashning
o‘zi kifoya qilardi. Ehromlargacha hali uzoq. Vaqti kelib bu tong ham uning uchun bir
xotiraga aylanadi. Biroq hozir, Sarbon o‘rgatganday, u ayni daqiqalar uchun yashayotir,
shundan sevinayotir va bu xushbaxt onlarni u o‘tkan kunlar xotiralari, kelajak haqidagi
orzu-umidlari bilan bog‘lashga urindi. Ha, hali bir kun kelib bu ming bir xurmo daraxti
ham xotiraga aylanadi, biroq ayni lahzalarda xurmozor soya-salqinni, suv va xavfsizlikni
va’da qilib turibdi. Xuddi tunda tuyaning o‘kirgani dushman yaqinlab qolganini
daraklaganday, qator-qator xurmo daraxtlari azob-uqubatdan xalos etadigan mo‘’jizadan
darak berardi.
“Dunyo ko‘p tillarda tillashadi”, — o‘ylardi Santyago.
“Vaqt tez o‘tayotgan paytda karvonlar ham jadal odimlaydi”, — o‘yladi Alkimyogar,
vohaga kirib kelayotgan yuzlab odamlar va ulovlarga qarab.
Bu yerdagilarning va karvon bilan kelganlarning shovqini eshitildi, ko‘tarilgan changto‘zon quyoshning betini qopladi, bolalar begonalarni ko‘rib irg‘ishlar, vijillashardi.
Alkimyogar qabila boshlig‘ining Sarbonga yaqinlashib kelganini va u bilan uzoq
suhbatlashganini kuzatib turdi.
Biroq bu olatasir uni qiziqtirmasdi. Qancha odamlar kelib ketmadi, voha ham, sahro ham
o‘sha-o‘sha — mangu va bir zayl. Bu qumlarga shohlarning ham, gadolarning ham
qadam bosganini u ko‘rgan, garchi shamolning kuchidan o‘z shaklini o‘zgartirib tursa-da,
qumlar ham aslidagiday — Alkimyogar bolaligida qanday ko‘rgan bo‘lsa o‘shanday.
Shunday esa-da, zangori osmon va sariq qumni ko‘raverib zerikkan har qanday
sayyohning ko‘ziga xurmo daraxtining yashil shox-barglari ko‘ringanda ko‘ngilga
inadigan sevinch hozir uning ham yuragiga ko‘chdi.
“Ehtimol, tangri sahroni yaratganda, odam daraxtlarga kulib, xursand bo‘lib qarasin
degandir”, — o‘yladi u.
Keyin u nigohini aniq narsalarga qaratishga chog‘landi. U bilardi — buni belgilar unga
ayon etgandi — ayni shu karvon bilan o‘zining pinhona bilimlarining bir qismini ulashishi
lozim bo‘lgan odam kelayotganini. Garchi Alkimyogar bu odam bilan tanish bo‘lmasa-da,
sinchkov nazari bilan olomonning ichidan uni tanib olishiga ishonchi komil edi va u
o‘zining o‘tmishdoshidan kam emasligiga umidlanardi.
“Tushunolmayman, nima uchun bilgan narsalarimning hammasini unga sirli tarzda
ma’lum qilishim kerak, — o‘yladi u. — Buni aslida sir deyish ham qiyin, zotan, Tangri
o‘zining sirlarini jamiki mavjudotga bemalol oshkor etadi”.
Alkimyogar buning bitta izohini topdi: avloddan avlodga o‘tkazish lozim bo‘lgan narsa —
bu Sof Hayot hosilasidirki, uni so‘zlarda yoki rasmlarda tasvirlab bo‘lmaydi. Odamlar
esa, so‘zlar va rasmlarga berilib ketib, oxir-oqibat Umum Tilini unutishga moyil
bo‘lishadi.

37
Karvon bilan kelganlarni darhol mahalliy qabila boshliqlariga olib kirishadi. Santyago o‘z
ko‘zlariga ishonmadi: voha deganlari, tarix kitoblarida yozilganday, ikki-uchta xurmo
daraxtiyu quduqdangina iborat emas, balki ayrim ispan qishloqlaridan ko‘ra xiyla katta
joy ekan. Quduqlarning o‘zi bu yerda uch yuz chog‘li, xurmo daraxtlari — besh
mingtacha, ularning orasida esa turli rangdagi son-sanoqsiz chodirlar bor.
— “Ming bir kecha”, — dedi angliyalik, u Alkimyogar bilan uchrashishni toqatsizlanib
kutayotgandi.
Shu zumdayoq ularni otlarga, tuyalar va odamlarga qiziqsinib qarayotgan bola-baqralar
qo‘rg‘alashdi. Erkaklar yo‘lovchilardan sahroda janglarni ko‘rdinglarmi, deb so‘rashsa,
ayollar savdogarlardan qanday matolar, taqinchoqlar olib kelishganini bilishga oshiqardi.
Sahroning o‘lik sukunati endi tushdagiday tuyular — g‘ala-g‘ovur avj olgan, kulgi,
qiyqiriqlar quloqqa chalinar, go‘yo yo‘lovchilar sahroda jonsiz-tansiz arvohlarday
yurishgan bo‘lsa, endi tag‘in etli, suyakli odamlarga aylanishganday. Ular mamnun va
xushbaxt edilar.
Sarbon Santyagoga vohaning hech qachon tayin bir egasi bo‘lmaganini, chunki bu yerda
ayollar va bolalargina qo‘nim topishganini tushuntirdi. Ular biror-bir tarafning yonini
olishmas, jangchilar esa sahro qumlarida jang qilishar, vohani chekinganda jon
saqlaydigan pana joy, deb bilishardi.
Sarbon yo‘lovchilarni qiyinchiliksiz yig‘ib, qabilalar o‘rtasidagi janglar tugaguncha karvon
vohada qolishini e’lon qildi. Yo‘lovchilar, urf-udumga ko‘ra, qo‘noq olishga hozir mahalliy
kishilarning chodirlaridan joy topishadi, dedi u. Shundan so‘ng Sarbon quroli borlar
qurollarini topshirishini so‘radi. Oqshomlari karvonni qo‘riqlaganlar ham bundan chetda
qolmadi.
— Urushning qoidasi shunday, — tushuntirdi u. — Voha askar yoki jangchilarni qabul
qila olmaydi.
Angliyalik cho‘ntagidan xromlangan to‘pponchani chiqarib, qurol yig‘uvchiga berganda
Santyago juda hayron qoldi.
— To‘pponchaning senga nima keragi bor? — so‘radi bo‘zbola.
— Odamlarga ishonishga ko‘nikish uchun, — dedi angliyalik, uning kayfiyati chog‘ edi,
chunki uzoq yo‘l bosib izlayotganini yaqin-orada topishiga ishonardi.
Santyago esa qidirayotgan xazinasini o‘ylardi. Orzusiga yetishishga yaqin qolgani sayin
yo‘lida qiyinchiliklar tobora ortib borayotir. Podshoh Malkisidqning “boshlovchilarga
omad yor bo‘ladi”, degan hikmati ham amal qilmay qo‘ydi, najot faqat, uning
tushunishicha, o‘z yo‘lini qidirayotgan insonning qat’iyati va jasurligiga bog‘liq. Shu bois,
u shoshilishi befoydaligini bilar, sabr-toqatidan voz kecholmas, aksincha bo‘lganda,
Tangrining uning yo‘liga qo‘ygan belgi-alomatlarini payqamay o‘tib ketishi mumkin edi.
“Tangri hammasini joy-joyiga qo‘ygan”, takrorladi u ichida, bu fikrdan ajablanib.
Hanuzgacha unga bu belgilar, ocharchilik yoki tashnalik, sevgi azobi yoki mehnat kabi,
olamning bir bo‘lagiday tuyulardi. Tangrining u bilan muloqotga kirishadigani, undan
nimani istayotganini bildiradigani shu til ekani uning xayoliga kelmasdi.
“Shoshilma, — dedi u o‘ziga. — Tuyakashning gapi gap: ovqat mahali ovqatingni yegin,
vaqt-soati yetganda — yo‘lga chiq”.
Vohaga yetib kelishgach, birinchi kun yo‘lovchilar, angliyalik ham, uyqudan to‘yib oldi.
Santyagoni o‘zi tengi besh nafar bola bilan bir chodirga joylashtirishdi. Ularning bari
mahalliy bolalar edi, shu bois ular katta shaharlardagi hayotni so‘rab bilishga
qiziqishardi.
U o‘zining qo‘y boqqanini aytib, endi billur do‘konidagi ishlaridan gap ochmoqchi
bo‘lganida chodirga angliyalik kirib keldi.
— Ertalab seni rosa qidirdim, — dedi u, Santyagoni tashqariga olib chiqib. — Sen menga

38
keraksan. Alkimyogarni topishimga yordam ber.
Ikki kun ular Alkimyogarni alohida-alohida qidirishdi, o‘zlaricha uni boshqalardan farqli
yashaydi, chodirida, albatta, tunu kun olov yonib turadi, deb o‘ylashgandi. Bu yerdagi
chodirlar ular chamalagandan ko‘ra bir necha baravar ko‘p ekanini anglaguncha, ikkalasi
vohani boshdan-oyoq izg‘ib chiqishdi — vohada yuzlab chodirlar tikilgan edi.
— Butun bir kun bekorga ketdi, — dedi angliyalik, quduqlardan birining oldida
cho‘nqayib o‘tirarkan.
— Odamlardan so‘rab-surishtirish kerakmidi u haqda, — dedi Santyago.
Biroq angliyalik ikkilandi — u o‘zining shu yerdaligini oshkor etgisi kelmasdi. Oxir-oqibat
u bunga rozi bo‘ldi va arabchada yaxshi
gapiradigan Santyagodan Alkimyogarni daraklab chiqishni so‘radi. Bo‘zbola meshini
suvga to‘ldirib olish uchun quduqqa kelgan ayolga so‘z qotdi.
— Yaxshimisiz, xonim. Aytolmaysizmi, Alkimyogarni qaerdan topsak bo‘ladi? — so‘radi
u.
Ayol bu nomni hech qachon eshitmaganini aytib, ketishga shoshildi. Bungacha esa
Santyagoni ogohlantirib, urf-odatlarni hurmat qilishini, qora libosdagi erli ayollarga gap
qotmasligini uqtirdi.
Angliyalikning hafsalasi pir bo‘ldi. Shuncha yo‘l bosib kelsayu, hammasi yo‘qqa chiqsa!
Bo‘zbolaning ham uni ko‘rib ko‘ngli sovidi — axir, yo‘ldoshi O‘z yo‘lini izlayotir. Bunday
paytda, Malkisidq aytishicha, Olam odamga ko‘makka keladi, orzuyi ushalishi uchun
lozim bo‘lgan yordamni beradi. Nahotki, keksa podshoh adashgan bo‘lsa?
— Men burun hech qachon alkimyogarlar haqida eshitmaganman, — dedi u. —
Bilganimda senga yordam qilishga urinib ko‘rardim.
Angliyalikning ko‘zlari chaqnadi.
— Shunday demaysanmi! — qichqirdi u. — Bu yerda uning Alkimyogarligini hech kim
bilmaydi! Har qanday kasallikni davolay oladigan odam bormi, deb so‘rash kerak!
Shu payt qora libosda bir necha ayol quduqqa keldi, biroq Santyago, angliyalikning
iltimosiga qaramay, ularga so‘z qotmadi. Mana, nihoyat bir erkak kishi ko‘rindi.
— Siz bilmaysizmi, bu yerda har qanday kasallikni davolay oladigan kishi bormi? —
so‘radi bo‘zbola.
— Har qanday kasallikni faqat Olloh davolay oladi, — dedi u, kelgindilarga cho‘chibroq
alanglab qarab. — Jodugarlarni qidirayapsizlarmi?
U Qur’ondan bir necha oyatlarni pichirlab aytib, o‘z yo‘liga qaytib ketdi.
Biroz o‘tgach, boshqa bir odam keldi; uning yoshi ulug‘roq, qo‘lida chelak bor edi.
Santyago unga ham o‘sha savol bilan murojaat qildi.
— Bunday odamlarning sizlarga nima keragi bor? — bilmoqchi bo‘lib so‘radi u.
— Mening oshnam uni ko‘rish niyatida juda uzoq yo‘l yurib keldi.
— Agar bizning vohada shunday odam bor bo‘lsa, u nihoyatda qudratli kishi bo‘lishi
kerak, — dedi o‘ylab turib qariya. — Hatto qabila boshliqlari ham xohlashgan paytda
uning huzuriga yo‘lay olmaydi. Ularni faqat o‘zi istagan paytda qabul qiladi u. Urush
tugaguncha kutinglar, keyin ketinglar bu yerdan. Bizning voha turmushiga
aralashmaganlaring ma’qul.
Shunday deb u ketdi. Biroq angliyalik, Alkimyogarning izini topganini payqab, juda
quvondi.
Quduqqa, nihoyat, qora libosdagi erli ayol emas, balki yelkasida ko‘za bilan bir qiz bola
keldi. Boshiga ro‘mol o‘ragan, yuzi ochiq edi. Santyago Alkimyogarni daraklamoqchi
bo‘lib, unga yaqinlashdi.
Va shunda — go‘yo vaqt to‘xtab qolganday bo‘ldi, Olam Qalbi uning ko‘z o‘ngida o‘zining
butun kuch-qudrati bilan namoyon bo‘ldi. Qizning qop-qora ko‘zlariga, go‘yo jilmayishni

39
ham, jim turishni ham bilmayotganday himarilgan lablariga qarab, Santyago bir lahza
ichida olam tillashadigan, jamiki odamlar so‘zsiz, faqat yurak orqali muloqot qiladigan
tilning eng qadrli, eng aqlli bo‘lagini fahmlab yetdi. Uni Sevgi deb atashadi, u odam
qavmidan-da qadimiy, sahrodan-da ko‘hna. Er yigit va bo‘y yetgan qiz ko‘zlari
to‘qnashganda bu tuyg‘u beixtiyor paydo bo‘ladi — hozir, quduq oldida shu hodisa ro‘y
berdi.
Nihoyat, qizning lablari tabassumni ixtiyor etdi va bu belgi, ayni o‘sha — Santyago o‘zi
bilmagan holda uzoq kutgan, qo‘ylaridan, kitoblardan, billur va sahro sukunatidan
qidirgan belgi edi.
Bu sof va tushunarli til edi, abadiyat sari yo‘l solgan Koinot singari, tarjimaga, sharhu
izohga ehtiyoj sezmaydigan so‘zsiz zabon edi. Shu bir lahza ichida Santyagoning anglab
yetgani shu bo‘ldiki, u o‘zining qallig‘i qoshida turar va qiz ham buni so‘zsiz anglab
yetmog‘i kerak edi. Bunga u zig‘ircha shubha qilmas, bu ishonchi ota-onasining ra’yiga
qarashdan, odatdagiday, sevganingdan keyin so‘rab-surishtirib, sovchi qo‘yib, qolaversa,
to‘yga oz-moz pul jamg‘arib, shundan so‘ng uylangan ma’qul, deydiganlarning
nasihatidan ko‘ra kuchli edi.
Biroq bunday maslahat beradigan kishi Umum Tilini bilmaydi, aksincha, bu tilga
uyg‘unlashganingda o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi: sahroning qoq o‘rtasidami yoki gavjum
shahardami — doimo kimdir kimnidir kutadi, qidiradi. Ularning yo‘llari tutashganda,
ko‘zlari ko‘zlariga tushganda o‘tmish ham, kelajak ham o‘z mohiyatini tamom yo‘qotadi,
faqat mana shu bir lahza mavjud bo‘ladi va bu yorug‘ olamda kechadigan barcha
kechmishlar faqat bitta qo‘l tomonidan yozilganiga cheksiz ishonch barqaror bo‘ladi. Bu
qo‘l qalbda muhabbat alangasini yoqadi va har bir inson uchun, mehnat qilayotgani,
dam olayotgan yoki xazina qidirayotganidan qat’i nazar, unga xuddi o‘zinikiday alangali
qalbni muyassar etadi. Aksincha esa, odam qavmini iztiroblarga solguvchi orzuniyatlarning zig‘ircha ma’nisi qolmasdi.
“Maktub”, — o‘yladi bo‘zbola.
Angliyalik o‘rnidan sakrab turdi va Santyagoni yelkasidan ushlab silkilay boshladi:
— So‘rasang-chi, axir!
Santyago qizga yaqinlashdi. Qiz tabassum bilan u tomonga o‘girildi va bo‘zbola ham
bunga javoban jilmaydi.
— Isming nima? — so‘radi u.
— Fotima, — uyalinqirab javob qildi qiz.
— Men yashaydigan o‘lkalarda ko‘p ayollarning ismi shunday.
— Payg‘ambarimizning qizining ismlari shunday ekan, — dedi Fotima. — O‘sha uzoq
o‘lkalarga bu ismni bizning jangchilarimiz eltishgan.
Bu ma’suma va ko‘rkam qizning so‘zlari g‘ururli jarangladi. Angliyalik betoqat bo‘lib
Santyagoni turtdi va bo‘zbola qizdan har qanday kasallikni davolay oladigan odamni
bilasanmi, deb so‘radi.
— Bu odam dunyoning hamma siridan boxabar, — dedi qiz. — U sahro jinlari bilan
muloqot qiladi.
Jin — bu iblis. Qiz bola janubga ishora qildi — ular qidirayotgan odam o‘sha tarafda
yashashini aytdi. Keyin ko‘zasini suvga to‘ldirib, ortiga qaytdi.
Angliyalik Alkimyogarni qidirib ketdi. Santyago esa quduq oldida uzoq xayol surib o‘tirdi.
Bir vaqtlar, o‘zining yurtida yurgan paytlarda, sharqdan esgan shamol mana shu qizning
muattar bo‘yini unga olib kelar va u qizning mavjudligiga hecham shubha qilmay uni
sevgan edi, bu sevgini, harqalay, yer yuzidagi borki xazinalardan ustun ko‘rardi.
Ertasi kuni u tag‘in quduqning boshiga keldi va qizni kutdi. Biroq bu yerda angliyalikni
uchratib ajablandi, u birinchi bor sahroga sinchiklab nazar tashlayotgan edi.

40
— Men qorong‘u tushguncha kutib o‘tirdim, — dedi angliyalik. — Yulduzlar miltillab chiqa
boshlaganda u paydo bo‘ldi. Men unga nimani qidirayotganimni aytdim. U bo‘lsa
qo‘rg‘oshinni oltinga aylantirishni uddalay oldingmi, deb so‘radi. Niyatim ham shuni
o‘rganish, deb javob qildim men. U tag‘in urinib ko‘rishimni maslahat berdi. Xuddi
shunday dedi: “Borgin va urinib ko‘rgin”.
Santyago jimib qoldi. Angliyalik shu bir og‘iz, o‘zi ham biladigan gapni eshitish uchun
dunyoni kezib shuncha yo‘l yurganmidi? Shunda o‘zining qo‘ylarini Malkisidqqa tekinga
berganini esladi.
— Urinib ko‘r-da! — dedi u.
— Urinmoqchiman. Hoziroq boshlayman.
Angliyalik ketdi, oradan hayal o‘tmay ko‘za ko‘targan Fotima ko‘rindi.
— Men senga faqat bitta gapni aytgani keldim, — dedi bo‘zbola qizga murojaat qilib. —
Mening qallig‘im bo‘lishingni xohlayman. Men seni sevaman.
Qiz qo‘lidagi ko‘zani tushirib yubordi, suv to‘kildi.
— Men seni shu yerda kutaman. Men xazinani qidirib sahroni kezdim, xazina ehromlar
turgan joyda. Biroq urush boshlanib qoldi. Avval men urushni la’natlagandim. Endi
alqayapman, chunki urush sabab bo‘lib men sening yoningga keldim.
— Urush ham bir kun tugar, — javob qildi qiz.
Santyago xurmo daraxtlariga nazar soldi. Bir paytlar u cho‘pon edi, bu vohada esa
qo‘ylar serob. Fotima hamma xazinalardan-da aziz... Biroq qiz, go‘yo bo‘zbolaning fikro‘ylarini uqqanday, davom etdi:
— Jangchilar xazinani qidirishadi. Sahro ayollari ular bilan g‘ururlanishadi.
Keyin u ko‘zasini suvga liq to‘ldirib, ketdi.
Santyago har kuni quduq oldiga kelardi. U Fotimaga qo‘y boqqanlarini, Malkisidq bilan
qanday uchrashganini, billur sotganlarini gapirib bergan edi. Shu zayl ular inoqlashib
olishdi. Qiz bilan o‘n besh daqiqa suhbatlashgan vaqtni aytmaganda, har bir kun
bo‘zbola uchun bir yilday cho‘zilardi.
Oradan bir oy o‘tgach, Sarbon yo‘lovchilarni jamladi.
— Urush qachon tugashi noma’lum, — dedi u. — Yo‘lni davom ettirolmaymiz. Hali
janglar to‘xtamaydigan ko‘rinadi, bir necha yilga cho‘zilsa ham kerak. Bir-biriga g‘anim
bo‘lgan qabilalarning har qaysisida jasur, kuchli jangchilar bor, har biri o‘z nomusini boy
bermaslik uchun maydonni tashlab ketmaydi. Bu yerda yaxshilar yomonlar bilan
urushayotgani yo‘q, bu yerda hokimiyat uchun jang qilishmoqda, bunday urushlar esa
bir boshlansa uzoq vaqt to‘xtamaydi, zero, Olloh ularga ham, bularga ham madadkor.
Odamlar tarqalishdi. Santyago Fotima bilan uchrashib, unga Sarbonning gaplarini
yetkazdi.
— Uchrashganimizning ertasi kuniyoq, — dedi qiz, — sen menga sevgi izhor qilding.
Keyin esa juda ajoyib narsalar — Umum Tili va Olam Qalbi haqida gapirding — men
asta-sekin sening bir bo‘la-gingga aylanib borayapman.
Santyago uning ovozini eshitib turdi, qizning ovozi xurmo daraxtlari uchidagi barglarning
mayin shitirlashidan-da go‘zal edi.
— Men seni bu quduq oldida qay mahaldan beri kutib turibman. Men o‘zimning o‘tkan
kunlarimni unutdim, urf-odatlarimni ham unutdim, qabilamiz erkaklarining qizlar o‘zini
qanday tutishlari kerakligi haqidagi ko‘rsatmalarini ham. Bolaligimda bir kun kelib sahro
menga, hali hech kimga nasib etmagan ajoyib sovg‘a hadya etadi, deb orzu qilardim.
Mana, men unga erishdim, bu sensan.
Santyago qizning qo‘lidan tutmoqchi bo‘ldi, biroq Fotima ko‘zani qattiq quchoqlab oldi.
— Sen menga ko‘rgan tushlaringni gapirib berding, keksa podshoh Malkisidq haqida,
xazinalar haqida aytding. Endi men hech narsadan qo‘rqmayman, chunki seni menga