hech qachon safarga chiqmagan ma’qulmikan?” — o‘yladi bo‘zbola, biroq u qo‘lida
ushlab turgan toshlar g‘oyibdan unga keksa podshohning quvvati va qat’iyatini
berayotganday edi.
G‘aroyib tasodif tufaylimi yoki bu ham bir belgidan darakmi, ishqilib, u hozir Tanjerga
kelgan birinchi kunda bosh suqqan yemakxonaga kirdi. Albatta, o‘shanda unga duch
kelgan tovlamachining qorasi ko‘rinmasdi. Xo‘jayin choy keltirdi.
“Cho‘ponlikka xohlagan paytim qaytaveraman, — o‘yladi Santyago. — Qo‘y boqishni, jun
qirqishni eplayman va bu yumush bilan pul topa olaman. Biroq boshqa paytda
ehromlarga borish uchun hozirgiday imkoniyat bo‘lmasligi mumkin. Ko‘kragiga oltin sipar
taqqan qariya mening butun o‘tmishimni bilardi. Menga haqiqiy podshoh va boz ustiga,
donishmand uchragan edi”.
Uni Andalusiya dalalaridan atigi ikki soatli yo‘l ajratib turardi, biroq ehromgacha bepoyon
sahro yastanib yotibdi. Bunga boshqacha qarasa ham bo‘lishini u tushundi: hozir yo‘l
olsa xazinagacha ketadigan vaqt ikki soatga qisqaradi, garchi u, bu orada, bir yilni
yo‘qotgan esa-da.
“Nega qo‘ylarimga qaytib borgim kelayotgani tushunarli: chunki ularni bilaman, yaxshi
ko‘raman, ularning tashvish ham aytarli ko‘p emas. Biroq sahroga shunday mehr qo‘ysa
bo‘larmikan? Axir, men intilgan xazinamni aynan sahro o‘z bag‘riga bekitgan-ku. Agar
uni topolmasam — uyga qaytaman. Bo‘lganicha bo‘ldi, hozir pulim ham, vaqtim ham
bor, nega bir urinib ko‘rmasligim kerak?”
Shu daqiqada u juda sevinib ketdi. Cho‘ponlik doimo uning ilkida. Qolaversa, xohlagan
paytda o‘zi ham billur savdosi bilan shug‘ullana oladi. Albatta, dunyoda xazinalar ham
ko‘p, biroq boshqa birov emas, aynan uning o‘zi bir tushni ikki marta ko‘rdi va unga
keksa podshoh duch keldi.
U yemakxonadan dumog‘i chog‘ bo‘lib chiqdi. Xo‘jayiniga billur yetkazib turadigan,
sahroda karvon bilan yuradigan bir savdogar yodiga tushdi. Santyago kaftidagi Urim va
Tumimni siqdi — shu toshlar sharofati tufayli u yana o‘z xazinasini qidirib yo‘lga
tushishga qaror qildi.
“Men doimo o‘z Taqdiri yo‘lidan borayotganlar yonidaman”, — u Malkisidq so‘zlarini
esladi.
Bu juda oson: savdo omboriga borib, ehromlar bu yerdan uzoq deyishadi, shu rostmi,
deb so‘rasa bo‘lgani.
Angliyalik o‘tirgan joy ko‘proq og‘ilni eslatardi, bu yerdan ter, chang va mol hidi anqirdi.
“Mana shunday yovuqda yashash uchun o‘n yil o‘qish lozim bo‘ldi”, — o‘yladi u, kimyoga
oid jurnalni parishonxotir varaqlarkan.
Biroq ortga chekingani imkon yo‘q. Belgilarga ergashish kerak edi. U butun umrini bani
bashar gapiradigan o‘sha yagona tilni topishga bag‘ishladi, shu uchun o‘qidi-izlandi.
Dastlab u xalqaro sun’iy til — esperanto bilan mashg‘ul bo‘ldi, keyin dunyodagi dinlar
bilan qiziqdi va nihoyat alkimyoga berildi. Mana endi esperantoda bemalol gapiradi, turli
diniy e’tiqodlar tarixini puxta biladi, faqat hali alkimyogar bo‘la olgani yo‘q. To‘g‘ri,
qandaydir sir-sinoatlarni kashf etdi, lekin ayni paytda bir nuqtada turib qoldi va o‘z
tadqiqotlarida bir qadam ham oldga siljiy olmayotir. Qaysidir bir alkimyogardan ko‘mak
topishga behuda urindi — ularning bari ichimdagini top deydigan, g‘alati fe’l-atvorli
odamlar chiqdi, ularning bari faqat o‘zini o‘ylar, biror-bir ko‘mak yo maslahat olish
dargumon edi. Ehtimol, bunday dargumonlik ularning har narsani oltin qiladigan
afsonaviy tosh — Iksirning siriga baribir yetisha olmaganliklari tufaylidir.
Angliyalik otasining merosidan bir qismini o‘zining samarasiz tajribalariga sovurib bo‘ldi.
U dunyodagi eng boy kutubxonalarda izg‘idi, alkimyoga oid kamyob, o‘ta nodir kitoblarni

29
xarid qildi. O‘sha kitoblardan bittasida u, ko‘p yillar burun Yevropada bo‘lgan bir
mashhur arab alkimyogari haqida o‘qidi; uning ikki yuzdan oshgani-yu, Iksirni topgani
va Obi-hayotni kashf etgani haqida keng dovruq taralgandi; bu ovozalar, albatta,
angliyalikni ne qadar mutaassir etmasin, agar sahrodagi arxeologik ekspeditsiyadan
qaytib kelgan oshnasi o‘zi ko‘rgan karomatsohib bir arab haqida unga gapirib
bermaganida, oddiy afsonaday tuyulardi. U El-Fayum vohasida istiqomat qilarkan. Gapso‘zlarga qaraganda, yoshi ikki yuzda va u har qanday metalni oltinga aylantira
olarmish.
Buni eshitgan zahoti angliyalik hamma ishini yig‘ishtirdi, uchrashuvlarni bekor qildi va
shaxsiy kutubxonasidan eng kerakli kitoblarni oldi-yu, yo‘lga tushdi — va mana, u shu
yerda, og‘ilga o‘xshagan badbo‘y omonat bostirmada, devor ortida esa Sahro orqali yo‘l
solishga shaylanayotgan katta karvon turibdi va El-Fayum vohasi shu karvonning yo‘li
ustida.
“Men bu la’nati alkimyogarni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rishim kerak”, — o‘yladi angliyalik va
ayni damda tuyalarning sassig‘i ham unga juda badbo‘y tuyulmadi.
Shu orada bir navqiron arab, kiftida yo‘l to‘rvasi bilan, uning oldiga keldi va salomlashdi.
— Yo‘l bo‘lsin? — so‘radi u.
— Sahroga, — javob qildi angliyalik va yana kitob o‘qishga tutindi.
Uning vaqti ziq edi: o‘n yil o‘rganganlarini xotirasida tiklashi kerak; aytib bo‘lmaydi,
alkimyogar uning bilimini sinab ko‘rishni xohlab qoladimi.
Bo‘zbola bu orada o‘tirib, kiftiga osgan to‘rvasidan kitob olib ochdi. Angliyalik kitobning
ispan tilida ekanini payqadi.
“Harqalay, yomonmas”, — o‘yladi u, chunki ispanchada arabchaga qaraganda yaxshiroq
gapirardi.
Agar bu bola ham El-Fayumga yo‘l olsa, bekorchi vaqtda u bilan gurunglashsa bo‘ladi.
“Qiziq, — o‘ylardi Santyago, kitobning boshidagi dafn marosimi sahnasini yana qayta
o‘qib chiqarkan. — Shu kitobni qo‘lga olganimga, mana, ikki yil bo‘ldi, hanuz birinchi
betidan nariga o‘tganim yo‘g‘-a.”
Bu safar yonida podshoh Malkisidq yo‘q xalal beradigan, biroq bo‘zbola baribir diqqatini
jamlay olmadi. Boz ustiga, o‘zi shu qarorga to‘g‘ri keldimmi, degan fikr uni chalg‘itardi.
Lekin Santyago eng muhim narsani tushunardi: har qanday ishda qarorga kelish—
ishning boshlanishi, xolos. Qachonki odam biror narsaga, tanlab turib qaror qilsa, u
go‘yo tezkor oqimga sho‘ng‘iganday bo‘ladiki, oqim uni xayoliga keltirmagan joyga
oqizib ketadi.
“Xazinani qidirib yo‘lga chiqqanimda billur sotuvchining do‘konida ishlayman, deb
o‘ylamagandim. Shundayin, bu karvon ham, ehtimol, mening tanlovimdir, mening azmu
qarorimdir, biroq mening yo‘lim o‘z-o‘zicha sirliligicha qoladi”.
Uning yonida yevropalik o‘tiribdi va u ham kitob o‘qiyotir. Santyagoga u yoqimsiz
odamday ko‘rindi: bo‘zbola bostirmaga kirganda u yovqarash qildi. Bu, lekin, hech
gapmas — ular baribir tanishib olishardi, agar u gapni uzib qo‘ymaganida.
Bo‘zbola kitobini yopdi — uning bu muhojirga o‘xshashga hecham xohishi yo‘q edi, keyin
cho‘ntagidan toshchalarni oldi va ular bilan o‘ynay boshladi.
— Urim va Tummim! — hayratlandi yevropalik.
Santyago shoshilib ularni yashirdi.
— Sotilmaydi, — dedi u.
— Bilaman, ular qimmat turmaydi, — javob qildi yevropalik, — oddiy shaffof toshlar,
hech qanday xislati yo‘q. Dunyoda bunday toshlar millionlab topiladi, biroq sinchkov
odamgina Urim va Tummimni darrov payqaydi. Ammo men ularning bu o‘lkalarda ham

30
uchrashiga shubhalanmagandim.
— Menga ularni podshoh sovg‘a qildi, — javob berdi bo‘zbola.
Muhojir, go‘yo tildan qolganday, bo‘shashgan qo‘li bilan cho‘ntagidan, xuddi
Santyagonikiday, ikkita tosh oldi.
— Sen podshoh bilan gaplashdingmi? — deb yubordi u.
— Ha-da, podshohlarning cho‘ponlar bilan gaplashishini sen tasavvur qilishing qiyin, —
dedi Santyago. Endi uning gurungni davom ettirish xohishi yo‘qolgandi.
— Yo‘q, nega endi. Axir, birinchi bo‘lib Podshohni cho‘ponlar tan olishgan, bu payt Uni
hali dunyoda hech kim bilmasdi. Ayni podshohlarning cho‘ponlar bilan muloqotining
o‘zida hech bir ajablanarli hol yo‘q, — dedi angliyalik va bo‘zbola tushunmadi shekilli
degan xavotirda qo‘shib qo‘ydi: — Bu haqda Injilda o‘qisa bo‘ladi, o‘sha, men Urim va
Tummim haqida o‘qib bilgan kitobda. Tangri faqat mana shu toshlar bilan fol ochishga
izn bergan. Kohinlar ularni oltin ko‘krak siparida olib yurishgan.
Endi Santyago omborga kelganiga afsuslanmayotgan edi.
— Ehtimol, bu belgidir, — angliyalik ovoz chiqarib fikrlayotganday gapirdi.
— Kim senga belgilar haqida aytdi? — Santyagoning qiziqishi daqiqa sayin ortib borardi.
— Dunyodagi borki narsalar — belgilar, — dedi angliyalik, jurnalini chetga qo‘yib. —
Qadim-qadimda odamlar bir tilda gaplashishgan, keyin esa bu tilni unutishgan. Mana
shu Umum Tilini men izlayapman. Shu bois bu yerdaman. Men shu Umum Tilini
biladigan odamni topishim kerak. Alkimyogarni.
To‘ladan kelgan arab — ombor egasining paydo bo‘lishi bilan ularning suhbati bo‘linib
qoldi.
— Omadlaring bor ekan, — dedi arab. — Bugun tushdan so‘ng karvon El-Fayumga yo‘l
oladi.
— Biroq men Misrga borishim kerak! — tashvishlanib xitob qildi Santyago.
— El-Fayum Misrda-da. Sen o‘zing qaerliksan?
Santyago Ispaniyadanman, deb javob qildi. Angliyalik xursand bo‘ldi: arabcha kiyingan
bo‘lsa-da, o‘zi yevropalik ekan.
— U belgilarni omad, deb ataydi, — dedi u, xo‘jayin chiqib ketgach. — Agar men “omad”
va “tasodif” so‘zlari haqida kitob yozishga kirishsam, qalingina qomus yuzaga kelardi.
Umum Tili aynan shu so‘zlardan tashkil topgan.
Shunday deb, u o‘zining Santyago bilan uchrashgani, aytgancha, undayam Urim va
Tummim bor ekan, bu shunchaki oddiy tasodif emasligini qo‘shib qo‘ydi. Keyin
bo‘zboladan mabodo Alkimyogarni qidirayotganing yo‘qmi, deb surishtirdi.
— Men xazinani izlayapman, — javob qildi u va xato qilganini payqab, tilini tishladi.
Biroq angliyalik uning gapiga, aftidan, ahamiyat bermadi shekilli, faqat:
— Qaysidir ma’noda — men ham, — dedi.
— Men alkimyoning nimaligini, ochig‘i, yaxshi bilmayman, — dedi Santyago, biroq shu
payt ombor egasining ularni chaqirgan ovozi eshitildi.
— Karvonga men sarbonlik qilaman, — dedi ularga hovlida soqoli ko‘ksiga tushgan,
ko‘zlari qop-qora kishi. — Men bilan yo‘lga chiqadiganlarning hayot-mamoti mening
qo‘limda bo‘ladi, chunki sahro — telbatabiat kimsaday gap, odamlarni tez-tez aqlidan
ozdirib turadi.
Ikki yuz choqli odam yo‘l tadorikini ko‘rishgan, ulovdan — tuyalar, otlar, eshaklar
bundan sal kam ikki baravar ko‘p. Angliyalikning kitob tiqib joylangan bir necha
jomadoni bor ekan. Hovlida ayollar, bolalar va belidagi kamarlariga qilich osgan,
kiftlarida uzun qurollari bor erkaklar to‘pirlashib turishardi. Shovqin-suronning
kuchliligidan Sarbon gapini bir necha marta takrorlashiga to‘g‘ri keldi.

31
— Bu yerga turli xil odamlar yig‘ilishgan va ular har turli tangrilarga sig‘inishadi. O‘zim
yolg‘iz Ollohga sajda qilaman va Uning nomi bilan qasam ichaman: sahroni boz zabt
etish uchun ilkimdagi borki imkonimni ishga solaman. Endi har qaysingiz o‘z
tangringizga sajda qilib, har qanday vaziyatda ham menga bo‘ysunishga so‘z beringiz.
Sahroda sarkashlik qilish — halokatdir.
Past ohangdagi tovushlarning g‘ala-g‘ovuri ko‘tarildi — bu o‘z tangrilariga iltijo
etayotganlarning tovushi edi. Santyago Iso Masih nomiga qasamyod qildi. Angliyalik
sukut saqladi. Bu jarayon qasam ichishga ketadigan vaqtdan biroz cho‘zildi — odamlar
samodan himoya va xayrixohlik tilashardi.
Shundan so‘ng burg‘uning cho‘ziq tovushi eshitildi va odamlar egarga minishdi.
Santyago bilan angliyalik ham o‘zlari sotib olishgan tuyalarga bir amallab minib olishdi.
Bo‘zbola yonidagi yo‘ldoshi tuyasiga kitob joylangan og‘ir jomadonlarni rosa yuklaganini
ko‘rib, jonivorga ichi achidi.
— Ammo, aslida, hech qanaqa tasodifning o‘zi yo‘q, — go‘yo allaqachongi gurungni
davom ettirgan bo‘lib dedi angliyalik. — Mening bu yerga kelishimning sababi, bir
oshnam shunday arab haqida eshitgan ekan, u arab...
Biroq uning so‘zlarini harakatga kelgan karvon shovqini yutib yubordi. Shunday esa-da
Santyago angliyalikning muddaosini juda yaxshi bilardi: voqealarni bir-biriga bog‘lab
turadigan sirli zanjir bo‘ladi. Ayni shu vosita uni qo‘ychivonlikka boshladi, bir tushni ikki
marta ko‘rgani, Afrika qirg‘oqlariga yaqin joyga borgani-yu bu shaharchada podshohni
uchratgani, tovlamachiga duchor bo‘lgani, billur sotadigan do‘konga yollangani...
hammasi shundan.
“O‘z Yo‘lingdan qancha uzoq ketsang, u hayotingni shu qadar izchil belgilaydi”, — o‘yladi
bo‘zbola.
Karvon sharqqa yo‘l tortdi. Sahar palla yo‘lga chiqilar, quyosh chosh tepaga kelganda
dam olish uchun to‘xtalar, jazirama issiq biroz tushgach, yana yo‘lda davom etilardi.
Santyago angliyalik bilan kam gaplashdi — muhojir boshini kitobdan deyarli uzmasdi.
Bo‘zbola churq etmay ko‘p sonli yo‘ldoshlarini kuzatib borardi. Endi ular safar arafasidagi
safardoshlariga o‘xshamasdi. O‘shanda yugur-yugur avjiga mingan: baqiriq-chaqiriq,
bola yig‘isi va otlarning kishnashi, savdogaru tuyakashlarning hovliqqan, hayajonli
ovozlariga qorishib ketgandi. Bu yerda, sahroda esa jimjitlikni doimiy shamolning
hushtagi-yu ulovlar tuyog‘i ostidagi qumning g‘ijirlashigina buzardi. Hatto tuyakashlar
ham sukut saqlashardi.
— Men bu qumliklardan ko‘p o‘tganman, — dedi bir oqshom tuyakashlardan kimdir
boshqasiga. — Biroq sahro shunaqangi ulug‘ va shunaqangi tilsimki, bexosdan o‘zingni
qum zarrasiday g‘arib his eta boshlaysan. Qumning zarrasi esa gungu kar.
Santyago, sahroda birinchi marta bo‘layotgan esa-da, tuyakashning nima haqda
gapirayotganini tushundi. Uning o‘zi ham, dengizga yoki olovga, soatlab bir so‘z
aytmasdan, hech nimani o‘ylamasdan, xayolan bu unsurlarning mislsiz qudratiga tamom
asir bo‘lganday, termilib o‘tira olardi.
“Men qo‘ydan saboq oldim, billurdan saboq oldim, — o‘yladi u. — Endi meni sahro
o‘qitadi. Sahro, meningcha, eng ko‘hnasi, sahro — men oldin ko‘rganlarim orasida eng
donishmandi”.
Shamol esa bu yerda bir nafas ham tin olmas va Santyago Tarifdagi minorada turib
uning kuchini qanday his etganini esladi. Andalusiya yaylovlarida o‘t va suv izlab izg‘igan
qo‘ylarining junini yengil hilpiratib to‘zdiradigan mana shu shamol bo‘lishi kerak.
“Endi ular meniki emas, — o‘yladi u ortiq g‘am chekmay. — Meni unutishgan hamdir,
ehtimol, yangi cho‘ponga o‘rganib qolishgandir. Bo‘lganicha bo‘lar. Qo‘ylar, xuddi u
yerdan bu yerga ko‘chib-kezib yuradigan odamlarday, ayriliq ham bir zarurat ekanini

32
bilishadi.”
Shu payt uning yodiga movutchining qizi tushdi — harqalay, u er qilib ketgan bo‘lsa
kerak. Kimga chiqqan ekan? Makkabodroq sotuvchiga tekkanmikan? Yoki kitob o‘qishni
biladigan va g‘aroyib sarguzashtlar aytib beradigan cho‘ponga tegdimikan —
Santyagodan boshqa ham bor bundaylar. Shunday bo‘lganiga negadir ishonchi komilligi
bo‘zbolaga kuchli ta’sir o‘tkazdi: ehtimol, u Umum Tilini egallagan va endi dunyodagi
barchaning buguni va o‘tmishini bilar? “Ko‘ngil sezishi” — bu qobiliyatni uning onasi
shunday atagan edi. Endi u tushunardi, bu — jamiki odamlarning taqdirlari o‘zaro
bog‘langan bani bashar tiriklik oqimiga shiddat bilan ruhan cho‘mish. Zero, bizga
hammasini bilmoq imkoni inoyat etilgan, shu bois ham hammasi allaqachon yozib
qo‘yilgan
— Maktub, — deb yubordi bo‘zbola, billur sotuvchini eslab.
Gohida sahro qumi kutilmaganda tosh-metinga aylanardi. Mabodo karvon xarsangtosh
oldidan chiqib qolsa, uni aylanib o‘tar, agar toshloq joyga duch kelsa, chetlab yurardi.
Qumi juda yumshoq va mayda bo‘lgan, tuyalarning tovoni botib qoladigan joyda boshqa
yo‘l izlashga to‘g‘ri kelardi. Ba’zan sho‘rxok yerda oyoq bosish lozim bo‘lar — demak, bu
joyda bir zamonlar ko‘l bo‘lgan — shunday paytda yuk ortilgan jonivorlar ozorlanib
o‘kirar, kishnardi. Tuyakashlar yerga tushib, ularni silab-siypab tinchlantirar, keyin yukni
o‘z yelkalariga tashlab olar va yo‘lning bu g‘irrom qismidan o‘tib olishgach, yuklarni
tag‘in tuya va otlarga ortishardi. Mabodo tuyakashlardan kimdir og‘rib yoki o‘lib-netib
qolsa, birodarlari qur’a tashlab uning tuyalarini kim tortishini aniqlashardi.
Bularning hammasiga bitta sabab bor edi: karvon qancha yo‘l bosmasin, yo‘lini necha
martalab o‘zgartirmasin, baribir manzil sari intilar edi. To‘siqlarni yengib o‘tib, vohaning
qaerdaligini ko‘rsatib turgan yo‘lchi yulduzga qarab yo‘l olardi. Azon mahali osmonda
yarqiragan yulduzga qarab, odamlar o‘zlarini bu yulduz salqin joylarga, suvga, xurmozor
va hordiq oladigan manzil sari eltayotganini bilishardi. Faqat yolg‘iz angliyalik kitobdan
bosh ko‘tarmas, go‘yo hech nimani payqamayotganday edi.
Santyago ham safarning dastlabki kunlarida kitob o‘qishga urinib ko‘rdi. Biroq keyin
tevarak-atrofga qarab, shamolning nag‘masiga quloq tutib ketish bu mashg‘ulotdan
ko‘ra qiziqroq ekanini payqadi. U tuyasining fe’lini o‘rgandi. Unga bog‘lanib qoldi, keyin
umuman kitobdan voz kechdi, ortiqcha yuk, deb hisobladi. Shunday esa-da, qachon
kitob ochib ko‘z yugurtirsa unda, albatta, biror-bir qiziqarli gap topilishiga ishonardi.
U yonida kelayotgan tuyakash bilan ora-sira gaplashib, oshno bo‘lib oldi. Kechqurunlar,
dam olish uchun qo‘nishib, gulxan tevaragida o‘tirishganda, Santyago o‘zining
qo‘ychivonlik hayotidan turli voqealarni so‘zlab berardi.
Bir safar tuyakash o‘zi haqida gap boshladi:
— Men El-Qayrum yaqinidagi qishloqchada yashardim. Uyim, bog‘im, bolalarim bor edi
va umrimning oxirigacha bekami-ko‘st yashasam bo‘lardi. Bir yili, o‘shanda hosil juda
mo‘l bo‘ldi, yaxshi daromad qildik va butun oila a’zolarimiz bilan hatto Makkaga bordik—
nasib etib musulmonlik farzini ado etdim va endi ko‘ngilni xotirjam qilib, qazoyimni
kutsam bo‘lardi. Yaratganga shukronalar aytardim.
Biroq kunlarning birida yer qalqidi va Nil qirg‘oqlaridan toshdi. Beziyonday tuyulgan bu
ofat menga ham ziyon yetkazdi. Qo‘shnilar zaytunzorlarini toshqin yuvib ketishidan
tashvishga tushib qolishdi, xotinim bolalardan xavotirlandi. Boru budimizdan ayrilib
qolayotganimizni ko‘rib turib dahshatga tushdim.
Shundan so‘ng yer hosil bermay qo‘ydi— tirikchilikning boshqa yo‘lini qidirishimga to‘g‘ri
keldi. Shu bois men tuyakashlikni kasb qildim. O‘shanda menga Ollohning: noayonlikdan
cho‘chimangiz, zotan, har kim o‘z xohish-istagiga yarashasini olgay, nimagaki muhtoj

33
esa unga yetishgay, degan kalomining ma’nosi ayon bo‘ldi.
Hammamiz ham bor narsalarimizni— bu ekin-tikin bo‘ladimi yoki hayotimizmi— yo‘qotib
qo‘yishdan qo‘rqamiz. Biroq bu qo‘rquv vaqtinchalik, ammo bir narsani tushunib yetish
lozimki, bizning qismatimizni ham, olam taqdirini ham bitta qo‘l bitgan.
Ba’zan yo‘lda ikkita karvon duch kelib qolardi. Shunda bir karvondagi yo‘lovchilarda
ikkinchisidagi odamlar muhtoj bo‘lgan narsalar topilmay qolmasdi. Chindan ham bu
olamdagi kechmishlar bari bir qo‘l bilan bitilganday go‘yo. Tuyakashlar bir-biriga qum
bo‘ronlari haqida gapirib berishar va gulxanni qo‘rg‘alab o‘tirishib, o‘zlari kuzatgan
sahroning injiqliklaridan gurunglashardi.
Gohida gulxan atrofidagi gurungga chetdan g‘alati-g‘alati badaviylar ham kelib
qo‘shilardi, ular karvon borayotgan yo‘lni ipidan ignasigacha bilishardi. Ular qaerda
qaroqchilardan va johil qabilalardan ehtiyot bo‘lish kerakligini uqtirishar, keyin esa
qanday paydo bo‘lishgan bo‘lsa, xuddi shunday zim-ziyo tunga singib jimgina g‘oyib
bo‘lishardi.
Shunday oqshomlardan birida Santyago bilan angliyalik o‘tirgan gulxan oldiga tuyakash
keldi.
— Qabilalar o‘rtasida urush bo‘layotganmish, xabar kelayapti, — darakladi u.
O‘rtaga cho‘kkan og‘ir jimlikdan Santyago chindan xavotir paydo bo‘lganini his etdi. U
yana bir bor so‘zsiz Umum Tilini tushuna olishiga ishonch hosil qildi.
Jimlikni, bu xatar karvon uchun qanchalik xavotirli ekanini aytib, angliyalik buzdi.
— Sahro ichkarisiga kirganingdan so‘ng, tamom, orqaga yo‘l yo‘q, — javob qildi
tuyakash. — Demak, faqat oldinga yurish kerak. Qolgani Ollohning qo‘lida, Uning o‘zi
bizni balo-qazodan asraydi. Maktub, — deb gapiga sirli so‘zni qo‘shib qo‘ydi-da, nari
ketdi.
— Karvonning ahvoliga e’tiborsiz qarab, sen noto‘g‘ri qilayapsan, — dedi Santyago
angliyalikka. — Zehn solib qara: qancha aylanma yo‘llardan yurmasin, karvon baribir
manzildan chalg‘imay ketayapti.
— Sen esa kitob o‘qimay bekor qilayapsan, dunyo nima,
dunyoda nimalar bo‘layapti — bexabar qolayapsan, — javob qildi angliyalik. —Bu
ma’noda kitoblar karvonlarga o‘xshaydi.
Odamlar endi, xuddi ulovlarday, qichab yurishardi. Agar oldinlari ular kunni jim yurib
o‘tkazishgan, faqat dam olishga qo‘nishganda gulxan atrofida gurunglashgan bo‘lsa, endi
oqshomlari ham churq etishmasdi. Sarbon gulxan yoqishni man etdi: olov qaroqchilar
e’tiborini tortishi mumkin.
Sovuqdan saqlanish uchun yo‘lovchilar tuyalar va otlarni qo‘rg‘alab terib qo‘yishar,
o‘zlari esa shu doiraning ichida uymalashib cho‘zilishardi. Sarbon qo‘riqchilar tayinlardi,
ular qo‘llarida qurol bilan qo‘nalg‘ani qo‘riqlashardi.
Bir oqshom angliyalikning uyqusi qochdi. U Santyagoni chaqirdi va ular qo‘nalg‘a
atrofida aylanib yurishdi. To‘lishgan oy nur sochib turardi va Santyago unga o‘zining
butun kechmishini aytib berishga qaror qildi.
Uning ko‘rgan-kechirganlaridan angliyalikka, ayniqsa, billur sotiladigan do‘konda savdosotiqning bo‘zbola ishlay boshlagach qizib ketgani juda ma’qul bo‘ldi.
— Mana, dunyoni harakatlantiradigan kuch, — dedi u. — Alkimyoda bu Olam Qalbi deb
ataladi. Agar biror narsani butun borlig‘ing bilan xohlasang, shunda Olam Qalbiga
uyg‘unlashasan. Unda esa juda katta qudrat mujassam.
Shunday deb u qo‘shib qo‘ydi: qalb faqat odamlarga xos xususiyat emas, olamdagi
jamiki unsurlarda — u toshmi, giyohmi, hayvon yoki hatto fikrmi — barisida qalb bor.
— Barchasi, yerda neki mavjud, doimo o‘zgarib turadi, chunki yerning o‘zi — tirik va

34
qalbga ega. Biz hammamiz shu ulkan Qalbning qismlarimiz, shuning uchun o‘zimizga,
uning mudom ezgulik qilishi haqida, hisob bermaymiz. Ammo sen, o‘sha do‘konda
ishlagan paytingda billur omadingga imkon tug‘dirganini tushunishing kerak edi.
Santyago miq etmay goh oyga, goh oppoq qumga qarab qo‘yib, uning gaplarini eshitdi.
— Men karvonning sahroda qanday yurishini ko‘rdim, — dedi u nihoyat. — Karvon sahro
bilan bir tilda muomala qiladi, shuning uchun ham sahro uning yo‘lini ochib qo‘yadi.
Sahro uning har bir qadamini nazorat qiladi va sinovdan o‘tkazadi, agarda o‘zi bilan
uyg‘unligiga ishonch hosil qilsa, uni vohaga o‘tkazadi. Bu tilni bilmagan kishi, qanchalik
jasur bo‘lmasin, safarning boshidayoq halok bo‘ladi.
Endi ular ikkalasi ham oyga qarashardi.
— Bu o‘sha belgilar sehrining ayni o‘zi, — davom etdi Santyago. — Men tuyakashlarning
sahro belgilarini qanday uqishlarini ko‘rdim — karvon qalbining sahro qalbi bilan
sirlashishi bu.
Uzoq jim turganidan so‘ng, nihoyat angliyalik so‘z qotdi:
— Ha, aftidan, karvonga zehn solib qarashim kerakka o‘xshaydi.
— Men esa sening kitoblaringni o‘qishim kerak, — javob qildi bo‘zbola.
Bu kitoblarni tushunish qiyin edi. Ularda simob va tuz, podshohlar va ajdaholar haqida
yozilgandi, biroq harchand urinmasin Santyago hech nimani tushunmadi. Shunday esada, baribir, hamma kitoblarda takrorlanadigan bir fikrni u anglab yetdi: olamdagi barcha
mavjud unsurlar — ayni bir narsaning turli-tuman ko‘rinishlaridir.
Bitta kitobdan u alkimyo haqidagi eng muhim ma’lumotlar — zumrad sathiga chizilgan
sanoqli satrlarda ekanini bilib oldi.
— Bu “Zumrad Lavhasi” deyiladi, — dedi angliyalik, yo‘ldoshiga bilmagan narsalarni
o‘rgata olishidan mamnun bo‘lib.
— Unda buncha kitobning nima keragi bor?
— Mana shu sanoqli satrlarni tushunish uchun, — dedi angliyalik o‘ziga unchalik
ishonqiramagan ohangda.
Santyagoni, ayniqsa, mashhur alkimyogarlar haqida hikoya qilingan kitoblar qiziqtirdi.
Ular laboratoriyalarda metallarni tozalashga umrlarini bag‘ishlagan kishilar edi: agar
biror-bir metalga uzoq yillar mobaynida ishlov berilaversa, oxir-oqibat o‘z xususiyatini
yo‘qotadi va bu unsur Olam Qalbiga molik bo‘ladi, deb ishonishardi ular. Va shunda
donishmandlar yer yuzida mavjud har qanday unsurning mohiyatini anglab yetadilar,
zotan, Olam Qalbi bu unsurlar o‘zaro muloqot qiladigan o‘sha tilning ayni o‘zi. Ular bu
kashfiyotni Ulug‘ Ijod deb atashadi, u esa ikki: qattiq va suyuq unsurlardan tarkib
topgan.
— Bu tilni egallash uchun odamlar va belgilarni o‘rganishning o‘zi yetarli emasmi? —
bilgisi kelib so‘radi Santyago.
— Yuzaki qarashga bunchalik o‘ch bo‘lmasang! — toqatsizlanib javob qildi angliyalik. —
Alkimyo — jiddiy fan. Bu fan har bir harakating donishmandlarning yo‘l-yo‘riqlariga to‘lato‘kis muvofiq bo‘lishini talab qiladi.
Bo‘zbola Ulug‘ Ijodning suyuq unsuri Obi-hayot deb atalishini, u alkimyogar umriga umr
qo‘shishidan tashqari, hamma kasalliklarga davo ekanini bildi. Qattiq unsur — bu Iksir.
— Uni topish oson emas, — dedi angliyalik. — Alkimyogarlar ko‘p yillar laboratoriyalarida
metalga ishlov berish uchun ter to‘kishadi. Ular mudom olovga tikilishadi, o‘z
mashg‘ulotlari bilan band bo‘lib, tiriklik tashvishlarini unitishadi va bir kun kelib metalni
tozalab o‘zlari ham poklanishganini payqashadi.
Shunda Santyago billur sotuvchining: idishlarni yuvganingda o‘zingning ruhing ham
ortiqcha illatlardan tozalanadi, degan gapini esladi. Bo‘zbola alkimyoga kundalik