IKKINCHI QISM
Santyago qariyb bir oy do‘konda ishladi, biroq yangi ish ayni uning ko‘nglidagiday edi,
deb bo‘lmasdi. Billur buyumlar sotuvchi savdogar kun bo‘yi do‘kon peshtaxtasi ortida
o‘tirar va bo‘zbolaga idishlarga ehtiyot bo‘lishini tayinlab tinimsiz to‘ng‘illardi.
Shunga qaramay ishdan bo‘shab ketishga majbur bo‘lgani yo‘q, chunki Savdogar,
vaysaqiligiga qaramay, halol va va’dasida turadigan kishi edi: Santyago har bir sotilgan

23
idishdan shirinkoma olar va hatto ozgina pul ham jamg‘argandi. Bir kuni ertalab u
topgan-tutganini sanab chamaladi, agar hozirgiday ishlab tursa, bir yildan keyingina
to‘rt-beshta qo‘y sotib olishga qurbi yetar ekan.
— Peshtaxtani tashqariga chiqarib, idishlarni shunga terib qo‘ysak yaxshi bo‘ladi, — dedi
u xo‘jayinga. — Uni do‘konning eshigi oldiga qo‘yardik, o‘tgan-ketganning ko‘zi tushadi.
—Shu paytgacha idishlarni ko‘chaga olib chiqqanimiz yo‘q, — javob qildi Savdogar. —
Birortasi turtib yuborib billurni sindirishi mumkin.
— Qo‘y boqib yurganimda ulardan birortasini ilon chaqib nobud qilishi mumkin edi.
Biroq, nachora, qo‘ylarning, cho‘ponlarning ham hayoti shunaqa.
Bu payt Savdogar uchta qadah sotib olayotgan xaridorga xizmat ko‘rsatayotgan edi.
Xullas, savdo jonlangan, go‘yo bir paytlari bo‘lgani kabi, do‘kon joylashgan bu tor ko‘cha
tag‘in butun shahardan odamlarni o‘ziga ohanraboday torta boshlagandi.
— Ishlar yomonmas, — dedi u xaridor chiqib ketgach. — Hozir men yaxshi daromad
qilayapman, nasib etsa senga yaqin-orada bir otar qo‘y sotib olishingga yetadigan pul
beraman. Xo‘sh, senga nima yetmaydi o‘zi? Boriga qanoat qilmay, besh qo‘lni og‘izga
tiqishga hojat bormi?
— Bor, belgilarga qarab qadam tashlash kerak, — beixtiyor og‘zidan chiqib ketdi
bo‘zbolaning va shu lahzadayoq u aytgan gapiga afsuslandi: axir, bu savdogar sehrli
qariyani uchratmagan-ku.
“Buni Xayrli Ibtido deydilar, — qariyaning gapi uning yodiga tushdi. — Yangi ish
boshlaganlarga omad yor bo‘ladi. Zero, hayot insonning o‘z Taqdiri yo‘lidan borishiga
xayrixohdir”.
Shu orada xo‘jayin Santyago aytgan gapni fahmlab oldi. Ayonki, uning bu do‘konga
qo‘ygan qadami xayru barakadan belgi berdi — pul oqib kela boshladi va Savdogar bu
ispan bolani yollaganiga hech ham pushaymon bo‘lmadi. Garchi qilayotgan mehnatiga
kutganidan ko‘ra ko‘p daromad olayotgan esa-da, Savdogar ishlari bu qadar yurishib
ketishini o‘ylamay turib bo‘zbolaga binoyiday haq to‘lashni taklif qilgandi. Bola yaqinorada qo‘ylariga ketib qoladiganday tuyuldi unga.
— Ehromlar senga nima uchun zarur bo‘lib qoldi? — so‘radi u mavzuni o‘zgartirish
maqsadida.
— Menga ular haqida juda ko‘p gapirib berishgan, — javob qildi Santyago.
Xazina endi alamli xotiraga aylangani bois, bo‘zbola bu haqda o‘ylamaslikka harakat
qildi, shu bois xo‘jayinga ko‘rgan tushini aytib o‘tirmadi.
— Umrimda birinchi marta ehromlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun sahroni kezib o‘tishga
chog‘langan odamni uchratishim. Ehrom degani — bu shunchaki bir sangzor-ku. O‘zing
ham hovlingda buni qursang bo‘ladi.
— Bundan chiqdi, sizning tushingizga biror marta uzoq begona yurtlar kirmagan ekan, —
dedi unga javoban Santyago va navbatdagi xaridor tomon yurdi.
Oradan ikki kun o‘tib, xo‘jayin Santyagoning peshtaxtani do‘kon tashqarisiga chiqarish
haqidagi taklifini esladi.
— Men har xil yangiliklarga ishqiboz emasman, — dedi u. — Qolaversa, Hasanday boy
ham emasman, u xato qilib qo‘yishdan qo‘rqmaydi, chunki bu unga qimmatga
tushmaydi. Sen bilan men esa o‘z xatolarimiz uchun umr bo‘yi jabr chekamiz.
“To‘g‘ri aytadi”, — o‘yladi bo‘zbola.
— Qani, menga ayt-chi, peshtaxtani ko‘chaga chiqarib, idishlarni terib qo‘yishning senga
nima nafi bor? — davom etdi xo‘jayin.
— Men qo‘ylarimning oldiga tezroq qaytishni xohlayman. Ishimiz o‘ngidan kelib turganda
fursatni boy bermaylik, omadimizdan foydalanib qolaylik. Buni Xayrli Ibtido, deyishadi.
Yangi ish boshlaganlarga omad yor bo‘ladi.

24
Qariya biroz sukut saqlab, javob qildi:
— Payg‘ambarimiz bizlarga Qur’onni berdi va zimmamizga besh farzni qo‘ydi, ularni biz
umrimiz mobaynida ado etmog‘imiz lozim. Eng muhimi — Ollohning borligi va birligi —
shuni yodda tutib yashamoq. Qolgan to‘rtta shart — bir kunda besh vaqt namoz o‘qish,
Ramazon oyida ro‘za tutmoq, beva-bechoralarga xayr-ehson qilmoq...
U yana jimib qoldi. Payg‘ambarni tilga olayotib uning ko‘zlari namlandi, garchi u foniy
dunyoda yashayotgan, betoqat va qiziqqon banda esa-da, baribir musulmonchilikning
qonun-qoidalariga, payg‘ambar Muhammad buyurganlariga amal etib yashayotgan edi.
— Xo‘sh, beshinchi shart-chi? — so‘radi Santyago.
— O‘tgan kuni sen menga, tushingizga biror marta uzoq begona yurtlar kirmagan ekan,
deding. Bilib qo‘y, har bir musulmonning zimmasidagi beshinchi farz — haj safarini
amalga oshirmoqdir. Bizlarning har birimiz umrimizda bir bor bo‘lsa-da muqaddas Makka
shahrini ziyorat qilishimiz shart. Bu shahar ehromlardan ham uzoqda. Yoshligimda ozroq
pul topib, mana shu do‘konni olgan edim. O‘ylardim: boyib ketsam, albatta, Makkaga
boraman, deb. Keyin qo‘lim pul ko‘rdi, mol-dunyo orttirdim, biroq savdoni hech kimga
ishonolmadim, chunki men sotadigan buyumlar juda nozik. Va har kuni haj safariga
otlanganlarga ko‘zim tushadi, ularning orasida badavlatlari bor — o‘nlab xizmatkorlariyu
butun bir tuya karvoni ularni kuzatib boradi, biroq yo‘l olganlarning ko‘pchiligi mendan
ko‘ra kambag‘al bandalar. Men ularning nechog‘li xushbaxt bo‘lib qaytib kelishganini va
uylarining eshigiga Makkaga hajga borishganidan darak beradigan belgi qo‘yishganini
ham ko‘rganman. Ularning biri, eski poyafzallarni yamaydigan etikdo‘z menga sahroda
bir yil yo‘l yurdik, biroq Tanjerda qo‘shni mahallaga ko‘n olgani borganimda charchab
qolardim, haj safarida hecham toliqmadim, deb aytdi.
— Nega hoziroq to‘g‘ri Makkaga yo‘l olmaysiz? — so‘radi Santyago.
— Chunki men haj safari umidi bilan tirikman. Bo‘lmasa, men ikki tomchi suvday mana
shu yakrang, zerikarli kunlarga, buyumlarim terib qo‘yilgan bu o‘lik jovonlarga, har kuni
qatnaydigan o‘sha kir-chir yemakxonaga — shu turush-turmushga chiday olarmidim.
Qo‘rqaman, nasib etib umid-orzuim ro‘yobga chiqquday bo‘lsa, undan keyin hayotda
tayanib yashaydigan boshqa ilinjim qolmaydi. Sen esa bosh-qachasan, menga
o‘xshamaysan, o‘z orzu-niyatingga yetishishga ishtiyoqing zo‘r. Mening faqat Makka
xayoli bilan yashagim bor. Sahroni kezib o‘tishim, muqaddas tosh turgan maydonga
borishim, uning tevaragini yetti bor aylangach, tavof olishimni minglab marta ko‘z
oldimga keltirganman. Biroq qo‘rqaman umidsiz bo‘lib qolishdan, shuning uchun orzuniyatimdan ayrilib qolmay deyman.
Shu kuni u Santyagoga do‘kon tashqarisida yangi peshtaxta taxlashga ruxsat berdi.
Hamma bir xilda orzu qilib, bir xil tush ko‘rmaydi.
Oradan tag‘in ikki oy o‘tdi — tashqariga qo‘yilgan peshtaxta juda qo‘l keldi: do‘kondan
odam arimay qoldi. Santyago chamalab ko‘rdi: ishlar shu zaylda ketsa yarim yildan
so‘ng u Ispaniyaga qaytadi, boz ustiga, oltmish emas, yuz yigirma bosh qo‘y sotib oladi.
Bir yil ichida suruviga suruv qo‘shiladi va u arablar bilan savdoni boshlab yuboradi,
chunki endi ularning tilida gapirishga baharnov o‘rgandi. Bozordagi o‘sha voqeadan beri
u to‘rvasidan Urim va Tumim toshchalarini qaytib olmagandi, boisiki, Misr uning uchun,
xuddi xo‘jayiniga Makka safari ushalmas orzuga aylanganiday, qo‘l yetmas yulduz bo‘lib
qoldi. Yumushi uni qoniqtirar va doim xayolida kemadan Tarifga g‘olib sifatida tushib
kelishini tasavvur qilardi.
“Yodingda tut: hamma vaqt aynan nimani istashingni aniq bilgin”, degan edi Malkisidq.
Bo‘zbola bilardi va ko‘zlagan maqsadiga yetishish uchun ter to‘kardi. Ehtimol, begona
yurtga kelib qolish, bu joyda aldoqchiga yo‘liqish, keyin esa bir pul sarflamay suruvini

25
ikki baravar ko‘paytirib olish — bularning bari uning peshonasiga bitilgandir?
U o‘zidan mamnun edi. Ko‘p narsani o‘rgandi: endi billur sotishni eplaydi, so‘z
ishlatilmaydigan tilni egalladi, belgilarni baloday uqadi. Bir safar u kimdir birovning
yozg‘irayotganini eshitib qoldi: bu yerga chiqib kelguningcha sillang quriydi, na
o‘tiradigan joy, na bir ho‘plam choy bor. Buning bir belgi ekanini Santyago darhol
payqadi va xo‘jayinga dedi:
— Qirga chiqib kelayotganlarga choy sotsak nima qiladi?
— Yaxshi taklif, o‘ylab ko‘rsa arziydi, — dedi u.
— Choyni billur idishlarga quyib uzatamiz. Odamlar bundan zavqlanadi, bizdan billur
sotib olgilari keladi. Odamlar go‘zallikka o‘ch bo‘lishadi.
Xo‘jayin bir so‘z demay unga ancha qarab turdi. Biroq shomga yaqin, nomozni o‘qib,
do‘konni bekitgach, qarshidagi tosh yo‘lakka o‘tib o‘tirib oldi va Santyagoga arablar
qo‘lma-qo‘l qilib chekadigan g‘aroyib chilimni taklif qildi.
— Qani menga ayt-chi, sen nimaga erishmoqchisan o‘zi? — so‘radi u bo‘zboladan.
— O‘zingiz bilasiz-ku, men uyimga qaytishni xohlayman, qo‘y sotib olmoqchiman.
Buning uchun menga pul kerak.
Qariya chilimga cho‘g‘ tashladi va qurullatib tortdi.
— O‘ttiz yildan beri shu do‘konda savdo qilaman. Billurning tozasini yomonidan farqlay
olaman, savdoning sir-asrorini bilaman. Ishim yurishib turganidan dumog‘im chog‘, yana
kengaytirishga esa hafsalam yo‘q. Xaridorlarga billurda choy uzatib tursang va
qarasangki, chindan daromad oshgandan oshsa; unda butun do‘konu dastgohni
yangilashga to‘g‘ri keladi.
— Xo‘sh, buning nimasi yomon?
— E, men shunday yashashga o‘rganib qolganman-da. Sen bu yerda yo‘g‘ingda ko‘p
xayol surardim: ne zamonlardan beri shu joyda muqim o‘tiribman, bu orada oshnalarim
bir yoqlarga ketishdi, yana qaytib kelishdi, birlarining bozori kasod bo‘ldi, boshqalari
boyib ketishdi. Alam bilan shularni o‘ylardim. Endi amin bo‘layapman, do‘konim
o‘zimning imkonimga mos, o‘zim xohlagan o‘lchamdan ekan. Uni kengaytirishga hecham
rag‘batim yo‘q, o‘zi bunday o‘zgarishlar qanday qilinadi — bilmayman ham. O‘zi bilan
o‘zi andarmon odamman.
Bir nima deyishga bo‘zbolaning tili aylanmadi. Qariya davom etdi:
— Seni mening qoshimga go‘yo Ollohning o‘zi yubordi. Bilasanmi, bugun men nimani
angladim: Ollohning inoyatiga shukr qilmaslik la’nat bo‘lib qaytadi. Men hayotdan
bundan ortiq yana nimalarnidir ta’ma qilmayman, sen esa meni qaylargadir
boshlamoqchi bo‘lasan. O‘sha yoqlarga qarab turib o‘zimning qurbimni anglab yetaman
va o‘zimni burungidan-da battar his etaman. Qo‘lim uzayib, imkoniyatim oshgan bir
paytda endi menga ko‘p narsaning keragi yo‘q.
“Makkabodroq sotuvchiga bir nima deb gapirmaganim ham yaxshi bo‘lgan ekan”, —
o‘yladi Santyago.
Ular biroz chilim chekib o‘tirishdi. Quyosh botdi. Xo‘jayin bilan bo‘zbola arabchada
gaplashardi — Santyago bu tilni egallab olganidan mamnun edi. Bir paytlar, boshqacha
yashab yurgan vaqtlarida, unga go‘yo qo‘ylar hamma narsani fahmlaydiganday
tuyulardi. Biroq arab tilini ular hech qachon o‘rganolmaydi.
“Demak, ular o‘rganolmaydigan boshqa narsalar ham bor, — o‘yladi u, xo‘jayinga jim
qarab qo‘yarkan. — Chindan, ular o‘t bilan suvni qidirishni biladi, xolos. Bunga ham
o‘zlari o‘rgangani yo‘q — men o‘rgatdim ularni”.
— Maktub, — dedi nihoyat billur sotuvchi.
— Bu nima degani?
— Uni bilish uchun arab bo‘lib tug‘ilish kerak, — javob qildi u. Ma’nosi, taxminan,

26
“shunday bitilgan” degani.
U chilimning cho‘g‘larini o‘chira turib, Santyagoga ertadan boshlab billur idishlarda choy
sotishing mumkin, dedi. Hayot daryosini to‘xtatishning iloji yo‘q.
Odamlar mashaqqat chekib qiyalikdan yuqoriga o‘rlar va tuyqusdan tepada ro‘paradagi
do‘konga ko‘zlari tushib qolar, bu joyda ularga bejirim billur idishlarda yaxna xushta’m
chanqovbosdi choy taklif etishardi. Shunday damda do‘konga bosh suqmay, choydan
ichmay bo‘ladimi?!
“Bu mening xotinimning yetti uxlab tushiga ham kirmaydi!” — dedi bir nechta billur idish
xarid qilgan kishi: shu kuni kechqurun unikiga mehmon keladigan va u ana shu chiroyli
billurlar bilan ularning ko‘nglini ovlamoqchi edi.
Boshqa bir xaridor billurda ichilgan choyning ta’mi zo‘r bo‘ladi, choy billurda
xushbo‘yligini saqlaydi, dedi. Yana biri esa Sharqda azaldan billurda choy ichish an’anasi
borligini yodga oldi, chunki billur sehrli xususiyatga ega, dedi u.
Tez orada bu hojatbarorlik ixtirosi hammaning qulog‘iga yetdi va xaloyiq ko‘hna hunarga
qanday qilib yangidan jon kiritish mumkinligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish ishtiyoqida qirga
o‘rlab kelaverdi. Bu orada billur idishlarga choy quyib beradigan boshqa qo‘nalg‘alar ham
paydo bo‘ldi, biroq u joylarga terlab-pishib, mashaqqat chekib o‘rlab borilmasdi, shu bois
ular bo‘m-bo‘sh edi.
Ko‘p o‘tmay do‘konga yana ikki nafar dastyor yollashga to‘g‘ri keldi. Endi bu yerda billur
sotishdan tashqari, yangilikka ishqiboz bo‘lib kelgan son-sanoqsiz kishilarga tinimsiz
choy ulashilardi.
Shu taxlit yarim yil o‘tdi.
Quyosh chiqmay turib Santyago uyg‘ondi. Afrikaga ilk bor qadam bosganidan beri o‘n bir
oy-yu to‘qqiz kun o‘tibdi.
U oq matodan tikilgan, atay bugungi kunga deb xarid qilingan arabcha burnusni kiydi,
boshini ro‘mol bilan yopdi va ustidan tuya terisidan qilingan halqani solib tortdi-da
shippakni oyog‘iga ilib, ovoz chiqarmay pastga tushdi.
Shahar hali uyquda. Santyago murabbo bilan bir to‘g‘ram non yedi, billur stakanda
qaynoq choy ichdi. Keyin do‘konning bo‘sag‘asiga o‘tirib chilim chekdi.
U shu taxlit yolg‘iz o‘zi xayoliga hech nimani keltirmay, sahro hidini ufirib bir tekis,
tinimsiz esayotgan shamol sasiga quloq tutib chekib o‘tirdi. Chekib bo‘lib, qo‘lini
cho‘ntagiga tiqdi — bir necha daqiqa cho‘ntagidan olgan narsaga qarab turdi.
Uning barmoqlari bir siqim pulni siqib ushlab turardi — bu pullarga qaytish uchun patta
olsa ham bo‘ladi, yana yuz yigirma bosh qo‘y va tag‘in hozir o‘zi turgan mamlakat bilan
Ispaniya o‘rtasida savdo qilish uchun ruxsatnoma xarid qilsa ham bo‘ladi.
Santyago xo‘jayinning uyg‘onib, do‘konni ochishini toqat bilan kutdi. Keyin ular
birgalikda yana choy ichishdi.
— Bugun men jo‘nayman, — dedi bo‘zbola. — Endi menda qo‘y sotib olishga, sizda esa
Makkaga borishga yetarli mablag‘ bor.
Xo‘jayin sukut saqladi.
— Meni duo qiling, — jiddiy ohangda dedi Santyago. — Siz meni qo‘lladingiz.
Qariya hanuz churq etmay choy qaynatish bilan mashg‘ul edi. Nihoyat u bo‘zbola tomon
burildi.
— Men sen bilan faxrlanaman. Sen do‘konimni jonlantirib yubording. Biroq bilgin: men
Makkaga bormayman. Yana shuni ham bilib qo‘ygin: sen qo‘y sotib olmaysan.
— Kim aytdi sizga buni? — hayron bo‘lib so‘radi Santyago.
— Maktub, — qisqa javob qildi billur sotuvchi Savdogar.

27
Va u bo‘zbolani duo qildi.
Shundan so‘ng Santyago o‘zi yotadigan xonaga kirdi va ul-bul narsalarini yig‘ishtirdi —
lash-lushlari uch qop bo‘ldi. Eshikdan chiqayotib uy burchagida yotgan eski cho‘ponlik
to‘rvasini ko‘rib qoldi, ko‘pdan beri ko‘zi tushmagani uchun to‘rvani yodidan chiqarib
yuborgan edi. Uning ichida kamzuli va kitobi bor. U kamzulini, ko‘chada birorta bolaga
sovg‘a qilarman, degan mo‘ljal bilan to‘rvadan chiqardi va shu payt bir juft tosh — Urim
va Tumim yerga tushib dumalab ketdi.
Shu damda bo‘zbola keksa podshohni esladi va qancha vaqtdan beri u haqda
o‘ylamaganiga ajablandi. Axir, butun bir yil uzluksiz ter to‘kib mehnat qilishga to‘g‘ri
keldi, chunki pul topish kerak, Ispaniyaga quruq qo‘l bilan so‘ppayib borib bo‘lmasdi-da.
“Orzu-umidlaringdan hech qachon voz kechmagil, — degan edi unga Malkisidq. —
Belgilarga ergash”.
Bo‘zbola toshlarni terib oldi va shu payt uni yana g‘aroyib tuyg‘u chulg‘adi, go‘yo qariya
yonginasida edi. Mashaqqatli mehnat bilan o‘tdi shu bir yil, endi esa belgilar bu yerdan
jo‘nab ketishga ishora qilayotir.
“Men yana avval qanday bo‘lsam, aynan o‘sha zaylimga qaytaman, — o‘yladi u, — biroq
qo‘ylar meni arabcha gapirishga, baribir, o‘rgata olmasdi”.
Biroq qo‘ylar unga muhim bir saboq bergan edi: dunyoda barchaga birday tushunarli
so‘zsiz til borligini o‘rgatgandi. O‘tgan bir yil mobaynida savdo-sotiqni jonlantiray, deb
Santyago ana shu — hammaga tushunarli tilda gapirdi. Bu g‘ayratbaxsh, zavq-shavqli til
edi, ishni mehr-muhabbat va xohish-iroda bilan qiladigan, ishonchu xohishingga quvvat
beradigan til edi. Tanjer endi unga begona joy emas, endi bo‘zbolaning dunyoni, xuddi
bu shaharni zabt etganiday, zabt eta olishga ko‘zi yetib turardi.
“Agar biror-bir narsani chin dildan orzu qilsang, butun Olam uning amalga oshishiga
ko‘maklashadi”, — keksa Malkisidq shunday degan edi.
Biroq qariya faqat orzu qilib, amalda uni chin dildan istamaydigan talonchilar, behudud
sahro-yu odamlar haqida churq etmadi. U bo‘zbolaga ehrom deganlari shunchaki
sangzor ekani, agar xohlasa har qanday odam chorbog‘ida bunday toshlar uyumini tiklay
olishi haqida ham gapirmadi. Biroq keksa podshoh unga, agar orttirib qo‘y sotib olishga
pul yig‘a olsa, bu qo‘ylarni u sotib olishi kerakligini aytib qo‘yishni unitgandi.
Santyago to‘rvasini olib, boshqa lash-lushlariga qo‘shib qo‘ydi. Xo‘jayin xaridorlarga
xizmat qilar, yana ikki nafar xaridor do‘kon ichida billur idishlarda choy ichishib, aylanib
yurishardi. Bunday mahalda do‘konda, odatda, xaridorlar ko‘p bo‘lmasdi. Shu damda
Santyago xo‘jayinning sochlari Malkisidqning sochlarini eslatishini payqadi. Tanjerdagi
birinchi tong mahali uning yodiga tushdi, o‘shanda na boradigan joyi va na biror yeguligi
bor edi; qandolatchining tabassumi ham yodiga tushdi va bu tabassum ham keksa
podshohni esiga soldi.
“Xuddi Malkisidq bu yerdan o‘tganday, hamma narsada o‘zining izini qoldirganday, —
o‘yladi bo‘zbola. — Go‘yo bu odamlar o‘z hayotlarining qaysidir pallasida u bilan
uchrashganday. Biroq u menga: kimki o‘z Taqdiri yo‘ldan borayotgan bo‘lsa, men unga
ko‘rinaman, degan edi”.
U xayrlashmay chiqib ketdi — begonalar oldida yig‘lashni or bildi. Biroq u bu joyni, mana
shu makonda o‘rganib, odatlanib qolgan narsalarni qo‘msashini, sog‘inishini tushunardi.
Bu joyda u o‘ziga ishonch va dunyoni zabt etguday ishtiyoq paydo qildi.
“Axir, men qo‘y boqadigan tanish joylarga qaytayapman”, — o‘yladi u, biroq bunday
xush xayol ham negadir uning ko‘ngliga chiroq yoqmadi. Orzuimni amalga oshiray deb
bir yil ishladi, mana endi bu orzu ushalay deb turganda daqiqa sayin o‘zining jozibasini
yo‘qota boshlayapti. Balki bu, umuman, orzu emasdir?
“Ehtimol, billur sotuvchiga o‘xshagan bo‘lish kerakdir? U kabi bir umr Makkani orzu qilib,