BIRINCHI QISM
Bo‘zbolaning ismi Santyago. U qo‘ylarini tashlandiq holga kelgan yarim vayrona
cherkovga haydab kirayotganda qosh qoraya boshlagandi. Cherkov gumbazi
allaqachonlar o‘pirilgan va xaroba holga kelgan, bir paytlar mehrob bo‘lgan joydan
kattakon tutanjir o‘sib chiqqan.
Shu yerda tunashga qaror qildi Santyago, chirib sinib yotgan eshikdan qo‘ylarini
ichkariga haydab kiritdi-da, bo‘lak-so‘lak taxtalar bilan suruv chiqib ketolmaydigan qilib
eshikni tambaladi. Okrugda bo‘rilar yo‘q edi, biroq ba’zan qo‘ylar uloqib ketib qolar,
biror-bir daydi qo‘yni qidirib kun-uzzun ovora bo‘lishga to‘g‘ri kelardi.
Santyago kamzulini yerga to‘shadi, boshi tagiga yaqinda o‘qib tugatgan kitobni qo‘ydi va
cho‘zildi. Uyquga ketishdan oldin: qalinroq kitob olib chiqqanim tuzuk ekan — ancha
vaqt o‘qirdim, yostiq uchun ham qulay bo‘lardi, deb o‘yladi. U uyg‘onganda hali
qorong‘u, tepasida tun choyshabining yirtiqlaridan yulduzlar charaqlab turardi.
“Yana ozgina uxlasam”, o‘yladi Santyago.
Uyqusida yana o‘sha – o‘tgan hafta ko‘rgan tushi jonlandi va tushni tag‘in oxirigacha
ko‘rishga ulgurmadi.
U boshini ko‘tardi, vinodan bir qultum ichdi. Tayog‘ini qo‘liga oldi va mudrab yotgan
qo‘ylarni turtkilay boshladi. Biroq suruvning katta bir to‘dasi u ko‘zini ochgan damdayoq
qo‘zg‘algan, go‘yo u bilan qo‘ylar orasida allaqanday sirli aloqa borday, u suruv bilan,
mana, ikki yildan beri suv va ozuqa qidirib, bir joydan boshqa joyga sang‘iydi. “Menga
shu qadar o‘rganib qolishdiki, hamma odatimni o‘zlashtirib oldi bular, — ming‘illadi u. —
Mening hatto kundalik rejamdan ham boxabar”.
U yana shu haqda biroz mulohaza qilib, ehtimol, buning aksidir — men ularning
odatlarini o‘zlashtirib, suruvning tartibiga tushib olgandirman, degan xulosaga keldi.
Biroq boshqa bir to‘da qo‘y Santyagoning tayoq uchi bilan birma-bir nomini aytib
turtkilaganiga qaramay, qo‘zg‘alishga shoshilmasdi. Umuman, uning ishonchi komil edi
— qo‘ylar Santyago aytgan gaplarni yaxshi tushunardi, shuning uchun ba’zan u
kitobchalarning o‘ziga yoqqan joylarini qo‘ylarga eshittirib o‘qir yoki suruvni haydab

o‘tgan shaharlar, qishloqlarda eshitgan yangiliklarni ularga gapirib berardi.
Darvoqe, keyingi paytlarda bo‘zbola faqat bir narsa — yana to‘rt kundan keyin o‘zi yetib
keladigan shaharda yashaydigan savdogarning qizi haqida gapirardi. U qizni faqat bir
marta — o‘tgan yili ko‘rgan. Movut va jun bilan oldi-sotdi qiladigan do‘kondor qo‘ylarning
junini ko‘z oldida qirqtirishni xohlaydi — shunday qilinsa uni aldasholmaydi.
Oshnalaridan kimdir Santyagoga shu do‘konni ko‘rsatdi va u qo‘ylarini o‘sha tarafga
haydadi.
“Jun sotmoqchiman”, dedi u do‘kondorga.
Do‘kon peshtaxtasi oldida odamlar uymalashib turardi, xo‘jayin cho‘pondan tushlikkacha
kutib turishini so‘radi. Santyago rozi bo‘ldi va yo‘lakka o‘tirib, to‘rvasidan kitobchasini
oldi.
— Voy, cho‘ponlar ham kitob o‘qisharkan-da, bilmas ekanman, — yonginasidan qiz
bolaning qo‘ng‘iroqday tovushi jarangladi.
U boshini ko‘tarib, ko‘rinishidan haqiqiy andaluslik, sochlari taqimiga tushgan, qop-qora
va mayin ko‘zlari esa xuddi bir vaqtlar Ispaniyani zabt etgan mavrlarnikiday qizni ko‘rdi.
— Cho‘ponlar kitob o‘qishi shart emas: qo‘ylar har qanday kitobdan ham ko‘proq
narsaga o‘rgatadi, — javob qildi unga Santyago.
Shu zayl gap gapga ulashib, ular gurunglashib ketishdi va rosa ikki soat miriqib
suhbatlashdi. Qizaloq do‘kondorga qiz bo‘lishini, hayoti zerikarli, kunlari xuddi ikki
tomchi suvday bir xilligini aytdi. Santyago esa unga Andalusiya yaylovlari haqida,
yo‘lining ustidagi katta shaharlar haqida eshitganlarini gapirib berdi. Qiz bilan suhbat
qurganidan uning kayfi chog‘ bo‘ldi — axir, bu qo‘ylarga gapirgandan yaxshi-da.
— Sen o‘qishni qaerda o‘rgangansan, — so‘radi qiz.
— Hamma qaerda o‘rgansa, o‘sha yerda-da, — javob qildi bo‘zbola. — Maktabda.
— Nega endi savoding bo‘lsayam qo‘y boqib yuribsan?
Javob o‘rniga Santyago boshqa narsa haqida gapirdi: qiz uni baribir tushunmasligiga
ishonchi komil edi. U qizga o‘zining jahongashtaligidan gapirdi, qizning mavrlarnikiga
o‘xshagan ko‘zlari goh moshday ochilsa, goh hayratdan qisilib ketardi. Vaqt bilinmay
o‘tar, Santyago ichida bu kunning tugamasligini, savdogarning do‘koniga odam
yog‘ilishini va qo‘ylarni qirqtirish bahonasida uch-to‘rt kun shu yerda qolib ketishini
xohlardi. Hech qachon hozirgiday holatni tuymagan edi; uning shu yerda umrbod qolgisi
keldi. Bu qorasoch qiz bilan kunlari sira ham ikki tomchi suvday bir xil kechmasligi aniq
edi.
Biroq shu payt qizning otasi do‘kondan chiqib keldi va suruvni oralab, qirqish uchun
to‘rtta qo‘yni ajratib oldi. Keyin kelishilganiday haq to‘ladi va dedi:
— Endi bir yildan keyin kel.
Mana, nihoyat o‘shanda belgilangan muddatgacha bor-yo‘g‘i to‘rt kun qoldi. Bo‘zbola
uchrashishni o‘ylab quvonar va ayni chog‘da ko‘ngli xijil tortardi: bordi-yu qiz uni
yodidan chiqarib yuborgan bo‘lsa-chi? Axir, ularning shaharchasi yonidan qo‘y haydab
o‘tadigan cho‘ponlar son mingta.
— Bo‘lganicha bo‘lar, — dedi u qo‘ylariga. — Unchalik ahamiyati yo‘q. Boshqa
shaharlarda ham qizlar to‘lib yotibdi.
Biroq u ko‘nglining tub-tubida buning ahamiyati chindan ham juda katta ekanini his etib
turardi. Cho‘ponlarda ham, dengizchi-yu jahongashta savdogarlarda ham doim intiq
bo‘lib, sog‘inib yashaydigan bir shahri bo‘ladi va u yerda, ozod qushday dunyo kezish
baxtidan voz kechishga arziydigan hurliqo yashaydi.

Kun yorishib ketdi, Santyago otarini quyosh ko‘tarilib kelayotgan tarafga haydadi.
“Qo‘ylarga oson, — o‘yladi u, — hech qanday tashvishi yo‘q. Ehtimol, shuning uchun
ularning mendan ajralgisi kelmas”.
Aslida ularga hech narsaning keragi yo‘q — suv bo‘lsa, tuyoqlari tagida o‘t-o‘lan bo‘lsa
bas. Santyago Andalusiyaning qaerlarida sero‘t yaylovlar borligini bilsa bo‘lgani, qo‘ylar
unga sodiq hamroh bo‘lib, ergashib yuraveradi. Mayliga, kunlari bir zaylda o‘taversin,
ular tirikligida birorta ham kitob o‘qimasa o‘qimas, odamlarning shaharlarda,
qishloqlarda bir-birlariga yangiliklarni yetkazadigan tilini ular tushunmasa ham mayliga
— baribir ular o‘zlaricha baxtli, suv va yemishga zoriqmasa bo‘lgani. Bular evaziga
qo‘ylar saxiylik bilan o‘z junini, naslini va vaqt-vaqti bilan go‘shtini odamlarga beradi.
“Agar bugun men yirtqich hayvonga aylanib, ularga bir boshdan qiron solsam, otarning
yarmidan ko‘pini nobud qilganimdan keyingina ular nima bo‘layotganini tushunib yetadi,
— o‘yladi Santyago. — Ular menga o‘z instinktlaridan ko‘ra ortiqroq ishonadi, chunki
faqat men ularni qorin to‘yg‘azadigan joyga olib boraman”.
U bugun miyasiga kelayotgan g‘alati o‘ylardan hayron. Ehtimol, qarg‘ish tekkan, naqd
mehrobidan tutanjir o‘sib chiqqan xaroba cherkovda tunab qolgani uchun shunday
bo‘layotgandir? Uyqusida oldin ko‘rgan bir tushni qayta ko‘rdi, mana, endi sodiq
hamrohlariga tish qayrayapti. U kechki ovqatdan qolgan vinodan bir qultum yutdi va
kamzuliga yaxshilab burkanib oldi. Yana bir necha soatdan keyin quyosh chosh tepaga
keladi, jazirama avjiga minib, suruvni yaydoq dalada haydashning iloji bo‘lmay qoladi.
Bu pallada butun Ispaniya mudraydi. Kechga boribgina havoning hovuri biroz tushadi,
shungacha kun bo‘yi yelkasida og‘ir kamzulni ko‘tarib yurishi kerak. Boshqa iloji ham
yo‘q-da: sahargi salqindan ayni shu kamzul jonni asraydi.
“Ob-havoning injiqliklariga shay turgan ma’qul”, — o‘yladi Santyago kamzuliga
tashakkur bildirib, uning og‘ir va issiqligidan mamnun bo‘lib. Aslida ham, kamzulning o‘z
vazifasi bo‘lganiday, Santyagoning ham o‘z qismati bor. Uning peshonasiga yozilgani —
dashtu dala kezish. Ikki yil mobaynida u Andalusiyaning yassi tog‘lariyu yaydoq
dalalarini izg‘ib, qancha shahar va qishloqlarni ko‘rdi. Santyago movutchining qiziga, o‘zi
oddiy cho‘pon esa-da, qanday qilib savodxon bo‘lib olganini tushuntirishga chog‘landi.
Gap shunda ediki, u o‘n olti yoshga to‘lguncha diniy maktabda o‘qidi. Ota-onasi uning
ruhoniy bo‘lishini — oddiy qishloq oilasining faxriga aylanishini orzu qilishardi. Ularning
tirikchiligi qiyin kechar, tinim bilmay qilgan mehnatlari, xuddi qo‘ylar singari, qorin
to‘yg‘azishdan boshqaga ortmasdi.
Santyago diniy maktabda lotinchani, ispancha va dinshunoslikni o‘rgandi. Biroq
go‘dakligidayoq unda dunyoni ko‘rishga ishtiyoq kuchli edi, bu tuyg‘u Tangrini anglash
yoki insoniyat gunohlarini miridan-sirigacha bilib olishdan ustun keldi. Va bir kuni otaonasini ko‘rgani kelganida, u yurak yutib, men ruhoniy bo‘lishni xohlamayman, dedi. U
yurt kezishni xohlardi.
— O‘g‘lim, — dedi bu gapiga javoban otasi, — bizning qishlog‘imizga kimlar kelib
ketmadi. Butun dunyodan odamlar bu yerga biror-bir yangilik toparmikanman, deb
kelishadi, biroq qanday kelishsa shunday qaytib ketishadi. Ular toqqa chiqishadi, ko‘hna
qasrni ko‘raman deb va o‘tmishning hozirgi zamondan afzal bo‘lganiga guvoh bo‘lishadi.
Ularning, ehtimol, soch-lari oqdir yoki qora tanlidir ular, biroq bizning hamqishloqlardan
hech bir ortiq joyi yo‘q.
— Biroq men bilmayman-ku, u yoqlarda, ular tug‘ilgan o‘lkalarda qanaqa qasrlar
borligini, — e’tiroz bildirdi Santyago.
— Bu odamlar bizning yerimizni, bizning ayollarimizni ko‘rishganda, bu yerda umrbod
qolgimiz keladi, deb gapirishadi, — davom etdi ota.

— Men esa boshqa yerlarni ko‘rishni, boshqa ayollarga qarashni xohlayman. Axir, bu
odamlar hech qachon bizning qishloqda qolib ketishmaydi-ku.
— Yurt kezish uchun ko‘p pul kerak, bolam. Bizda muqim bir joyda yashamaydiganlar
faqat cho‘ponlar, xolos.
— Iloj qancha, demak, cho‘pon bo‘laman, — dedi Santyago.
Ota hech nima demadi, ertalab unga uchta qadimgi tilla tanga solingan hamyonni tutqazdi:
— Bir kun daladan topib olgandim. Osmondan tushgan desa ham bo‘laveradi. O‘zingga
bir otar qo‘y sotib ol va yurt kezib mol boqib yuraver, qachonki, dunyoda bizning
qasrimizday eng zo‘r qasr va bizning ayollarimizday go‘zal ayol yo‘qligini tushunsang, bir
kun qaytarsan.
O‘g‘lini tangriga topshirib fotiha berayotganda, Santyago uning ko‘zlariga qarab, qarib
qolganiga, muqim hayotning huzur-halovati: yeb-ichishi yetarli va boshida kapasi
borligidan qoniqish hosil qilib, o‘zini xotirjam tutishiga qaramay, otasining ko‘nglida yurt
oshib, el kezib yurish ishtiyoqi so‘nmaganini payqadi.
Ufq qirmizi tusga kirdi, so‘ng quyosh botdi. Otasining gaplarini eslab kulimsiradi: u
ko‘plab qasrlarni va ko‘plab go‘zallarni ko‘rishga ulgurdi, darvoqe, ular orasida tengi yo‘q
bir hurliqo bilan ikki kundan keyin tag‘in uchrashadi. Uning bir otar qo‘yi bor, egnida
kamzuli bor, kitobi bor, kitobni xohlagan paytda boshqasiga almashtirsa bo‘ladi. Muhimi
— uning eng aziz orzusi amalga oshayotir: dashtu dala kezib, safar qilib yuribdi.
Andalusiyaning qir-adirlari zeriktirsa, xohlagan paytda qo‘ylarni sotib, dengizchi bo‘lishi
mumkin. Agar dengizda suzish joniga tegsa, bu paytga kelib u boshqa shaharlarni ko‘rib,
boshqa ayollar bilan tanishib oladi, baxtli bo‘lishning boshqacha yo‘llarini topadi.
“Bilmadim, diniy maktabda Tangrini qanday topardim”, — o‘yladi Santyago ko‘tarilib
kelayotgan quyoshga qarab.
O‘zining safarlarida u doim noma’lum yo‘llardan yurishni ma’qul ko‘rardi. Bu cherkovda
hali biror marta tunashga to‘g‘ri kelmagan, garchi bu o‘lkalarda tez-tez bo‘lib tursa-da.
Dunyo keng, cheku chegarasi yo‘q va Santyago ozroq vaqt qo‘ylarni o‘z mayliga qo‘yib
bersa, albatta, qandaydir qiziq voqeaga duch kelardi. Faqat qo‘ylar har kuni yangi
yo‘llarni topishayotganini, yaylovlar va yil fasllari o‘zgarayotganini tushunmaydi:
ularning miyasida faqat qorin to‘yg‘azish ehtiyoji bor, xolos.
“Ehtimol, biz ham shunaqadirmiz, — o‘yladi cho‘pon. — Axir, men o‘zim ham
movutchining qizi bilan tanishganimdan keyin xayolim biror marta ham boshqa ayollarga
ketmadi-ku”.
U osmonga qaradi, chamaladi, peshinga qolmay Tarifda bo‘ladi. U yerda kitobni
boshqasiga, qalinrog‘iga almashtirib olsa, suvdonini vinoga to‘ldirib, soch-soqolini
oldirsa, movutchining qizi bilan uchrashuvga shay bo‘ladi. U boshqa bir cho‘pon qizni ilib
ketgan bo‘lsa-chi, degan xayolga bormaslikka urindi.
“Hayot shunisi bilan qiziqki, tushlar rostga aylanadi”, — o‘yladi Santyago osmonga ko‘z
tashlab qo‘yib, qadamini tezlatarkan.
U Tarifda tushni ta’birlaydigan kampir yashashini esladi. Qani aytsin-chi, ikki marta
ko‘rgan bir tushning ta’biri qanaqa bo‘larkan.
Kampir mehmonni orqa tarafdagi oshxonadan turli
rangdagi plastmassa munchoqlar shodasidan yasalgan parda bilan ajratilgan xonaga
yo‘lladi. Xonada stol va ikkita stul bor, devorda Masih yuragi tasviri tushirilgan surat
ilingan.
Uy bekasi Santyagoni o‘tirg‘izdi, o‘zi uning qarshisiga o‘tirib, ikki qo‘lidan ushladi va past

ovozda duo o‘qidi.
Aftidan, bu lo‘lilar o‘qiydigan duo edi. Cho‘pon bolaga lo‘lilar tez-tez uchrab turardi —
ular ham, garchi qo‘y boqishmasa-da, dunyo kezib yurishadi. Odamlar ularni yolg‘onyashiq aytib kun kechiradi, gunohga botib yashaydi, bolalarni o‘g‘irlab ketadi va bu
bolalar keyinchalik ularning asiriga aylanib qoladi, deyishadi. Santyago go‘dakligida
lo‘lilar o‘g‘irlab ketishidan o‘lguday qo‘rqardi, hozir lo‘li kampir qo‘llaridan ushlaganda
vujudida o‘sha qo‘rquv uyg‘ondi.
“Axir, bu yerda Muqaddas Masih yuragi bor-ku”, — o‘yladi u xotirjam bo‘lishga va
titrog‘ini bosishga urinib. Lo‘li kampir buni sezib qolishini xohlamasdi. Sodiqligini
ta’kidlamoqchi bo‘lib ichida duo o‘qidi.
— Juda qiziq, — kaftidagi chiziqlardan ko‘zini uzmay
ming‘irladi kampir va yana sukut saqlab turdi.
Bo‘zbola battar bezovtalandi. Titroq endi qo‘llariga ko‘chdi va u qo‘llarini shoshib tortib
oldi.
— Men sening oldingga qo‘llarimga qarab fol och deb kelganim yo‘q, — dedi u lo‘lining
uyiga qadam bosganiga afsuslanib: yaxshisi, haqini to‘lab, tezroq juftakni
rostlasammikan. Shuyam gap bo‘ldimi, allaqanday tushni ikki marta ko‘rgan bo‘lsa
ko‘ribdi-da.
— Bilaman. Sen ko‘rgan tushingning ta’birini aytib berishimni so‘rayapsan, — dedi lo‘li.
— Tushlar — bu Tangri biz bilan gaplashadigan til. Modomiki, bu dunyodagi bor tillardan
biri ekan, bu tildan men tarjima qila olaman. Biroq Tangri senga qalbing tilida murojaat
qilgan ekan, uning aytganlari faqat yolg‘iz sengagina tushunarli bo‘ladi. Shunisi ham
borki, sen maslahat olish uchun kelgan ekansan, men sendan baribir pul olaman.
“Aftidan, ilindim”, — o‘yladi Santyago, biroq chekinishning endi iloji yo‘q. Jur’at cho‘pon
uchun — odatdagi hol: birida suruvga bo‘ri oralaydi, birida qurg‘oqchilik ro‘y beradi.
Jur’at uning hayotini qiziqarli qiladi.
— Men bir tushni ikki marta ko‘rdim, — dedi u. — Tushimda yaylovda qo‘ylarimni boqib
yuribman, shu payt go‘dak paydo bo‘ldi, u qo‘ylar bilan o‘ynagisi keldi. Birovning
qo‘ylarimga yaqinlashishini yomon ko‘raman, ular begonadan hurkadi. Faqat bolalarni
qo‘rqmay yaqiniga yo‘latadi, nega undayligini bilmayman. Qo‘ylar bolalarning yoshini
qanday payqashini tushunmayman.
— Ko‘rgan tushingni ayt, — kampir uning so‘zini bo‘ldi, — ana, qozonim olovda turibdi.
Sening puling ko‘p emas, mening vaqtim qimmat turadi.
— Bola hadeb qo‘ylar bilan o‘ynadi, — Santyago biroz iymanib davom etdi, — keyin
tuyqusdan meni qo‘lida ko‘tardi-da, Misr ehromlariga eltib qo‘ydi.
U biroz sekinlab, bu lo‘li kampir ehrom nimaligini bilarmikan, degan shubhaga bordi.
— Misr ehromlariga eltdi, — takrorladi u ohista va dona-dona qilib, — u yerda menga:
“Agar yana bu yerga kelib qolsang, bekitilgan xazinani izlab topasan”, dedi. Va endi
menga xazina qaerda yotganini uqtirmoqchi bo‘lganida uyg‘onib ketdim. Ikkinchi marta
ham bu tush xuddi shunday — hech o‘zgarishsiz qaytarildi.
Lo‘li kampir uzoq jim qoldi, keyin yana Santyagoning qo‘llaridan ushladi va kaftiga
sinchiklab diqqat bilan qaradi.
— Hozircha men sendan haq olmayman, — dedi kampir nihoyat. — Biroq agar xazinani
topsang, o‘ndan biri meniki.
Bo‘zbola sevinganidan kulib yubordi, tushiga kirgan xazina uning folbinga beradigan
arzimas chaqalarini asrab qoldi. Bu kampir chindan ham lo‘li: lo‘lilarning bir qaynovi
ichida, deyishadi.
— Bo‘laqol, tushimning ta’birini ayt, — so‘radi u.
— Oldin qasam ich. Xazinaning o‘ndan birini menga beraman, deb qasam ich, keyin

ta’birini aytaman.
Qasam ichishiga to‘g‘ri keldi. Biroq kampir Muqaddas Masih yuragi tasviriga qarab
qasamni takrorlashini talab qildi.
— Bu tush Umum Tilida, — dedi kampir. — Men uni ta’birlashga harakat qilaman, garchi
bu juda qiyin bo‘lsa-da. Ana shu mehnatim uchun men sendan xazinaning o‘ndan birini
so‘rayapman. Eshit: sen Misrga borishing va o‘zigning ehromingni topishing kerak. Men
o‘zim bu narsani eshitmaganman, biroq go‘dak senga ularni ko‘rsatibdimi, demak,
haqiqatan bu bor narsalar. Ana endi jo‘na — u yoqda sen o‘zingning xazinangni topasan,
boyib ketasan.
Santyago avvaliga hayron qoldi, keyin afsuslandi. Shu bo‘lmag‘ur gap uchun kampirni
qidirib o‘tirish shartmidi. Yaxshiyam, undan pul olmadi.
— Seni deb vaqtim bekor ketdi, — dedi u.
— Men ogohlantirdim: sening tushingni ta’birlash qiyin. G‘aroyib ko‘ringan narsa, sirtdan
oddiyday tuyulsa-da, biroq uning mag‘zini chaqishga faqat donolar qodir. Men dono
bo‘lmaganim uchun ham boshqa hunarni, masalan, kaftga qarab fol ochishni o‘rgandim.
— Qanday qilsam Misrga bora olaman?
— Bu mening bosh og‘rig‘im emas. Men faqat tushni ta’birlay olaman, uni chinga
aylantirish mening ishimmas. Aks holda shunday qashshoq yasharmidim, tuqqan
qizlarimdan sadaqa so‘rab.
— Agar Misrga bora olmasam-chi?
— Borolmasang — ko‘rgan folim uchun sen beradigan haqdan quruq qolaman. Bu
birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Endi jo‘na, sen bilan gaplashadigan gap qolmadi.
Santyago lo‘li kampirnikidan butkul hafsalasi pir bo‘lib chiqdi va minbad tushlarga
ishonmaslikka qaror qildi. Shu payt, ishlarga kirishish kerakligi xayoliga keldi: do‘konga
yo‘l oldi, yegani ul-bul xarid qildi, kitobini qalinrog‘iga almashtirdi, yangi vinoni tatib
ko‘rmoqchi bo‘lib, maydondagi o‘rindiqqa o‘tirdi. Kun juda issiq edi, vino sehrli tarzda
bo‘zbolaning hovurini bosdi.
U qo‘ylarini shahar chetida, yaqinda tanishgan do‘stining molxonasi yonida qoldirdi.
Viloyatning hamma joyida Santyagoning jo‘ralari bor edi — shuning uchun ham u yurt
kezib yurishni yaxshi ko‘rardi. El oralasang yangi do‘st orttirasan — u bilan har kuni
ko‘rishib turish hecham shart emas. Atrofingda doim bir xil odamlar bo‘lsa — xuddi diniy
maktabda o‘qib yurgan paytdagiday — o‘z-o‘zidan ular sening hayotingga aralasha
boshlaydi. Hayotingga aralashib turib, biroz vaqt o‘tgach, uni o‘zgartirgilari kelib qoladi.
Agar sen ular xohlaganday bo‘la olmasang — arazlashadi. Har kim o‘zicha bu dunyoda
aynan qanday yashash kerakligini aniq biladi.
Biroq hech kim o‘zining shaxsiy hayotini negadir yo‘lga sola olmaydi. Bu xuddi lo‘li
kampirning amaliga o‘xshaydi, u tushlarni ta’birlaydi, lekin rostga aylantirishga qurbi
yetmaydi.
Santyago quyoshning botishini kutishga qaror qildi, shundan so‘ng qo‘ylarni yaylovga
haydasa bo‘ladi. Movutchining qizi bilan uchrashishga hali uch kun bor. Hozir esa shu
yerlik ruhoniydan almashtirib olgan kitobni o‘qishga kirishdi. Kitob qalin edi, birinchi
betida kimningdir dafn marosimi tasvirlangan va boz ustiga qahramonlarning ismlari
shunaqa g‘alatiki, ovoz chiqarib aytsang tiling qoqilib ketadi. “Agar bir kun kelib men
kitob yozadigan bo‘lsam, — o‘yladi bo‘zbola, — kitobimning har bir betida yangi
qahramon bo‘ladi, kitobxonlar kimning ismi qanaqaligini eslab ovora bo‘lib o‘tirmaydi”.
U endi kitobni ochib, marhumni qorga qanday ko‘mishgani tasvirini berilib o‘qiyotganida
(tepadan quyosh ayovsiz kuydirib turganiga qaramay, Santyagoning eti junjikdi), bir
qariya kelib, uning yoniga cho‘kdi va uni gapga tortdi.

— Ular nima qilishayapti o‘zi? — maydondagi odamlarni ko‘rsatib, so‘radi u.
— Ishlashayapti, — ro‘yxush bermay javob qildi bo‘zbola, go‘yo o‘zini berilib kitob
o‘qiyotganday ko‘rsatib.
Aslida esa u muvutchining qizining ko‘z o‘ngida to‘rtta qo‘yning junini qanday qirqishini
o‘ylardi. Chunki qiz uning nimaga qodirligini ko‘radi. Santyago bu manzarani tez-tez ko‘z
oldiga keltirar va har gal xayolida qiziqib qarab turgan qizga qo‘yni dumidan boshlab
boshi tomonga qirqib borish kerakligini tushintirardi. U yana bir qancha g‘aroyib
voqealarni ham xotirasida jamlab, qo‘ylarni qirqayotib, ularni qizga aytib berishga
chog‘lanardi. Bu voqea-larni kitoblardan o‘qib olgan edi, biroq bularni o‘z boshidan
kechirganday qilib aytib bermoqchi edi. Qiz hech qachon buning tagiga yetolmaydi:
chunki u o‘qishni bilmaydi-da.
Qariya juda qaysar chiqib qoldi. Chanqab ketganini aytib, bir qultum vino so‘radi.
Santyago ko‘zani uzatib, shu bilan undan qutilishga umidlandi.
Qayoqda — qariyaning jag‘i battar ochildi, gurunglashgisi keldi. Ko‘zani uzatayotib,
bo‘zboladan qanday kitob o‘qiyotganini so‘radi. Santyagoning boshqa o‘rindiqqa o‘tib
o‘tirgisi keldi, biroq otasi unga keksalarga doimo xushmuomalada bo‘lishni nasihat
qilgandi, shu bois u bir so‘z demay kitobni qariyaga uzatdi: ehtimol, kitobning nomini
to‘g‘ri o‘qishni u bilar. Agar chol savodsiz bo‘lsa, o‘zi uni tinch qo‘yar, noqulay holga
tushib qolmay deb.
— Him... — dedi qariya kitobni qo‘lida aylantirib ko‘rarkan, go‘yo bunday g‘alati
buyumga birinchi marta ko‘zi tushganday. — Yaxshi kitob, zarur narsalar haqida, biroq
nihoyatda zerikarli.
Santyago ajablandi: qariya, demak, nafaqat o‘qishni bilarkan, hatto ayni shu kitobni
o‘qib chiqqan ekan. Nachora, agar chindan zerikarli bo‘lsa, hali uni boshqasiga
almashtirib olishga vaqt bor.
— Bu kitobda ham, deyarli boshqa barcha kitoblarda bor gaplar yozilgan, — davom etdi
qariya. — Ya’ni odam o‘z taqdirini o‘zi tanlay olmasligi haqida. Bu kitobdagi bor gap
odamlarni dunyodagi eng katta yolg‘onga ishontirishdan iborat.
— Qanaqa u bu dunyodagi eng katta yolg‘on? — ajablandi Santyago.
— Mana shunaqa: qandaydir lahzalarda hayotimiz tizgini qo‘limizdan chiqib ketadi va uni
beixtiyor taqdir boshqara boshlaydi. Uchiga chiqqan uydirma.
— Men uchun, nazarimda, buni tushunish qiyin, — dedi Santyago. — Meni, masalan,
ruhoniy qilmoqchi bo‘lishgandi, men esa cho‘ponlikka ketdim.
— Shunisi ma’qul-da, — boshini sermadi qariya. — Sen yurt kezib yurishni yaxshi
ko‘rasan-ku.
“Mening fikrlarimni o‘qiyotganga o‘xshab gapiradi”, — o‘yladi bo‘zbola.
Bu orada qariya kitobni qaytib berishni xayoliga ham keltirmayotganday, bamaylixotir
varaqladi. Faqat hozir Santyago qariyaning egnida arabcha yaktak borligini payqadi —
aslida buning ajablanadigan joy yo‘q: Tarifni Afrika qirg‘og‘idan torgina bo‘g‘oz ajratib
turadi, uni bir necha soatda suzib o‘tish mumkin. Arablarni shaharchada tez-tez
uchratasan — ular bir nimalar sotib olishadi, bir kunda bir necha bor o‘zlarining g‘alati
ibodatlarini amalga oshirishadi.
— Siz qaerliksiz? — so‘radi u qariyadan.
— Hammaerlik.
— Bunday bo‘lmaydi-ku, — e’tiroz bildirdi bo‘zbola. — Hech kim hammaerlik bo‘la
olmaydi. Mana men, masalan, cho‘ponman, dashtu dalalarni kezib yuraman, biroq bir
joyda tug‘ilganman, shaharchada, eski qasr turgan tog‘ yonidagi. Shu shaharchada men
tug‘ilganman.
— Xo‘p, unday bo‘ladigan bo‘lsa, men Salimda tug‘ilganman.

Santyago bilmasdi Salim qaerdaligini, biroq so‘rab o‘tirmadi, qizarib qolmay deb. U
tashvishli qiyofadagi yo‘lovchilar tinimsiz o‘tib-ketib turgan maydonga tikilib qarab turdi.
— Xo‘sh, Salimda hayot qanday?
— Odatdagiday.
Bilib olishning hech iloji yo‘q edi. Faqat bunday shahar Andalusiyada yo‘qligi ayon edi,
aks holda Santyago uni eshitgan yoki ko‘rgan bo‘lardi.
— U yerda siz nima ish bilan mashg‘ulsiz?
— Nima ish bilan mashg‘ulman? — Qariya “qah-qah” otib kulib yubordi. — Men uni
boshqaraman. Men — Salim podshohiman.
“Odamlarga bir balo dorigan o‘zi, — o‘yladi bo‘zbola. — Haqiqatan, tilsiz qo‘ylar bilan
andarmon bo‘lib yurganim ma’qul aslida, yemishi bilan suvi bo‘lsa bas. Yoki kitob
o‘qiganim tuzuk — g‘aroyib voqealarni bilib olasan, qachon xohlasang ochib
o‘qiyverasan. Biroq odamlar bilan qiyin: tomdan tarasha tushganday bir nimani aytadi,
o‘tirasan keyin ustingga mag‘zava to‘kilganday, nima deb javob berishni bilmay”.
— Mening ismim Malkisidq, — ming‘irladi qariya. — Qo‘ying nechta?
— Ko‘p, — mujmal javob qildi Santyago.
— To‘g‘risi qancha? Demak, senga mening yordamim kerakmas, qo‘ying yetarli, deb
hisoblasang.
Bo‘zbolaning chindan jahli chiqdi. Hech qanday yordam so‘rab o‘tirmadi. Gapni
qariyaning o‘zi boshladi-da, avval vino so‘radi, keyin kitobni ko‘ray dedi, endi unga
gurung berishing kerak.
— Kitobni bering, — dedi u. — Men yo‘lga chiqishim kerak.
— Menga otaringning o‘ndan birini bersang — xazinaga qanday yetib borishni
o‘rgataman.
Tuyqusdan bo‘zbolaga hammasi ayon bo‘ldi-qoldi. Lo‘li kampir undan sariq chaqa ham
so‘ramadi, demak, qariya — u, ehtimol kampirning eri, o‘zi ham lo‘li bo‘lsa kerak, bir
dunyo yolg‘on-yashiq gaplarni to‘qib, ko‘proq pul undirish uchun atay jo‘natilgan.
Biroq Santyago gapga og‘iz juftlashga ulgirmay, qariya yerdan bir shoxchani olib, qumga
nimalarnidir chizdi. U egilgan chog‘da ko‘kragida nimadir shunaqa nur taratib
yaraqladiki, bo‘zbola bir lahza ko‘r bo‘lib qoldi. Biroq qariya qartaygan yoshiga mos
bo‘lmagan bir harakat bilan libosiga burkanib oldi, Santyagoning ko‘zi ko‘ra
boshlaganda, u oyoqlari ostida qariya chizgan shakllarni ko‘rdi.
Kichkina shaharning bosh maydonini qoplagan qumda u ota-onasining ismlarini va
o‘zining butun hayotini ayni daqiqalargacha — bolalikdagi o‘yinlari-yu diniy maktabdagi
sovuq kechalarni — hamma-hammasini o‘qidi. U do‘kondor qizining ismini o‘qidi, buni
endi bilishi edi. U hali hech kimga aytmagan narsalarni: bir safar ki-yik ovlash uchun
otasining miltig‘ini so‘ramasdan olganini va hayotida dastlab, faqat bir marta ayol bilan
tunaganini o‘qidi.
“Men — Salim podshohiman”, — yodiga tushdi uning.
— Nega podshoh cho‘pon bilan gaplashib o‘tiribdi? — xijolatomuz, yuvosh tortib so‘radi
Santyago.
— Buning sabablari ko‘p, biroq eng asosiysi shuki, sen o‘z Taqdiring yo‘lidan borishga
qodirsan.
— Bu qanaqa Taqdir? — so‘radi bo‘zbola.
— Barcha odamlar, hali navqiron paytlarida, o‘z Taqdirini bilishadi. Umrning bu pallasida
hamma narsa tushunarli va o‘zlari xohlagan ishni amalga oshirishga intilishdan
qo‘rqishmaydi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bir sirli kuch ularni o‘z Taqdirini yuzaga
chiqarishga erishishning iloji yo‘qligiga ishontirishga kirishadi.

Qariyaning gaplari Santyagoga unchalik ta’sir qilmadi, biroq “sirli kuch” uni qiziqtirib
qoldi — do‘kondorning qizi buni eshitsa, og‘zi ochilib qoladi.
— Bu kuch aftidan yomonlikka yo‘g‘rilgan. Biroq amalda u odamlarni o‘z Taqdirini
qanday yuzaga chiqarishga yo‘naltiradi. Bu kuch uning ruhi va irodasini shunga
tayyorlab boradi. Bu sayyorada bir ulug‘ haqiqat mavjud: sening kimligingdan va nima
qilayotganingdan qat’i nazar, qachonki sen bir nimani chin yurakdan istasang, bunga
erishasan, chunki shunday istak Olam Qalbida ham yaraladi. Va bu sening Yerdagi
nasibangdir.
— Hatto agar men faqat yurt kezib yurishni yoki do‘kondorning qiziga uylanishni
xohlasam hammi?
— Yoki xazinani qidirsang-da. Olam Qalbi inson baxtidan oziqlanadi. Baxtidan, biroq ayni
paytda g‘amidan, havasu hasadidan, rashkidan ham. Odamning yakka-yagona
majburiyati: o‘z Taqdiri yo‘lidan oxirigacha borish. Hammasi — shunda mujassam.
Yodingda tut, sen biror narsani istagan paytda butun Olam sening istaging amalga
oshishiga yordam beradi.
Biroz muddat ular maydonga va o‘tib-ketib turgan odamlarga jim qarab o‘tirishdi.
Jimlikni birinchi bo‘lib qariya buzdi:
— Xo‘sh, shunday qilib nega endi sen qo‘y boqishga qaror qilding?
— Chunki, dunyo kezib yurishni yaxshi ko‘raman.
Qariya maydon burchagiga qizil kajavasi bilan kelib to‘xtagan makkabodroq sotuvchiga
ishora qildi:
— Bolaligida u ham dunyo kezishni orzu qilgan. Biroq keyin makkabodroq sotib, pul
topishni afzal bildi. Qarigach, u Afrikada bir oyni o‘tkazdi. O‘z orzusini amalga oshirishi
uchun odamda hamma vaqt imkon bo‘lishini tushunish unga nasib etmagan.
— Uning cho‘ponlik qilgani ma’qul edi, — dedi Santyago.
— Bu haqda u o‘yladi. Biroq so‘ng yaxshisi savdo-sotiq bilan shug‘ullanishga qaror qildi.
Savdogarlarning boshida kapasi bor, cho‘pon-cho‘liqlar esa ochiq dalada tunaydi.
Qizlarning ota-onalari ham kuyovlari cho‘pon emas, savdogar bo‘lishini xohlashadi.
Santyago movutchining qizini esladi va yuragiga igna sanchilganday bo‘ldi. Albatta, qiz
yashayotgan o‘sha shaharda kimdir qizil kajava bilan izg‘ib yurgandir.
— Bundan kelib chiqadiki, odamlarning cho‘ponlar va makkabodroq sotuvchilar haqidagi
fikrlari Taqdir yo‘li haqidagi fikrdan muhim ekan-da.
Qariya yana kitobni varaqladi va aftidan, o‘qiy boshladi. Santyago uzoq kutdi, keyin bari
bir qariyani chalg‘itishga qaror qildi, chunki oldin chol ham uni kitob-dan chalg‘itgandi:
— Nima uchun siz men bilan bu haqda gaplashayapsiz?
— Chunki sen o‘zingning Taqdiring yo‘lidan borishga urinding. Biroq hozir undan
chekinishga tayyorsan.
— Siz har doim shunday daqiqalarda paydo bo‘lasizmi?
— Har doim. Boz ustiga boshqa shaklu shamoyilda ham ko‘rinishim mumkin. Gohida
to‘g‘ri qaror tarzida, gohida ma’qul fikr tarzida. Gohida esa, hal etuvchi daqiqada, men
boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘lini aytaman. Barini eslab qololmaysan. Biroq odatda
odamlar mening paydo bo‘lganimni payqashmaydi.
Qariya o‘tgan hafta bir tilla qazuvchi qoshida tosh shaklida paydo bo‘lgani haqida hikoya
qildi. Bir paytlar bu odam hammasini tashlab, zumrad qazib topish uchun yo‘l olgan.
Daryo qirg‘og‘ida besh yil rosa ter to‘kkan va bir dona bo‘lsa-da, zumrad toparman, deb
999 999 toshni maydalagan. Va shunda hafsalasi pir bo‘lib, orzusidan voz kechishga ahd
etgan, bu payt uning poyida faqat bittagina tosh qolgandi — va u shu toshning ichidan
o‘zining zumradini topardi. Shunda qariya aralashishga va o‘z Yo‘lidan mardona
ketayotgan tilla izlovchiga yordam berishga qaror qildi. U toshga aylandi, uning oyog‘i

ostiga yumalab keldi, biroq tilla izlovchi, besh yildan beri besamar ter to‘kayotganidan
g‘azabga minib, oyog‘i bilan toshni tepib yubordi. Biroq shunday kuch bilan tepdiki, tosh
boshqa bir toshga urilgancha yorilib, dunyoda tengsiz go‘zal zumrad quyosh nurida
yaraqlab ketdi.
— Odamlarga o‘z hayotlarining mohiyati juda erta ayon bo‘lib qolganday tuyuladi, —
dedi qariya va Santyago uning ko‘zlaridagi g‘amni ilg‘adi. — Ehtimol, shuning uchun
ham ular bundan juda erta voz kechishar. Nachora, dunyo shunday qurilgan.
Shu payt bo‘zbola gurung xazina haqidagi gapdan boshlanganini esladi.
— Ma’danni soy va daryolar yuzaga olib chiqadi, ayni soy va daryolar ularni yer qa’riga
bekitadi, — dedi qariya. — Agar o‘zingning xazinang haqida batafsil bilging kelsa —
suruvingdagi qo‘ylarning har o‘ntasidan birini menga ber.
— Balki topsam, o‘sha xazinaning o‘ndan birini berganim tuzukdir?
— Qo‘lingda yo‘q narsani va’da qilish, uni qo‘lga kiritishga jahd etish demak, — dedi
qariya ginali ohangda.
Shunda Santyago suruvining o‘ndan birini lo‘li kampirga allaqachon va’da qilganini aytdi.
— Lo‘lilar haqini undirishni biladi, — xo‘rsindi qariya. — Nima bo‘lganda ham bilib
qo‘yganing tuzuk, dunyoda har bir narsaning o‘z bahosi bor. Nur Askarlari ayni shunga
o‘rgatishga intilishadi. — U Santyagoga kitobni uzatdi. — Ertaga shu vaqtda sen
suruvingning o‘ndan birini qoshimga haydab kelasan. Shunda men xazinani qanday
topishni aytaman.
Va shunday deb, u muyulishda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Santyago yana kitobni qo‘liga oldi, biroq mutolaga kirisholmadi — diqqatini bir joyga
yig‘ishga qurbi yetmasdi. Qariya bilan muloqotdan hayajonlagandi, chunki uning ko‘ngli
sezdi: qariya haqiqatni gapirdi-da. Bo‘zbola chakana savdo qutisi yoniga bordi va bir
qog‘oz xaltacha makkabodroq sotib oldi, sotuvchiga qariyaning u haqdagi gapini
aytsammikan, deb o‘yladi, keyin shart emas, degan qarorga keldi.
“Ba’zida hammasini o‘z holicha qoldirgani ma’qul” — deb o‘yladi u. Aytsang, sotuvchi,
g‘ildirakli qizil qutisiga o‘rganib qolganiga qaramay, uch kunlab o‘ylanib yuradi, bu
ishning bahridan o‘tsammikan, deb. “Uni bunday azobdan xolos etganim bo‘lsin”.
Shunday o‘y bilan Santyago ko‘cha bo‘ylab, boshi oqqan tomonga qarab ketdi, oxiri
bandargohga kelib qoldi, chog‘roqqina uychaning yonidan chiqdi. Uychada Afrikaga
boradigan kemalarga patta sotishardi. Darvoqe, Misr aynan Afrikada.
— Sizga nima kerak? — so‘radi pattafurush.
— Ehtimol, ertaga sizdan patta xarid qilarman, — javob qildi Santyago va nari yurdi.
Bittagina qo‘yni sotsang bas, qarabsanki, Afrikadasan. Bu fikr uning ko‘ngliga g‘ulg‘ula
soldi. Pattafurush esa yoramchisiga gap qotdi:
— Yana bitta xayolparast. Sayohat qilgilari kelibdi, kissasida hemiri yo‘q.
Santyago pattaxona tokchasi oldida turarkan, qo‘ylari yodiga tushdi va tuyqusdan
ularning yoniga tezroq borgisi kelib qoldi. Ikki yilda cho‘polik san’atini egalladi va
chorvani miridan-sirigacha — qo‘y qirqishni-yu qo‘zilatishni, suruvni bo‘rilardan asrashni
bilib oldi. Andalusiyaning yaylovlari endi unga besh barmog‘iday tanish, otaridagi
xohlagan qo‘yining narxini aniq baholay biladi.
U o‘zini kutayotgan suruv qamalgan qo‘tonga eng uzoq yo‘ldan jo‘nadi. Bu shaharning
ham o‘z qal’asi bor edi, bo‘zbola qiyalikdan ko‘tarilib, qal’a devoriga chiqib o‘tirishga
qaror qildi. U joydan Afrika ko‘rinardi. Bir paytlar kimdir unga qadim zamonda Afrikadan
mavrlar suzib kelishib, sal bo‘lmasa Ispaniyani butunlay mahv etashganini uqtirgandi.
Santyago mavrlarga toqat qilolmasdi: bu yerga lo‘larni shular olib kelgan bo‘lishi kerak.
Devordan butun shahar, haligina u qariya bilan gurunglashib turgan bozor maydoni

kaftdagiday ko‘rinib turardi.
“Qaysi go‘rdanam uni uchratdim”, — o‘yladi bo‘zbola.
Hamma balo lo‘li kampirning tushni ta’birlaganidan boshlandi-da. Na lo‘li, na qariya
uning cho‘pon ekaniga ahmiyat berdi. Ha, hamma narsadan ko‘ngli sovugan bu yolg‘iz
odamlar cho‘pon degan zot qo‘y bilan tirik ekanini qaydan bilsin. Santyago suruvdagi har
qaysi qo‘yning bir qarashdayoq ichi-sirtini aytib bera oladi: unisi — qisr, narigisi ikki
oydan so‘ng qo‘zilaydi, hov, chetdagilari — suruvning eng sudralganlari, yalqov. U
qo‘ylarni qirqishni, bo‘g‘izlashni uddalaydi. Agar biror yoqqa ketguday bo‘lsa, qo‘ylari uni
qumsaydi, egasiz bo‘lib qoladi.
Shamol turdi. Bu shamol unga tanish edi — odamlar buni “lavanta shamoli” deyishardi,
chunki O‘rtaer dengizining sharqiy qismidan, Lavantadan kelgan mavrlarning yelkanlarini
ko‘targan shu shamol edi. Bo‘zbola, hali Tarifda bo‘lmagan esa-da, Afrika qirg‘oqlari juda
yaqin ekaniga shubhalanmasdi. Bunday qo‘shnilik xatarli — mavrlar yana bostirib kelishi
mumkin. Shamol kuchaydi. “Baribir qo‘ylarim va xazina bilan oramizni buzib
yuborolmas”, — o‘yladi Santyago. Endi ikkisidan birini — yo o‘zi odatlangan mashg‘ulotni
yoki ko‘ngli tusab turgan narsani deyishi kerak. Aytgancha, o‘rtada do‘kondorning qizi
ham bor, biroq qo‘ylar muhimroq, chunki ular Santyagoga muhtoj. Qizaloqqa — baribir.
Darvoqe, uni eslarmikan? Bo‘zbola adashmas-ov: ikki kundan keyin uning oldida paydo
bo‘lsa, qizaloq tanimaydi, chunki qizaloq uchun kunlar bir xilda o‘tadi, kunlari ikki tomchi
suvday yakrang odamlar har tong quyosh charaqlab chiqib, turmushiga ro‘shnolik
bag‘ishlayotganini payqashmaydi.
“Men otamni, onamni ham, tug‘ilgan qishlog‘imdagi qal’ani ham tashlab keldim, —
o‘yladi u. — Ular ayriliqda yashashga ko‘nikishdi, men ham shunga odatlandim. Demak,
bunga qo‘ylar ham ko‘nikadi mening yo‘g‘imda”.
U yana maydonga tepadan turib qaradi. Makkabodroq savdosi qizigandan qizirdi: ana,
qariya bilan haligina gurunglashgan so‘rida endi bir juft oshiq qaymoqlashib o‘tirishibdi.
“Savdogar...” — o‘yladi Santyago, biroq fikrini yakunlashga ulgurmadi — kuchaygan
“lavanta shamoli” shiddat bilan to‘g‘ri yuziga urildi.
Shamol faqat bosqinchi mavrlar yelkanlarini ko‘tarib qolmagan, balki o‘zi bilan xavotirli
sahro garmselini, chodralarga o‘rangan ayollar bo‘yini, bir zamonlar nimalarnidir qidirib,
oltinu sarguzasht ishtiyoqida izg‘iganlarning ter va umid-orzulari hidini ham olib kelgan.
Shamol ehromlar nafasini ham olib kelgan. Bo‘zbolaning erkin, daydi shamolga havasi
keldi va o‘zi ham uningday bo‘la olishini his etdi. O‘zidan boshqa hech kim yo‘lini to‘sa
olmaydi. Qo‘ylar, movutchining qizi-yu Andalusiyaning yaylovlari — bular bari o‘z Yo‘lini
topguncha bosib o‘tiladigan so‘qmoqlar, xolos.
Ertasi kuni choshgohda u bozor maydonida paydo bo‘ldi va o‘zi bilan oltita qo‘yni haydab
keldi.
— G‘alati ish bo‘ldi, — dedi u qariyaga. — Do‘stim hech qanday gap-so‘zsiz mendan
butun bir otarni sotib oldi va umr bo‘yi cho‘pon bo‘lishni orzu qilgandim, dedi. Yaxshilik
alomati bu.
— Hamisha shunday bo‘ladi, — javob qildi qariya. — Buni Xayrli Ibtido deyishadi. Agarda
sen, misol uchun, hayotingda birinchi marta qarta o‘ynashga o‘tirsang, aftidan, yutgan
bo‘larding. Boshlovchilarning omadi keladi.
— Nega bunday bo‘ladi?
— Chunki hayot sening o‘z Taqdiring yo‘lidan borishingni xohlaydi va omadlarni yor etib,
ishtahangni ochadi.
Shundan so‘ng qariya qo‘ylarni kuzata boshladi va bittasi oqsoqlanayotganini aytdi.
Bo‘zbola buning ahamiyati yo‘qligini, suruvdagi eng aqlli, boz ustiga, eng ko‘p jun
beradigan shu qo‘y, deya tushuntirdi.

— Xo‘sh, endi, xazinani qaerdan izlash kerak? — so‘radi u.
— Misrdan, ehromning yonidan.
Santyago esankiradi. Lo‘li kampir ham xuddi shu gapni aytgandi, faqat buning uchun
undan hech nima olmadi.
— Tangri har bir odamning bu dunyodagi yo‘lini belgilab qo‘yadi, sen u yoqqa ana shu
belgilar orqali yo‘l topasan. Faqat sen belgilarni — nimalar yozib qo‘yilganini o‘qiy
bilsang bas.
Santyago javob qilib ulgurmadi, u bilan qariya o‘rtasida bir kapalak pirillab aylanaverdi.
U bolaligida bobosidan go‘yo kapalak omad keltirishi haqida eshitganini esladi. Xuddi
qora chigirtka, kaltakesak va yo‘ng‘ichqaning bargchalariday.
— Aynan shunday, — ming‘irladi qariya uning xayolidan o‘tgan fikrni uqib. — Hammasi
xuddi bobong senga aytganiday. Bu o‘sha belgilar, ularga amal qilsang, yo‘lingni
yo‘qotmaysan.
Shu so‘zlarni ayta turib, u to‘shini yalang ochdi va hayratga tushgan Santyago kecha
ko‘zini qamashtirgan yarqiroq jilvani esladi. Qariya oltindan quyulgan, qimatbaho toshlar
bilan bezalgan sipar taqib yurardi. Aslida ham u podshoh edi, yupinroq kiyinib
yurishining sababi esa, aftidan, talonchilar tashlanib qolmasligi uchun bo‘lsa kerak.
— Mana, ol, — dedi qariya va sipardan ikkita, oq va qora toshni ko‘chirib, ularni
Santyagoga uzatdi. — Bular Urim va Tummim deyiladi. Oqi “ha”ni, qorasi esa “yo‘q”ni
anglatadi. Belgilarning ma’nosini uqolmay qolganingda ular senga asqotadi. So‘rasang —
javob beradi. Biroq yaxshisi, — davom etdi u, — har qanday holatda o‘zing bir qarorga
kelganing ma’qul. O‘zing bilasan, xazina — ehrom yonida, oltita qo‘yni men senga bir
qarorga kelishingga ko‘maklashganim uchun olaman.
Bo‘zbola toshlarni to‘rvasiga bekitdi. Endi, bundan keyin biror qaror qabul qilguday
bo‘lsa faqat o‘ziga tayanadi, xolos.
— Unutma, dunyodagi hamma narsa bir butun, yaxlit. Alomatlar tilini yodingdan
chiqarma. Va, eng muhimi, shuni yodingdan chiqarmaginki,sen oxirigacha o‘z Taqdiring
yo‘lidan ketishing kerak. Endi men senga muxtasar bir rivoyatni aytib beraman.
Bir savdogar o‘g‘lini baxt nima, uning qanday sir-asrorlari bor, bilsin deb eng mash-hur
donishmand huzuriga yuboribdi. O‘g‘lon qirq kecha-kunduz sahro kezib, nihoyat tog‘
tepasidagi ajoyib bir qal’ani ko‘ribdi. Bu qal’ada u izlab yurgan Donishmand yasharkan.
Kutilganidek, qal’a donishmandning uzlatga chekingan kimsasiz kulbasiga sira ham
o‘xshamas, aksincha, odam bilan to‘la edi: savdogarlar lash-lushlarini ko‘rsatib u yoq bu
yoqqa chopqilashar, ba’zilari burchak-burchaklarda gaplashib turishar, mo‘’jazgina
sozandalar guruhi mayin kuy ijro etar, zalning o‘rtasida, bu o‘lkada topsa bo‘ladigan
jamiki noz-ne’matlarga to‘la to‘kin dasturxon tortilgan.
Donishmand bamaylixotir mehmonlar bilan bir-bir ko‘rishib-so‘rashib chiqadi va
yigitchaning navbati yetguncha rosa ikki soat kutishiga to‘g‘ri keladi.
Nihoyat Donishmand uning tashrifidan ko‘zlagan maqsadini eshitadi, biroq baxt
nimaligiyu, uning qanday sir-asrorlari borligini hozir tushuntirib o‘tirishga vaqti yo‘qligini
aytadi. Yigitchaga qal’ani tomosha qilib, aylanib chiqqin, ikki soatdan keyin shu joyga
kelasan, deb tayinlaydi.
“Darvoqe,sendan yana bir so‘rovim bor,— deydi u yigitchaga ikki tomchi moy solingan
choyqoshiqni uzatib.— Bu qoshiqchani olgin, qara, tag‘in moy to‘kilmasin”.
Yigitcha, ko‘zini qoshiqchadan uzmay, zinalardan chiqib-tushib saroyni aylanadi, ikki
soatdan so‘ng yana Donishmand qoshida hozir bo‘ladi.
“Xo‘sh,— deydi Donishmand,— oshxona zalidagi forsiy gilamlar senga yoqdimi? Bog‘dagi
dov-daraxtlar, gulzorlar-chi? Ularni qo‘li gul bog‘bonlar o‘n yil deganda barpo etishgan.

Mening kutubxonamdagi eski qalin kitoblar, teriga bitilgan qo‘lyozmalar-chi?”
O‘sal bo‘lgan yigitcha bularni ko‘rmaganini tan oladi, zotan, qal’ani aylanganda u butun
diqqatini xo‘jayin qo‘liga ishonib topshirgan choyqoshiqdagi moydan uzmagan edi.
“Izingga qayt va mening uyimdagi mo‘’jizalarni tomosha qil,— dedi shunda
Donishmand.— Turish-turmushini ko‘rib bilmagan odamingga qanday ishonasan”.
Yigitcha qo‘lida qoshiq bilan yana saroyni aylangani jiladi. Bu safar u oldingiday diqqat
bo‘lmay, xonalarni bezab turgan kamyob jihozlarni, san’at asarlarini ko‘rib chiqadi. U
bog‘larni va qal’ani o‘rab turgan qoyalarni kuzatadi, gullarning va suratu haykallarning
go‘zalligini o‘zicha baholaydi. Donishmandning oldiga qaytgach, u ko‘rganlarining
hammasini oqizmay-tomizmay aytib beradi.
“Ikki tomchi moy qani, men senga to‘kib qo‘yma deb taylagandim?”— so‘raydi
Donishmand.
Shunda yigitcha qoshiqchadagi moyning to‘kilganini payqaydi.
“Mana shu men senga beradigan birdan-bir maslahat,— deydi unga donolar donosi.—
Baxtning siru asrori dunyoning bor jozibasiyu tarovatini ko‘ra bilishda va ayni paytda
choyqoshiqdagi ikki tomchi moyni ham hech qachon yoddan chiqarmaslikda”.
Santyago rivoyatni eshitib uzoq jim qoldi. U qariyaning nima demoqchi bo‘lganini
tushundi. Cho‘pon dashtu dala kezishni yaxshi ko‘radi, biroq qo‘y-qo‘zisini hech qachon
unutmaydi.
Santyagoga qadalib qarab, podshoh Malkisidiq qo‘llarini tutashtirdi va g‘alati harakat
bilan bo‘zbolaning boshi ustidan sermadi. Keyin esa, qo‘ylarni oldiga solib, o‘z yo‘liga
ravona bo‘ldi.
Mo‘’jazgina Tarif shaharchasi ustida, bir zamonlar mavrlar qurgan, eski qal’a qad rostlab
turibdi. Agar minoraga chiqib qaralsa, makkabodroq sotuvchisining qutisi turgan maydon
kaftdagiday ko‘rinadi. Bu joydan Afrika qirg‘oqlarining uzunchoq parchalari ham ko‘zga
tashlanadi. O‘sha kuni qal’a devorida, yuzini mashriqdan esayotgan shamolga tutib,
Malkisidq — Salim podshohi o‘tirgan edi. Taqdirlarida kechgan alg‘ov-dalg‘ov
o‘zgarishlardan bezovtalanayotgan qo‘ylar yangi xo‘jayinidan nariroqda
qo‘shoqlanganday g‘uj bo‘lib turardi. Ularni hali ham qiziqtirib turgan eng muhim narsa
yemish edi.
Bandargohga kiriladigan joyda turgan chog‘roq kemaga qarab o‘tirgan Malkisidq, bir
paytlar unga ushr berganidan so‘ng Ibrohimni qayta uchratmaganiday, endi bu
bo‘zbolani ham boshqa ko‘rmasligi haqida o‘ylardi.
Umrboqiylarda orzu-istak bo‘lmasligi kerak, chunki bu yerda ularning o‘z yo‘llari yo‘q.
Biroq baribir Malkisidq qalbining tubida Santyago degan mana shu bolaga omad yor
bo‘lishini tilardi.
“Uning hoziroq hatto mening ismimni ham unutib yuborishi achinarli-da, — o‘yladi u. —
Mening ismimni takrorlab turishi kerak edi. Alhol, meni eslab, “Malkisidq, Salim
podshohi” degan sirli qariyani tilga olsa.”
U ko‘zini samoga tikdi va biroz iymanib, dedi:
—Tangrim, iqrorman, bular barchasi, Sening kalomingda zikr etilganiday, “behudadan
behuda urinish.” Lekin gohida qari podshoh ham o‘zi bilan g‘ururlanadi-da.
“Afrika deganlari g‘alati joy ekan”, — o‘yladi Santyago.
U shaharning tang ko‘chalarida tez-tez duch keladigan torgina yemakxonada o‘tirardi.
Bir necha kishi kattakon chilimni qo‘lma-qo‘l almashib chekishardi. Shu orada u qo‘l
ushlashib borishayotgan erkaklarni, yuzini bekitgan ayollarni, baland minoralarga chiqib

olib, qiroat bilan bir nimalarni aytib qichqirayotgan ruhoniylarni ko‘rdi, ayni damda
atrofdagilar tiz cho‘kishar va manglaylarini yerga tekizishardi.
“Ko‘chmanchi musulmonlarning makoni. Ularning urf-odatlari ham shu yerda ildiz
otgan”, — dedi ichida u.
U bolaligida qishloqlaridagi cherkovda avliyo Yoqubning suratini ko‘rgandi — mavrlarni
mahv etgan g‘olib oq ot ustida, qo‘lida qilichni baland ko‘targan holda tasvirlangan,
uning poyida hozir yemakxonada Santyago bilan yonma-yon o‘tirishgan kishilarga
o‘xshash so‘xtasi sovuq odamlar mukka tushgan. Bo‘zbola sarosimalandi — u o‘zini juda
yolg‘iz his etdi.
Boz ustiga, safarga chiqishdan oldin u bir narsani xayoldan faromush qilgan ediki, ayni
shu narsa uning xazinaga boradigan yo‘lida uzoq vaqt to‘siq bo‘lishi mumkin edi. Zotan,
bu mamlakatda hamma arabcha gaplashardi.
Yemakxona xo‘jayini uning oldiga keldi va Santyago imo-ishoralar bilan yonidagi stolda
o‘tirganlar ichayotgan ichimlikdan unga ham olib kelishini so‘radi. Bu achchiq choy ekan.
Bo‘zbola vinoni xush ko‘rardi.
Sirasini aytganda, buning ahamiyati yo‘q — faqat xazina va ungacha qanday yetib borish
haqida bosh qotirishi kerak. Sotgan qo‘ylaridan tushgan pul anchagina, ular hamyonida,
o‘zining kuchini ko‘rsatsa, harqalay, kishi yolg‘izlik azobidan unchalik ozor chekmaydi.
Tez-orada, atigi bir necha kundan keyin, u ehromlarga yetib boradi. Sof oltindan
yasalgan ko‘kraksiparli qariya besh-oltita qo‘yini olib, boyib qolish uchun uni anoyi
qilmagandir.
Qariya unga belgilar haqida gapirdi va Santyago, bo‘g‘ozdan suzib o‘tgunicha, faqat
shular haqida o‘yladi. Gap nimadaligini u tushundi: Andasuliyada sang‘ib yurib, yerdagi
va osmondagi belgilarga qarab o‘zini oldinda nimalar kutayotganini bilib olishga urindi.
Chumchuq ilonning bekinib turgan joyidan xabar yetkazishi mumkin; buta shu atrofda
jilg‘a yoki daryo borligidan darak beradi. Bularning bariga uni qo‘ylar o‘rgatdi.
“Agar ularni Tangri yo‘llab turgan bo‘lsa, U menga ham yo‘ldan chalg‘ishimga monelik
qilmaydi”, — o‘yladi Santyago va biroz xotirjam bo‘ldi. Shunda hatto choy ham unchalik
taxir tuyulmadi.
— Sen kim bo‘lasan? — tuyqusdan ispancha so‘z eshitildi.
Santyago beixtiyor yengil tortdi: u belgilar haqida o‘ylayotgandi va mana, belgi berildi.
Unga ovoz bergan taxminan uning tengquri, yevropacha kiyingan bo‘lib, faqat terisining
rangi shu yerlik ekanini bildirardi.
— Sen ispanchani qayoqdan bilasan? — so‘radi Santyago.
— Bu yerda uni qariyb hamma biladi. Ispaniya ikki soatlik yo‘l.
— Kel, o‘tir, men seni biror narsa bilan mehmon qilay. O‘zingga ham, menga ham vino
buyur. Choyga uncha tobim yo‘q.
— Bu mamlakatda vino ichishmaydi, — javob qildi u. — Vino ta’qiqlanadi.
Shunda Santyago ehromlargacha yetib borishi zarurligini aytdi. Xazina haqidagi gap
og‘zidan chiqib ketishiga bir bahya qoldi, biroq vaqtida tilini tishladi: aytib bo‘ladimi, bu
arab unga yordam berishi evaziga xazinaning bir qismini talab qilishi mumkin-ku.
Bo‘zbola qariyaning gaplarini esladi: qo‘lingda, o‘zingniki bo‘lmagan narsani va’da qila
ko‘rma.
— Meni ehromlargacha olib borolmaysanmi? Buning uchun men senga haqini to‘lardim.
— Sen tasavvur qila olasanmi o‘zi, uning qaerdaligini?
Santyago yemakxona xo‘jayini ularning yaqiniga kelib, gurungni jon qulog‘i bilan
eshitayotganini payqadi. Garchi uning oldida gapirgisi kelmayotgan bo‘lsa-da, bo‘zbola
omadi chopib uchratgan yo‘l boshlovchini qo‘ldan chiqargisi kelmasdi.
— Butun Sahroni kesib o‘tishingga to‘g‘ri keladi, — dedi u. — Buning uchun pul kerak.

Puling bormi?
Bu savoldan Santyago hayron bo‘ldi. Biroq u qariyaning gapini esladi: agar sen biror
narsani xohlasang, butun Olam sening xohishing ijobat bo‘lishiga ko‘maklashadi. Va u
cho‘ntagidan pulni olib, arabga ko‘rsatdi. Xo‘jayin ularga yanada yaqinroq kelib,
tepalarida turib oldi, keyin esa haligi bola bilan arabchada qattiq-qattiq gaplashdi.
Santyagoning nazarida xo‘jayin nimagadir achchiq qilayotganday edi.
— Ketdik bu yerdan, — dedi bola. — Bizning bu yerda o‘tirishimiz unga yoqmayapti.
Santyago xursand bo‘lib o‘rnidan turdi va hisob-kitob qilay degandi, xo‘jayin uning
qo‘lidan tutib, nimalardir deb gapira boshladi. Qo‘lini bo‘shatib olishga Santyagoning
qurbi yetardi, biroq u yot bir mamlakatda va boz ustiga, bunday vaziyatda o‘zini qanday
tutish lozimligini bilmas edi. Baxtiga yangi tanishi xo‘jayinni ko‘kragidan itarib yubordi
va Santyagoni yemakxonadan ko‘chaga olib chiqib ketdi.
— U sening pullaringni olmoqchi bo‘ldi. Tanjer Afrikaning boshqa shaharlariga
o‘xshamaydi. Bu bandargoh, bandargoh esa doim tovlamachilarga to‘lib yotadi.
Unga ishonsa bo‘ladi. U mushkul vaziyatga yordam berdi. Santyago yana cho‘ntagidan
pullarni olib, sanadi.
— Ertagayoq ehromlarga jo‘nashimiz mumkin, — dedi arab. — Biroq avval ikkita tuya
sotib olishimiz kerak.
Shunday deb u Santyagoning qo‘lidan hamyonni oldi.
Ular Tanjerning har qadamda chodirlaru savdo qutilari turgan tor ko‘chalaridan yurib
ketishdi va minglab olomon bilan to‘la bozor maydonidan chiqishdi — odamlar
savdolashar, baqirib-chaqirishardi. Ko‘katu mevalar pichoq, xanjarlar bilan bir joyga
uyub tashlangan, gilamlar esa turli-tuman chilimlar yonida. Santyago hamrohidan ko‘zini
uzmay borardi — bo‘zbola bor pulini sherigiga bergan edi. U pulni qaytarib olmoqchi
ham bo‘ldi, biroq bu noqulay, degan o‘yga bordi. Bu mamlakatning urf-odatlari
Santyagoga notanish edi. “Hechqisi yo‘q, — o‘yladi u, — men uni sergaklik bilan kuzatib
borayapman, shuning o‘zi yetarli, axir, men undan qoruvliman.”
U tasodifan turli-tuman buyumlar orasida qilichni ko‘rib qoldi, bunaqa chiroyli qilichni
hech qachon ko‘rmagan edi: g‘ilofi misdan, dastasi qimmatbaho toshlar va sir bilan
bezalgan. Santyago Misrdan qaytishda, albatta, o‘ziga shunday qilich sotib olishni
ko‘ngliga tugdi.
— So‘ra-chi, narxi qancha ekan? — turgan joyidan burilmay so‘radi u yo‘ldoshidan.
Shu lahzada u qilichga mahliyo bo‘lib, ikki daqiqaga chalg‘iganini payqadi. Yuragi
shuvillab ketdi. U o‘grilib qarashga cho‘chidi, chunki qarasa ko‘z oldida qanday manzara
namoyon bo‘lishini bildi. Yana bir necha lahza u qilichdan ko‘zini uzmay turdi, keyin
o‘zini qo‘lga olib, boshini burdi.
Atrof g‘ala-g‘ovur, bozor qaynab-toshardi, odamlar zir yugurar, baqirib-chaqirardi,
gilamlar va yong‘oqlar, mis laganlar va ko‘katlar uyulib qorishib yotar, erkaklar qo‘l
ushlashib, ayollar paranjida yurishar, allaqanday taomlarning hidlari taralar va faqat
uning boyagi yo‘ldoshi qay go‘rgadir g‘oyib bo‘lgandi.
Avvaliga Santyago ular bir-birini olomon orasida tasodifan yo‘qotib qo‘yishganiga o‘zini
ishontirishga urindi va turgan joyidan jilmay kutishga qaror qildi — lop etib kelib qolar,
deb o‘yladi. Biroz vaqt o‘tdi; baland minoraga ko‘tarilgan kishi qiroat bilan nimadir deb
qichqirdi — shu lahza atrofdagilar muk tushib, manglaylarini yerga tegizishdi va xirgoyi
qila boshlashdi. Keyin esa, xuddi tinib-tinchimas chumolilarday g‘imirlashib, narsalarini
yig‘ishtirishdi, chodir va savdo qutilarini bekitishdi. Bozor bo‘shab qoldi.
Quyosh ham osmonni tark eta boshladi; Santyago uni uzoq kuzatdi — quyosh maydonni
qo‘rg‘alagan oq uylarning tomlari ortiga bekinguncha termilib turdi. U esladi, bugun
quyosh ko‘tarilgan paytda u narigi qit’ada edi, cho‘pon edi, oltmishta qo‘yi bor edi va

movutchining qizi bilan uchrashuvni kutardi. Erta tongdayoq, otarini yaylovga
haydagandan so‘ng, nimalar ro‘y berishi unga oldindan ayon bo‘lgandi.
Mana, shu kunning shom pallasida u boshqa bir mamlakatda yuribdi, yot o‘lkada u
begona va hatto mahalliy xalq gaplashadigan tilni ham bilmaydi. Endi u cho‘pon emas,
bor-yo‘g‘idan, avvalo, pulidan ajralib qoldi, demak, endi ortga qaytolmaydi va
hammasini boshidan boshlay olmaydi.
“Bularning bari quyosh chiqib botguncha ro‘y berdi-ya”, — o‘yladi bo‘zbola. U o‘z
ahvoliga achindi va hayoti kutilmaganda butkul o‘zgarib ketganiga qattiq qayg‘urdi.
Yig‘lay desa uyat. U hatto qo‘ylarining oldida yig‘lashga ham uyalardi. Biroq bozor
maydoni allaqachon bo‘shab qolgan, u esa yolg‘iz, vatanidan juda uzoqda.
Santyago yig‘lab yubordi. Nahotki, Tangrining qahri, bor yo‘g‘i ko‘rgan tushiga ishongan
kishilar uchun, shu qadar qattiq bo‘lsa!
“Qo‘ylarimni boqib yurganimda mendan baxtiyor odam yo‘q edi, men hammaga
xursandchilik ulashardim. Meni ko‘rganda odamlar shod bo‘lishardi va eng e’tiborli
mehmonday e’zozlashardi.
Mana, endi men g‘amga botdim va baxtsizman. Nima qilarimni bilmayman. Endi badjahl
va hech kimga ishonmaydigan bo‘laman, bir odam meni aldab ketgani uchun hammadan
gumonsirab yashayman. Xazina topganlarni esa ko‘rolmayman, negaki bu omad mendan
yuz o‘girdi. Xasga tirmashib yashayman endi, chunki qurbim shunga yetadi, xolos,
olamni anglamoqqa ojiz va kuchsizman”.
U to‘rvasini ochib, uning ichida biror-bir yegulik — hech bo‘lmasa yog‘ bilan bir burda
non — qolmaganmikan, deb qaradi, biroq to‘rvadan qalin kitob, kamzul va qariya bergan
ikki dona toshni topdi, xolos.
Ularga ko‘zi tushib, Santyagoning chiroyi ochildi. Axir, u qariya sovg‘a qilgan shu ikkita
toshga oltita qo‘yni almashdi-da. Agar bu toshlarni sotolsa bo‘lgani — puliga patta olib
vataniga qaytadi.
“Endi aqlimni yig‘ib ish qilaman”, — o‘yladi u to‘rvadan toshlarni olib, cho‘ntagiga
bekitarkan. Bu yer bandargoh shahar, bandargoh esa, uni shilib ketgan haligi yulg‘ich
to‘g‘ri aytganiday, tovlamachilarga to‘la.
Faqat endigina yemakxona xo‘jayinining nima uchun qizishib gapirganiga Santyagoning
aqli yetdi — u bo‘zbolaga qavatingdagi yo‘ldoshiga ishonma, deya jon kuydirib uqtirgan
ekan.
“Men xuddi boshqa oddiy odamlardayman: xayolimdagini borga yo‘yaman va dunyoni
asli qanday bo‘lsa shundayligicha emas, balki o‘zim xohlaganday ko‘raman”.
U yana toshlarni qo‘liga olib qaradi, mehr bilan siladi — toshlar iliq tuyuldi. Mana,
hozircha uning qo‘lidagi haqiqiy xazina shu. Qo‘lingni tekizsang ko‘ngling ko‘tariladi. Ular
Santyagoga qariyani eslatdi. Qariyaning gaplari uning qalbida qayta sado berganday
bo‘ldi: “Agar sen biror narsani xohlasang, butun Olam sening xohishing ijobat bo‘lishiga
ko‘maklashadi”.
Uning bilgisi keldi — to‘g‘rimikan bu gap. U bo‘m-bo‘sh bozor maydonining qoq o‘rtasida
turibdi, cho‘ntagida bir miri yo‘q va endi qo‘ylarni bu oqshom qaerga qamab qo‘ysam,
deb bosh qotirishi ham shart emas. Biroq cho‘ntagidagi qimmatbaho toshlar uning
yaqinda podshoh bilan uchrashganini shak-shubhasiz dalillab turar, podshoh uning butun
hayotini: otasining miltig‘ini so‘ramay olganiyu, birinchi marta ayol bilan bo‘lganini —
hammasini bilar edi.
“Toshlar senga jumboqni yechishga yordam beradi. Ular Urim va Tumim deyiladi”, —
esladi u.
Santyago ularni yana cho‘ntagidan chiqardi va to‘rvasiga soldi, keyin sinab ko‘rgisi keldi.
Qariya toshlarga savollarni aniq qilib berish kerak, deb tayinlagan edi, chunki ular

nimani xohlayotganini aniq biladigan kishiga yordam beradi, degandi. U toshlardan:
qariyaning menga bildirgan tilaklari hali o‘z ta’sirini yo‘qotgani yo‘qmi, deb so‘radi va
qo‘lini to‘rvadan chiqardi:
— Yo‘q, — javob qildi tosh.
— Men xazinani topa olamanmi? — so‘radi Santyago.
U yana to‘rvaga qo‘lini tiqdi va toshlarni aralashtirib javobni olaman deganida ikkala tosh
ham to‘rvaning teshigidan tushib ketdi. Negadir u oldinlari to‘rvaning eskirib qolganini
sezmagandi. Santyago toshlarni yerdan terib olib, ularni tag‘in yashirish uchun egilgan
chog‘da miyasiga bir yangi fikr keldi: “Belgilarga e’tibor bilan qarashga va ularga
ergashishga o‘rgan”, — degandi qariya.
Belgi! Santyago kulib yubordi. Keyin darhol yerdan toshni olib, to‘rvasiga tiqdi. U
to‘rvaning teshigini tikishni xayoliga ham keltirmaydi, chunki xohlagan damda toshlar
to‘rvani tark etishi mumkin. U tushundi, dunyoda shunday narsalar borki, ular haqida
so‘rab-surishtirish befoyda — bu o‘z taqdiringdan qochib qutila olmasligingga o‘xshaydi.
“Axir, men qariyaga faqat o‘zim qaror qabul qilaman, deb va’da berganman-ku”, — dedi
u ichida.
Biroq toshlar unga qariyaning hali ham u bilan birga ekanidan ishora berdi va bu
bo‘zbolada ishonch uyg‘otdi. U yana bo‘m-bo‘sh maydonga ko‘z yugurtirdi, biroq endi
uning nigohi oldingiday umidsiz emas edi. U yot bir dunyoga kelib qolmagan, shunchaki
yangi bir joyda edi.
Axir, unga ayni shu — yangi joylarni ko‘rish yoqardi-da. Agar ehromlargacha yetib
borish nasib etmasa-da, achinmaydi, chunki u har qanday cho‘pondan ham ko‘proq
narsalarni ko‘rdi, bildi.
“Ular bilsaydi, — o‘yladi bo‘zbola, — atigi ikki soatli yo‘l narisida hammasi mutlaqo
boshqacha ekanini”.
Yangi dunyo hozir uning ko‘z o‘ngida o‘lik maydonga aylanib yotardi, biroq haligina bu
joyda hayotning qaynab-toshganini ko‘rishga u ulgurdi va endi buni hech qachon
unutmaydi. U o‘zi ko‘rgan qilichni ham esladi: ha, ikki daqiqali tomosha uchun ko‘p
pulidan ajrab qolishiga to‘g‘ri keldi, biroq bunday narsani u avval hech qachon
ko‘rmagandi-da. Tuyqusdan Santyago dunyoga nafaqat tovlamachi va yaramas
kimsaning qurboni bo‘lgan odam ko‘zi bilan, balki jasur xazina qidiruvchi va
sarguzashtlar ishqibozining nigohi bilan ham qaray olishini anglab qoldi.
— Men — jasur xazina qidiruvchi va sarguzashtlar ishqiboziman, — ming‘irladi u uyquga
ketarkan.
Kimdir biqinidan turtganidan u uyg‘onib ketdi. Santyago qoq o‘rtasida tunagan bozor
maydoni tong otishi bilan tag‘in jonlana boshlagan edi.
Odatiga ko‘ra, qo‘ylarni ko‘rmoqchi bo‘lib alanglarkan Santyagoning uyqusi butkul ochildi
va o‘zining yangi bir olamda ekani yodiga tushdi, esladi, biroq bundan ko‘ngli cho‘kmadi,
aksincha, u baxtiyor edi. Endi qorin g‘amida tentirab yurmaydi — to‘g‘ri xazinaga yo‘l
oladi! Garchi cho‘ntagida bir miri bo‘lmasayam, ertangi kuniga ishonchi bor, ko‘ngli to‘q.
Kecha oqshom u sarguzashtlar ishqibozining taqdirini havas qildi, bunday qismatni o‘ziga
tanladi: endi u bir paytlar kitoblarda o‘qigan qahramonlardan biriga aylanadi.
Bo‘zbola shoshilmasdan qadam tashlab, bozor maydonining chetidan yurdi. Savdogarlar
chodirlarini ocha boshlashgandi, u shirinliklar sotadigan bir savdogarga peshtaxtaga
narsalarini terishga ko‘maklashdi.
Savdogar xursand bo‘lib kuldi; u o‘z hayotidan mamnun, nima uchun yashayotganini
bilar va yangi ish kunini xush kayfiyat bilan qarshilashga hozirlanayotgan edi. Uning
kulgisi bo‘zbolaga qariyani — sehrli podshoh Malkisidqni eslatdi.

“Bu savdogar dunyo kezish yoki movutchining qiziga uylanish uchun shirinlik
pishirmaydi. Bu shunchaki uning ko‘nglidagi mashg‘uloti, shu ish unga yoqadi”, — deb
o‘yladi bo‘zbola va bir qarashda har qanday odamning o‘z taqdiri Yo‘liga qanchalik uzoq
yoki yaqinligini qariyadan yomonroq bilmasligini payqadi.
“Bu juda oddiy, nahotki men avval buni tushunmaganman?”
Chodirni tortib bog‘lashgandan so‘ng qandolatchi unga yog‘da pishgan birinchi somsani
uzatdi. Santyago uni bahuzur yedi va tashakkur bildirib, chodirdan jildi. Ketayotib
tuyqusdan chodirni qurishayotganda qandolatchining arabcha gapirgani va o‘zining
ispancha javob qilgani yodiga tushdi, biroq ular baribir bir-birlarini tushunishibdi-da.
“Demak, so‘zlarga tobe bo‘lib qolmagan til ham bor ekan, — o‘yladi u. — Men shu tilda
qo‘ylar bilan gaplashardim, mana, endi odam bilan gaplashishga urinib ko‘rdim”.
“Hammasi bir butun, yaxlit”, degan edi Qariya.
Santyago belgilarni ko‘zdan qochirmaslik uchun Tanjerning tor ko‘chalaridan shoshilmay
yurishga qaror qildi. Bu sabr-qanoatni talab etadi, biroq sabr-qanoat shunday ezgu
ne’matki, har qanday cho‘pon dastlab ana shu saboqni oladi.
“Hammasi bir butun, yaxlit”, — Malkisidqning so‘zlari tag‘in yodiga tushdi.
Billur buyumlar sotuvchi savdogar yangi kunning boshlanishini kuzata turib,
ertalabdanoq ko‘nglini cho‘ktiradigan odatdagi g‘am-tashvishdan og‘rindi. U tik tushgan
tor ko‘chadagi xaridorlar onda-sonda bosh suqadigan do‘konida, qariyb o‘ttiz yildan beri,
tirikchilik qiladi. Hayotida biror-bir o‘zgarish qilishga endi kech; billur idishlarni sotishdan
bo‘lak yumush qo‘lidan kelmaydi. Bir paytlar uning do‘koni gavjum bo‘lardi, arab
savdogarlari, ingliz va frantsuz geologlari, olmon askarlari — puldor odamlar ko‘p
kelishardi. O‘shanda billur savdosi foydaning koni edi va u boyib ketishiga, yoshi
qaytganda malohatli ayollar ko‘nglini charog‘on etishga umidlanardi.
Biroq zamon evrildi, bu bilan baqamti shahar ham o‘zgarishlarga yuz burdi. Tanjerning
shundoq biqinidagi Seut tez qad rostladi va savdoning avj nuqtasi o‘sha tarafga ko‘chdi.
Yon-atrofidagi savdogar-qo‘shnilar har qaysi har yoqqa ravona bo‘lishdi, bu tor ko‘chada
sanoqligina do‘konchalar qoldi va deyarli hech kim ularga bosh suqaydi, bu joyga qadam
bosmaydi.
Biroq har nima bo‘lganda ham, billur idish sotuvchi bu savdogarning endi bo‘lari bo‘lib,
bo‘yog‘i singgan edi. O‘ttiz yil u billur olib sotish bilan mash-g‘ul bo‘ldi, endi yoshi bir
joyga borganda hayotini o‘zgartirishga kech.
Choshgohgacha savdogar unda-bunda o‘tganlarni kuzatib o‘tirdi. Ko‘p yillar shu zaylda
o‘tirganidan bu tang ko‘chadan kimning qay mahalda o‘tishi unga yod bo‘lib ketgan.
Biroq tushlikka bir necha daqiqa qolganda do‘konining peshtaxtasi ortida bir navqiron
muhojir paydo bo‘ldi. U binoyiday kiyingan edi, biroq savdogar sinchkov nigohi bilan
uning puli yo‘qligini payqadi. Shunday bo‘lsa-da, u chiqib ketgunicha tushlikka
shoshilmay turishni ma’qul bildi.
Eshikdagi e’lon bu do‘konda xorijiy tillarda ham gapirilishini daraklardi. Santyagoning
ko‘zi peshtaxta ortida ko‘ringan xo‘jayinga tushdi.
— Xohlasangiz, men mana bu idishlaringizni yuvib beraman, — dedi bo‘zbola. — Bu
ahvolda ularni hech kim sotib olmaydi.
Xo‘jayin javob qilmadi.
— Evaziga menga biror yegulik berasiz.
Xo‘jayin miq etmay unga qarab turardi. Santyago bir qarorga kelishi zarurligini tushundi.
To‘rvasida kamzuli bor edi — sahroda keragi bo‘lmaydi. U kamzulni to‘rvadan olib,
idishlarni artishga kirishdi. Yarim soat ichida peshtaxtadagi idishlar yaraqladi va shu
payt ikki kishi kirib, billur idishlardan xarid qildi.

Ishni tugatib, Sant