USTA
99
O‘zbekning otpuskasi yo uy qurish bilan o‘tadi, yo to‘y qilish bilan. Bultur hovli etagiga mehmonxona, ayvon soladigan bo‘ldik. Imorat solish tashvishini boshiga tushgan biladi. Taxta bo‘lsa, g‘isht yo‘q, g‘isht bo‘lsa, tunuka yo‘q, tunuka topilsa, bo‘yoq yo‘q... Mayli, hozir gap bunda emas.
Devor ko‘tarilganidan keyin Abdujabbor degan usta ishga tushdi. G‘irt chapani, ammo qo‘li gul yigit. To‘sin tashlash deysizmi, ustun qo‘yish, pol qoqishmi— hammasini o‘rinlatadi. Halol ishlaydi. Faqat bitta kamchiligi bor — ichadi, har kuni ichadi. Peshingacha amallab turadi-yu, tushlik paytida chidolmay qoladi.
— O‘v, akam, opkela qoling anovi «oqbola»dan! Tomoq jonivor bedana bo‘p sayrab ketdi-ku!
Nima qilsayam mehmon, bir nima deyolmayman. Oyimga sezdirmaslik uchun imi-jimida piyolani to‘ldirib quyib beraman. U o‘zining aytishicha, «zahariga» otib oladi-da, ashulani vang qo‘yib ishini davom ettiraveradi:
Bog‘ aro-o-lab boraman,
Gulshan aro-o-olab boraman...
Oyim uning yana ichganini bilib, meni koyishga tushadi.
— Bola-chaqali odamni piyonista qilmoqchimisan? Har kuni ichirishga uyalmaysanmi? Abdujabbor tepadan turib hayqiradi:
— Ichganim yo‘q, Poshsha oyi! Ichganim yo‘q! Ichgan bo‘lsam bir qoshiq suvda cho‘kib o‘lay! Meni mast deb o‘ylayapsizmi? Mayli, kerak bo‘lsa bir oyoqda turib beraman. — U to‘sin ustida bir oyoqlab turib «mast emasligini» namoyish qiladi. Oyim battar chirqillaydi:
— Hoy, ehtiyot bo‘l, yiqilib ketasan!
...Ish tom yopishga yetganda oyim meni chetga imlab qattiq tayinladi.
— Agar shu bolaga endiyam ichirsang, norozi bo‘laman! Kecha yiqilib ketishiga sal qoldi. Birovning bolasi mayib bo‘lib qolsa, Xudo nima deydi!
O‘sha kuni tushlikda Abdujabborga yotig‘i bilan tushuntirdim:
— Endi, birodar, ko‘nglingizga kelmasinu tushlikda ichmay qo‘ya qoling.
Usta u deb ko‘rdi, bu deb ko‘rdi, bo‘lmadi. Oxiri qovog‘i osilib tomga chiqib ketdi. Qo‘shiq aytish yo‘q, gaplashish yo‘q... Uch-to‘rt kun ahvol shunday davom etdi. Keyin men ham ishga tushib ketdim.
Bir kuni tushdan keyin xabar olay deb kelsam, uzoqdan ustaning vadavang ashulasi eshitilyapti. Tunukani ikki marta taraqlatadiyu iyagini o‘ng tomonga cho‘zib chiranib qichqiradi:
Bog‘ aro-o-olab boraman...
Bolg‘ani yana ikki marta uradi-da, iyagini chap tomonga cho‘zib qaytaradi:
Gulshan aro-o-olab boraman...
Oshxonada choy qaynatayotgan oyimning oldiga kirdim.
— Bu, yana «bog‘ arolab» borish boshlanibdi-ku, kim ichirdi?
— Bilmasam, — deydi oyim menga qaramay. — Ichgani yo‘q shekilli.
Abdujabbor gapimizni eshitib qoldi chog‘i, tomdan turib baqirdi:
— Nima deyapsiz, o‘v akam! Ichgan bo‘lsam bosgan izim orqamda qolsin. Nima, ichsam aytishga qo‘rqamanmi sizdan! Poshsha oyimning oldilarida ichib jinni bo‘pmanmi! Yaxshisi, bitta opkeb qo‘ying «oqbola»dan! Kechqurun jigarini ezamiz...
Birovga tuhmat qilgim kelmay indamay qo‘ya qoldim. Keyin bu gaplar unutilib ketdi. ...Yaqinda uyda ishlab o‘tirsam, Abdujabbor kelib qoldi. Kiyimlar bashang, do‘ppi boshga qiyshiq qo‘ndirilgan. Soqollar qirtishlangan...
— Qalay, akam, qog‘oz qoralab o‘tiribsizmi! — dedi shang‘illab. — Bizga xizmat-pizmat yo‘qmi bundoq.
100


Qiziq, uning shang‘illashi, chapanilarcha «akam» deb gapirishi ham o‘ziga yarashadi. Quchoqlashib ko‘rishdik.
— Ozgina olasizmi? — dedim kulib. — O‘shanda besh-o‘n kun sazangizni o‘ldirgan edim. Endi qarzimni uzay.
— Yo‘q. — Abdujabbor keskin bosh chayqadi. — O‘zim qarzimni uzgani keldim.
U shimining piston cho‘ntagini kavlab o‘n so‘mlik chiqardi-da, stolga qo‘ydi:
— Mana.
— Nima bu?
— Qarzim, — dedi u negadir qovog‘ini solib.
Hech nimaga tushunmadim.
—Mendan qarzingiz yo‘q.
— Sizdan emas, Poshsha oyimdan olganman.
Uning birdan o‘ziga yarashmagan ma’yus qiyofaga tushib qolishi g‘alati edi. Onamni eslab, o‘zim ham ma’yus tortib qoldim.
— Olgan bo‘lsangiz yaxshi, — dedim sekin. — Shuniyam o‘ylab o‘tiribsizmi?
— Yo‘q, — Abdujabbor yana keskin bosh chayqadi.— Men boshqacha olganman, — dedi negadir tajang bo‘lib.
— Nima gap o‘zi?
— Bir chekkadan gapirib beraymi? — Abdujabbor o‘zini ham, meni ham yomon ko‘rib ketayotganday yuzini burib to‘ng‘illadi. — Bundoq bo‘ldi. O‘sha, tom yopayotgan kunim uyga borsam, qo‘shninikida to‘y bo‘layotgan ekan. Olaveribmiz, olaveribmiz, xurmacha yorilib ketishiga sal qopti. Ertalab tursam boshim g‘um! Eshik qayoqda, deraza qayoqda, bilsam o‘lay. Buning ustiga xotin diydiyosini boshladi. Xotinlarni bilasiz-ku! — U tasdiqlatib olish uchun yuzimga qaradi. — Xotin zotiga «a» deganda «ma», deb pul obkeb bersang, latta-puttasini topib tursang, odamsan. Bo‘lmasa, o‘t anovi yoqqa, deydi, xumgazak! Birpas o‘tirsam, janjal chiqadigan. Choponni yelkaga tashlab chiqib ketaverdim. Padar qusur xumgazak cho‘ntakniyam qoqlab qo‘ygan ekan. Kelsam, siz yo‘qsiz. Poshsha oyimga hasratimni aytdim. «Shundoq, shundoq, mazam qochib turibdi, ozgina paxmel qilmasam bo‘lmaydi», desam, eshitishni xohlamaydilar. Avrashga tushdim. «Jon poshsha oyi, hozir ichmasam o‘lib qolaman, uvolimga qolasiz, besh so‘mgina bering», dedim. Ko‘nish qayoqda! Qaytaga urishib berdilar. «Senga o‘z qo‘lim bilan ichkilik oberib gunohga botishga tobim yo‘q, undan ko‘ra achchiqqina mastava qilib beraman», deydilar. O‘lay agar oyoqda zo‘rg‘a turibman. Boshimni changallab o‘tiraverdim. Menga qarab-qarab qo‘yadilar. Bilaman, rahmlari kelyapti, ammo bari bir, yumshamadilar. Oxiri bo‘lmadi. Tomga chiqib amallab ishga tushdimu bosh qiztaloq o‘zimnikimas. Bir mahal mastava pishdi, deb chaqirib qoldilar. Mastavani boshimga uramanmi! Ming kosa mastavadan ko‘ra yuz grammgina «oqbola»dan bo‘lsa-ku, olam guliston! Hadeb chaqiraverganlaridan keyin tushdim. Mundoq qarasam, narvonning tagida g‘ijimlangan besh so‘mlik yotibdi. Ko‘zimga olov bo‘lib ko‘rinib ketdi. Oldim-u qo‘l qiztaloq titraydi.
— Kimniki? — dedim baqirib.
Poshsha oyim ovqat suzish bilan bandlar. Yugurib oldilariga bordim.
— Kimniki? — dedim pulni ko‘rsatib.
Poshsha oyimning jahllari chiqib ketdi.
— Topib olganingdan keyin kimniki bo‘lardi, seniki-da. Nima qilasan baqirib, — deb urishib berdilar.
Abdujabbor jimib qoldi. U bir nuqtaga tikilib o‘tirar, ko‘zlarida odatdagidek shiddat emas, o‘ychanlik bor edi.
— Keyin yana bir marta mazam qochganda Poshsha oyim tag‘in besh so‘m «tushirib
101


qo‘ydilar», — dedi u sekin, — men topib oldim.
Oraga uzoq sukunat cho‘kdi. Abdujabbor bir nuqtaga tikilib o‘tirar, qovog‘i soliq edi.
— Mana o‘sha o‘n so‘m! — U pulni men tomonga surdi.
— Qo‘ying, — dedim sidqidildan. — Oyim sizdan rozi ketganlar.
— Olmasangiz otamning bolasimasman! — Abdujabbor shaxd bilan o‘rnidan turdi, ostonaga borganda to‘xtab qayrilib qaradi. — Anuv kuni Poshsha oyimni ziyorat qilgani boruvdim, — dedi ovozi xirillab.— Mozor darvozasidan qaytdim: ichgan edim. — U bir zum yerga qarab turdi-da, qo‘shib qo‘ydi: — Bugun payshanba, bormoqchiman. Uch kundan buyon og‘zimga olganim yo‘q.
U javobimni kutmay eshikni yopdi-yu, chiqib ketdi.
HAVAS
Har qanday dardning eng yaxshi davosi vaqt deydilar. Bilmadim, boshqalarda shunday bo‘lsa bordir. Menda... Ba’zan hammasini unutganday bo‘lamanu biron narsadan siqilsam, tag‘in qaytadan boshlanadi. Kechasi uyqum o‘chgancha qorong‘i shiftga tikilib yotaveraman, yotaveraman... Shunda qulog‘im ostida onamning ohista yupatishi eshitiladi. «Qo‘y bolam, o‘zingni siqma... Menga sening chivindek joning kerak. Sen uchun mening yuragim yonganida boshqalarni etagining bari ham kuymaydi, bolam. Hech bo‘lmasa meni kuydirmagin...»
Bir vaqtlar shunchaki gapdek ko‘ringan bu so‘zlar endi boshqacha, juda boshqacha jaranglaydi xayolimda...
Jahongir degan jurnalist do‘stim bor. Juda dilkash yigit. Faqat doim shoshib yuradi. Bugun Toshkentda, ertaga qarasangiz Samarqandda... Xotini o‘zining teskarisi: bo‘shashgangina juvon. «Jahon qani?» desangiz, «bilmadim, Tojikistonga komandirovkaga ketuvdilar shekilli, yanagi haftalarga kelib qolsalar kerak», deb qo‘ya qoladi. Yanagi hafta borsangiz, Jahongir Turkmanistonga ketgan bo‘ladi.
Qaysi kuni shu o‘rtog‘im kelib qoldi.
— Qani, otlan! — dedi odatdagidek shoshilib. — Jizzaxga ketdik.
Lanjlik qilib bahona izlay boshlagan edim, qo‘limdan ushlab uyiga sudradi. Darvoza oldida «Moskvich»i yaraqlab turibdi. Mashina yonida keksa onasi — Mehri xola... Uning nimasinidir o‘z onamga o‘xshataman. Ma’yus qiyofada boshini bir yonga tashlab turishimi, uzun, qora baxmal nimchasimi, qalin ro‘mol tagidan chiqib turgan oppoq sochlarimi...
Mehri xola o‘g‘lidan xursand. Ko‘ziga parda tushib ko‘rolmay qolganida Jahongir Muhammadjon do‘xtirga oborib operatsiya qildirdi. Mehri xola: «Jahonim tufayli dunyoga yangidan keldim», deb har gapida duo qiladi. Ko‘zi-ku, yaxshi ko‘radigan bo‘lgan. Lekin qulog‘i og‘ir. Qattiq gapirmasangiz eshitmaydi.
U meni ko‘rib quvondi. Peshonamdan o‘pib ko‘rishdi.
— Bu dalovsha yana otlanib qoldi, — dedi Jahongirga imo qilib. — O‘zi kecha keluvdi. Do‘stimning fe’lini bilganim uchun indamay qo‘ya qoldim. Jahongir kapot ostiga sho‘ng‘ib motorni tekshirish bilan ovora edi.
— Yo‘lda ehtiyot bo‘linglar! — Mehri xola xira ko‘zlarini javdiratib iltimos qildi.
— Xavotir olmang, — dedim uni yupatib.
— A?
Ovozimni balandlatib yana tasalli berdim:
— Xotirjam bo‘ling, indinga qaytib kelamiz.
Mehri xola bir zum boshini egib jim turdi-da, hamon motorni kavlashtirayotgan Jahongirning yoniga bordi.
102


— Jahon, — dedi sekingina, — tog‘dan ehtiyot bo‘lib o‘tgin.
Jahongir yelkasi osha onasiga qaradi:
— Jizzaxning yo‘lida tog‘ yo‘q.
— Tog‘ ko‘p bo‘lgani uchun aytyapman-da, — Mehri xola astoydil kuyinib tushuntira boshladi. — Mashinangni sekin haydagin. Shoshmagin, jon bolam.
— Tog‘ yo‘q desam, tog‘ ko‘p deysiz-a! — Jahongir burnini tortib qaddini rostladi. — Qo‘rqmang, oyi, tog‘ning yoniga bormaymiz, chetlab o‘tib ketamiz.
Mehri xola bir zum indamay turdi. O‘g‘lining javobidan bari bir qanoat qilmadi. Tag‘in mening oldimga keldi.
— O‘zingiz qarab boring, jon bolam, — dedi yolvorib. — Ayting, to‘xtab-to‘xtab, dam olib-dam olib yursin.
— Xo‘p, oyijon. O‘zim qarab turaman. Dam olib-dam olib boramiz.
Mehri xola yana bir zum qarab turdi-da, hovliga kirib ketdi. Biroq ko‘p o‘tmay po‘stakka o‘xshash bir narsani quchoqlab ko‘tarib chiqdi. Qarasam, kattakon po‘stin. Endi kapotni yopgan Jahongir nochor qiyofada aftini burishtirdi.
— Kun issiq-ku!
— Nima?
— Kun issiq-ku, nima qilaman buni?
— Yo‘lda sovuq qotib qolsang, kiyasan.
Do‘stimning nochor qiyofasida ham, Mehri xolaning po‘stin ko‘tarib turishidayam ham kulgili, ham qandaydir odamning dilini larzaga soladigan g‘alati ifoda bor edi.
— Menga bering, — dedim Mehri xolaning qo‘lidan po‘stinni olib. — Jahon kiymasa, o‘zim kiyaman.
— Bo‘pti, ketdik. Kech qolamiz! — Jahongir shaxd bilan mashinaga o‘tirdi.
— Shoshma! — Mehri xola xol-xol dog‘ bosgan qo‘lini siltab imo qildi. — Qani, omin! — dedi duoga qo‘l ochib. — Bolamni sizga, sizni Xudoga topshirdim. Oy borib, omon kelinglar. Safarlaring bexatar bo‘lsin, do‘stga zor, dushmanga xor qilmasin. Iloyo tuproq olsanglar oltin bo‘lsin. Iloyo...
Jahongir noiloj kaftini ochib turarkan, alamini boyadan beri mashina atrofida aylanishayotgan o‘g‘ilchasidan oldi:
— Nimaga bosh yalang chiqding? Sovuq-ku! Uyga kir, shpana! — Shunday dediyu betoqatlik bilan motorni yurgizdi. Mehri xola shosha-pisha fotiha tortdi. Do‘stim endi mashinani orqaga tislantirib o‘nglagan edi, onasining qo‘l siltab qichqirgani eshitildi.
— To‘xtasang-chi, hoy!
Jahongir noiloj yana to‘xtadi.
— Ha, yana nima, oyi? — dedi mashina eshigini qiya ochib.
Mehri xola harsillab yaqin keldi. Timirskilanib nimchasining yon cho‘ntagini kavlashtira boshladi.
— Nima qidiryapsiz? — Jahongir norozilik bilan qoshini chimirdi.
— Shoshma, bolam, — Mehri xola nihoyat cho‘ntagidan bir siqim paxta chiqardi. — Ma, — dedi qiya ochiq eshikdan uzatib, — qulog‘ingga tiqib ol. Bilasan-ku, sal shamol tegsa qulog‘ing og‘riydi.
— Obbo! — do‘stim paxtani olib bardachokka tashladi. — Xo‘p xayr, yaxshi o‘tiringlar.
— Yo‘q, hozir tiqib ol. Keyin esingdan chiqib ketadi.
— Uff! — Jahongir jinday paxtani naridan-beri dumaloqlab qulog‘iga tiqqan bo‘ldi. Motor gurilladi. Mashina shiddat bilan oldinga sapchidi. Bir zum jim ketdik. Do‘stim yo‘ldan ko‘z uzmay borarkan, xijolat chekkandek tushuntirdi: — Odam keksayganidan keyin yosh bolaga aylanib qolarkan-da...
Men indamadim. Nima dey? «Shu gaplarni nega xotining aytmadi, nega bolalaring
103


aytmadi-yu, onang aytyapti, nega bu yog‘ini o‘ylamaysan?» deymi? «Senga qanchalik havas qilayotganimni bilsang edi, nodon!» deymi?
Qiziq o‘sha kecha onam tushimga kirdi. Qo‘lida oppoq paxta ko‘tarib yurganmish...
KALTAKESAKNING DUMI
Shundoq darvoza oldida silliqlanib ketgan eski yog‘och skameyka bor. Har kuni ishdan qaytishda beixtiyor skameykaga qarayman. Bir vaqtlar darvoza oldi, mana shu xarrak doim gavjum bo‘lardi.
Ertalab tong otishi bilan onam darvozani lang ochib qo‘yadi: farishta kirarmish. Hali uyg‘onmasimdan gangur-gungur suhbat boshlanadi.
— Yaxshi o‘tiribsizmi, poshsha oyi?
— Shukur, aylanay. O‘g‘lingizdan xat bormi?
— Ikki haftadan buyon xat kelmayapti, ko‘nglim g‘ash.
— Unaqa bo‘lsa erta-indin o‘zi kirib keladi. Meni aytdi dersiz. Hozir armiyadan bolalar qaytadigan vaqt bo‘ldi.
Shanba-yakshanba kunlari endi ishlayman, deb o‘tirsam shovqin-suron ayniqsa avjiga chiqadi. Skameyka jonivor xuddi o‘chakishgandek deraza tagida... Mahallaning yarim bolasi simga tizilgan qaldirg‘ochdek xarrakka o‘tirib oladi. O‘rtada oyim.
— Poshsha buvi, konfet bering.
— Poshsha buvi, mengayam! Yo‘q, unaqasidanmas, zarligidan.
Shu payt, ko‘cha boshida qariligidan quloqlari osilib qolgan, echkidekkina ozg‘in eshak ko‘rinadi. Ixcham aravaning g‘ildiraklarini g‘iyqillatgancha sekin-sekin keladiyu xuddi stansiyasini bilib to‘xtagan poyezddek deraza ro‘parasida to‘xtaydi. Qishin-yozin oyog‘iga mahsi kiyib, telpagini bostirib yuradigan qop-qora chol «Bismillo», deb aravadan tushadi-da, ovozi boricha baqiradi:
— Kep qoling, shara-bara-a-a! — Mushtdekkina cholning shunchalik jarangdor ovozda qichqirishiga ba’zan hayron qolamiz.
— Kep qoling! Zar koptokka kep qoling!
Chol kaftini karnay qilib har baqirganida derazalar zirillab ketadi.
— Hushtakning bulbuli o‘zimizda! Saqich deganlar kelaversin!
U, shu hayqiriq orasida oyim bilan hol-ahvol so‘rashib qo‘yishniyam unutmaydi:
— Qalay, Poshsha opa, bardamgina o‘tiribsizmi?
— Shukr, — deydi oyim. — Kenjangiz qachon keladi?
Cholning kenja o‘g‘li aspiranturada o‘qiydi.
— Dilgirom keldi, yigirmanchida kelarkan. Chorshanba kuni Ko‘kterakka borib qo‘y opchiqdim,— deydi chol. — O‘g‘lim kelishi bilan oyog‘iga so‘yaman.— U yana kaftini karnay qilib qichqiradi.— E, shara-bara-a-a!
Derazalar tag‘in zirillab ketadi. Oyim bir ko‘cha qora-qura bolalarni ergashtirib hovliga kiradi. Hammayoqni qiy-chuv tutib ketadi.
— Aya! Shisha bering!
— Poshsha oyi, o‘n tiyin bering, hushtak olaman.
— Mengayam!
Shara-barachi chol kamida yarim soat savdo qiladi. Birovga saqich, birovga shaqildoq... Yana birovga rezinka bog‘langan uchidan tortib otilsa qo‘lga qaytib keladigan zar koptok... Qari eshak bo‘lsa turgan joyida quloqlarini osiltirib mudrab hordiq chiqarib oladi.
Chol ketishi bilan qiy-chuv bosiladi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, battar avjiga chiqadi.
— Nilu, o‘lgur, nima qilding? Ha, qiz bo‘lmay ajalni oldida ket! Shishani yog‘i bilan berib
104


yuboribsan-ku.
— Hoy, Alish! Nima hunar ko‘rsatding? Hushtak chalmay yergina yutgur, adangni arog‘ini to‘kib tashlab shishasini beribsan-ku. Hali qo‘limga tushgin, go‘shtingni bir burdadan qilmasam yurgan ekanman.
Bir to‘da bola o‘rtasida o‘tirgan oyim ohista yupatadi.
— Qo‘ying, kelinposhsha, qarg‘amang, bolalik — poshsholik-da, o‘rgilay. Adasi bir kun ichmasa ichmas...
Bahor paytlari, olcha gullaganda kechasiyam tinchlik yo‘q. Yarim kechagacha pichir- pichir, hingir-hingir... Oxiri bo‘lmadi. Bir kuni skameykani tag-tugi bilan arralab tashlamoqchi bo‘ldim. Dastarrani ko‘tarib chiqsam oyim odatdagidek bir to‘da bola orasida o‘tiribdi.
— Ha? — dedi qo‘limdagi arraga qarab.
— Bo‘ldi, — dedim to‘ng‘illab. — Odamga tinchlik ham kerak-da.
Qora-qura bolalar, sochi sichqonning dumidek dikkaytirib o‘rilgan qizaloqlar mengamas, onamga termilib qarashdi.
— Odam bor joyga odam keladi-da, o‘g‘lim, — dedi oyim sekin. — Norastalar suyunsa yomonmi...
Yakshanba kunlaridan birida darvoza oldi yana gavjum bo‘lib ketdi. Ammo bu safar bolalar emas, xotin-xalaj to‘plandi. Ayollarning hayajonlanib shovqin solishidan bildimki, Huri satang kelgan. Huri satang, yoshgina ko‘hlikkina juvon. Faqat og‘zidagi qator-qator tilla tishlari, bo‘ynidagi durlar, ayniqsa lo‘mbillatib katta-katta gapirishi uni yoshiga nisbatan ulug‘roq ko‘rsatadi. Bechoraning turmushi bo‘lmadi. Mahallada to‘y-hasham bo‘lsa, odamlarning hovlisiga sim tortib «tuyalampochka» qo‘yib beradigan yuvoshgina montyor yigitga tekkan edi. Besh oy deganda bir emas, ikkita popukdek qizaloq tug‘ib berdi. Mahalladagi og‘zi botir otinning aytishiga qaraganda «shaftolini danagi bilan yeb qo‘ygan» ekan. Montyor yuvosh bo‘lsayam, oriyatli yigit ekan— uy-joyini tashladi: ketdi. Ipdekkina bo‘lib yurgan Huri eridan chiqdi-yu, semirib ketdi. O‘zining aytishicha: «Mana, ersiz o‘lgani yo‘q, qaytaga brilliantga belanib yuribdi». Uning xo‘jalik sumkasini ko‘rishi bilan xotinlarning ko‘zi yonib ketadi. O‘ziyam sumkamas, xazina. Ichida billur vazadan tortib maxer koftagacha, poshnasi bir qarich platforma tuflidan tortib, nomozshom atlasgacha — hammasi topiladi.
Beixtiyor derazadan mo‘ralasam, «bozor» ayni avjiga chiqqan ekan. Huri satang semiz oyog‘ini skameykaga, shundoq oyimning biqiniga tiragancha ko‘zni qamashtiradigan atlasni ko‘rsatib turibdi. Atrofdagi ayollar havas bilan tikilib qarashyapti. Oyim Hurining oyog‘iga joy bo‘shatgani uchunmi, skameykaning bir uchiga ilinib o‘tiribdi.
— Bunaqasi endi chiqmay qo‘ygan. — Huri satang atlasni tizzasiga yozdi-da, kafti bilan siladi.
Ayollar havas bilan tomosha qilishar, ammo birontasi aqalli narxini so‘rashga jur’at qilolmas edi.
— O‘ladigan dunyoda yeb-ichib, kiyinib qoladi-da odam. — Huri satang do‘mboq kaftini siltadi. — Opchiqing, pochcham sandiqqa bosib qo‘ygan pullardan, Dilbar opa! Odam bo‘lib mundoq atlas obersin sizgayam!
Bir etak bolaga o‘ralashib qolgan Dilbar opa sekin ming‘illadi:
— Ha, nasib etsa, bir kun kiyarmiz.
— Hozir kiymasayiz, qachon kiyasiz! Ikki-uch yildan keyin chalpakka o‘rab tashlasa, it qaramaydigan bo‘p qolasiz. O‘zizziyam o‘ylang mundoq.
Dilbar opa yana bir nima deb ming‘illadi. Huri satang: «Xaridor yo‘qmi?» degandek xotinlarga bir-bir qarab chiqdi-da, atlasni sumkaga tiqdi. Keyin uzoq titkilab bir nimani qo‘liga olgan edi, ayollar xuddi o‘rtog‘ining yangi o‘yinchog‘ini tomosha qilgan bolalardek
105


baravariga uning kaftiga egilishdi: — Vuu-uy! Manovi zirakni!
— Tillami?
— Qancha turadi?
— Tilladan ham zo‘r! Platina deb qo‘yibdi buni! — Huri satang boshini mag‘rur ko‘tardi. — O‘n uchta.
Oyim ham xira tortgan ko‘zlarini uning kaftiga tikdi.
— Qani? O‘n uch so‘m bo‘lsa arzon ekan-ku!
Huri satang ovozini baralla qo‘yib kuldi. Uning kulishi g‘alati. Odatda odam kulganida ko‘zidan nur porlab ketadi. Biroq Huri satangning kulishi boshqacha. O‘zi emas, tomog‘i kuladi... «Ha... ha... ha...» deydi bo‘lib-bo‘lib. Faqat tilla tishlari yaltiraydi. Semiz, bo‘liq ko‘kraklari silkinib ketadi.
— Bir ming uch yuz so‘m, poshsha oyi! Ko‘zini ko‘rdiyizmi, brillant-ku.
U, «bo‘ldi, tomosha tamom», degandek brilliant zirakni ham yashirdi. Keyin tag‘in sumkasiga qo‘l suqdi. Bu safar allaqanday yaltiroq mato chiqdi. Oy-kuni yaqinlashib qolgan qo‘shni kelinchak Guli matoning bir chetini jur’atsizlik bilan ushlab ko‘rdi.
— Bemalol, — dedi Huri satang. — Bemalol, kelin poshsha, g‘ijim bo‘ladigan narsamas bu. «Mokriy trikotin» deb qo‘yibdi otini.
Oyim ham matoning bir chetidan tutib ko‘rdi.
— O‘zimizning misqoli dokaga o‘xsharkan, — dedi sekin.
— Voy-voy-voy! Dokayiz hammomda bo‘ladi! — Huri satang qoshini chimirdi. — «Mokriy trikotin», disam doka diydi.
— O‘zi qancha? — dedi Guli Huri satangning ko‘ziga termilib.
— E, ot minan tuya bo‘larmidi, opovsi! Bir joydagi odammiz. Yigirma so‘m-de! Puliyiz yonizda qoladi.
Guli tushunmadi.
— Metri yigirma so‘mmi?
— Metri nima qiladi? Men metrlab sotmiyman. Bir kiyimligi bir yuz yigirma so‘m, tushundizmi?
Guli sekingina qo‘lini tortib oldi. Uning eri shofyor. Bahorda allaqaysi sovxozga tut bargi olib ketayotganda avariya bo‘lib uch oy gipsda yotdi. Haliyam ishga chiqib ketgani yo‘q. — Menga to‘g‘ri kelmas ekan, — dedi Guli sekingina.
— Ha-ha-ha! — Huri satang og‘zidan olov purkab tomog‘i bilan kuldi. — Erta-indin qo‘chqordek o‘g‘il tug‘ib beradigan xotiniga bitta ko‘ylak oberolmiydigan er qanaqa o‘zi! Belida belbog‘i bormi?
Gulining dog‘ bosgan yuzi qizardi.
— Mayli, — dedi sekingina. — Qo‘ya qoling. — U «mokriy trikotin»ga judayam havasi kelayotgan bo‘lsa kerak, yana ushlab ko‘rdi.
— Etvotman-ku, puliyiz yonizda ketadi. Asl mol bu!— Huri satang oltin uzukli barmoqlari bilan matoni g‘ijimlab-g‘ijimlab qo‘yib yuborgan edi, yana tep-tekis bo‘lib qoldi. — Bola yasashni bilgan odam guldek xotinini yasatib qo‘yishniyam eplasin-de!
Boyadan beri indamay o‘tirgan oyim gapga aralashdi.
— Har kim o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi, bolam, — dedi sovuq ohangda. — Nima qilasiz bechorani uyaltirib.
— Voy-voy-voy! Manov odamni qarayla! — Huri satang birdan jiddiy tortdi. — Man osin deb etagiga osilvotmanmi?! Manam o‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Biramas, ikkita tirik yetimni boqib o‘tiribman.
— Nima qipti sizga? — dedi oyim qovog‘ini solib.— Binoyidek yuribsiz.
Guli, har qalay, shu matodan ko‘ylak kiyishni judayam xohlayotgani ko‘rinib turardi.
106


— Sakson so‘mga bo‘ladimi? — dedi sekin.
— Sakson so‘mga marojniy ob yeng. Marojniy osayiz, eriyiz bilan maza qilib yeysiz.
— Judayam unaqa noinsoflik qilmang. — Oyim yana gapga aralashdi. — Bir joydagi odamlarmiz, tobutkashmiz.
— O‘lsam, tobutim ko‘chada qolmas. Kim o‘ladi, kim qoladi, xudo biladi! — Huri satang matoni Gulining qo‘lidan yulqib oldi. — Avval buyog‘ini bir yoqlik qiling. Tug‘ib olguningizcha hali nima gapu nima so‘z.
Guli esankirab qoldi. Oyimning rangi o‘chdi.
— Nimaga unaqa deysiz? — dedi tahdid bilan. — Manga qarang, qo‘ying, ikkinchi mening eshigimga bunaqa narsalarni ko‘tarib kelmang. — U pashsha qo‘rigandek qo‘lini siltadi. — Boring! Bunaqa harom-harish narsalardan hazar qilaman.
— Ho, bo‘yiz yetmagandan keyin puf sassiq bo‘ldimi! — Huri satang sumkasini ko‘tarib shaxdam odimlar bilan jo‘nab ketdi. Zum o‘tmay xotinlar tarqalishdi. Oyim ham o‘rnidan turdi. Bir ozdan keyin xonasidan uning ovozi eshitila boshladi:
— Niyating o‘zingga yo‘ldosh bo‘lgur, diyonatsiz! O‘zi-ku, ikki yo‘lning o‘rtasida o‘tiribdi. Nima qilasan bechoraga bunaqa deb. — Oyimning qiziq odati bor. Jahli chiqsa, o‘zi bilan o‘zi gaplashadi. Hozir ham eshikdan sekin mo‘ralasam, deraza yorug‘ida tugma qadab o‘tirgancha o‘ziga gapiryapti:— Undan ko‘ra eson-omon qutulib olgin, degin, yoshsan, hali bundan yaxshilarini kiyasan, degin... Pul joningni olgur, ochofat, o‘lsang puldan kafan qilmaydi-ku, imonsiz!
Hammasini bilib tursam ham eshikni ochib, sekin so‘radim:
— Ha, oyi, kimni urishyapsiz?
U sekin burildi.
— E, — dedi qo‘l siltab. — Har xil odam bor ekan-da, bu dunyoda...
...O‘shandan keyin ham darvoza oldi odatdagidek gavjum bo‘laverdi. Bolalar chug‘urlashadi, «shara-bara» keladi, xotinlar to‘planadi, faqat Huri satang boshqa ko‘rinmadi. Biroq, ikki oycha o‘tgandan keyin qiziq voqea bo‘ldi. Ishdan kelib oyimning xonasiga kirsam, Huri satang o‘tiribdi. Ko‘ziga surma tortmagani uchunmi, yig‘lagani uchunmi, qizarib, xunuklashib ketibdi. Lo‘ppi yuzi yanayam shishib, barkashdek bo‘lib ketgan. Sinchiklab qarasam, brilliant taqinchoqlari ham, tilla uzuklariyam yo‘q. U meni ko‘r-di-yu, bir nimadan cho‘chigandek, shosha-pisha hovliga otildi.
— Nimaga kepti? — dedim ensam qotib.
Oyim surilib yonidan joy ko‘rsatdi. Tushundim, zarur gapi bor. Ikkilanibroq ko‘rpachaga o‘tirdim.
— Tinchlikmi?
Oyim darrov javob bermadi. Choynak ustidagi latta qalpoqchani olib choy quydi.
— Ochilip deganni taniysanmi? — dedi anchadan keyin.
— Nima edi? — dedim sergaklanib.
— Hurini gazetaga urib chiqmoqchi emish. Qo‘y, bolam, shuni yozmay qo‘ya qolsin.
— Tanimayman, — dedim yolg‘on gapirib.
— Sen uni tanimasang ham, u seni taniydi-ku, — dedi onam osoyishtalik bilan.
— Tanisa nima qipti! — dedim zarda bilan. — Bilasiz, men bunaqa ishlarga aralashmayman!
— Bilaman, bolam, bilaman. — Oyim o‘ylanib qoldi. Keyin yana o‘sha gapni qaytardi. — Qo‘y, shuni yozmay qo‘ya qolsin.
Endi rosmana jahlim chiqa boshladi.
— Qiziqsiz! — dedim g‘ashim kelib. — Qaysi kuni Hurini o‘zingiz haydab yuborgandingiz. Endi yonini olyapsiz. Kim o‘zi u! Bitta haromxo‘r chayqovchi-da.
Oyim yana o‘ylanib qoldi.
107


— To‘g‘ri, — dedi anchadan keyin. — Huri yomon, haromxo‘r. Lekin bu bechora kaltakesakning dumidek gap, bolam. Bunga oshiradiganlar boshqa. Kaltakesakning dumini uzganing bilan boshqasi o‘sib chiqaveradi... — U yana jimib qoldi. — Choyingni ich,— dedi yupatuvchi ohangda. — Bolasi bor-a, bir emas, ikkita norasidasi bor-a, o‘g‘lim.
Indamadim. To‘g‘risi, nima deyishni o‘zim ham bilmasdim. Bu — onamning oxirgi iltimosi ekanini o‘shanda bilmagan edim...
... Mana, hozir har kuni ishdan qaytishda darvoza oldidagi skameykaga qarayman. Skameyka bo‘m-bo‘sh. Na bolalar bor, na xotinlar... Hatto «shara-bara» ham ko‘chamizdan o‘tmaydigan bo‘lib qoldi.
ALLA
Qabriston g‘ishtin devor bilan o‘ralgan. Darvozaning narigi tomonida — go‘rkovning hujrasi. Berigi tomonida — tashqarida, uning hovlisi.
Darvozaga yaqin kelishim bilan ichkaridan — hujra tomondan tilovat sadosi eshitildi. Xuddi shu payt hovli tomondan alla ovozi yangrab ketdi:
Allayo, alla, jonim bolam-a, alla...
Kim bo‘ldi bu? Go‘rkovning kelinimi? Qizimi?.. U hamon sokin tovushda davom etardi:
Uxla, qo‘zim, allayo, shirin qizim, alla...
Ertalab yomg‘ir yoqqan edi. Darvozaning temir panjaralarida suv tomchilari yaltiraydi. Ko‘lmakda quyosh jilolanadi. Muzdek tutqichdan ushlagancha turib qoldim. Bir tomonda tilovat sadosi, bir tomonda alla... Ajab, ular bir-biriga xalaqit bermas, bir-birini rad etmas, ikkalasi qo‘shilib bahor nafasiga to‘lgan osmonda, qabriston yo‘lkasidagi kuchala chiqargan teraklar ustida parvoz qilar edi:
«Rabbano-o-o, rabbno-o-o...» «Allayo, alla»...
Bir xil bo‘lib ketdim. Panjarador darvozaga suyanib uzoq turib qoldim.
Onam beshigim ustida alla aytganini eslay olmayman. Esimni taniganimda beshikda yotmaydigan bo‘lgan edim. Biroq oyim ukamga alla aytganini eshitganman. Ko‘p eshitganman.
Qish kechalari sandalga suqilib tiqilishib yotardik. Uy nimqorong‘i. Piligi pastlatib qo‘yilgan chiroq xira nur sochadi. Shiftda lampa shisha uchidan chiqqan nur doirasi ko‘rinadi. Chiroq doim bir joyda turgani uchun shiftning o‘sha yeri sarg‘ayib qolgan. Hammayoq jimjit. Shu qadar jimki, dadamning hujrasidagi soatning chiqillayotgani ham eshitiladi. Tashqarida bo‘ron guvillaydi. Quruq qorning derazaga chirsillab urilishi eshitilib turadi. Ukamning beshigi g‘irchillaydi. Onam alla aytadi.
Alla, bolam uxlay qol-a, alla, Quchog‘imda orom ol, alla...
Yo‘q, bu qo‘shiq emas. Oyimning ovozida qandaydir boshqa narsa bor. Mungmi, iltijomi...
108


Tog‘lardagi shunqorim-ey, alla, Beshikdagi qo‘chqorim-ey, alla.
Ukam ovunib qoladi. Oyimning o‘zi ham beshikni quchoqlagancha mudrab ketadi. Bir mahal beshik ustidagi qo‘li shilq etib yoniga tushadi. Ukam uyg‘onadi, beshik yana g‘ijirlaydi. Oyim ham cho‘chib ko‘zini ochadi. Beshikni ohista tebratadi:
Yigitlarni sardori bo‘l, jonim-a, Yuragimni madori bo‘l, alla...
Yana jimlik cho‘kadi. Soat chiqillaydi, qor derazaga chirsillab uriladi. Sekin-sekin ko‘zim uyquga ketarkan, qulog‘im ostida yana o‘sha ma’yus sado eshitiladi.
Oq uy-ola bargaklarda jonim-a, Yonib turgan chirog‘imsan, alla...
Keyin... katta bo‘lganimda ham qayerda alla eshitsam, negadir yuragim shirin orziqish bilan talpinib ketar, nega bunaqa bo‘layotganini o‘zim bilmas edim. Bir yili uch-to‘rt qalamkashlar olis tog‘ qishlog‘iga bordik. Mashina yurmas edi. Ot minib o‘rganmaganim uchun charchab qoldim. Manzilga yetmasimizdan qorong‘i tushdi. Yaylovdagi qirg‘iz o‘tovida tunab qolishga to‘g‘ri keldi. Qimiz ichdik, suzma yedik. Keyin birimiz namatga, birimiz po‘stakka yonboshlagancha uxlab qolibmiz. Bir mahal sovuq qotib, uyg‘onib ketdim. Atrof jimjit. Faqat olisda it akillaydi. O‘tov keragisidan shom yegan oy mo‘ralaydi. Shu payt qo‘shni o‘tovda chaqaloq yig‘isi, ketidan ayol kishining alla aytayotgani eshitildi. Men uning so‘zlarini aniq bilmasam ham alla aytayotganini his qilib turardim. Negadir yuragim shirin orziqib ketdi. Ayolning ovozimi, alla ohangimi, xuddi onamga o‘xshab ketardi. Negadir shu ohang bilan qalbimga orom kirganday bo‘ldiyu o‘z- o‘zidan ko‘zlarim yumilib keta boshladi. Go‘yo qirg‘iz ayol bolasiga emas, menga alla aytayotganday... Yaqin orada bunaqa shirin uxlamagan edim.
Oradan uch-to‘rt yil o‘tgach, shunaqa holatni yana bir marta boshimdan kechirdim. Kislovodskka dam olishga borgan edik. To‘rtta o‘zbek yig‘ilsa osh qilish harakatiga tushib qoladi. Sanatoriy yaqinidagi xonadondan qozon topdik. Bu yerning aholisi yoz paytida uyiga dam oluvchilarni ijaraga qo‘yadi. Bu xonadonda ham sibirlik juvon ijara o‘tirarkan. Sap-sariq sochli, barvasta gavdali, yuzini sepkil bosgan juvon qishloq ayollariga xos soddadillik bilan bizga darhol elakishib ketdi. Kichkintoy o‘g‘ilchasini ko‘tarib goh sabzi artishadi, goh idishlarni yuvadi. O‘zbek palovining ta’rifini ko‘p eshitsa ham hech yemaganini dilkashlik bilan aytib kuladi.
Birgalashib osh yedik, ko‘k choy ichdik. Keyin sibirlik juvon kichkintoyini ko‘tarib uyga kirib ketdi. Oradan chorak soatcha o‘tgach, ichkaridan uning ovozi keldi:
Bayu ba-ayushki, bayu, bayu-bay...
Qiziq, yuragimda yana o‘sha shirin orziqish uyg‘ondi. Uning ovozi ham onamnikiga o‘xshab ketardi. Do‘stlarim gangur-gungur suhbatlashib o‘tirishibdi. Men bo‘lsam ichkaridan chiqayotgan alla sadosiga quloq solaman. «Ba-yu, bay...»
Bu qanday holat?! Bu qanday sehr? Nima o‘zi bu?
Ehtimol, dunyoning bu chetida turib bir odam o‘z seviklisiga aytgan dil rozini dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Ehtimol, dunyoning bu chetida turib bir odam aytgan qo‘shiqni dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Ehtimol, dunyoning bu chekkasida turib bir odam aytgan eng oqilona fikrni dunyoning
109


narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Biroq dunyoning bu chekkasida turib ona aytgan allaga dunyoning narigi chekkasidagi go‘dak bemalol orom oladi. Nega shunaqa? Nahotki, go‘dak tushungan narsaga biz tushunmasak? Ehtimol, buning boisi boshqa joydadir. Ehtimol, ona tushungan narsani bizlar tushunmasmiz. Balki shuning uchun ham ona — tabiatning eng buyuk ixtirosidir.
Bilmadim... Qabriston darvozasi oldida, bir tomonda tilovat, bir tomonda alla yangrayotgan darvoza oldida turib shularni o‘yladimu g‘alati bo‘lib ketdim.
OQ MARMAR, QORA MARMAR...
Bahor devorlarning oftobro‘ya etaklaridan boshlanmaydi. Bahor ariqlarning kungay sohillaridan boshlanmaydi. Bahor go‘ristondan boshlanadi. Ilk maysalar mungli do‘ppaygan qabrlar yonboshidan unib chiqadi. To‘ng‘ich chuchmomalar eng avval sukutga cho‘mgan qabriston ustida mayus qo‘ng‘irog‘ini chaladi. Bag‘ri qon qizg‘aldoqlar birinchi bo‘lib mana shu yerda ochiladi.
Kim bilsin, tabiatning marhumlar ruhiga yilda bir marta ko‘rsatadigan marhamati ehtimol shudir... Cho‘g‘dek lovullagan qizg‘aldoqlar, saf tortgan gulsafsarlar orasida marmar toshlar ko‘rinadi. Oq marmar, qora marmar, ko‘k marmar... «Onajon, sizni to abad unutmaymiz», «Onajon, qildingiz bizga jon fido, e voh, taqdir sizdan ayladi judo», «Onajon, xotirangiz qalbimizda mangu yashaydi...»
Oq marmar, qora marmar... Bu so‘zlarning har bitta harfiga qanchadan-qancha ko‘z yoshi tomganini bilaman. Ehtimol bular inson bolasining hayotda aytgan eng rost so‘zlaridir. Faqat... har gal ularni o‘qiganda bir narsani o‘ylayman: mana shu so‘zlarni yurak-yurakdan, iztirob bilan aytgan farzand onasi hayot ekanligida qanchalik ko‘nglini ololdi ekan? Xotiniga qimmatbaho po‘stin olib berayotganida, onasiga bir kiyimlik ko‘ylak qo‘shib olish yodidan chiqmadimikan? O‘z uyini chet el mebeli bilan to‘ldirib qo‘yganida onasiga aqalli bo‘yradekkina gilamcha sovg‘a qilishni unutmadimikan? Qizini tug‘ilgan kunida atlas ko‘ylak, o‘g‘lini velosiped bilan qutlaganida onasiga oddiy bir paypoq olib berishni esidan chiqarmadimikan?
Bilmadim... Faqat bir narsani aniq aytishim mumkin. Mabodo Tangri marhumlarga qayta jon ato qilsayu onalar tirilib qolsa, hayot paytida mehr berganmi, bermaganmi — baribir farzandlarini maqtab gapirgan bo‘lardi. Onalar hatto vafotidan keyin ham onaligicha qoladi.
...Bahor devorining oftobro‘ya etaklaridan boshlanmaydi. Bahor ariqlarning kungay sohillaridan boshlanmaydi. Bahor mana shu yerdan boshlanadi. Qabrlar ustida qo‘ng‘iroq chalgan chuchmomalar, lovillab yongan qizg‘aldoqlar onalarning farzandini yupatish uchun taqdim etgan chechaklari bo‘lsa ajab emas...
ILTIJO
Oyi, men keldim... Eshityapsizmi, oyi, men yana keldim...
Qarang, oyi tag‘in ko‘klam kirdi. Esingizdami, har yili bahor kirishi bilan sizni dalaga olib chiqardim. Siz charaqlagan oftobni, tiniq osmonni, ko‘m-ko‘k maysalarni ko‘rib quvonardingiz. Esingizdami, nevaralaringiz terib kelgan boychechaklarni ko‘zingizga surtib, «omonliq-somonliq» qilardingiz...
Bugun... o‘zingizning ustingizdan boychechak o‘sib chiqibdi... Yo‘q, yo‘q, oyijon... Yig‘layotganim yo‘q. Bilaman, men yig‘lasam, siz bezovta bo‘lasiz. Hozir... hozir o‘tib ketadi. Mana, bo‘ldi...
Ertalab-chi, oyi, yomg‘ir yog‘di. Qattiq yomg‘ir yog‘di. Siz bahor yomg‘irini yaxshi
110


ko‘rardingiz... Keyin oftob chiqib ketdi. Qarang, oftob charaqlab yotibdi... Esingizdami, siz menga oftob to‘g‘risida cho‘pchak aytib bergan edingiz. O‘sha oftob charaqlab yotibdi... Ko‘ryapsizmi...
Esingizdami, oyi, siz ukamga alla aytardingiz. Men allaning ohangiga mast bo‘lib uxlab qolardim. O‘sha beshikda men ham yotganman. Allangizdan men ham orom olganman. Nima qilay, oyi, men alla aytishni bilmayman. Qabringizni silab qo‘ysam orom olasizmi... Mana, oyijon, mana... Yo‘q, yo‘q, yig‘layotganim yo‘q. Hozir, hozir o‘tib ketadi. Esingizdami, oyi, siz bir marta, atigi bir marta, o‘shandayam hazillashib: «Meniyam kitob qilib yozsang-chi, o‘g‘lim», degandingiz. Men: «Sizning nimangizni kitob qilaman, oyi?» degan edim. Xafa bo‘lmang, men hazillashgan edim. Mana, o‘sha kitob. Yo‘q, uni men yozganim yo‘q. Uni siz yozgansiz. Men uni qog‘ozga tushirib, odamlarga tarqatdim, xolos. Men uni dunyodagi hamma onalar o‘qishini xohlayman. Bilaman, dunyodagi hamma onalar yaxshi. Shundoq bo‘lsayam, ularning hammasi Sizga o‘xshashini xohlayman...