PISTACHI
U guzardagi bozorchaning kiraverishida, tagiga pastak kursicha qo‘yib o‘tiradi. Oldida ikkita xalta. Bittasida pista, bittasida qurut. Qish paytlari yonboshida tagi mix bilan teshilgan paqirda cho‘g‘ ham bo‘ladi: qo‘lini isitish uchun. Uning moli xuddi magazindagi singari qat’iy narx bilan sotiladi. Chumchuqning tuxumidek qurutning ikkitasi o‘n tiyin, pistaning stakani yigirma tiyin. Stakan ham antiqa: bir kaft pista solishi bilan to‘lib chiqadi. Ertalablari uning kayfiyati yomon bo‘ladi. Kulrang ko‘zlari siyrak qoshi ostidan odamga o‘qrayib qaraydi. Qurut sanayotganda, stakanga pista solayotganda qo‘li titraydi. Bilganlar u bilan savdolashib o‘tirmaydi. Mabodo biron xaridor molining qimmatligini aytsa, baloga qoladi.
— Menga o‘rgatma, o‘v! — deydi ko‘zlari g‘azabdan yonib. Jahli chiqqanidan sariq mo‘ylovi uchib-uchib qo‘yadi. — Zakunni sendan yaxshi bilaman! Senga o‘xshaganlarni deb qon to‘kkanman! — U gapining isboti uchun tarashadek qotib qolgan, bukilmaydigan o‘ng oyog‘ining tovonini o‘tirgan joyida yerga urib-urib qo‘yadi. — Ko‘rdingmi?! Kechqurunga borib sal chiroyi ochiladi.
— Ja-a-areniy semichka! — deydi ovozini baralla qo‘yib. O‘tgan-ketganga iljayib qaraydi. Silliqroq juvonlar o‘tsa sariq mo‘ylovini burib boshini sarak-sarak qilib qo‘yadi. Yaqinroq kelgan kishi og‘zidan arzon vino hidi gupillayotganini sezadi...
Bu — Dalavoy. Bir vaqtlar dadam tomorqadagi daraxtni kesgani uchun qamatmoqchi bo‘lgan, keyin pora so‘ragan Dalavoyning o‘zi. Uni deyarli har kuni ko‘raman. Har ko‘rganda ko‘nglimda g‘alati xotiralar uyg‘onadi.
95


***
Dalavoy nalugchi bo‘lganidan keyin ayniqsa quturib ketdi. Yaqin atrofda «Dalavoy kelyapti», desa cho‘chimaydigan odam yo‘q edi. U gijinglagan qizil jiyron minib yurar, yaraqlab turgan etigi ham, galife shimi, «po‘rim» qilib qo‘yilgan sarg‘ish sochi ham o‘ziga xo‘p yarashgan edi. Yelkasidan oshirib tashlab olingan charm tasmali sumkasi, qo‘lidagi qamchisi kishida qandaydir qo‘rquvga o‘xshagan narsa uyg‘otardi. Odamlar uni ko‘rganda azbaroyi hurmat qilganidan emas, qo‘rqqanidan salom berardi.
Urush endi bitgan, hammaning ahvoli o‘ziga ma’lum... Dalavoy nalugchi soliqni o‘z vaqtida to‘lay olmagan odamlarning hovlisiga to‘ppa-to‘g‘ri otda kirib kelar, adi-badi aytishib vaqtini o‘tkazib o‘tirmas, namat bormi, samovar bormi, xullas, yaroqliroq biron buyumni baholab olib ketardi.
Odatdagi yoz oqshomlaridan biri edi. Oyim echkini sog‘ib bo‘lib, «nasibasini» emsin, deb uloqchalarni qo‘yib yubordi-da, oshxonaga kirib ketdi. Biri qora, biri oq ikki uloqcha onasining yeliniga yopishgancha oldingi oyoqlari bilan cho‘kkalab dumchalarini likillatib- likillatib emishar, echki uzun, oqish kipriklarini yarim yumib maza qilib kavshanar edi. Oyim oshxonada go‘ja pishirar, havoda tutun aralash piyozdog‘ hidi kezar, akam bilan men supada turib kim uzoqqa sakrash o‘ynayotgan edik.
Bir mahal ko‘cha tomondan tuyoq tovushi eshitildi. Darvoza sharaqlab ochildi-da, qizil jiyronning jilovidan tutgan Dalavoy nalugchi kirib keldi. Akam bir zum angrayib turdi, keyin ovozi boricha qichqirdi;
— Oyi!
Oshxonadan achishgan ko‘zini ishqalab oyim chiqdi. Dalavoyni ko‘rdiyu shoshib qoldi. — Voy, voy, aylanay, — dedi ovozi titrab. — Assalomu alaykum. Yaxshi o‘tiribsizlarmi, o‘rgilay? Kelinim eson-omonmilar?
Dalavoy indamay bosh irg‘ab qo‘ydi. Uning avzoyi buzuq edi. Kulrang ko‘zlari qisilib turar, qo‘lidagi ilondek qamchisini o‘ynatib-o‘ynatib qo‘yar edi.
— Voy esim qursin. — Oyim endi hushini to‘plagandek jilmaydi. — Nimaga qarab turibman? O‘tiring, o‘rgilay. Hali-zamon ovqatim pishib qoladi. Men hozir...
Oyim ko‘rpacha opchiqish uchun bo‘lsa kerak, uy tomonga yo‘nalgan edi, Dalavoy qat’iy bosh chayqadi:
— Yo‘q, mundoq keling.
Oyim taraddudlanib hovli o‘rtasida to‘xtab qoldi.
— Xo‘-o‘sh, — dedi Dalavoy ma’nodor qilib. — Bu, naluglar ko‘payib ketibdi-ku, bu yog‘iga nima qilamiz?
Oyim jilmayishga urindi:
— Bilmasam, opovsi. Uch kundan keyin adasi maosh oladilar.
— Unisi uch kun deydi, bunisi besh kun deydi! — Dalavoy jahl bilan sariq qoshini chimirdi. — Nima, mening jonim temirdanmi? Yuraveramanmi u eshikdan kirib, bu eshikdan chiqib!
Oyimning ko‘zlari tashvish bilan javdiradi:
— Nima qilaylik, opovsi, o‘tgan safar barkashni olib ketdingiz...
Oyimning gapi negadir Dalavoyni g‘azablantirib yubordi.
Kulrang ko‘zlari qisilib, allaqanday ko‘kish o‘t sachrab ketgandek bo‘ldi.
— Nima, barkashingizni uyimga oborib qo‘yibmanmi? — dedi ovozi jaranglab. — Zakun bor, bildingizmi?
Shu payt osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, allaqayoqdan gurji kuchugimiz paydo bo‘ldi. Xuddi hozir g‘ajib tashlaydigandek to‘ppa-to‘g‘ri otning oyog‘iga yopishib ovozi boricha akillay boshladi. Jiyron yer tepinib pishqirdi. Boshini shiddat bilan ko‘targan edi,
96


Dalavoyning jilov tutgan qo‘li siltanib qayrilib ketdi.
— Yo‘qol-e, padaringga la’nat! — u jahl bilan jilovni tortdi. Itga qamchi o‘qtaldi. Kuchuk angillab qochdi. Biroq nariroqqa borib battar vovillashga tushdi. — Yeching anovini! — Dalavoy dag‘dag‘a bilan oyimga buyurdi.
Oyim bir zum ko‘zlarini pirpiratib turdi-da, sekin, entikib so‘radi.
— Nimani, opovsi?
— Anovi govmish sigirni! — Dalavoy labining bir cheti bilan istehzoli kuldi. — Qo‘tir echkidan boshqa nimangiz bor o‘zi?
— Insof qiling, opovsi. O‘zi bolalarning og‘zini oqartirib turgan bisotimizda bor molimiz shu. Buniyam opketsangiz holimiz nima kechadi? Bir joylik odammiz-ku, o‘rgilay.
— Qanaqa g‘alcha odam bular o‘zi? — Jahli chiqqanidan Dalavoyning ingichka mo‘ylovi ucha boshladi. — Nima, sendaqalardan boshqa ishim yo‘qmi?! Davlat bor, zakun bor! Mana! — U qamchisini qo‘ltig‘iga qistirdi-da, yelkasidan oshirib taqib olgan charm sumkasini ochdi. — Mana, — dedi oyimning burniga allaqanday qog‘ozni tiqishtirib. — O‘ttiz kilo go‘sht, o‘n besh kilo yog‘, yuz litr sut... O‘qing, savod bormi o‘zi?
Oyim qog‘ozga emas, Dalavoyning ko‘ziga termildi:
— Qo‘tir echki qanaqa qilib yuz litr sut bersin, opovsi, — dedi sekin.
— Iya! — Dalavoyning kulrang ko‘zlari qisilib ket-di.— Hali davlatning zakuni bekor ekan-da! Tegishli joyda gaplashib qo‘ymaylik tag‘in.
Oyimning rangi quv o‘chib ketdi.
— Jon ukam, — dedi yalinib. — Iloyo martabangiz bundan ham ulug‘ bo‘lsin. Ko‘rib turibsiz-ku...
— E, nimani ko‘raman! Mana bu yerga hammasini yozib qo‘yibman-ku! Mana! Mana!
U qog‘ozni «mana» deb shahd bilan ko‘targan edi, jiyron hurkib ketdi. Qattiq pishqirdiyu suvlig‘ini shiqirlatgancha bir siltagan edi, jilov Dalavoyning qo‘lidan chiqib ketdi. Qo‘ltig‘iga qistirilgan qamchisi tuproqqa tushdi. Ot dumini gajak qilgancha darvoza tomon yo‘rtdi. Dalavoy jaholatda otning ketidan yugurdi. Bir sakrab jilovdan tutib oldi- da, sudragundek bo‘lib boyagi joyga olib keldi. Engashib yerdan qamchisini ol-di-yu, kuchi boricha jiyronning boshiga soldi. Ot jon achchig‘ida boshini silkitib oldingi oyoqlari bilan yer tepina boshladi. Ammo Dalavoyning baquvvat qo‘li jilovni burab olgan, har gal qamchi vizillaganida ot pishqirib suvlig‘idan ko‘pik sachratar, ko‘zlari olayib qulog‘ini ding qilgancha yer tepinar, biroq jilovini bo‘shatolmas edi.
Dahshatdan chinqirib yubordim. Akam hamon angrayib turardi. Oyim yugurib kelib Dalavoyning qamchisiga osildi:
— Urmang, jonivorda nima gunoh!
— E, nari turing! — Dalavoyning ko‘zlarida rosmana vahshiy o‘t yonar, o‘zining labi ham xuddi otiniki singari ko‘pirib ketgan edi. U a’zoyi badani titrab turgan otni jilovidan siltab tortgancha hovli burchagiga qarab yurdi. Bir qo‘lida jilov tutgan ko‘yi ikkinchi qo‘li bilan echkining arqonini qoziqdan yecha boshladi. Oyim chumchuqdek chirqillab, echkining arqoniga yopishdi.
— Bermayman! — dedi nafasi qaytib. — O‘ldirsang ham bermayman.
Dalavoy arqonni yechib torta boshladi. Boyadan beri yonimda indamay turgan akam supadan sakrab tushdi-da, chopib borib arqonga yopishdi. Dalavoy u yoqqa tortdi, oyim bilan akam bu yoqqa. Oyimning ro‘moli yechilib, yelkasiga tushdi. Sochlari yoyilib ketdi. Echki ham xuddi hammasini tushungandek to‘rtta oyog‘ini yerga tirab orqaga tisariladi. Endi ovozi o‘cha boshlagan kuchugimiz tag‘in «ishga kirishdi». Qandaydir ingichkalashib ketgan tovushda alam bilan akillagancha, koptokdek pildirab chir aylana boshladi. Faqat men dahshat ichida qotib turar, nima qilishimni bilmas edim. Dalavoy arqonni sal bo‘shatgan edi, bo‘yni cho‘zilib ketgan echki boshini silkitib, bo‘g‘ilib yo‘tala boshladi.
97


Ichkarida uxlab yotgan ukam shovqin-surondan uyg‘onib ketdi shekilli, ayvonga ishtonchan chiqib burni oqqancha yig‘lay boshladi. Oyim Dalavoyning arqonni bo‘shatganidan umidvor bo‘lib yana yalindi.
— Hech bo‘lmasa mana shu qora ko‘zlarni o‘ylang. Iloyo siz ham shunaqa qo‘sha-qo‘sha o‘g‘illar ko‘ring, ukam, — dedi harsillab.
Dalavoy arqonni qo‘yib yubormadi. Ijirg‘anib yuzini o‘girdi:
— E, shunaqa qing‘ir-qiyshiq bolalar ko‘radigan bo‘lsam, ko‘rmadim-e!
Oyim tarsaki yegandek birdan seskanib ketdi. Bir zum Dalavoyga tikilib turdiyu arqonni qo‘yib yubordi. Qalin lablari titray boshladi.
— Ol! — dedi ovozi qaltirab. O‘sha zahoti ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. — O‘zimni so‘ksang so‘k, bolalarimni nimaga haqorat qilasan, imonsiz! — Keyingi so‘zlar bo‘g‘zidan yig‘i aralash nido bo‘lib chiqdi. — Iloyo u dunyo bu dunyo tirnoqqa zor bo‘lgin, bildingmi! Iloyo xonadoning chaqaloq yig‘isiga zor bo‘lsin!
Dalavoy birpas bezrayib turdi-da, g‘udranib so‘kindi. Arqonni qo‘yib yuborib orqasiga burildi.
— Opket! — dedi oyim qat’iyat bilan. — Erkak bo‘lsang, so‘zingdan qaytma!
Dalavoy uch qadamcha yurgan joyida shartta burildi. Arqonni yulqib oldi-da, echkini eshik tomon sudrab ketdi. Echki hamon tixirlik qilib orqaga tisarilar edi. Boya onasini to‘yib emib olgan, endi hovlining allaqaysi burchagida yurgan uloqchalar dikonglab echkiga ergashdi. Akam jonholatda yugurib uloqchalardan birining orqa oyog‘idan ushlab qoldi. Uloqcha ayanchli ma’rab tipirchilar, akam qo‘yib yubormas edi. Dalavoy darvozaga yetganda ikkinchi uloqchani etigi bilan turtib ichkarida qoldirdida, bir qo‘lida ot jilovi, boshqa qo‘lida echki arqonini tutgancha eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi. Ro‘y bergan voqeaning butun dahshatini endi tushungandek bo‘ldim. Echkim bo‘lmasa, maydonchaga nima deb boraman? Vali bilan qanday o‘ynayman? Toy bilanchi?
Oyim bir zum hovli o‘rtasida sochlari parishon turib qoldi. Keyin hamon yig‘layotgan ukamning tepasiga keldi. Burnini etagiga artdi-da, ko‘tarib uyga opkirib ketdi.
Qosh qorayganda darvozadan yugurgudek bo‘lib dadam kirib keldi. Hamma gapni ko‘chadan eshitgan shekilli, to‘ppa-to‘g‘ri uyga kirdiyu qo‘shog‘iz miltig‘ini ko‘tarib chiqdi.
Oyim dod solib miltiqqa yopishdi.
— Qamab qo‘yadi! — dedi chirqillab. — Nima qilmoqchisiz, qamab qo‘yadi!
— Qoch! — Dadam g‘azabdan qaltirab, tirsagi bilan oyimni nari surdi. — Bir boshga bir o‘lim!
— Kerakmas, Xudo xayringizni bersin, kerakmas.
Oyimning nolasi ta’sir qildi chog‘i, dadam holdan toygandek supaning chekkasiga o‘tirib qoldi. Tizzasi ustiga miltiqni ko‘ndalang qo‘ygancha kaftlari bilan boshini changalladi...
— Davlatning odami bilan o‘ynashib bo‘ladimi, — dedi oyim murosaga chaqirgan ohangda.
— Davlat unaqa deganmas! — dadam jahl bilan tizzasiga mushtladi. — Davlat, birovning oxirgi molini shilib kelasan, deganmas. Bu gap o‘sha piyonistaning o‘zidan chiqqan.
— Qo‘lida qog‘ozi bor-ku, — dedi oyim yoshli ko‘zlarini mo‘ltiratib.
— Tag‘in gapiradi-ya! — Dadam hammasiga oyim aybdordek yana tizzasiga mushtladi. — Hech kim unga unaqa qilasan, deb o‘rgatgan emas! Bu ablahning o‘zi davlatni odamlarga yomon ko‘rsatib yuribdi. Shunga aqling yetadimi, yo‘qmi!
— Mayli. — Oyim yengining uchi bilan ko‘zini artdi. — Ungayam boqqan balo bordir... Mayli, — dedi xo‘rsinib. — Shukr, urush bitdi, bu kunlar ham o‘tib ketar. Hademay bolalar katta bo‘lib qoladi. — Dalavoyning boyagi gapi yana yuragini o‘rtab yubordi shekilli, oyimning ovozi titrab ketdi. — O‘zimni so‘ksa mayli edi, bolalarimni nimaga
98


gapiradi...
...Onam aytganidek, o‘sha kunlar unut bo‘ldi. Turmush iziga tushib ketdi. Kunlardan birida oppoqqina, do‘mboqqina notanish xotin bir narsadan qo‘rqqandek hurkib darvozadan kirib keldi. Oyim aylanib-o‘rgilib unga peshvoz chiqdi. Notanish xotin oyim bilan ko‘risha turib hiqillab yig‘lab yubordi.
— Kuyovingiz yana urdi, — dedi sekin. Uning chap yuzi momataloq bo‘lib ketganini endi ko‘rdim.
— Kunora uradi. «Qisir sigirsan», deydi. Bo‘yimda bo‘lmasa, nima qilay, opajon. «Seni ming taloq qo‘yib onasi o‘pmagan qizni olaman», deydi. — Notanish xotin ho‘ng-ho‘ng yig‘lar, o‘pkasini tutib ololmasdi.— «Seni deb odamlarga yomon ko‘rindim», deydi. Nimani qoyil qipti? Topganini ichadi. Kecha mast bo‘lib sizni gapirdi. «Shuyam qarg‘agan edi», deydi. Mahallaga qo‘shilolmasam, birovga hasrat qilolmasam. Burchak jinnisi bo‘lib o‘tiribman. Kimga dardimni aytsam kuladi. Ta’nadan boshim chiqmay qoldi, aylanay opajon.
Bu — Dalavoyning xotini ekanini endi tushundim. Hayron bo‘lib goh onamga, goh Dalavoyning xotiniga qarab turardim.
— Voy, gapingiz qurmasin! — oyim uning yelkasiga qoqdi. — Qo‘ying-e, nima, men payg‘ambar bo‘pmanmi? Jahl ustida aytgan bo‘lsam, ming marta qaytib oldim, o‘rgilay! — U choy quyib uzatdi. — Shuni o‘ylab yuribsizmi hali? Qo‘ying, o‘zingizni bosing. Meni aytdi dersiz, opovsi, ichingiz to‘la bola. Hali shunaqa qo‘sha-qo‘sha o‘g‘illar ko‘rasizki, og‘ziga kuchi yetmaganlar uyalib qoladi, aylanay!
Dalavoyning xotini oyimga termilib turarkan, yoshli ko‘zlari bilan jilmaydi:
— Aytganingiz kelsin, — dedi pichirlab.
Ammo Dalavoy aytganini qildi: xotinini qo‘yib yuborib, «onasi o‘pmagan» qizni oldi... Teshik munchoq yerda qolmaydi deganlari rost ekan. Dalavoyning avvalgi xotini Abdi degan aravakashga tegdi. Ora-chora bir bolasini ko‘tarib, birini yetaklab oyimning oldiga kelib qolar, ikkovlari uzoq-uzoq chaqchaqlashib o‘tirishar edi.
Dalavoyning ikkinchi xotini ham tug‘madi. Lekin bunisi «zakunni» bilish bobida o‘zidan qolishmas ekan. Dalavoy uni ham «qisir sigirsan», deb bir marta urgan ekan, «tegishli joy bilan gaplashib qo‘ydi» shekilli, nalugchilikdan bo‘shatishdi. Biroq, Dalavoy otdan tushsa ham egardan tushmasdi. Hamon jiyronini gijinglatib «po‘rim» kiyinib yurar, faqat endi yelkasiga osib yuradigan charm sumkasi yo‘q edi.
Falokat qosh bilan qovoqning o‘rtasida turadi degan gap bor. Dalavoy bir kuni mast bo‘lib kelayotganida ot hurkib sudrab ketibdi, degan gap tarqaldi. Beli bilan oyog‘i sinib kasalxonada yotdi. Uzoq yotdi...
...Hozir uni deyarli har kuni ko‘raman. Guzardagi bozorchada o‘tirib pista sotadi:
— Ja-a-reniy semichka!
Bilganlar u bilan savdolashib o‘tirmaydi. Bilmaganlar sal jig‘iga tegishsa, tayoqdek qotib qolgan o‘ng oyog‘ining tovonini yerga urib-urib qo‘yadi. G‘azabdan sariq mo‘ylovi uchib- uchib xirillaydi:
— Menga qara, o‘v! Zakunni sendan yaxshi bilaman. Senlarni deb qon to‘kkanman!
Har gal uni ko‘rganimda g‘alati tuyg‘ular qiynaydi. Bir jihatdan achinaman. Ehtimol, u o‘z vazifasini bajargandir. Ehtimol, o‘sha paytda shunday qilish kerak bo‘lgandir. Ammo insonning fe’li g‘alati. Yaxshi narsa esidan chiqsa-chiqadiki, yomonlikni unutishi qiyin. Ayniqsa, bu — bolalik xotirasi bo‘lsa... Uni har ko‘rganimda ko‘z o‘ngimda onamni haqorat qilgani xayolimga kelaveradi. Onamning jiqqa yosh to‘la ko‘zlari tasavvurimda jonlanadi.