Yana o‘sha sado keldi. Akamning allaqaysi kitobida olti qo‘lli odamning rasmini ko‘rgan edim. G‘ira-shirada jiydalar xuddi o‘shanaqa vahimali maxluqlardek qing‘ir-qiyshiq «qo‘llari»ni cho‘zib turishar, yugurgan sayin ustimga bostirib kelayotganga o‘xshar edi. Qo‘rqib ketganimdan tikanlarni bosgancha jonholatda yugurdim. Jiyda tikanlari yuz- ko‘zimni timdalar, oyog‘imga yantoqlar kirayotganini bilardi-m-u, ammo to‘xtay olmasdim.
Bir mahal ro‘paramda Xo‘ja paydo bo‘ldi.
— Qayoqda yuribsan? — dedim ovozim qaltirab.
Xo‘ja qo‘limdan mahkam ushlab oldi. U ham qo‘rqib ketgan bo‘lsa kerak, nuqul titrar edi. — Aytmaysan-a? — dedi sekin. — Hech kimga aytmaysan-a?
Shundagina nariroqda, jiydaning panasida turgan qora ko‘ylakli ayolni ko‘rdim.
— Oyi! — dedi Xo‘ja sekin, iltijoli ohangda.
Shunda hammasini tushundim. Xo‘janing oyisi hamon qimirlamay turar, xuddi sehrlanib qolganga o‘xshar edi. Xo‘ja ko‘zimga termilib, tag‘in yalindi:
— Aytmaysan-a?
Men indamadim. Ammo bu sirni hech kimga, hatto oyimga ham aytmasligimni bilib turardim. Shu ondayoq yana bir narsani angladim. Bu yerdan tezroq ketishim, xalaqit bermasligim kerak.
—Tezroq bo‘l! — dedimu Xo‘janing buzog‘i boylangan joyga yugurib ketdim...
***
Xo‘ja va’da qilgan tilla tish kuzda ham chiqmadi. Biroq endi buni o‘ylashga vaqt qolmagan, ikkalamiz uchun ham yangi hayot — maktab hayoti boshlangan edi. Bizning uyimiz maktab yo‘lida bo‘lgani uchun Xo‘ja har kuni ertalab chaqirib kelardi. Zog‘ora nonni echki sutiga bo‘ktirib yemabsiz, dunyoga kelmabsiz! Erta bilan oyim ikkalamizning oldimizga tovoqda sut bilan zog‘ora qo‘yar, Xo‘ja harchand tortinchoqlik qilmasin, yeb turib ketmaguncha hol-joniga qo‘ymasdi.
Bir kuni Xo‘ja kelmadi.
— Sen boraver, — dedi oyim. — Bugun Xo‘ja maktabga bormasa kerak.
Darsdan qaytdimu mehmonlar kelganini darrov bildim. Ayvon zinasida yangi amirkon tufli yaraqlab turar, ichkarida oyim allakim bilan chaqchaqlashib suhbatlashar edi. Uyga kirishim bilan eng avval Xo‘jaga ko‘zim tushdi. U uy to‘rida yong‘oq, mayizlar bilan bezatilgan xontaxta oldida o‘tirardi. Yonida esa onasi o‘tirar, oyimning gaplariga diqqat bilan quloq solgancha, yong‘oq pallasidan mag‘iz ajratib, nuqul Xo‘janing oldiga surib qo‘yardi. O‘shanda, qorong‘ida aniq ko‘rmagan bo‘lsam ham, bu xotin Xo‘janing oyisi ekanligini darrov bildim. Ostonada bir zum turib qoldim. Qachondir bu xotinni yomon ko‘rib qolganim uchunmi, uni xunuk, juda xunuk deb o‘ylardim. Yo‘q, judayam chiroyli ekan. Qarg‘ashoyi ko‘ylagi ham, qop-qora sochlari, yuzidagi xoli ham, Xo‘janikiga o‘xshagan ko‘zlari ham chiroyli edi.
U meni ko‘rdiyu katta odamni izzat qilgandek, dik etib o‘rnidan turdi. Oyimga o‘xshab, bag‘riga bosib ko‘rishdi. Peshonamdan o‘payotganida dimog‘imga atir hidi urildi. Oyim hech qachon atir sepmagani uchunmi, bu isdan boshim aylanib ketdi.
— Kel, jonim, — dedi yonidan joy ko‘rsatib. — Birpas oldimda o‘tir. — U yonboshda turgan sumkaning zanjirini g‘ijirlatib ochdi-da, sarg‘ish qog‘ozga o‘roqliq allanima uzatdi. — Ma, jonim!
Qog‘ozni ochishim bilan ko‘zim charaqlab ketdi. Bu — usti xuddi katak daftarga o‘xshash shokolad edi. Quvonch bilan Xo‘jaga qarab qo‘ydim. Uning ko‘zlarida shodlik uchqunlari porlab turar edi.
85


Shu payt hech kutilmagan voqea ro‘y berdi. Eshik sharaqlab ochildi. Xo‘janing oyisi yarq etib qaradiyu ilon chaqqandek sapchib o‘rnidan turib ketdi. Ostonada yaltiroq tugmali kitel kiygan Egamberdi aka turar, rangi quv o‘chib ketgan, nuqul titrar edi. Dahshatdan qotib qoldim. Hozir cho‘ntagidan to‘pponchasini oladiyu Xo‘janing oyisini otib tashlaydi. — Nega k-k-kelding?! — dedi u g‘azabdan tili tutilib. — Nima k-k-kerak senga?! — Endi uning butun vujudi, hatto boshi ham qaltirab ketdi. Har doim tayoqdek osilib yotadigan chap qo‘ligacha titrab ketgandek bo‘ldi. — Nima k-k-kerak, ayt! — dedi lablari pirpirab. Xo‘janing oyisi rangi o‘chgan, boshini quyi solganicha devorga suyanib turardi. Qo‘rquv aralash yana Egamberdi akaning o‘ng qo‘liga qaradim. Yo‘q, to‘pponchasi yo‘q ekan. U birdan oyimga yuzlandi.
— Uyalmaysizmi, opa! — dedi hamon lablari pirpirab. — Q-qo‘shmachilik q-q-qilgani uyalmaysizmi!
Boyadan beri indamay turgan oyim endi tilga kirdi:
— Bandasidan uyalmasangiz, Xudodan qo‘rqing, ukam, — dedi sekin. — Ona-bola diydor ko‘rishsa, qo‘shmachilik bo‘ladimi? — negadir uning ko‘zlarida yosh qalqidi. — Etni tirnoqdan ajratib bo‘larkanmi?
— M-men emas, m-mana bu ajratgan! — Egamberdi aka sog‘ qo‘lini bigiz qilib, Xo‘janing oyisini ko‘rsatdi. — M-mana shu ajratgan!
Xo‘ja goh dadasiga, goh oyisiga javdirab qarar, ammo indamas edi.
— Turmush o‘lsin, aylanay, — dedi oyim o‘pkasi to‘lib. — Kim shunaqa bo‘lsin, debdi. Urush bo‘lmaganda...
— Urush! — Egamberdi aka shunday hayqirdiki, uy ichi zirillab ketdi. — M-men q-qonga belanib yotganimda, bu q-q-qanjiq birovning q-qo‘ynida yotgan!
Shu gapdan keyin Xo‘janing oyisi sekin egilib, sumkasini oldi-da, eshikka yo‘naldi. Egamberdi aka xuddi xazar qilgandek nari surildi. Shunda boyadan beri indamay turgan Xo‘ja onasiga talpindi.
— Oyi-i-i! — dedi iltijo bilan.
Uning ovoz chiqarmasdan, yosh to‘kmasdan yig‘lab turganini his etdim. Yo‘q, uning ko‘zida yosh yo‘q edi. Faqat onasiga qarab javdirardi.
Onasi sekin yurib qaytib keldi. Ohista egilib, Xo‘janing ikki yuzidan o‘pdi.
— Dadangni xafa qilma, — dediyu tez-tez yurib chiqib ketdi.
— Oyi-i-i! — dedi Xo‘ja umidsiz, ojiz tovushda. Biroq orqasidan chopmadi. Uy o‘rtasida to‘xtab qoldi.
Egamberdi aka yana bir zum boshi titragancha qarab turdi-da, eshikni qarsillatib yopib, chiqib ketdi. Oyim lablarini tishlagancha hiqillab yig‘lab yubordi. Ildam kelib, Xo‘jani bag‘riga bosdi.
— Aynovni-ya! — dedi uning boshini silab. — Qo‘yaver, oying yana keladi.
Tomog‘imga bir narsa tiqilib qolgan, nafas olishga qiynalardim. Bir mahal qo‘limga nimadir yopishayotganini payqadim. Qarasam, shokolad erib ketibdi. Nima qilishimni bilmay, Xo‘jaga uzatdim.
— Ma, ishkalad yeysanmi?
Xo‘ja indamay turar, ko‘zlarida kattalarnikiga o‘xshash tushunib bo‘lmaydigan chuqur ma’no bor edi.
O‘sha voqeadan keyin bir oycha vaqt o‘tgach, Xo‘janing dadasi uylandi. Oyimning ta’biri bilan aytganda, sovugan oshdekkina to‘y bo‘ldi. Faqat Zebi xola dutor chertib, yo‘g‘on, shirali ovozda ashula aytganida to‘yxona jimib qoldi.
Shishani zargarga berdim to‘tiyo bo‘lgaymi deb,
Chin ko‘ngilni yorga berdim oshno bo‘lgaymi deb...
Hamma-hamma bilan, tavanxonada o‘tirgan oyim biz bilan. Nuqul Xo‘jani chaqiradi, goh
86


cho‘ntagiga qovurma chuchvara solib qo‘yadi, goh popukqand beradi.
To‘ydan keyin Xo‘ja avvalgidan ham ma’yus, indamas bo‘lib qoldi. Oyim mehribonchilik qilgan sayin o‘zini olib qochadi. O‘shanda bir narsani bilmagan ekanman, keyin tushundim. Odam o‘zining nochorligini qanchalik chuqur his qilsa, shuncha mag‘rur bo‘larkan.
Bir kuni ertalab, odatdagidek jildini osgancha, Xo‘ja eshikdan kirib keldi. Oyim unga ko‘zi tushishi bilan chumchuqdek chirqillab qoldi.
— Kim urdi seni?! Qaysi qo‘ling singur urdi?
Qarasam, Xo‘janing yuzi momataloq bo‘lib ko‘karib ketibdi.
— Nimaga uradi?! — dedi oyim ovozi qaltirab. — Shuncha ko‘rgiliging yetmaydimi o‘zi, Xudo urgurlar!
— Urgani yo‘q, — dedi Xo‘ja yerga qarab. — Narvondan yiqilib tushdim.
Maktabga ketayotganimizda sekin so‘radim.
— Dadang urdimi?
Xo‘ja bir zum javdirab qarab turdi-da, bosh irg‘adi.
— Opam kir yuvgan edi, — dedi shivirlab (u o‘gay onasini opa derdi), — yoyib qo‘ygan ko‘ylagini buzoq yamlabdi.
— Dadang yomon-a?
— Yo‘q, — Xo‘ja keskin bosh chayqadi. — Dadam opamni yomon ko‘radi. Shunga achchiq qilib urdi. — U hech kimga aytmasligi kerak bo‘lgan sirni ochayotgandek, atrofga javdirab qarab oldi-da, qo‘shib qo‘ydi.— Dadam oyimni yaxshi ko‘radi...
O‘sha bizning oxirgi suhbatimiz bo‘ldi. Xo‘ja negadir ikki dars o‘qib ketib qoldi. Darsdan qaytib kelsam, oyim yo‘q. Kechqurun allaqayoqdan horib-charchab qaytdi.
Ertasiga ertalab Xo‘jani kutib o‘tirgan edim, oyim negadir jerkib berdi.
— Xo‘ja bilan kindiging bittami! Boraver maktabingga.
Indamadim. O‘sha kuni Risolat opa ham Xo‘jani yo‘qlama qilmadi.
Qaytib kelsam, oyim haliyam jahlidan tushmabdi. Xo‘janing buzog‘ini hovlidagi bodomga arqonlab, hadeb kimnidir qarg‘ayapti.
— Uyiga oborib ber, manavi harom o‘lgurni! — dedi arqonning uchini uzatib.
Yomon bir narsani his qilib, bo‘shashib ketdim:
— O‘zi-chi? O‘zi qani?
— Xo‘ja ketdi, bildingmi! — Oyim yana jerkib berdi. — Oyisi bilan ketdi.
Talmovsirab qoldim. Xo‘janing buzog‘ini yetaklab borarkanman, uni judayam yaxshi ko‘rishimni ilk bor anglab yetdim. Ularning darvozasiga yaqin kelishim bilan yuragimni qo‘rquv bosdi. Darvoza oldida Egamberdi aka o‘tin yorar edi. O‘rik shoxini bir uchidan ushlab, to‘nka ustiga surib qo‘yadi-da, yerda yotgan boltani olib, cho‘nqaygancha zarb bilan uradi, shunda chap qo‘li tayoqdek osilib, yerga tegib ketadi. Keyin boltani yerga tashlab, sog‘ qo‘li bilan shoxni yana to‘nka ustiga suradiyu qaytadan boltani olib, tag‘in chopadi... Qo‘rqa-pisa to‘xtab qoldim.
U qaddini rostlagan edi, menga ko‘zi tushdi.
— N-nima gap? Xo‘ja q-qani? — dedi goh menga, goh buzoqqa qarab.
— Xo‘ja ketdi. — Qo‘rquvdanmi, alamdanmi, ovozim titrab chiqdi. — Chirchiqqa ketibdi. Uning qo‘lidan boltasi tushib ketdi. Bir zum lablari titrab, tikilib turdiyu ko‘zlariga yosh qalqib chiqdi.
— N-nega? N-nega ketadi? — dedi ingrab. Keyin kafti bilan yuzini to‘sgancha, to‘nka ustiga o‘tirib qoldi. Chap qo‘li hamon tayoqdek osilib turar, o‘ng yelkasi esa dir-dir titrar edi.
Katta odamning yig‘lashini birinchi ko‘rishim edi. Kecha Xo‘jani urganini eshitganimda qanchalik yomon ko‘rgan bo‘lsam, hozir unga shunchalik rahmim kelib ketdi. Buzoqning
87


arqonini qo‘yib yubordim-da, uyga yugurdim. Yugurib borarkanman, yig‘lardim, nimaga yig‘layotganimni o‘zim bilmasdim-u, hech o‘pkamni tutolmasdim.
Keyin Xo‘jani boshqa ko‘rmadim. U ora-chora tushimga kirib qolar, nuqul ko‘zlarini javdiratib turgan bo‘lardi. Bahor paytlari kunchiqar tomondagi tog‘lar yaraqlab ko‘rinar, ularni har ko‘rganda xayol surar edim. O‘sha tog‘lar orasida Chirchiq degan shahar bor. Shunaqa katta shaharki, Toshkent uning oldida hech gapmas. U yerda shunaqangi katta daryolar borki, ichida akulalar suzib yuradi. O‘sha shaharda Xo‘ja degan bola bor. Dunyoda undan yaxshi bola yo‘q. Xo‘ja o‘sha daryolarda bemalol suzadi. O‘sha tog‘lar ustiga chiqib, butun dunyoni tomosha qiladi. U meni ham ko‘rib turibdi. Faqat men uni ko‘rolmayapman...
Ancha yillardan keyin, o‘ninchi sinfni bitirayotganimda Xo‘janing daragini eshitdim. Kechki ovqatdan keyin dadam oyimga gapirib qoldi:
— Egamberdi bechora kuyib adoyi tamom bo‘pti. Chirchiqdan kelyapman, deydi. O‘g‘li cho‘ntak kesayotganda qo‘lga tushganmish.
Oyim: «A?» dediyu qo‘lidan piyola tushib ketdi.
Men karaxt bo‘lib qolgan edim. Yo‘q, ishonmayman. Yolg‘on, bu gap yolg‘on! Dunyoda Xo‘jadan yaxshi bola yo‘q. Xo‘ja yomon bo‘lishi mumkin emas... Tag‘in kim biladi deysiz, hayot qonunlari har doim ham bizning xohishimizga bo‘ysunavermaydi...
OY QUYOSHDAN NUR OLADI
Ataladan suyak chiqibdi, degandek, ayni saratonda shamollab yurganimni qarang. Dalaga chiqqandim, anhorda cho‘mildim. Qaytishda mashinaning to‘rttala oynasini tushirib qo‘yganim uchunmi, kechasi bilan isitmalab, hammayog‘im qaqshab chiqdi. Ertalab rayon poliklinikasiga bordim. Qarasam, odam tirband. Tor yo‘lakning ikki chetidagi qator kursilarda biri boshini changallagan, biri bo‘ynini o‘rab olgan bemorlar. Oradan turtinib o‘tib kerakli eshik yaqiniga borsam, odam ayniqsa tiqilinch. Boshim sirqillagancha devorga suyanib ancha turdim. Nihoyat, menga ham joy tegdi. Liqillab turgan kursining bir chekkasiga omonat o‘tirdim. Mendan oldingi o‘rindiqda quralay ko‘zlari katta-katta, qisqa kesilgan sochi tiniq yuziga xo‘p yarashgan ko‘hlik juvon o‘tirar, yonidagi ro‘mol o‘ragan o‘rta yashar xotin bilan gaplashardi. U boshini har chayqaganda sochlari chiroyli silkinib-silkinib ketardi. Tiqilishib o‘tirganim uchun beixtiyor ularning suhbatini eshitishga majbur bo‘ldim.
Ko‘hlik juvon barmog‘i bilan bo‘ynidagi nafis oltin zanjirni asabiy o‘ynar ekan, uf tortdi: — O‘lsin, kech qolib ketdim. Murodjon akam mashina yuboraman, deb edilar. Kutib qolgandir ...
— Murodjon... o‘rtog‘ingizmi? — dedi ro‘molli ayol inqillab.
— O‘rtog‘im? — Ko‘hlik juvon nordon narsa yeb qo‘ygandek burnini jiyirdi. Hatto oydek yuzi ham xunuklashib ketganday bo‘ldi. — Avval avtobusga osilib yurishni eplasin! Mashina yuborish yo‘l bo‘lsin unga!
Ro‘molli ayol bir zum hayron qarab turdi. Bari bir ayollarga xos qiziquvchanligi ustun keldi chog‘i, qayta so‘radi.
— Bo‘lmasa kim?
— Murodjon akammi? — Ko‘hlik juvon jilmaydi. Quralay ko‘zlari suzilib ketdi. Chehrasida: «Nahotki shundoq odamni tanimasangiz?» degan ifoda paydo bo‘ldi. — Boshlig‘imiz-da! — dedi ovozi tovlanib. — Shunaqa yaxshi odam, shunaqa yaxshi odam! Anovi ahmoq bo‘lsa Murodjon akamni ham yomon ko‘radi. O‘z ko‘ngillarida rashk qilar emishlar. Murodjon akamning slujebniy mashinasida dachalariga borganimni odamlar ko‘rganmish. Qo‘ling bilan ushladingmi, dedim! Avval o‘zingni epla, piyonista!
88


— Eringiz ichadimi? — ro‘molli ayol hamdardlik bilan bosh chayqadi. — Ichkilik o‘lsin! Boshida surishtirmagan ekansiz-da!
— Oldin unaqa emasdi, hozir itdek ichadi. Alamlaridan icharmishlar! — chiroyli juvon qo‘l siltadi. — Murodjon akamga aytuvdim, jahllari chiqdi. «Bolang ko‘paymasidan yig‘ishtir, razvodga beraver, o‘zim senga kooperativniy kvartira olib beraman», dedilar.
Ro‘molli ayol sergaklandi:
— Bolangiz bormi?
— Qizim bor...
— Bolangiz bo‘lsa, unaqa qilmang, singlim, — deya ro‘molli ayol nasihat qildi. — Har qalay, umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygansiz, bolani tirik yetim qilmang, opovsi aylansin.
— E! — Ko‘hlik juvon tilla zanjirini yana asabiy o‘ynay boshladi. — Murodjon akam... Bo‘lmadi. O‘z erini bemalol tuproqqa qorishtirib «Murodjon aka»sini og‘zidan bol tomib maqtayotgan ko‘hlik juvon ko‘zimga xunuk ko‘rinib ketdi. «Ehtimol, ering seni deb ichkilikka ruju qo‘ygandir, balki rostdan ham alamidan ichar!» Yana birpas o‘tirsam, shu gaplar og‘zimdan chiqib ketishini bilib, o‘rnimdan turdim. Avvalo, birovning gapiga aralashish odobsizlik. Qolaversa, o‘zgalarning shaxsiy hayoti bilan necha pullik ishim bor? Lo‘qillayotgan chakkamni barmog‘im bilan bosgancha nari ketdim. Chekkim keldi. Anchadan keyin qaytib kelsam, vrach eshigidan boyagi ko‘hlik juvon chiqib kelyapti. «Murodjon aka»sining mashinasi kutib qolganidan ozor chekkan bo‘lsa kerak, shosha- pisha yo‘lakka otildi. Tor xonaga kirsam, deraza oldidagi oppoq stol ro‘parasida yupqa gardishli ko‘zoynak taqqan, xalatining tugmalarini yechib qo‘ygan naynov vrach o‘tiribdi. — Yechining, — dedi u kattakon daftarga bir nimani yoza turib.
Xona o‘rtasida to‘xtab qoldim. O‘zi kalta yengli ko‘ylak kiygan bo‘lsam, tag‘in nimani yechaman?
— Yechining! — vrach asabiylashib boshini ko‘tardi. Ko‘zoynagini yiltiratib bir lahza tikildiyu o‘rnidan turib ketdi.
— Iye, domla, bormisiz! — dedi dilkashlik bilan. — Televizorda uncha-muncha ko‘rib turamizu o‘zingizni hech topolmaymiz. — U chayir, uzun barmoqlari bilan qo‘limni mahkam siqib ko‘rishdi. — Bir xil odamlarga hayron qolasan. Hozir bittasi kirib yarim soat boshimni qotirdi. Tayinli kasali yo‘g‘u byulleten berasan, deydi. U yog‘ini ishxonadagilari bilan o‘zi kelisharmish. — U jilmaygan edi, ko‘zoynak ortidagi mitti ko‘zlari yanayam kichrayib ketdi. — Tanimadingiz-a? Men — Orifman.
Hech baloni eslay olmasam ham, odob yuzasidan bosh silkidim:
— Ha, bo‘ldi-bo‘ldi... Qalay, yaxshi yuribsizmi?
— Yolg‘on gapirmang, tanimadingiz! — U samimiyat bilan yelkamga qoqdi. — Men Risolat opaning o‘g‘liman. O‘qituvchi opa bor edilar-ku!
Endi esladim! Axir, bu o‘zimizning Orif-ku! Risolat opaning o‘g‘li-ku! O‘shandayam ko‘zoynak taqardi. Jo‘raboshimiz unga «Shapko‘r» deb laqab qo‘ygan edi.
— Dunyo shunaqa ekan, — dedi u o‘yga tolib. — Bu yoqda poshsha xolamlarni ham berib qo‘yibsizlar, ma’rakada bormoqchi bo‘ldimu hovlinglarni topolmadim. Hammayoq o‘zgarib ketibdi.
— Shunaqa bo‘ldi, — dedim sekin. Risolat opam tuzukmilar, deb so‘ragim kelsa-da, qanday surishtirishni bilmasdim. Mabodo onasi vafot etgan bo‘lsa nima qilaman yarasini yangilab. U ko‘zimdagi savolni uqdi.
— Bizdayam shundoq bo‘lgan. Uch yil ilgari... — dedi bir nuqtaga tikilib. — Oyim: «Hech bo‘lmasa, bitta bolangni ko‘rsam, armonim yo‘q», derdilar. Bir emas, uchtasini opichlab katta qildilar... Keyin yana Toshkentga kelib qoldik. Qorasuvda turamiz.
Kasal bir yoqda qolib o‘zimizning suhbatimizga berilib ketdik. Asakaga ko‘chib
89


borishgani, onasi Orifning vrach bo‘lishini orzu qilgani, Orif Andijon medinstitutida o‘qigani...
Gapimiz cho‘zilib ketdi shekilli, hadeb yo‘talayotgan soqolli kishi eshikni ikki marta ochib ichkariga ma’noli mo‘raladi. Suhbatimiz chala qoldi. Orif yozib bergan dori qog‘ozlarni olib chiqib ketarkanman, bolalik xotiralari tag‘in yodimga tushdi.
...O‘sha yili qish qattiq keldi. Tuf desa, tupuk yaxlaydi. Dadam menga birinchi marta piyma olib berdi. Yaxmalak o‘ynashga yaramasa ham, yaxshi, issiqqina. Biroq qor shunchalik qalin yoqqanki, iz tushmagan joyda yursam, piymamning qo‘njidan bemalol kirib ketaveradi. Risolat opalarning hovlisi biznikidan narida bo‘lgani uchun deyarli har kuni darsdan o‘qituvchim bilan birga qaytamiz. U kalish-mahsi kiyib olgan. Yo‘l ochib ketaveradi. Men ketidan ergashaman.
Qahraton tonglardan biri edi. Tanchaga tiqilib yotibman. Akalarim o‘qishga ketgan. Men peshindan keyin boraman. Chopon kiygan dadam to‘rda sandalga tiqilib yarim mudrab o‘tiribdi. Bir tomonda boshiga qalin ro‘mol o‘ragan oyim. Uning yonida samovar. Sa- movarning qorniga g‘alati tasvirlar tushirilgan. Oyimning aytishiga qaraganda, bular eski zamonda chiqqan tangalar emish. Jo‘mrak ostiga qo‘yilgan tovoqqa samovar tumshug‘idan muttasil suv tomadi: chik-chak, chik-chak... Derazalarga «Qorbobo rasm chizib ketgan». Tashqari ko‘rinmaydi. Hatto eshikni ham qirov bosgan. Ammo-lekin tancha mazza. Odam bir yotgandan keyin turgisi kelmaydi. Sandal ustidagi eski dasturxonda uch-to‘rt bo‘lak qora non, jiyda, turshak...
Bir mahal tashqarida gurji kuchugimning akillagani eshitildi. Dadam bir ko‘zini ochib oyimga savol nazari bilan qaradi. Oyim endi o‘rnidan turayotgan edi, eshik shaxt bilan ochildi. Uyga avval ammam, ketidan sovuq g‘urillab kirdi. Ammamning qalin tivit ro‘moli, qora baxmal paltosi, hatto kipriklarigacha qirov qo‘ngan edi. Oyim ildam borib, uning qo‘lidagi katta tugunni oldi.
Dadam ham shoshib qoldi.
— Iye, iye! — dedi chehrasi yorishib. Ammo boshqa gapirolmadi. Og‘zida nosvoy bor edi. U shosha-pisha sandal ko‘rpasining bir chetini ko‘tardi-da, tanchaga tupurdi.
— Tuzukmisiz, opa? — dedi o‘rnidan turib.
Ammam muzdek lablari bilan peshonamdan o‘pdi-da, qo‘lini tanchaga tiqdi.
— Xah, o‘lsin-a! — dedi qaltirab. — Qo‘limga so‘zak kirib ketdi-ya.
Oyim choyni yangilash uchun darrov samovarni ko‘tarib chiqib ketdi. Dadam ammamning ko‘ziga tikilib qaradiyu xavotirlanib so‘radi:
— Tinchlikmi, opa, nima bo‘ldi?
— Dard bo‘ldi! Balo bo‘ldi! Sen bu yerda tanchaga ketingni tiqii-ib yotgin, xo‘pmi! Opamning ahvoli nima kechdi, demagin, xo‘pmi!
— Nima bo‘ldi o‘zi? — dedi dadam murosaga chaqirgan ohangda.
Ammam to‘satdan yig‘lab yubordi:
— Ne umidlar bilan kutuvdim bu bolani! Mana, urush bitdi, bolam eson-omon keldi, endi yaxshi to‘ylar qilaman, degan umidim bor edi.
Dadamning rangi o‘chdi:
— Afzalxonga bir nima bo‘ldimi?
Urushdan yaltiroq tugmali shinel kiyib kelgan, ammamning o‘ziga o‘xshash chiroyli Afzalxon akam ko‘z o‘ngimga keldi. Qaytib kirgan oyim ham dadamning xavotirli savolini eshitib uy o‘rtasida turib qoldi.
— Tinchlikmi?
— Bola emas, balo bo‘ldi bu! — Ammam ro‘molchasiga burnini qoqib piqilladi. — «Kelganingga ikki yil bo‘ldi, yoshing ham o‘ttizga qarab ketyapti, bilgan u deydi, bilmagan bu deydi», desam, pissayib yurganida gap bor ekan. Daraxtni bir tepsang,
90


yuzta qiz yog‘iladi-yu, bu yigit o‘lgur mana shu juvonni olaman deydi! Orqasida tayloqday bolasi bo‘lmasayam go‘rgaydi.
— Kimni? — dadam bilan oyim baravar so‘rashdi.
— Kimni bo‘lardi. Risol degani bor ekan-ku! «Erga tegmasidan oldin ham yaxshi ko‘rardim», deydi. «Bolasiga o‘zim otalik qilaman», deydi. Voy, birovning itvachchasiga otalik qilmay tusingni yel yesin! — Ammam jahl bilan dasturxonni mushtlagan edi, jiydalar sochilib ketdi. — Loy qozonga oltin tuvoq bo‘lmay bo‘yginang lahatda chirigur! Endi ko‘z o‘ngimga Risolat opa keldi. Axir maktabdagi eng chiroyli, eng shirinso‘z o‘qituvchi shu — o‘zimizning Risolat opamiz-ku!
— Ko‘zini suzib, qoshini qoqib jodu qilib olgan bolamni bu megajin! — ammam alam bilan yana yig‘lay boshladi. — Bo‘lmasa, Toshkentday shahri azimda qiz anqoning urug‘i bo‘ptimi! Hozir o‘n yetti yashar qizga er yo‘g‘u qilichday bolam shu juvon o‘lgurning tuzog‘iga ilinib o‘tiribdi.
— Yo‘g‘-e, — dedi oyim bo‘shashib. — Risolatxon unaqa juvon emas shekilli.
Ammam «sen jim tur» degan ma’noda onamga o‘qraydi.
— Afzalxon yoshlik qilmasin, — dedi dadam o‘ylanib. — Har qalay, umr savdosi-ya bu. — Ha, tiling bor ekan-ku! — Ammam hammasiga dadam aybdordek bobillab berdi. — Gapir! Tog‘a bo‘lib nasihat qil. Oyda-yilda bir borsang, dumingni tutqazmaysan. Hech bo‘lmasa, uyingga kelganda gapirsang, og‘zing bichilib qolmaydi-ku.
Afzalxon akam keyingi paytda biznikiga tez-tez keladigan bo‘lib qolgan. Hozir shu esimga tushdi.
— Mayli, — dedi dadam bosh silkib. — Bafurja gaplashamiz.
— Sening gapingga ko‘zi uchib turibdi! «Shunga uylanmasam, Toshkentni suvi menga harom, boshim oqqan tomonga ketaman», deydi. — Ammam jahl bilan oyimga burildi. — Nimaga mulla mingan eshakdek so‘ppayib turibsiz, kelinposhsha! Kiyinmaysizmi?
— Qayoqqa? — dedi oyim talmovsirab.
— Lahadga! — Ammam yana burnini qoqdi. — Sovchilikka bitta o‘zim bormayman-ku. Oyim garangsib sandalning bir chetiga cho‘kdi.
— Qandoq bo‘larkin? — dedi ikkilanib. —Xolposh xolaga nima deymiz? «Keliningizga sovchi bo‘lib keldik», deymizmi? Bechoraning o‘zi o‘g‘lidan ayrilib jigar-bag‘ri ezilib o‘tirgan bo‘lsa.
— Yo‘q desa go‘rga... Qo‘lidan kelsa kelinini tiyib olsin!
Ammamning hamma gapini tushunmasam ham, Risolat opani yomonlayotganini his etib turardim. Yo‘q, o‘qituvchim yomonmas. Maktabdagi eng yaxshi o‘qi-tuvchi — o‘zimizni opamiz. Hatto ikkinchi «B»dagilar ham bizga havas qilishadi. Ularning o‘qituvchisi yomon.
Ammam naridan-beri choy ichdi-yu, onamni otlantirdi.
— Sen ham yur! — dedi menga qarab.
Oyimning ko‘ziga yalinib qaradim.
— Bormayman, — dedim sekin. — Borgim kelmayapti.
— Bora qol, — dedi dadam. — Hali maktabingga vaqtli-ku.
O‘qituvchimnikiga borishga uyalar, ayniqsa, hozir sira borgim kelmasdi. Dadam ammamdan hayiqqani uchun menga buyurdi, men dadamdan qo‘rqqanim uchun noiloj kiyindim.
Xolposh xolaning bir ko‘zi ko‘r. Negadir aftiga qarashga qo‘rqaman. Ammo o‘zi juda yaxshi xotin. Nuqul «girgitton» deb gapiradi. Jo‘raboshimiz uni «Girgitton xola» deydi. Ularning uyi Toylarnikidan narida... Qor kechib ancha yurdik. Nihoyat, isiriq hidi anqigan pastakkina uyga avval oyim, ketidan tugun ko‘targan ammam, uning ketidan men kirib bordim. Xolposh xola sandal chetida xamir qorib o‘tirgan ekan. Mehmonlarni ko‘rib
91


quvonib ketdi.
— Voy girgittonlar, voy o‘zim girgittonlar! — degancha kalovlanib o‘rnidan turdi. Qo‘li xamir yuqi bo‘lgani uchun bilagi bilan yelka qoqib ko‘rishdi. Paytavani qalin o‘ragan ekanman, piymamni yechguncha qiynalib ketdim. Xolposh xola bir zumda dastur-xon yozdi. Xanik chetida cho‘nqayib o‘tirib yong‘oq chaqdi, tut mayiz, shinni qo‘ydi... Oyim qizarib-bo‘zarib, ammam esa chimirilib o‘tirardi. U tancha ichidan oyimning oyog‘iga o‘xshatibgina tepdi shekilli, onamning ixcham gavdasi silkinib ketdi.
— Ko‘p ovora bo‘lavermang, — dedi battar qizarib.— Biz bir yumush bilan keluvdik.
— Voy girgitton, ovorasi bor ekanmi? Eshonoyimning oyoqlariga qo‘y so‘ysak arziydi. Ammam: «Gapirasanmi-yo‘qmi?» deb qoshini qoqqan edi, oyim tutilib-tutilib gap boshladi:
— Biz... Haligi... Qulchilikka keluvdik, aylanay...
Xolposh xola bir zum dovdirab qoldi. Choy quyib uzatayotgan piyolasi havoda muallaq turib qolgandak edi. U yagona ko‘zi bilan oyimga hayron tikildi.
— Shundoq bo‘p qoldi, — dedi ammam jilmayishga urinib. Uning tabassumi yig‘idan battar ayanchli edi.— Shu, Afzalxon tushmagur Risolatxondan bo‘lagiga ko‘nmayapti... Bilmadim, mabodo taqdir qo‘shgan bo‘lsa...
Xolposh xola yagona ko‘zini ammamga qadab piyolani dasturxonga qo‘ydi.
— Albatta, sizga og‘ir, — dedi oyim ovozi titrab.— Xudo shohid, dilingizni og‘ritmoqchi emasmiz. Bilamiz, bu gapning mavridi emas, o‘zingizning og‘zingiz to‘la qon...
Xolposh xola boshini xam qilib o‘yga toldi.
— Risolatni kelinmas, qizim deganman, girgitton,— dedi anchadan keyin. — Nima qilay, urush judo qildi o‘g‘limdan. Bolamning o‘rniga bolam, deb etagidan tutgan edim. — Uning ovozi titray boshladi. — Mayli, ilojim qancha, meni deb yosh umrini o‘tkazsa, Xudo nima deydi.
Ammam boshqacha gap kutgan ekan shekilli, rangi o‘chdi.
— Men aytdim, — dedi ovozini balandlatib. — «Hoy, bola, yoshlik qilma, keyin shoxing sinib qoladi», deb necha marta aytdim.
— Albatta, teng tengi bilan degan gap bor. — Xolposh xola hamon boshini quyi solib o‘tirardi. — O‘g‘lingiz ko‘z ochmagan yigit bo‘lsa. Qizim... — U jimib qoldi. — Tag‘in o‘zlari bilishadi. Ikkovining ko‘nglida shu niyat bo‘lsa bizning qo‘limizdan nima kelardi. — U qandaydir ichki sezgi bilan sergaklandi.— Shoshmang, girgitton, bolam keldi. Orifim keldi.
Chindan ham eshik ochildi-da, eski paltosining ustidan yelkasiga jild osgan Orif paydo bo‘ldi. U telpagining quloqchinini tomog‘i ostidan o‘tkazib bog‘lab olgan, qoshiqdek yuzida ko‘zoynagi allaqanday kulgili yaltirab turardi.
— Keldingmi, bolam, — Xolposh xola darrov Orifning jildini oldi.
— Sovuq qotib ketibsan-ku, shakartoyim.
Orif uchinchida o‘qiydi. Ularning darsi tugagan bo‘lsa, demak, men ham tezroq maktabga jo‘nashim kerak.
— Oyi, ketaylik, — dedim tipirchilab.
— Hali vaqtli, biz uchta o‘qidik. — Orif yelkamga qo‘lini tashladi. — Yur, qubba o‘ynaymiz.
— Mayli, narigi uyga kira qolinglar, — dedi Xolposh xola darrov ko‘nib. — Kattalarning gapiga quloq solsa uyat bo‘ladi, girgittonlar.
Orif ikkalamiz qirov bosgan, derazasidan xira nur tushib turgan katalakdek uyga kirdik. Bu Risolat opaning xonasi bo‘lsa kerak, burchakda stol, suyanchig‘i baland stul bor edi. Stol ustida daftar-kitoblar taxlab qo‘yilgan. Kirpech osilgan devorda Risolat opaning chust do‘ppi kiygan kishi bilan tushgan surati. Risolat opa do‘ppili kishining yelkasiga
92


boshini xiyol egib jilmayib turibdi.
— Bu kim? — dedim suratdagi kishini ko‘rsatib.
— Dadam! — Orif tokchadagi tovoqdan bir hovuch yong‘oq oldi. — O‘ynaysanmi?
— Mening yong‘og‘im yo‘q-ku.
— Qarzga berib turaman. — U o‘nta yong‘oqni sanab ajratdi. — Men gan qo‘yaman, xo‘pmi?
— Bo‘pti.
Qubba o‘yini qiyin emas. To‘rtta yong‘oq qubba qilib qo‘yiladi. Uzoqdan poylab tekkizsangiz, gan sizniki. Tekkizolmasangiz, otgan yong‘og‘ingiz qulog‘ini ushlab ketdi deyavering.
Birpasda qarz olgan yong‘og‘imdan beshtasini yutqazib qo‘ydim. Yong‘oq namat ustida yaxshi dumalamaydi. Yo sakrab ketadi, yo to‘xtab qoladi. Buning ustiga uy nimqorong‘i. Rosa berilib o‘ynayotgan edik, narigi uydan Xolposh xolaning ovozi keldi.
— Sandiqning tagiga yong‘oq otmanglar, girgitton, sichqon ko‘payadi.
Ketma-ket ammamning zardaliroq gapirgani ham eshitildi:
— Mayli, endi bizlar turaylik.
...O‘sha kuni xotinlar tag‘in nimani gaplashganini bilmayman. Biroq ertasiga Risolat opa juda g‘alati, xomush bo‘lib qoldi. Tarasha bilan isitilgan temir pechka peshindan keyin ilimiliq bo‘lib qolar edi. Biz bolalar choponimizni yechmasdan o‘tiramiz. Hammadan yomoni siyoh muzlab qoladi. Siyohdonni pechka ustiga qo‘ysangiz sal eriydi-yu, yana muzlayveradi. Peroni botirsangiz qirs etadi, siyoh yuqmaydi. Har qanday sovuqda ham paltosini yechib, sochini silliq tarab, bosh yalang o‘tiradigan Risolat opa o‘sha kuni negadir paltosini ham, ro‘molini ham yechmadi. O‘qish darsi edi. Doskaga chiqdim.
— O‘qi, — dedi Risolat opa jurnalni ochib.
— «Quduq yoniga uch xotin keldi. Hammasi o‘z o‘g‘lini maqtay boshladi», — deb sharillatib o‘qib ketdim. Bittayam joyida tutilmadim. O‘qib bo‘ldimu Risolat opaning «O‘tir» deyishini kutib turaverdim. U bo‘lsa indamaydi. Og‘irligimni u oyog‘imdan bu oyog‘imga tashlab, hali turibman, hali turibman... Risolat opa derazaga tikilgancha o‘tiribdi. Shu o‘tirishda uxlab qolgandek edi. Oxiri bo‘lmadi. Avval sekinroq, keyin qattiqroq yo‘taldim.
— O‘qi, — dedi u hamon derazadan ko‘z uzmay.
— Bo‘ldim, — dedim sekin.
— A? — Risolat opa cho‘chib uyg‘ongandek boshini burdi.— Bo‘ldingmi? O‘tir, rahmat. Risolat opa ertasigayam, indinigayam shunday bo‘lib yurdi. Har kuni o‘qituvchim bilan birga ketishga o‘rganib qolgan ekanman. Maktabdan yolg‘iz qaytish alam qilar edi. Bultur Xo‘ja bilan qaytardik. Endi uyam yo‘q: Chirchiqda. Biyday keng, kimsasiz dala o‘rtasidagi ipdek ingichka yo‘ldan o‘tguncha zerikib ketaman. Yo‘ldagi izlar chuqur- chuqur botgan, ikki cheti belim baravar qor. Sal chetga chiqsam, piymam qorga to‘lib chiqadi. Risolat opam bilan yursam mazza, harna shamolni to‘sib ketadi.
Uchinchi kuni Risolat opam bilan ketdim. Faqat ikkalamiz emas: Afzalxon akam ham bor edi.
Oxirgi darsdan chiqib yuz qadamcha yurgan edim, qarasam, qordan shoxlari egilib ketgan tol tagida Afzalxon akam turibdi. Askarcha shinelini kiyib olgan, oyog‘idagi etik yaraqlatib moylangan. Faqat bosh yalang. Yaqin bordim.
— Quloqchiningni tushirib ol. — U telpagimning bog‘ichini yechib quloqchinni tomog‘im ostidan o‘tqazdi. — Qulog‘ing sovuq qotib qoladi. — Keyin shinelining cho‘ntagidan buklangan gazeta oldi. To‘rtburchak qilib yirtdi. Boshqa cho‘ntagidan xaltacha chiqardi. Xaltachadan tamaki chimdib oldi-da, uni sarg‘ayib ketgan barmoqlari bilan qog‘ozga sepib o‘ray boshladi.
93


— Menga qara! — dedi tamaki o‘ray turib. — O‘qituvchingni aytib chiq.
— E, uyalaman! — dedim rostini aytib.
— Xo‘p degin. — Afzalxon akamning barmoqlari titrab ketgandek bo‘ldi. — Bitta ukalik qilgin, jiyan. O‘zing katta yigitsan-ku, senga ordenimni beraman.
Afzalxon akamning kattakon, og‘ir Qizil Yulduzini o‘ynashni yaxshi ko‘rardim. U bo‘lsa, burovini bo‘shatib, yechib ko‘rishimga hech ruxsat bermasdi.
Ordendan ko‘ra uning yalinishi ta’sir qildi. Piymamdan sovuq o‘tib, oyog‘im muzlay boshlagan bo‘lsa ham orqaga qaytdim. O‘qituvchilar xonasining eshigini qo‘rqa-pisa ochdim. Bu yer ham sovuq, devorda xaritalar. Stol ustida jurnallar. Risolat opa sovib qolgan pechkaning tunuka dudburoniga kaftini bosib, qo‘lini isitayotgan ekan. Nariroqda sochlari oppoq matematika o‘qituvchisi o‘tiribdi.
Risolat opa meni ko‘rib negadir jilmaydi:
— Uyga ketmadingmi?
Indamay bosh chayqadim.
— Bo‘pti, ketdik. — U ro‘molini qaytadan o‘radi. Paltosining tugmalarini soldi-da, kelib qo‘limni tutdi.— Vuy, qo‘ling muzlab ketibdi-ku. Meni kutishing shartmidi?
Negadir o‘zimni juda yomon ko‘rib ketdim. Yerga qaragancha indamay ketaverdik. Oldinda o‘qituvchim, orqada men. U qo‘lini orqaga cho‘zgancha iliq kafti bilan qo‘limni ushlab olgan. Har qadam bosganida kalish-mahsisi g‘ijir-g‘ijir qiladi. Tovonidan quruq, muzdek qor sachraydi. Bir mahal u qo‘limni qo‘yib yubordi. Menga o‘girilib qaraganini, ko‘zimga tikilayotganini his qilib turardimu boshimni ko‘tarolmasdim. Afzal akam qorni g‘ijir-g‘ijir bosib yaqin keldi. Shundagina sekin boshimni ko‘tardim. Risolat opa hamon menga qarab turar, sovuq bo‘lsa ham kulcha yuzlari qizargan, yanayam chiroyli bo‘lib ketgan edi.
Afzalxon akam ikki qadam narida to‘xtadi.
— Kechirasiz, — dedi sekin. — Men iltimos qiluvdim. — U qorga botib Risolat opaga yo‘l bo‘shatdi. Oldinda Risolat opa, keyin Afzalxon akam, uning ketidan men — tizilishib yo‘lga tushdik. Anchagacha jim ketishdi. — O‘ylab ko‘rdingizmi? — dedi nihoyat Afzalxon akam.
Ularning gapini eshitish yaxshi emasligini his qilib turardim. To‘xtab qoldim. Ular ham o‘n qadamcha nari borib to‘xtashdi.
— Bitta o‘g‘lingizni o‘ylasangiz xavotir olmang,— dedi Afzalxon akam. Biroq Risolat opa bir nima deb imladi shekilli, Afzalxon akam ovozini pasaytirdi. Qo‘lini keskin-keskin siltagancha allanimani kuyib-pishib tushuntira boshladi. Ancha gaplashishdi. Oyog‘imdan muz o‘tib ketdi. Burnimni tortaverib charchadim. O‘tib ketay desam, bir yog‘i qorga botishdan, ikkinchi tomoni, ularga yaqin borishdan qo‘rqaman.
Afzalxon akam shinelining cho‘ntagidan yana qog‘oz, tamaki oldi. Tez-tez o‘ray boshladi. Ikkovlari tag‘in yurib ketishdi. Xayriyat!
Men ham ergashdim. O‘ttiz-qirq qadam yurib yaydoq dalaning qoq o‘rtasida yana to‘xtashdi. O‘n qadamcha berida men ham to‘xtadim. Endi oyog‘im akashak bo‘lib qolgan, piyma ichida nima bor — nima yo‘q, o‘zim ham bilmasdim.
Afzalxon aka tamaki tutab turgan qo‘lini silkitib yana allanimalarni gapira boshladi. Shundan keyin g‘alati bo‘ldi. Afzalxon akam birdan sirg‘anib ketgandek, cho‘kkalab qoldi. Avvaliga yiqilib tushdi deb o‘ylagan edim. Yo‘q, yiqilmagan ekan. U Risolat opamning oyog‘idan quchib hayqirib yubordi:
— Ayting, nima qilay! Bilaman, Yo‘ldoshni yaxshi ko‘rardingiz. Men ham yaxshi ko‘rardim. Do‘stim edi... Lekin endi u yo‘q-ku!
Risolat opa Afzalxon akamning qo‘ltig‘idan tutib turg‘izmoqchi bo‘lar, ammo kuchi yetmasdi. Beixtiyor uch-to‘rt qadam yaqin borib qoldim.
94


— Ikkalamiz bitta raschyotda edik! — dedi Afzalxon akam hamon o‘sha ohangda. — Pragada o‘z qo‘lim bilan yerga qo‘ydim. Men tirik qolganim uchun aybdor emasman-ku! Nima qilay endi, u yo‘q-ku!
Risolat opa yig‘lab yubordi. Afzalxon akamning sochini ikki qo‘li bilan hadeb silar ekan, iltijo qildi:
— Men-chi, men?
— Nima siz? Nima?! — dedi Afzalxon akam ham iltijo bilan.
— Men borman-ku! — Risolat opa yana Afzalxon akamning boshini siladi. — U o‘lgan bo‘lsa men tirikman-ku.
Shu alpozda Afzalxon akamning boshini silab, ko‘zlaridan shashqator yosh oqqancha ancha turdi. Keyin sekin burildiyu qorli so‘qmoqdan chayqalib-chayqalib yurib ketdi. Afzalxon akam anchagacha cho‘kkalab turdi-da, sekin qaddini rostladi. Men tomonga burildi. Shinelining tizzasi qorga belangan, ko‘zlarida yosh bor edi. U menga qaramadi. Bir hatlab chetga chiqdi-yu, qor kechib gandiraklab yurib ketdi. Hatto nariga borganda ham yo‘lkaga tushib olmadi. Biydak dalada yolg‘iz qoldim. Qora palto kiygan Risolat opa bir tomonga, kulrang shinel kiygan Afzalxon akam ikkinchi tomonga ketar edi. Oxiri ikkalasi ikkita qora nuqtaga aylanib oppoq qorliqqa singib ketdi. Nima uchundir sovuqni unutdim, uygayam borgim kelmas edi.
...Keyin Afzalxon akam biznikiga juda kam keladigan bo‘lib qoldi. Risolat opa sinfimizni yozgacha o‘qitdi-yu, g‘oyib bo‘ldi. Oyimning aytishiga qaraganda, Xolposh xolamning andijonlik singlisi bor ekan. Hammalari o‘sha yoqqa ko‘chib ketishibdi.
Afzalxon akam, ammam aytganidek, «Toshkentning suvi menga harom», deb bosh olib ketgani yo‘q. Biroq anchagacha uylanmay yurdi...
Bir necha yildan keyin yuqori sinfda o‘qiyotganimda astronomiya o‘qituvchimizdan bir haqiqatni bilib oldim: oyning o‘zi yog‘du sochmas ekan, quyoshdan nur olarkan. Bu dunyoda oftob borligi uchun ham oy yog‘du sochib turarkan.