MENING ACHA XOLAM
MENING ACHA XOLAM
Oyim odamsiz turolmasdi. Qo‘shni kelinchaklar, yetti mahalla narida turadigan kampirlar — hammasi yig‘ilishib gangir-gungir suhbatlashib o‘tirishardi. Shuncha gap qayoqdan topilishiga ba’zan hayron qolaman. Har kuni ertalab gazeta olib keladigan pochtachi— tatar xotin eshikdan qayta qolmaydi. Albatta oyimning oldiga kiradi.
— Isanmisiz? — deb so‘rashadi-yu, hasratini to‘kib soladi. — Kitti, svolish! Yana uynashig‘a kitti, parazit.
Oyim har galgidek uni yupatadi:
— Qo‘ying, jon bolam, sabr qiling. Eringiz yomon bolamas.
— Razvodg‘a biram! Alimentg‘a dabitsa itam!
— Unaqa demang, o‘rgilay, bolangizni tirik yetim qilmang.
— Ay, ni bo‘lsa bo‘lar! Sudg‘a biram.
Oyim ishonch bilan tushuntirdi:
— Mana, meni aytdi dersiz. Eringiz sizni jonidan yaxshi ko‘radi. Ko‘nglim sezib turibdi. Bugun-erta apoq-chapoq bo‘lib ketasizlar.
Pochtachi ketishi bilan oqsoqlanib qo‘shni kampir kirib keladi.
— Jigar-jigar, digar-digar ekan, o‘rgilay, — deydi yig‘lamsirab. — Rahmatullaga aytuvdim-a tog‘angning qizini ol, ot tepkisi otga o‘tmaydi deb. Yo‘q, quloq solmadi. O‘laman sattor, mana shu qirchang‘ini olaman, deb turib oldi. Mana, oxiri nima bo‘ldi... Kecha itni kunini boshimga soldi, aylanay! Xotin olgandan keyin ona kerak bo‘lmay qolarkan. Shuni oldi-yu o‘g‘lim ham aynidi-qoldi, qoqindiq.
— Unaqa demang, ovsinjon. — Oyim osoyishta ohangda yupatadi. — Keliningiz yomon bolamas, qaysi kuni ko‘chada ko‘rib qoldim. Og‘zidan bol tomib sizni maqtadi boyoqish. — Voy, tilyog‘lama bo‘lmay tillari kesilsin. Siz uning tilini bilmaysiz, o‘rgilay!
— Mana, meni aytdi dersiz, — oyim qandaydir ichki ishonch bilan tushuntiradi. — Keliningiz sizni o‘z onam deb etagingizdan tutgan. Ko‘nglim sezib turibdi...
Oyimning «sezgir ko‘ngli» qiziq. Hamisha yaxshilikni «karomat» qiladi.
Har gal shunaqa gaplarni eshitganimda bolaligimda ro‘y bergan voqeani eslayman.
37
Urush tugagan paytlar edi. O‘shanda go‘dak tasavvurimga sig‘magan narsani keyin tushunganman: urush bitib odamlarning yarasi yangilangan damlar ekan. Birovning eshigida surnay, birovnikida aza tovushi eshitilardi...
Bir kuni akam eshikdan baqirib kirdi.
— Oyi! Lo‘li kelyapti, lo‘li!
Turgan joyimda tirrakdek qotib qoldim. Lo‘lilar haqida shunaqa gaplar eshitgan edikki, nomi qulog‘imizga chalinishi bilan sichqonning ini ming tanga bo‘lib ketar edi. Lo‘li ko‘chada yurgan bolani qopiga solib ketarmish. Uyda kattalar bo‘lmasa, bolalarni bo‘g‘ib o‘ldirarmish-da, hamma narsani ship-shiydon qilib g‘oyib bo‘larmish.
Akam bilan ketma-ket xuddi quvlagandek, qop-qora lo‘li xotin kirib keldi. Uzun, isqirt ko‘ylagining ustidan nimcha kiygan, shokilasi osilib yotgan qo‘sh ko‘zli xurjunini yelkasidan oshirib tashlab olgan, sochlarining uchiga so‘lkavoy taqqan, oyog‘ida eski qizil etik... Dahshat ichida oyimning pinjiga tiqildim. Uyda dadam yo‘q-ku, endi nima qilamiz? Hovlining allaqaysi burchagida yotgan mushukdekkina gurji kuchugimiz g‘azab bilan akillagancha lo‘liga qarab yugurdi. Lo‘li xotin bir lahza to‘xtadi-yu, qiyshiq tayog‘ini itga o‘qtaldi. Sarosima ichida oyimga qaradim: tezroq haydab yuborsa-chi!
Oyim lo‘liga diqqat bilan qarab turdi-da, birdan yuzi yorishdi.
— Voy, Acha xola-ku! — dedi eski qadrdonini ko‘rgandek quvonib. — Keling, aylanay.
U lo‘li tomon yura boshlagan edi, qo‘lidan ushlab jonholatda orqaga tortdim.
— Bormang! — dedim yig‘lamsirab.
— Qo‘rqma, jinnivoy, Acha xolang-ku bu! — Oyim ayvondan ildam tushdi. Hovlining o‘rtasiga kelib qolgan lo‘li bilan aylanib-o‘rgilib ko‘rishdi.
Gurji kuchugimiz hamon to‘xtovsiz akillar, lo‘lining atrofida gir aylanar edi.
— Qani, kela qoling, — dedi oyim ayvon tomonga yurib.
— Yo‘q, mango shu yer yaxshi! — Lo‘li xurjunini yerga — bodom soyasiga tashladi-da, ustida o‘tirdi. Issiqlab ketganidan keng ko‘ylagining yoqasini g‘ijimlab yelpingan edi, bo‘ynidagi ikki shoda munchoq marjon ko‘rinib ketdi. Qulog‘idagi tilla oybaldog‘ini ko‘rdimu, negadir «o‘g‘irlab olgan» degan xayolga bordim. Tag‘in qo‘rqib ketdim. Hozir boshlaydi. Akalarim qulog‘imga quygandek, «poli keldi-poli keldi», deb fol ocha boshlaydi-da, avrab-avrab hammamizni o‘ldirib ketadi.
— Oyi-i-i! — dedim chinqirib.
Lo‘li menga qayrilib ham qaramadi. Qop-qora qo‘llarini keng yoydi.
— Ovmin! Qadam yettu balo yetmasun! Pirlar madadkor bo‘lsun. Dushmaning xoru zor bo‘lsun, bacham!
Oyim ham yerga cho‘kkalagancha unga qo‘shilib fotiha o‘qidi.
Akam xabar bergan bo‘lsa kerak, bir zumda hovliga Hoji buvi, uch hovli narida turadigan kelinchak Xayri opa kirib kelishdi.
— Uyingda amol bo-or! — dedi lo‘li cho‘zib. — G‘animing bo-or!
Vujudimni yana qo‘rquv bosdi. Ammo nima uchundir oyim xotirjam edi.
— Amal nima qiladi, xolajon, — dedi sekin. — Akamdan xavotirdaman. Ming yerimga pichoq ursa bir yerimdan qon chiqmaydi. Hamma qaytyapti, akam bechoradan darak yo‘q.
Oyim urushga ketgan tog‘amni ko‘p gapirardi. Dadamni kasalligi tufayli urushga olishmagan, ammo oyim har ikki gapning birida akasini eslab yig‘lardi. Hozir ham shuni gapirdi. Tushundim, fol ochirmoqchi.
— Bor, bolam, o‘ynab kel, — dedi oyim mening hamon qo‘rqib turganimni ko‘rib. Biroq men sehrlangandek o‘rnimdan jilolmay qoldim.
Lo‘li shoshilmasdan xurjuniga qo‘l suqdi. Kirligidan guli bilinmay ketgan tuguncha oldi. Hoji buvi bilan Xayri opa ham oyimning ikki tomoniga jimgina cho‘kkalashdi.
38
— Acha xolamning romi doim to‘g‘ri chiqadi, — dedi oyim qo‘shnilarga maqtanib. — Ko‘p sinaganman.
Acha xola parvo ham qilmadi. Qop-qora barmoqlari bilan tugunchasini yechgan edi, bir hovuch tosh chiqdi. Qo‘shni qizaloqlar sopalak o‘ynaydigan mayda toshlarning o‘zi. Faqat rangi har xil: oq, qora, ko‘kimtir... U toshlarni to‘da-to‘da qilib qo‘ydi-da, ko‘zlarini yumib allanimalarni pichirlay boshladi. Uning yumuq kipriklari pirpirab-pirpirab qo‘yar, shunda yuzidagi ko‘kimtir xoligacha qimirlab ketganga o‘xshar edi. Endi qo‘rquv o‘rnini allaqanday qiziqish egalladiyu angrayib qoldim. Hammamiz xuddi mo‘jiza kutgandek qotib qolgandik. Hozir allanima bo‘lishi, nimadir ro‘y berishi kerakdek edi.
— Akang tirek! — dedi lo‘li to‘satdan. Kaftining orqasi bilan bir turtgan edi, to‘dalanib turgan toshlar har yoqqa sochilib ketdi. Oppoq bir tosh dumalab oyimning oyog‘i oldiga keldi.
— Akang keladu! — dedi oyimning ko‘ziga tik qarab. — Yo‘lga chiqq-o-on!
— Og‘zingizdan aylanay, xolajon! — oyim dik etib o‘rnidan turdi-da, uyga yugurdi. Bisotimizda bitta yaltiroq qoshiq bor edi. Oyim uni kumush qoshiq, deb maqtardi. — Mana, oz bo‘lsa, ko‘p o‘rnida ko‘rasiz. Akam eson-omon kelsa bosh-oyoq kiyim qilib beraman.— U qoshiqni Acha xolaga uzatdi. Lo‘li qoshiqni shosha-pisha xurjuniga yashirishini kutib turardim. Ammo u shoshilmadi. Qoshiqni bir chekkaga qo‘yib, Hoji buviga yuzlandi.
— Bolaginamni ko‘rarmikinman? — dedi Hoji buvi ovozi titrab. — Yolg‘izginamni ko‘rib o‘lsam, armonim yo‘q edi.
Bu safar lo‘li nimchasining cho‘ntagini uzoq kavlashtirdi. Keyin yong‘oqdek keladigan olti qirrali tosh oldi.
— Muhra bilan ocharkanlar, — dedi oyim pichirlab.
Lo‘li hech nimani eshitmagandek, toshning u yog‘ini aylantirdi, bu yog‘ini aylantirdi. Uning qop-qora qo‘li bilinar-bilinmas titrar, allaqanday chiziqlar tortilgan toshga tikilib to‘xtovsiz pichirlar edi.
— Bachangni yo‘li to‘sulgon! — dedi u nihoyat.
Hoji buvining ko‘zlarida, hamisha ma’yus boquvchi ko‘zlarida cho‘g‘ yaraqlab ketgandek bo‘ldi.
— O‘zi tirikmi axir? — u ingragudek ohangda lo‘li tomon talpindi. — Uch yildan buyon na o‘ligini bilaman, na tirigini. Joni omonmi ishqilib?
— Amon! Bachang amon. Kutasan. Ancho kutasan.
Boyadan beri nafasini ichiga yutib o‘tirgan Xayri opa endi chidab turolmadi shekilli, hayqirib yubordi:
— Asqar akam-chi? Asqar akam qachon keladi? Jon xola, bir ko‘ring! Asqar akamga nima bo‘lgan? Gospitaldan bir xat keldi-yu, daraksiz ketdi. Jon xola, bir ko‘ring...
Lo‘li unga sinovchan qarab qo‘ydi-da, tag‘in shoshilmasdan hurjunini kavlashtirib, kaftdek ko‘zgu oldi.
— Ushla bune! — dedi oynani Xayri opaning qo‘liga tutqazib. — Qarab o‘ter!
Xayri opa oynaga tikilib cho‘kkalagancha qotib qoldi. Lo‘li boshqa bir oynacha oldi.
— Yoshini ayt! — dedi qat’iy ohangda.
— Asqar akammi? — Xayri opa to‘satdan uyg‘onib ketgandek cho‘chib lo‘liga qaradi. — Yigirma ikkida. Agar... agar... — U nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, tutilib qoldi. — Yigirma ikkida, — dedi shoshilib. — Hozir yigirma ikkiga kirgan. — U bir zum jimib qoldi-da, ohista qo‘shib qo‘ydi. — Chillamiz chiqmasidan ketgan.
Lo‘li o‘zining qo‘lidagi ko‘zguga tikilib pichirlagancha boshini bir maromda tebrata boshladi. Xayri opa ko‘zguga qarab qotib qolgan, go‘yo qimir etsa fojia ro‘y beradigandek edi. Nihoyat, Acha xola o‘zi tutib turgan ko‘zguni etagiga artib xurjuniga
39
tiqdi.
— Nima? — dedi Xayri opa pichirlab. — Nima? Asqar akam...
— Kuyoving amon... — Acha xola uning yuziga qaramasdan qo‘lidan ko‘zguni oldi. — Ko‘zimga ko‘rinde. Kuyoving kasal bo‘lgon.
— Qachon, qachon ko‘raman? — Xayri opa Acha xolaning qo‘liga yopishdi. — Ayting, nima ko‘rdingiz? Qachon ko‘raman?
Acha xola o‘ylanib qoldi:
— Yo‘l ko‘rdem, yo‘l! Kuyoving keladu. Oy to‘lganda, uxlamay osmonga qaro. Ko‘rason! — Nafasingizdan aylanay, xolajon! — dedi Xayri opa iltijo qilib. — Tilingizdan aylanay. Kuyovingiz kelsa, mana shu bilaguzugim sizniki. — U gapining rostligiga ishontirmoqchi bo‘lgandek tilla bilaguzugini qo‘lidan yechib ko‘rsatdi. — Asqar akam menga boshqasini olib beradilar.
O‘sha kuni uyimizda bayram bo‘ldi. To‘rt xotin o‘tirishib olma choy ichishdi. Oyim ertalab yopgan zog‘ora nonini, Xayri opa tolqonini, Hoji buvi bir hovuch tut mayizini o‘rtaga qo‘ydi.
O‘sha kuni yana bir sirni bilib oldim. Bir haftadan keyin oy to‘ladi. Uch qo‘shni oyga tikilib xolaning romini amalda sinab ko‘rishadi.
Kutilgan kechada Hoji buvi bilan Xayri opa biznikiga chiqishdi. Dadam ishda edi. Anchagacha u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirishdi. Keyin bolalarga supaga joy solib berishdi. Akalarim uxlab qolishdi. Men esa nima bo‘lishini kutib poylab yotar edim. Nihoyat, uch ayol bodom tagidan yaydoq joyga borib, tizilishib o‘tirishdi. Chigirtkalar chirillar, osoyishta osmonda to‘lin oy sutdek mayin, sutdek iliq nur sochar edi. Oyim, Hoji buvi, Xayri opa oyga tikilgancha qotib qolishgan, hech qaysisi churq etmas, chamasi har biri o‘zi izlagan odamni oydan topgisi kelar, oydan topishiga umid qilar, ishonar edi. Oradan ancha vaqt o‘tdi. Hamon chigirtkalar chirillar, allaqayerda kaltakesak chirqillab qolar, hovli burchagida ora-chora echki ma’rab qo‘yar, faqat oy, sehrli oy jimgina nur sochar, uch ayol esa unsiz qotib qolishgan, o‘zi ham, soyasi ham qilt etmas, uchovi ham shu o‘tirishda oyga tikilgancha haykalga aylanib qolgandek edi. Yotib-yotib zerikdim. Boshimni ko‘taray desam oyimdan qo‘rqaman. Endi ko‘zim ilinayotgan ekan hayajonli hayqiriqdan cho‘chib ketdim.
— Ana! Ana! Ko‘rdim!
Boshimni ko‘tardimu ikki qo‘lini oy tomonga cho‘zgancha iltijo qilayotgan Xayri opaga ko‘zim tushdi.
— Ana! Asqar akam! Asqar akam! — Xayri opa nafasi qaytgandek sapchib o‘rnidan turdi. — Ana qaranglar, boshini bog‘lab olibdi. Doka bilan boshini bog‘lab olibdi!
Boshini bog‘lab olgan Asqar akani ko‘rish umidida jonholatda oyga qaradim. Yo‘q, oymomo hamon muallaq qotib turar, nim-qora dog‘lardan boshqa narsa ko‘rinmas edi. — Voy, qani, qani? — oyim bilan Hoji buvi ham turib ketishdi. — Qani, biz ko‘rmayapmiz-ku?
— Voy, ana-ku! Kulib turibdilar. — Xayri opa holdan toygandek ko‘ksini changalladi. — Xudoga shukur, tirik ekansiz. — U birdan hiqillab yig‘lab yubordi. — Voy ko‘rdim-a, aniq- taniq ko‘rdim-a...
— Aytmadimmi? — dedi oyim quvonib. — Acha xolaning foli to‘g‘ri chiqadi demaganmidim. Nasib etsa, Asqarjon kelsa, shunaqa to‘ylar qilingki.
Xayri opaning o‘sma tortilgan qoshlari, rangsiz chehrasi chiroyli, juda chiroyli ekanini birinchi marta payqadim. U nuqul kular, yig‘lab turib kular, hadeb bir gapni qaytarar edi. — Voy ko‘rdim-a! Aniq-taniq ko‘rdim-a.
...Uch ayol yangitdan choy qo‘yishdi. Acha xolani maqtab-maqtab gangur-gungur suhbatlashishdi.
40
Chindan ham Acha xolaning foli to‘g‘ri chiqdi. Bittasi to‘g‘ri chiqdi. Qor tushgan kuni tog‘am keldi. Qo‘ltiqtayog‘ini do‘qillatib kirib keldi...
Hoji buvi Acha xola aytganidek o‘g‘lini kutdi. Yigirma yilcha kutdi. Ancha oydin kechalar o‘tdi. Keyin... uni mahalla ko‘mdi. Oydin kechada Xayri opa aniq-tiniq ko‘rgan Asqar aka ham kelmadi... Lekin nima uchundir Acha xolani hech kim ayblamadi. Tog‘am eson- omon kelganida oyim bosh-oyoq sarpo qilolmagani uchun Acha xola ham og‘rinmadi. U onda-sonda xurjunini ko‘tarib kelib qolar, oyim aylanib-o‘rgilib kutib olar edi. Negaki, oyimning o‘zi odamsiz turolmas, har doim xonasi gavjum bo‘lar edi. Eshikdan kim kirib kelmasin, uning ko‘ngli doim yaxshilikni sezib turgan bo‘lardi.
Bir galgisi ayniqsa oshib tushdi. O‘zim bilan bir sinfda o‘qigan bola prorab bo‘lib mahallaning boyvachchasiga aylandi-qoldi. Shayton yo‘ldan ozdirdimi, boshqami, ishqilib, bosar-tusarini bilolmay qoldi. Qo‘sha-qo‘sha imoratlar soldi. Oxiri lop etib qamalib ketdi. Bir kuni ishga ketayotsam, shu yigitning onasi oyimning oldida o‘tirib hasrat qilyapti.
— To‘xtavoyim tuhmatga uchradi, o‘rgilay. Bolaginamning xusumatga yo‘liqqaniga qandoq chidayman! O‘zimning qon bosimim bor. Erta-indin o‘lib ketsam, tepkilab ko‘madiganimdan ayrilib qoldim, aylanay.
— Voy unaqa demang, ovsinjon. — Oyim uni ohista yupatdi. — Yaxshi gapgayam, yomon gapgayam farishta omin deydi. Nasib etsa hali hech nima ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz. — U ovozini birdan pasaytirdi.— Ko‘nglim sezib turibdi. To‘xtavoy erta-indin kelib qoladi. To‘xtavoyingiz qandoq yaxshi bolaki! Mana, meni aytdi dersiz. Erta-indin eshikdan kirib keladi.
— Voy, og‘zingizdan o‘rgilay, ovsinjon! Koshkiy-di-ya! — To‘xtavoyning onasi yig‘lamsirab fotiha tortdi.— Iloyo aytganingiz kelsin!
Oyimning hamma «karomat»lariga chidasam ham, bunisiga chidolmadim. Kechqurun ishdan kelganimda shundan gap ochilgan edi, koyib berdim.
— Sizga ham Acha xoladan yuqqan shekilli, — dedim yarim hazil, yarim kinoya qilib. — Nima, fol ochyapsizmi? Ko‘pchilikning haqiga xiyonat qilgan qallobni maqtab o‘tiribsiz. Oyim ko‘zimga diqqat bilan tikilib qoldi.
— Qahring shunaqa qattiqmi? — dedi anchadan keyin.
— Qahrning nima daxli bor? — dedim qaysarlik bilan. — Qilg‘ilikni qilgandan keyin jazosini olsin-da. Qadamini o‘ylab bosadigan bo‘ladi.
— Albatta, senlar o‘qimishlisan, hamma narsani bilasan... — Oyim bir zum jimib qoldi- da, o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek sekin qo‘shib qo‘ydi. — Onasida nima gunoh? Qon bosimi bo‘lsa, ertaga puf etib dumalab ketsa, shunga suyunasanmi? Ona-ku bu... Shunaqa qahring qattiqmi?
Oraga noqulay sukunat cho‘kdi. Negadir Acha xolani, o‘sha oydin kechani, o‘sha olma choyni esladim...