SOVCHILAR
SOVCHILAR
Ishdan charchab qaytdim. Bilamanki, bunaqa paytda televizor ro‘parasiga o‘tirsangiz, tamom! Bahona o‘zidan o‘zi topilaveradi. Bosh qurg‘ur toliqqani, yangi film boshlangani...
Yaxshisi, kabinetga kirib ishlash kerak. Hech bo‘lmasa kitob o‘qish... Jurnalning yangi sonini varaqlab o‘tirsam, eshik taqillab, qassob qo‘shnimizning qizi — Guli kirib keldi. — Kel, Guli, — dedim jurnaldan bosh ko‘tarmay. — Yaxshimisan?
Guli eshik oldida turib qoldi.
— Ensiklopediya kerak edi, — dedi negadir qovog‘ini solib. — Ana, xohlagan tomingni olaver.
21
Shunday dedimu yana jurnalni o‘qishga tushdim.
Ko‘p o‘tmay Guli ishini bitirdi shekilli, eshik oldiga bordi. Ammo chiqib ketmadi.
— Menga qarang, — dedi eshik tutqichini ushlab. — Siz hayotiy problemalargayam aralashasizmi yo nuqul kitob yozaverasizmi?
Rostini aytsam, esankirab qoldim.
Bu qizning falsafa fakultetida o‘qiyotganini eshitgandim, mahalladagi eng «modniy» qizlardan ekanini, jinsi shim kiyib yurishini bilardimu kechagina ko‘chada cherta o‘ynab yurgan qizaloqdan bunchalik ilmoqli savol kutmagan edim. Beixtiyor jurnalni bir chekkaga surib qo‘yib unga tikilib qoldim. Avvalgidek sansirashni ham, sizlashni ham bilmasdim.
— Nima bo‘ldi? — dedim dovdirabroq.
Guli kresloga o‘tirarkan, qoshini chimirdi.
— Mana, sizlar eskilik sarqitini yo‘qotish kerak, u-bu deb yozasiz, to‘g‘rimi?
Indamay bosh silkidim.
— Unaqa bo‘lsa nimaga ko‘zingizning oldida bo‘p turgan sarqitga qarshi kurashmaysiz? Ko‘rdimki, ro‘paramda cherta o‘ynab yurgan qizaloq emas, jiddiy odam o‘tiribdi.
— Kechirasiz, — dedim sizsirab. — Nima bo‘ldi o‘zi?
— Sovchi degan gap qayoqdan chiqqan? — Guli jahl bilan qo‘l siltadi. — Hali unisi keladi qiyshayib, hali bunisi keladi, tugunini osiltirib!
«E, bo‘ldi, gap buyoqda ekan-da!»
Kulib yubormaslik uchun labimni tishlab, uni yupatgan bo‘ldim.
— Qizlik uy bozor! Keladi-da, xaridorlar! Yaxshi qiz ekansizki, sovchilar keladi.
— Nima, bozor bo‘lib men echkimanmi! — Jahli chiqqanidan Gulining yuzi qizarib, chiroyli kipriklari pirpirab ketdi.
— Hech kim sizni sotib yuborayotgani yo‘q-ku, — dedim kulib. — Shunaqa bo‘ladi-da taomili!
— Kitobda boshqa gaplarni yozasiz-ku! — Guli jahl bilan qo‘l siltadi. — Umrimda ko‘rmagan o‘g‘lini maqtaydi. O‘qituvchi deydi. Boshimga uramanmi!
— Balki, o‘g‘li rostdan ham yaxshi boladir...
— Mard bo‘lsa o‘zi gaplashsin! Onasini elchi qilishga balo bormi? Jinimdan yomon ko‘raman, shunaqa lattachaynar yigitlarni!
Bildimki, Gulining o‘z «yigiti» bor. Yana yupatdim.
— Sovchi degani keladi. So‘raydi, surishtiradi...
— So‘ramasayam hammasini biladi.
— O‘zingiz xohlagan yigitning onasiyam keladi-da, bir kun.
U «kelib-kelib senga maslahat solamanmi», degandek hafsalasi pir bo‘lib chiqib ketdi. Xona jimjit bo‘lib qoldi. Shunda g‘alati xayollarga bordim. Sovchi desa muncha hurkmasa bu qiz! Axir ota-onasi oyoq-qo‘lini bog‘lab birovga berib yuboradigan zamon emas-ku, hozir! Shuni o‘yladimu bir vaqtlar sovchilar bizning ham eshigimizning «turmugini buzgani» yodimga tushdi.
***
Erta bahor edi. Kunlar ilib qolgan, ammo yerdan hali qishning zahri ketmagan, unda- munda yovvoyi sarimsoqlar nish urgan, tol novdalari sarg‘ish rang olib, hushtak yasashga yaroqli bo‘lib qolgan... Opam ishda, akalarim maktabda. Bir o‘zim zerikkanimdan darvoza oldida cho‘zilib yotgan xariga minib olgancha, burnimni tortib- tortib akamning qalamtaroshida hushtak yasab o‘tirardim. Kuchugim oyog‘im ostida o‘zini oftobga toblab yotar, ora-chora itpashshalarni quvib, dumini tishlar, ammo
22
pashshalar tutqich bermay uchib ketar, zum o‘tmay, yana qo‘nib g‘ashiga tegardi.
Bir mahal kuchugim dik etib turdi-yu, akillagancha yugurgilab qoldi. Ellik qadamcha narida kelayotgan ikki xotinni ko‘rdim. Biri paranji yopinib olgan, past bo‘yli, qo‘lida hassa-tayoq, oqsoqlanib qadam tashlaydi. Yana biri yoshroq, boshiga g‘ijim ro‘mol o‘ragan, atlas ko‘ylagining ustidan baxmal nimcha kiygan. Har ikkalasining qo‘lida tugun borligini ko‘rdimu darvozadan baqirib kirdim.
— Oyi! Opamga sovchilar kelyapti!
Sovchi xotinlarni uzoqdanoq taniydigan bo‘lib qolganman. Albatta qo‘lida tuguni bo‘ladi. Keyingi paytda uyimizga bunaqa xotinlar serqatnov bo‘lib qolgan: kun ora har xili kelib ketadi.
Oyim ayvonda cho‘kkalab o‘tirgancha un elayotgan ekan.
— Voy o‘lay, — dedi-yu, ildam o‘rnidan turdi. Elakni supraga o‘rab, hujraga yugurdi. Zum o‘tmay qo‘lini yuvib chiqdi-da, mehmonlarni kutib olish uchun shoshildi. Oyimdan oldinroq men yetib bordim. Mehmonlar darvozaga yaqin kelib qolishgan, kuchugim ularning atrofida gir aylanib vovullar, goh unisiga, goh bunisiga «hujum» qilar edi. Ayollar itga qarab-qarab sekin yurib kelishardi. Kuchugimga pakana xotin xunukroq ko‘rindi shekilli, paranjisining etagiga yopishdi.
— Yot! — dedim o‘dag‘aylab.
Kuchuk bo‘lsa meni ko‘rib ruhlanib ketdi, pakana xotinga koptokdek otildi. Ammo xotin, pakana bo‘lsayam balo ekan! Hassasi bilan mo‘ljallab bir tushirgan edi, kuchuk oqsoqlangancha angillab qochib qoldi. Ancha nariga borib, orqa oyog‘ini yaladi.
— Voy o‘rgilaylar! — dedi onam eski qadrdonlarini ko‘rgandek, quvonib. — Xush kepsizlar!
U har ikkala ayol bilan quchoqlashib ko‘rishdi. G‘ijim ro‘molli ayol ko‘rishayotganda nima uchundir oyimning sochini hidlagandek bo‘ldi. Onam pakana xotinning paranjisini qo‘lga oldi. Aylanib-o‘rgilib, uyga boshladi. Atlas ko‘ylakligi esa negadir lip etib oshxonaga kirib ketdi. Zum o‘tmay chehrasi yorishib chiqib keldi.
Akamning qalamtaroshini joyiga qo‘yish bahonasida sekingina sirg‘alib uyga kirdim. Oyim yaqinda ko‘milgan tancha o‘rniga qo‘yilgan xontaxta atrofiga darrov ko‘rpacha yozdi. Tokchadan patnis oldi. Patnisda nimalar borligini aniq bilaman: turshak, chaqilgan yong‘oq, jiyda, oltita zog‘ora non, bitta likopchada maydalab qirqilgan kalla qand. Qand tanqis bo‘lsa ham, oyim bu — mehmonlarga atalgan deb ko‘p tayinlagani uchun biz — bolalar unga tegmasdik. Mehmonlar fotiha o‘qishdi. Oyim choy quyib uzatdi.
— Endi, o‘rgilay, — deb gap boshladi atlas ko‘ylakli xotin, uzoq hol-ahvol so‘rashganidan keyin,— agar taqdir qo‘shgan bo‘lsa qarindosh bo‘larmiz, degan umidda eshigingizni supurgani keldik.
Oyim indamadi.
— Olib o‘tiringlar, — dedi anchadan keyin dasturxonga imo qilib.
— Eshitdik, o‘zim o‘rgilay, — dedi pakana xotin,— tag-zotli odamlar ekansiz. Bolalar katta bo‘lgandan keyin ota-ona zimmasidagi qarzini uzgisi kelib qolarkan. Bizning o‘g‘limiz ham yaxshi, mo‘min-qobil yigit. Muallim...
U, «endi siz gapiring», degandek atlas ko‘ylakli ayolga sekin burilib qaragan edi, sochining uchiga taqilgan so‘lkavoylari jiringlab ketdi.
— Bizlar ham hurmat ko‘rgan odamlarmiz, — atlas ko‘ylakli xotin qalin bilaguzuk taqqan qo‘llari bilan o‘zi keltirgan tugunning bog‘ichini yecha boshladi.
— Ovora bo‘lmang, aylanay, — dedi oyim uning qo‘lidan ohista tutib. — Nasib etsa, hali ko‘p borish-kelish qilamiz.
Oyim hech qaysi sovchining dilini og‘ritmas, ammo sovchilar tugib kelgan nonni sindirishga yo‘l ham qo‘ymasdi. Hozir ham shunday qildi.
23
— Mayli, sizlar ham so‘rang, surishtiring, — dedi pakana xotin choy ho‘plab. — Qa’nida turamiz. Shundoq guzar oldidagi qo‘shqavat darvoza. Odilxo‘ja desangiz hamma biladi. Mahmud bukurning yonidagi hovli.
— Ovsinim kuyov bo‘lmishning onalari! — Atlas ko‘ylakli ayol jilmaydi. — Muborak chevar desangiz, hamma taniydi. «Zinger» mashinalari bor.
Meni Odilxo‘jayu Mahmud bukur ham, Muborak chevaru, «Zinger» mashinasi ham qiziqtirmas, ikki ko‘zim qandda edi. O‘zimning borligimni bildirib qo‘yish uchun qalamtaroshni qo‘limdan tushirib yubordim. Oyim yalt etib qaradi-yu, pastki labini tishlab, bilinar-bilinmas bosh chayqab qo‘ydi. Bu — «uyat bo‘ladi, chiqib ket», degani edi. Qanddan umidimni uzib chiqib ketishdan bo‘lak choram qolmadi. Yarim soatdan keyin sovchilar ketishdi. Kuchugimning alami ichida qolgan ekan shekilli, oyimning hay- haylashiga qaramay, sovchilarni ancha joygacha «kuzatib» keldi.
Uch kundan keyin sovchilar tag‘in kelishdi. Sochining uchiga so‘lkavoy taqqan paranjili xotin bilan yana o‘sha novcharog‘i. Bu safar novcha xotin qarg‘ashoyi ko‘ylak kiygan, bo‘yniga dur osib olgan edi. Oshxonada ovqat qilayotgan opam darvozadan kirib kelayotgan mehmonlarga ko‘zi tushishi bilan tomorqaga qochib ketdi. Bu safar sovchilar uzoqroq o‘tirishdi, oyim ularni moshxo‘rda bilan mehmon qildi. Kechki ovqatdan keyin opam idish-tovoqni yuvish uchun oshxonaga chiqib ketganida oyim dadamga qaysi kungi sovchilar tag‘in kelishganini aytdi.
— Yaxshi, tag-zoti ko‘rgan odamlarga o‘xshaydi. O‘g‘liyam muallim emish. Uningiz yo‘q, buningiz yo‘q deb o‘tirmaymiz, boriga baraka qilib to‘y qilaveramiz deyishyapti.
Dadam anchagacha indamadi.
— Surishtirib ko‘rish kerak, — dedi oxiri. — Bu— umr savdosi. — Keyin shisha nosqovog‘ini olib, nos otdi. — Qizingni ko‘ngliniyam bilish kerak.
Shu bilan gap boshqa yoqqa aylanib ketdi. Dadam eski paxtaligini kiyib, kechqurungi smenaga ishga jo‘nadi. Biz — aka-ukalarga jon kirdi. «Qushim boshi» o‘ynadik, o‘rta barmoqni topish o‘ynadik. Oxiri o‘yindan o‘q chiqdi. «Oshxo‘rakam kaptar» o‘ynayotganimizda akamning boshi ukamning boshiga qattiqroq urilib ketdi shekilli, ukam arillab yig‘lay boshladi. Oyim bilan opam koyib-koyib, joy solib berishdi. Hamma uxlab qoldi. Men bo‘lsam anchagacha uxlolmay yotdim. Bir mahal tashqarida chaqmoq chaqdi. Ketidan momaqaldiroq gulduradi. Sharillab jala quyib yubordi.
— O‘lsin, — dedi oyim o‘rnidan turib. — Chakka o‘tyapti.
Opam ikkovlari tokchadan tovoqlarni olib chakka o‘tadigan joyga qo‘yishdi. Ko‘zimni yumib yotsam ham qayerdan o‘tishini bilaman. Burchakda, sandiqning oldidan, keyin kavshandoz yaqinidan o‘tadi.
Opam bilan onam yana joylariga kelib yotishdi. Opam deraza tagiga, oyim — ukamning yoniga. Men bo‘lsam chakkaga quloq solib yotibman. «Chak-tik-puk», «Chak-tik-puk...» Chakillayveradi, chakillayveradi, xuddi soatga o‘xshaydi. Faqat ohangi har xil: «chak-tik- puk...»
Endi ko‘zim ilingan ekan, opamning xo‘rsinganini eshitib yana uyg‘onib ketdim.
— Nimaga kelishaveradi, oyi!
— Sovchimi? — dedi oyim. — Keladi-da, qizim. Qizlik uy — bozor. Shoh ham keladi, gado ham. Birovning eshigiga umid bilan kelgan odamni xafa qilish gunoh.
Oyimning uyqusi o‘chib ketdi shekilli, ovozini ancha balandlatib gapira boshladi.
— Qadim zamonda bir saxoba o‘tgan ekan. Oy desa oyday, kun desa kunday, yakkayu yagona qizi bor ekan. Bir kuni uch joydan uch sovchi kepti. Saxoba sovchilarning dili og‘rimasin, deb uchalasigayam rozilik berib yuboribdi. Keyin nima qilishni bilmay, Xudoga nola qipti. O‘zi bittayu bitta qizim bo‘lsa, uch joyga so‘z berib qo‘ygan bo‘lsam, endi nima qilaman, deb yig‘labdi. Shunda Xudoning rahmi kelib bir kechada saxobaning
24
sigiri bilan echkisiniyam qiz qilib qo‘yibdi. Uchala qiz bir xil emish. Uch sovchi uch qizini to‘y-tomoshalar bilan olib ketibdi. Shunda saxoba Xudoga yana nola qipti. Qaysi biri o‘zimning qizim ekanini endi qayoqdan bilaman, debdi. Xudodan nido kepti: eshikdan kirib borganingda salom berib kutib oladigan, erini, qaynota-qaynonasini, qayn- bo‘yinlarini hurmat qiladigan qiz— o‘zingning qizing. Hech kimni hurmat qilmaydigan, shaltoq qiz sigiring. Hech kimni hurmat qilmaydigan og‘zi shaloq qiz — echking bo‘ladi debdi. Har xil xotinlar o‘shandan tarqalgan emish. Biri esli-hushli, chaqqon, biri — shaltoq, biri adabsiz...
— Kennoyiga o‘xshaganmi? — deb yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Bu shunday kutilmaganda bo‘ldiki, oyimning cho‘pchagi shartta kesilib qoldi. Keyin opam ikkovlari sharaqlab kulib yuborishdi.
— Voy shayton, uxlamaganmiding?! — dedi opam qaddini rostlab. O‘rnidan turdi-da, piligi pasaytirilgan lampali tokcha oldidan o‘tib kelib, meni quchoqladi. U yuzimdan, bu yuzimdan o‘pdi. Opam urishib beradi, deb qo‘rqib turgandim. O‘pgani uchun judayam yaxshi ko‘rib ketdim...
Ertasiga choydan keyin oyimning mahsi kiyayotganini ko‘rib, mehmonga otlanayotganini sezdimu darrov ergashdim.
— Menam, menam boraman!
— Mehmonga ketayotganim yo‘q, — dedi oyim bosh chayqab. — Ishim bor.
— Boraman, oborasiz!
Onam bir zum ikkilanib turdi-da, rozi bo‘ldi.
— Mayli, ammo charchadim demaysan.
Ona-bola yo‘lga tushdik. Yomg‘ir kechasi tinib qolgan, ammo yer hamon ko‘pchib yotibdi. Oyoq bossangiz bir botmon loy yopishadi. Avval jiydazordan, keyin Qonqus ustiga tashlangan yakkacho‘pdan o‘tdik. Lopillab turgan yakkacho‘pdan o‘tayotganda qo‘rqdimu o‘tib olgandan keyin shundoq suv bo‘yida o‘sib yotgan sambittollarga angrayib qoldim. Sambittol zo‘r! Hushtak yasasa ham bo‘ladi, «ot» qilib o‘ynasa ham... — Yur, tezroq, — dedi oyim qo‘limdan tutib...
Nihoyat guzarga yetib keldik. Choyxonada odam yo‘q hisob, eski namat tashlangan so‘rida bir chol oftobda mudrab o‘tiribdi, yonida tumshug‘i chegalangan choynak, sopol piyola... Keyin devorlari nurab ketgan otxona oldidan o‘tdik. Qovurg‘asi sanalib qolgan uchta ot dumi bilan pashsha qo‘rib charchoq qiyofada boshini solintirgancha mudraydi. Otxona hovlisining burchagiga uyib qo‘yilgan go‘ngdan hovur ko‘tariladi.
— Qayoqqa ketyapmiz, oyi?
— Keldik shekilli, — dedi onam atrofga alanglab.— Qurib ketsin, so‘raydigan odam ham yo‘q.
Ikki betida tollar, teraklar o‘sib yotgan loy ko‘chadan yana ozgina yurgan edik, obkashda suv ko‘tarib kelayotgan semiz xotin ko‘rindi.
— Hoy egachi, shu yerlikmisiz? — dedi oyim, yaqinroq borib.
Semiz xotin obkashni yelkasidan oldi. Ustiga chambarak tashlangan ikki paqir suvni yerga qo‘ydi. Harsillab oyim bilan ko‘rishdi.
— Mahmud bukurning uylari qaysi, o‘rgilay? — dedi onam semiz xotinga iltijoli termilib. Semiz xotinning rangi o‘chib ketdi.
— Bukur bo‘lsa Xudo qilgan! — dedi harsillab. — Tavba deng!
Shunday dediyu, sharaq-shuruq qilib ilgakni ilgancha obkashni ko‘tardi. Shartta burilib ketdi. Sirg‘alib-sirg‘alib borarkan, obkashi bilan qo‘shilishib orqaga burildi.
— Ta’na tagi tayg‘oq, — dedi harsillab. — Betamiz!
Oyim hang-mang bo‘lib qolgan, og‘ir-og‘ir kiprik qoqar, hozir yig‘lab yuboradigan alpozda edi.
25
— Voy, sho‘rim! — dedi pichirlab. — Kelib-kelib xotinidan so‘rabman shekilli.
U hamon sirg‘angancha obkashini lapanglatib ketayotgan ayolga anchagacha qarab turdi-da, qo‘limdan tutdi.
— Yur, keta qolaylik.
Bu yerga nima uchun kelganimizni tushungandek bo‘ldim.
Kecha dadam «surishtirib ko‘rish kerak» degan edi. Bundan chiqdi oyim sovchilarni qo‘ni-qo‘shnisidan bilib olmoqchi.
Choyxona ro‘parasida pastak tomiga qora qog‘oz tashlangan, derazasining ko‘ziga yaltiroq xitoy qog‘oz yopishtirilgan sartaroshxona bor ekan. Ichkarida kim borligini bilmadimu, biroq do‘kon eshigi oldidagi yog‘och xarrak bo‘sh edi. Uch-to‘rt qadam yurgandan keyin oyim to‘xtab qoldi.
— Sochingni oldiramizmi? — dedi to‘satdan.
Ikkilanib qoldim. Sochimni oldirib borsam, akalarim, jo‘raboshi albatta boshimga shapatilab «ustara haqi» olishadi.
— Yura qol, — oyim yelkamga qoqdi. — Soching o‘sib rangingni siqib yuboribdi.
Ochiq eshikdan sekin mo‘raladim. Ichkarida mijozlar yo‘q, oldiga kir peshband taqqan sartarosh devor tomonga qarab choy ichib o‘tirgan ekan. Kechagi yomg‘irda bu yerdan ham chakka o‘tgan shekilli, hujraning xomsuvoq qilingan devoriga uzun-uzun zahkash iz tushib qolgan. Oyim eshikdan mo‘ralab, sekin yo‘taldi.
Sartarosh yelkasi osha burilib qaradi. Mo‘ylovi tekis qaychilangan qisiqroq ko‘zli kishi ekan.
— Jiyanning sochini olamizmi? — dedi o‘rnidan turib. Shundagina uning bitta oyog‘i yog‘och ekanini ko‘rdim. Nosrang galife shimining yog‘och oyog‘idagi pochasini qayirib qo‘yibdi. U taxtalarining orasi ochilib yotgan polni do‘pillatib yaqin keldi. — O‘tir, jiyan, — dedi eski kursiga imo qilib.
Devorga tirab qo‘yilgan xira toshoyna ro‘parasiga o‘tirdim. Oyim boshimdan do‘ppimni yechdi-da, boya sartarosh o‘tirgan kursiga joylashdi.
— Ustarada olamizmi, mashinadami? — sartarosh stol ustida yotgan, soch tolalari yopishgan matoni qoqib-qoqib bo‘ynimga solarkan, onamga yuzlandi.
— Mashinada ola qoling, — dedi oyim.
Sartarosh qutichadan yaltiroq mashinasini oldi. Chakkamga mashinani tirab shiq-shiq qilgancha sochimni olishga tushdi.
— Nega ixraysan? — Sartarosh boshimni besh barmog‘i bilan changallagancha dashnom berdi. — Soldat hamma narsaga chidashi kerak. Za Rodinu, deb atakaga borsang ham ixraysanmi?
Oyimdan panoh kutib, aksini oynada ko‘rish umidida mo‘raladim. Biroq ko‘zgu shunaqangi xira ediki, o‘zimning yuzimni zo‘rg‘a ko‘rardim.
— Siz shu yerlikmisiz? — dedi onam bir mahal.
— Sho‘tlikmiz, — sartarosh ishini davom ettirarkan, onamga burilib qaradi. — Nimaydi? — Men bir xayrli yumush bilan keluvdim, — dedi oyim osoyishta ohangda. — Odilxo‘ja deganni taniysizmi? Ayollari chevar ekan. Muborak chevar.
— Nega tanimas ekanman! — Sartarosh tantana bilan ovozini balandlatdi. — Shundoq Mahmud bukur bilan qo‘shni turadi-da, otxonadan o‘tsangiz to‘rtinchi darvoza!
— Bir narsani bilmoqchiydik, — oyim bir zum jimib qoldi-da, davom etdi. — Xudoyligingizni aytsangiz: qanaqa odamlar o‘zi, tag-zoti qanaqa, asli shu yerlikmi yo boshqa joydan kelishganmi?
— Ha-a-a! Bundoq demaysizmi? — Sartarosh onamning maqsadini tushundi shekilli, bosh irg‘adi.— Tag-zoti toza odamlar! Qadimdan shu yerda turishadi. Ota-bobosi bog‘bon o‘tgan. Katta uzumzori bo‘lardi. Shibilg‘oni deysizmi, shakarangur deysizmi,
26
echkiemarmi — hammasi shu bog‘da bo‘lardi. Ana uzumu mana uzum! Urushning kasofati bilan ko‘plari yo‘q bo‘p ketdi. Qo‘li qisqalik qip qoldi bechoralarni! Sartarosh gapirgan sayin g‘ayratga kirar, g‘ayratga kirgan sayin mashinani tezroq shiqirlatar, unga sayin sochim ko‘proq yulinar edi. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi.
— Avlodida yomon odamlar chiqmaganmi? — dedi onam. — Qimorboz, o‘g‘ri, nashavand deganday...
— Yo‘q! — dedi sartarosh qat’iyat bilan. — Hammasi yaxshi odamlar.
Onam yengil tortib, xo‘rsinib qo‘ydi.
Endi sochimning orqasini olishga navbat keldi. Sartarosh kaftini botirib, nuqul boshimni pastga egadi. Boshim egilgan sayin paydarpay burnimni tortaman.
— O‘g‘li-chi? — dedi oyim asosiy maqsadga o‘tib.— To‘laganxo‘ja degan o‘g‘li bor emish...
— Vo! — Sartarosh mashina bandiga tiqilgan bosh barmog‘ini dikkaytirib ko‘rsatdi. — Meravoy bola! Ma’lim! Maktabda ma’limlik qiladi.
— Urushga bormaganmi?
— Yo‘q, — sartarosh qitig‘imni keltirib tag‘in bo‘ynimga mashina soldi. Shilt etib burnimni tortdim.— Ma’limlarni urushga olishmagan. Ammo mera-voy bola! Nima, quda bo‘lmoqchimisizlar?
— Qaydam, — dedi oyim sekin. — Taqdir qo‘shgan bo‘lsa...
— Ammo og‘iz solishgan bo‘lsa shu boladan qolmanglar. Tag-zoti ko‘rgan, buning ustiga kimsan, ma’limni kuyov qilasizu jon demaysizmi, singil! O‘zingiz kimning oilasi bo‘lasiz? Oyim hammasini batafsil aytdi. Dadamni, asli qayerdan kelib chiqqanimizni...
— Yulduzinglar yulduzlaringga to‘g‘ri kepti! — dedi sartarosh mashinani puflab-puflab tozalar ekan.— Xudo xohlasa osh yer ekanmiz-da!
Qutulganimga shukur qilib, dik etib o‘rnimdan turdim.
Onam do‘ppimni boshimga kiygazib, sartaroshga pul berdi.
— Ie, qudalardan pul olsak qandoq bo‘larkin? — Sartarosh pulni shimining kissasiga tiqarkan, tayinladi.— Shulardan qolmang, yaxshi odamlar.
Uyga qaytishimiz bilan bir burda zog‘orani oldimu ko‘chaga yugurdim. Maydonchada o‘ynab yurgan Toy, Vali, jo‘raboshi — hammasi paysalga solmay «ustara haqi» olishdi. Ayniqsa jo‘raboshi o‘rta barmog‘i bilan chertganda boshim og‘ridi. Lekin chidab turdim. O‘zim olib kelgan yangilik bilan hammani qoyil qoldirmoqchi edim.
— Yaqinda biznikida to‘y bo‘ladi! — dedim maqtanib. — Opamning to‘yida rosa osh yeymiz! Keyin quda buvi menga ko‘ylak tikib beradi. «Zinger» mashinasi bor!
...Lekin to‘y bo‘lmadi. Bir oydan keyin ham, bir yildan keyin ham... Bir-ikki marta opam, «kerakmas», deb yig‘laganini, oyim, «ko‘nglingdagini ayt bo‘lmasa», deganini eshitib qoldim.
Tanish sovchilar hamon tez-tez kelib turishar edi. Bir kuni ertalab tursam, oyim yo‘q. Tushga yaqin xomushroq qaytdi. Ertasiga opam ishga ketganida, nonushta ustida dadamga qiziq gap aytdi.
— Pishmaydigan savdoga o‘xshaydi. Urug‘ida jinni bor ekan. To‘laganxo‘janing katta amakisi uch-to‘rt marta jinnixonaga tushgan ekan.
— Bo‘lmaydi! — dedi dadam keskin qo‘l siltab. — Sovchilar yana kelsa javobini berib yubor.
Bir narsani hech tushunmasdim. O‘shanda onam sovchilarning kelib chiqishi qayerdanligiyu, avlodida yomonotliq odamlar bor-yo‘qligini, kasb-kori nimayu, qarindoshlarida kasallar bor-yo‘qligini nima uchun bunchalik surishtirganiga hech aqlim bovar qilmasdi.
Bu savdolar, bu savollar bora-bora yodimdan chiqib ketdi. Biroq kunlardan birida g‘alati
27
voqea bo‘ldi. Redaksiyada ishlab o‘tirsam, egnidagi kiyimidan tortib taqinchoqlarigacha juda yarashgan ko‘hlik ayol kirib keldi.
Anchagacha gapni nimadan boshlashni bilolmay uyalib o‘tirdi-o‘tirdi-da, oxiri dardini ochdi.
— Usmon akam ikkalamiz bir-birimizni yaxshi ko‘ramiz. Ammo ajrashmasak bo‘lmaydi. Xudo haqqi, bunaqa masalalarga aralashishni jinimdan yomon ko‘raman.
Ko‘hlik juvonga to‘g‘risini aytdim, o‘z hayotingizni o‘zingiz hal qiling, dedim.
Ayol bir zum yerga qarab turdi-da, iltimos qildi.
— Usmon akam bilan bir gaplashib ko‘rsangiz...
«Usmon akasi» kelishini xayolimga ham keltirmagan edim. Uch kundan keyin eshikdan har jihatdan mukammal yigit kirib kelib o‘zini tanishtirganida hayron qoldim. Ikkovlari bir-biriga shu qadar munosib ediki, shundoq oilaning ajrashmoqchi ekaniga achinib ketdim. Gapni nimadan boshlashni bilmay garangsib turgan edim, Usmonning o‘zi muddaoga o‘tdi.
— Xotinim meni, men xotinimni sevaman. Bolamiz yo‘qligiga xafaman. Ammo choramiz ham yo‘q!
— Hozirgi zamon meditsinasi uchun shuyam problema bo‘ptimi, — dedim Usmonni yupatib. — Uchrashib ko‘ringlar axir.
Ma’yus jilmaydi.
— O‘zim vrachman. Vrach bo‘lganim uchun xotinimning tug‘ishini xohlamayman. Butunlay esankirab qoldim.
— Nega axir? Bir-birlaringni sevsangiz. Munosib bo‘lsangiz...
— Men vrachman, — dedi Usmon yana bo‘g‘iq ovozda. — Genetikani yaxshi bilaman. Xotinimning o‘g‘il tug‘ishidan qo‘rqaman. — U yana xo‘rsindi. — Qo‘rqaman. Umuman, hammasiga o‘zim aybdorman. Nazirani sevardim. Xudbinlik qildim. Boshida aytishim kerak edi.
U nimanidir, juda muhim narsani aytishga ikkilanar edi.
— Mayli, — dedi nihoyat. — Rostki, sizga yuragimni ochdimmi, bu yog‘iniyam aytishim kerak. Mening buvam — dadamning otasi ShZ bo‘lgan.
— Nima u ShZ? — dedim daf’atan tushunolmay.
— Shezofreniya kasalligi. Ruhiy xastalikni meditsinada shunaqa deyiladi. Bu — naslga o‘tadigan dard. Ota avlodida bo‘lsa o‘g‘ilgami, nevaragami, xullas kimgadir o‘tadi.
— Qiziq ekansiz, — dedim uni yupatib. — Vrachlar vahimachiroq bo‘ladi o‘zi! O‘tmasa- chi!
— O‘tsa-chi! — Usmon mahzun qiyofada boshini quyi soldi. — Men-ku mayli, Nazirada nima ayb? Ruhiy xasta bola bilan umrbod ezilib yuradimi?!
Yana allanimalar deb ko‘nglini ko‘targan bo‘ldim. Usmon mahzunlik bilan jilmayib o‘tirdi- o‘tirdi-da, indamay chiqib ketdi.
...Shunda chakka o‘tgan o‘sha kecha, erta bahorda oyim bilan loy kechib, Qa’niga borganimiz, frontovik sartarosh, yana ko‘p narsalar yodimga tushdi. Onamni qo‘msash aralash sog‘inch tuyg‘usi vujudimni sirqiratib yubordi. Shu paytgacha o‘zim tushunmay yurgan ko‘p haqiqatlarni anglagandek bo‘ldim.
...Qaysi kuni metro stansiyasi oldida Gulini ko‘rib qoldim. Yonida baland bo‘yli, jingalak sochli yigit. Mo‘ylovi o‘ziga xo‘p yarashgan. U Gulining jajji sumkachasini ko‘tarib olgan. Guli uni qo‘ltiqlab kelar, yigit xushchaqchaq bo‘lsa kerak, allanimalarni gapirar, Guli xandon otib kular edi.
Uch kundan keyin Gulini ko‘chada uchratdim.
— Yaxshi bolaga o‘xshaydi, — dedim o‘sha yigitni eslab.
— Kim?
28
— O‘sha kungi yigit. To‘y qachon?
Guli qizardi. Ammo quvonchini yashira olmadi.
— Farhod akam yoqdimi sizga? — dedi jilmayib.
— Yoqdi, — dedim rostini aytib. — Kasbi nima?
— Oshpaz, — Guli yana jilmaydi. — Shefpovar.
— Qarindoshlaring emasmi?
Guli «yo‘q» degandek bosh chayqadi.
— Qayerlik ekan o‘zi?
Guli hayron qolib chiroyli kipriklarini pirpiratdi.
— Buning nima ahamiyati bor?
— Mabodo avlodidan o‘g‘rimi, nashavandmi chiqmaganmi? — Beixtiyor og‘zimdan onamning savoli chiqib ketdi.
Guli birdan jiddiy tortdi. Qoshini chimirdi.
— Nima deganingiz bu?
— Jinni-chi? Mabodo qarindosh-urug‘larida ruhiy kasallar yo‘qmi? Surishtirib ko‘ring. Guli ko‘zimga tikilib turdi-da, sekin-sekin orqasiga tisarila boshladi. Nariroqqa borib birdan yugurib ketdi. Chamasi meni esdan og‘ib qolgan deb o‘yladi.