SURAT
Dunyoning ishlari doim shoshilinch. Odatdagidek tik turgancha nonushta qilayotgan edim. Onam odatdagidek qistardi:
— O‘tirsang-chi, bolam. Birpas o‘tirgin.
— Bo‘ldi, ketdim.
— Shoshma, bolam. — Onam ko‘zimga odatdagidan boshqacha, qandaydir mung bilan termildi. — Gap bor.
Tipirchilab soatga qaradim: hali benzin olish kerak, ishga borish kerak, keyin nashriyotga o‘tish...
— Nima edi?
Onam ko‘zimga hamon ma’yus termilib o‘tirardi.
— Suratga tushaylik, — dedi to‘satdan.
Ajablandim.
— Nega?
— Yaqinda men o‘laman.
Onam bu gapni xuddi: «Qo‘shninikiga chiqib kelaman», degandek ohangda aytdi. Kulib yubordim.
— Qo‘ysangiz-chi, oyi.
Shunday dedim-da, chiqdim ketdim.
Oradan ikki hafta o‘tdi-yu... Kechalari uyg‘onib ketaman, o‘ylayman. O‘ylayman: sen nomard, sen ahmoq nimaga, nimaga o‘shanda kulding? Suratga tushishga vaqting yo‘qmidi? Kerak bo‘lsa topasan-ku! Kitob uchun, jurnal uchun, ish ustida, bog‘da, ko‘chada... Nima, sen kinoyulduzmisan? Jahonshumul shaxsmisan? Ana, bir dasta surating yotibdi. Har xil. Har yerda... Faqat... Onang bilan tushgan surating yo‘q!
KITOB
Bugun kitobim chiqdi.
Har gal yangi kitobim chiqishi bilan birinchi nusxasini onamga atar edim. Har gal bir xil so‘z yozib berardim: «Birinchi o‘qituvchim — onamga!» Onam kitobni ko‘rishi bilan ko‘zlari quvonchdan porlab ketar, uzundan-uzoq duo qilar, peshonamdan o‘pib, yakkash bitta gapni takrorlar edi.
— Sen mening suyangan tog‘imsan, o‘g‘lim...
Keyin xuddi birov olib qo‘yadigandek, kitobni yostig‘ining tagiga yashirardi. Shunda men kitobim chiqqani uchun o‘zimdan ko‘proq onam quvonganini bilib turardim.
Bir kuni mahallaning narigi chekkasida turadigan nonvoynikiga kirib qoldim. (Nima yumush bilan borganim esimda yo‘q.) Qarasam, yog‘och so‘rida kitobim yotibdi. Varaqlari titilgan, oftobda sarg‘ayib ketgan. Qiziqib qo‘limga oldim. O‘qisam, o‘zimning dastxatim: «Birinchi o‘qituvchim — onamga!»
O‘shanda nima uchun bunday ahvolga tushganimni bilmayman. Xuddi birov meni masxara qilayotgandek bo‘lib ketdi. Kelib onamga to‘ng‘illadim:
— Kitobni yetti mahalla nariga tashlab keling, deb berganmidim sizga!
Onam aybdor qiyofada ma’yus jilmaydi.
— Mavlu hech qo‘ymadi-da, bolam. «Bitta o‘qib beraman», dedi.
15


— Mavludagacha yana mingta qo‘ldan o‘tgani ko‘rinib turibdi, — dedim zarda bilan. — Maqtangansiz.
— O‘zingni siqma, jon bolam. Hozir olib kelaman.
Chindan ham, o‘sha kuni kitob qaytib keldi...
Har gal kitobim chiqsa, onam bir gapni aytardi:
— Sen mening suyangan tog‘imsan, o‘g‘lim...
Bilmagan ekanman, men onamning emas, onam mening suyangan tog‘im ekan. Tog‘im to‘satdan qulab tushdi.
Bugun yangi kitobim chiqdi. Birinchi nusxasini emas, bitta nusxasini emas, oltmish ming kitobning hammasini onamga bag‘ishladim. Lekin...
MAHALLANING «SHAYXI»
Qachondir uning ismi bo‘lsa bo‘lgandir. Biroq mahallada hech kim uning otini bilmaydi. Hamma Shayx deb chaqiradi.
Aytishlaricha, urush paytida bir beva xotin besh-olti yoshlardagi bolasi bilan shu yerga kelib qolgan. Insofli odamlar bevaga choyxona yonboshidagi pastak hujrani ajratib berishgan. Bola bari bir bola-da. Bahorda hujraning tomiga chiqib varrak uchirayotgan ekan, varrak havolagan sayin qiziqib ketib ipni torta-torta tisarilib boribdi-yu, tomdan chalqanchasiga yiqilib tushibdi. Sho‘rlik onaning dod-faryodiga choyxo‘rlar yopirilib chiqishsa, bolaning boshi yorilib, qonga belanib yotganmish. Hoji buvi uning boshiga kigiz kuydirib bosibdi, qorakuya suribdi, haytovur, bola tuzalib ketibdi. Faqat esi aynibroq qolibdi. O‘shandan buyon hech kim uning biron marta yig‘laganini ko‘rmagan. Qachon qarasangiz, iljayib turadi. Iljayganda ham tilining uchi og‘ziga sig‘may doim chiqib turadi. Shundan bo‘lsa kerak, onda-sonda ustara tegadigan do‘rdoq labining ikki cheti oqarib yotadi. Urushdan keyin onasi vafot etadi-yu, Shayx yolg‘iz qoladi. Eski choyxona buzilganida ularning hujrasidan ham nom-nishon qolmadi. Biroq Shayx ko‘chada qolgani yo‘q. Mahalladagi hamma uy Shayxniki. Uning uchun hamma eshik ochiq. U biznikiga ham tez-tez kelib turadi. Onam bilan uzoq-uzoq gaplashganini ko‘rardimu onam bu devona bilan nimani gaplashishiga aqlim yetmasdi.
Jamiki to‘y, jamiki ma’raka Shayxsiz o‘tmaydi. Uning o‘z vazifasi bor: samovar qo‘yadi. Xotinoshida mahalla otini, nikohu bazmlarda to‘yboshi erkaklar Shayxning xizmatiga muhtoj.
— Shayx, to‘rt choynak choy! Uch choynak famil, bir choynak ko‘kidan bo‘lsin.
— Hodzir...
Shayx g‘alati gapiradi, «z»ni aytolmaydi, «dz» deydi, «s» deyolmaydi, allaqanday «ts» qilib aytadi.
— Shayx tezroq! Nozik mehmonlar kelib qoldi.
Shayx shoshilmaydi. Ishini bilib qiladi.
— Tsekin. Nodzik bo‘tsa, o‘dziga, — deydi iljayib.
Odamlar ranjimaydi. Shayxning puxtaligini bilishadi. Shuncha yildan beri bironta to‘yda choynak darz ketmagan, biron mehmon choysiz qolmagan.
U faqat pivo ichadi. Ko‘p emas, ikki shishagina. To‘y egalari Shayxning ulushini alohida ajratib qo‘yishadi. To‘y tarqashi oldidan, xizmatini qilib bo‘lgandan keyin Shayx shishani og‘ziga qo‘yib pivo ichib oladi-da, birdan o‘yinga tushadi. Yoqavayron bo‘lib, og‘zidan ko‘pik sachratib xo‘p o‘ynaydi.
Odamlar qarsak chalgan sayin balandroq sakraydi:
— Bo‘sh kelma, Shayx!
— Malades, Shayx! Orangutan bo‘p ket-e!
16


Bunday «maqtovlar» Shayxni battar jazavaga soladi. Har tepinganda yer zirillab ketadi. Ba’zan hangomatalab yigitlar Shayxni o‘rtaga olib qolishadi.
— Bu... to‘yni qachon boshlaymiz, Shayx?
Shayx tilini chiqarib iljayib qo‘yadi.
— Senga ham xotin olib beraylik bundoq.
— Xotinmas, qidz...
— A?.. Voy ko‘nglingning ko‘chasidan o‘rgildim! Seni ko‘rgan qiz infarkt bo‘lib «Grudnoy xirurgiya»ga tushadiku!
Shayx xafa bo‘lmaydi. Umuman, xafa bo‘lishni bilmaydi. Iljayadi.
Onamning yigirmasi bo‘layotgan edi. G‘ira-shira tong otayotganda eshikdan ko‘ylakchan Shayx lapanglab kirib keldi.
— Iya, ana, Shayx kelib qoldi! — dedi allakim tantana bilan. — Qani, samovarga o‘zing qaray qol.
Ammo Shayx hovli burchagida turgan samovarlar tomonga yurmadi. Hech kimga qaramay bir hatlab ayvon zinasidan chiqdi-yu, oyimning xonasiga yo‘naldi.
— Hoy, Shayx o‘lgur, qayoqqa? — ayollardan biri uning yo‘lini to‘sdi. — U yerda qariyalar o‘tiradi.
— Qoch! — dedi Shayx ko‘zini olaytirib. Keyin onamning xonasiga kirdi-yu, to‘satdan o‘zini yerga otdi.
— Oyi! — dedi xirillab. — Oyi-i-i!
Yoqasiga chang solib bir tortgan edi, kir ko‘ylagi shir etib yirtildi-da, qop-qora, baquvvat yelkalari titragancha og‘zidan ko‘pik sachratib hayqirdi:
— Oyi! Oyi!
U har «oyi» deganda boshini yerga urar, yerni mushtlar edi.
Birpasda peshonasi momataloq bo‘lib ketdi.
— Oyi! Qayoqqa ketdidz, oyi!
Umrida yig‘lamagan Shayxning nolasi hammani karaxt qilib qo‘ygan edi. Kimdir ko‘tarmoqchi bo‘lgan edi, Shayx siltab yubordi.
— Tegmanglar! — dedi allakim pichirlab. — Mayli, yig‘lab olsin.
Anchadan keyin u gandiraklab o‘rnidan turdi. Hech kimga qaramay hovliga tushdi-yu, indamay chiqib ketdi.
«TOY»
Bultur bahorda eshigimiz oldidagi gullarni sug‘orayotgan edim, yap-yangi «Moskvich» kelib to‘xtadi. Mashina eshigi ochilib, zabardast gavdali yigit tushib keldi. Taniy olmadim. — Hormang, dehqonchilik katta-ku! — dedi notanish yigit do‘rillagan ovoz bilan.
Shunda hayratdan baqirib yubordim:
— Iya, Toymisan?
Ha, xuddi o‘sha Toyning o‘zi. Faqat shuncha bo‘y, bunaqa uzun qo‘l-oyoqlarni qayoqdan oldi ekan! Yaqindagina buloqdek oqib turadigan burnini eplolmay mashaqqat chekadigan bola edi.
— Poshsha oyimlarni ko‘rgani keldim! — dedi bahaybat qomatiga uncha mos kelmaydigan alpozda muloyim jilmayib. Uzun oyoqlarini katta-katta bosib hovliga kirdi- yu, onamga duch keldi.
Qiziq, onam uni darrov tanidi.
— Voy, o‘zimning toychoq o‘g‘limdan aylanay! Voy, o‘zimning o‘g‘lim kelib qolibdi-ku! Onam peshonasidan o‘payotganda Toy ikki bukilib turdi.
— Mashina teguvdi, — dedi yana iljayib. — Sizdan fotiha olgani keldim. Yuring, bir
17


aylantirib kelay.
Toy onamni oldingi o‘rindiqqa o‘tqizdi. Yarim soatcha aylantirib keldi.
Onamning yosh boladek birovning mashinasiga tushib «kataysa» qilishi menga erish tuyuldi. Ammo onam xursand edi.
— Nordek yigit bo‘pti, — dedi quvonib. — Istalovoyda sheppovar ekan. Xudoyo umridan baraka topsin.
Toy keyin ham o‘tgan-ketganda biznikiga tez-tez kirib turadigan bo‘ldi.
Uni har ko‘rganimda bolaligimni eslayman. Kichkinaligimizda oramizda eng bo‘sh-bayov bola shu edi. Uyimizning orqasida kattagina maydoncha bo‘lardi. Uzoq-yaqindan mol boqishga kelgan bolalar shu yerda yig‘ilib shovqin-suron solib o‘ynardik. Toy hammadan uzoqdan — Beshqo‘rg‘ondan o‘ziga o‘xshash yuvosh, shoxsiz sigirini oldiga solib kelardi. Har faslning o‘z o‘yini bor: erta bahorda chillak, varrak, yozda futbol, kech kuzda lanka tepish... Faqat ikkita bola o‘yinga ko‘p qo‘shilmasdi. Bittasi— ko‘zlari doim javdirab turadigan Xo‘ja, yana biri — Toy. Xo‘janing o‘zi o‘yinga uncha qiziqmas, Toyning esa o‘z yumushi bor edi. Nega deganda zimmasida mol boqish vazifasi bor. Birovning daydi sigiri, birovning shaytonga dars beradigan echkisi zum o‘tmay ekin oralab ketadi. Shunda mo‘ylovi qorayib, do‘rillab qolgan jo‘raboshimiz buyuradi:
— Toy! Galing keldi, echkini qaytar!
— Sigirga qara, Toy, sigirga!
— Toy! Qo‘y kartishkaga oralab ketdi-ku!
Negadir Toyning navbati hammanikidan tez kelaverardi. Sigiri xuddi o‘rgatib qo‘ygandek egasidan nari ketmaydi. Ammo boshqalarning moliga ham kimdir qarashi kerak-ku. Toy burnini tortib qo‘yadi-da, indamay polizga qarab yuguradi. Dikonglab sakrayotgan takani qaytarib kelguncha biron buqacha dumini xoda qilib jiydazorga yugurgilab qoladi... O‘ynab-o‘ynab charchaganimizdan keyin hammamiz tol soyasida dam olamiz. Jo‘raboshimiz dadasi urushdan olib kelgan shinelni o‘tga yoyib, ustiga yonboshlaydi-da, maza qilib esnaydi:
— Toy, biz charchadik. Bir mizg‘ib olmasak bo‘lmaydi. Sen dejursan, mollarga qarab turasan.
Toy burnini jahl bilan tortadi-yu, indamaydi.
Bir kuni u astoydil yalindi:
— Meni Toy demanglar. O‘zimning otim bor — Toyir.
Jo‘raboshimiz quvlik bilan hammaga bir-bir qarab qo‘ydi.
— Bo‘pti! — dedi do‘rillab. — Senga uch kun muhlat. Uch kungacha hammaning molini yaxshilab boqsang, Toy otingni o‘zgartiramiz. Ammo kechqurun sigirimning yelini tirsillab tursin, bildingmi?
Chindan ham Toy uch kungacha sidqidildan xizmat qildi. Biz maza qilib futbol tepdik. To‘rtinchi kuni jo‘raboshimiz «majlis» to‘pladi.
— Bolalar, — dedi tantana bilan. — Endi Toyni hech kim Toy demasin. Bugundan boshlab uning oti — Xo‘tik. Yana bir yil harakat qilsang, o‘sib Eshak bo‘lasan. Hammamiz xaxolab kulib yubordik. Toy bolalarga birma-bir qarab chiqdi-da, burnini tortdi. Indamay yer chizib o‘tiraverdi.
Chillak o‘yinining shafqatsizroq bir qoidasi bor: yutqazgan bola zuvlab nafasi yetmay qolsa, bir oyoqda hakkalaydi. Qoqilib ketsami, ikkinchi oyog‘i yerga tegsami, tamom! Tag‘in tayoq bilan chillakni urib sanaladi-da, yana chillak otiladi. Chillak borib tushgan joydan qaytadan zuvlash shart.
Bir gal Toyni salkam yarim chaqirim joydan zuvlashga majbur qildim. Turgan gapki, nafasi yetmadi.
— Lo‘killa! — dedim baqirib.
18


U chap oyog‘ini ko‘targancha hakkalab sakray boshladi. Ammo o‘n qadam ham yurolmadi. Har sakraganda burni buloqdek qaynaydi. Qayta-qayta artgani bilan foydasi yo‘q. Bolalar xaxolaydi. Ayniqsa, men huzur qilib kulaman. Oxiri bo‘lmadi — Toy yiqilib tushdi.
— Bo‘ldi! Qaytadan zuvlaysan.
— Zuvlamayman!
— Zuvlaysan!
— Zuvlamayman! Zuvlamayman! — Toy to‘satdan jazavasi tutib yerni mushtlagancha yig‘lab yubor-di.— Hammangni yomon ko‘raman! Ayniqsa sen yomonsan! Shovqin-suron bilan bo‘lib onamning chaqirganini eshitmay qolibman. Bir mahal qarasam, tepamda onam turibdi...
— Tur, bolam, — onam Toyning boshini siladi. Etagini ko‘tarib, uning burnini artdi. — Voy, onang o‘rgilsin, qo‘y, yig‘lama, bolam. — Keyin meni chetga imladi. — Bu yoqqa yur-chi!
Nariroqqa bordim.
— Nega ukangni yig‘latasan? — dedi qahr bilan.
— Qaysi ukamni?
— O‘sha ukangni!
— Toy-ku! Qanaqasiga ukam bo‘lsin? — dedim iljayib.
— Shunaqasiga! Nega qiynaysan bola bechorani? Yog‘ochning bo‘shini qurt yemay o‘lsin. — G‘irromlik qilmasin-da, bo‘lmasa! — dedim chiyillab. — Nega zuvlamaydi?
— O‘lib qoldingmi shu bilan?..
O‘shandan keyin ko‘p o‘tmay Toylar ko‘chib ketishdi. Qayoqqaligini bolalar surishtirishmadi ham.
Toy... o‘sha o‘zimizning Toy shunday yigit bo‘lganiga hamon hayron edim.
Onam vafot etganda Toy onasi Niso xolani boshlab keldi. Keyin ham ko‘p yelib-yugurdi. Kunora keladi.
«Bizga xizmat bormi?» deb mashinasini to‘g‘rilab turadi.
Qaysi kuni ishdan kelsam, eshik oldida yana Toyning mashinasi turibdi. Qarasam, ayvonda Toy bilan Niso xola o‘tirishibdi. Sochlari oqarib ketgan Niso xola men bilan aylanib-o‘rgilib ko‘rishdi.
— Poshsha opamni tush ko‘ribman, — dedi ko‘ziga yosh olib. — Toyirjonni yetaklab yurgan emishlar. Shunga bir xabar olay, deb keldim. — U bir zum indamay qoldi-da, ovozi tovlanib davom etdi: — Poshsha opam qandoq edilar-a! Toyirjonni qandoq yaxshi ko‘rardilar-a!..
Niso xola ko‘zimga tikilib ohista so‘radi:
— Bilasiz-a?
— Bilaman, juda yaxshi ko‘rardilar, — dedim bolalikdagi o‘sha voqealarni eslab.
Niso xola ko‘zimga yana diqqat bilan tikildi.
— Aytgan bo‘lsalar kerak?
— Nimani?
— Aytmaganmilar?
— Nimani aytadilar! — dedim hayron bo‘lib.
— Iya, Toyirjon sizning ukangiz-ku! — Niso xola astoydil ajablandi. Keyin ma’yus tortib jimib qoldida, xo‘rsindi. — O‘shanda siz talpinchoq bo‘lib qolgan edingiz. Toyirjonning chillasi chiqmagan... Xudoning ham bandalariga atagan azobi ko‘p ekan. Bir kechada kasalga chalinib qoldim. Ko‘kragimga yomon yara chiqib, qirq kun «ol ket, ol qo‘y» bo‘lib yotibman deng... Ayni qahatchilik, urush, birov birovga holing nima kechdi, deyishi mahol... O‘zim-ku, mayli, bolam o‘lib qoladi, deyman. Dokaga angishvonadek yog‘mi,
19


nonmi o‘rab chaqaloqning og‘ziga solib qo‘yishadi. Shunda deng, bir kuni Poshsha opam kelib qoldilar. Aylanib-o‘rgilib, Toyirjonni bag‘rilariga bosib emizdilar. Shu yerdan Beshqo‘rg‘onga saratonda kuyib har kuni uch marta qatnaydilar. Qirq kun shunday qildilar. Bir ko‘kragini siz emasiz, bittasini— Toyirjon. — Niso xola hiqillab qoldi. Yosh g‘iltillagan ko‘zini ro‘molining uchi bilan artdi. — Qandoq xotin edilar-a! Nima bilan rozi qilishimni bilmayman. So‘rasam, urishib berdilar. «Voy, gapingiz qurmasin, ovsin, ona sutiyam sotiladimi», deydilar. «Birovga yaxshilik qilib, ketidan tama qilgan odamning savobi gunohga aylanadi», deydilar... Qandoq edilar-a!
Niso xola ro‘molining uchini g‘ijimlagancha o‘yga toldi. Men ham, shu paytgacha o‘zim bilmagan ko‘kaltosh ukam Toyirjon ham bir nuqtaga tikilib qolgan edik. Har qaysimiz o‘z o‘yimiz bilan band edik, biroq hammamiz bir odamni — onamni o‘ylardik.
QANOAT
Otamning jahli yomon edi. Badjahl bo‘lib aka-ukalardan, birontamizni chertgan emas. Biroq onam: «Hoy, ehtiyot bo‘l, adangning jahllari yomon», deb shunchalik uqtirib qo‘yganki, otamizni ko‘rishimiz bilan hammamiz yuvosh tortib qolardik.
Tirikchilik vajidan bo‘lsa kerak, otam kechalari soat tuzatardi. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla- ko‘yda kimning soati buzilsa, biznikiga olib kelar, otamning hujrasida katta-kichik soatlar muttasil chiqillab turar edi. Onam bizni bu hujraga hech yo‘latmasdi. Bir kuni ukam ikkalamiz u yerga kirsak, stol ustida kichikroq piyolaning og‘zidek keladigan zanjirli cho‘ntak soati yotibdi. Qopqog‘i, oynasi ochilgan, murvatlari bir chekkaga tartib bilan terib qo‘yilgan. Aka-uka o‘zimizcha «ustachilik» qildik. Soatning yurishidan darak yo‘q. Bir mahal narigi uyda onamning sharpasini sezib qoldigu sekingina sirg‘alib chiqib ketdik.
Kechqurun otam hujraga kirishi bilan xunob bo‘lib qichqirdi:
— Soatga kim tegdi?
— Hech kim kirgani yo‘q-ku! — dedi onam hayron bo‘lib.
— Hammasini sochib tashlabdi-ku! — otam jahl bilan chiqib keldi. Qo‘lida biz «tuzatgan» soat. — Mili yo‘q. Egasiga nima deyman!
Ukam ikkalamiz churq etmay mo‘ltirab o‘tiribmiz. Yaxshi hamki akalarimiz ko‘chada, bo‘lmasa, hamma ayb o‘shalarga tushishi aniq.
Ko‘p o‘tmay ovqat keldi. Ukamga yog‘och qoshiq, menga temir qoshiq tegdi. Ikkalamiz qoshiq talashib qoldik. Ukam u yoqqa tortadi, men bu yoqqa. Ikki orada kosa dumalab, dasturxonga sho‘rva to‘kildi. Boyagi xunobgarchilik ustiga bunisi ham qo‘shildi-yu, biz bir yoqda qolib otam onamni tushirib qoldi. Aka-uka pildirpis bo‘lib, in-inimizga kirib ketdik. Onam sho‘rlikning qovog‘i ko‘karib chiqdi. Achindik. Ammo nachora?..
Ertalab tursam, otam ishga ketgan, hovli tomondan ayol kishining shang‘illagani eshitilyapti. Ovozidan tanidim: qo‘shnimiz Mo‘min akaning xotini. Mo‘min aka — ketmonchi. O‘zi ham mo‘mingina odam. Xotini boshqacharoq. Kattayu kichik hamma uni Kelinoyi deb chaqiradi. Kelinoyining qiziq odati bor. Ichida gap yotmaydi. Uyida qaysi sholchaga xokandozdan cho‘g‘ tushib, qancha joyi kuygani, qaysi o‘g‘li sholg‘omni yomon ko‘rishi, qaysi qizining sochiga sirka oralagani— hammasini birpasda mahallaga yoyib chiqadi.
— Ketaman! — dedi u ovozini baralla qo‘yib. — U qo‘ymasa, mana man qo‘ydim! Ketaman! Ketgandayam uyini vayron qilib ketaman!
Tushundim. Bundan chiqdi, Kelinoyi eri bilan urishgan. Uyida sal janjal chiqsa, albatta oyisinikiga «ketadigan» bo‘lib qoladi. Tomosha ko‘rish uchun asta mo‘raladim.
— Nima bo‘ldi o‘zi, ovsinjon? — dedi onam sekingina.
20


— Kecha mani shundoq so‘kdi, shundoq so‘kdi, yigitgina o‘lgur! — Kelinoyi ikki qo‘li bilan sharaqlatib soniga shapatiladi. — Onamni so‘kdi-ya, bo‘yginang go‘rda chirigur.
— Qo‘ying, xafa bo‘lmang, — deb onam uni yupatishga urindi.
— Nimaga xafa bo‘lmas ekanman? — Kelinoyi yana ham qattiqroq shang‘illay boshladi. — Kechqurun o‘sma ezib qo‘yuvdim. Shu savil qurib qolmasin, deb qoshimga qo‘ya qoluvdim. Ha, moshkichiri jindak tagiga olib, qotib ketibdi. Shungayam ota go‘ri qozi- xonami? «Pardoz-andoz qilgandan ko‘ra ovqatingga qarasang o‘lasanmi!» deydi-ya, go‘rso‘xta! Ha, pardoz qilsam, o‘ynashimga qipmanmi, qirchiningdan qiyilgur! Qirmochmi, balomi, zahringga yeyavermaysanmi, yergina yutgur! Xah, onamni so‘kkan tillaring tanglayingga yopishgur! Tag‘in nima deydi, deng? Aybni menga to‘nkaydi: tiling bir qarich, deydi. Voy, tilimni gapirgan tillaring jodida qiyma-qiyma bo‘lsin-a. Yeldek kelib, seldek olmasa aslo rozimasman!
— Qo‘ying, ovsinjon, — onam ma’yus jilmaydi. — Oshsiz uy bor, urishsiz uy yo‘q... Qarg‘amang bechorani.
— Voy nega qarg‘amas ekanman? Og‘zi-burningdan laxta-laxta qoning kelgurni, nega qarg‘amas ekanman? Ketaman!
— Olti bola bilan qayoqqa borasiz, ovsinjon? — dedi onam kulimsirab. — Jo‘jabirdek jonsiz. Shularning shukurini qilsangiz-chi.
— E, oltita bolamni oydinda oyog‘im bilan boqib olaman. Oyiginamning tor qorniga siqqan keng uyiga sig‘maymanmi? Birov mani ko‘kragimdan itarmas. Mana shu ajalning tig‘i parroniga uchragur bilan turgandan ko‘ra... — Kelinoyi birdan jimib qoldi. Kipriklarini og‘ir-og‘ir pirpiratib onamga uzoq tikil-di-yu, ovozi pasaydi. — Voy, yuzingizga nima qildi?
— O‘tin tegib ketdi, — dedi onam sekingina. — Qarasam, o‘tin o‘lgur qolmabdi. Bolalar o‘qishda, adasi ishdalar. Ko‘zliroq sarjin ekan, tesha bilan urganimni bilaman... — Onam qovog‘ini silab qo‘ydi. — Adasi ishdan kelib juda xafa bo‘ldilar. «Birpas sabr qilmaysanmi, o‘zim yorib bermaymanmi», dedilar.
Men turgan joyimda qotib qoldim. Onam yolg‘on gapirardi. Yolg‘on gapirardi-yu, negadir bu menga juda yoqar edi...
— Ana! — Kelinoyi tag‘in shang‘illadi. — Sizning eringiz o‘tiningizgacha yorib beradi. Maniki bo‘lsa, bir paqir suv olib kelmaydi, qo‘lginang sinib, akashak bo‘lgur. Uyim-joyim deb bo‘ynini egmaydi, bo‘yniginang kesilgur, eshshak! Xudoyo bo‘yniginang hazrati Alining qilichida kesilmasa, u dunyo-bu dunyo rozimasman-a!
Ortiq qarab turolmadim. Negadir yig‘lagim keldi.
...Hozir ham eri sal qovog‘ini solsa, «melisa» bilan qo‘rqitib, «o‘n besh sutkani» pesh qiladigan ba’zi xotinlarni ko‘rsam, onamning qanoatini, Kelinoyining qarg‘ishlarini eslayman.