Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Bu qissa katta-kichik novellalardan iborat. Biroq ularning barchasida men uchun eng aziz odam — onam siymosi bor. Bundagi odamlarning hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Faqat ba’zilarining ismi o‘zgardi, xolos. Bu odamlarning qismati ham qaysidir jihati bilan onamga bog‘langan. Dunyodagi hamma onalar farzandiga munosabat bobida bir-biriga juda o‘xshaydi. Bas, shunday ekan, bu asar sizlarga bag‘ishlanadi aziz Onajonlar! Muallif
Ehtimol, sizda ham shunday hollar bo‘lgandir: tun yarmidan oqqanda birdan uyg‘onib ketasiz. Shiftga tikilib yotaverasiz, yotaverasiz... Avvaliga chiqillab turgan soat ham bora-bora tinib qolgandek bo‘ladi. Uy jimjit, deraza jimjit, qorong‘i osmon jimjit. Hatto shamol ham qilt etmaydi. Shu qadar og‘ir sukunat cho‘kadiki, quloqlaringiz shang‘illab ketadi. Zildek yuk ustingizga yopirilib, vujudingizni yerga mixlab tashlaydi; tanho, ojiz bir narsaga aylanib qolasiz. Go‘yo butun dunyo bir tarafu siz o‘zingiz bir taraf... Shunday paytda mening ko‘z o‘ngimda to‘satdan onam paydo bo‘ladi. Qorong‘i xonaning bir burchidan chiqib keladi-da, ma’yus jilmaygan ko‘yi boshim ustiga egiladi. Yillar zahmatidan dag‘al tortgan barmoqlari bilan peshonamni silagandek bo‘ladi... O‘pkam to‘lib, o‘zimni tutolmayman. Birdan tush kabi uzuq-yuluq xotiralar yopiriladi, yuragim gursillagancha o‘rnimdan turib ketaman.
OQ, OYDIN KECHALAR
Bolaligimni eslasam, iliq yoz kechalari ko‘z oldimga keladi. Hovlimizda bir tup bodom bo‘lardi. Erta bahorda qiyg‘os gullardi-yu, hech meva tugmasdi. Onam: «Bodom yolg‘iz bo‘lgani uchun meva qilmaydi», deb tushuntirardi. Shu bodom tagida supa bor edi. Kun botishi bilan onam hovliga ko‘loblatib suv separ, kunbo‘yi oftobda qizigan yer hidi supa oldidagi rayhonlar isiga qo‘shilib ajib bir tarovat taratar, atrof jimjit bo‘lib qolar edi. Keyin yirik-yirik yulduzlar bilan to‘lgan osmonga tillaqoshdek ingichka oy suzib chiqardi. Oyim oyga tikilib turib ohista pichirlar edi:
Oymomaxon xulla, Qanotlari tilla. Subxon allo sizga, Umr bersin bizga...
Shunday deb boshimni silardi. Oymoma esa bu sehrli qo‘shiqni yana bir eshitgisi kelgandek, мuаllаq to‘xtab qolar, yulduzlar o‘ychan ko‘zlarini tikib muloyim boqib turishar, onam ertak aytar edi.
1
Toshlar orasiga kirib g‘oyib bo‘lgan baxtsiz qizcha yig‘lab-yig‘lab qo‘shiq aytardi:
Ochil-ochil, oq toshlar-a, Men onamni ko‘rayin-a, Diydoriga to‘yayin-a.
— Men osmondan yulduzimni tanladim. Qarang, oyi, Yetti og‘ayni orasidagi eng yorug‘ yulduz — meniki...
— Mayli, o‘g‘lim. O‘sha yulduz seniki. Anovi to‘rtinchisi — meniki.
— Nega, oyi, to‘rtinchisi eng kichkina yulduz-ku!
— Shuning uchun ham meniki... To‘rtinchi yulduz— yetimcha yulduz. Ko‘rdingmi, yaxshi o‘smay qolgan. Yetimlarga rahm qilish kerak.
Yulduzlar sirli ko‘z qisishar, tillaqoshdek ingichka oy sirli mo‘ralar, shabada sirli shivirlar, sadarayhon bilan tuproq sirli hid taratar, osmon ham, yer ham sirlarga to‘la edi. Goho-goho osmonda birdan yulduz uchib qolardi. Hozirgina yonib turgan yulduz to‘satdan lop etardi-yu, ingichka, nurli iz qoldirib g‘oyib bo‘lardi. Onam cho‘chib tushardi:
— Esiz... Bir bechoraning joni uzildi-ya...
Yuragim shuv etib, onamning pinjiga kirardim. Ishqilib, boshqa yulduz uchmasin! ...Bolaligimni eslasam, iliq yoz kechalari ko‘z oldimga keladi. Bilmadim, ehtimol o‘sha oq, oydin kechalarda onam ilk bor qo‘limga qalam tutqazgan-dir.
Yulduz to‘la osmonga tikilaman. Ehtimol, osmondagi eng yorqin yulduzlar onalarning jonidir. Ehtimol, onalarning so‘ngan yulduzlari birlashib quyoshga aylangandir. Oftobni ona deyishlari, ehtimol, shundandir.