3 - BOB
    
 
        suv quyadi-da, loyini iylab-iylab, o’zini qaytadan yasab, boshqa qiyofaga kirib oladi... Qattiqroq yomg’ir yog’sa, balchiqqa aylanib ketadi-yov!
        Aql va mansab
        Aql bilan mansabga erishishish mumkin. Mansab bilan aqlga erishib bo’lmaydi.
        Yeb to’ymagan-yalab to’ymas
        Qadim zamonda ko’zi ojiz odam bo’lgan ekan. Albatta, ko’zi ojizlik ayb emas... Xullas o’sha odam tirikchiligi tang ahvolda qolgach o’ziga o’xshash so’qir bir tilanchiga shogird tushibdi. Gadoylik hunarining sirini o’rgatishni so’rabdi.
        - Bu hunarning uchta qoidasibor,-debdi ustozi.- Qayerda bo’lsa ham, qancha bo’lsa ham, kimdan bo’lsa ham olaverasan!
        Oradan ko’p yillar o’tibdi. Ustoz tilanchi hammomning issiq xonasida mudrab o’tirsa, yonbosh tomondan ovoz kepti:
        - Xayr qili-i-ing!
        -Esing joyidami?-debdi ustoz tilanchi. –Hammomda ham sadaqa so’raydimi?
        -Qayerda bo’lsa ham!-debdi boyagi ovoz.
        Ustoz tilanchining achchig’i chiqibdi.
        -Qanaqa betamizsan, yalang’och odamda pul nima qilsin?
        - Qancha bo’lsa ham!
        Ustoz tilanchi shogirdining ovozidan tanib qolibdi.
        - Hoy, badbaxt! Kelib-kelib o’z ustozingniham shilasanmi?
        - Kimdan bo’lsa ham!-debdi shogird tilanchi...
        Albatta, poraxo’r tilanchi emas. Poraxo’r avvaliga o’zini tiyib yuradi. “Insof” bilan oladi. Ammo bora-bora qayerda bo’lsa ham, qancha bo’lsa ham, kimdan bo’lsa ham olishga o’rganadi. Va... oxiri hammomga yalang’och kiradi... tag’in kim bilsin... Qarib- churuguncha umrguzaronlik qiladiganlari ham oz emas shekilli.
        O’rtadagi odam
        O’rtadagi odamga havas qilmang. Ham bolg’adan zarba yeydi, ham sandodndan.
        Teskari haqiqat
        Odam qancha ko’p qiziqsa, shuncha ko’p o’qiydi. Qancha ko’p o’qisa, shuncha ko’p biladi. Qancha ko’p bilsa, yashashi shuncha qiyin bo’ladi.
        Savob va gunoh
        Odamzotning tabiati qiziq: o’zining tariqdek savobi-tarvuzdek, tarvuzdek gunohi- tariqdek tuyuladi...
        Aldov
        Biz hammamiz-yolg’onchilarmiz. Ayting, qaysi biringiz aqalli biron marta go’dakka yolg’on gapirmaganman, deya olasiz? Go’dakni aldash eng katta yolg’ondir!
        Hamma ona - bir ona
        Amerika bilan O’zbekiston orasi o’n besh ming chaqirim. Avstraliya bilan Kanada orasi yigirma ming chaqirim. Ammo amerikalik senatorning xotini o’z farzandini o’zbekistonlik dehqonning xotinidan kamroq yaxshi ko’rmaydi. Avstraliyalik aborigen ayol o’z farzandini kanadalik millioner ayoldan ko’proq yaxshi ko’rmaydi.
         15
        
        Buzilgan nikoh
        Uyni qonuniy bo’lishdingiz...
        Mol-mulkni qonuniy bo’lishdingiz...
        Muhabbat bo’laklandi...
        Sadoqat bo’laklandi...
        Bola-chi? Bolani qaysi qonun bilan bo’lashasiz? Onasi bilan bo’lsa, otasiz qolsa. Otasi bilan bo’lsa, onasiz qolsa... Yaxshisi, uniyam ikkiga bo’ling! Bir nimtasi-erga! Bir nimtasi- xotinga!
        Qani ko’taring boltani, bolaning uvoli tutgurlar!
        Eng sayroqi qush
        Bulbulning erkagi sayraydi. Odamning-ayoli.
        Notavon
        U xo’-o’-o’p o’qimishli, xo’-o’-o’p bilmdon, xo’-o’-o’p olim odam. Faqat bitta “juz’iy” kamchiligi bor: chin dildan kulolmaydi, chin dildan yig’lolmaydi...
        Tomsuvoq
        Qishloqda kuz pallasi tomsuvoq qilish udumi bo’lardi. Uning yozilmagan qoidasi bor. Birinchidan, hech kim tomini yolg’iz o’zi suvamaydi:hamma hasharga keladi. Ikkinchidan: beva-bechora, qo’li qisqa xonadonning uyi eng avval tomsuvoq qilinadi.keyin, navbatma-navbat davom etaveradi...
        O’qituvchimizning hashariga ayniqsa ko’p odam yig’ildi. Uyi katta yo’l yoqasida edi. Shundoq ko’cha chetidan loyhandaq qazilgan ekan. Somon, katta yo’lning ko’pchib yotgan tuprog’iga qovushib, obdon yumshabdi. O’qituvchimizning Azim aka degan qo’shnisiishboshi bo’ldi. Birov handaqqa tushib loy soberib turdi, birov paqirlab loy tashiydi, yana birov tomda turib, ilgak bilan tortib oladi, boshqasi hafsala bilan suvaydi... Erta peshindayoq hamma ishni qoyil qilib tashladik. Hovli o’rtasidagi tut tagida ovqatlanib o’tirsak, o’qituvchimning keksa onasi kelib qoldi. (Keyin eshitsak, bir hafta avval ko’zi yorigan qizinikiga ketgan ekan).
        Kampir hassasini do’qqillatib, to’ppa-to’g’ri o’qituvchimizning oldiga bordi.
        - Nima qilding?- dedi o’g’lining salomiga alik ham olmay.- Nima ish qilib qo’yding?! Hammamiz hayron bo’lib qoldik. Muallim o’quvchilarining oldida ayniqsa mulzam bo’ldi, shekilli, qizarib ketdi.
        - Nima qipman, oyi?-dedi ko’zlarini pirpiratib.
        -Dard!-kampir hassasi bilan yerninuqidi.- Sanga qachon aql kiradi, nodon bola!- Keyin azim akaga yuzlandi.- Bu-ku ahmoqlik qilishga qipti, siz qayoqda edingiz? Nega ko’chadan loy qildilaring?! Ko’chaning tuprog’iga tegib bo’ladimi, nobakor! Ko’pchilikning haqi-ku bu!- Bir zum harsillab turdi-da, to’satdan yig’lab yubordi.- Man yurtning haqiga suvalgan tom tagida turmayman!- Shunday dedi-yu, supa labiga borib, ters o’tirib oldi... ... Hammamiz qaytadan tomga chiqdik... Suvoq qilishdan ko’ra loyni ko’chirish qiyin bo’larkan. Bitta qoldirmay, qirtishlab, tomdan tushirdik. Paqirlab tashib, ko’chadagi loyhandaqni to’ldirib qo’ydik...
        ... Oradan yillar o’tib, kampir ko’z yumganida tumonat odam uni o’sha ko’chadan so’nggi manziliga ko’tarib bordi...
        Ko’cha tuprog’i iliq edi... Mayin edi...
        Qarz
        Bolam bemehr chiqdi, deb, ko’p ham o’kinmang. Balki, sizga adolatsizlik bo’lib
         16
        
        tuyulayotgan narsaning o’zi adolatdir... Siz ota-onangizdan olgan qarzni bolangizga berasiz. Bolangiz o’zining bolasiga... Hayot zanjiri uzulmasligi kerak-ku...
        Qizilishton
        Bola edim... Kuz edi... so’rida dars qilib yotibman. Ammam bir burchakda mudrab o’tiribdi... Osmonda mezonlar uchadi. Qondek qizargan tok barglari ohista chayqaladi. O’rik xazonlari unsiz pirpirab to’kiladi. Bog’ tomondan yakkash bir sado keladi: “tuk-tuk- tuk, tuk-tuk-tuk”. G’ashga tegadi. Xayolingni qochiradi... oxiri bo’lmadi, ammamdan so’radim:
        - Nima, u, amma?
        Ammam chochib, ko’zini ochdi.
        - Nimani so’raysan, bolam?
        -Anavi to’qillatayotganni-da, nima o’zi?
        Ammam bir zum quloq solib turdi. Keyin nosini tupurib, jilmaydi.
        - Qizilishton-ku!
        -Nega hadeb to’qillatadi? Jonga tegdi-ku?
        - Unaqa dema, bolam,- dedi ammam xo’rsinib.- Xudo uni shunga yaratgan, daraxtning qurtini yeb tozalaydi...- Uzoq jim qoldi-da, qo’shib qo’ydi.- Qaniydi, Olloh odamzotning ko’nglidagi qurtlarni tozalaydigan shundoq jonivor yaratsa. Hamma jannatga tusharmidi...
        Omonatga xiyonat
        Umr tangrining odamzotga o’lchab bergan omonatidir. Biz esa ko’pincha, uni behuda o’tkazib, omonatga xiyonat qilamiz.
        Yovvoyilar
        Mo’g’ullar Movarounnahrni bosib, qirg’in qilganida bir ayol tirik qolishning yo’lini topibdi. Bosqinchiga aytibdi:
        - Men bahosi yarim jahonga teng bir gavharni yutib yuborganman. Meni o’ldirmay, uch- to’rt kun sabr qilsang...
        Shunda mo’g’ullar o’sha qishloqdagi hamma xotinlarning qornini yorib, gavhar izlagan ekan...
        Sho’rlik yurtim! Ne balolar kechmadi boshingdan!
        Mehr
        Quyosh buloq suviga ham, mag’zavaga ham baravar nur sochaveradi. Yer chuchmomani ham, chaqirtikanakni ham baravar o’stiraveradi.
        ... Ota-onaga bolaning yaxshi-yomoni yo’q...
        Ilon
        Ko’p yillar avval Missisipi sohillarida dunyodagi eng katta ilon-anakondani tutib o’ldiribdilar. Uzunligini o’lchayman, deb harchand urinsa ham eplay olmabdilar. Ilonning jasadi, nuqul buklanib qolarmish...
        Odamlar ham qiziq. Muttasil egri yurgan mahluq o’lganidan keyin to’g’ri bo’ldi nima-yu, bo’lmadi nima?
        Yo’qchilik va to’qchilik
        Bir narsaga hech tushunmayman: kitob o’qiydiganlarda pul yo’q. Puli ko’plar kitob o’qimaydi.
         17
        
        Tebranma dunyo
        Mehr-yaxshilik, qahr-yomonlik belgisi, degan gap bor...
        Teskarisi bo’lsa-chi?
        Tasavvur qiling. Bir nomard, begunoh odamni o’ldirdi. Siz mehr ko’rgizib, uni jazodan saqlab qoldingiz. U ertasiga boshqa bir begunohni o’ldirdi. Sizning mehringiz yaxshilikka emas, yomonlikka sabab bo’ldi...
        Dunyoda soat kapgiridek tebranib turadigan haqiqatlar ham bo’ladi...
        Ildiz
        Nuqul o’tmishidan noliydigan odam kelajagini barbod qilishi mumkin. O’z ildizini inkor qilgan daraxt qurib qoladi.
        O’lchov
        Umr o’lchovi yolg’iz Ollohga, mazmuni esa ko’p jihatdan insonning o’ziga bog’liq.
        Bolalik va keksalik
        Bolalikda dunyo keng-u kiyim tor. Keksayganda kiyim keng-u dunyo tor...
        Odob
        Farzandga oson tutmang. Otaning yuziga tik qarolmaydi. Otaga oson tutmang. Farzandiga dardini ayta olmaydi.
        Aql yoshda emas
        Yoshligida aqli raso odam keksayib, “annaqaroq” bo’lib qolishi mumkinmi-yo’qmi, unisini bilmadim-ku, ammo yoshligida “annaqaroq” odam keksayganda aqli raso bo’ladi, desalar... Bilmadimov.
        Tiriklar va o’liklar
        Vaqti-vaqti bilan qabristonga borasiz. Ajdodlaringiz boshida turib o’tganlar ruhini xotirlaysiz... Keyin... o’z yumushingiz bilan ketasiz.
        Shoshilmang. Dunyo ishi bitganmas... iloji bo’lsa, qabristonni osoyishta aylaning. Shunda... g’alati holat ro’y beradi. Marhumlar sizga ko’-o’-o’p narsalarni aytadi... Ishoning, o’liklar tiriklardan ko’ra teranroq fikrlaydi...
        Ne’mat
        Ayollar! Yig’lab ko’nglingizni bo’shatishdek ne’matni ato etgani uchun Yaratganga shukronalar qiling!
        Majnuntol va qamish
        Majnuntolning bosh egib sukut saqlashi donoligi va chayirligidan.
        Qamishning g’oz turib shovullashi nodonligi va mo’rtligidan... qiziq, ikkalasi ko’pincha yonma-yon o’sadi...
        Nur va soya
        Olloh insonni eng mukammal, eng mukarram zot qilib yaratgan. Bas shunday ekan, yomon odamlar qayoqdan paydo bo’ladi?
        Nachora nur bor ekan, soya ham bo’laveradi. Buyog’I o’zingizga bog’liq: xohlang nur bo’ling, xohlang-soya...
         18
        
        Oy va quyosh
        Oy quyoshdan nur oladi. Quyosh qancha yorqin porlasa, oy shuncha tiniqlashadi. Erkak qancha mehr bersa, ayolning husni shuncha ochiladi...
        Jinoyat
        O’z ko’nglidagi mehrni o’ldirish odam o’ldirishdan og’irroq jinoyatdir. Negaki har qanday razillik bemehrlikdan boshlanadi.
        Boy va kambag’al
        Boy gerdaysa-salobat. Kambag’al ta’zim qilsa-xushomad.
        Boy gapirsa-donolik. Kambag’al sukut saqlasa-nodonlik.
        Boy “Mersedes” olsa-kamtarlik. Kambag’al velosiped olsa-manmanlik. Boy jinoyat qilsa-“sho’xlik”. Kambag’al sho’xlik qilsa-jinoyat.
        Boy o’lsa-motam. Kambag’al o’lsa-“bandalik”...
        Amalparast
        Echkidek amalga mingan edi, fil ustida o’tirgandek bosar-tusarini bilmay qoldi. Amaldan tushganida fildan yiqilganidek suyaklari sochilib ketmasa deb qo’rqaman!
        Mahalliychilik
        Mahalliychilik-millatchilikning nikohsiz tug’ilgan bolasi, shovinizmning nikohsiz tug’ilgan nevarasidir!
        Biri kam dunyo
        Bola tug’dirganlarning hammasi ham Ota bo’lavermaydi. Bola tuqqanlarning hammasi ham Ona bo’lavermaydi. Bolaning hammasi ham farzand bo’lavermaydi...
        Ustoz
        Ustoz otangdan ulug’, deganlari bejiz emas, Ota hayot beradi. Ustoz esa yashashga o’rgatadi. Tug’ilish oson, yashash qiyin...
        Husn
        Yo’lbars boshqa ov topolmasa, daraxtning pastak shoxiga qo’nib turgan tovusni dumidan tutib yer ekan... Ortiqcha husn boshga bitgan balo bo’ladi, deganlari shu bo’lsa kerak...
        Ilg’or tajriba
        Odamlar “bozor munosabati” ni baliqdan o’rgangan. Kattasi kichigini yeyaveradi...
        Adolat
        Adolat bitta bo’ladi, deyish soddalikdir. Adolatning qiyofasi ming xil bo’lishi mumkin. Bu- unga qayoqdan qarashga bog’liq.
        Xazina
        Dunyoda eng bebaho, ammo hamisha tekinga tarqatiladigan xazina bor. Bu- Ona mehri...
         19
        
        Do’st
        Do’st degani daraxt yaprog’iga o’xshaydi. Bahor chog’i-behisob. Kuz kelganda-sanoqli. Yoshlik chog’i-behisob. Keksayganda-sanoqli...
        Vatan tuyg’usi
        Qaysi yurtda non arzonroq bo’lsa, o’sha yerga ko’chib yuradigan odamda Vatan tuyg’usi bo’lmaydi.
        Dono va nodon
        Dono nodondan o’zini bir pog’ona quyi tutsa, hayron bo’lmang. Taroning yukli pallasi bo’sh palladan pastroqda turadi.
        Orzu
        Qani endi, qaytadan go’dakka aylanib qolsang-da, o’ylaganingni qo’rqmasdan aytaversang.
        FARZANDLARIMGA O'GITLAR
        Uchrashuvlarda bir savolni ko’p berishadi:
        “O’zingiz uchun eng qimmatli asar qaysi?”
        Ko’pincha yarim hazil bilan javob qilaman:
        “Mening ikkita qimmatli “asarim” bor: biri-o’glim, biri-qizim!”
        Senlar menga Xudo bergan eng bebaho boyliksan... Shu bois, diqqat bilan eshit!
        ***
        Bir narsani orzu qilaman.
        Bu dunyoda men qilgan yaxshi ishlardan aqalli bitta ko’proq yaxshilik qilsang... Bu dunyoda men qilgan xatolardan aqalli bitta kamroq xato qilsang...
        ***
        Hech qachon Osmonga tupurma! Osmon qahrli. Tupuging yuzingga qaytib tushadi! Hech qachon Yerga tupurma! Yer mehrli: tupuging yuzingga sachraydi. Ammo shu Yer seni ko’ksida ko’tarib yuradi!
        ***
        Iloji bo’lsa, mening kasbimni tanlama. Yozish qiyin. Haqiqatni yozib, barchaga baravar ma’qul qilish undan ham qiyin...
        ***
        Yomonning yaxshisi bo’lgandan yaxshining yomoni bo’l. yomondan-yomonlik yuqadi. Yaxshidan-yaxshilik.
        ***
         20