Munofiq
Onasini behurmat qilgan odam qo’shni kampirni yaxshi ko’raman desa, ishonmayman. O’z xalqining tilini, madaniyatini, tarixini hurmat qilmagan odamboshqa xalqlarningtilini,madaniyatini, tarixini hurmat qilaman, desa ishonmayman.
“O’zbek ishi”
Osmon baravar plan berdilar. -Bajarasan!-dedilar. -Bajarolmayman,-dedi. -Bajarasan!!- dedilar.
- Bajarmayman!!-dedi.
-Qamalasan!!!-dedilar .
Bajardi... Bola-chaqasi ko’p edi...
Orden berdilar... Planni oshirib bajargani uchun...
Keyin... qamadilar... Qo’shib yozgani uchun... Bola-chaqasi ko’p edi...
Nigilist
Millatchilik juda xavfli illat. Milliy nigilizm esa undan ham xatarli. Millatchi qo’shnisini yomon ko’radi. Milliy nigilist esa o’zini ham yomon ko’radi!
Ona tili
Qancha ko’p tilni bilsangiz, shuncha yaxshi. Biroq odam ona tilida tafakkur qiladi,ona tilida tush ko’radi, ona tilida yig’laydi... o’lim oldida onasini ona tilida yo’qlaydi...
O’jar
Haqiqatni mayib qilish mumkin, ammo o’ldirib bo’lmaydi!
Ozchilik va ko’pchilik
“ Ozchilik ko’pchilikka bo’sunadi!” yoqimli shior! Ommabop shior!
Faqat... xudo haqqi, bir narsani hech tushunolmayman: dunyoda donolardan ko’ra nodonlar, iste’dodlilardan ko’ra iqtidorsizlar hamisha ko’proq bo’lgan. Demak... Uzr... uyog’iga aqlim yetmay qoldi...
Afsona
Qadimiy turkiy afsona bor. Emishki, Olloh Arshi a’lodan Yerga tushibdi. Qarasa, kimsasiz orolda bir tola tuk yotgan emish. “Mayli,-debdi karami keng Xudo.-Shunga ham jon ato eta qolay”. O’sha zahoti jonsiz tuk odam qiyofasiga kiribdi. Odam bunday qarasa, Ollohning qudrati beqiyos emish: xohlasa jonlini bejon qiladi, xohlasa bejonga jon ato etadi. Odam o’ylab qopti. Nega Xudo xohlagan ishini qilishga qodir-u, men qilolmayman? Nimam kam undan?!
... Shunday qilib, Odamning ko’nglida hasad degan qora niyat paydo bo’libdi. Ollohning qahri kelib, farmon qilibdi:
“ Odamzot mengaki hasad qildimi, bir-biriga omonlik bermaydi. Hasadgo’y do’zaxga kunda bo’lsin!”
O’sha-o’sha do’zax lang’illab yonarmish.
8


Nisbiylik
Olam shu qadar kengki, xayolan ham qamrab ololmaysan. Olam shu qadar torki, olgan nafasing aks-sado beradi...
“Yaxshiga kun yo’q..”
Xalqimiz: “Yaxshiga kun yo’q, yomonga o’lim”, deydi. Haq gap! Yomonlar yaxshilarni o’ldirib, ularning umrini ham o’zinikiga qo’shib oladi. Shuning uchun uzoq yashaydi.
To’rt toifa
Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan do’st-shunchaki do’st. Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan, boshingga bulut kelganida g’oyib bo’ladigan do’st-do’st emas.
Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan, boshingga bulut kelganida xiyonat qiladigan “do’st”- dushman.
Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan quvmaydigan, boshingga bulut kelganida izingdan qolmaydigan do’st-haqiqiy do’st.
Oliy jazo
Afrika qabilalaridan birida jinoyat qilgan odamni sazoyi qilish, qamab qo’yish, qatl etish degan gaplar yo’q ekan. Tanho o’zini qabiladan haydab yuborisharkan, xolos...
Tush
Boshimga tashvish tushsa, bir narsadan qattiq siqilsam, onam tushimga kiradi. Quvonchli damlarda esa, xohlasam ham na onamni, na otamni tushimda ko’rolaman... Qiziq...
Halol va harom
Ba’zilar “halol va harom” deganda “ yeb-ichish mumkin bo’lgan va yeb-ichish mumkin bo’lmagan” narsani anglaydilar... yuzaki tushuncha! Aslida bu- “qilish mumkin bo’lgan va qilish mumkin bo’lmagan” amallar degani hamdir...
Bilasiz: non eng tabarruk ne’mat. Biroq nopok yo’l bilan topilgan non ham harom! “Noningni halollab ye”, degan gap bejiz aytilmagan.
Odat
Ishdan nega kech kelganingizni surishtirsa, hayron bo’lmang.
Bo’yinbog’ingizni yechishga ko’maklashish bahonasida yoqangizni hidlab ko’rsa, hayron bo’lmang.
Majlisda nima masala ko’rilganini so’rasa, hayron bo’lmang.
Majlisda necha kishi qatnashganligini so’rasa, hayron bo’lmang.
Kimning yonida o’tirganingizni so’rasa, hayron bo’lmang.
Telefoningizning rangi qanaqaligini so’rasa, hayron bo’lmang.
Necha kishi qo’ng’iroq qilganini so’rasa, hayron bo’lmang.
Qayerda tushlik qilganingizni so’rasa, hayron bo’lmang.
Bufet nechanchi qavatdaligini so’rasa, hayron bo’lmang.
Nima ovqat yeganingizni so’rasa, hayron bo’lmang.
Bufetchining yoshi nechadaligini so’rasa, hayron bo’lmang.
Sizga choyni qaysi qo’li bilan uzatganini so’rasa, hayron bo’lmang!
Boringki, oftob qaysi tomondan chiqqanini so’rasayam hayron bo’lmang. Qiziquvchanlik-ayolning tabiiy odati!
9


Kuch va adolat
Adolat Kuchga bo’sungan yurt-vayron yurt. Kuch adolatga bo’ysungan yurt-bo’ston yurt.
Yaxshilik va yomonlik
O’z fursatida qilinmagan yaxshilik- yomonlikka yo’l ochishi mumkin.
Ketmas boylik
Menda bir so’m bor. Sizda ham bir so’m bor...
Men sizga o’zimning pulimni berdim.
Siz ham menga o’zingizning pulingizni berdingiz...
Hech nima o’zgarmadi. Sizda ham bir so’m pul qoldi, menda ham... ... Menda yangi bir fikr bor. Sizda ham yangi fikr bor...
Men sizga yangi fikrimni aytdim. Siz ham menga yangi fikringizni aytdingiz... Sizda ham ikkita fikr paydo bo’ldi, menda ham...
Esli odam pul almashmaydi. Fikr almashadi.
Sevgi
Avvaliga bir-birlarini tanimas edilar. Ularni sevgi degan g’aroyib kuch topishtirdi. Ular ana shu kuch sehriga maftun bo’lib qoldilar.
Ajab, Sevgi hech qachon yolg’iz yurmas ekan. Unga Hijron degan alanga ergashib keldi. Ular ana shu alanga otashida baravar kuya boshladilar.
Nihoyat, Hijron alangasi so’ndi-yu, sevgi Visol degan entiktiruvchi tyyg’uni yetaklab keldi. Endi ular baxtiyor edilar.
Ajab, Sevgi hech qachon yolg’iz yurmas ekan. Endi I Sinov degan to’siqni yetaklab keldi. Agar ular Sevgining qo’lidan mahkam tutishganida bu to’siqdan o’tishlari mushkul emasdi. Ammo bunday bo’lmadi. Ular sinov oldida chekindilar.
O’rtada Shubha, Rashk degan sharpalar o’rmalab qoldi. Shunda ular o’zlarini topishtirgan Sevgiga ilk bor ta’na toshi otdilar.
Sevgi shunda ham ularni kechirdi. Sabot, Mehr degan kuchlarga oshno qilishga urindi. Ammo ular Sabotni ham, Mehrni ham unutdilar. O’zlarini topishtirgan Sevgi degan “yovuz kuch” ga la’nat aytdilar!
Shunda... Ularning qismatiga Xiyonat kirib keldi! Ular Sevgini ayblay-ayblay, oxiri... ajrashdilar...
Qismat chorahasida esa uchta begunoh go’dak chirqillab qoldi. Besh yashar o’g’il, uch yashar qizaloq va... yetim qolgan Sevgi...
Burch
Hatto bulbul ham bola ochganidan keyin sayrashni bas qilib, polaponlariga yemish tashiydi.
Mushuk
O’zi itdan qochib, daraxtga chiqib oladi-da, tag’in qushlarga dag’dag’a qiladi... qo’rqoq shallaqi bo’ladi!
Olim va shoir
Hech nimaga hayron qolmaydigan odamdan olim chiqadi. Hamma narsaga hayratlanadigan odamdan Shoir chiqadi!
10


Bozor iqtisodi
Kecha kolxozda ketmon chopib, biri ikki bo’lmagan dehqon bugun yer olib, bola-chaqasi bilan gullatib qo’ysa-yu, qaddini kerib yursa, quvonaman.
Omadini bersin! Bu – bozor iqtisodi!
Kecha zavoddan olgan maoshini qay biriga yetkazishini bilmay rangi sarg’ayib yurgan injener bugun qo’shma korxona ochsa-yu, nest-nobud bo’lib yotgan mevalardan sharbat olib boyib ketsa, yana quvonaman.
Qandini ursine! Bu-bozor iqtisodi!
Kecha katalakdek xonaga tiqilib, “eskilik sarqiti” –beshik va sandiq yasagani uchun nalugchidan baloga qolib yurgan hunarmand bugun kattakon sex ochsa-yu, rohatini ko’rsa, tag’in bir bor quvonaman.
Baraka topsin! Bu bozor iqtisodi!
Kecha alifni kaltak deyolmay o’qituvchisidan dakki eshitgan va oxir-oqibat “xudosizlar jamiyati”da qo’nim topgan notavon bola bugun “biznesmen”bo’lsa-yu, xususiy samolyot sotib olsa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi.
Kecha buyuk ixtirolar qilgan olimning iste’dodli shogirdi bugun ilmini tashlab, tadbirkorga aylansa-yu, papkasiga “delavoy shartnoma” solib, zipillab yursa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi!
Kecha yurak qoni bilan doston yozgan shoir bugun o’sha dostoniga qalam haqi olsa-yu, puli mashinka haqiga yetmasa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi!
Kecha unvon olish uchun yugura-yugura betob bo’lib qolgan chalasavod “hofiz” bugun “otarma-otar” yursa-yu, “Yaguar” mashinasida kataysa qilsa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi!
Kecha bitta rostga bitta yolg’on qo’shmasakuni o’tmagan eshak bozorining daloli bugun “zamonaviy broker”ga aylansa-yu, uch qavatli “dacha” solsa, hayron qolmayman.bu ham bozor iqtisodi!
Ammo kecha alifni kaltak deyolmagan ateist bugun ming kishini to’plab “amri-ma’ruf” qilsa-yu, unga dashnom bergan o’qituvchisi choy tashib yursa, hayratlanmay iloj yo’q! O’sha o’qituvchi ertasiga maktabni tashlasa-yu, “Ippadrom”ga chiqib sigaret sotsa, hayratlanmay ilojim yo’q!
Kecha buyuk ixtirolar qilgan olim, bugun eng yaxshi shogirdidan ayrilgani uchun ma’yuslanib bekatda tursa-yu, “kontrakt” bilan o’qishga kirgan birinchi kurs talabasi “inomarka”sida unga loy sachratib o’tsa, hayratlanmay ilojim yo’q.
Olim shu ahvolda tramvayga chiqishdan iymanib, uyiga piyoda ketsa, hayratlanmay ilojim yo’q!
Kecha eshak bozorida dalllollik qilgan “zamonaviy broker” bugun uch qavatli dachasini “yuvsa-yu”, chalasavod “hofiz” bir soat “hangragani” uchun boshidan dasta-dasta “ko’ki” dan sochsalar...
Davraning bir burchida o’tirgan shoir yurak qoni bilan yozgan g’azallari tuproqqa qorishganidan ko’ngli o’ksib izdihomdan bosh egib chiqib ketsa, hayratlanmay ilojim yo’q!
O’sha davraning yana bir burchida xuddi shu “hofiz”ni bir tiyin ta’masiz davolagan do’xtir ham o’tirgan bo’lsa-yu, “otarchi” unga ko’zi tushib “iya, sizam shu yerdamisiz, doxtir?” deb piching qilsa...
Do’xtir esa, “ertadan boshlab o’likdan kafanlik tilaganim bo’lsin!” deb qasam ichsa... Hayratlanmay ilojim yo’q!
Bunaqa bozorga o’t tushib, alangasi osmonga chiqsin!!
11


Paxtakor
Ko’ngli- paxtasidek oppoq. Fe’li-paxtasidek yumshoq. Mehri- paxtasidek qaynoq... faqat bitta aybi bor: “paxta qo’yish”ni bilmaydi.
Kapalak va toshbaqa
Toshbaqa guldan-gulga qo’nib yurgan kapalakni ko’rib g’ashi keldi. “Bir kunlik umriga uchishini qara!”
Kapalak toshbaqani ko’rib kuldi.
“Yuz yillik umriga sudralib yurishini qara!”
Ko’ngil
Odam hamma narsaga to’yishi mumkin. Boylikka... Amalga ham... Shon-shuhratga... Xudoning o’zi kechirsin-ku, hatto... hayotga ham... Qarib-churiganida “omonatingni ola qol, yaratgan Egam”, deydiganlar, chin dildan gapiradi...
Odam hamma narsaga to’yishi mumkin. Faqat bir narsaga-Mehrga to’ymaydi. Bu masalada shohu-gado barobar.
Holbuki, dunyoda bundan arzon narsa yo’q.. bir og’iz shirin So’z, bir chimdim Mehr kimni o’ldiribdi! Biz esa shuni ham bir-birimizdan ayaymiz...
Sharq fojiasi
Sharq ayoli bir qadar zabun bo’lgan.
G’arb ayoli bir qadar erkin bo’lgan.
Sharq podshosining harami bo’lgan. Haramda rasman tan olingan kanizaklar bo’lgan. Xohlasa o’nta, xohlasa qirqta...
G’arb qirolining harami bo’lmagan. Ammo uning rasman tan olingan jazmanlari- favoritkalar bo’lgan. Xohlasa o’nta, xohlasa qirqta.
Sharqda to’rt nikohga ruxsat berilgan.
G’arbda bitta nikoh tan olingan.
Sharqda to’rt xotinning har biri o’z bolasini taxtga da’vogar qilib tarbiyalagan. G’arbda o’nlab favoritkalarning birontasi bolasini taxtga da’vogar deyishga haqqi bo’lmagan.
Sharqda ne-ne saltanatlar o’gay aka-ukalar o’rtasida xomtalash bo’lib, parchalanib ketgan.
Ga’rbda bu muammo bo’lmagan...
Xulosa: G’arb qiroli bir qadar dono, ayollar esa bir qadar erkin va... anchayin soda bo’lgan. Sharq podshosi bir qadar soda, ayollar esa bir qadar zabun va ... anchayin makkor bo’lgan!
Sharqning eng katta fojiasi-rasman qonunlashtirib qo’yilgan ko’p xotinlilik!
Qoida
Baliq boshidan sasiydi. Ammo uni dumidan tozalaydilar.
Charxpalak
Maktabimiz biqinida ariq oqardi. Ariqda charxpalak bor edi. Katta tanafufusda charxpalakni tomosha qilishni yaxshi ko’rardim... yog’och gardishi ko’hna, temir paqirchalari zanglab ketgan. Parraklariga ko’kimtir suv o’tlari yopishgan... birov yolg’ondan turtib yuborsa, rostdan qulab ketadigandek... charxpalak nolali g’iyqillab aylanadi. Kaftida suv ko’tarib, yuqoriga olib chiqadi... tepaga chiqib olgan suv ortiga qaytmaydi... charxpalak ham bunga ranjimaydi. Yangidan-yangi suv tomchilarini
12


yuqoriga ko’tarib beraveradi... ng’iyqillaydi...
Oradan ko’p yillar o’tib, o’sha charxpalak tushlarimga kiradigan bo’ldi. Nega shunday bo’lganini uzoq o’yladim...
So’ng... bir haqiqatni angladim. Men charxpalakni emas, ustozlarimni qo’msar ekanman. Suv-suv emas, men ekanman! Charxpalak- charxpalak emas, o’qituvchilarim ekan! Meni-bir tomchi suvni katta hayot yo’liga olib chiqib qo’ygan ustozlarim-charxpalak zahmatini oqlay oldimmikan?... Bilmadim.
...Ko’hna charxpalak hamon tushlarimga kiradi...
Bozor va mozor
Bozorda hayot qaynaydi... mozor esa marhumlar makoni...
Bozorda shoh-shoh, gado-gado. Mozorda esa shoh-u gado barobar...
Bozorda kun-u tun shovqin tinmaydi. Mozor esa sukunat maskani...
Bozor bilan Mozor bir-biridan naqadar uzoq...
Lekin...
Aqli raso odam hech qachon Bozorni buzmaydi. Aqli raso odam hech qachon mozorni ham buzmaydi...
Aqli raso odam qay yurtga bormasin, bozorni aylanadi. Aqli raso odam qay yurtga bormasin Mozorni ham aylanadi. Bozorga kirib, bu yurtning moddiy boyligini ko’radi. Mozorga kirib, ma’naviy boyligiga baho beradi...
Bozor bilan Mozor bir-birdan naqadar uzoq. Bozor bilan Mozor bir-biriga naqadar yaqin!
Bayram chechaklari
Bugun bayram. Ko’chalar gavjum. Sho’x- sho’x kuylar yangraydi.guras-guras odamlar o’tadi. O’yin-kulgi, shodon shovqin bahor osmonini titratadi.
Shundoqqina yo’lka chekkasida o’tirib olgan bolakay ovozi boricha hayqiradi:
-Gul! Kep qolinglar, gul! Atirgul. Bayram gullari!
Uning oldida bir savat gul quyosh parchasidek tovlanadi.
Gullar har xil: oq, qizil, pushti...
Odamlar kelib gul olishadi.
Nariroqda to’nkarilgan eski paqir ustida o’tirib, rediska sotayotgan xotin ora-chora bolaga tanbeh berib qo’yadi:
- Izdachisini berdingmi, a’zam? Pulingga ehtiyot bo’l!
Bolakay hamon hayqiradi:
- Kelinglar! Gul olinglar. Gul!
... Bolalik yillarimni eslayman. To’rt aka-uka edik. Dadam hammamizni baravar kiyintira olmagani uchun, bayramga birimizga yangi do’ppi, birimizga botinka, yana birimizga ko’ylak sovg’a qilardi. Biz bayram kelishini orziqib kutar, shungacha yangi kiyimlarimizni har kuni bir-birimizga ko’z-ko’z qilar, ammo kiymas edik.
Bayram kuni shaharga tushardik. Go’yo hamma bizning yangi do’ppimizga, ko’ylagimizga havas bilan qarayotgandek tuyulardi.
... Bugun bayram. Odamlar guras-guras o’tadi. Chiroyli kiyingan bolalar shovqin solib yugurishadi.
Gulchi bolakay hamon qichqiradi:
- Gul olinglar, gul!
Boyagi xotin yana tanbeh beradi:
- Pulingga qara, pulingga!
Bugun bayram. Qara, hammayoq bayram! Sen qachon bayram qilasan, bolajon?! Hoy, pul joningni olgur xotin, ayt, u qachon bayram qiladi?!
13


Mevali daraxt
Mevali daraxt o’ziga ishongani uchun yonida yangi nihol o’sib chiqsa, quvonadi. To’nka o’ziga ishonmagani uchun niholga g’ashlik qiladi. Biroq u xohlaydimi-yo’qmi, nihol o’saveradi!
Erk
Inson tabiati shu: hamma erkni orzu qiladi. Hamma ozodlikka intiladi. Shunaqa-ku...
... Hech o’ylab ko’rganmisiz? Nima uchun Yer kurrasi o’z o’qi atrofida nuqul bir tomonga qarab aylanadi? Bugun bir tomonga, ertaga boshqa tomonga aylansa, nima bo’lardi? Nima uchun Yer o’z o’qi atrofida 24 soatda bir aylanadi? Bugun 24 soatda, ertaga 30 soatda aylansa nima bo’lardi?
Nima uchun Zamin Quyosh atrofini uch yuz oltmish besh kun-u, olti soatda, ikkinchi yili ikki yuz kunda aylansa nima bo’lardi?
Nima uchun Yer kurrasi har yili 22-dekabrda Quyoshga yaqin masofaga boradi, 22- iyunda Quyoshdan eng uzoq masofaga ketadi. Shundayam keragidan ortiq yaqin ham bormaydi, keragidan ortiq uzoq ham ketmaydi?
Bu qonunlarni, aniqrog’i, qonuniyatlarni kim yaratgan?
Olloh emasmi?
Inson esa Ollohning bandasi emasmi?
Mutloq erkin orzu qilish Tangriga ham xush kelmaydi...
Ilk muhabbat
Ilk muhabbat bahor osmonidagi bulutga o’xshaydi. Oppoq. Pokiza. Shaffof... Na qo’lingiz bilan tutasiz. Na ortidan yugurib yetasiz... Shamol uni qayoqqa olib ketishini ham bilmaysiz...
Birinchi muhabbat ko’pincha natijasiz tugashi balki shundandir...
Sinov
Bir narsani ko’p kuzatdim. Ona ovqatga o’tirgan zamon chaqaloq yig’layveradi. Keksalar, bunaqa paytda bolani shayton chimchilaydi, deydilar. Bilmadim... Xudoning o’zi kechirsin-ku, menimcha gap shaytonda emas. Bu- tangrining ona mehrini sinash usullaridan biri bo’lsa ajabmas...
Sham yonmasa..
Erkak bilan ayol munosabatida aybni nuqul erkakdan izlash insofdan emas. Sham yonmasa, parvona yaqin kelmaydi.
Qirq jon
Xotin kishining joni qirqta bo’ladi, desalar ajablanmang. Negaki u bitta jonni o’ziga olib qolib, o’ttiz to’qqiuztasini farzandlariga beradi...
Sodda va buyuk
Qadimgi musavvirlar farishtani g’odak qiyofasida tasvirlagani bejiz emas. Bola shu qadar soddaki, biz uning darajasiga tusha olmaymiz. Bola shu qadar buyukki, biz uning darajasiga yetolmaymiz!
Qo’g’irchoq
Bu odam loydan yasalgan qo’g’irchoqqa o’xshaydi. Zamon sal o’zgarsa, boshidan jinday
14