ORZU YO‘LIDAGI TO‘RT TO‘SIQ
“Sofiya” nashriyoti chop etgan “Alkimyogar” romanining birinchi nashrini qo‘lga olib, chin
dildan quvondim. Bir necha yil mobaynida rossiyalik tashabbuskor kitobxonlar bu kitobni
imkon darajasida yoyishga urinishdi— Internetga joylashdi, qo‘lbola kitob shaklida
tayyorlab almashib o‘qishdi, asar matnining fotonusxasini chiqarishdi. Biroq barcha sa’yharakatlarga qaramay, turli bahonayu sabablar bois, hozirgacha “Alkimyogar”ni kitob
tarzida nashr etib, bozorga olib kirishning iloji bo‘lmagan edi.
Mana, nihoyat uni nashr qilib, talab darajasida tarqatishga jur’at etadigan nashriyot
chiqib qoldi. Romanda hikoya qilingan cho‘pon bola Santyagoning sayohati bilan bog‘liq
voqealar asosida yotgan tub ma’no-mazmun— bu “O‘z Taqdiring” tushunchasidir. “O‘z
Taqdiring” nima degani? Bu Xudo tomonidan bizga buyurilgan, umrimiz mobaynida ado
etishimiz lozim bo‘lgan oliy majburiyat, har qaysimizning bosib o‘tadigan o‘z yo‘limizdir.
Biz har safar biror-bir amalni quvonch va hafsala bilan bajarganimizda, O‘z Taqdirimizga

mos tarzda ish tutgan bo‘lamiz. Biroq yorug‘ orzu-niyatlarga peshvoz chiqishday baxtga
erishmoq uchun bu yo‘ldan matonat bilan o‘tish har kimga ham nasib etavermaydi.
Xo‘sh, nima uchun hammaning ham istak va orzulari ushalavermaydi?
Bunga to‘rtta to‘siq xalal beradi. Birinchisi shundan iboratki, go‘daklik paytdayoq,
hayotda erishishni juda istagan narsalarga intilganimizda, yo‘q, bu narsalarga erishib
bo‘lmaydi, degan gapni quloqqa quyib qo‘yishadi. Bola: harchand urinmay, baribir o‘zim
xohlagan narsaga erisholmayman, degan fikr bilan ulg‘ayadi. Shu tariqa, yillar
mobaynida qalbida turli xil shubha-gumonlar va qo‘rquvlar ildiz otadi, umidsizlik va
aybdorlik tuyg‘usi kuchayib boradi. Va bir kun kelib, O‘z Taqdirini yashash istagi shu
og‘ir yuk ostida qolganini anglaganda, o‘ziga in’om etilgan oliy imkonni yo‘qotib
qo‘yganday tuyuladi. Biroq aslida bu imkon uning qalbida yashayotgan bo‘ladi.
Shunga qaramay, kishi qalbi tubidagi orzu-niyatini yuzaga chiqarishga, amalga
oshirishga bel bog‘lab kirishguday bo‘lsa, uni yana bir sinov kutadi: bu— sevgi, mehrmuhabbatdir. Kishi hayotda nimaga erishmoqchi ekanini yoki qanday sinovlarga bardosh
bera olishini biladi, biroq orzusiga yetish uchun hamma narsadan voz kechsa, oqibatda
o‘z yaqinlariga ozor yetkazib qo‘yishdan qo‘rqadi. Inson mehr-muhabbatning orzu yo‘lida
to‘siq emasligini tushunmaydi, zotan, sevgi xalal bermaydi, balki aksincha, harakatga
rag‘bat uyg‘otadi. Faol insonga chindan yaxshilikni ravo ko‘radigan, unga doimo
yelkasini tutishga shay odam uni tushunishga va qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘ladi.
Kishi sevgining to‘siq emas, balki tayanch ekanligini anglab yetgan chog‘da, unga
uchinchi to‘siq xavf soladi: bu— omadsizlik va mag‘lubiyatlardan qo‘rqish tuyg‘usi. O‘z
orzulari yo‘lida kurashayotgan odam boshqalardan ko‘ra kuchliroq zahmat chekadi,
harakatlari zoe ketayotgan damlarda esa u, odatdagiday, “bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab
ketar”, degan maslakka iyak suyamaydi. Aslida ham, u aynan orzu yo‘liga o‘zini
butunlay baxshida etganini anglaydi. Shuningdek, u O‘z Taqdiri belgilagan yo‘l barcha
yo‘llar kabi mashaqqatli ekanini anglaydi. Oradagi farq shundaki, u tanlagan yo‘l olib
boradigan manzil o‘zgacha— bu manzilda yurak javhari mavjuddir. Shu bois Nur Askari
eng og‘ir damlarda suv va havodek zarur sabr-qanoatga ega bo‘lishi va doimo borliq
Olam chorasiz, o‘ta tang vaziyatlarda ham uning orzulari amalga oshishiga yordam
berajagini yodda tutmog‘i kerak.
Siz: bu yo‘lda mag‘lubiyatlarning, omadsizliklarning ham nafi tegadimi, deb so‘rarsiz.
Nafi bormi, yo‘qmi, bundan qat’i nazar, ular ro‘y beradi. Inson o‘zining orzu-istaklari
yo‘lida kurashni boshlagan paytda, tajribasizligi tufayli, ko‘plab xatoliklarga yo‘l qo‘yadi.
Biroq borliqning mohiyati ham shunda-da, yiqilganni yer ko‘taradi, deganlaridek, necha
bor yiqilmang, har gal oyoqqa turib olish zarur.
Modomiki, bizning boshqalarga qaraganda ko‘proq aziyat chekishimizga to‘g‘ri kelar
ekan, O‘z Taqdir yo‘limizdan yurishimiz shartmi, deb so‘rashingiz mumkin.
Bu shuning uchun ham zarurki, omadsizliklar va mag‘lubiyatlar ortda qolgach— ular
oxir-oqibat baribir ortda qoladi,— biz to‘la-to‘kis baxt tuyg‘usini anglab yetamiz va
o‘zimizga ishonchimiz yanada ortadi. Qalbimizning tub-tubida boshimizdan kechirgan
g‘aroyib hodisalarga munosib ekanimizga ishonch hosil etamiz. Hayotimizning har bir
kuni, har bir soati— bu Sharafli Jang daqiqalaridir. Vaqt o‘tishi bilan biz hayotning har
bir lahzasini quvonch bilan qabul qilish va undan huzur-halovat tuyushni o‘rganib
boramiz. Kutilmaganda boshimizga tushadigan og‘ir g‘am-qayg‘u chidasa bo‘ladiganday
tuyuladigan, nisbatan yengil tashvishlarga qaraganda tezroq o‘tadi: nisbatan yengil
tuyulgan mushkulotlar bir necha yillarga cho‘zilishi mumkinki, ular o‘zining og‘ir
asoratlarini qoldirgancha, eng oxirgi nafasimizgacha hayotimizga soya solib, qalbimizni
muttasil, sezdirmay kemiradi.
Xullas, inson qalbi tubidagi orzu-niyatlarini yuzaga chiqarish yo‘lida kechgan
mashaqqatli kurashlarning yurakda qoldirgan jarohatlari izini payqamay, yillar
mobaynida umidini yurak tafti bilan oziqlantirib, umr bo‘yi intilganiga erishadigan fursat
yetganda— ko‘ngil istaklari amalga oshishi ayon, ehtimol, ertaga orzusi ro‘yobga
chiqishiga ishonchi komil bo‘lganda— xuddi shu pallada uni so‘nggi to‘siq kutadi: bu—
butun hayoti davomida unga hamroh bo‘lgan orzulari ijobatidan qo‘rquv hissidir.
Oskar Uayld yozganiday, “odamlar doimo eng yaxshi ko‘rgan narsalarini vayron
qiladilar”. Haqiqatan ham shunday. Umr bo‘yi orzu qilgani nihoyat ro‘yobga chiqa
boshlaganini anglash hissi inson qalbini aybdorlik tuyg‘usiga chulg‘aydi. Tevarak-atrofga
boqib, u ko‘plab kishilar istaklariga yetolmaganiga guvoh bo‘ladi va shunda o‘zi ham
bunday g‘alabaga munosib emasligini o‘ylay boshlaydi. O‘z orzusi yo‘lida qancha
qiyinchiliklarni boshdan kechirganini, ko‘p narsani qurbon qilganini unutadi. Men hayotda
O‘z Taqdirlari yo‘lidan yurib, mashaqqatlar chekib, katta maqsadlariga erishishlariga
atigi ikki qadam qolganida— eng oxirgi daqiqalarda talay ahmoqliklarga yo‘l qo‘yishgan
odamlarni uchratdim. Oqibatda ularning, qo‘l uzatsa yetguday, amalga oshaman deb
turgan orzu-niyatlari oqlanmay qolib ketgan.
Xullas, ana shu to‘rt to‘siqning orasida bu— so‘nggisi eng makkor to‘siq, chunki u
allaqanday sirli-muqaddas pardaga burkangan— orzular ijobatining quvonchlariyu,
g‘alaba samaralaridan bahramandlikning kushandasi. Inson mislsiz kurashlar evaziga
erishgan g‘alabasiga o‘zining munosib ekanini anglab yetganda Yaratganning inoyatiga
doxil bo‘ladi va unga bu joyda, Yerda umrguzaronlik qilayotganining asl mohiyati
ochiladi.
“Alkimyogar” romanida, ramziy shaklda, mana shular haqida hikoya qilinadi.
Paulo KOELO
2000 yil, iyul
J.ga bag‘ishlanadi.
— Buyuk Ijod sirini anglagan Alkimyogarga.
O‘z yo‘llarida davom etishdi. Iso bir qishloqqa kirdi. Bu yerda Marfa ismli ayol uni uyiga
taklif qildi. Uning Maryam ismli bir singlisi bor edi. Maryam Isoning oyoqlari oldida
o‘tirib, uning so‘zlarini tinglar edi. Marfa esa tayyorgarchilik ishlari bilan juda ovora edi.
Nihoyat u Iso yoniga kelib:
— Hazrat! Singlim bir o‘zimni xizmatda qoldirib qo‘yganiga e’tibor bermayapsanmi?
Unga aytgin, menga yordam bersin! — dedi. Iso unga shunday javob berdi:
— Marfa, Marfa, buncha urinib tashvishlanmasang! Zarur bo‘lgan bittagina ish bor.
Maryam esa o‘zi uchun yaxshi ulushni tanladi va bu undan tortib olinmaydi.
Luka bayon etgan Muqaddas
Xushxabar, 10:38-42