JINLAR BAZMI
(Mavhum hikoya)
Otam bu hikoyasini boshlagan vaqtda mening vujudimni qo'rquv o'rab olar edi-da, ichimdan:
«Meni ham shunday jinlarga yo'liqtirma», deb tangriga yolborib qo'yar edim.
Kecha xolam bizning uyga mehmon bo'lib kelgan edi. Kechasi oshdan keyin otam, oyim, xolam
uchovlari choy ichishib o'ltirar va o'tgan-ketgandan so'zlashar edilar. So'z aylanib kelib yana o'sha
jinlar, parilar, devlar to'g'risida to'xtadi. Otam bo'lsa o'zi ko'rgan «jinlar bazimi»ni so'zlashdan yana
tiyilolmadi. Otamning bu hikoyasi, yuqorida so'zlaganimcha, mening uchun ortiqcha vahimali
bo'lganidan darrov o'rnimga kirib, ko'rpamga burkanib yotib oldim. Otam menga bir kulib qaradi-da,
«jinlar bazimi»dan so'z ochdi:
— «Yangi uylangan vaqtlarim edi. Tiriklik bilan ovora bo'lib, bog'ning poyasiga o'z vaqtida
qarolmadim. Bir kim payt topib boqqa bordim, tok juda ham o'sib ketgan, bardidan1
hatto ikki
qarichgacha o'sib chiqqan edi. Shuning uchun ishkomlarni shitobroq tikkaytirishga to'g'ri kelar edi.
Boqqa bora boshlaganimning to'rtinchi kuni kechasi bir oz yomg'ir yog'ib chiqdi. Go'yo yomg'irni
kutib turgan toklar yana ham o'sib ketdilar, sho'ralar bardi ustiga engashib, ishkom ustiga olmaganim
uchun go'yo mendan arazlagandek ko'rinar edilar. Men nima bo'lsa ham poya ishini bugun bitirmoqchi
bo'ldim. Ertaga tokni ochmasam, ham o'zim uchun, ham tok uchun jabr qilg'an bo'larman, deb
o'yladim.
Istakni2
ozroq olgan ekanman. Oxirpeshin3 vaqtiga istak tamom bo'lib qoldi. Istak uchun bozorga
boray desam bir ishkomgina yamoq qoldi, undan keyin bozordan qaytib chiqquncha kech ham bo'ladi.
Nima qilish kerak? Uzoq o'ylab turmay, tut, qayrag'och va tol kabi daraxtlardan istak chilpidim. 1 Bardi — qamish o'zagining tagida yer bag'irlab o'sadigan barglari, uni o'rib kelib, tokni yotqizib qo'ndoqlagandan so'ng sovuq
urmasin uchun ustiga yopiladi. 2 Istak — tol, tut, qayrag'ochning burab yumshatilgan ingichka novdalari, uni tok bag'azlarini bog’lashda oson ishlatiladi. 3 Oxirpeshin — soat 4 lar atrofi, asr namozidan oldinroq payt.

Chilpigan istaklarni yig'ishtirguncha ham bir choy qaynar vaqt o'tdi. Istaklarni belbog'imga qistirib
ishkomga kirdim.
Qosh qorayib, qorong'i tushgan paytda arang poya ishidan qutuldim. Yuz-qo'llarimni yuvib, sallachoponimni kiyganimda obdon qorong'i bosgan edi. Bog' ishlagani kelgan qo'shnilardan hech birisi
qolmagan, hamma shaharga jo'nab ketgan, ko'chada chigirtkalarning chirillashi, qurbaqalarning
qurullashidan boshqa tovush yo'q edi.
Men bog'dan chiqqanda xufton bo'lmasa ham shunga yaqinlashib qolgan edi. Qorong'ida turtinibsurtinib yo'lga tushdim».
Otam xolamga xitoban dedi:
— «Siz bilasiz, bizning bog'ning tevaragi quyuq daraxtlik maydonlar bilan o'ralgan. Katta ko'chaga
tezroq chiqib olish uchun men shu maydonlardan yurdim. Maydon nihoyatda qorong'i va vahimali edi.
Lekin men qorong'ida beparvo borar edim, yolg'iz qorong'ida turtinib qiynalar edim. Katta ko'chaga
chiqib olmog'im uchun orada bittagina Hamdam xumdonchining chakalagi qoldi».
Otam hikoyasini shu yerga keltirib taqagach, men ko'rpamga yaxshiroq burkanib oldim. Otam
so'zida davom etdi:
— «Bir-ikki qadam Hamdam xumdonchining maydoniga tomon yurdim... Yiroqdan kelgan
yorug'likni sezib, tevaragimga qaradim-da, hayron bo'lib qoldim... Qarshimdagi maydondan o'tkir nur
sharpasi tushar edi. Bugina emas, kishilarning chag'ir-chug'ur so'zlashib kulushlari, gijdang-gijdang
bilan childirma, ora-chora dutor, tanbur, g'ijjak kabi sozlarning zaif, ammo yurakni qitiqlayturgan
tovushlari eshitilar edi.
Men tong qotib bir necha vaqt turib qoldim. Darhaqiqat, boyqushlar uyasi bo'lgan bir vayronada
bunday voqeaning yuz berishi kishini albatta hayron qilar edi. Holbuki, men shu kun ertalab ham bu
maydondan o'tgan edim. Bu yerda biror ziyofat bo'laturgan bo’lsa, erta bilan uning bir asari ko'rinar
edi. Yosh-yalanglar kunduz kuni harakat qilganlar-da, xara-ko'chalar4
, deb fikrimdan o'tkazdim.
Men bazm bo'layotgan maydon orqali o'tmoqchi bo'lib, devor nahrasidan5
oshib tushdim... O'h-ho'-
o'-o', maydon ichi kunduzgidek yorug', daraxt shoxlariga chiroqlar osilgan, yerlarga ipak gilamlar
yozilgan. Bir chekkaga katta oq samovorlar qo'yilgan, bir tarafda katta qozonlar qurilgan, jaz-biz
davom etar edi. Maydonning o'rta yerida yuz chog'liq yosh-qari kishilar qurshalib o'ltirib, dutor,
tanbur, childirma, nog'oralar chalib bazim qilar edilar.
Shu choqda bir kishi oldimga yugurdi va bazmdagilarga qichqirib:
— Mana, O'sar aka ham keldi! — dedi.
Bazmdagilarning hammalari ham menga qaradilar.
— Keling, keling O'sar aka, poyadan qutuldingizmi? — deyishdilar.
O'sha onda ularga nima deb javob berganimni hozir eslayolmayman, chunki juda ham garangsigan
edim.
Ular meni o'z ixtiyorimga qo'ymay, sudrab, tortib to'rga chiqardilar. Odatda majlisga kirib
o'ltirgandan keyin fotiha o'qilar edi. Biroq ularning har turli savol va muomalalari bilan ovora boiib,
fotiha o'qish ham yodimdan chiqqan. Bir oz esimni yig'ib olgandan keyin majlisdagilarni ko'zdan
kechirib chiqdim. Ko'plarini qaysi joydadir ko'rgandek bo'laman... Aniqlab qarasam umrimda
ko'rmagan-tanishmagan yot kishilarga o'xshaydilar. Faqat ularning men bilan xuddi tanishlarcha
muomala qilishlari, otimni atab chaqirishlari, qilgan ishlarimni so'rab, hatto boyagi istak chalpib
yurganimni bilishlari — meni juda ham ajabga qoldirgan edi.
Oradan kimdir, bilmadim, g'olibo majlisning boshlig'i bo'lsa kerak:
— O'sar akamga dasturxon yozilsin! — dedi. To'rda o'tirganlardan yana birisi unga qarshi chiqdi:
— Ilgari bir bazm qilib olaylik, so'ngra dasturxonga hammamiz baravar qaraymiz! — dedi va
menga yuzini o'girib:
4 Xara-ko'cha — bekorchi. 5 Nahra — rahna — devorning o'pirilgan joyi.
— Siz ham bazmni sog'inib qolgandirsiz. Ilgari bazm qilaylik-a? — deb so'radi.
Mening qornim och bo'lsa ham, mehmonligim vajhidan uning fikriga qo'shilishdan boshqa choram
yo'q edi.
Sozandalar sozlarini to'g'rilay boshladilar. Sozlardan tanbur, dutor, g'ijjak, rubob, chang, nay va daf
kabilar menga tanish bo'lsalar ham, yana men ko'rmagan va bilmagan bir qancha sozlar ham bor edi.
Sozlar sozlandilar, bir xil bosiq og'ir mashq chalina boshladi.
Mashq sihrlik edi... Men yerga singib ketarlik darajada ezilmoqda, asirlanmoqda, ichimdan bir
to'lqin kelib o'zimni qayerga urarimni bilmay entikmakka boshladim. Sozandalar hamon haligi bosiq
mashqni sekin-sekin avjga chiqarib bordilar... Axir chidab turolmadim, piq-piq yig'lay boshladim.
Nega va nima uchun yig'lar edim, buni o'zim ham bilmayman. Uzoq yig'ladim. Nihoyat mashq bitdi.
Bitdi, lekin meni ham o'zi bilan birga bitirdi. Ikki tegirmon toshi orasida yanchilgan kishidek majruh
edim. Qimir etgali majolim yo'q edi. Ko'zimni ochdim. Majlisdagilarning barchasi ham go'yo bir
ko'zdan mening holimga kulib qarab turar edilar. Men o'z holimdan uyalib yerga boqdim.
Sozlar yana ikkinchi mashqni chalish uchun tayyorlanar edilar. Lekin men haligidek mashqni
eshitishdan bezor bo'lgan edim. Yuragim gup-gup urib qoldi. Boyagidek mashqdan yana birini
tinglasam ehtimol ajalimdan burun o'lar, yer bilan yakson bo'lar edim.
Ikkinchi mashq boshlandi. Mashq boshlanishi bilan butun vujudimga hayot suvi yugurdi. O'zimda
allaqanday bir lazzat his qildim. Mashq g'oyatda shodlikli edi. Bu niashqqa ne deb ism berishni
bilmayman.
Shu vaqt o'rtaga o'n besh-o'n olti yoshlik bir qiz kelib kirdi. Uning sochlari jingila-jingila, yuz va
ko'zlari do'nduq, ustida yashil baxmaldan burma qilib tikilgan chiroyli delvagay kiyimi bor edi. Bir
necha qadam chalishib o'rtada yurgan edi, oyog'idag'i qo'ng'iroqlari jing'irab ketdi. Qiz mashq bilan
baravar o'ynay boshladi.
Mashq davom etar, go'yo nafis soz tovushining yeli o'yinchi qizni g'ayri ixtiyoriy bir harakatga
keltirardi. Dunyoga bir shodlik, bir ruh yog'adi, go'yoki o'liklar tirilarlar, yerlar silkinarlar, tog'-toshlar
kularlar, yulduzlar ucharlar, daraxt shoxlari titragandek bo'larlar.
Axir shodliklarim yuragimga sig'madi. O'z erkim bilan emas, allaqanday bir kuch o'tirgan
joyimdan turg'uzib yubordi. Qizning yoniga kirib men ham o'ynab ketdim».
Oyim bilan xolam o'zlarini tutolmay kulib yubordilar. Mening bo'lsa ko'z o'ngimga dadamning
o'ynagandagi ahvoli kelib to'xtagandek bo'ldi.
Dadam davom etdi:
— «Shunday, men o'ynay boshladim. Nima bo'lsa ham qiz bilan birdek o'ynamoqqa tirishaman.
Qiz men bilan bir oz o'ynab turgandan keyin o'rtadan chiqib bir chetga ketdi. Lekin men o'yinni
to'xtatmadim, to'xtatish xotirimga ham kelmagan edi. Kishilar qars urib turadilar va meni
masxaralagandek qiyqirib, og'iz-burunlarini qiyshaytiradilar, lekin men ularga parvo qilmay, o'yinni
davom ettiraman...
Bir vaqt allanarsaga turtinib yerga yiqildim. O'zimni o'nglab olib yana o'yinga harakat qilg'an edim,
tag'in mukkamcha yiqildim.
Bir qancha vaqtdan so'ng o'nglanib o'rnimdan turdim va ko'zimni ochib tevaragimga qaradim...
Orada na kishilar, na sozlar va na boshqalar — hech kim, hech gap yo'q!.. Qop-qorong'i maydon,
bir ariq ichida turibman...
* * *
Men dadamning bu ko'rgan hodisasini muallim afandiga so'zlagan edim, kuldi:
— Vahima, xayolat! — dedi.
— Chindan ham vahimmi, vahim bo'lsa kishida qanday voqi' bo'ladi? — deb so'ragan edim,
afandim:
— Kelasi juma bolalar o'rtasida bu to'g'rida ma'lumot beraman, sen ham shu majlisda hozir
bo'lsang vahimning qanday voqi' bo'lishini bilib olasan! — dedi.
Men albatta juma kuni maktabga borib afandimizdan vahimning kishida paydo bo'lishini
eshitaman. Vaqtingiz bo'lsa juma kuni siz ham boringiz.