U oh tortdi, qo‘lini tekkizib olmoqchidek, oy nuriga qarab uzatdi. Shamol uning uzun qora sochlarini, ajoyib sochlarini to‘zitib yubordi. Lablari tandirdagi yallig‘langan cho‘g‘dek. Yanoqlari esa hozirgina uzib olingan bir juft atir guldek. Badani ham oppoq tumandek harir, mayin, ravon, nafis ovozi esa unga qadimgi mungli bir qo‘shiqni xirgoyi qilayotgandek:
“Eh, Jeneveva, azizim, o‘taversin yillar bir-birin quvlab...” U uxlab qoldi.
U Nyu-Teksas-Sitiga yarim tunda yetib keldi. Mashinani “Dellyuks” pardozxonasi yonida to‘xtatdi- da, heh deb qo‘ydi.
Mana, hozir ayol xandon tashlab kulgancha atirlar tumani ichidan yugurib chiqib keladi.
Ammo bunday bo‘lmadi.
— Uxlab qolgan. — Uolter eshik oldiga keldi. — Men shu yerdaman! — Qichqirdi u. — Allo
Jeneveva!
Sokin shahar ikki barobar yorilib turgan oy nuriga chulg‘angan, allaqaerda shamol brezent pardani
shaloplatib o‘ynardi.
U oynavand eshikni keng ochib, ichkariga qadam qo‘ydi.
— Eh-he! — yigit xijolat ichida kulib yubordi. — Yashirinma! Qaerdaligingni bilib turibman.
U barcha xonachalarni qidirib chiqdi.
Yerda mo‘‘jazgina dastro‘molcha topib oldi. Undan shunday mo‘‘jizaviy hid kelardiki, boshi aylanib,
chayqalib tushdi.
— Jeneveva, — ovoz chiqarib dedi u.
U mashinasini bo‘m-bo‘sh ko‘chadan haydab borardi, biroq odam qorasi ko‘rinay demasdi.
— Hazil ham shunaqa bo‘ladimi-a...
U tezligini oshirdi.
— Shoshma-shoshma, axir bizni ajratib qo‘yishgan. Balki u men bu yoqqa ketayotganimda Merlin-
Villijga jo‘navorgandir? — U qadimgi dengiz yo‘lidan ketib, kunduzi bir-birimizni ko‘rmay qolgandirmiz. Bu yerga kelishimni u tush ko‘ribdimi? — Axir men kelishimni aytmagandim-da. Telefon jimib qolgach, u qo‘rqib ketganidan meni qidirib, Merlin-Villijga qarab uchgandir! Men bo‘lsam, bu yerda yuribman, jin ursin, men ham odam bo‘ldimmi!
U klaksonni bosdi-da, shahardan o‘qdek uchib chiqdi.
U tun bo‘yi mashinasini uchirib yurdi. Miyasida faqat bitta o‘y: “Agar uni Merlin-Villijda topmasam, nima bo‘ladi?”
Bunday xayolni miyadan chiqarib tashlash kerak. U o‘sha yerda bo‘lishi kerak. U yugurib keladi-da, uni quchoqlab oladi, ehtimol bir gal hatto labidan o‘pib ham olar.
“Jeneveva, azizim”, — pedalni soatiga yuz mill tezlikda bosgancha hushtak chalib xirgoyi qilardi u.
Merlin-Villijda ertalabki sukunat hukmron edi. Do‘konlarda hali sariq chiroqlar yonib turardi; yuz soat beto‘xtov ishlagan avtomat nihoyat elektr tutashuvdan shirq etdi-da, jimib qoldi; shu bilan to‘liq sukunat cho‘kdi. Quyosh ko‘chalarni va loqayd muzdek osmonni isita boshladi.
Uolter faralarini o‘chirmay klaksonni chinqirtirib bosgancha Meyn-stritga qarab burdi. Ko‘zlarini do‘kon lavhalaridan uzmasdi. Yuzi devordek oqarib ketgan, horg‘in, qo‘llari terdan ho‘llangan chambar ustida sirg‘alardi.
— Jeneveva! — bo‘m-bo‘sh ko‘chaga qarab qichqirdi.
Pardozxona eshigi ochildi.
— Jeneveva! — U mashinani to‘xtatdi-da, ko‘chani chopib kesib o‘tdi.
Jeneveva Selzor pardozxona eshigida turardi. Qo‘llarida ochilgan shokolad qutichasi. Do‘mboq,
oppoq barmoqlar qutini mahkam ushlab turardi. Uolter yorug‘ joyga kirib kelganda, ko‘rdiki, qizning yuzi dum-dumaloq va do‘mboqqina, ko‘zlari bir dumaloq xamirga suqib qo‘yilgan bir juft yirik-yirik tuxumdek. Oyoqlari kundadek yo‘g‘on-yo‘g‘on, yurishlari g‘ozdek alpon-talpon. Sochlari — qush uyasi ko‘rinishida obdon turmaklangan bo‘lib, rangi qandaydir qo‘ng‘ir tusda. Lab degan narsaning o‘zi yo‘q.
106


Uning o‘rnida andoza bosib chizilgan yo‘g‘on qizil yo‘l turardi, u quvongandek bir ochilib, qo‘rqqandek yumilardi. Qoshlarini esa butunlay terib tashlagan, atigi ikkitagina ingichka tuk qoldirgan, xolos.
Uolter dong qotib qoldi. Yuzidagi tabassumdan asar ham qolmadi. U hayron bo‘lgancha bir joyda turib qoldi.
Qiz shokoladlarni yerga tushirib yubordi.
— Siz Jeneveva Selzormisiz? — o‘z ovozi begona ovozdek tuyulib so‘radi Uolter.
— Siz Uolter Griffmisiz? — so‘radi qiz.
— Gripp.
— Gripp, — to‘g‘riladi qiz.
— Salom, — bazo‘r dedi yigit.
— Salom. — Qiz uning qo‘lini siqdi.
Qizning barmoqlari shokoladdek yopishqoq bo‘lib qolgan edi.
— Xo‘sh, — dedi Uolter Gripp.
— Nima, — so‘radi Jeneveva Selzor.
— Men faqat “Xo‘sh” dedim, — izoh berdi Uolter.
— Ha.
Soat kechgi to‘qqiz. Kunduzi ular shahar tashqarisiga borishdi, kechlikka esa, yigit file-minon
pishirdi, biroq Jeneveva uni yaxshi qovurilmagan deb ko‘ngli tortmadi, shunda Uolter uni yaxshilab qovurishga qaror qildi va yo ko‘p qovurib yubordi, yo kuydirib yubordi, xullas, shunga o‘xshash bir narsa bo‘ldi-da. U kuldi-da, dedi:
— Ketdik kinoga!
Qiz “mayli” dedi-da, shokolad yuqi qo‘li bilan uning qo‘ltig‘idan oldi. Biroq uning talabi ellik yil oldingi Klark Geybl qatnashgan film bilan cheklanib qo‘ya qoldi.
— Rosa kulgili narsa ekan-ku? — Qiqirlab kuldi qiz. — Ichagimni uzdi-ya! Film tugadi.
— Yana bir qo‘yib ber, — buyurdi qiz.
— Yana? — takror so‘radi yigit.
— Yana, — javob berdi qiz.
Yigit o‘girilgan edi, qiz unga yaqinlashdi va quchoqlab oldi.
— Sen hech ham men o‘ylagandek emas ekansan, lekin mayli, bo‘laveradi, — tan oldi qiz.
— Rahmat, — dedi yigit nafasi bo‘g‘ilib.
— Eh-h Geybl tushmagur: — Qiz uning oyog‘idan chimchilab oldi.
— Voy, — dedi yigit asta.
Kinodan keyin ular “xarid qilgani” jimjit ko‘chalar bo‘ylab yurib ketishdi. Qiz oynavand peshtaxtani
urib sindirdi va o‘zi tanlab-tanlab topib olgan eng ochiq rang ko‘ylakni kiyib oldi. So‘ng boshiga bir shisha atirni to‘nkarib qo‘ydi-da, suvda bo‘kkan iskovichga aylandi-qo‘ydi.
— Yoshing nechada? — qiziqsindi yigit.
— Topib ol. — Qiz uni ko‘chadan yetaklab ketdi, undan asfaltga tinimsiz atir tomchilar edi.
— O’ttizga borgandirsan? — dedi yigit.
— Ana, xolos, — quruqqina javob berdi qiz. — Endi yigirma yettiga kirdim men senga aytsam! Voy,
manavi yerda qandolatxona ham bor ekan! O’lay agar, mana shu mashmashalar boshlangandan beri men boyvuchchalardek yashayapman. Qarindosh-urug‘larni hech qachon sevgan emasman. Esini yegan hammasi. Ikki oy burun Yerga uchib ketishdi. Men ham so‘nggi raketada uchib ketishim kerak edi, biroq qoldim. Bilasanmi nega?
— Nega?
— Chunki menga ta’na qilishdi. Mana shu yerda qoldim. — Istagancha o‘zingga atir quy, xurmachangga siqqanicha pivo ich, konfet ye, hech kim senga: “Kaloriyang ko‘payib ketadi!” deb ta’na qilmaydi. O’zim xon, ko‘lankam maydon!
— O’zing xon, ko‘lankang maydon. — Uolter ko‘zlarini qisdi.
107


— Endi kech, — dedi qiz unga qarab. — Ha.
— Men charchadim, — dedi qiz.
— Qiziq, men sira charchaganim yo‘q. — Ho, — dedi qiz.
— Tun bo‘yi yotmasligim mumkin, — davom etdi yigit. — Bilasanmi, Mayk barida yaxshi plastinka bor. Yur, men senga o‘shani qo‘yib beraman.
— Men charchadim. — Qiz ayyorona yiltillab turgan ko‘zlari bilan unga qaradi.
— Men esa gijinglagan toydekman, — javob berdi yigit. — Juda g‘alati-ya.
— Yur pardozxonaga, — dedi qiz. — Men senga bir narsa ko‘rsataman.
Qiz uni oynavand eshikdan ichkariga olib kirdi va katta oq quti yoniga yetaklab keldi.
— Men Teksas-Sitidan jo‘nayotganimda, — tushuntirdi qiz, — mana shuni o‘zim bilan olgan edim.
— U qizil tasmani yechdi. — Ming qilsa ham men Marsdagi yagona xonim, u esa yagona erkak bo‘ladi deb o‘yladim. Shuning uchun...
U qopqoqni ko‘tardi va shildiroq, qizg‘ish, burma qog‘ozni bir chetga itqitdi. Qiz quti ichidagi narsani silab qo‘ydi.
— Mana.
Uolter Grippning ko‘zi xonasidan chiqib ketdi.
— Nima bu? — so‘radi o‘zini bazo‘r tutib.
— Hech narsa bilmagandek gapirasan-a, tentakcha? Qaragin-a, hammasi kashtadan qilingan,
hammasi shunday oppoqki, asti qo‘yaverasan, ko‘zing qamashadi... — O’lay agar buning nimaligini bilolmayapman.
— Nikoh ko‘ylagi, ovsargina!
— Nikoh ko‘ylagi? — yigit xirillab qoldi.
Uolter ko‘zini yumdi. Qizning ovozi xuddi boya telefondagidek mayin, xotirjam, nafis jaranglar edi. Ammo ko‘zini ochib qarasaki... yigit duduqlanib qoldi.
— Juda chiroyli, — dedi u bazo‘r. — Rostdanmi?
— Jeneveva. — Yigit eshika tikildi. — Ha?
— Jeneveva, men senga bir narsani aytib qo‘yishim kerak.
— A?
Qiz unga yaqinlashdi, uning oppoq yuzidan atir burqsib turar edi.
— Senga aytmoqchimanki...
— Xo‘sh?
— Xayr!
Qiz qichqirishga ulgurmayoq yigit pardozxonadan otilib chiqdi-da, mashinasiga borib o‘tirdi.
Qiz tashqariga yugurib chiqdi va yigitning mashinani burib ketayotganiga qaragancha yo‘lak
chekkasida qotib qoldi.
— Uolter Griff, qayt! — Ho‘ngrab yig‘lab dedi qiz qo‘lini uzatib.
— Gripp, — to‘g‘riladi yigit.
— Griff! — qichqirdi qiz.
Qizning qadamlari va ingrashlariga ham qaramay, mashina jim-jit ko‘chadan o‘qdek uchib ketdi.
Qiz do‘mboq qo‘llari bilan g‘ijimlayotgan oppoq ko‘ylak uzra mashinaning pag‘a-pag‘a tutunlari suzib yurardi, osmonda esa yulduzlar charaqlar edi. Mashina bo‘shliq ichiga kirib, qorong‘ilikda ko‘zdan yo‘qoldi.
Yigit uch kechayu uch kunduz surunkasiga mashinani haydab bordi. Bir gal orqasidan mashina kelayotgandek tuyulib, vujudini titroq bosdi, qora terga tushdi va u bepoyon Mars cho‘lini kesib o‘tuvchi boshqa ko‘chaga chiqib oldi, yo‘l odamsiz shaharlar yonidan o‘tib borardi. U ketaverdi,
108


ketaverdi — bir hafta yurdi, yana bir kun yurdi, oxiri Merlin-Villijdan o‘n ming mil nariga borib qoldi. Shunda u mayda do‘konchalari bo‘lgan Xoltving-Springvins degan qishloqqa kirib keldi, bu yerdagi do‘konchalarda u kechqurunlari peshtaxtalarda chiroq yoqa olar, restoranlarida taomlar buyurib, bemalol o‘tira olar edi. Shundan buyon u shunday yashab kelayapti; uning yuz yilga yetgulik oziq- ovqatlar bilan to‘lib-toshgan muzlatgich xonachalari bor. Sigaretalari zaxirasi o‘n ming kunga yetadi, yumshoq to‘shakli a’lo sifatli karavoti ham bor. Yillar o‘taverdi, bordi-yu, qachonlardir unga bitta- yarimta odam telefon qilib qolsa, u javob bermasdi.
Aprel 2026 UZOQ YILLAR
Shunaqa bo‘lib qoldi: Osmonda shamol esa boshlaganda, u va uning uncha katta bo‘lmagan oilasi o‘zlarining tosh kulbalarida o‘tirib olar edilar va yonayotgan tarashalarda qo‘llarini isitardilar. Shamol kanallar yuzini mavjlantirar, sal bo‘lmasa, osmondagi yulduzlarni uchirib yuborardi, mister Xeteuey esa, bu shinamlikdan mazza qilib o‘tirardi va xotiniga nimalarnidir gapirardi, xotini ham unga javob berar va u ikkala qizi va o‘g‘liga Yerdagi o‘tgan-ketgan narsalari haqida hikoya qilar edi. Bolalar esa otalarining so‘zlarini o‘zlaricha tushunar edilar.
Katta urushdan keyin yigirma yil o‘tgandi. Mars ulkan qabristonga o‘xshardi. Yer-chi? Unga nima bo‘ldi? Uzoq Mars tunlarida Xeteuey va oilasi ko‘pincha shu haqda mulohaza yuritishardi. Bu tunda quturgan Mars chang-bo‘roni qadimgi shahar ko‘chalaridan uvillagancha va qumga botib ketayotgan yangi plastik devorlarni uchirgancha Mars qabristonlarining pastqam mozorlari ustidan esib o‘tdi.
Nihoyat, bo‘ron tinib, havo ochildi va Xeteuey shamolli osmondagi yashil olovcha — Yerni ko‘rish uchun tashqariga chiqdi. G’ira-shira xona shiftidagi yonib turgan lampochkani o‘ziga yaxshiroq burib olmoqchi bo‘lgandek, u qo‘llarini yuqoriga ko‘tardi. Uzoqlarga o‘lik dengiz tuzlari uzra nigoh soldi. “Butun sayyorada zog‘ uchmaydi, — o‘yladi u. — Bitta menman. Va ular”. U tosh kulbasi eshigi tomon burildi.
Hozir Yerda nimalar bo‘layotganiykin-a? O’zining o‘ttiz dyumli teleskopidan shuncha qaramasin, shu paytgacha biron-bir o‘zgarish payqamadi. “Agar o‘zimni yaxshi saqlay olsam, — o‘yladi u, — yana yigirma yil yashayman”. Qarabsanki, birontasi paydo bo‘lib qolibdi. Yo o‘lik dengizlar ortidan, yo koinotdan qizil olov rishtasiga bog‘langan raketada kelib turibdi-da.
— Bir aylanib kelay, — qichqirdi u eshikka.
— Yaxshi, — javob berdi xotini.
U xarobalar oralab, shoshmay pastga tushib ketdi.
— “Nyu-Yorkda yasalgan”, — o‘qidi u bir parcha temirda. — Qadimgi Mars shaharlari Yerdan
kelgan bunday narsalardan hali ko‘pini ko‘radi...
U moviy tog‘lar oralig‘ida yaqin ellik asrdan buyon turgan Mars qishlog‘i tomonga qaradi.
Uolter xilvat Mars qabristoniga keldi: cho‘l shamoli esib turgan tepalikda uncha katta bo‘lmagan olti
qirrali toshlar saf tortgan edi.
Boshini egib, u to‘rtta mozorga, to‘rtta beso‘naqay yog‘och xochga qaradi, ularning har birida nom
yozilgan edi. Uning ko‘zlarida yoshdan asar ham yo‘q. Yoshlari allaqachon qurib bitgandi.
— Qilmishim uchun meni kechirasanmi? — so‘radi u xochlarning biridan. — Men juda, juda yolg‘iz
edim. O’zing tushunasan-ku, shundaymi?
U tosh kulbasiga qaytdi va ichkariga kirishdan oldin peshonasiga kaftini qo‘yib, yana diqqat bilan
osmonni ko‘zdan kechirdi.
— Nuqul kutganing-kutgan, qarashdan boshqa ishing yo‘qdek, — g‘udrandi u. — Ehtimol,
kunlarning birida — tunda...
109


Osmonda qizil olov yondi.
Eshikdan tushayotgan yorug‘lik xalaqit bermasligi uchun u bir tomonga odimladi. — Yana bir qaraganingda... — shivirladi u.
Qizil olov o‘sha joyda yonib turardi.
— Kecha kechqurun u yo‘q edi, — dedi Xeteuey.
U qoqilib, yiqilib tushdi, so‘ng oyoqqa turdi-da, kulba ortiga yugurib o‘tdi, teleskopini ochib, uni osmonga to‘g‘riladi.
Uzoq vaqt osmonga ko‘zini qisib qarab turgandan keyin — bir daqiqa o‘tgach, u uyining pastak eshigi tagida paydo bo‘ldi. Xotini, ikkala qizi va o‘g‘li unga o‘girilishdi. Uning ha deganda tili kalimaga kelavermasdi.
— Xushxabar olib keldim, — dedi u. — Men osmonga qarab turgan edim. Bu yoqqa raketa uchib kelayapti, u bizlarning hammamizni uyga olib ketadi. Erta tongda shu yerda bo‘ladi.
U qo‘lini stolga qo‘ydi, boshini kaftlari orasiga olib, yig‘lab yubordi.
U Nyu-Nyu-Yorkdan nima qolgan bo‘lsa, hammasini yoqib yubordi.
Mash’alani oldi-da, plastikdan yasalgan shu shaharga qarab ketdi va alanga bilan o‘tgan joyidagi
barcha devorlarni turtib-turtib keta boshladi. Shahar nur va jaziramaning qudratli quyunidan yashnab ketdi. U bir kvadrat mil kenglikdagi gulxanga aylandi.
— Bunaqasini koinotda ko‘rish mumkin, xolos. Bu mash’al raketani mister Xeteuey va oilasi huzuriga olib keladi.
U uyiga qaytib keldi; yuragi tez-tez va og‘riqli urar edi.
— Ko‘rayapsizmi? — u baland ko‘tarilgan qo‘lida chang bosgan shishani ushlab olgandi. — Men mana bu sharobni ataylab mana shu tun uchun asrab qo‘ygandim. Vaqt-soati bilan kimdir bizni topib olishini bilar edim! Shu quvonchli on uchun ko‘taraylik!
U beshta qadahni to‘ldirdi.
— Ha, ozmuncha vaqt o‘tmadi... — O’z qadahiga ko‘zlarini tikib qaragancha, yana gap qotdi u. — Urush boshlangan kun esingizdami? Yigirma yil va yetti oy muqaddam. Barcha raketalarni Marsdan uyga chaqirib olingandi. Sem, men va bolalar esa barchamiz bu vaqtda tog‘da edik, qadimshunoslik bilan mashg‘ul edik, marsliklarning qadimgi jarrohligini o‘rganayotgan edik. Biz otlarni o‘lgudek qilib choptirganimiz esingdami? Baribir ham rosa bir haftaga kechikkan edik. Shahar huvillab qolgandi. Amerika dabdala bo‘lgandi, qolganlarni kutib ham o‘tirmay, raketalar bitta qolmay ketib qolgani esingdami, a, esingdami? Keyin qarasakki, qolganlar faqat biz bo‘lgan ekanmiz, esingdami? Ey, xudoyim, qancha yillar o‘tibdi-ya! Sizlarsiz men chiday olmasdim. Sizlarsiz men o‘zimni o‘ldirib qo‘ygan bo‘lardim. Sizlar tufayli shuncha kutishga chidab keldim. Keling, sizlar uchun ichaylik. — U qadahni ko‘tardi. — Bizning uzoq muddatli kutganimiz uchun ichaylik.
U sharobni sipqordi, xotini, ikkala qizi va o‘g‘li qadahlarni lablariga olib borishdi. Sharob to‘rttalovining ham iyaklari tagidan jildirab oqib tusha boshladi.
Tongga yaqin shahardan qolgan hamma narsani shamol katta-katta yumshoq qora laxtaklarga aylantirib, dengiz tubi bo‘ylab sochib yubordi. Yong‘in o‘chdi, biroq maqsadga erishilgan edi. Osmondagi qizil dog‘ kattalasha boshladi.
Tosh kulba ichida qovurilgan zanjabil kulchasining totli hidi tarala boshladi. Xeteuey kirib kelganida xotini stol ustiga yangi nonli qaynoq qolipni qo‘ymoqda edi. Qizlari qattiq supurgi bilan yalang‘och tosh-polni hafsala bilan supurar, o‘g‘li esa, kumush idishlarni yuvar edi.
— Biz ularga shohona nonushta tayyorlaymiz; — Xeteuey shodon kuldi. — Eng a’lo liboslaringizni kiyib olinglar! U shoshib tomorqasidan ulkan temir saroy tomon o‘tdi. Bu yerda muzlatgich va uncha katta bo‘lmagan elektrostantsiya bo‘lib, ularni shu yaqin yillarda ta’mirdan chiqargan va bo‘sh vaqtlarida soatlarni, telefonlarni, magnitofonlarni mohirona ta’mirlagan ingichka, qaltiroq barmoqlari bilan hammasini joy-joyiga qo‘yib chiqqan edi. Saroyda u yaratgan talay buyumlar qalashib yotardi, jumladan nima ish qilishini hatto o‘zi ham bilmaydigan, mutlaqo g‘alati uskunalar ham bor edi.
110


U muzlatgich ichidan dukkakli donlar va yigirma yil avvalgi qulupnay solingan qirov bosgan oppoq qutilarni oldi. “Bu yoqqa chiq, badbaxt”, — dedi-da, muzlagan jo‘jani sug‘urdi.
Raketa qo‘nganda havoni har xil pazandalik taomlar hidi tutib ketgandi.
Xuddi yosh boladek Xeteuey nishablikdan pastga qarab chopdi. Ko‘kragida qattiq og‘riq sezib, u taqqa to‘xtadi. Narigi toshga borib o‘tirdi va endi nafasini rostlashni xayoliga ham keltirmay, olg‘a chopib ketdi.
U cho‘qqa aylangan raketadan ko‘tarilgan qaynoq hovur ichida to‘xtadi. Lyuk ochildi. U yerdan bir odam mo‘raladi.
Xeteuey kaftini peshonasiga qo‘yib, uzoq qarab turdi va oxiri dedi:
— Kapitan Uaylder!
— Kim bu? — so‘radi Uaylder. U pastga sakrab tushdi va cholga qaragancha qotib qoldi. So‘ng
qo‘lini uzatdi. — Yopiray, bu Xeteuey-ku.
— Mutlaqo to‘g‘ri, bu menman.
— Xeteuey mening birinchi ekipajimdan, To‘rtinchi ekspeditsiyamdan.
Ular bir-birlariga diqqat bilan razm sola boshlashdi.
— Ko‘rishganimizga ham ancha bo‘ldi, kapitan.
— Juda ko‘p bo‘ldi. Sizni ko‘rganimdan xursandman.
— Men qarib qoldim, — dedi Xeteuey soddadillarcha.
— Men ham endi yosh emasman. Yigirma yil sargardon kezdim: Yupiter, Saturn, Neptun...
— Bo‘lmasa-chi, sizning Marsni mustamlaka qilishingizga xalaqit bermasligingiz uchun unvoningizni
ko‘tarishgan deb eshitdim. — Chol atrofga alangladi. — Siz nuqul sayohatlarda bo‘lib, ehtimol, hatto nimalar bo‘lganidan ham bexabardirsiz...
— Aytmasangiz ham bilaman, — javob berdi Uaylder. — Biz Mars atrofini ikki marta aylanib o‘tdik. Sizdan tashqari Uolder Gripp degan yana bir odamni topoldik, xolos, bu yerdan o‘n ming mil narida. Uni o‘zimiz bilan olib kelmoqchi bo‘lgan edik, biroq u ko‘nmadi. Biz uchib ketganimizda, u yo‘l o‘rtasida arg‘imchoqda trubka chekib o‘tirardi, orqamizdan qo‘l siltab qoldi. Mars o‘lgan, butunlay o‘lgan, hatto marsliklar ham qolmagan. Yer qalay?
— Sizdan ortiq hech narsa bilmayman. Goh-goh Yer radiosini tutib qolaman, elas-elas eshitiladi. Lekin har gal qandaydir begona tilda. Men esa chet tillaridan, afsuski, bitta lotin tilini bilaman. Ba’zi so‘zlarni anglab yetaman. Nima bo‘lganda ham Yerning katta qismida odam qirilib ketgan, urush esa hali ham davom etayapti. Siz o‘sha yoqqa uchib ketayapsizmi, komandir?
— Ha. O’zingizdan qolar gap yo‘q, o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, ishonsam deyman. Oramizda radio aloqasi yo‘q-da, masofa haddan tashqari katta. U yoqda nima bo‘lishidan qat’i nazar, biz Yerga uchib ketayapmiz.
— Meni ham olib olasizlarmi?
Kapitan bir lahza taraddudlandi.
— E-ha, bo‘lmasa-chi, bu yerda xotiningiz ham bor-a, esimda, esimda. Bizlar, yanglishmasam,
yigirma besh yil burun ko‘rishgan edik, to‘g‘rimi? Sizlar Birinchi SHaharni qurganlaringizda, siz xizmatni tashlab, uni o‘zingiz bilan yerdan olib olgan edingiz. Bolalaringiz ham bor edi...
— O’g‘il va ikki qiz...
— Ha, ha, eslayapman. Ular shu yerdami?
— Kulbamizda, hov anovi tepalik ustida. Biz sizlarga ajoyib nonushta tayyorlab qo‘yganmiz,
kelasizlarmi?
— Mehmonni atoi xudo deydilar, mister Xeteuey. — Kapitan Uaylder raketa tomonga o‘girildi. —
Kemadan tushinglar!
Ular qiyalikdan tepaga qarab borishardi. — Xeteuey va kapitan Uaylder, ularning ortidan yana yigirmata odam, kema ekipaji, ertalabki salqin havodan chuqur-chuqur nafas olar edilar. Quyosh chiqdi, havo ochiq edi.
111


— Spender esingizdami, kapitan?
— Uni esdan chiqarib bo‘larkanmi?..
— Yilda bir marta uning qabri yonidan o‘tishimga to‘g‘ri keladi. Oxiri go‘yo u xohlagandek bo‘ldi. U
bizning bu yerga qo‘nishimizga qarshi edi. Endi hamma bu yerni tashlab ketganidan boshi osmonga yetgan bo‘lsa, ajab emas.
— Anovi-chi... Oti nima edi? Parkxill, Sem Parkxill, unga nima bo‘ladi?
— Sosiskaxona ochib olgan.
— Anovinga o‘xshab-a...
— Bir haftadan keyin esa urush boshlanib qoldi va u Yerga qaytib ketdi. — Xeteuey birdan yuragini
changallagancha toshga o‘tirib qoldi. — Kechirasiz. Hayajonlanib ketdim. Shuncha yillar o‘tib, birdan sizni uchratib qolganim. Biroz nafasimni rostlab olay.
Uning yuragi qinidan chiqib ketayotgandek his qilmoqda edi o‘zini. U tomirini ushlab ko‘rdi. Rasvo...
— Bizda vrach bor, — dedi Uaylder. — Xafa bo‘lmang, Xeteuey, bilaman, siz o‘zingiz vrachsiz, lekin baribir bizning vrach bilan maslahatlashib ko‘ramiz...
Doktorni chaqirishdi.
— Hozir o‘tib ketadi. — Ishonch bilan dedi Xeteuey. — Bu bari kutishdan, hayajondan.
U bo‘g‘ilib, lablari ko‘kardi.
— Bilasizmi, — dedi u vrach uning ko‘kragiga stetoskop qo‘yganida. — Shuncha yillar mobaynida
men go‘yo bugungi kun uchun yashagandekman. Endi esa, siz shu yerdaligingizda meni Yerga olib ketgani kelishdi, go‘yo menga shundan boshqa narsa kerak emasdek. Endi men yotib, omonatni topshirsam bo‘laveradi.
— Mang, — doktor unga sariq hapdori berdi. — Bu yerda siz ko‘proq dam olsangiz yaxshi bo‘lardi.
— Keragi yo‘q. Yana bir oz o‘tiraman-da, tamom. Sizlarni ko‘rganimdan shunchalik xursandmanki! Yangi ovozlarni eshitgandan o‘zimda yo‘qman.
— Dori foyda berayaptimi?
— Zo‘r. Ketdik!
Ular tepalikka ko‘tarilishdi.
— Alisa, qara, kimni olib keldim! — Xeteuey xo‘mraydi va boshini eshikka suqdi. — Alisa,
eshitayapsanmi?
Xotini paydo bo‘ldi. Izma-iz baland, xushqomat ikkala qizi chiqib keldi, ularning ortidan yanada
novcharoq barvasta o‘g‘li ko‘rindi.
— Alisa, kapitan Uaylder esingdami?
Ayol dudmallandi, xuddi ko‘rsatma kutayotgandek Xeteueyga qaradi, so‘ng jilmaydi.
— Ha, bo‘lmasa-chi, kapitan Uaylder!
— Kechagidek esimizda, missis Xeteuey, biz siz bilan — mening Yupiterga uchib ketishim
arafasida siz bilan birga tushlik qilgan edik.
Ayol uning qo‘lini qizg‘in qisib qo‘ydi.
— Qizlarim Margaret va Syuzen. O’g‘lim Jon. Bolalarim, sizlar, albatta, kapitanni unutmagandirsiz? Qo‘l berib ko‘rishishlar, kulgi, jonli so‘zlashuvlar.
Kapitan Uaylder burnini cho‘zdi.
— Nahotki zanjabil kulchalari pishayotgan bo‘lsa?
— Yeysizmi?
Hamma harakatga tushdi. Ko‘z ochib-yumguncha yig‘ma stollar qo‘yildi. Pechlardan qaynoq
taomlar olib chiqildi, likopchalar, kumush idishchalar, kimxob sochiqchalar paydo bo‘ldi. Kapitan Uaylder missis Xeteueyga uzoq qarab qoldi, so‘ng nigohini uning o‘g‘liga va jimgina harakat qilayotgan bo‘ydor qizlariga oldi. Oldidan lip-lip o‘tayotgan kishilarning yuzlariga qarar, yoshlarning silliq qo‘llarining har bir harakatiga razm solar, bitta ham ajin tushmagan nafis chehralardagi bironta ifodani nazardan qochirmasdi. U missis Xeteueyning o‘g‘li olib kelgan stolga o‘tirdi.
112