Yana oltita naycha. Boshqa yerlarning belgilari, nomlari ovoz chiqarib bitta-bitta sanaladi.
— Axir bu Marsning teng yarmi-ku! Men Marsning yarmiga xo‘jayinman! — Sem naychalarni Elmaning yuzi oldida silkitgancha devonavor qah-qah urib kular edi. — Elma, eshitdinmi?
— Eshitdim, — javob berdi Elma osmonga qarab.
Aftidan u nimanidir qidirardi. U asta-sekin o‘ziga kelmoqda edi.
— Rahmat, katta rahmat, — dedi Sem bronza niqobga.
— Bu bugun tunda sodir bo‘ladi, — javob berdi niqob. — Shay bo‘lib turing.
— Bo‘pti, darvoqe, bugun nima bo‘ladi — biron bir kutilmagan narsami? Bu yerdan raketalar, e’lon
qilingandan oldinroq, muddatidan bir oy avval uchib keladimi? Odamlari bilan, konchilari bilan, ishchilari va ularning xotinlari bilan barcha o‘n ming odam, yuz ming odam uchib keladi dedingizmi? Juda zo‘r bo‘lar edi-ku, to‘g‘rimi, Elma? Ko‘rdingmi, axir aytgan edim-a, bu qishloqda mingta aholi bilan ish bitib qo‘ya qolmaydi devdim-a. Bu yerga yana ellik ming odam uchib keladi, bir oydan keyin — yuz ming odam, yil oxiriga borib hammasi bo‘lib — Yerdan besh million odam keladi! Eng serqatnov yo‘l ustida, konlarga boradigan yo‘lda mening yakkayu-yagona sosiskaxonam, mening sosiskaxonam qad ko‘tarib turadi!
Niqob shamolda parvoz qilardi.
— Biz endi ketamiz. Shaylaning. Butun mana shu o‘lka sizlarga qoladi.
Uchar oy nurida qadimgi kemalar — qazilma gullarning ma’dan yaproqlari, moviy sultonlar, ulkan
va shovqinsiz ko‘m-ko‘k kapalaklar — orqaga burilishdi va silliq qumdan sirpanib ketishdi, niqoblar esa hamon nur taratib yaltirar edi, bu hol so‘nggi shu’la, so‘nggi moviy ziyo tepaliklar orasida ko‘zdan yo‘qolmaguncha davom etib turdi.
— Elma, ular nega bunday qilishdi? Nega meni o‘ldirishmadi? Nahotki ular hech narsani bilmasalar? Ularga nima bo‘ldi o‘zi? Elma? Hech narsani tushuna oldingmi? — U ayolning yelkasidan siltaladi. — Marsning yarmi — meniki!
Ayol osmonga qaradi, u nimanidir kutmoqda edi.
— Ketdik, — dedi Sem. — Hamma narsani shaylash kerak. Sosiskani qaynatish, bulochkalarni isitish, qalampir sousini qaynatish, piyozni tozalab, to‘g‘rash, ziravorlarni joy-joyiga qo‘yish, salfetkalarni xaltachalarga solib qo‘yish kerak, hammayoq yog‘ tushsa yalagudek toza bo‘lib turishi kerak! Eh-he! — U tovonlarini baland irg‘ishlatgancha qandaydir usulsiz raqsda chaqqon harakatlar qildi. — Men baxtliman, yigitcha, baxtliman, ser, o‘zicha xirgoyi qildi u. — Bugun mening baxtli kunim!
U telbalardek ishlar edi: sosiskalarni qaynayotgan suvga irg‘itar, bulkalarni ko‘ndalangiga parraklar, piyozni qiymalardi.
— Anovi marslik nima deganini eshitdingmi — kutilmagan voqea emish! Bu yerda faqat bir narsa bo‘lishi mumkin, Elma. Mana bu yuz ming odam muddatidan ilgari uchib kelayapti bugun tunda, uchib kelayapti! Bu yerda qanaqangi jiz-biz bo‘lib ketishini o‘ylayapsanmi! Yarim tungacha ishlaymiz, har kuni, u yerda esa yana turistlar bostirib keladi, Elma. Bu pul degani yomg‘irdek yog‘iladi hali.
U tashqariga chiqdi va osmonga qaradi. Osmonda hech narsa ko‘rinmas edi.
— Har daqiqada, — dedi u muzdek havodan huzur qilib simirgancha; kerishib, ko‘kragiga urib qo‘ydi. – Oh-oh!
Elma sukut saqlardi. U qovurdoqqa kartoshka tozalab archir va bir ko‘zi osmonda edi. Yarim soat o‘tdi.
— Sem, — dedi u. – Ana u. Qara.
Sem qaradi va ko‘rdi.
Yer.
Bamisoli did bilan ishlov berilgan yorqin, yam-yashil Yer tepaliklar ortidan ko‘tarilib kelardi.
— Momo Yer, — mehr bilan shivirladi Sem. — Jondan aziz Momo Yer. Och va yalang‘och
odamlaringni bu yoqqa, mening oldimga yubor. E... Anovi she’rda nima der edi? Och odamlaringni oldimga yubor, Momo Yer. Sem Parkxill hoziru nozir, qaynoq sosiskalar sizga muntazir. Qaynamoqda
99


sous, suvga to‘lar og‘iz. Bo‘la qol, Yerjon, yubor raketalaringni!
U kashfiyotidan zavqlangani bir chetga o‘tdi. Mana u, sosiskaxona, o‘lik dengizning tubida archilgan
tuxumdek yaltillab turibdi, yuzlab millik biydek cho‘lda nur va issiqlikning yagona manbai. Bahaybat qora badanda yolg‘iz tepib turgan yurakning o‘zginasi.
U hatto hayajonlanib ketdi va ko‘zlari faxr yoshlaridan namlandi.
— Bunda xohlasang-xohlamasang yuvosh tortib qolasan, — dedi u qaynab turgan sosiskalar, issiq bulochkalar va sariyog‘ isini ichiga tortarkan. — Kelib qoling, — yuzlandi u yulduzlarga, — olib qoling. Qani, kim birinchi?
— Sem, — dedi Elma, tim qora osmondagi Yer birdan o‘zgara boshladi.
U alangalandi.
Yer barkashining bir qismi to‘satdan million zarralarga parchalanib ketdi — go‘yo ulkan quroqsurat
to‘kilib tushgandek bo‘ldi. Bir daqiqa o‘tgach, Yerni uch o‘lchamga kattalashgan dahshatli alanga tillari chulg‘ab oldi, so‘ng qisqara boshladi.
— Nima bo‘lgan edi unga? — Sem osmondagi yashil olovga qarab turardi.
— Yer, — javob berdi Elma qo‘llarini ko‘kragiga bosib.
— Qanaqasiga bu Yer bo‘lar ekan, bu Yer bo‘lishi mumkin emas! Yo‘q, yo‘q, Yer emas! Bo‘lishi
mumkin emas.
— Bo‘lishi mumkin emas, deysanmi? — dedi Elma unga qarab. —Endi bu Yer emas, ha, endi bu
ortiq Yer emas, — sen shunday demoqchimiding?
— Yer emas, yo‘q, yo‘q, bu Yer emasdi, — ulib dedi xotini.
U qimir etmay turardi, qo‘llari soch o‘rimlaridek osilib turardi. Og‘zi ochiq, ma’nosiz ko‘zlarining
paxtasi chiqqan.
— Sem, — chaqirdi ayol. Necha kunlardan beri birinchi marta uning ko‘zlari jonlandi. — Sem!
Sem yuqoriga, osmonga qaradi.
— Xo‘sh, — dedi ayol. Bir daqiqa jimlikdan so‘ng nigohini bir narsadan boshqasiga oldi, so‘ng ho‘l
sochiqni shiddat bilan bilagidan oshirib tashladi. — Chiroqni yoq, ko‘proq yoq, radioni qo‘y, eshiklarni lang ochib qo‘y! Mehmonlarning yangi to‘dasini kut — taxminan million yilcha. Ha, ha, ser, hamma narsa tayyor bo‘lguncha.
Sem qimir etmasdi.
— Eh, sosiska uchun qanday bemisil joy! — ayol stakandan tish tozalagich — xilola oldi-da, kurak tishlari orasiga suqdi. — Men senga bir sirni aytaman, Ser, — shivirlab dedi u eri tomon egilib, — nazarimda, o‘lik mavsum boshlanayotganga o‘xshaydi...
Noyabr 2005 KUZATUVChILAR
O’sha kuni oqshom hamma uyidan chiqdi-da, osmonga tikilib qoldi. Ovqat ovqat joyida, idish idish joyida, kino kino joyida qolaverdi, hamma o‘zlarining endilikda u qadar yangi bo‘lmay qolgan ayvonchasiga chiqdi-da, yam-yashil Yer sayyorasiga ikki ko‘zlarini qadab olishdi. Bu mutlaqo noixtiyoriy tarzda sodir bo‘ldi; ular hozirgina radio tarqatgan yangilikning ma’nosini chaqishga tirishayotgandek yo‘l tutdilar. Ana u — Yer, u yerda urush pishib kelayotibdi, u yerda yuz minglab onalar, buvilar, otalar, aka-ukalar, amma-xolalar, amaki-tog‘alar, egachi-singillar bor. Ular ayvonda turgancha o‘zlarini Yerning borligiga ishontirmoqchi bo‘lar edilar; Bu bir vaqtlar Marsning borligiga ishonishdek qiyin bir narsa edi: nuqulgina telba-teskari jumboq. Sirasini aytganda-ku, Yer ular uchun o‘likdek bir narsa, ular u bilan uch yoki to‘rt yil avval xayrlashishgan. Masofani o‘ylasa, yurak uvishib ketadi, yetmish million yil tuyg‘ularni bo‘g‘adi, xotirani tilka-pora qiladi, Yerni kimsasizga aylantiradi,
100


o‘tmishni sidirib tashlaydi va bu odamlarga bu yerda hech narsani o‘ylamasdan mehnat qilish imkonini beradi. Lekin bugun oqshom o‘lganlar oyoqqa turdi, Yerda yana hayot boshlandi, xotira uyg‘ondi va ular ko‘plab nomlarni tilga oldilar. Anavi erkak nima qilayapti-yu, manavi ayol nima qilayapti? Falonchi nima bo‘ldi? Odamlar o‘z ayvonlarida turib, bir-birlariga qarar edilar.
Soat to‘qqizda Yer go‘yo portlab ketdi va gurillab yona boshladi.
Ayvondagi odamlar xuddi olovni o‘chirmoqchi bo‘lgandek qo‘llarini tepaga irg‘itdilar.
Ular kutar edilar.
Yarim tunga kelib yong‘in so‘ndi. Yer o‘z o‘rnida qoldi. Ayvonlar bo‘ylab yengil nafas kuz
shabadasidek yelib o‘tdi.
— Garridan biz hech narsa eshitmaganimizga ancha bo‘ldi.
— Unga nima qilardi?
— Oyimga xabar yuborsakmikan?
— U soppa-sog‘.
— Ishonching komilmi?
— Bo‘pti, faqat o‘zingni bos.
— Oyimga hech narsa bo‘lmagan deb o‘ylaysanmi?
— Bo‘lmasa-chi, ketdik, uxlaymiz.
Biroq hech kim ketmadi. Tungi maysazorga sovub qolgan kechlik ovqatni chiqarishdi, dasturxon
tuzashdi va odamlar tungi soat ikkigacha, Yerdan nur radiosi xabari kelmaguncha ovqatni sanchqilari bilan erinibgina kovlar edilar. Bamisoli uzoqdan uchib kelayotgan tillaqo‘ng‘izlardek morze harflari yalt-yult qilib ko‘zga tashlanardi va ular o‘qir edilar;
KO’Z KO’RIB QULOQ EShITMAGAN ATOM OMBORI PORTLAShIDAN AVSTRALIYa QIT’ASI KUYIB KULGA AYLANDI. LOS-ANJYeLYeS, LONDON BOMBARDIMON QILINDI. URUSh. UYGA QAYTING, UYGA, UYGA.
Ular stoldan oyoqqa qalqdilar.
UYGA QAYTING, UYGA, UYGA, UYGA.
— Sem, bu yil akang Taddan biror narsa oldingmi?
— Bilmagandek gapirasan-a: Yerga xat yuborish besh tanga turadi. Bunga nimani ham yoza
olarding.
UYGA QAYTING.
— Men negadir Jeyndan xavotirdaman — Jeyn singilcham esingdami?
UYGA.
Salqin tong otganda, soat uchda “Yo‘l tovarlari” do‘konining egasi boshini chiqardi. Ko‘chadan
odamlarning butun bir to‘dasi kelar edi.
— Men esa bilib turib yopmagan edim. Nima olasiz, mister?
Tongga yaqin do‘konning barcha tokchalari bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgandi.
DYeKABR 2005 SOKIN ShAHARLAR
O’lik Mars dengizi chekkasida sokin oq shaharcha yastangan. U huvillab yotardi. Ko‘chalarda zog‘ uchmasdi. Kunduzi va kechasi univermaglarda tanho chiroqlar yonib turardi. Do‘konlarning eshiklari lang ochiq, go‘yo odamlar yopishni unutib, juftakni rostlab qolgandek. Go‘ristondek jim-jit tamaddixonalarga kiraverishdagi sim dorlarda o‘qilmagan, quyoshda sarg‘aygan jurnallar shitirlar edi, ular bir oy muqaddam kumushrang raketa yordamida Yerdan keltirilgan edi.
101


Shaharcha o‘lik edi. Undagi to‘shaklar huvillagan va muzdek. Yakkayu yagona ovoz — simlardagi va yaqin-yaqingacha o‘zlari bilan o‘zlari bo‘lib yashab kelgan dinamo mashinalardagi tokning vizillashigina quloqqa chalinardi. Hammomdan toshib chiqqan suv turar-joy xonalariga, ayvonchalarga, mo‘‘jaz bog‘chalarga oqib kirib, tashlandiq gullarni sug‘orar edi. Tim-qorong‘i tomosha zallarida ko‘plab o‘rindiqlarga pastdan yopishtirib tashlangan, hali tish izlari ham ketmagan saqichlar qotib yotardi.
Shaharcha ortida kosmodrom bor edi. So‘ng raketa Yerga tomon yo‘l olgan joyda haligacha achchiq tutun taratib tarashalar burqsirdi. Agar tangani teleskopga tushirib, uni Yerga qarab burilsa, u yerda quturib turgan katta urushni tomosha qilish mumkin bo‘lardi. Deylik Nyu-Yorkning qanday portlayotganini ham ko‘rsa bo‘lardi. Yangi xildagi tuman qoplagan Londonni tomosha qilsa bo‘lardi. Shundagina bu Mars shaharchasini nega tashlab ketishlarini tushunish mumkin bo‘lardi. Odamlar juda tez ko‘chib ketganmidi? Duch kelgan do‘konga kiring, g‘azna tugmachasini bosing. Tangalari charaqlab va jangirlab quticha irg‘ib chiqadi. Ha, Yerda ishlar yomonga o‘xshaydi... Shaharchaning huvillagan ko‘chalari bo‘ylab ohista hushtak chalgan va bir maromda oldidagi bo‘sh qutini tepib quvlagancha bir baland bo‘yli ozg‘in odam borardi. Tund, xotirjam nigohi uning so‘qqaboshligini yaqqol ko‘rsatib turardi. U yap-yangi tangalar jangirlab turgan cho‘ntagiga qoq suyak qo‘llarini suqdi. Bir tangani asfaltga tushirib yuborib, miyig‘ida kulib qo‘ydi va yaltiroq tangalarini ko‘chaga sepib borgancha yo‘lida davom etdi...
Uning ismi Uolter Gripp edi. Ko‘m-ko‘k Mars tog‘larida uzoq-uzoqlarda uning oltin koni va tanho kapasi bor edi va u har ikki haftada o‘ziga yuvosh, oqila ayolni xotinlikka olgani qidirib shaharga tushar edi. Bu hol bir necha yildan beri takrorlanib kelar edi va har gal u o‘sha-o‘sha hafsalasi pir bo‘lgan, ikki qo‘lini burniga tiqqan holda yolg‘iz qaytib kelar edi. Bir hafta burun shaharga kelib, u nimani ko‘rdi deng!
O’sha kuni u shu qadar hang-mang bo‘lib qolgan ediki, duch kelgan birinchi tamaddixonaga kirdi- da, birvarakay uchta go‘shtli sendvich buyurdi.
— Hammasi bo‘ladi! — qichqirdi u. U peshtaxtaga yemaklarni va sal avval pechdan olingan nonni terib qo‘ydi-da, stoldan changlarni qoqdi, o‘ziga-o‘zi o‘tirishga izn berib, biron-bir o‘tkir ichimlikka ehtiyoj sezmaguncha ovqatni paqqos tushirdi. Uolter Gripp degan do‘kon sohibi o‘taketgan ziyrak odam chiqib qoldi va ko‘z ochib yumguncha unga vishillaydigan ichimlik quyib berdi.
U jinsi shimi cho‘ntaklariga qo‘liga ilingan qog‘oz pullarini tiqib to‘ldirdi. Aravasiga o‘n dollarlik qog‘oz pullardan yukladi va jazavaga tushgan ko‘yi shahar bo‘ylab yugurib ketdi. Shahar chekkasidayoq birdan uning miyasiga, menga nima bo‘ldi o‘zi, bu ahmoqona qiliqlarim bilan sharmanda bo‘layapman-ku” degan fikr urdi. Pullarni u nima qiladi? U o‘n dollarlik qog‘oz pullarni olgan joyiga qaytarib olib bordi, o‘zining katmonidan bir dollarlik pulni sug‘urdi, uni sendvich uchun tamaddixona kassasiga tashladi va choyga yana choraktalik qo‘shib qo‘ydi.
Kechqurun u issiq turk hammomida mazza qidib cho‘mildi, suvli go‘sht va noyob qo‘ziqorin qayla tamaddi qildi, chet el oq xeres va qulupnay sharobidan no‘sh qildi. Yangi ko‘k flanel kostyumini va uning cho‘zinchoq boshi ustida o‘ynab qoladigan kulrang bayramlik shlyapasini tanladi. “Bizning keksa shaykamiz” kuyini chalayotgan avtomat radiolaga tanga suqdi. Butun shahar bo‘yicha yigirmata shunaqa avtomatga beshtalikdan suqib chiqdi. “Bizning keksa shaykamiz”ning mungli ovozlari kimsasiz tun va huvillagan ko‘chalarni to‘ldirib yangradi, u esa daroz, ozg‘in, tanho bir ahvolda yangi botinkalarini avaylab bosgan, sovuqqotgan qo‘llarini cho‘ntaklari ichida isitgan ko‘yi hamon ketib borar edi.
Shundan buyon bir hafta o‘tdi. U Mars-Avenyudagi quling o‘rgilsin uyda uyquni urdi. Ertalab soat 9 da turdi, hammomda cho‘mildi-da, cho‘chqa go‘shtli tuxumlar bilan nonushta qilgani eringancha shahar tomon odimlab ketdi. Xudoning bermish kuni ertalab u navbatdagi muzxonaga tonnalab go‘sht, sabzavot, limu kremi surilgan pishiriqlarni tiqib tashlar, Yerdan raketalar qaytib kelmaguncha o‘ziga o‘n yillik oziq-ovqatni g‘amlab olardi. Hali raketalar qaytib keladimi-yo‘qmi, xudo biladi.
102


Bugun kechqurun esa u pushti, chiroyli rang-barang peshtaxtalardagi mum ayollarni tomosha qilgancha oldinga-orqaga tinmay egilar edi. Birinchi marta shaharning qay darajada o‘likligini his etdi. Bir krujka pivoni simirdi-da, asta tirjaydi.
— Jin ursin, — dedi u. — Men butunlay yolg‘izman.
U “Elit” kinoteatriga kirdi, yolg‘izlik haqidagi fikrlardan chalg‘itish uchun u o‘ziga kino ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Zal ichi bo‘m-bo‘sh va dahmadagidek jim-jit edi, keng ekran bo‘ylab kulrang va qora sharpalar suza boshladi. Uning vujudi titrab ketdi va shaytonlar in qurgan bu maskandan qorasini o‘chirishga jazm etdi.
Uyga qaytishga ahd qilib, u tez-tez yurib borardi, telefon qo‘ng‘irog‘ini eshitib, jim-jit mahalla tosh ko‘chasidan qariyb yugurib ketdi.
U quloq soldi.
“Qaerdadir telefon jiringlayapti”.
U olg‘a yurishda davom etdi.
“Hozir kimdir go‘shakni oladi”, — erinchog‘lik bilan o‘yladi u.
U yo‘lka chekkasiga o‘tirdi va botinkasidan shoshmay toshchalarni qoqib tushira boshladi.
Birdan qattiq qichqirib oyoqqa turdi:
— Kimdir! Samoviy kuchlar, nahotki bu men bo‘lsam!
U talvasa ichida atrofga alangladi. Qaysi uyda? Hov anavunda! Maysazor ustidan uchib o‘tdi,
zinapoyalardan yuqoriga otildi, uyga kirdi, qop-qorong‘i zalda turibdi. Shiddat bilan go‘shakni oldi.
— Allo! — qichqirdi u.
— Zzzzzzzzzzzzz.
— Allo, allo!
Qo‘yib qo‘yishibdi.
— Allo! — o‘kirdi u va go‘shakni siltadi. — Padaringga ming la’nat! — O’zini o‘zi so‘kdi u. —
Yo‘lakda o‘tirib senga zarurmidi, galvars! Shaytonvachcha, to‘nka! — u qo‘llari bilan telefon apparatini qattiq siqdi. — Qani, yana bir qo‘ng‘iroq qil. Qani!
Shu paytgacha Marsda undan boshqa biron-bir odam qolishi mumkinligi uning miyasiga ham kelmagandi. O’tgan butun hafta davomida u bitta ham odamni ko‘rmadi. U boshqa barcha shaharlar ham mana shunday kimsasiz deb xayol qilgan edi.
Endi esa hayajondan titrab-qaqshagancha ikki ko‘zini qora qutichadan ololmasdi. Avtomat telefon tarmog‘i Marsning barcha shaharlarini bir-biri bilan ulab turardi. Ular o‘ttizta — qaysi biridan qo‘ng‘iroq qilishdi ekan?
U bilmasdi.
U kuta boshladi. Yot xonadon oshxonasiga o‘tdi, muzlagan qulupnay erib yotardi, uni g‘amgingina yedi.
— Bu yerda hech kim bo‘lmagan aslida, — g‘udrandi u. — Balki shamol qaerdadir simyog‘ochni ag‘darganda tasodifan simlar ulanib qolgandir.
Lekin u kimdir narigi tomonda go‘shakni ilgandagi shirq etgan ovozni eshitdi-ku?
Butun tunni Uolter Gripp zalda o‘tkazdi.
— Bu yerda telefonning hech qanday aloqasi yo‘q, — o‘zini ishontirib dedi u. — SHunchaki mening
boshqa qiladigan ishim yo‘q.
U soatining chiq-chiqiga quloq tutdi.
— Xotinim endi qo‘ng‘iroq qilmaydi, dedi u. — Javob bermagan odamga qaytadan raqamlarni
terish unga zarur kelibdimi? Ehtimol, ayni daqiqalarda shahardagi boshqa uylarga qo‘ng‘iroq qilayotgan bo‘lsa kerak! Men bo‘lsam bu yerda o‘tiribman... Shoshma! — u miyig‘ida kuldi. — Nega men “xotinim” deyapman?
U sarosima ichida ko‘zlarini pirpiratdi.
— Axir erkak kishi ham mana shunday dadil ko‘ng‘iroq qilishi mumkin-ku, shunday emasmi?
103


Yurak urishi sezilmasdi. Muzdek va bo‘m-bo‘sh, g‘oyat bo‘m-bo‘sh.
U ayol kishi bo‘lishini juda-juda xohlardi.
U uydan chiqdi-da, erta tong g‘ira-shirasida arang ko‘zga chalingan ko‘cha o‘rtasida to‘xtadi.
Quloq soldi. Tiq etgan tovush yo‘q. Na bir qush, na bir mashina ovozi eshitiladi. Faqat yurak
dukullaydi. Duk —jimlik — duk. Azbaroyi zo‘riqishdan yuzi burishib ketadi. Shamol esa shu qadar mayin, shu qadar nazokat bilan esardiki, epkinlari uning pidjagi etaklarini ohista siypab o‘tadi.
— Jim, — shivirladi u. — Quloq sol!
U nigohini bir jim-jit uydan boshqasiga olgancha asta joyida aylandi.
Ayol raqamlarni ketma-ket teradi, o‘yladi u. Bu ayol kishi bo‘lishi kerak. Nima uchun? Faqat ayol
kishigina barcha raqamlarni qayta teradi. Erkak kishi unday qilmaydi. Erkak kishi o‘ziga ishonganroq bo‘ladi. Axir men kimgadir qo‘ng‘iroq qilganmanmi? Yo‘q! Bunday qilish hatto xayolimga ham kelmagan! Bu ayol kishi bo‘lishi kerak. Albatta, ayol kishi, xudo shohid!
Quloq sol.
Uzoq-uzoqlarda, huv yulduzlar ostida telefon jiringladi.
U yugurib ketdi. Quloq solgani to‘xtadi. Ohista jiring. Yana bir necha qadam yurdi. Qattiq jiring
eshitildi. U burildi-da, xiyobon yoqalab olg‘a intildi. Jiring kuchayib borardi! Oltita uydan o‘tdi, yana oltita! Juda ham qattiq jiringladi! Mana bumi? Eshik yopiq edi.
Ichkarida telefon jiringlardi.
— Eh, la’nati! — U eshik dastagini silkitdi.
Telefon jon-jahdi bilan jiringlardi.
U ayvondagi o‘rindiqni ko‘tardi-da, aylantirib mehmonxona derazasiga soldi va singan derazadan
ichkariga sakradi.
U go‘shakni olishga ham ulgurmay, telefon jimib qoldi.
U xonadan-xonaga o‘tar, oynalarni sindirar, pardalarni yular, oshxona plitasini tepar edi.
Nihoyat majolsizlanib, u Yerdan Marsdagi barcha abonentlar qayd etilgan telefon kitobchasini oldi.
Ellik ming ismi sharif.
Birinchi ismi sharifdan boshladi.
Ameliya Amz. Nyu-Chikago. O’lik dengizning narigi tomonidan yuz mil narida. U shuning raqamini
terdi.
Javob yo‘q.
Ikkinchi abonent Nyu-Yorkda moviy tog‘lar ortida besh ming mil narida turardi.
Javob yo‘q.
Uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi, oltinchi, yettinchi, sakkizinchi; titroq barmoqlar go‘shakni bazo‘r
ushlab turardi.
Ayol ovozi javob berdi:
— Allo?
Uolter javoban qichqirdi:
— Allo, ey xudoyim, allo!
— Bu yozuv, — dona-dona qilib dedi ayol ovozi. — Miss Elen Arazumyan uyda yo‘q. Ayting, sizga
nima kerak, ovozingiz simga yozib qolinadi, bu xonim qaytgandan keyin sizga telefon qilishi uchun kerak bo‘ladi. Allo? Bu yozuv. Miss Elen Arazumyan uyda yo‘q. Ayting, sizga nima kerak...
Sem go‘shakni ildi.
Uning lablari titrardi.
Bir oz o‘ylab turib, u qaytadan raqamlarni terdi.
— Miss Elen Arazumyan uyga qaytganida, — dedi u, ayting: telefoni bilan qo‘shmozor bo‘lsin.
U Marsning markaziy kommutatoriga, Nyu-Boston, Arkadiya va Ruzvelt-Siti telefon stantsiyalariga
qo‘ng‘iroq qildi. U yerda biron-bir joyga qo‘ng‘iroq qilishga harakat qilgan odamlar topilib qolishiga ko‘proq umidvor edi, so‘ng har bir shahardagi ratushalar va boshqa davlat idoralariga qo‘ng‘iroq qilib chiqdi. Eng yaxshi mehmonxonalarga qo‘ng‘iroq qildi. Yegani oldida, yemagani ketida qabilida
104


yashashni qaysi ayol xohlamaydi. Birdan u qattiq qarsak chaldi-da, qah-qah urib kulib yubordi. Ha, bo‘lmasa-chi! Telefon daftarchasini ochib ko‘rdi-da, xalqaro telefon tarmog‘i orqali Nyu-Teksas- Sitidagi eng yirik pardozxona raqamini terdi. Baxmal qoplamali, hashamdor pardozxonadan boshqa qaerdan ham qidirarding ayolni, bu yerda u goh u oyna, goh bu oyna o‘rtasida yugurib yurgan, yuziga har turli moyupalarni chaplayotgan, elektr quritgich ostida o‘tirgan bo‘lishi kerak!
Qo‘ng‘iroq uzoq jiringladi. Simning narigi uchida kimdir go‘shakni oldi. Ayol ovozi yangradi:
— Allo?
— Agar yozib olinayotgan bo‘lsa, — chertib-chertib dedi Uolter Gripp, — men boraman-da, la’nati pardozxonangizning kulini ko‘kka sovuraman.
— Hech kim yozib olayotgani yo‘q. — Javob berdi ayol ovozi. — Allo, allo, nahotki u yerda tirik odam bo‘lsa! Qaerdasiz?
Ayol shodon chiyilladi.
Uolter stuldan ag‘darilib tushayozdi.
— Allo... — U ko‘zlari yongancha sakrab oyoqqa turdi. — E, xudo, bu qanday baxt, ismingiz nima? — Jeneveva Selzor! — ayol go‘shakka yig‘lab gapirdi. — Oh, xudo, kim bo‘lishingizdan qat’i nazar,
ovozingizni eshitganimdan shunday xursandmanki! — Men Uolter Grippman!
— Uolter, salom, Uolter!
— Salom, Jeneveva.
— Uolter. Qanday ajoyib ism. Uolter, Uolter, Uolter!
— Rahmat.
— Axir qaerdasiz, Uolter?
Qanchalik mehribon, quvnoq, nafis ovoz... U ayol erkalab shivirlab gaplashishi uchun go‘shakni
qulog‘iga qattiqroq bosdi. Uning oyog‘i chalinib ketmoqda edi. Yuzi lov-lov yonardi. — Men Merlin-Villijdaman, — dedi u. — Men...
Zzzz.
— Allo? — Shoshib qoldi Uolter.
Zzzz.
U dastakka urib ko‘rdi. Hech gap yo‘q.
Allaqaerda shamol simyog‘ochni ag‘dargan. Jeneveva Selzor ham qanday tez paydo bo‘lgan bo‘lsa,
shunday tez g‘oyib bo‘ldi.
Uolter raqamni terdi, biroq apparat gung-lol edi.
— Hechqisi yo‘q, uning qaerdaligini endi bilib oldim-ku.
Uolter yugurib uydan chiqdi. Ertalabki quyosh nurlari ostida u begona garaj ichidan sport
mashinasini orqa bilan haydab chiqdi, orqa o‘rindig‘iga uydan olgan oziq-ovqat mahsulotlarini tashlab qo‘ydi va soatiga sakson mill tezlik bilan Nyu-Teksa-Sitiga qarab uchib ketdi. Ming mil, o‘yladi u. CHida, Jeneveva Selzor, men seni uzoq kuttirib qo‘ymayman!
Shahardan chiqar ekan, u har bir muyulishda chinqiratib signal berardi.
Kun botardi, ayovsiz poygali kundan keyin u mashinani yo‘l chekkasiga burib to‘xtatdi, oyog‘ini qisgan botinkalarini yechib tashladi, o‘rindiqqa cho‘zildi-da, hashamdor shlyapasini horg‘in ko‘zlari ustiga tortib qo‘ydi. U sekin, bir tekisda nafas olar edi. Oqshom qorong‘iligida sarin shabada esar, yulduzlar quvnoq jimjima qilar edi. CHor atrofda qadimdan-qadim Mars tog‘lari savlat to‘kib turardi. Yulduzlarning nurlari shaxmat donalari kabi moviy yonbag‘irlarga tutashib ketgan Mars shaharchasi minoralari ichida jimirlar edi.
U uyqu bilan bedorlik o‘rtasidagi allaqaerda ivirsigancha cho‘zilib yotardi. U shivirladi: Jeneveva. So‘ng asta xirgoyi qila boshladi. “Eh, Jeneveva, azizim, o‘taversin yillar bir-birin quvlab. Lekin azizim Jeneveva...” Uning ko‘ngli xotirjam edi. Quloqlari ostida ayolning past, mayin, bir maromdagi ovozi jaranglardi: “Allo, hoy Uolter! Hech kim yozib olmayapti. Axir qaerdasan, Uolter?”
105