Payks bosh irg‘adi.
— U o‘zining o‘rniga robotni yuboribdi. Men uni axlatkuydirgichni tozalayotganimda topib oldim. Ikkalasi shubhali murvatlarga qaradi.
— Bu har daqiqada politsiya bostirib kelishi mumkin deganini bildiradimi? — dedi Payks. —
Rejalarimiz barbod bo‘ldi.
— Bu ma’lum emas, — Stendal aylanib yurgan sariq, ko‘k, qizg‘ish odamlarga qaradi. Musiqa keng
va g‘uborli zallardan uzoq-uzoqlarga taralardi. — Garret shaxsan o‘zi kelishiga ishonadigan darajada ahmoq bo‘lmasam kerak, lekin shoshmang-chi!
— Nima bo‘ldi?
— Hech narsa, aytarli hech narsa yo‘q. Garret bizga robotni yuboribdi, ammo biz ham shunday qaytardikki, agar u juda ham sinchkovlik bilan qaramaydigan bo‘lsa, bizning firibimizni payqamasligi hech gap emas.
— Bo‘lmasa-chi!
— Yanagi safar u o‘zi keladi. Endi u unga hech narsa xavf solmasligiga ishonadi. O’z odamingiz bilan uni har daqiqada kutib turing! Sharobdan yana oling, Payks!
Katta qo‘ng‘iroq bong urdi.
— O’lay agar, bu o‘sha. Boring, mister Garretni ichkariga olib kiring.
Rapuntsel oltin sochlarini pastga tushirdi.
— Mister Stendalmisiz?
— Mister Garret, haqiqiy Garretmisiz?
— O’ziman. — Garret namiqqan devorlar va chir aylanayotgan odamlarga sinchkovlik bilan nazar
soldi; — o‘zim ko‘ray degan bo‘lsa kerak. Robotlarga ishonib bo‘lmaydi. Boz ustiga, begona robotlarga. Bir yo‘la men ehtiyotkorlik yuzasidan Buzuvchilarni chaqirdim. Bu maraz maskan devorlarini buzish uchun ular bir soatdan keyin yetib kelishadi.
Stendal ta’zim qildi.
— Ogohlantirganingiz uchun rahmat. — U qo‘li bilan ishora qilib qo‘ydi: — Hozircha sizni ko‘ngil ochishga taklif qilaman. Ozgina sharob ketadimi?
— Yo‘q, yo‘q, tashakkur. Nimalar bo‘layapti u yerda? Inson tanazzulining chegarasi qaerda? — O’zingiz amin bo‘lasiz, mister Garret.
— Tubanlik, — dedi Garret.
— Eng jirkanch tubanlik, — tasdiqladi Stendal.
Qaerdadir ayol chiyilladi. Pishloqdek oppoq miss Paup yugurib kelardi.
— Shunday narsa yuz berdiki, aytishga tilim bormaydi! Ko‘z oldimda maymun miss Blantni bo‘g‘di va mo‘riga itarib yubordi.
Ular quvurga qarashdi va pastda osilib turgan uzun sariq sochlarni ko‘rishdi. Garret qichqirib yubordi.
— Dahshat! — cho‘qinib dedi miss Paup. U birdaniga tildan qoldi, ko‘zlarini pirpiratdi-da, o‘girildi: — Miss Blant!
— Ha, — miss Blant uning yonida turardi.
— Axir men sizni hozirgina pechka quvuri ichida ko‘rgan edim-ku!
— Yo‘q, — kuldi miss Blant. — Bu robot edi, mening nusxam. Mohirona ko‘chirma!
— Lekin, lekin...
— Yoshlaringizni arting, jonginam. Men soppa-sog‘man. O’zimga qarashimga ruxsat bering. Mana,
men qaerda ekanman! Ha, mo‘rida xuddi siz aytgandek. G’aroyib-a, to‘g‘rimi?
Miss Blant kulgancha u yerdan ketdi.
— Ichasizmi, Garret?
— Ichganim bo‘lsin. Sal asabiylashdim. Ey xudo, bu qanaqa joy bo‘ldi-a. Faqat buzib tashlashga
yaraydi, xolos. Menga qolsa bir lahzada... — Garret Sharobni sipqordi.
Yangi qichqiriq. Mister Steffensning yelkasida zinadan pastga qarab to‘rtta oq quyonni olib kelar
79


edilar, zina to‘satdan hayratomuz ravishda polda paydo bo‘lgan edi. Mister Steffensni xandaqqa sudrab ketishdi va oyoq-qo‘llari bog‘liq holda, uning shilingan badaniga tig‘dek o‘tkir bahaybat mayatnik chayqalgancha tobora yaqinlashib va pastga tushib kelayotganini ko‘rish uchun qoldirdilar.
— O’sha pastdagi menmi? — so‘radi mister Steffens Garretning yonida paydo bo‘lib. U quduq ustiga engashdi — o‘zingning o‘limingni tomosha qilish juda va juda qiziq bo‘lar ekan.
Mayatnik oxirgi marta chayqaldi.
— Xuddi o‘zidek-a, — dedi mister Steffens orqasiga burilarkan.
— Sharobdan yana quyaymi, mister Garret?
— Ha, malol kelmasa.
— Buyog‘i ko‘pi ketib, ozi qoldi. Hademay, Buzuvchilar kelishadi.
— Xudoga shukur!
Shu payt yana, uchinchi marta qichqiriq eshitildi.
— Tag‘in nima gap? — asabiy so‘radi Garret.
— Endi mening navbatim, — dedi mister Drammond. — Qarang.
Ming qichqirmasin, ikkinchi mister Drammondni tobutga dumalatib yotqizishdi va pol ostidagi nam
yerga irg‘itishdi.
— To‘xtang, axir bu esimda! — Oh tortib dedi Axloq Iqlimining inspektori. — Axir bu ko‘hna,
taqiqlangan kitoblardan-ku... “Barvaqt ko‘milgan odam”. Qolganlari ham: quduq, mayatnik, maymun, mo‘ri... “Morg ko‘chasidagi qotillik”. Bu kitobni men o‘zim yoqqan edim, bo‘lmasa-chi!
— Sharobdan quying, Garret. Bundoq, qadahni mahkamroq ushlang.
— Xudo haqqi, tasavvuringizga gap yo‘q!
Ularning ko‘z oldida yana besh odam o‘ldi: bittasi ajdahoning og‘zi ichida, qolganlari qora hovuzga
tashlab yuborildi, suv tubiga tushib ketdi-da, o‘sha yoqda chiridi.
— Sizga nima tayyorlaganimizni ko‘rmoqchimisiz? — so‘radi Stendal.
— O’z-o‘zidan ma’lum, — javob berdi Garret. — Nima farqi bor? Baribir biz bu marazni portlatib
yuboramiz. Siz jirkanchsiz.
— Unda ketdik. Bu yoqqa.
Shunday deya u Garretni pastga, ko‘plab eshiklardan o‘tib, maxfiy joyga olib ketdi, undan murvatli
zinadan yurib, yer tagiga, mag‘oralarga tushishdi.
— Bu yerda siz menga nimani ko‘rsatmoqchisiz? — so‘radi Garret.
— Sizning o‘ligingizni.
— Mening nusxamnimi?
— Ha, yana bir narsani.
— Nima ekan?
— Amontilyadoni, — dedi Stendal qo‘lida fonarni ko‘tarib oldinda yurib borar ekan.
Chor atrofda tobutlar ichidan beligacha sug‘urilib chiqqan skeletlar harakatsiz osilib turar edi.
Garret kafti bilan burnini berkitdi, nafratdan yuzi bujmaydi. — Nima, nima?
— Siz amontilyado haqida hech eshitganmisiz?
— Yo‘q!
— Mana buni ham bilmaysizmi? — Stendal tokchani ko‘rsatdi.
— Qayoqdan bilay?
— Buni hammi? — Stendal jilmaygancha chakmonining qatidan ustaning andavasini oldi.
— Bu nima?
— Ketdik, — dedi Stendal.
Ular mehrobga chiqishdi. Qorong‘ilikda Stendal shirakayf inspektorning qo‘llariga kishan soldi.
— Yo alhazar, bu nima qilganingiz? — qichqirib dedi Garret zanjirni shaqillatib.
— Men, ta’bir joiz bo‘lsa, temirni qizig‘ida bosayapman. Temirni qizig‘ida bosayotgan odamning
ishiga xalaqit bermang, bu odobdan emas. Mana shunaqa!
80


— Siz meni zanjirband qilib qo‘ydingiz! — Mutlaqo to‘g‘ri.
— Nima qilmoqchisiz o‘zi?
— Sizni shu yerda qoldirmoqchiman. — Hazillashmang.
— G’oyat muvaffaqiyatli hazil.
— Mening ikkinchi qiyofam qani? Nahotki biz uning qanday o‘ldirilishini ko‘rmasak?
— Hech qanaqa ikkinchi qiyofa yo‘q.
— Axir qolganlar-chi?!
— Qolganlar o‘lgan. Tirik odamlarni qanday o‘ldirishganini ko‘rdingiz-ku. Ikkinchi qiyofa robotlar
esa yoningizda turib tomosha qilgan edilar.
Garret indamadi.
— Endi siz: “Butun muqaddas narsalar uchun, Montrezor!” — deb gapirishga majbursiz, — dedi
Stendal. — Men esa: “Ha, butun muqaddas narsa haqqi” deb javob beraman. Xo‘sh, chog‘ingiz qalay? Bo‘ling. Gapiring.
— To‘nka!
— Nima, men sizga yalinishim kerakmi? Gapiring! Gapiring: “Butun muqaddas narsa haqqi, Montrezor!”
— Aytmayman, padariga la’nat. Meni bu yerdan chiqarib yuboring. — U endi hushyor tortgan edi. — Mana. Kiyib oling. — Stendal qo‘ng‘iroqchalari jiringlab turgan nimanidir unga tutdi.
— Nima bu?
— Qo‘ng‘iroqchali qalpoq. Shuni kiyib oling, balki men sizni keyin qo‘yib yuborarman.
— Stendal!
— Kiyib oling, dedim sizga!
Garret itoat qildi. Qo‘ng‘iroqchalar jiringlab ketdi.
— Siz bular barchasi qachonlardir bo‘lib o‘tgandek his qilyapsizmi? — gapga tutindi Stendal
belkurak, loy, g‘ishtlar bilan andarmon bo‘lar ekan.
— Nima qilayapsiz?
— Sizni mo‘miyolayapman. Bir qator to‘lib bo‘ldi. Mana bu ikkinchi qator.
— Aqlingizni yebsiz!
— Siz haqsiz.
— Buning uchun sizni javobgarlikka tortishadi!
— Qo‘yib yuboring, qo‘yib yuboring meni!
So‘nggi g‘ishtni qalash qolgan edi. Baqiriq-chaqiriq hamon davom etardi.
— Garret? — sekin chaqirdi Stendal.
Garret jimib qoldi.
— Garret, — davom etdi Stendal, — bilasizmi, sizni nima uchun bunday qilganimni? Chunki siz
hatto tuzukli o‘qimasdan ham mister Poning kitoblarini yoqib yuborgansiz. Kitoblarni yoqib yuborish kerak degan odamlarning gapiga laqqa tushgansiz. Aks holda siz, biz bu yerga kelishimiz bilanoq, mening ko‘nglimdagini darrov bilib olgan bo‘lardingiz. Jaholat ham evi bilan-da, mister Garret.
Garret sukut saqlardi.
— Hamma narsa aniq bo‘lishi kerak, — dedi Stendal yorug‘ mehrobga o‘tib, egilgan qiyofaga tushishi uchun fonarni ko‘tarib; — Qo‘ng‘iroqchalarni sekin jiringlating-chi.
Qo‘ng‘iroqchalar jiringladi.
— Endi malol kelmasa; “Butun muqaddas narsa haqqi, Montrezor!” deb ayting, ehtimol men sizni ozod etarman.
Fonar yorug‘ida inspektorning chehrasi ko‘rindi. Bir oz taraddudlanib turdi-da, u poyintar-soyintar qilib, takrorladi:
— Butun muqaddas narsa haqqi, Montrezor.
81


Stendal mamnun holda xo‘rsinib qo‘ydi va ko‘zlarini yumdi. So‘nggi g‘ishtni qaladi-da, bosib, zichlab qo‘ydi.
— Reguiescat in pace, aziz do‘stim!
U tezgina mag‘oradan chiqib ketdi.
Yarim tunda soatlar dastlab bong urganda, uyning yettita zalida hamma narsa sukunat qo‘yniga g‘arq bo‘lgandi.
Qizil O’lim paydo bo‘ldi.
Stendal bir lahza eshik tagida to‘xtab qoldi, yana bir karra hamma narsaga ko‘z yugurtirib chiqdi. Uydan yugurib chiqdi-da, handaq orqali vertolet kutib turgan joyga shoshildi.
— Tayyormi, Pays?
— Tayyor.
Ular jilmaygancha ulug‘vor binoga qarashdi. Xuddi zilzilada bo‘lganidek, uy o‘rtasidan eriy boshladi
va bu ajoyib manzaradan zavqlangan Stendal orqa tomonda turgan Payksning past ovozda xirgoyi qilib aytgan so‘zlarini eshitdi:
— “... ko‘z oldimda qudratli devorlar nurab tushdi va ag‘anadi. Bamisoli minglab sharsharalar kabi anchagacha guvillagan ovoz chalinib turdi va chuqur qora qo‘ltiq Esherlar Uyi xarobalari uzra unsiz va tund bir holda ko‘zdan yo‘qoldi”.
Vertolet g‘arb tomonga yo‘l olgancha biqirlab qaynayotgan ko‘l uzra uchib borardi.
Avgust 2005 KYeKSA ODAMLAR
Va nihoyat, — xuddi kutilganidek — Marsga keksa odamlar kelib qo‘na boshladi: ular hayqiroq kashshoflar, nozik didli shubhaparastlar, ustasi farang musofirlar, pok rizq qidirgan xayolparast voizlar solgan izdan yo‘lga tushgan edilar. Adoyi tamom bo‘lgan va ojiz odamlar, qiladigan bor-yo‘q ishlari o‘z yuraklariga quloq solishu, o‘z tomirlarini paypaslab bo‘lgan odamlar, tishsiz og‘izlari bilan suyuq dorini tinimsiz yutadigan odamlar, ilgari noyabrda umumiy vagonda Kaliforniyaga, aprelda esa uchinchi toifa paroxodda Italiyaga yo‘l oladigan bu jonli xilqatlar, bu mushtdek-mushtdek xilqatlar ham nihoyat Marsda paydo bo‘ldi.
Sentyabr 2005 MARSLIK
Osmonga tik qadalgan moviy cho‘qqilar yomg‘ir pardasi orasiga kirib ko‘zdan yo‘qolar edi, yomg‘ir uzun kanallarga kelib quyilar edi, qariya Lafarj tomosha qilgani xotini bilan uyidan chiqib keldi.
— Mavsumdagi birinchi yomg‘ir, — dedi Lafarj.
— Mo‘‘jiza... — xo‘rsindi xotini.
— Rahmat yomg‘iri!
Ular eshikni yopishdi, xonaga qaytib kelib, kamindagi ko‘mir cho‘g‘da qo‘llarini isita boshladilar.
Ular sovqotib qaltirar edilar. Derazadan uzoq-uzoqlardagi odamlarni Yerdan bu yerga keltirib qo‘ygan raketa korpusiga kelib urilayotgan yomg‘irning nam yiltillashini ko‘rib turar edilar.
— Faqat mana shuning o‘zi... — dedi Lafarj o‘z qo‘llariga qaragancha. — Nima demoqchi eding? — so‘radi xotini.
82


— Agar Tomni o‘zimiz bilan ola kelganimizda...
— Laf, yana o‘sha gapmi?
— Yo‘q, yo‘q, kechir, boshqa gapirmayman.
— Biz bu yerga Tom haqida o‘ylagani emas, tinch, tashvishlarsiz qarilik gashtini surgani kelganmiz.
Uning o‘lganiga necha yillar bo‘ldi. Uni ham, yerdagi sodir bo‘lgan hamma narsani ham unutishga harakat qilishimiz kerak.
— To‘g‘ri, to‘g‘ri, — dedi eri va yana issiqqa intildi. Uning ko‘zlari olovda edi. — Men bu haqda boshqa og‘iz ochmayman. Shunchaki, haligi... Biz uning qabriga gul qo‘ygan yakshanba kunlari Grin- Lon-Parkka qilgan safarlarimizni juda-juda qo‘msab ketayapman...
Moviy yomg‘ir mayin suvlari bilan uyni yuvar edi.
Soat to‘qqizda ular yotishdi; bir-birining qo‘lini ushlagancha ular jim yotar edilar, er 55 yoshda, xotin 60 yoshda, yomg‘ir shovqiniga to‘la tubsiz zulmat qo‘ynida.
— Enn, — asta chaqirdi er.
— Ha? — javob berdi xotin.
— Hech narsa eshitmadingmi?
Ular birgalikda shamol va yomg‘ir shovqiniga quloq tutishdi.
— Hech narsa, — dedi xotin.
— Kimdir hushtak chaldi, — izoh berdi er.
— Yo‘q, men eshitmadim.
— Borib qaray-chi, har ehtimolga qarshi.
Er xalatini kiydi-da, butun uyni yurib o‘tib, tashqari eshikkacha bordi. Jur’atsiz qadamlarini
sekinlatib, asta eshikni itardi va yomg‘irning muzdek tomchilari yuziga urildi. Shamol esardi.
Eshik tagida mo‘‘jazgina qiyofa turardi.
Osmonni poralab chaqmoq chaqdi, uning bir zumlik yog‘dusida haligi qiyofaning chehrasi namoyon
bo‘ldi. U Lafarjga qarab turardi.
— Kimsiz? — qichqirdi chol titragancha.
Jimlik.
— Kim bu? Nima kerak sizga?
Hamon churq etgan tovush yo‘q.
Chol o‘zini o‘lgudek charchoq, zaif, madorsiz his qildi.
— Kimsan deyapman? — qichqirdi Lafarj yana.
Xotini orqadan keldi-da, erining qo‘lidan tutdi.
— Nega bunaqa qichqirayapsan?
— Naryoqda bir bola turibdi, menga javob berishni istamayapti, — dedi chol qaltiragancha. — U
Tomning o‘zginasi!
— Yur, uxlaylik, senga shunaqa tuyulgan.
— Ana u, hali ham turibdi, o‘zing qaragin.
Lafarj xotinim baralla ko‘rsin deb eshikni kengroq ochdi. Muzdek shamol, siyrak yomg‘ir orasidan
ular tomon o‘ychan qaragancha bir qiyofa turardi. Keksa xotin eshik kesakisiga suyandi. — Ket! — dedi u qo‘lini silkitib. — Ket!
— Tomga o‘xshamaydi, demoqchimisan? — so‘radi chol.
Qiyofa qilt etmas edi.
— Qo‘rqib ketayapman, — dedi xotin. — Eshikni yop-da, ketdik, borib uxlaylik. Kerak emas, kerak emas!...
Shunday deya u o‘zicha allaqanday duolarni o‘qigancha yotoqxona tomon ketdi.
Chol hamon shamolda turardi, qo‘llari muzdek nam havoda qotib qolgan edi.
— Tom, — asta dedi u. — Agar bu sen bo‘lsang, agar mo‘‘jiza ro‘y berib, bu yerga kelgan bo‘lsang,
men eshikni yopmayman. Agar sovqotib isingani uyga kirmoqchi bo‘lsang, kir va borib kamin tagida cho‘zil, u yerda po‘stak yozig‘liq.
83


Shunday deya u asta eshikni yopdi, ammo qulflamadi.
Xotin erning kelib o‘ringa yotganini, g‘o‘janak bo‘lib qaltirayotganini eshitib yotardi.
— Dahshatli tun. Men o‘zimni juda qari his etib ketayapman. — Ayol piq-piq yig‘ladi.
— Bo‘pti, bo‘pti, — mehribonlik bilan uni tinchlantirdi er quchoqlagancha. — Uxla.
Oxiri xotin uxlab qoldi.
Shu zahoti cholning ziyrak qulog‘iga bir narsa chalindi: tashqi eshik asta-sekin ochildi, ichkariga
yomg‘ir aralash shamol urildi, keyin eshik yopildi. Lafarj yengil odimlarning kamin oldiga kelganini va zaif nafasini eshitdi. “Tom”, — deb qo‘ydi u o‘zicha.
Osmonda chaqmoq yaltirab, zulmatni parcha-burish qildi.
Ertalab quyosh charaqlab turar, borliqni kuydirar edi.
Lafarj mehmonxona eshigini lang ochdi-da, ichkariga tezlik bilan ko‘z yugurtirib chiqdi.
Gilamchada hech kim yo‘q edi.
Lafarj xo‘rsindi.
— Qaribman, — dedi u.
U yuvinish uchun anhordan tiniq suv keltirgani eshik tomon yo‘naldi.
Ostonada sal bo‘lmasa limmo-lim chelakni ko‘tarib kelayotgan yosh Tomga to‘qnashib, uni ag‘darib
yuborayozdi.
— Salom, ota!
— Salom, Tom.
Chol o‘zini bir chetga oldi. O’smir oyoq yalang xonadan yugurib o‘tdi-da, chelakni yerga qo‘yib,
jilmaygancha unga o‘girildi.
— Bugun kun juda zo‘r!
— Ha, yaxshi, — ehtiyotkorona javob berdi chol.
Bola bugun o‘zini juda boshqacha tutmoqda edi. U o‘zi olib kelgan suvda yuvina boshladi.
Chol oldinga bir qadam tashladi.
— Tom, bu yerga qanday kelib qolding? Sen tirikmisan?
— Nega tirik bo‘lmas ekanman? — Bola ko‘zlarini ko‘tarib otasiga qaradi.
— Ammo, Tom... Grin-Lon-Park, har yakshanba... Gullar... va... — Lafarj o‘tirishga majbur bo‘ldi.
O’g‘il uning oldiga keldi, to‘xtadi-da, otasining qo‘lidan ushladi. Chol uning barmoqlarini his etdi — qattiq, issiq.
— Sen rostdan ham shu yerdamisan? Bu tush emasmi?
— Nahotki mening bu yerda bo‘lishimni xohlamasangiz? — bola hayajonlandi.
— Seni qara-yu, Tom, nega xohlamas ekanman!
— Unda nega so‘rayapsiz? Keldim, tamom-vassalom.
— Lekin onang, bunday kutilmaganda...
— Tashvish qilmang, hammasi yaxshi bo‘ladi. Tunda men ikkalangizga ham qo‘shiq aytib bergan
edim, bu sizlarning meni qabul qilishlaringizga, ayniqsa, oyimning qabul qilishlariga yordam beradi. Kutilmagan hol qanday ta’sir qilishini bilaman. Shoshmang, o‘zi kirib keladi-da, amin bo‘lasiz.
Bola qalpog‘i bilan sarg‘ish jingalak sochlarini qoqib kulib yubordi. Uning ko‘zlari nihoyatda moviy va tiniq edi.
— Salom Laf va Tom! — Ona sochlarini turmaklagancha yotoqxonadan chiqib keldi. — Rostdan ham bugun kun juda ajoyib-a!
Tom jilmaygancha otasiga burilib qaradi:
— Men nima degan edim?
Uchalasi birgalikda uy ortidagi soyada rohatlanib nonushta qilishdi. Missis Lafarj har ehtimolga
qarshi yashirib qo‘ygan bir shisha kungaboqar sharobini chiqarib qo‘ydi va barchalari qittak-qittak ichishdi. Lafarj hech qachon xotinini bu qadar quvnoq ko‘rmagan edi. Mabodo Tomga nisbatan onaning ko‘nglida biron-bir shubha bo‘lganda ham uni birovga aytib solmas edi. Uning uchun hamma narsa risoladagidek bo‘lar edi. Lafarjning o‘zi ham tobora mana shunday tuyg‘u asiriga aylanib
84


bormoqda edi. Ona idishlarni yuvar ekan, Lafarj o‘g‘li tomon engashdi-da, asta so‘radi:
— Hozir yoshing nechada, o‘g‘lim?
— Nahotki bilmasangiz, dada? O’n to‘rtdaman-da, albatta.
— Xo‘sh, o‘zing aslida kimsan? Sen Tom bo‘lishing mumkin emas, ammo kimdir bo‘lishing shart!
Kimsan?
— Keragi yo‘q. — Bolakay kayfi uchgancha qo‘llari bilan yuzini yashirdi.
— Sen mendan yashirma, — nasihatomuz dedi chol. — Men buni tushunaman. Sen marsliksan,
hoynahoy? Men bu yerda marsliklar haqida turli xil masallarni eshitganman, to‘g‘ri, gap nimada ekanini hech kim bilmaydi. Ulardan juda kam odam qolgan bo‘lsa kerak, lekin ular oramizda paydo bo‘lib qolsalar, yerliklar qiyofasida paydo bo‘ladilar. Mana sen, agar bundoq qarasa, go‘yo Tomsan, lekin Tom emassan ham...
— Bu nega kerak, axir?! Men sizlarga nima yomonlik qildim? — qichqirdi bolakay yuzini kaftlari bilan yashirgancha. — Iltimos, iltimos, mendan shubha qilmanglar!
U sakrab o‘rnidan turdi-da, stoldan uzoqlashdi.
— Tom, qayt!
Biroq bola kanal yoqalab shahar tomon chopib borardi.
— Qayoqqa ketdi u? — so‘radi Enn; u qolgan likopchalarni yig‘ishtirib olgani kelgan edi.
U erining yuziga qaradi.
— Bir narsa deb qo‘rqitib yubordingmi uni?
— Enn, — dedi chol xotinining qo‘lidan tutib, — Enn, Grin-Lon-Park esingdadir, yarmarkani va
Tomning o‘pkasi shamollab og‘rib qolganini eslarsan?
— Nega bunday deyapsan? — ayol kuldi.
— Shundoq o‘zim, — sekin javob berdi chol.
Uzoqda kanal yoqalab chopib borayotgan Tomning oyoqlari ostidan ko‘tarilgan chang asta
cho‘kmoqda edi.
Kechqurun soat beshda kun botishda Tom qaytib keldi. U xavotir bilan otasiga qarab qo‘ydi.
— Tag‘in meni so‘roq qila boshladingizmi?
— Hech qanday savol yo‘q, — dedi Lafarj.
Bola oppoq tishlarini charaqlatib iljaydi.
— Mana bu boshqa gap.
— Qaerda eding?
— Shahar yonida. Bir qolib ketmoqchi ham bo‘ldim. Sal bo‘lmasa meni... — u kerakli so‘zni
topolmay chaynaldi. — Men sal bo‘lmasa tuzoqqa tushib qolayozdim.
— “Tuzoqqa” deganing nimasi?
— Anovi kanalning yoqasida kichikkina temir uy bor, shuning yonidan o‘tayotsam, meni sal
bo‘lmasa tutib qolishayozdi... shundan keyin men bu yerga, sizlarning oldingizga umuman qaytolmasligim mumkin edi. Sizlarga qanday tushuntirishni ham bilmayman, so‘z topolmayapman, qanday aytib berishni ham bilmayapman, nima bo‘lganini o‘zim tushunmayman, bu shunday qiziqki, sizlarga gapirib bersam, deyman.
— Gapirib bermay qo‘yaqol. Yaxshisi, borib yuvin. Ovqat mahali bo‘ldi.
Bola yuvingani chopib ketdi.
O’n daqiqalardan keyin kanalning tinch sathida daroz va ozg‘in, sochlari qop-qora odam
eshayotgan eshkak zarblaridan ravon suzib kelayotgan bir qayiq ko‘rindi.
— Salom, Lafarj og‘ayni, — dedi u qayiqni to‘xtata turib.
— Salom, Saul, nima gaplar?
— Gapdan ko‘pi yo‘q. Nomlendni bilarsan — kanaldagi Jez saroychada yashaydi-ku, o‘sha. Lafarj tosh qotib qoldi.
— Bilaman, nima edi?
— Uning qanaqa yaramas ekanligini ham bilarsan?
85