bunchalik oyog‘i osmondan ekanini tushunib olishimga vaqtim bo‘ladi.
— Chakki o‘ylamagansiz, dadajon, — dedi Tomas; uning qoracha qo‘llari dam olgancha rul
chambari ustida yotardi. Uning kayfiyati a’lo edi. Ketma-ket o‘n kun bir yangi qishloqda ishladi, endi ikki kun ta’til olib, bayramga ketmoqchi bo‘lib turibdi.
— Endi boshqa hech narsaga hayratlanmay ham qo‘yganman, — davom etdi chol, — tomosha qilaman, vassalom. Taassurot to‘playapman desam ham bo‘ladi. Agar senga mana shu Mars yoqmayotgan bo‘lsa, yaxshisi, Yerga qaytib keta qol. Bu yerda hammasi oyog‘i osmondan: tuproq, havo, kanallar, tub odamlar, (to‘g‘ri, men hali ulardan bittasini ham ko‘rganim yo‘q, lekin aytishlaricha, ular allaqaerlarda kezib yurar emishlar), soatlar; mening soatim ham firib bera boshlagan. Bu yerda hatto vaqt ham oyog‘i osmondan. Goho turib-turib bu la’nati sayyorada mendan boshqa bitta ham tirik jon yo‘q, bitta o‘zimman, deb o‘ylab qolaman. Bo‘m-bo‘sh. Gohida esa go‘yo men sakkiz yashar bolakayman. Chillashirman, atrofdagilar esa barchasi otday sog‘lom! Xudo haqqi, bu yer keksa odam uchun bopta joy ekan. Bu yerda mudrash yo‘q ekan, qandaydir baxtli bo‘lib qoldim. Bilasanmi, Mars nima degani? U menga yetmish yil oldin rojdestvoda sovg‘a qilishgan narsani bir chaqaga olmaydi. Bilmadim, bunday narsani sen qo‘lingga olib ko‘rganmikansan: ularning kaleydoskopi emish, ichida billur parchalari, laxtaklar , munchoqlar , har turli mayda-chuyda taqinchoqlar... Ularning orasidan quyoshga qarasang — og‘zing lang ochilib qoladi! Boshdan-oyoq kashta! Ana shunaqa! Mars degani shu bo‘ladi. Agar uni o‘zingdan begona qilishni istamasang, tomosha qilib lazzatlan-u, biron narsa so‘rama. Ey, xudo, bilasanmi, yo‘qmi, mana bu ko‘rib turganing katta yo‘lni marsliklar o‘n olti asr muqaddam yotqizishgan, lekin haligacha shunday turibdi! Bir dollar va ellik tsentni cho‘zib qo‘y-da, oq yo‘l, marhamat, ketaver!
Tomas so‘zsiz jilmaygancha mashinasini eski shossedan uchirib ketdi.
Tog‘lar oralab uzoq yurishdi, qorong‘iliklardan o‘tishdi, u rulni ushlab ketar ekan, ora-sira bir qo‘lini savatga suqib, u yerdan dirildoq olar edi. To‘xtovsiz bir soatdan ko‘proq yelib kelishayotgan bo‘lsa-da, ro‘paradan bitta ham mashina, bitta ham chiroq uchramadi, faqat tasmadek cho‘zilgan yo‘l, motorning tarillashi-yu, g‘uvillashi va atrofni qamrab olgan sokin, unsiz Mars ko‘zga tashlanadi, xolos. Mars — har doim tinch, bu tun esa har doimgidan ham tinchroq edi. Tomasning ko‘z oldidan cho‘llar, qurib qolgan dengizlar, yulduzlar oralig‘idagi cho‘qqilar lip-lip o‘tar edi.
Bugungi tunda havoda Vaqt hidi anqirdi. Miyasiga kelgan bu fikrdan u xayolan jilmayib qo‘ydi. Yomon fikr emas. Aslida-chi? Vaqtning hidi qanaqa bo‘ladi? Changmi, soatmi, odammi? Bundoq o‘ylab ko‘rganda bu vaqt degani o‘zi qanaqa bo‘ladi? Eshitsa bo‘ladimi? U bir qarasang zim-ziyo mag‘orada shildirab tushayotgan suv, bir qarasang chorlayotgan tovush, bir qarasang bo‘sh quti qopqog‘iga to‘kilayotgan tuproqning shuvullashi, bir qarasang yomg‘ir. Qani, yuraveraylik-chi, vaqtning qanday ko‘rinishini so‘rab olarmiz. U qop-qorong‘i quduqqa tovushsiz uchib tushayotgan qorning o‘zginasi yoki xuddi pastga, hech narsaning ichiga tushayotgan, yangi yil sharlariga o‘xshagan yuz milliardlab chehralar suvratga olingan qadimiy tovushsiz film. Vaqtning hidi ana shunaqa bo‘ladi va uning ko‘rinishi hamda quloqqa eshitilishi ham xuddi shunaqa bo‘ladi. Bugungi tunda — Tomas bir qo‘lini yon darchadan chiqardi, — bugungi tunda uni hatto qo‘l bilan paypaslab ko‘rsa ham bo‘ladigandek tuyulayapti.
U mashinani Vaqt tog‘lari ichidan haydab borardi. Nimadir bo‘yniga qadaldi va Tomas diqqat bilan oldinga qaragancha, gavdasini tikladi.
U bir mo‘‘jazgina o‘lik mars shaharchasiga kirib keldi, motorni o‘chirdi va uni qurshab turgan sukunat qo‘yniga ko‘zlarini tikdi. Nafasini ichiga yutgancha u kabina ichidan oy nuriga cho‘milgan, necha asrlarki, hech kim yashamayotgan oppoq binolarga razm soldi. Hashamatli, to‘kis binolar, vayron bo‘lgan esa-da, baribir muhtasham edi.
Motorni o‘t oldirib, Tomas yana bir-ikki mil yurdi, so‘ng yana to‘xtadi, mashinadan chiqdi, qo‘lida korzinkasi bilan chang bosgan shaharga nazar solish mumkin bo‘lgan tepalik ustiga ko‘tarildi. Termosni ochdi va o‘ziga bir finjon qahva quydi. Shundoq yonginasidan tun qushi uchib o‘tdi. Uning yuragi hayratomuz darajada tinch, xotirjam edi.
57


Besh daqiqacha o‘tgach, Tomasning qulog‘iga qandaydir tovush chalindi. Qadimgi tosh yo‘l muyulishida ko‘zdan yo‘qolgan huv tepalikda u allaqanday harakatni payqadi, xiragina yog‘du ko‘rindi, so‘ng zaif tarillagan ovoz eshitildi. Tomas finjonni qo‘lida ushlagancha orqasiga o‘girildi. Tog‘dan g‘alati bir narsa tushib kelardi. Bu sarg‘ish-yashil hasharotga, xonqiziga o‘xshagan mashina edi, u sonsiz yashil billurdek jimirlagancha, yoqut ko‘zlarini chaqnatib muzdek havoda ravon yurib kelar edi. Mashinaning oltita oyog‘i qadimgi tosh yo‘lda shivalayotgan yomg‘irdek mayin aylanardi. Mashina orqasidan esa Tomasga eritilgan oltin tusli ko‘zlari bilan bir marslik qarab turardi.
Tomas qo‘lini ko‘tardi va xayolan: “Salom!” deb qichqirdi, biroq lablari qimirlamadi. Chunki bu marslik edi. Biroq Tomas qirg‘oqlarida notanish odamlar yurgan moviy daryolarda, Yerda suzar, yot uylarda yot odamlar bilan ovqatlanar va har doim uning eng yaxshi ko‘rgan quroli tabassum bo‘lar edi. U yonida to‘pponcha olib yurmasdi. Hozir ham Tomas garchand yuragining bir chetida vahima yashirinib turgan bo‘lsa-da, bunga hojat sezmayotgan edi.
Marslikning ham qo‘lida hech narsa yo‘q edi. Muzdek havo orasidan ular bir-biriga bir soniyacha qarab turishdi.
Birinchi bo‘lib Tomas so‘z qotdi.
— Salom! — dedi u.
— Salom! — dedi marslik o‘zining tilida.
Ular bir-birini tushunishmadi.
— Siz “Salom” dedingizmi? — ikkalasi baravariga so‘radi.
— Nima dedingiz? — davom etishdi ular har qaysi o‘zining tilida.
Ikkalasi ham qovog‘ini uyib oldi.
— Siz kimsiz? — so‘radi Tomas inglizchalab.
— Siz bu yerda nima qilayapsiz? — anovining lablari marslikcha qimirlab dedi.
— Qayoqqa ketayapsiz? — so‘radi har ikkalasi jiddiy tarzda.
— Mening ismim Tomas Gomes.
— Mening ismim Myu Ka.
Ulardan birontasi ham narigisini tushungani yo‘q, biroq har biri barmog‘i bilan o‘zining ko‘ksiga
nuqidi va ikkalasining ham gapi bir-biriga tushunarli bo‘ldi.
Birdan marslik kulib yubordi.
— Shoshmang!
Tomas, garchand unga hech kim tegmagan bo‘lsa-da, boshiga nimadir tekkandek bo‘ldi. — Mana shunaqa! — dedi marslik inglizchalab. — Endi ishlar jo‘nashib ketadi.
— Siz mening tilimni shuncha tez o‘rganib oldingizmi?
— Sizni qarang-u!
Ikkalasi ham nima deyishini bilmay, Tomasning qo‘lidagi qaynoq qahvali finjonga qarashdi.
— Biron yangi gap bormi? — so‘radi marslik unga va finjonga qaragancha, aftidan, u uni ham, buni
ham o‘zicha tasavvur qilib.
— Bir finjon qahva ichasizmi? — taklif qildi Tomas.
— Katta rahmat.
Marslik o‘z mashinasidan sirg‘alib chiqdi.
Ikkinchi finjonga to‘ldirib qaynoq qahva quyildi. Tomas uni marslikka uzatdi.
Ularning qo‘llari to‘qnashdi va xuddi tuman orasidan o‘tgandek birining qo‘li ikkinchisining ichiga
kirdi.
— Yo Iso Masih! — deb yubordi Tomas va finjon qo‘lidan tushib ketdi. — Osmon kuchlari! — dedi marslik o‘zining tilida.
— Nimalar bo‘lganini ko‘rgandirsiz? — shivirlab deyishdi ular. Ikkalasining ham qo‘rquvdan badanidan muzdek ter chiqib ketdi. Marslik finjonga egildi, biroq uni hech ololmasdi.
— Yo tavba! — oh tortib yubordi Tomas.
58


— Qani, qani! — marslik finjonni tutish uchun qayta-qayta urindi, biroq hech uddalay olmadi. U qaddini rostladi, birpas o‘ylab turdi, keyin kamaridan pichoqni sug‘urib oldi.
— Hoy! — qichqirdi Tomas.
— Siz tushunmadingiz, ushlab oling! — dedi marslik va pichog‘ini otdi.
Tomas bir-biriga juftlashgan kaftlarini tutib berdi. Pichoq qo‘llarining orasidan yerga tushdi. Tomas
uni yerdan olmoqchi bo‘ldi, biroq uni tuta olmadi va titrab-qaqshagancha orqaga tisarildi. U gavdasini osmonga tutib turgan marslikka qaradi.
— Yulduzlar! — dedi Tomas.
— Yulduzlar! — takrorladi marslik Tomasga qarab.
Marslikning gavdasi orqasidan yorqin, oppoq yulduzlar charaqlab turardi, uning vujudi bamisoli uchqunlar sachrab turgan qirovli nafis meduza qobig‘idek yulduzlar bilan bezatilgandi. Marslikning ko‘kragi va qorni ustida siyohrang ko‘zlardek yulduzlar jimirlar, bilaklarida javohirot yalt-yalt qilardi.
— Men sizning gavdangizdan naryoqni ko‘rib turibman! — dedi Tomas.
— Men ham sizning gavdangizdan naryoqni ko‘rayapman! — javob berdi marslik bir qadam ortga chekinib.
Tomas o‘zini paypaslab ko‘rdi, o‘z tanasining haqiqiy issiqligini his qildi va ko‘ngli xotirjam bo‘ldi. “Hammasi joyida, — o‘yladi u, — men yashayapman”.
Marslik qo‘li bilan o‘zining burni, labini turtib ko‘rdi.
— Men ham jismsiz emasman, — past ovozda dedi u. — Jonim bor!
Tomas unga ma’nodor qaradi.
— Ammo agar men yashayotgan bo‘lsam, demak siz — o‘liksiz.
— Yo‘q, siz o‘liksiz!
— Ro‘yo!
— Arvoh!
Ular barmoqlari bilan bir-birlarini ko‘rsatishar va yulduz nuri xuddi xanjar damidek, xuddi muz
sumalakdek, xuddi tillaqo‘ng‘izdek ularning qo‘llari uchida chaqnar va to‘kilardi. Ular yana o‘z tuyg‘ularini tekshirib ko‘rishdi va har biri o‘zining to‘rt muchasi soppa-sog‘ligiga va hayajon, jo‘shqinlik, ehtiros, hayrat bilan chulg‘anganiga amin bo‘ldi, har biri narigisini olisdagi olamlar yog‘dusini tutib oluvchi va o‘zidan taratuvchi shaffof prizma, bor bo‘lmagan narsa deb bilar edi...
“Men mastman, — dedi o‘zicha Tomas. — Ertaga men bu haqda hech kimga churq etmayman!”
Ular qadimgi tosh yo‘l ustida turishardi va har ikkalasi ham joyidan jilmasdi. — Qaerdan kelgansiz? — so‘radi nihoyat marslik.
— Yerdan.
— U nima degani?
— U yoqdan. — Tomas bosh irg‘ab osmonga ishora qildi.
— Qachondan beri?
— Biz bir yil avval uchib kelgan edik, nahotki esingizda bo‘lmasa?
— Yo‘q.
— Sizlar esa bu vaqtga kelib tugab-bitgandingiz. Qariyb bitta qolmay. Sizlardan juda kam qolgan
— nahotki shuni ham bilmasangiz?
— Bu to‘g‘ri emas.
— Men sizga aytayapman-ku, tugab-bitgansizlar, deb. Jasadlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
Xonalarda, barcha uylarda qoraygan jasadlar yotibdi va hammasi o‘lik. Minglab jasad.
— Nimalar deyapsiz, bizlar tirikmiz!
— Mister, barchangizni yuqumli kasallik qirib yuborgan. Qiziq, nahotki bundan bexabarsiz? Siz bir
balo qilib jon saqlab qolgansiz.
— Men jon saqlab qolganim yo‘q, qanday qilib ham jon saqlab qolar edim? Nimalar
deyayotganingizni bilasizmi o‘zi? Men Enial tog‘lari yonidagi kanal yoqalab bayramga ketayotgan
59


edim, o‘tgan kungi tunda o‘sha yerda bo‘lgan edim. Siz shaharni ko‘rmayapsizmi? — Marslik qo‘lini cho‘zib ko‘rsatdi.
Tomas o‘sha yoqqa qaradi va xarobalarni ko‘rdi.
— Axir bu shahar ko‘p ming yillardan buyon o‘lik-ku!
Marslik qah-qah urib kulib yubordi.
— O’lik? Men u yerda kecha tunadim-ku!
— Men esa o‘tgan hafta o‘sha yerdan o‘tdim, undan oldingi haftada ham, ko‘rgan narsam esa
xarobalardan boshqa narsa emas! Vayron bo‘lgan ustunlarni ko‘rayapsizmi?
— Vayron bo‘lgan? Men ularni oy nurida yaqqol ko‘rib turibman. To‘g‘ri, tippa-tik ustunlar.
— Ko‘chalarda changdan boshqa hech narsa yo‘q, — dedi Tomas.
— Ko‘chalar top-toza!
— Kanallar allaqachon qurib qolgan, ular bo‘m-bo‘sh.
— Musallasga limmo-lim kanallar!
— Shahar o‘lik.
— Shahar tirik! — e’tiroz bildirdi marslik yana ham qattiqroq kulib. — Siz qattiq yanglishayapsiz. U
yerda qancha karnaval chiroqlari borligini ko‘rayapsizmi? U yerda ayollardek nafis, chiroyli qayiqchalar, qayiqchalardek chiroyli, nafis ayollar, badani qum rangiga o‘xshagan ayollar, qo‘llarida yal-yal gullar tutgan ayollar bor. Men ularni hov anavi yerda ko‘chalar bo‘ylab, bu yerdan ipdek ingichka bo‘lib ko‘rinuvchi ko‘chalar bo‘ylab chopishayotganini ko‘rib turibman, ha, ko‘rib turibman. Men xuddi o‘sha yerga borayapman, bayramga, biz tun bo‘yi kanalda suzamiz, qo‘shiq aytamiz, ichamiz, sevishamiz. Nahotki siz hech narsani ko‘rmayapsiz?
— Mister, bu oftobda qoqlangan kaltakesakka o‘xshash o‘lik shahar. Odamlarimizning istagan biridan so‘rab ko‘ring. Menga kelsak, Grin-Sitiga — Illinoys tosh yo‘lidagi manzilgohga ketayapman, biz uni yaqinginada barpo etdik. Siz nimadadir yanglishayapsiz. Biz bu yerga Origon o‘rmonlaridan eng a’lo sifatli taxtalardan million kvadrat fut, eng yaxshi po‘lat mixlardan bir necha o‘nlab tonna keltirdik va shunday ajoyib manzilgoh barpo etdikki, qarab to‘ymaysan, kishi. Ayni bugun shulardan birini yuvayapmiz. Yerdan xotinlarimiz va qayliqlarimizni olib, ikkita raketa uchib kelayapti. Xalq o‘yinlari o‘ynaladi, viskilar ichiladi...
Marslik hushyor tortdi.
— Anovi tomonda deyapsizmi?
— Ha, raketalar turgan joyda! — Tomas uni tepalik chekkasiga olib keldi-da, pastga ishora qildi; —
Ko‘rayapsizmi? — Yo‘q.
— Hov ana-ku, hov ana, jin ursin! Uzun-uzun, kumush rang narsalar. — Ko‘rmayapman.
Endi Tomas kulib yubordi.
— Ko‘zingiz qamashayapti!
— Mening ko‘zim zo‘r ko‘radi. Siz ko‘rmayapsiz.
— Bo‘pti, bo‘pti, yangi manzilgohni-chi, ko‘rayapsizmi? Yoki buni ham ko‘rmayapsizmi?
— Okeandan boshqa hech narsani ko‘rmayapman — buni ustiga, hozir ayni suv qaytishi payti.
— Hurmatli janob, bu okean qirq asr muqaddam bug‘lanib ketgan.
— E, juda oshirib yubordingiz.
— Lekin bu haqiqat, xudo haqqi!
Marslikning yuzi juda ham jiddiy tus oldi.
— Shoshmang. Siz rostdan ham shaharni ko‘rmayapsizmi? Men aytgan shaharni-ya? Oppoq
ustunlar, silliq qayiqlar, bayram chiroqlari — men ularni aniq ko‘rib turibman-ku! Quloq soling-a! Men hatto u yerda qanaqa qo‘shiqlar aytishayotganini ham eshitayapman. Axir oradagi masofa uzoq emas-ku!
Tomas quloq soldi-da, boshini chayqadi.
60


— Yo‘q!
— Men esa, — davom etdi marslik, — siz tasvirlayotgan narsani ko‘rmayapman. Nega bundoq ekan-a?..
Ular yana sovqotgandek asta junjikib qo‘yishdi, xuddi ularning badanlariga muzdek ninalar kelib sanchilgandek bo‘ldi.
— Balki?...
— Nima?
— Siz “osmondan” dedingizmi?
— Yerdan.
— Yer — nom, quruq tovush... — dedi marslik. — Ammo... bir soat burun men dovondan o‘tib
kelayotganimda... — U ensasiga qo‘lini tekkazdi. — Bir narsani sezdim. — Sovuqnimi?
— Ha.
— Hozir hammi?
— Ha, yana sovuq. Chiroqqa, tog‘larga, yo‘lga bir narsa bo‘lgandek edi, qandaydir g‘alati narsa. Chiroq ham, yo‘l ham go‘yo undek emasdek, shunda vujudimda bir lahza shunday tuyg‘u paydo bo‘ldiki, go‘yo men koinotdagi eng so‘nggi tirik jonman...
— Menda ham shunday bo‘lgan edi! — dedi Tomas hayajon ichida; u go‘yo yuragidagi sirni ishonib, qiyomatlik do‘sti bilan suhbatlashayotgandek edi.
Marslik ko‘zlarini yumdi va yana ochdi.
— Buni faqat bir narsa bilan izohlash mumkin. Hamma gap Vaqtda. Ha, ha. Siz O’tmishning xilqatisiz!
— Yo‘q, siz O’tmishning xilqatisiz, — dedi yerlik biroz o‘ylanib turib.
— Juda dangal gapirasiz-a! Hali kim O’tmishdan-u, kim Kelajakdan ekanligini isbotlab ham berarsiz? Hozir qaysi yil?
— Ikki ming ikkinchi yil!
— Buni qanday tushunsam bo‘ladi? — Tomas o‘ylanib turdi-da, yelka uchirib qo‘ydi.
— Hech qanday.
— Baribir, men sizga aytsam, bizning yilnomamizga ko‘ra hozir 4 462 853 yil. So‘zlar cho‘t emas,
cho‘t emasga ham arzimaydigan darajada! Bizlar yulduzlar holatini aniqlaydigan soat qani?
— Xarobalarning o‘zi tayyor isbot-ku! Ular mening Kelajak ekanimni aytib turibdi. Men tirikman. Siz
esa o‘liksiz!
— Mening butun borlig‘im bunday imkoniyatni rad etadi. Mening yuragim urib turibdi, oshqozonim
ovqat ber deyapti, chanqoqdan tilim qaqrab ketayapti. Yo‘q, bizlardan hech birimiz na o‘likmiz, na tirik. Darvoqe, o‘likdan ko‘ra ko‘proq tirikmiz. Yana ham to‘g‘rirog‘i, biz o‘rtada qolgandekmiz. Mana: tunda yo‘lda bir-biriga duch kelib qolgan ikkita musofir, har biri o‘z yo‘lidan ketayotgan ikki notanish odam. Siz xarobalar dedingizmi?
— Ha. Qo‘rqib ketdingizmi? Mayli.
— Kelajakni kim ko‘rishni istaydi? Uni qachondir, kimdir ko‘radimi? Odam O’tmishni ko‘ra olishi mumkin, biroq agar... Siz ustunlar qulab tushdi dedingizmi? Dengiz qurib qolgan, kanallar bo‘m-bo‘sh, qizlar o‘lgan, gullar so‘lgan dedingizmi? — Marslik jim bo‘lib qoldi, biroq keyin yana shahar tomonga qaradi. — Lekin ana ular! Men ularni ko‘rayapman. Menga shuning o‘zi yetarli. Siz nima desangiz deng-u, ular meni kutishayapti.
Xuddi shundayin uzoqda Tomasni raketalar, manzilgohlar, Yerdan kelgan ayollar — barchalari kutar edilar.
— Biz ikkimizning hech qachon moshimiz ochilmaydi, — dedi u.
— Moshimiz ochilmasligiga kelishdik bo‘lmasa, — taklif qildi marslik. — O’tmish, Kelajak — baribir emasmi, faqat biz yashab qolsak bo‘ldi, bizdan keyin bo‘ladigan narsalar, baribir bo‘ladi. — Ertagami, yoki o‘n ming yil keyinmi. Mana bu ehromlar — yuz asrdan keyingi sizning tamadduningiz qoldiqlari
61


emasligini siz qaerdan bilib o‘tiribsiz? Bilmaymiz. Shuning uchun surishtirmay qo‘ya qoling. Ammo tun qisqa. Ana, osmonda bayram mushaklari porladi, qushlar parvoz qildi.
Tomas qo‘lini cho‘zdi. Marslik ham shunday qildi.
Ularning qo‘llari bir-biriga to‘qnashmadi — qo‘llar bir-biriga singib ketdi.
— Biz hali uchrashamiz-a?
— Kim bilsin! Nasib qilsa uchrashib qolarmiz.
— Siz bilan bayramingizda birga bo‘lgim kelayapti.
— Men esa sizning manzilgohingizga borgim, siz aytgan kemani, odamlarni ko‘rgim, nimalar
bo‘lganini bir boshdan eshitgim kelayapti.
— Xayr, — dedi Tomas.
— Xayrli tun.
Marslik o‘zining yashil temir ekipajida tog‘ tomon tovushsiz yelib ketdi, yerlik yuk mashinasini
burdi-da, teskari tomonga indamay haydab ketdi.
— E xudo, bu qanaqa tush bo‘ldi, — uh tortdi Tomas qo‘lini rul ustiga qo‘ygancha, raketalar,
ayollar, o‘tkir viski, Virjiniya raqslari, oldindagi xursandchilik haqida o‘ylarkan...
Tun zim-ziyo edi. Oylar botdi. Faqat bo‘m-bo‘sh tosh yo‘l uzra yulduzlar miltillar edi. Na tiq etgan tovush, na bir mashina, na bir tirik jon, hech nima yo‘q edi. Muzdek zim-ziyo tun bo‘yi shunday hol
hukm surdi.
Oktyabr 2002 SOHIL
Mars bamisoli okeanning uzoq qirg‘og‘i edi, odamlar to‘lqinlar kabi uning sathi bo‘ylab har tomonga yoyilib ketdi. Har bir to‘lqin undan oldingisiga o‘xshamas, biri ikkinchisidan kuchliroq edi. Birinchi to‘lqin kengliklarga, sovuqlarga, yolg‘izlikka o‘rgangan odamlarni, qurib qoqshol bo‘lgan chiranchoq cho‘ponlarni keltirdi, yillar va noqulay ob-havolar ularning yuzlarini quritib yuborgan, ko‘zlari xuddi mix qalpoqchasiga o‘xshar, eski qo‘lqopga o‘xshagan qavariqli toshdek qo‘llar to‘g‘ri kelgan narsani changallashga tayyor edi. Ular Marsni nazar-pisand qilmas, ular pasttekisliklarda va xuddi mana shu poyonsiz, Mars dalalaridek oxiri yo‘q dashtu biyobonlarda o‘sgan edilar. Ular kimsasiz joyni obod qilganlar, shu bois boshqalarga ancha oson bo‘lar edi. Ular oynasiz romlarga oyna solar, uylarda o‘tin qalab, o‘t yoqar edilar.
Ular Marsdagi dastlabki erkaklar edilar.
Birinchi ayollar qanaqa bo‘lishini hamma bilardi.
Ikkinchi to‘lqin bilan boshqa mamlakatlardan, o‘zlarining tili, o‘zlarining g‘oyalari bilan odamlarni
olib kelish kerak bo‘lardi. Biroq, raketalar Amerikaniki bo‘lib, ularda faqat amerikaliklar uchib kelar edilar. Yevropa va Osiyo, Janubiy Amerika, Avstraliya va Okeaniyalar osmonga otilgan rim shamchalari qanday g‘oyib bo‘lishini tomosha qilar edilar, xolos. Dunyo urush yoki urush haqidagi fikrlar girdobida qolib ketgan edi.
Shunday qilib, ikkinchilari ham amerikaliklar bo‘ldi. Yerosti yo‘lidagi ko‘p qavatli vagonlar olamini tashlab kelib, ular jonu tanlari bilan sukunat qadrini biluvchi cho‘l shtatlardan kelgan to‘pori erkaklar so‘kishlariga to‘lib-toshgan xasislar jamiyatida dam olar edilar: bu sukunat Nyu-York kulbalaridagi, kapalaridagi, tunellaridagi uzoq yillar davom etgan urho-ur, surho-surlardan keyin ruhiy hordiq olishga yordam berar edi.
Ikkinchilar orasida ko‘zlariga qarab aytadigan bo‘lsak, bamisoli arshi a’loga noil bo‘lgan xudo yarlaqagan banda ekanliklari shundoq ko‘rinib turgan odamlar bor edi...
62


Fevral 2003 INTYeRMYeDIYa
Ular o‘zlari bilan O’ninchi shahar qurilishi uchun o‘n besh ming futlik Oregon qarag‘ayidan va yetmish to‘qqiz ming futlik kaliforniya sakvoyasidan keltirdilar va tosh kanallar yonidan top-tozagina, shinamgina shaharcha barpo etdilar. Yakshanba oqshomlari cherkovning qizg‘ish-yashil-ko‘k-xira oynalari nur berib charaqlar va raqamlangan cherkov oyatlarini kuylayotgan tovushlar eshitilar edi. “Endi esa 79 ni kuylaymiz. Endi 94 ni kuylaymiz”. Ba’zi uylarda yozuv mashinkalari tinimsiz chiqillaydi — yozuvchilar ish ustida; yoki perolar qitirlaydi — u yerda shoirlar she’r ijod qilmoqdalar; yoki sukunat hukm surardi — u yerda sobiq daydilar yashar edilar. Ular barchasi va yana ko‘plab boshqalari go‘yo kuchli zilzila poydevorini va provintsial amerika shaharchasi tagxonalarini har tomonga qattiq chayqatib yuborgandek, so‘ngra ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan dovul butun shaharni zumda Marsga keltirib tashlagandek, uni shu yerga, hatto biron joyiga shikast yetkazmasdan avaylab qo‘yib ketgandek tuyular edi...
Aprel 2003 MAShShOQLAR
Bolakaylar Marsning qaysi puchmoqlariga yetib kelishmagan edi, deysiz. Ular uydan o‘zlari bilan xushbo‘y hidli paketchalarni olib olgan edilar va yo‘lda dam-badam unga burunlarini tiqar edilar — cho‘chqa go‘shtining va mayonezli pishiriqlarning yoqimli hididan to‘yib-to‘yib hidlar, iliq shishalardagi po‘rtahol sharbatining yoqimli qulqullashlariga quloq solar edilar. Yam-yashil barra piyozli, xushbo‘y hidli jigar solingan qizil ketchup va oq noni bor sumkalarini har tomonga silkitgancha ular bir-birilarini turtib-surtib, qattiqqo‘l onalarining ta’qibidan uzoqroq qochishga harakat qilar edilar. Ular kimo‘zarga chopib borishar ekan, qichqirishardi:
— Kim birinchi yetib borsa, boshqalarga bir chertkidan chertib chiqadi!
Ular yozda, kuzda, qishda uzoq-uzoq sayllarga chiqishardi. Kuzda — hammadan zo‘ri bo‘lardi: shunday tasavvur qilasanki, go‘yo Yerda to‘kilgan barglar ustidan chopib ketayotgandeksan.
Bolakaylar bir bog‘ quruq qamishdek shovullab marmar qirg‘oqli kanal bo‘yiga yopirilib tushishdi — ularning yuzlari cho‘g‘dek qizargan, ko‘zlari munchoq donalaridek yiltillar va hansiragancha bir- birlariga qichqirar edilar, kirish taqiqlangan o‘lik shahar devorlari yonida endi hech kim: “Oxirgisi qizaloq bo‘ladi!” yoki “Birinchisi mashshoq bo‘ladi!” deb chuvvos solmas edi. Mana u, hayotsiz shahar, ammo barcha eshiklar ochiq... Go‘yo uylarda bamisoli kuzgi yaproqlar kabi nimadir shitirlayotgandek edi. Ular hammalari bir bo‘lib yelkama-elka huv to‘rga yashirinib olishadi, qo‘llarida esa tayoq tutamlab olishgan, miyalarida ota-onalarining qattiq tayinlagan so‘zlari aylangani-aylangan; “U yoqqa izingni bosma! Eski shaharlarga qadam izini qilma! Agar gapga kirmasang, otang shunaqangi adabingni beradiki, umr bo‘yi esingdan chiqmaydi!.. Bizlar botinkalaringdan bilamiz!” Nihoyat ular, bir gala bolakaylar, o‘lik shaharda, yo‘lga olgan oziqlarining yarmini allaqachon tushirib bo‘lishgan va ular bir-birlariga hushtakli shivirlash bilan qutqu soladi:
— Qani, bo‘l!
To‘satdan bittasi joyidan irg‘ib turadi, eng yaqindagi uyga yugurib boradi, oshxona orqali yotoqxonaga uchib kiradi. Orqasiga qaramay, o‘ynab sakraydi va havoga yupqa, nozik, xuddi yarim tungi osmon jismidek tim-qora yaproqlar havoda charx urib ucha boshlaydi. Birinchisidan keyin yana ikkitasi, uchtasi, barcha oltovloni yugurib ketadi. Mashshoq birinchi bo‘ladi, faqat ugina qora mato tortilgan suyak ksilofonini chaladi. Kattakon kalla suyagi yumaloqlangan qordek otiladi, bolakaylar
63


chuvvos solib qichqirishadi! Qobirg‘alari o‘rgimchak oyog‘idek ingichka arfaning ting‘irlovchi torlari, qora yaproqlari jazavaga tushib charx uradi, bolakaylar esa yangi tomosha boshlaydilar, ular sakrar, bir-birini turtar, mana shu yaproqlar uzra gursillab yiqilar edilar. Yiqilganda hozirgina yutib olgan po‘rtahol sharbati ovoz berib qulqillar edi.
Bu yerdan navbatdagi uyga o‘tishadi va keyin yana o‘n yettita uyga kirib chiqishadi; shoshmasa bo‘lmasdi — zero, shahardan-shaharga barcha dahshatlarni kuydirib kul qilgancha O’t o‘chiruvchilar, belkurak va savat ko‘targan dezinfektorlar keladilar, ular qo‘rqinchli narsani odatdagi narsalardan obdon ajratgancha qattiq daraxt po‘stloqlari va shoxlarini qirib-qirtishlab, yulib-yulqab bir joyga to‘playdilar... O’ynanglar, bolakaylar, parvo qilmanglar, hali zamon O’t o‘chiruvchilar kelib qolishadi!
Mana, nihoyat reza-reza terga botgancha ular so‘nggi buterbrodni og‘izlariga soladilar. So‘ng ketar jafosiga yana bitta tepki, yana bitta shapaloq tortishadi-da, kuz yaproqlari orasiga sho‘ng‘ishadi — ana endi uyga yo‘l olsa ham bo‘laveradi.
Onalar qora dog‘lar bor-yo‘qligini bilish uchun botinkalarini ko‘zdan kechiradilar. Bitta-yarimta dog‘ topilsa bormi, undan keyin ko‘ring: otasining kamari ishga tushib, boshidan vannaning qaynoq suvi quyiladi.
Yilning oxiriga kelib, O’t o‘chiruvchilar kuzgi yaproqlarni va oq ksilofonlarni bitta qo‘ymay terib olishadi va shu bilan ermak ham tugaydi.