ketishdi, ular goh jazirama yonbag‘irdan yuqoriga o‘rlar, goh muzdek, to‘s hidi anqib turgan mag‘oralarga sho‘ng‘ib ketishar, goh obdon qizigan tosh hovuriga to‘liq charog‘on ochiq maydonda paydo bo‘lib qolar edilar.
“Yuragingdan o‘zingni epchil his qilib, unday bo‘lishni istamaganingdan keyin, — o‘yladi kapitan, — bu epchillik va jonsaraklik ham ko‘zingga balodek ko‘rinib ketar ekan. Bildirmay kirib borish, har xil nayranglarni o‘ylab topish va o‘zingning makkorliging bilan faxrlanish, yuragimdan o‘zimning haq ekanligimga ishonmaganimdan keyin unday haqgo‘ylik tuyg‘usini boshimga uramanmi! Xo‘sh, bunday olib qaraganda, biz kimmiz? Ko‘pchiligimiz?... Ko‘pchilik har doim aybsiz bo‘lib kelganligi shunga javob emasmi? Har doim ko‘pchilik hatto tariqcha adashishi mumkin emas, shunday emasmi? Hatto o‘n million yilda ham bir marta adashmaydi...”
U xayol surishda davom etdi: “Bu ko‘pchilik degani o‘zi nima-yu, unga kimlar kiradi? Ular nima haqda o‘ylaydilar, ular nima uchun aynan shunday bo‘lib qolganlar, nahotki hech qachon o‘zgarmaydilar? Qolaversa, men bu la’nati ko‘pchilik ichiga qanday jin urib kirib qoldim? Hech o‘zimga kelolmayman. Bunga sabab nima: klosstrofobiya, olomondan qo‘rqishmi yoki shunchaki sog‘lom fikrmi? Butun dunyo o‘zining haqligiga amin bo‘lib turganida bitta odam haq bo‘lib chiqishi mumkinmi? Keling, bu haqda o‘ylamaylik. Qornimizda o‘rmalaylik, biqinib olaylik, tepkini bosaylik! Mana shunday! Shunday!”
Uning odamlari kimo‘zarga chopishar, yiqilishar, yana olg‘a qarab chopishar, soyada bir oz qo‘nim topib, tishlarini tirjaytirishar, og‘izlari bilan nafas olar edilar, chunki havo og‘ir edi, unda chopish beshbattar og‘ir edi; og‘ir havoda, ora-chora besh daqiqa o‘tirib, og‘ir-og‘ir nafas olgancha tin olmasa bo‘lmas edi, — ko‘zlarining oldida o‘t chaqnar edi, — kislorodni shuncha ichga tortgan bilan hech kim to‘ydim demasdi, oxir tishni-tishga bosib, yana oyoqqa turishga va bu og‘ir havoni o‘t va momaqaldiroq bilan parcha-burish qilib tashlash uchun vintovkani ko‘tarishga to‘g‘ri kelardi.
Spender kapitan uni tashlab ketgan yerda yotgancha ta’qibchilarga qarab ahyon-ahyonda o‘q uzib qo‘yar edi.
— Uning la’nati miyasini toshlarda ezg‘ilayman!— bo‘kirdi Parkxill va yonbag‘irdan yuqoriga qarab chopib ketdi.
Kapitan ser Parkxillni nishonga oldi, keyin unga o‘qrayib qaragancha to‘pponchasini bir chetga qo‘ydi.
— Nima qilmoqchi edingiz? — so‘radi u holsizlangan qo‘li va to‘pponchadan ko‘z uzmay.
U sal bo‘lmasa Parkxillning orqasidan otib tashlayozdi.
— Yo alhazar, menga nima bo‘ldi?
U Parkxillning chopib ketayotib yiqilganini, pana joy topib olganini ko‘rdi. Spenderning atrofida
siyrak odamlar qatori asta saf tortmoqda edi. U cho‘qqida, ikkita xarsang ortida, havo yetishmasligidan og‘zini horg‘in qiyshaytirib yotardi, qo‘ltiqlari tagida qop-qora ter dog‘lari paydo bo‘ldi. Kapitan bu xarsanglarni aniq ko‘rib turar edi. Ikki xarsangni bir-biridan ajratib turgan o‘n santimetrlarcha oraliqdan Spenderning ko‘ksi ko‘rinib turardi.
— Hoy! — deb qichqirdi Parkxill. — Miyangning qatig‘ini chiqarishga bitta o‘qni g‘amlab qo‘yibman!
Kapitan Uaylder kutardi. “Ha, Spender, bo‘sh kelma, — o‘ylardi u. — O’zing o‘ylaganingdek, tuyog‘ingni shiqillat! Yana bir necha daqiqadan keyin kech bo‘ladi. Ket, keyin yana chiqasan. Xo‘sh! Ketaman deb aytuvding-ku. O’zing qidirgan mana bu mag‘oralarga gumdon bo‘lsang-chi, kirib ol-da, bir oy, bir yil, ko‘p yillar yotaver. O’zingning g‘aroyib kitoblaringni o‘qi, ehrom hovuzlaringda cho‘mil. Qani, hoy odamvachcha, fursat g‘animatda quyon bo‘lib qolsang-chi”.
Spender joyidan qimir etmasdi.
“Unga nima bo‘lgan o‘zi?” — so‘radi o‘zidan kapitan.
U to‘pponchasini oldi. Odamlarning bir panadan boshqa panaga chopib o‘tishlarini kuzatib turdi.
Mo‘‘jazgina, shinam mars qishlog‘i minoralariga ko‘z soldi — bamisoli quyosh nuridan charaqlagan kungirador o‘yma shaxmat donalariga o‘xshardi ular so‘ng. Nigohini xarsanglarga va Spenderning
50


ko‘kragini ko‘rsatib turgan oraliqqa oldi.
G’azabdan o‘kirgancha Parkxill oldinga otilib chiqdi.
— Yo‘q, Parkxill, — dedi kapitan. — Sizning bunday qilishingizga men yo‘l qo‘yolmayman, boshqa
birovga ham. Ichingizdan hech biringizga. Men o‘zim.
U to‘pponchasini ko‘tarib nishonga ola boshladi.
“Bundan keyin mening vijdonim sof bo‘larmikan? — so‘radi o‘zidan kapitan. — Buni o‘z zimmamga
olib, to‘g‘ri qilayapmanmi? Ha, to‘g‘ri. Bilaman. Nima qilayotganimni va nima uchun qilayotganimni bilaman. Nima qilsam, hammasi to‘g‘ri, axir buni men qilishim kerakligiga imonim komil-ku. Bu qarorimni bir umr oqlab o‘tishimga umid ham qilaman va ishonaman”.
U Spenderga boshini irg‘ab qo‘ydi.
— Ketdik! — qichqirdi u shivirlab; tabiiyki buni o‘zidan boshqa hech kim eshitmadi. — Yana o‘ttiz soniya muhlat beraman senga, o‘ttiz soniya.
Bilagidagi soat chiq-chiq qilar edi. Kapitan milning yugurishini kuzatdi. Uning odamlari chopib oldinga harakat qilishdi. Spender joyidan qimir etmas edi. Soat uzoq va juda qattiq, to‘g‘ri kapitanning qulog‘iga chiqillar edi.
— Ket, Spender, tezroq ket!
O’ttiz soniya o‘tib ketdi.
To‘pponcha hamon nishonda edi. Kapitan chuqur xo‘rsindi.
— Spender, — dedi u uf tortib.
U tepkini bosdi.
Quyosh nurida tosh uzra ixchamgina chang bulutchasi paydo bo‘ldi — bor-yo‘g‘i shu! O’q ovozi aks
sado berib yangradi-yu, darrov tindi.
Kapitan o‘rnidan turdi-da, odamlarga qarab qichqirdi:
— U o‘ldi.
Ular ishonishmadi. Ular turgan joyidan xarsanglar o‘rtasidagi ochiq tirqish ko‘rinmasdi. Ular
kapitanning yonbag‘irdan yuqoriga qarab bir o‘zi chopib borayotganini ko‘rib turishardi va u yo juda botir, yoki aqldan ozgan degan qarorga kelishdi.
Bir necha daqiqa o‘tgandan keyingina ular kapitanning ketidan chopishdi. Ular jasad atrofiga to‘planishdi, shunda kimdir so‘radi:
— Yuragidan otibdimi?
Kapitan ko‘zini yerga oldi.
— Yuragidan, — dedi u. U Spenderning jasadi ostidagi tosh rangi o‘zgarayotganini payqadi. — U
nega kutib turganini bilmoqchiman. U o‘zi o‘ylagandek nima uchun ketmaganini bilmoqchiman. U nega uni o‘ldirishlarini kutib turganini bilmoqchiman.
— Kim biladi? — dedi kimdir.
Spender esa ularning oldida yotardi, uning bir qo‘li to‘pponchani qisib olgan, ikkinchi qo‘lida esa quyoshda charaqlab turgan kumush kitob bor edi.
“Balki bularning barchasi men tufaylidir? — so‘radi kapitan. — Ularga qo‘shilishni rad etgani uchundir? Balki meni o‘ldirishga Spenderning qo‘li bormagandir? Kim bilsin, men ulardan nimam bilandir farq qilaman. Balki, hamma gap shundadir. U, ehtimol, menga ishonsa bo‘ladi, deb o‘ylagandir. Yoki boshqa javob ham bormi?”
Boshqa javob yo‘q edi. U jasad oldida cho‘nqayib o‘tirib oldi.
“Men buni o‘zimning hayotim bilan oqlashim kerak. Endi men uni alday olmayman. Bordi-yu, u men nimam bilandir unga o‘xshaganim uchun meni o‘ldirmagan bo‘lsa, unda men juda ko‘p ishlar qilishim kerak bo‘ladi! Ha, ha, albatta, shunday bo‘ladi. Men — o‘sha Spenderman, u mening vujudimda yashab qoladi, o‘q uzishdan oldin faqat men o‘ylayman. Men umuman o‘q uzmayman, o‘ldirmayman. Men odamlarni boshqaraman. U meni o‘zidan, faqat boshqa sharoitlarda ko‘rgani uchungina meni o‘ldira olmas edi.”
51


Kapitan boshining orqasini quyosh kuydirayotganini his qildi. Uning qulog‘iga o‘zining ovozi chalindi:
— Eh, o‘q uzishdan oldin men bilan gaplashganda edi, — biron-bir chorasini topgan bo‘larmidik.
— Qanaqa chora? — to‘ng‘illadi Parkxill. — Uning bilan bizning zuvalamiz boshqa-boshqa joydan olingan-ku.
Pasttekislik, qoyalar, moviy osmon — barchasini azbaroyi jazirama issiq qoplab olganidan quloqlar shang‘illab ketar edi.
— Darvoqe, siz haqsiz, — dedi kapitan. Bizlarning hech qachon moshimiz ochilmasdi. Spender bilan meni esa gapirishga ham hojat yo‘q edi. Ammo Spender bilan siz va sizga o‘xshaganlar — ikki dunyoda ham murosa qilolmas edi. Aytadilar-ku: “ekkaningni o‘rasan” deb, shunday bo‘ldi ham. Flyagani oling, bir qultum yutay.
Spenderni bo‘sh go‘rga dafn qilish taklifi kapitanning o‘zidan chiqdi. Go‘rni qadimgi mars qabristonidan topishdi. Ular Spenderning qo‘llarini ko‘kragiga chalishtirib, kumush tobutga joylashtirishdi va o‘n ming yil avval tayyorlangan sham va musallaslarni ham uning ichiga qo‘yishdi. Go‘rni yopayotib, ular ko‘rgan oxirgi narsa Spenderning jonsiz chehrasi bo‘ldi.
Ular qadimgi xilxonada turishardi.
— Vaqti-vaqti bilan Spenderni eslab tursangiz yomon bo‘lmasdi, — dedi kapitan.
Ular xilxonadan chiqishdi va marmar eshikni zichlab yopib qo‘yishdi.
Ertasiga Parkxill o‘lik shaharlarning birida nishonga qarab o‘q uzish poygasini o‘tkazishga qaror qildi
— u billur derazalarni nishonga olar va nafis minoralarning uchini cho‘rt uchirar edi. Kapitan Parkxillni tutib oldi-da, tishini tutday to‘kdi.
Avgust 2001 O’ZGA YuRTLIKLAR
Yerliklar Marsga uchib kela boshladilar.
Uchib kelishlarining boisi, ular nimadandir qo‘rqar edilar va ayni zamonda hech nimadan qo‘rqmas edilar, chunki ular baxtli va baxtsiz edilar, o‘zlarini ziyoratchilar deb his qilar edilar va ziyoratchilar deb his qilmas edilar. Har birining o‘z sababi bor edi. Ular jonlariga tekkan xotinlarini yoki jonlariga tekkan ishlarini yoki jonlariga tekkan shaharlarini tashlab kelgan edilar; nimanidir topish yoki nimadandir qutulish yoki nimanidir qazib olish, nimanidir kavlab olish, yoki nimanidir yerning tagiga yashirib qo‘yish, yoki nimanidir abadiy unutish uchun uchib kelar edilar. Ular katta umidlar bilan, kichkina umidchalar bilan, butunlay umidsiz uchib kelar edilar. Biroq ko‘plab shaharlarda to‘rt rangli shiorlarda hukmdor barmoq amrona ko‘rsatib turar edi: sen uchun osmonda ish bor — Marsga bor! Shunday qilib, odamlar yo‘lga tushar edilar; to‘g‘ri, avvaliga ular oz-oz edilar, nari borsa, o‘ntadan — aksariyatlari raketa osmonga o‘qdek otilishidan burunroq o‘zlarini yomon his qila boshlagan edilar. Bu kasalning nomi yolg‘izlik edi, chunki u yerda, hov pastda jonajon shahring avval mushtumdek, keyin limon donasidek, keyin to‘g‘nag‘ich boshchasidek, nihoyat kichraya borib, oxiri reaktivning olov oqimi ostida butunlay ko‘rinmay ketganini tasavvur qilishing hamon senda shunday bir tuyg‘u paydo bo‘ladiki, go‘yo sen yorug‘ olamda hech qachon tug‘ilmagansan, hech qaerda hech qanaqa shahar bo‘lmagan, sen ham hech qaerda bo‘lmagansan, chor atrofing bo‘m-bo‘sh koinot, bironta ham tanish odam yo‘q, nuqul begona odamlar. Shtatingni — Illinoys yoki Ayovami, Missuri yoki Montanami, bulutlar qa’riga kirib ko‘zdan yo‘qolganda, butun Qo‘shma Shtatlarni-ku, qo‘yaver, butun yer sayyorasi zulmat qo‘ynida qisilib-qisilib, xuddi noma’lum yoqqa uchib ketayotgan iflos kulrang koptokka aylanadi, — ana shunda o‘zingni koinot kengliklarida mutlaqo yolg‘iz, yakrang, yaknasaq musofir bo‘lasan-qolasan va oldinda seni nelar kutayotganini tasavvuringga ham keltirolmaysan. Dastlabki
52


kelganlar juda ozchilik bo‘lganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Ko‘chib kelganlarning holi Marsga ko‘chib o‘tgan yerliklar miqdoriga mutanosib tarzda o‘sib borardi: bir kishiga qo‘rqinchli, ko‘pchilik bo‘lsa — unchalik emas, ammo Yolg‘izlarga o‘zidan boshqa ishonadigan hech kim bo‘lmaydi.
Dekabr 2001 YaShIL TONG
Quyosh botganda u so‘qmoq yonida o‘tirdi-da, g‘aribgina ovqat tayyorladi; so‘ng paydar-pay og‘ziga luqmalardan solgancha va o‘ychan kavshagancha olovning charsillashiga quloq soldi. Boshqa o‘ttiz kunga o‘xshagan yana bir kun o‘tdi; erta tongdan ko‘plab shinam qazish, so‘ng ularga urug‘ qadash, tip-tiniq kanallardan suv tashib keltirish kerak. Hozir, charchoqdan o‘zini qo‘rg‘oshindek og‘ir his qilgancha u osmonga qarab yotardi, osmon esa rangini o‘zgartirib, kech bo‘lganidan darak bermoqda edi.
Uning ismi Benjamin Driskol edi, yoshi o‘ttiz birda. Uning niyati bitta — qanday qilib bo‘lmasin, Mars yam-yashil libosga burkansa, qalin bargli baland daraxtlarga qoplansa, iloji boricha ko‘proq havo paydo bo‘lsa, kerak bo‘lsa yilning to‘rt faslida ham gurkirab tursa, diqqinafas yozda shaharlarning havosini yangilasa, qishning izg‘irinli shamollarini to‘sib tursa. Daraxt nimalarga qodir emas... U tabiatga rang beradi, soya tashlaydi, yerni mevalari bilan ma’mur qiladi. Yoki bolalar o‘yinlarining saltanatiga aylanadi — sirpanish, o‘yinlar o‘ynash, qo‘lda osilib turish mumkin bo‘lgan butun bir osmoniy olam desangiz-chi... U rizq va sevinch eltuvchi bahaybat inshoot; mana daraxtning qudrati! Ammo eng avvalo daraxt — bu o‘pka uchun hayotbaxsh muzdek havo va yoqimli shitirlash manbai, u tunda seni allalab, sehrli allalar aytadi, sen esa, qordek oppoq toza to‘shakda yotgancha miriqib tinglaysan.
U yotar va quyoshni, hali-hamon darak bo‘lmagan yomg‘irlarni kutgancha bazo‘r bir joyga to‘planayotgan qop-qora tuproqqa quloq solar edi... Qulog‘ini yerga qo‘yib u kelajak yillar guldurosini eshitar va bugun qadalgan urug‘lar yashil kurtak chiqarib, nish urganini, osmonga o‘rlab borayotganini, qator shoxlar yoyayotganini va butun Mars quyoshli o‘rmonga, chappor urgan boqqa aylanayotganini yaqqol ko‘rib turardi.
Erta tongda mo‘‘jazgina bo‘zargan quyosh qator qirlar ortidan endi-endi suzib chiqqanda u o‘rnidan turadi, bug‘i ko‘tarilib turgan nonushtani tez-tez tushiradi, o‘choqdagi qo‘rlarni tepib o‘chiradi, yuk xaltasini ortmoqlaydi va yana joy tanlash, kavlash, urug‘ yoki ko‘chat qadash, avaylabgina yerni bosib-bosib qo‘yish, sug‘orish va hushtak chalib ochiq osmonga qaragancha yana odimlab ketish uchun yo‘lga tushadi, osmon esa... tush paytiga kelib osmon butunlay yorishib, tobora yorishib va qizib boradi...
— Senga havo kerak, — dedi u gulxanga. Gulxan — barmog‘ini hazillashib tishlab oladigan yuzi qizil jonli o‘rtog‘ing, salqin tunlarda esa, do‘stona iliqlik bilan uyquli pushti ko‘zlarini qisib qaragancha yonginangda mudroq bosib yotadi... — hammamizga havo kerak. Bu yerda, Marsda havo tansiq. Sal narsaga charchaysan. Xuddi janubiy Amerikadagi And tog‘laridagidek. Havoni yutasan-u, hech nima sezmaysan, sira havoga to‘ymaysan.
U ko‘krak qafasini turtib qo‘ydi. O’ttiz kunda rosa kengayib ketibdi-ku! Ha, bu yerda ko‘proq havo yutish uchun o‘pkani chiniqtirish kerak. Yoki ko‘proq daraxt ekish kerak.
— Nima uchun bu yerdaligimni anglagandirsan? — dedi u. Olov tilini cho‘zib qo‘ydi. — Maktabda bizga Jonni Olma Urug‘i haqida hikoya qilib bergandi. U Amerika bo‘ylab yurib, olma daraxti ekar ekan. Mening ishim esa undan ko‘ra muhimroq. Men dublar, qayrag‘ochlar va klyonlar ekaman, yana terak, kashtan va kedrlar ham. Men faqat oshqozon uchun meva qilmayman, balki o‘pka uchun havo yasayman. O’zing o‘ylab ko‘r-a, bu daraxtlar oxiri o‘sib-o‘sib, ularda qancha qislorod ishlab chiqarilmaydi deysan!
53


Marsga uchib kelgan kun esiga tushdi. Minglab boshqalar qatori u o‘shanda tinch Mars tongiga mahliyo bo‘lgan va: “Bu yerni qanday o‘zlashtiraman? Nima qilaman? Menga yarasha ish topilarmikan?” — deb o‘ylagan edi.
So‘ng hushidan ketgan edi.
Kimdir nashatir spirtli pufakchani uning burni tagiga tiqqan, u yo‘talib o‘ziga kelgandi.
— Hechqisi yo‘q, tuzalib ketasiz, — dedi vrach.
— Menga nima bo‘lgan edi, o‘zi?
— Bu yerning havosi juda ham yomon. Ko‘plar bunga chiday olmayapti. Siz harholda yerga
qaytmasangiz bo‘lmaydi.
— Yo‘q! — u o‘tirib oldi, biroq o‘sha zahoti ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi va nazarida, Mars kamida
ikki marta aylangandek bo‘ldi. Burun kataklari kengaydi, u zo‘rlab havoni ichiga yutishga harakat qildi. — Jinni bo‘lib qolaman. Men shu yerda qolaman.
Uni o‘z holiga qo‘yib qo‘yishdi; u xuddi qumdagi baliqdek yotar, og‘zini kappa-kappa ochib nafas olar va o‘ylardi: “Havo, havo. Ular bitta havo deb meni bu yerdan haydamoqchi bo‘layaptilar”. Shunday deya u Mars qirlari va tekisliklarini ko‘rib olish uchun boshini burdi. Qarab turib u ko‘rgan birinchi narsa shu bo‘ldi: uzoqda ham, yaqinda ham hech bo‘lmasa bitta daraxt ko‘rinmaydi. Bu o‘lka bamisoli xudoning qarg‘ishini olgandek, chor atrofda qora chirindi yastangan, unda esa loaqal bir dona maysa ko‘zga tashlanmaydi. “Havo, — o‘ylardi u rangsiz nimanidir ichiga yutib pishillab nafas olgancha. — Havo, havo, havo...” Qirlarning uchlarida ham, soyador yonbag‘irliklarda ham, hattoki daryo yoqasida ham na bir daraxt, na bir maysa ko‘rinardi.
Bo‘lmasam-chi! Javob uning miyasida emas, tomog‘ida, o‘pkasida tug‘ildi va bu sof kislorod qultumidek fikr birdan unga dalda bag‘ishladi. Daraxtlar va maysalar. U qo‘llariga qaradi va kaftining orqasini o‘girdi, u maysa va daraxt ekadi. Mana unga ish: uning bu yerda qolishiga xalaqit berayotgan narsaga qarshi kurashish. U Marsga qarshi urush e’lon qiladi — alohida, agrobiologik urush. Qadimiy Mars tuprog‘i... Uning o‘z ko‘katlari shuncha millionlab yillar o‘sib, nihoyat yoshini yashab, tugab- bitgan. Bordi-yu, yangi turlar ekilsa-chi? Qishki daraxtlar — shoxdor mimozalar, majnuntollar, magnoliyalar, ulug‘vor evkaliptlar. Unda-chi? Bu yerning tuproqlarida qanaqangi o‘g‘it boyliklari yashirinib yotganini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Bularga odam qo‘li tegmasin, chunki qadimgi paporotniklar, gullar, butoqlar, daraxtlar suvsizlikdan qurib bitgan.
— Men turishim kerak! — qichqirdi u. — Men Koordinatorni ko‘rishim kerak!
Yarim kun u va Koordinator yashil libosdagi qanday o‘simliklar o‘sishi haqida gaplashishdi.
Bir tekisda ko‘chat ekishni boshlab yuborishdan oldin, yillar bo‘lmasa ham, oylar o‘tar. Ungacha
oziq-ovqatni yerdan muzlatilgan holda uchar sumalaklarda yetkazib turishadi; faqat bir necha havaskorlargina gidropon usulida bog‘ barpo etishgan.
— Shunday qilib, hozircha, — dedi Koordinator, — o‘zingiz harakat qiling. Urug‘ni bir amallab toparmiz, asbob-uskunalarni ham, hozir raketada joy oz. Dastlabki ko‘chib keluvchilar kon bilan bog‘liq bo‘lgani uchun sizning yashil boylik o‘tqazish loyihangiz muvaffaqiyat qozonolmaydi, deb qo‘rqaman.
— Ammo siz menga ruxsat berasizmi?
Unga ruxsat berishdi. Mototsikl ajratishdi, u yukxonani urug‘ va ko‘chatlar bilan to‘ldirdi, cho‘l vohaga qarab yo‘l oldi, mashinani qoldirdi-da, ishlagan ko‘yi yayov olg‘a yurib ketdi.
Bu o‘ttiz kun oldin boshlangan edi, o‘sha paytdan buyon biron marta ham orqasiga o‘girilib qaramadi. O’girilib qaradimi, — demakki, hafsalasi pir bo‘libdi: havo haddan tashqari quruq edi. Loaqal bitta urug‘ning unib chiqishiga-da kishi ko‘zi yetmasdi. Balki, jangda boy bergandirman? To‘rt haftalik mehnat havoga uchib ketdimi? U oldinga, faqat oldinga qarardi. Ikki ko‘zi quyoshli vodiyda, Birinchi Shahardan ham narida edi va yomg‘ir, faqat yomg‘ir yog‘ishini kutar edi.
... U adyolni yelkasiga tortdi; qovjiragan qirlar uzra bulut to‘dalari paydo bo‘ldi. Xuddi vaqt kabi Mars ham beqaror. Oftobda kuygan qirlar tungi qirovlarni tutib qolgan edi, u esa boy qora tuproq haqida — shunday qora va yaltiroqki, hovuchingga olsang, yog‘dek oqadi, qudratli, bahaybat loviya
54


poyalari unib chiqadigan va yerni titroqqa soluvchi aql bovar qilmas ulkan donalar poyalarni yergacha egadigan tuproq haqida o‘ylardi.
Mudroq gulxan birdan to‘zgandek bo‘ldi. Havo titrab ketdi: uzoqdan arava yelib kelardi. Momaqaldiroq. Kutilmagan nam hidi. “Bugun tunda, — o‘yladi u va yomg‘ir yog‘ayotganligini tekshirib ko‘rish uchun qo‘lini cho‘zdi. — Bugun tunda”.
Uning qoshiga nimadir tegib o‘tdi va u uyg‘onib ketdi. Burnidan labiga tomchi dumalab tushardi. Ikkinchi tomchi ko‘ziga kelib tushdi va bir lahza ko‘zini tuman qopladi. Uchinchisi yuziga kelib urildi.
Yomg‘ir.
Muzdek, yoqimli, mayin yomg‘ir baland osmonda shivalab yog‘ardi — muattar jozibalar, yulduzlar, havo bilan to‘liq sehrli suyuqlik; u o‘zi bilan garmdoridek qop-qora changni keltirar, tilda uzoq saqlangan eski sharob ta’mi qoldirar edi.
Yomg‘ir.
U o‘tirdi. Adyol yelkasidan tushib ketdi va moviy ko‘ylagida qop-qora dog‘lar paydo bo‘la boshladi; tomchilar tobora yiriklashib bormoqda edi. Gulxan xuddi ustidan olovni toptab, ko‘rinmas ayvon o‘ynayotganga o‘xshab ko‘rinar edi; nihoyat jahldor tutungina qoldi. Yomg‘ir yog‘a boshladi. Ulkan qora osmon gumbazi to‘satdan olti moviy bo‘lakka bo‘linib ketdi-da, pastga quladi. U o‘n milliardlab yomg‘ir tomchilarini ko‘rdi, tomchilar elektr fotograf chirq etib suratga olgulik vaqt davomida shu tushib kelishida qotib turdilar. So‘ng yana zulmat va suv, suv...
Uning a’zoi badani jiqqa ho‘l bo‘ldi, biroq o‘tirgan ko‘yi yuzini ko‘tarib kular va tomchilar qovoqlariga kelib urilar edi. U chapak chaldi-da, irg‘ib oyoqqa turdi va o‘zining mo‘‘jazgina qarorgohini bir aylanib chiqdi; tungi soat bir edi.
Yomg‘ir to‘xtovsiz ikki soat quydi, so‘ng tindi. Yomg‘irda yuvilgan yulduzlar shunday charaqlab nur socha boshladiki, hali hech qachon bunaqasi bo‘lmagan edi.
Benjamen Driskoll plastik sumkasidan quruq kiyimini oldi-da, kiyimlarini almashtirdi, o‘rniga cho‘zilib mamnun holda tinch uyquga ketdi.
Quyosh qirlar o‘rtasidan asta ko‘tarila boshladi. Uning nurlari devorlar osha yerdan ohista suzib ketdi va Driskollni uyg‘otib yubordi.
U o‘rnidan turishdan oldin xiyol taraddudlandi. Bir oy, uzoq davom etgan jazirama bir oy ishladi, ishladi va kutdi... Ammo bugun o‘rnidan turib, u birinchi marta kelgan tomoniga burilib qaradi.
Tong yam-yashil edi.
Daraxtlar ko‘z ilg‘amas darajada osmonga bo‘y cho‘zib turardi. Bitta emas, ikkita emas, o‘nta emas, u qancha urug‘ va ko‘chatlar qadalgan bo‘lsa, o‘shancha — minglab daraxtlar qad rostlab turardi. Buning ustiga, allaqanday butoq-mutoqlar emas, yo‘q, nozik daraxtchalar ham emas, balki baquvvat tanali, balandligi uydek keladigan shovullagan daraxtlar, barglari ko‘m-ko‘k, barchasining ulkan tanalari quyoshning zarrin nurlariga ko‘milib, shamolda qattiq shitirlar, qir yonbag‘irlarida uzun-uzun saflanib ko‘rinar edi, bular limon daraxtlari va lipalar, sakvoya va mimozalar, dublar va qayrag‘ochlar, teraklar, olchalar, klyonlar, olma daraxtlari, po‘rtahol daraxtlari, evkaliptlar — barcha-barchasi chelaklab quygan yomg‘irdan va begona sehrli tuproqdan birdaniga avj olib ketgan edi. Uning ko‘z o‘ngida yangi shoxlar tarvaqaylab o‘sib chiqmoqda, yangi kurtaklar nish urmoqda edi.
— Nahotki! — deb yubordi Benjamen Driskoll.
Ammo voha va tong yam-yashil edi.
Havo-chi!
Hamma tomondan xuddi jonli oqimdek, xuddi tog‘ daryosidek toza havo, kislorod oqib kelmoqda
va daraxtlar yashil libosga burkanmoqda edi. Qarab turib uning osmonda billur mavjlar ila quyilib kelayotganidan dod deb yuborging keladi. Kislorod — yap-yangi, top-toza, yam-yashil, muzdek kislorod vohani daryo o‘zaniga aylantirgan edi. Yana bir lahzadan keyin shaharda eshiklar lang ochiladi, odamlar mo‘‘jizani qarshi olgani tashqariga yugurib chiqadilar, uni yuta boshlaydilar, ko‘kraklarini to‘ldirib ichlariga tortadilar, yonoqlari qip-qizil bo‘ladi, burunlari muzlaydi, o‘pkalari yangidan jonlanadi, yuraklari gurs-gurs tepa boshlaydi va charchoq tanalari raqsdan u yoqdan-bu
55


yoqqa borib-kelib parvoz qila boshlaydi.
Benjamen Driskoll nam yashil havoni chuqur-chuqur ichiga tortdi va hushidan ketdi.
U o‘ziga kelguncha qarshisida sariq quyosh nurlari ostida yana besh ming daraxt unib chiqqan edi.
Fevral 2002 MO’R-MALAX
Raketalar quruq o‘tloqzorni kuydirar, toshni olovga, daraxtni ko‘mirga, suvni bug‘ga aylantirardi, qum va kvartsdan yashil shisha quyardi; go‘yo o‘zida raketa hujumini aks ettiruvchi oyna bo‘laklaridek, u hamma joyda yotar edi. Raketalar, raketalar, xuddi tunda chertilgan nog‘oradek. Raketalar chigirtkadek chirillab, pushti tutun po‘rtanasiga kelib qo‘nar edilar. Raketalardan bolg‘a tutgan odamlar to‘kilib tushar edilar: o‘zga olamni o‘zlari xohlagandek shaklga keltirib, ko‘zlariga g‘alati ko‘ringan hamma narsani yo‘qotardilar, po‘lat tishli yirtqichday og‘izlariga tishlab olgan mixlarni bitta-bitta qo‘llariga olib, uylarning sinchiga qoqar, tom yopar edilar. Nima qilib bo‘lsa ham tezroq begona vahimali yulduzlardan yashirinish kerak-ku; tunda boshpana bo‘lish uchun yashil pardalarni osar edilar. Keyin duradgorlar navbatdagi ishga shoshilardilar va gulli tuvaklar, guldor chit ko‘ylakli, kastryul ko‘targan ayollar paydo bo‘lar edilar va eshiklar ortiga, parda tutilgan derazalar oralig‘iga yashiringan Mars sukunatini buzib, ayollar oshxonani boshlariga ko‘tarar edilar.
Olti oy ichida yaydoq sayyorada minglab chirsillovchi, zing‘illovchi neon naychalari va sariq elektr lampochkalari bo‘lgan o‘nlab shaharchalar qad ko‘targan edi. Marsga to‘qson mingdan ortiqroq odam kelib bo‘lgandi. Yerda esa boshqalar ham jomadonlarini hozirlay boshlashgan edi...
Avgust 2002 TUNGI UChRAShUV
Moviy tog‘larga jo‘nash oldidan Tomas Gomes yolg‘iz benzokolonka yonida to‘xtadi. — Yolg‘iz zerikmayapsizmi, dadajon? — so‘radi Tomas.
Chol latta bilan uncha katta bo‘lmagan yuk mashinasining oynasini artdi.
— Unchalik emas.
— Xo‘sh, Mars sizga yoqadimi, boboy?
— Zo‘r. Har doim bir yangi narsa bo‘lib turadi. Bultur bu yerga kelganimda dastavval senga aytgan edim: oldinga qarama, hech narsa talab qilma, hech narsaga hayron bo‘lma. Yerni unutish kerak, bo‘lgan hamma gaplarni unutish kerak. Endi ko‘zga qarab yurmasa, ko‘nikib bormasa va bu yerda hamma narsa unaqa emasligini, hamma narsa boshqacha ekanini tushunib bormasa bo‘lmaydi. Bu yerda ob-havo bir xil — bundan ortiq masxaravozlik bo‘ladimi, bu Mars iqlimi emish. Kunduzi do‘zaxi alim, tunda jahannam. Gullari ham g‘alati, yomg‘iri undan g‘alati — har qadamda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan narsalar! Men bu yerga orom olgani kelgan edim, hamma narsa boshqacha bo‘lgan joyda qolgan umrimni o‘tkazaman, deb o‘ylagandim. Keksa odamga bu juda ham muhim — muhitni almashtirish. YOshlarga gapirishning hojati yo‘q, boshqa chollarni esa xudo urib qo‘ygan. Bitta men tavakkal qildim. Tomosha qilib to‘ymaydigan, chor atrofda o‘yin-kulgi avj olgan ko‘nglimdagidek shunday bir g‘alati joyni topishga jazm qildim. Mana, mana bu benzokolonkaga kelib joylashib oldim. Agar g‘ala-g‘ovur jonimga tegsa, shartta qoramni o‘chiraman-da, bironta eski, tinchroq yo‘lga ko‘chib olaman; kundalik rizqimga pul topsam bo‘ldi-da, undan keyin u yerda hamma narsa Marsda nega
56